01 may 2025

ISSVda Cove Capital kompaniyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Amerikaning Cove Capital investitsiya kompaniyasi bosh direktori P.Altaus bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Uchrashuv joriy yilning 8-9 aprel kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ishchi guruhining Vashingtonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning davomi bo‘ldi.

Cove Capital – strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalari konlarini qidirish va o’zlashtirish sohasida faoliyat yurituvchi investitsiya kompaniyasi. Kompaniya Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya va Osiyoda loyihalarni amalga oshiradi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar tog‘-kon sanoati sohasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini, jumladan, strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar konlarini qidirish va o‘zlashtirish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishni ko‘rib chiqdilar. Foydali qazilmalar sohasiga investitsiyalar jalb qilish, geologiya-qidiruv ishlarida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, shuningdek, xalqaro ekspertlar bilan tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar taqdim etilgan loyihalarni amalga oshirishda o‘zaro manfaatdor ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.