2025-yil 5-iyul kuni Toshkentda Ulsan shahri delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston-Koreya biznes-forumi boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda ISSV matbuot xizmati. Tadbir Oʻzbekiston va Koreya Respublikasining ishbilarmon doiralari va davlat tuzilmalaridan 100 dan ortiq vakillarni birlashtirdi.
Forumga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev va Ulsan meri Kim Du Gyong raislik qildilar. Nutqlarida ular ikki tomonlama hamkorlikning barqaror rivojlanishini taʼkidlab, iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning investitsiya imkoniyatlari, jumladan energetika, elektrotexnika sanoati, turizm va boshqa sohalardagi ustuvor hamkorlik yoʻnalishlari taqdim etildi. Tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish va ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirishga qiziqish bildirdilar.
Forumning muhim natijalaridan biri “yashil” energetika sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirish boʻyicha har tomonlama hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolanishi boʻldi. Hujjatni Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, Oʻzbekiston Iqtisodiyot assambleyasi, Ulsan meri hamda Koreyaning yetakchi kompaniyalari — ‘‘Hyundai Engineering’’, ‘‘Samsung C&T’’, ‘‘LG Energy Solution’’, ‘‘Korea East-West Power’’, ‘‘Doosan Enerbility’’ va ‘‘LS Electric’’ imzoladilar.
Forum doirasida shuningdek, B2B va B2G shakllarida muzokaralar oʻtkazilib, ular davomida biznes va davlat vakillari yangi loyihalarni boshlashning amaliy jihatlarini muhokama qilib, hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha aniq takliflar almashdilar.