21 noyabr 2024

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Jahon banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yilning 19-noyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Abdulaziz Xaydarov Jahon banki vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Unda Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha mutaxassislari Roland Uayt, Mohammed Nada va Ildus Kamilov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi mas’ullari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mahalliy hokimiyat organlari uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish dasturi asosida ishlab chiqilayotgan loyihani tayyorlash bo‘yicha keyingi qadamlar muhokama qilindi. Bunda, tayyorgarlik jarayoni Jahon banki tomonidan amalga oshiriladigan uchta asosiy baholashni o‘z ichiga oladi: texnik baholash, oldindan baholash hamda ekologik va ijtimoiy baholash.

Jahon banki vakillari tomonidan baholash jarayonini jadallashtirish uchun texnik imkoniyatlarni ishga tushirish bo‘yicha muhim qadamlar tashlangani, mazkur jarayon ma’lum muddat talab etilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi asosida hududlar master-rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan fikr almashildi.

Bundan tashqari, hududlarni kompleks rivojlantirish, mahalliy budjetlar mustaqilligini yanada oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, tomonlar hududlar salohiyatini yanada oshirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va bir qator institutsional maqsadlarga erishish masalalarini muhokama qildi.  

Uchrashuv yakunida tomonlar birgalikda hududlar imkoniyatlarini o‘rganishda davom etish hamda maslahatlashuvlarni yanada faollashtirishga kelishib oldi.