30 iyul 2025

Shri-Lankada O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Shri-Lankadagi birinchi elchisi Alisher To‘xtayev Kolomboda mamlakatimiz iqtisodiy diplomatiyasi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot marosimini o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Elchi Shri-Lanka Milliy Savdo Palatasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan mamlakatdagi eng nufuzli tadbirlardan biri bo‘lgan National Business Excellence Awards 2025 mukofotini topshirish marosimida ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan maqsad xususiy sektor yutuqlarini e’tirof etish, korporativ madaniyatni mustahkamlash va milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini ilgari surishdan iborat.

Bu yil marosimda yirik va oʻrta biznes vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, BRIKS, ASEAN va Fors koʻrfazi mamlakatlari elchilarining 600 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida elchi O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va sanoat imkoniyatlari, sarmoyaviy va eksport salohiyati haqida taqdimot qildi.

Asosiy eʼtibor Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, qulay va raqobatbardosh ishbilarmonlik muhitini yaratish, sarmoyaviy muhitni yaxshilash, soliq va bojxona imtiyozlari, erkin iqtisodiy zonalar, logistika imkoniyatlari va mintaqaviy bozorlarga chiqish kabi masalalarga qaratildi.

Taqdimot davomida tadbir ishtirokchilariga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan raqamlashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. O‘zbekistonda xorijiy hamkorlar uchun ochiq va uzoq muddatli hamkorlikka qaratilgan yangi biznes arxitekturasi shakllanayotgani ta’kidlandi.

Elchi Shri-Lanka Savdo-sanoat palatasi prezidenti Anura Varnakulasuriya va Seylon choyi va ziravorlar ishlab chiqarish, to‘qimachilik sanoati, kauchukni qayta ishlash, shuningdek, mototsikl va butlovchi qismlar ishlab chiqarishda faoliyat yurituvchi yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha Shri-Lanka Milliy savdo palatasi delegatsiyasining yaqin kelajakda mamlakatimizga tashrifini tashkil etish, qoʻshma biznes-forum oʻtkazish, Toshkent va viloyatlardagi sanoat zonalari imkoniyatlari bilan tanishish, xorijiy hamkorlar ishtirokida uchinchi davlatlarga eksport qilinadigan mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish boʻyicha qator amaliy kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Shri-Lankaning qator kompaniyalari vakillari oʻzbekistonlik hamkorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va Oʻzbekiston orqali Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha tajriba tariqasida Toshkent shahri va viloyatlarga biznes missiyalarini joʻnatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.