13 yanvar 2025

Mumbayda Hindiston kompaniyalari guruhi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda avtotransport vositalari va motor moylarini ishlab chiqarish istiqbollari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning yetakchi kompaniyalar guruhi rahbarlari – “Hinduja Group – India” raisi Ashok Hinduja va “Hinduja Group – Europe” rahbari Prakash Hinduja bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Elchi hindistonlik tadbirkorlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlariga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, sanoatga ilg‘or xalqaro tajriba va ko‘nikmalarni joriy etish borasida amalga oshirilayotgan izchil sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berdi.

Samarali ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mamlakatimizga sarmoya jalb etish maqsadida jahonning yetakchi kompaniyalari va sanoatchilariga yaratilgan qulay va jozibador shart-sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.

‘‘Hinduja Group’’ vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanish va modernizatsiya jarayonlari yuqori xalqaro reytingga ega yirik kompaniyalarning mamlakat bozoriga kirishi, samarali hamkorlik aloqalarini o‘rnatishi uchun mustahkam zamin yaratayotganini alohida ta’kidladi. Shuningdek, kompaniya hozirda O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha istiqbolli rejalarni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berishdi.

Tomonlar O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xususan, transport vositalari va motor moylari ishlab chiqarish masalalarini muhokama qildilar.