15 iyul 2025

Namanganda “Yevroosiyo yuragiga sayohat” ekspeditsiyasi doirasida seminar bo‘lib o‘tdi

Savdo-sanoat palatasi hamda Namangan viloyati hokimligi ko‘magida “Yevroosiyo yuragiga sayohat” xalqaro ekspeditsiyasi doirasida tadbirkorlar uchun amaliy seminar tashkil etildi, deb xabar qilmoqda SSP matbuot xizmati.

Yevroosiyo yuragiga sayohat” xalqaro ekspeditsiyasi 6 iyun kuni Moskvada boshlangan. Unda Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 100 nafardan ortiq kishi qatnashmoqda. Ishtirokchilar 50 kun davomida 30 tadan ortiq shaharga tashrif buyurib, ularda ilmiy sessiyalar, biznes-forumlar, madaniy tadbirlar va maʼrifiy uchrashuvlar o‘tkazadi.

Ekspeditsiya 26-iyul kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tadigan birinchi Markaziy Osiyo xalqaro iqtisodiy forumida yakunlanadi. Ekspeditsiya 30 ta mashinali kortejdan iborat. Ishtirokchilar orasida blogerlar, biznes, ilmiy va taʼlim hamjamiyatlari, ommaviy axborot vositalari vakillari bor.

Seminarda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari B.Nuriddinov, “NaftaGaz” boshqaruvchi kompaniyasi bosh direktori I.Nazaraliyev, Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili I.Kaminin, Wildberries O‘zbekiston direktori A.Primqulov hamda “Uzcotton” kompaniyasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda marketpleyslar bilan hamkorlik qilish orqali O‘zbekistonning savdo salohiyati va to‘qimachilik sanoatini kengaytirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbir davomida PRO WB platformasi mutaxassislari ishtirokchilarga marketpleyslarda savdo qilish asoslari, tovar joylashtirish va logistika jarayonlari bo‘yicha amaliy maʼlumotlar berishdi.

Tadbir yakunida B2B va B2G uchrashuvlar tashkil etildi. Tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va yangi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan muzokaralar olib borishdi.