Joriy yilning 8-noyabr kuni Toshkent shahridagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xorjiy investorlar kengashining to‘rtinchi oraliq majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati.
Mazkur tadbirda 120 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, xorijiy investorlar, diplomatik vakolatxonalar, xalqaro moliya institutlari vakillari, O‘zbekiston hukumati amaldorlari va asosiy manfaatdor tomonlar qatnashdi.
Kengash Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ko‘magida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladigan O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan investorlar vakillari bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotning institutsional platformasi hisoblanadi.
Oraliq majlis davomida Maxsus iqtisodiy zonalar, muqobil investitsiyalar, xorijiy korxonalarning filiallarini tashkil etish, soliq ma’murchiligi hamda yerni zaxiralash bilan bog‘liq ishlab chiqilgan normativ-huquqi hujjat loyihalari va ushbu yo‘nalishlarda tizimni takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. O‘z sohalari bo‘yicha mutaxassislar rahbarligidagi ushbu suhbatlarda mamlakatning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, taraqqiyot va global hamkorlikni rag‘batlantirishga sodiqligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tadbirda ‘‘TBC bank’’, ‘‘Veon’’, ‘‘Coca-cola’’, ‘‘PwC’’ kabi kompaniyalar vakillari va Kengashning boshqa a’zolari o‘z sohalari bo‘yicha taklif va mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Majlis so‘ngida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirib, mamlakatimizdagi investitsiya muhitini yanada yaxshilash yo‘lida hukumat barcha kerakli ishlarni amalga oshirishga tayyor ekanligini ta’kidladi.