Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov boshchiligidagi delegatsiyaning Shanxayga amaliy tashrifi doirasida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida biznes simpozium bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tadbir ishtirokchilariga Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud infratuzilma imkoniyatlari, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Biznes simpozium doirasida qishloq xoʻjaligi, qurilish, yashil energetika, toʻqimachilik sanoati, turizm, elektronika va biofarmatsevtika kabi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlik yoʻnalishlari muhokama qilindi. Delegatsiya xitoylik tadbirkorlarni qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berdi.
Tadbir davomida Xitoy kompaniyalari vakillari Xorazm viloyati bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar. Viloyatning sarmoyaviy jozibadorligi va iqtisodiy salohiyati yuksalib borayotganiga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, manfaatdor kompaniyalar vakillari bilan G2B formatida uchrashuvlar o‘tkazildi. Hamkorlik yo‘nalishlari, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari va Xorazm viloyatida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish shartlari atroflicha muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar bir qator istiqbolli investitsiya tashabbuslarini amaliy amalga oshirishga kelishib oldilar. Sharoit va salohiyatni joylarda atroflicha o‘rganish maqsadida iyun oyining birinchi yarmida Xitoyning yetakchi kompaniyalari vakillarining Xorazm viloyatiga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.