Joriy yilning 14-may kuni soat 11:00 da Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi binosida Jahon bankining Elektron tijoratga global kirish imkoniyatini kengaytirish dasturi (EGATE) yetakchi mahalliy va xalqaro ekspertlari ishtirokida Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor “Elektron tijorat maydonchalarida jonli efir orqali savdoni yo‘lga qo‘yish” mavzusidagi axborot sessiya o‘tkazildi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.
Axborot sessiyada respublika hududlarida faoliyat yurtuvchi 50 nafar eksportchi korxona oflayn va onlayn tarzda “Zoom” platformasi orqali ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar elektron savdo maydonchalarida jonli efir orqali muvaffaqiyatli savdoni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha foydali ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Jumladan, ekspertlar tomonidan jonli efir boshlovchilari (strimerlar) yordamidan foydalanish, strimerlar hamda ularning o‘ziga xos ustunliklari, jonli efir platformalarida faoliyat olib borayotgan Belarus, Shri-Lanka, Mongoliya va Singapur davlatlari milliy pavilyonlari tajribasi hamda platformalar orqali eksportdagi samarali logistika yechimlari bilan tanishtirildi.
Shuningdek, tadbir doirasoda jonli efir platformalarida Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi bo‘lib “Made in Uzbekistan” milliy pavilyonini tashkil qilish g‘oyasi ilgari surildi.
Tadbir yakunida Jahon bankining vakili Syudzyao Syu tomonidan O‘zbekistonda so‘nggi yillarda elektron tijorat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan qonunchilikdagi o‘zgarishlar, O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishda xalqaro tashkilotlar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari va davlat tomonidan elektron tijorat sohasi moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlayotgani e’tirof etildi.
Shu o‘rinda, bugungi kunda jonli efirda savdo asosan AQSH, Yevropa va Xitoyda amaliyotda keng qo‘llanilishini hamda birgina Xitoyning “Taobao” platformasining o‘zida jonli efir orqali yiliga o‘rtacha 56 mlrd dollarlik mahsulot savdosi amalga oshirilishini inobatga olib, jonli efir orqali elektron tijroat platformalarida mahalliy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish tashqi savdoni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda.