28 oktabr 2024

“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi

Joriy yilning 24-oktabr kuni Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasida tashkil etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi boshlandi, deb xabar qilmoqda Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Yarmarka Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtirishda Surxondaryo viloyati hokimligi, Raqamli transformatsiya markazi, “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” va “O‘zkimsanoat” uyushmalari hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – zamonaviy, raqobatbardosh, eksportbop, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, sanoat salohiyatini yanada oshirish, mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirishdan iborat.

Ikki kun davom etadigan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mamlakatimizning beshta salohiyatli tarmoq korxonasi hamda viloyatda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq mahalliy tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo sanoati, charm-poyabzal va to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlarda o‘zlari ishlab chiqarayotgan 500 turdagi sanoat mahsuloti bilan ishtirok etmoqda.

Yarmarkada qatnashayotgan Afg‘oniston delegatsiyasi yarmarka ko‘rgazmasi, erkin savdo zonasi hududidagi “Hilton” mehmonxonasi, “AKFA MEDLINE” klinikasi, logistika terminali va “Shourum” bilan tanishdi. Afg‘on tarafi ko‘rgazmadan o‘rin olgan mahsulotlarga ham katta qiziqish bildirmoqda. Tadbir doirasida qo‘shni mamlakat vakillari bilan ikki tomonlama o‘zaro almashinuv kelishuvlarini imzolash rejalashtirilgan.

Umuman olganda, hududlararo sanoat yarmarkasi doirasida 250 milliard so‘mlik bitim va shartnomalar imzolash bo‘yicha kelishuvlarga erishish kutilmoqda.