22 oktabr 2024

Malayziyaning yetakchi banki O‘zbekiston tijorat banklari bilan qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish masalasida hamkorlik qilishdan manfaatdor

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ‘‘Export-Import Bank of Malaysia’’ prezidenti va bosh ijrochi direktori Nurbayu binti Qosim Chang bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston tijorat banklariga moliyaviy resurslar ajratish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi.

Nurbayu binti Qosim Chang O‘zbekistonda katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda investisiya muhitini tubdan yaxshilash, investorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar hozirdanoq ijobiy samaralar bermoqda.

Tomonlar moliyaviy barqaror, xalqaro reyting va standartlarga javob beradigan davlat va xususiy banklar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

‘‘Export-Import Bank of Malaysia’’ o‘tgan yillardagi islom bank ishi sohasida to‘plagan katta tajribasi hisobga olinib, O‘zbekiston moliya sektorida islom bank ishi va sug‘urta (Takoful) bozoriga kirishning afzalliklari muhokama qilindi.

Shuningdek, bank rahbariyati O‘zbekistonga sarmoya kiritishni rejalashtirayotgan Malayziya kompaniyalari bilan alohida uchrashuv o‘tkazishini ma’lum qildi. Yig‘ilishda takliflarning har biri atroflicha tahlil qilinib, imtiyozli shartlarda moliyaviy resurslar bilan ta’minlash masalasi ham o‘rganiladi.

‘‘Export-Import Bank of Malaysia’’ 1995-yil 29-avgustda Moliya vazirligi huzurida strategik sektorlarga sarmoya va eksportni rag‘batlantirish hamda Malayziya kompaniyalarining yangi bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan.

2023-yilda bankning jami aktivlari 1,35 milliard dollarni, kreditlar va moliyaviy aktivlarning umumiy hajmi 1,07 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 707 million dollar (66 foiz) an’anaviy moliyaviy aktivlar, 363 million dollar (34 foiz) islom moliyaviy aktivlaridir. Hozirda bankning moliyaviy xizmatlari dunyoning 53 davlatini qamrab olgan.