Joriy yilning 11-14-noyabr kunlari Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirligi boshchiligidagi delegatsiyaning Londonda bo‘lib o‘tgan ‘‘Jahon bozorlari sari yo‘l: IPO va Yevroobligatsiyalar – ‘‘Pathway to Global Markets: IPO and Eurobonds’’ forumida ishtiroki tashkil etildi, deb xabar qilmoqda ‘‘Dunyo’’ AA muxbiri.
Forumda London fond birjasi, ‘‘Franklin Templeton Investments’’, ‘‘PwC’’, ‘‘Barclays’’, ‘‘Deutsche Bank’’, ‘‘Citibank’’, ‘‘J.P.Morgan’’, ‘‘WOOD&Co’’, ‘‘Santander’’,‘‘Fieldfisher’’ yetakchi xalqaro kompaniyalar hamda mamlakatimizning ‘‘UzAssaets’’, OAJ ‘‘Navoiy KMK’’, ‘‘Uzmetkombinat’’, ‘‘UzAutoMotors’’, ‘‘Uztransgaz’’, ‘‘Uzneftegaz’’, ‘‘Uzbekinvest’’ kompaniyalari va ‘‘Sanoatqurilishbank’’, ‘‘Aloqabank’’, ‘‘Biznesni Rivojlantirish Banki’’ singari moliya tashkilotlari ishtirok etdi.
Tadbirda Britaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, milliy iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning huquqiy himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunlar hamda yaqinda respublikada bo‘lib o‘tgan parlament saylovi to‘g‘risida batafsil so‘zlab berildi.
Qayta tiklanadigan energetika, kimyo sanoati, metallurgiya, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va ta’lim sohalarida aniq investitsiya loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda keyingi yillarda sarmoyaviy muhit sezilarli darajada yaxshilangani, xalqaro kompaniyalarning mamlakatimizda biznes yuritishga qiziqishi ortib borayotganini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan Buyuk Britaniyaning moliya va bank, ta’lim, ekologiya va yirik davlat kompaniyalari xususiylashtirish jarayonida ishtirok etish istagini bildirgan.
Forum yakunlari boʻyicha London fond birjasi bilan birgalikda respublikaning yirik sanoat korxonalari qimmatli qogʻozlarini sotish va IPO (aksiyadorlik jamiyati aktsiyalarining birinchi ommaviy savdosi, shu jumladan aksiyalar uchun depozitar tilxatlarini cheklanmagan miqdordagi shaxslarga sotish shaklida) oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha kelishuvlarga erishildi
Shuningdek, xorijiy tomondan aniq takliflar kiritish va ularni respublikaning tegishli vazirlik va idoralari bilan ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.