3-iyun kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Alisher Shukurov va Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi Munira Aminova tarkibidagi delegatsiya Vena shahrida Avstriya Tashqi ishlar vazirligining Texnik ko‘mak ko‘rsatish boshqarmasi, Avstriya moliya vazirligi, Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri hamda ushbu davlatning Parlamentida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi, Avstriya iqtisodiy palatasining yillik anjumanining ochilish marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Avstriya tashqi ishlar vazirligida Avstriya rivojlanish agentligining qishloq xo‘jaligi sohasiga moliyaviy-texnik ko‘makni ajratish bo‘yicha siyosati va tajribasi yuzasidan fikr almashildi.
Avstriya iqtisodiy palatasining yillik anjumanining ochilish marosimida Avstriya iqtisodiyot, energetika va turizm vaziri Volfgang Xattmannsdorfer va Avstriya iqtisodiy palatasi prezidenti Xarald Marer bilan qisqa suhbat bo‘lib o‘tdi. Avstriya tomoni o‘z kompaniyalarini O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirishga chorladi.
Tashrif davomida delegatsiya Avstriya moliya vazirligida O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Avstriya kompaniyalari innovatsion qishloq xo‘jaligi, mahsulotlarni qayta ishlash, chorvachilik va agloklasterlarni tashkil etish bo‘yicha qator loyihalarni amalga oshirishga tayyorliklarini bildirishdi. O‘zbekistonda imkoniyatlarni o‘rganish maqsadida biznes-missiyalarni tashkil etishga kelishildi.
Tomonlar ta’lim sohasida hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi. Avstriya Tabiiy resurslar va hayot fanlari universiteti (BOKU) bilan qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy va akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Delegatsiya shuningdek, Avstriya parlamenti vakillari va Avstriya fermerlar uyushmasi rahbariyati bilan mazmunli muloqot o‘tkazdi. Avstriya deputatlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.