30 may 2024

Buyuk Britaniyaning yetakchi moliya instituti O‘zbekistonga investitsiya jalb etishda yordam beradi

Mamlakatimizning Londondagi elchixonasida Londonning “TheCityUK” moliya markazi maslahatchisi Stiv Byorn bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Unda Britaniya moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekistonda xorijiy tajriba asosida moliya markazi tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

“TheCityUK” 2008-yildan beri Londonda faoliyat yurituvchi nodavlat moliya markazidir. Tashkilot tarkibiga 160 dan ortiq banklar, konsalting tashkilotlari va kompaniyalar kiradi. Britaniya iqtisodiyotidagi mablag’larning 12 foizi ushbu moliya muassasasi orqali ayirboshlanadi.

Stiv Birn O‘zbekistonda investorlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, respublika iqtisodiyotining barcha tarmoqlari jadal rivojlanayotganini qayd etdi. U moliya sohasida zamonaviy yondashuvlarga asoslangan loyihalar ishlab chiqishga katta qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha “TheCityUK” va Oʻzbekiston rasmiy tashkilotlari oʻrtasida muntazam maslahatlashuvlar oʻrnatishga qaror qilindi.