Joriy yilning 25-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev Polsha farmatsevtika sanoati assotsiatsiyasi prezidenti Kshyshtof Kopec boshchiligidagi Polsha farmatsevtika sanoati delegatsiyasi bilan uchrashdi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati. Delegatsiya tarkibida Polshaning ikki yirik farmatsevtika kompaniyasi – ‘‘Adamed Pharma’’ va ‘‘Polpharma Group’’ rahbarlari ham bor edi.
Polsha tomoni Oʻzbekistonda qisqa vaqt ichida yaratilgan ishbilarmonlik muhitini yuqori baholadi. Bundan tashqari, Polsha tovarlarining O‘zbekiston bozoriga integratsiyalashuvi uchun muhim qadam bo‘lishi mumkin bo‘lgan sifat va xavfsizlik standartlarini uyg‘unlashtirish ahamiyatiga e’tibor qaratildi.
Mamlakatimizda farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari va yirik mintaqaviy bozorlarga imtiyozli chiqishning afzalliklari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar va muhokama qilingan masala va tashabbuslar doirasida kelgusida hamkorlik qilish formatini ishlab chiqdilar.