Mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lgan Janubiy Koreyaning “Two Vision” kompaniyasi vakillari “Angren” erkin iqtisodiy zonasida (EIZ) bo‘lib, uning direktori Faxriddin Boboyev bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Janubiy koreyalik ishbilarmonlar “Angren” EIZ faoliyati va salohiyati, mamlakatimizda, jumladan, erkin iqtisodiy zonada xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, bu yerda qo‘llanilayotgan imtiyoz va preferensiyalar bilan yaqindan tanishdi.
Do‘stona suhbat chog‘ida kompaniya vakillari energiyani ekologik toza konvertatsiya qilish – past haroratli piroliz usulida gazlashtirish va elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha biznes-rejani taklif qilishdi.
“Angren” EIZ hududidagi 1,5 gektar maydonda yangi loyihalarni ishga tushirish rejalari ham atroflicha muhokama qilindi.