03 dekabr 2024

O‘zbekiston va Qatar tadbirkor ayollari hamkorlikni mustahkamlamoqda

“Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar xalqaro assotsiatsiyasi vakillari Qatarda bo‘lib, shu kabi tashkilotlar bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi, ayollar tadbirkorligi bo‘yicha Qatar tajribasi bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.

Xususan, delegatsiya tashrifi davomida ‘‘Qatar Businesswomen Association’’da davra suhbati, ‘‘Doha International Family Institute’’, ‘‘Elite Paper Industry’’, ‘‘Ali Bin Ali Holding’’ kompaniyalari, the ‘‘View Hospital’’, ‘‘Korean Medical Center’’, ‘‘Sidra Medicine’’ klinikalari, ‘‘The Torch’’ mehmonxonasi , the ‘‘Baladna’’ fermer xo‘jaligi va ‘‘Istituto Di Moda Burgo’’ instituti vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 

Shuningdek, delegatsiya Doha shahrida o‘tkazilgan “Qatar fan va texnologiyalar parki” Barqaror rivojlanish va tadbirkorlik bo‘yicha 7-xalqaro konferensiya va Qatar fan va texnologiyalar parkida tashkil etilgan “Sun’iy intellekt” haftaligida ham ishtirok etdi.

Tashrif doirasida Qatar ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi va “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar xalqaro assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Tomonlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida Qatar ishbilarmon ayollar uyushmasi vakillarining O‘zbekistonga tashrifi bo‘yicha kelishuvga erishildi.