Joriy yilning 4-may kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining o‘rinbosari Olimxon Rustamov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahridagi bir qator sanoat va infratuzilmaviy obyektlarida bo‘lib, yuzaga kelayotgan masalalarni o‘rganib chiqdi, deb xabar beradi ISSV matbuot xizmati.
“General Motors Powertrain Uzbekistan” kompaniyasiga tashrif davomida guruh a’zolari ehtiyot qismlarga ishlov berish va ishlab chiqarish, avtomobillarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish jarayonlari bilan tanishdi. Korxona rahbariyatiga hozirda ishlab chiqarilayotgan va yangi xarid qilinayotgan yangi turdagi avtomobil dvigatellarini mahalliylashtirish darajasini oshirish yuzasidan takliflar berildi.
Shuningdek, ishchi guruh poytaxtimizning 6 ta tumani – Sergeli, Yangihayot, Yashnobod, Mirobod, Mirzo-Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlariga xizmat ko‘rsatuvchi “Salar” tozalash infratuzilma obyektida ham bo‘ldi.
Obyektga tashrif chog‘ida so‘nggi yillarda kuzatilayotgan qayta ishlash hajmlarining o‘sishi obyekt samaradorligining sifat va miqdor ko‘rsatkichlarini kerakli darajada ushlab turish uchun uskunalarni modernizatsiya qilishni taqozo etishi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanidagi Surum MFY hududida quvvati kuniga 1,5 million m3 bo‘lgan zamonaviy tozalash inshooti qurilishi rejalashtirilgan. Uni loyihalash va qurish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy investitsiyalar jalb qilinadi. Obyekt investorga 25 yil muddatga boshqaruvga beriladi.
“Sirdaryo qurilish mantaj” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Greens Residences” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonalariga tashrif chog‘ida tadbirkorlar bilan suhbatlashildi. Ular ishlab chiqarishni, jumladan, Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi kichik sanoat zonasi hududida ishlab chiqarishni kengaytirish rejalariga to‘sqinlik qilayotgan muammolar bilan o‘rtoqlashdi. Muammolarni hal etish algoritmi joyida ishlab chiqilib, uning ijrosi yuzasidan mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.
Ishchi guruh o‘z faoliyatini mamlakatimiz poytaxti va viloyatlarida davom ettirmoqda.