Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida “Mahalliy qurilish kompaniyalarining tashqi bozordagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Tadbirda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda 20 dan ortiq mahalliy qurilish tashkilotlari rahbarlari ishtirok etib, sohani rivojlantirish bo‘yicha o‘z muammolari va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.
Aniq holatlardan kelib chiqib, mahalliy qurilish tashkilotlarining xalqaro moliya institutlari (XMI) tomonidan moliyalashtiriladigan yirik loyihalarni ichki va tashqi bozorlarda qurish bo‘yicha tenderlarda ishtirok etishiga to‘sqinlik qilayotgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ayni paytda XMI/XHMT kredit mablag‘lari ishtirokida umumiy qiymati $15,5 milliard bo‘lgan 114 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 450 ta lot bo‘yicha xaridlar amalga oshirildi va bu prognoz hajmiga nisbatan 118% tashkil qiladi. Shu bilan birga, mahalliy korxonalar bilan umumiy qiymati $443,2 million teng 131 ta shartnoma tuzildi, bu jami tuzilgan shartnomalarning 39,4% tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkichni 70 foizga yetkazish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan amaliy tajriba asosida mahalliy qurilish kompaniyalarining XMI tomonidan boshqa mamlakatlarda moliyalashtiriladigan yirik loyihalarda ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan 15 ta aniq takliflar ilgari surildi.
Bildirilgan barcha takliflar markazlashtirilgan tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun qabul qilindi. Mutasaddi rahbarlarga mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda mahalliy qurilish kompaniyalarini jalb qilish uchun kvota ajratish bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari bilan ishlashni faollashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.