Joriy yilning 11-dekabr kuni Toshkentdagi Xalqaro biznes markazida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan birinchi o‘zbek-xorvatiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. Ushbu tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Forumda delegatsiyalarga O‘zbekiston tomonidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Xorvatiya tomonidan esa Yevropa ishlari va tashqi ishlar vaziri Gordan Radman rahbarlik qildi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, o‘zbek ishbilarmon doiralari va ‘‘Apiherbal Ltd’’, ‘‘Legio Nordica’’, ‘‘Osam Nula Tri’’, ‘‘Đuro Đaković Montaža-Izolak’’, ‘‘Matison’’, ‘‘Infobip’’, ‘‘Span d.d.’’, ‘‘Podravka’’ kabi 50 dan ortiq taniqli xorvat kompaniyalari ishtirok etdi.
O‘z nutqida Laziz Kudratov O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishning ahamiyatini alohida taʼkidlab, Yevropa bozorlariga “GSP+” tizimi orqali preferensial kirish imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, global raqamli transformatsiya davrida mavjud resurslar va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish muhim ekanligini taʼkidladi.
Forum doirasida xorijiy mehmonlarga O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun yaratilgan qulay sharoitlar, investitsiyaviy salohiyat, shuningdek, raqamli texnologiyalar, taʼlim, farmatsevtika mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohalaridagi keng imkoniyatlar taqdim etildi.
Tadbir dasturiga muvofiq, B2B va B2G formatdagi uchrashuvlar bo‘lib, ular orqali ishtirokchilar yangi aloqalar o‘rnatish, istiqbolli qo‘shma loyihalar va savdo kelishuvlarini amalga oshirish masalalarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Ekspertlar fikriga ko‘ra, ushbu biznes-forum g‘oyalar va tashabbuslar almashish, shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun muhim platformaga aylandi. Forum davomida erishilgan kelishuvlar esa O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga asos bo‘lib xizmat qiladi.