23 iyul 2023

Hindistonning yetakchi kompaniyalar guruhi O‘zbekiston bilan hamkorlik istiqbollarini o‘rganmoqda

O‘zbekiston elchixonasi vakillari va Hindistonning “Adani Group” kompaniyalar guruhi rahbariyati o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun yaratilgan qulay muhit, xorijiy investorlarga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Qayta tiklanadigan energiya, gaz-kimyo, kon-metallurgiya va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

«Adani Group» ko’p tarmoqli konglomerat bo’lib, 1988-yilda Hindistonning Gujarat shtatidagi Ahmadobod shahrida tashkil etilgan. Uning faoliyat sohasi energetika, jumladan, “yashil” (quyosh va shamol), aeroportlar, dengiz va quruq portlarni qurish va boshqarish (transport va logistika markazlari), konchilik, gaz-kimyo, neft, oziq-ovqat va boshqa tarmoqlarni qamrab oladi.