22 aprel 2025

Xitoyning janubiy hududlari bilan savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm sohalarida hamkorlik faol rivojlanmoqda

O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari Xitoyning Guandun provinsiyasining Foshan shahrida qator tadbirlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Tadbirlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hududlararo hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Foshan shahri meri o‘rinbosari Ven Si xonim, shuningdek, Tashqi ishlar idorasi va Tijorat byurosi rahbarlari bilan uchrashuv chog‘ida savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Diplomatik delegatsiyaning Foshan shahriga tashrifi doirasidagi markaziy tadbirlardan biri viloyatda faoliyat yuritayotgan 60 ga yaqin yetakchi kompaniyalar ishtirok etgan “O‘zbekiston hududlari – Foshan: sarmoya, savdo va turizm sohasidagi hamkorlik” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum davomida diplomatlar ishtirokchilarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatimizning iqtisodiy va turizm salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, “Erkin iqtisodiy zonalar” faoliyati, soliq va bojxona imtiyozlari, istiqbolli sarmoyaviy va savdo loyihalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Foshan shahrining ‘‘Foshan Travel Agency Association’’, ‘‘Shun’s Travel International’’, ‘‘SZL International Travel Service Ltd.’’ va ‘‘Tours International Tourist’’ kabi kompaniyalari bilan birgalikda mamlakatimizning sayyohlik salohiyati taqdimotiga bag‘ishlangan “Visit Uzbekistan” tadbirini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Foshan – Guangdong provinsiyasining g’arbiy qismida joylashgan 9,6 million aholiga ega shahar. 2024-yilda yalpi hududiy mahsulot 190 milliard AQSh dollarini (yillik o‘sish +1,3%) tashkil etdi. Bu viloyatdagi Shenchjen va Guanchjoudan keyin uchinchi yirik sanoat, taʼlim, tadqiqot va innovatsiya markazidir.

Shahar iqtisodiyotining asosiy omillari mebel ishlab chiqarish, yashil energiya, elektronika va elektrotexnika, keramika mahsulotlari ishlab chiqarishdir.