06 fevral 2025

Toshkentda O‘zbekiston-Pokiston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi

2025-yil 5-fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va Pokiston tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-davrasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Tomonlar delegatsiyasiga O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Bahromjon Aʼloyev va Pokiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sayid Ali Asad G‘iloniy rahbarlik qildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston-Pokiston strategik munosabatlarining keng kun tartibi yuzasidan fikr almashildi hamda yaqin istiqbolda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Oliy va yuqori darajadagi bo‘lajak tadbirlar jadvaliga alohida eʼtibor qaratildi.

Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi. Ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va infratuzilma, logistika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.

Muzokaralar kun tartibiga ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham kiritildi.