2025-yil 24-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev “Landers Mining” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Landers Mining – tog’-kon sanoati, jumladan, mis, litiy, nikel va nodir yer metallari loyihalariga ixtisoslashgan investitsiya kompaniyasi. 2021 yilda asos solingan, Nyu-York shahrida joylashgan. Markaziy Osiyo, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Kompaniya zamonaviy geologiya-qidiruv texnologiyalarini faol joriy etmoqda va mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga, jumladan barqaror rivojlanish uchun infratuzilmani yaratishga sarmoya kiritmoqda.
Muzokaralar davomida tomonlar foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini ko’rib chiqdilar. Landers Mining kompaniyasi vakillari O‘zbekistonda geologiya-qidiruv loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Geologiya-qidiruv jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sohani raqamlashtirish, shuningdek, yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, yetakchi xorijiy ekspertlar ishtirokida ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini tashkil etish va o‘zaro tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy amalga oshirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar va hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib oldilar.