24 mart 2023

Malayziyada o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Kuala-Lumpurda elchi Ravshan Usmonov va Hextar Global Group kompaniyasi raisi Ervan bin Mohd Tohir o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” muxbiri.

«Hextar Global Group» 1985-yilda Malayziyada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Kompaniya Malayziyadagi eng yirik agrokimyoviy ishlab chiqaruvchi hisoblanadi. Shuningdek, 25 ta kompaniyadan iborat xalqaro konglomeratga tegishli. Bu uyushma qishloq xoʻjaligi kimyoviy oʻgʻitlari, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, quyosh elektr stansiyalarini qurish, sanitariya-gigiyenik himoya vositalari, 5G tarmoqlari uchun optik tolali kabellar, texnik kanop yetishtirishga ixtisoslashgan.

Uchrashuvda Malayziya tomoniga 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotning lokomotivi bo‘lgan xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Mamlakatimizda xorijlik investorlar uchun biznes yuritish uchun keng imkoniyatlar yaratilgani ta’kidlandi. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni bilan atroflicha tanishtirildi.

Suhbat chog‘ida Malayziya kompaniyasi rahbari Ervan bin Mohd Tohir O‘zbekistondagi ijobiy iqtisodiy o‘zgarishlarni qayd etdi. Shuningdek, u Malayziya kompaniyasi mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini, O‘zbekistonning bu boradagi qulay geografik joylashuvi qo‘shni davlatlarga eksport qilishda o‘ziga xos markaz bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. O‘zaro hamkorlik doirasida qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Malayziya kompaniyasi bilan hamkorlikda qayta tiklanadigan energiya manbalari, kimyo mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, mamlakatimizdan Malayziyaga kimyoviy o‘g‘itlar eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.