27 oktabr 2022

Frankfurt-Maynda iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulligi vakillari Xanau shahar Savdo-sanoat palatasi (SSP) vitse-prezidenti Solih Tasdirek va «MÜSIAD Hessen e.V.» tadbirkorlar uyushmasi boshqaruvi a’zosi Musa Aydin bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.


Bosh konsullik bilan uchrashuvda diplomatik missiya tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, soliq va bojxona talablarini liberallashtirish, respublikaning ilmiy va intellektual salohiyati, xomashyo va iqtisodiy salohiyati, ko‘p tarmoqli sanoat bazasi, shuningdek, mamlakatimizning turizm salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi. O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan ulkan va keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizni ishbilarmonlar va sayohatchilar uchun jozibador qilgani, respublikaga ishonchli biznes sherigi va qiziqarli sayyohlik maskanining o‘ziga xos yangi qiyofasini bergani alohida ta’kidlandi.

Solih Tasdirek va Musa Aydin Germaniyadagi turk diasporasi O‘zbekiston erishayotgan yutuqlardan chin dildan mamnun ekanini ta’kidlab, ham iqtisodiy, ham madaniy sohalarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali aloqalarni yanada mustahkamlashga umid bildirdi.

Ikki tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish va Oʻzbekiston mahsulotlarini Germaniyaga ekspert yetkazib berishni tashkil etish maqsadida biznes vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi.

Tomonlar qo‘shma sanoat biznes-forumlari va sayyohlik yarmarkalari orqali bevosita aloqalarni kengaytirish uchun doimiy platforma yaratishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Dekabr oyida Savdo-sanoat palatasi ko‘magida O‘zbekistonning investitsiyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan axborot kechasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.