O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI 2024-YIL 3-OKTABR, O‘RQ-970-SON KREATIV IQTISODIYOT TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

2024-YIL 3-OKTABR,

O‘RQ-970-SON

.

KREATIV IQTISODIYOT TO‘G‘RISIDA

 

QONUNCHILIK PALATASI TOMONIDAN 2024-YIL 30-SENTABRDA QABUL QILINGAN

SENAT TOMONIDAN 2024-YIL 30-SENTABRDA MA’QULLANGAN

.

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilik

Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

kreativ industriya — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek intellektual mulk ustuvorligiga asoslangan va iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyat turlarining majmui;

kreativ industriya parki — O‘zbekiston Respublikasi hududi doirasida eksterritoriallik prinsiplari asosida kreativ industriya sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faoliyat olib boradigan tashkiliy-huquqiy tuzilma;

kreativ industriya subyektlari — kreativ mahsulotni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan shug‘ullanadigan jismoniy va yuridik shaxslar;

kreativ iqtisodiyot — ijodiyot, intellektual qobiliyat, shuningdek innovatsiyalarga hamda texnologiyalarga asoslangan inson salohiyati natijasida iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratishga qaratilgan iqtisodiyot tarmog‘i;

kreativ mahsulot — kreativ iqtisodiyot sohasida iqtisodiy qimmatga ega bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar), shuningdek boshqa fuqaroviy-huquqiy bitimlar obyektlari.

4-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi asosiy prinsiplar

Kreativ iqtisodiyot quyidagi prinsiplarga asoslanadi:

qonuniylik;

ochiqlik va shaffoflik;

ijod erkinligi;

tenglik;

kreativ mahsulotning huquqiy muhofaza qilinishi.

5-modda. Qonuniylik prinsipi

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.

6-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi axborot ochiq va shaffof bo‘lishi kerak. Bundan davlat sirlarini tashkil etuvchi hamda oshkor etilishi qonun bilan cheklangan axborot mustasno.

Davlat organlari kreativ industriya subyektlari uchun davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi, shuningdek axborotdan foydalanish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda axborot olish va undan erkin foydalanish sharoitlarini yaratishi shart.

7-modda. Ijod erkinligi prinsipi

Kreativ iqtisodiyot ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligiga asoslanadi.

Barcha shaxslar kreativ industriya sohalarini tanlashda va ularning bir yoki bir nechtasida faoliyat olib borishda, shuningdek kreativ mahsulot yaratishda erkindir.

Ijod erkinligi boshqa shaxslarning sha’ni, qadr-qimmatiga va ishchanlik obro‘siga zarar yetkazishga, qonunga xilof xatti-harakatlarni amalga oshirishga undashga yoki targ‘ib qilishga qaratilmasligi hamda ijtimoiy axloqqa zid bo‘lmasligi kerak.

8-modda. Tenglik prinsipi

Kreativ industriya subyektlari o‘z faoliyatini amalga oshirishda, shu jumladan davlat tomonidan taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralaridan va infratuzilmadan foydalanishda tengdir.

9-modda. Kreativ mahsulotning huquqiy muhofaza qilinishi prinsipi

Kreativ mahsulot intellektual va ijodiy faoliyat natijasidir hamda u qonunchilikka muvofiq muhofaza qilinadi.

10-modda. Kreativ industriya sohalari

Ushbu Qonun maqsadlarida kreativ industriya sohalaridagi faoliyat yo‘nalishlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

adabiy ijodni;

amaliy san’at va hunarmandchilikni;

arxitektura, loyihalashtirish va urbanistikani;

audiovizual san’atni;

ijrochilik san’atini;

konsert-tomosha faoliyatini va ommaviy-madaniy tadbirlarni tashkil etishni;

moda va dizayn san’atini;

muzeylar, badiiy galereyalar (ko‘rgazmalar), axborot-kutubxona faoliyatini;

nashriyot va matbaa sohasidagi ijodiy faoliyatni;

ommaviy axborot vositalari sohasidagi va Internet jahon axborot tarmog‘i orqali uzatish yo‘li bilan amalga oshiriladigan ijodiy faoliyatni;

prodyuserlik faoliyatini;

raqamli texnologiyalar sohasidagi ijodiy faoliyatni;

reklama sohasidagi ijodiy faoliyatni;

san’at ashyolari va madaniy meros obyektlarini asrashga doir faoliyatni;

tasviriy san’atni.

2-BOB. KREATIV IQTISODIYOT SOHASIDAGI DAVLAT SIYOSATI

11-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

kreativ industriya sohalarida fuqarolarning o‘z ijodiy va intellektual salohiyatini namoyon etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

kreativ industriyani iqtisodiyotning faol tarmoqlaridan biriga aylantirish orqali kreativ mahsulotlar aylanmasini oshirish;

kreativ industriya subyektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda teng imkoniyatlar yaratish;

kreativ industriya sohalarini qo‘llab-quvvatlash orqali kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish;

kreativ iqtisodiyot sohasida ilm-fan va ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash hamda kreativ g‘oyalarni va loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish;

kreativ industriya subyektlari uchun zarur infratuzilmani yaratish;

kreativ mahsulotlar yaratishda ilm-fan va texnologiya yutuqlaridan va innovatsion yondashuvlardan foydalanilishini ta’minlash;

mazkur sohadagi ko‘nikmalarni rivojlantirish maqsadida kreativ industriya sohalarida ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish;

kreativ industriya subyektlarining ijodiy salohiyati va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha cheklovlarni bartaraf etish;

milliy madaniyat va milliy brendlarni xalqaro maydonda keng tanitilishini ta’minlash.

12-modda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari zamonaviy yutuqlar asosida inson kapitalini, mamlakatni rivojlantirish, kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosatini olib borish maqsadida ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari yaqin va uzoq muddatli istiqbol uchun qabul qilinishi mumkin.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalari davlat va jamiyat oldida turgan maqsadlar hamda vazifalarni, tegishli davr uchun mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlarni, shuningdek ularni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejalarini belgilaydi.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalarining loyihalari davlat organlarining, ilmiy tashkilotlarning, kreativ industriya subyektlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va ekspertlarning takliflari asosida ishlab chiqiladi.

3-BOB. KREATIV IQTISODIYOT SOHASINI TARTIBGA SOLISH

13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini va ularni taqdim etish tartibini belgilaydi;

kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilaydi;

kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish strategiyalarini va davlat dasturlarini tasdiqlaydi;

kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;

kreativ iqtisodiyot sohasidagi zarur infratuzilmani yaratish choralarini ko‘radi;

kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashining faoliyati tartibini belgilaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

14-modda. Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi (bundan buyon matnda Respublika kengashi deb yuritiladi) kreativ industriya sohalarini rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organidir.

Respublika kengashining tarkibi kreativ industriya sohalari bo‘yicha tegishli davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, kreativ industriya sohalaridagi yetakchi tadbirkorlar hamda xalqaro va mahalliy ekspertlardan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.

Respublika kengashi:

kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish va kreativ industriya sohalarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

kreativ industriya sohalaridagi iqtisodiy faoliyat turlarini belgilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;

kreativ industriyaning istiqbolli yo‘nalishlari va o‘sish nuqtalarini aniqlaydi;

kreativ industriya parki faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqadi hamda ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborotni eshitadi.

Respublika kengashining ishchi organi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hisoblanadi.

15-modda. Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari o‘z vakolatlari doirasida:

kreativ iqtisodiyot sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishini ta’minlaydi;

kreativ mahsulotlarni shakllantirish va kreativ iqtisodiyot sohasini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etadi;

o‘z tasarrufidagi kreativ industriya subyektlarining kreativ mahsulotlarni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha boshqa davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

16-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining kreativ iqtisodiyot sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida:

hududlarda kreativ iqtisodiyot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;

hududlarda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

kreativ iqtisodiyot sohasidagi hududiy dasturlarni tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi;

kreativ industriya subyektlari faoliyatiga ko‘maklashadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

17-modda. Nodavlat notijorat tashkilotlarining kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga doir faoliyatda ishtirok etishi

Nodavlat notijorat tashkilotlari:

kreativ industriya subyektlariga o‘z ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashadi;

kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslar va takliflar ishlab chiqadi;

kreativ iqtisodiyot sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ishtirok etadi.

4-BOB. KREATIV IQTISODIYOTNI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH

18-modda. Kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari

Davlat kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishni hamda kreativ industriya sohalarida qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhiti yaratilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.

Kreativ iqtisodiyotni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash quyidagi choralarni o‘z ichiga oladi:

kreativ industriya subyektlari uchun soliq qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda imtiyozlar berishni;

davlat subsidiyalari, davlat grantlari va davlat ijtimoiy buyurtmalari tizimi orqali moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni;

infratuzilmadan va davlat mulkidan foydalanishda imtiyozlar berishni;

kreativ industriya subyektlarini axborot bilan ta’minlashni;

kreativ industriya subyektlarining mol-mulkini himoya qilishni, intellektual mulk obyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazishni, intellektual mulk sohasiga oid tartib-taomillarni soddalashtirishni.

Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

19-modda. Kreativ industriya subyektlariga imtiyozlar va preferensiyalar

Davlat kreativ industriya subyektlariga soliqlar hamda boshqa to‘lovlar va tariflar bo‘yicha imtiyozlar va preferensiyalar berishi mumkin.

20-modda. Kreativ iqtisodiyot sohasidagi ta’limni qo‘llab-quvvatlash

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi ta’limni qo‘llab-quvvatlash quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

kreativ industriya sohalaridagi kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga doir davlat ta’lim standartlarini hamda ta’lim dasturlarini takomillashtirish;

kreativ industriya sohalaridagi ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash;

kreativ industriya sohalarida dual ta’limni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarning uzviy bog‘liqligini ta’minlash;

yetakchi xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda sohaga oid ixtisoslashtirilgan qo‘shimcha ta’lim dasturlarini yaratish;

o‘quv-uslubiy, ilmiy va amaliy adabiyotlarni yaratish.

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi ta’limni ko‘llab-quvvatlash qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa shakllarda ham amalga oshirilishi mumkin.

21-modda. Kreativ mahsulotlarni yaratishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ommalashtirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

Davlat milliy va umuminsoniy qadriyatlarni ommalashtirishga, O‘zbekiston xalqining ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlashga hamda boyitishga, madaniy merosni muhofaza qilishga, shuningdek yoshlarda vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan kreativ mahsulotlar yaratilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

5-BOB. KREATIV IQTISODIYOT INFRATUZILMASI

22-modda. Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasining tarkibi

Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi sohani qo‘llab-quvvatlashga hamda rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va raqamli resurslar majmuasini o‘z ichiga oladi.

Kreativ iqtisodiyot infratuzilmasi kreativ industriya parklari, kreativ industriya klasterlari, kreativ industriya art-rezidensiyalari, markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar shaklida hamda boshqa shakllarda bo‘lishi mumkin.

23-modda. Kreativ industriya klasterlari

Kreativ industriya klasteri tegishli hududda kreativ mahsulotlarni yaratishda ishtirok etadigan, samarali hamkorlik qilish, quvvatlardan birgalikda foydalanish, bilimlar va ko‘nikmalar almashish maqsadida tuziladigan kreativ industriya subyektlarining yig‘indisidan iborat bo‘lgan tashkiliy-huquqiy tuzilmadir.

Kreativ industriya klasterlari davlat yoki xususiy investitsiyalar ishtirokida tashkil etilishi mumkin.

Kreativ industriya klasterlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

ichki va tashqi bozorlarda talab qilingan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yaratish uchun kreativ industriya subyektlarining salohiyatini birlashtirish;

kreativ industriya subyektlari uchun ta’lim, maslahat va axborot xizmatlarini tashkil etish;

kreativ faoliyat natijalarini bozorda birgalikda ilgari surish.

Kreativ industriya klasterlari qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa yo‘nalishlarda ham faoliyat olib borishi mumkin.

24-modda. Kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari

Kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish, saqlash, tarqatish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida tashkil etiladi.

Kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalarining mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

kreativ iqtisodiyot sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish;

kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirish va tijoratlashtirish;

kreativ industriya subyektlarini moliyaviy jihatdan rag‘batlantirish, kadrlarning malakasini oshirish va ushbu subyektlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.

Kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari qaytarish shartlari asosida yoki beg‘araz asosda mablag‘lar ajratishi, shuningdek kreativ industriya subyektlarining majburiyatlari bo‘yicha kafil sifatida ish yuritishi mumkin.

Kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.

6-BOB. KREATIV INDUSTRIYA PARKI

25-modda. Kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish, monitoring qilish va baholash tartibi

Kreativ industriya parkini tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Kreativ industriya parkini boshqarish direksiya tomonidan amalga oshiriladi.

Respublika kengashi kreativ industriya parki faoliyatini monitoring qilish va baholashni amalga oshiradi.

Kreativ industriya parki direksiyasi Respublika kengashiga o‘z faoliyati va uning natijalari to‘g‘risida yiliga kamida ikki marta axborot taqdim etadi.

26-modda. Kreativ industriya parkining vazifalari

Kreativ industriya parkining vazifalari quyidagilardan iborat:

kreativ industriyani rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

kreativ iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb etish;

kreativ industriya parki rezidentlari uchun zarur resurslar va infratuzilma mavjudligini ta’minlash;

kreativ industriya mahsulotlari aylanmasi va eksportini ko‘paytirish uchun ekotizimni rivojlantirish, shu jumladan elektron platformalar va onlayn-bozorlar yaratish, shuningdek ularni xalqaro platformalarga integratsiya qilish;

kreativ industriya sohalarida ish o‘rinlarini yaratish;

kreativ industriya sohalarida mehnat bozori tahlilini olib borish va mazkur sohada kadrlarni tayyorlashga, ularning malakasini oshirishga, shu jumladan nazariy va amaliy bilimlar hamda ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirishga ko‘maklashish;

kreativ industriya sohalarida innovatsiyalarni va ijodkorlikni rag‘batlantirish.

27-modda. Kreativ industriya parki rezidentlarining huquq va majburiyatlari

Kreativ industriya parki rezidentlari quyidagi huquqlarga ega:

kreativ industriya parki infratuzilmasidan foydalanish, shu jumladan umumiy ish joylaridan va jihozlardan foydalanish;

tadbirkorlikni rivojlantirish va intellektual mulkni muhofaza qilish bo‘yicha konsalting xizmatlarini olish;

ta’limni va yangi g‘oyalarni takomillashtirish hamda kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan (akseleratsiya) kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan tashkil etilgan dasturlarda ishtirok etish.

Kreativ industriya parkining rezidentlari:

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga rioya etishi;

kreativ industriya parki resurslaridan oqilona foydalanishi;

kreativ industriya tegishli sohalari bo‘yicha mahorat darslarini tashkil etishi shart.

Kreativ industriya parki rezidentlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

28-modda. Kreativ industriya parkining rezidentlari

Kreativ industriya sohasidagi biznes rejasi kreativ industriya parki direksiyasi tomonidan ma’qullangan va jami yillik daromadining kamida sakson foizini kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromad tashkil etadigan kreativ industriya subyektlari kreativ industriya parkining rezidentlari bo‘lishi mumkin.

Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi mavjud bo‘lgan yuridik shaxslar kreativ industriya parkining rezidenti bo‘lishi mumkin emas.

Kreativ industriya parki rezidentlarining zimmasiga qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa talablar ham yuklatilishi mumkin.

29-modda. Kreativ industriya parkining boshqa subyektlar bilan hamkorligi

Kreativ industriya parki ta’lim va ilmiy tashkilotlar, biznes-inkubatorlar va akseleratorlar bilan hamkorlik qilishi mumkin.

Kreativ industriya parki direksiyasi tajriba almashish, investitsiyalarni jalb qilish va boshqa maqsadlarda qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy va xalqaro sheriklar bilan bitimlar tuzishi mumkin.

7-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

30-modda. Kreativ iqtisodiyot ko‘rsatkichlarini shakllantirish va ulardan foydalanish

Statistika organlari kreativ iqtisodiyotning holatini aks ettiruvchi ko‘rsatkichlarning hisobini, shu jumladan:

kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushining, shu jumladan kreativ mahsulotlarni ishlab chiqarish, sotish va tashqi savdo aylanmasi hajmining;

kreativ industriya subyektlari sonining;

kreativ industriya sohalaridagi bandlikning;

kreativ startaplar va loyihalarga investitsiyalar hajmining hisobini yuritadi.

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi davlat siyosatining samaradorligini baholash kreativ iqtisodiyot ko‘rsatkichlari tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

31-modda. Xalqaro hamkorlik

Kreativ iqtisodiyot sohasidagi xalqaro hamkorlik xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni o‘rnatish hamda rivojlantirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

32-modda. Nizolarni hal etish

Kreativ iqtisodiyot sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

33-modda. Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

34-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

35-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

36-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan norasmiy tarjimada taqdim etilgan;

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat __10. 10_____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.

.