31 iyul 2024

Varshavada Polshadagi O‘zbekiston tadbirkorlari uyushmasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasida O‘zbekistonning Polshadagi tadbirkorlar uyushmasi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Yevropaning ushbu davlatida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bir guruh vatandoshlar bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda O‘zbekiston-Polsha hamkorligini yanada mustahkamlash imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari, respublika va xorijda sarmoyaviy, ta’lim, ijtimoiy-gumanitar va boshqa loyihalarni amalga oshirishda ularga yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar muhokama qilindi.

Vatandoshlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirishga hissa qo‘shish, bilim va tajribasini yurt ravnaqiga yo‘naltirish, xususan, ikki davlatda tashkil etiladigan biznes-forumlar, xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalar va boshqa iqtisodiy tadbirlarda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. 

Shuningdek, O‘zbekistondan Polshaga to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar eksportini ko‘paytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.