11 aprel 2025

Pokistonning Sialkot shahrida O‘zbekiston-Pokiston iqtisodiy hamkorligining istiqbolli loyihalari muhokama qilindi

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari Pokistonning Panjob viloyatidagi Sialkot shahriga amaliy tashrif bilan keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashrif doirasida turli sohalarda ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.

Jumladan, futbol toʻp ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri “Forward Group” rahbari Xavaja Masud Axtar bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida Oʻzbekistonda futbol toʻplarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish rejalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, ‘‘Medical Devices’’, ‘‘Rhein’’ va ‘‘Stahlmann Pro’’ kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, unda mazkur tashkilotlar mahsulotlari namoyish etildi. Diplomatlar O‘zbekistonda yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyozlar, shuningdek, yuqori sifatli tibbiy asbob-uskunalar va implantlarga ehtiyoj ortib borayotgani haqida ma’lumot berdi.

Sialkot Savdo-sanoat palatasi vitse-prezidenti Shahzod Lodi bilan uchrashuvda Pokiston tomoniga O‘zbekistonning salmoqli iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, shuningdek, “Airitom” erkin iqtisodiy zonasi haqida ma’lumot berildi. Mamlakatlar o‘rtasida qo‘shma korxonalar tashkil etish bo‘yicha tijorat takliflari va tartiblari muhokama qilindi. Shuningdek, joriy yilning iyun oyida boʻlib oʻtadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida maʼlumot berildi va ushbu tadbirda Sialkot tadbirkorlari delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilindi.

Sialkot xalqaro aeroporti boshqaruvi raisi Hasan Ali Bhatti bilan suhbatda Sialkot aeroportini asosiy tranzit va logistika markazi sifatida yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Muhokamalar chogʻida Pokiston tomoni Oʻzbekiston yuk operatorlari va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasiga Sialkot shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri havo yoʻnalishini ochish imkoniyatlarini koʻrib chiqishni taklif qildi.