03 iyun 2025

Malayziyaning yetakchi qurilish kompaniyasi O‘zbekistonda hamkorlik va sarmoya kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning “Malaysian Resources Corporation Berhad (MRCB)” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Imran Salim bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tashkilot direktori MRCB Malayziyaning yetakchi qurilish kompaniyalaridan biri va ko‘chmas mulk loyihasi bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida transport infratuzilmasi, turar-joy majmualari va tadbirkorlik ob’yektlarini qurish sohasida keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirayotganini ta’kidladi.

Malayziya tomoni O‘zbekistonda loyihalar va sarmoyalarni birgalikda amalga oshirish uchun keng imkoniyatlarni o‘rganishdan manfaatdorligini bildirdi, mintaqa barqaror rivojlanishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan suv resurslarini boshqarishni optimallashtirish va suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etishga, shuningdek, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga alohida e’tibor qaratdi.

Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, jumladan, hosildorlikni oshirish, qayta ishlash korxonalarini yaratish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirish uchun “aqlli fermerlik” kabi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini, jumladan, chiqindilardan energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish loyihalari ham ustuvor yoʻnalishlardan iborat.

Bundan tashqari, koʻchmas mulk va infratuzilma sohasida hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadigan davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.

Imran Salim Malayziyada koʻplab davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish tajribasiga asoslanib, MRCBning Oʻzbekistondagi DXSh loyihalarida ishtirok etish imkoniyatlarini koʻrib chiqishga tayyorligini bildirdi.

1968-yilda tashkil etilgan MRCB hozirda ko’chmas mulk, investitsiyalar va muhandislik va qurilish xizmatlari bozorining faol ishtirokchisi hisoblanadi. Kompaniya atrof-muhitni muhofaza qilish, xavfsizlik va avtoturargohlarni boshqarish sohasida ham xizmatlar koʻrsatadi. MRCB tarkibiga 70 ta sho’ba korxona kiradi, ularning umumiy xodimlari soni 1500 kishidan oshadi.