5-8-yanvar kunlari Janubiy Koreyaning ‘‘MAXUM Co. LTD’’, ‘‘EZENNA Co. LTD’’, ‘‘Mirae Cell Farm Co. LTD’’ va ‘‘COSBALL Co. LTD’’ kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya Qashqadaryo viloyatida bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
Tashrif chog‘ida janubiy koreyalik ishbilarmonlar Qarshi shahri hokimi Normo‘min Xolboyev bilan muzokaralar o‘tkazib, hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xususan, tibbiyot, sanoat va maishiy texnika uchun rezina qo‘lqoplar, kosmetika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi.
Janubiy Koreya delegatsiyasi o‘z mahsulotlari va loyihalarini taqdim etib, Qarshi shahrida ishlab chiqarishni tashkil etishga qiziqish bildirdi. Shahar hokimi mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun barcha zarur yordamni ko‘rsatishga tayyor ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni rivojlantirish va amaliy ishlarni boshlashga kelishib oldilar.
Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Qarshi shahridagi bir qator obʼyektlarda boʻldi. Xususan, “Qavali” va “Buyuk Turon” kichik sanoat zonalari, “Sulton Tex Group” klasteri, “Hyuper Trade” kompaniyasi hamda “Brosmed” va “Javohir Medical” ko‘p tarmoqli xususiy klinikalari faoliyati bilan tanishib, o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi va kelishuvlarga erishildi.
Janubiy koreyalik ishbilarmonlar hudud infratuzilmasi va imkoniyatlarini baholab, istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, sarmoya jalb etish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.