10 aprel 2025

ISSVda Yaponiyaning Sugi Holdings kompaniyasi prezidenti bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 9-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Yaponiyaning Sugi Holdings kompaniyasi prezidenti Katsunori Sugiura bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik matbuot xizmati.

SUGI Holdings 1976 yilda tashkil topgan. Kompaniya farmatsevtika va tibbiyot kompaniyalari guruhini birlashtiradi. Yaponiyada u 2500 dan ortiq do’kon va 14 ta yirik logistika markazlarini boshqaradi. Kompaniyaning aksiyalari Tokio va Osaka birjalarida joylashgan.

Uchrashuvda kompaniyaning yirik dorixonalar tarmoqlarini boshqarish, tibbiy profilaktika dasturlarini amalga oshirish, yapon tibbiyot mahsulotlarini yetkazib berish borasidagi tajribasidan foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Katsunori Sugiura mamlakatimiz ehtiyojlarini ta’minlash va qoʻshni davlatlar bozorlariga eksport qilish maqsadida Oʻzbekistonda farmatsevtika zavodi qurish loyihasini amalga oshirishga toʻxtalib, strategik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tomonlar ISSV uchun alohida loyiha menejeri tayinlangan holda muhokama qilingan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelgusida hamkorlikda ishlash boʻyicha kelishuvga erishdi.