O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK KODEKSI
BIRINCHI QISM
21 – DEKABR 1995 y.
I BO‘LIM
UMUMIY QOIDALAR
1-KICHIK BO‘LIM
ASOSIY QOIDALAR
1-BOB.
FUQAROLIK QONUNChILIGI
1-modda. Fuqarolik qonunchiligining asosiy negizlari
Fuqarolik qonunchiligi ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini e’tirof etishga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligiga, fuqarolik huquqlari to‘sqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta’minlash zarurligiga asoslanadi.
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonunchilikka zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
Tovarlar, xizmatlar va moliyaviy mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasining butun hududida erkin harakatda bo‘ladi.
Xavfsizlikni ta’minlash, insonlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, tabiatni va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish uchun zarur bo‘lsa, tovarlar va xizmatlar harakatda bo‘lishini cheklash qonunchilikka muvofiq joriy etilishi mumkin.
2-modda. Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlar
Fuqarolik qonunchiligi fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o‘zga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bog‘liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarning ishtirokchilari bo‘ladilar.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, fuqarolik qonunchiligida belgilab qo‘yilgan qoidalar chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet ellik yuridik shaxslar ishtirokidagi munosabatlarga qo‘llaniladi.
Shaxsiy nomulkiy munosabatlar va mulkiy munosabatlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy munosabatlar, agar qonunlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki bu munosabatlarning mohiyatidan o‘zgacha hol anglashilmasa, fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan belgilarga javob beradigan oilaviy munosabatlarga, mehnat munosabatlariga va tabiiy resurslardan foydalanish hamda atrof muhitni muhofaza qilish munosabatlariga nisbatan fuqarolik qonunchiligi bu munosabatlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinmaydigan hollarda qo‘llaniladi.
Bir tarafning ikkinchi tarafga ma’muriy bo‘ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlarga, shu jumladan soliq, moliyaviy va boshqa ma’muriy munosabatlarga nisbatan fuqarolik qonunchiligi qo‘llanilmaydi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.
3-modda. Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari
Fuqarolik qonunchiligi ushbu Kodeksdan, ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlaridan iborat.
Boshqa qonunlar va qonunchilik hujjatlaridagi fuqarolik qonunchiligi normalari ushbu Kodeksga mos bo‘lishi shart.
Vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda, boshqa qonunlar hamda qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishi mumkin.
4-modda. Fuqarolik qonunchiligining vaqt bo‘yicha amal qilishi
Fuqarolik qonunchiligi hujjatlari orqaga qaytish kuchiga ega emas va ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Qonun u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etiladi.
Fuqarolik qonunchiligi hujjati amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlar bo‘yicha bu qonunchilik hujjati u amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan huquq va burchlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Agar shartnoma tuzilganidan keyin taraflar uchun majburiy bo‘lgan, shartnoma tuzilayotgan paytdagidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan qonun qabul qilingan bo‘lsa, tuzilgan shartnomaning shartlari o‘z kuchini saqlab qoladi, bundan qonunning avval tuzilgan shartnomalardan kelib chiquvchi munosabatlarga tatbiq etilishi ko‘rsatilgan hollar mustasno.
5-modda. Fuqarolik qonunchiligini o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llash
Ushbu Kodeks 2-moddasining birinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan munosabatlar qonunchilik yoki taraflarning kelishuvi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solinmagan hollarda fuqarolik qonunchiligining o‘xshash munosabatlarni tartibga soluvchi normasi qo‘llaniladi (qonun o‘xshashligi).
Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda qonun o‘xshashligidan foydalanish mumkin bo‘lmasa, taraflarning huquq va burchlari fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga (huquq o‘xshashligiga) hamda halollik, oqillik va adolat talablariga amal qilgan holda belgilanadi.
Fuqarolik huquqlarini cheklaydigan va javobgarlik belgilaydigan normalarning o‘xshashlik bo‘yicha qo‘llanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
6-modda. Ish muomalasi odatlari. Mahalliy odat va an’analar
Tadbirkorlik faoliyatining biron-bir sohasida vujudga kelgan va keng qo‘llaniladigan, qonunchilikda nazarda tutilmagan xulq-atvor qoidasi, biron-bir hujjatda yozilganligi yoki yozilmaganligidan qat’i nazar, ish muomalasi odati deb hisoblanadi.
Fuqarolik qonunchiligida tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, bu munosabatlarni tartibga solishda mahalliy odat va an’analar qo‘llaniladi.
Tegishli munosabat ishtirokchilari uchun majburiy bo‘lgan qonunchilik normalariga yoki shartnomaga zid bo‘lgan ish muomalasi odatlari, mahalliy odat va an’analar qo‘llanilmaydi.
7-modda. Fuqarolik qonunchiligi va xalqaro shartnomalar hamda bitimlar
Agar xalqaro shartnomada yoki bitimda fuqarolik qonunchiligidagiga qaraganda boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma yoki bitim qoidalari qo‘llaniladi.
2-BOB.
FUQAROLIK HUQUQ VA BURChLARINING VUJUDGA KELIShI. FUQAROLIK HUQUQLARINI AMALGA OShIRISh VA HIMOYA QILISh
8-modda. Fuqarolik huquq va burchlarining vujudga kelish asoslari
Fuqarolik huquq va burchlari qonunchilikda nazarda tutilgan asoslardan, shuningdek fuqarolar hamda yuridik shaxslarning, garchi qonunchilikda nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin fuqarolik qonunchiligining umumiy negizlari va mazmuniga ko‘ra fuqarolik huquq hamda burchlarni keltirib chiqaradigan harakatlaridan vujudga keladi.
Fuqarolik huquq va burchlari quyidagilardan vujudga keladi:
1) qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan;
2) qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hujjatlaridan;
3) sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan;
4) qonun yo‘l qo‘yadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida;
5) fan, adabiyot, san’at asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;
6) boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida;
7) asossiz boyib ketish natijasida;
8) fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa harakatlari natijasida;
Oldingi tahrirga qarang.
9) qonunchilik fuqarolik-huquqiy oqibatlarning kelib chiqishi bilan bog‘laydigan hodisalar natijasida.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, unga bo‘lgan tegishli huquqlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
9-modda. Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘zlariga tegishli bo‘lgan fuqarolik huquqlarini, shu jumladan ularni himoya qilish huquqini ham o‘z xohishlariga ko‘ra tasarruf etadilar.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z huquqlarini amalga oshirishdan voz kechishi bu huquqlarning bekor qilinishiga olib kelmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Fuqarolik huquqlarini amalga oshirish boshqa shaxslarning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart. Fuqarolik huquqiy munosabatlari ishtirokchilarining halol, oqilona va adolat bilan harakat qilishi nazarda tutiladi.
Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z huquqlarini amalga oshirishda jamiyatning ma’naviy tamoyillari va axloqiy normalarini hurmat qilishlari, tadbirkorlar esa — ish odobi qoidalariga ham rioya etishlari kerak.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning boshqa shaxsga zarar yetkazishga, boshqacha shakllarda huquqni suiiste’mol qilishga, shuningdek huquqni uning maqsadiga zid tarzda amalga oshirishga qaratilgan harakatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ushbu moddaning uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya qilinmagan taqdirda, sud shaxsga qarashli huquqni himoya qilishni rad etishi mumkin.
10-modda. Fuqarolik huquqlarini sud orqali himoya qilish
Fuqarolik huquqlari protsessual qonunchilik yoki shartnomada belgilab qo‘yilganidek, ishlar qaysi sudga taalluqli bo‘lishiga qarab, sud, iqtisodiy sud yoki hakamlik sudi (bundan keyin — sud) tomonidan himoya qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari ma’muriy tartibda himoya qilinadi. Ma’muriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.
11-modda. Fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari
Fuqarolik huquqlari quyidagi yo‘llar bilan himoya qilinadi:
huquqni tan olish;
huquq buzilishidan oldingi holatni tiklash va huquqni buzadigan yoki uning buzilishi xavfini tug‘diradigan harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish;
shaxsning o‘z huquqini o‘zi himoya qilishi;
burchni aslicha (natura) bajarishga majbur qilish;
zararni to‘lash;
neustoyka undirish;
ma’naviy ziyonni qoplash;
huquqiy munosabatni bekor qilish yoki o‘zgartirish;
davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunga zid hujjatini sudning qo‘llamasligi.
Fuqarolik huquqlari qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ham himoya qilinishi mumkin.
12-modda. Davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hujjatini haqiqiy emas deb topish
Davlat organining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hamda fuqarolarning yoki yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan hujjati sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Sud hujjatni haqiqiy emas deb topgan taqdirda, buzilgan huquq ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullarda himoya qilinishi kerak.
13-modda. Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishi
Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Fuqarolik huquqlarini shaxsning o‘zi himoya qilish usullari huquqni buzishga mutanosib bo‘lishi hamda huquq buzilishining oldini olish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi kerak.
14-modda. Zararni qoplash
Agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs o‘ziga yetkazilgan zararning to‘la qoplanishini talab qilishi mumkin.
Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.
Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli.
15-modda. Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan hujjat qabul qilinishi, shuningdek ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday zararning o‘rni davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bekor qilingan, ularning mablag‘lari yetishmagan yoxud davlat organining budjetdan tashqari mablag‘lari yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining mablag‘lari bo‘lmagan taqdirda fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Zarar qaysi davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, sudning qarori bilan zararning o‘rnini qoplash ushbu organlar mansabdor shaxslarining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
2-KICHIK BO‘LIM
SHAXSLAR
3-BOB
FUQAROLAR (JISMONIY ShAXSLAR)
16-modda. Fuqaro (jismoniy shaxs) tushunchasi
Fuqarolar (jismoniy shaxslar) deganda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari, boshqa davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning qoidalari barcha fuqarolarga nisbatan qo‘llaniladi.
17-modda. Fuqarolarning huquq layoqati
Barcha fuqarolarning fuqarolik huquq va burchlariga ega bo‘lish layoqati (huquq layoqati) teng ravishda e’tirof etiladi.
Fuqaroning huquq layoqati u tug‘ilgan paytdan e’tiboran vujudga keladi va vafot etishi bilan tugaydi.
18-modda. Fuqarolar huquq layoqatining mazmuni
Fuqarolar:
mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo‘lishlari; mol-mulkni meros qilib olishlari va vasiyat qilib qoldirishlari; bankda jamg‘armalarga ega bo‘lishlari; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xo‘jaligi bilan hamda qonunda taqiqlab qo‘yilmagan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanishlari; yollanma mehnatdan foydalanishlari; yuridik shaxslar tashkil etishlari; bitimlar tuzishlari va majburiyatlarda ishtirok etishlari; yetkazilgan zararning to‘lanishini talab qilishlari; mashg‘ulot turini va yashash joyini tanlashlari; fan, adabiyot va san’at asarlarining, ixtironing, qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa intellektual faoliyat natijalarining muallifi huquqiga ega bo‘lishlari mumkin.
Fuqarolar boshqa mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
19-modda. Fuqaroning ismi
Agar qonundan yoki milliy odatdan boshqacha tartib kelib chiqmasa, fuqaro o‘z familiyasi va nomidan, shuningdek otasining ismi bilan huquq va burchlarga ega bo‘ladi hamda ularni amalga oshiradi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda fuqaro taxallusdan (to‘qilgan ismdan) foydalanishi mumkin.
Fuqaro qonunda belgilangan tartibda o‘z ismini o‘zgartirishga haqli. Fuqaroning o‘z ismini o‘zgartirishi avvalgi ismi bilan olgan huquq va burchlarini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lmaydi.
Fuqaro o‘z ismini o‘zgartirganligi haqida qarzdorlari va kreditorlariga xabar berish uchun zarur choralarni ko‘rishi shart va u mazkur shaxslarda fuqaroning ismi o‘zgarganligi haqida ma’lumot yo‘qligi tufayli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar xavfini o‘z zimmasiga oladi.
Ismini o‘zgartirgan fuqaro o‘zining avvalgi ismiga rasmiylashtirilgan hujjatlarga o‘z hisobidan tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini talab qilishga haqli.
Fuqaro tug‘ilgan vaqtida olgan ismini, shuningdek o‘zgartirilgan ismini fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.
Boshqa shaxs ismidan foydalanib huquq va burchlarga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi.
20-modda. Ismni himoya qilish
O‘z ismi bilan yashash huquqiga e’tiroz bildirilayotgan yoki ismidan qonunsiz foydalanilayotganligi munosabati bilan manfaatlari buzilayotgan shaxs manfaatlarini buzuvchidan bunday harakatlarga chek qo‘yishni va raddiya berishni talab qilishi mumkin. Agar manfaatlar qasddan buzilayotgan bo‘lsa, jabrlangan shaxs qo‘shimcha suratda zararni qoplashni talab qilishi mumkin. Zararni qoplash uchun manfaatni buzgan shaxsning daromadini berish talab qilinishi mumkin. Manfaat qasddan buzilganida jabrlanuvchi ma’naviy ziyonning qoplanishini ham talab qilish huquqiga ega.
Ism yoki shaxsiy sha’n egasi bo‘lmagan, lekin oilaviy mavqeyiga ko‘ra bundan manfaatdor bo‘lgan shaxs ham ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan harakatlarga chek qo‘yish yoki raddiya berish haqidagi talablarni qo‘yishi mumkin. Bu shaxs boshqa shaxsning o‘limidan keyin ham uning ismini va sha’nini himoya qilishga qaratilgan talablarning bajarilishiga harakat qilishi mumkin. Ismni va sha’nni buzish tufayli keltirilgan zararni qoplash talabi o‘limdan keyin tan olinmaydi.
21-modda. Fuqaroning yashash joyi
Fuqaroning doimiy yoki asosan yashab turgan joyi uning yashash joyi hisoblanadi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning (kichik yoshdagi bolalarning) yoki vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning qonuniy vakillari — ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari yashaydigan joy voyaga yetmaganlar yoki vasiylikda bo‘lgan fuqarolarning yashash joyi hisoblanadi.
22-modda. Fuqaroning muomala layoqati
Fuqaroning o‘z harakatlari bilan fuqarolik huquqlariga ega bo‘lish va ularni amalga oshirish, o‘zi uchun fuqarolik burchlarini vujudga keltirish va ularni bajarish layoqati (muomala layoqati) u voyaga yetgach, ya’ni o‘n sakkiz yoshga to‘lgach to‘la hajmda vujudga keladi.
Voyaga yetgunga qadar qonuniy asosda nikohdan o‘tgan fuqaro nikohdan o‘tgan vaqtdan e’tiboran to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘ladi.
Nikoh tuzish natijasida ega bo‘lingan muomala layoqati o‘n sakkiz yoshga to‘lmasdan turib nikoh bekor qilingan taqdirda ham to‘la saqlanib qoladi.
Nikoh haqiqiy emas deb topilganida sud voyaga yetmagan er (xotin) sud belgilagan paytdan boshlab to‘la muomala layoqatini yo‘qotganligi haqida qaror qabul qilishi mumkin.
23-modda. Fuqaroning huquq layoqati va muomala layoqatini cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi
Qonunda belgilangan hollar va tartibdan tashqari, hech kimning huquq va muomala layoqati cheklanishi mumkin emas.
Fuqarolarning muomala layoqatini cheklashning qonunda belgilab qo‘yilgan shartlari va tartibiga rioya qilmaslik davlat organining tegishli cheklashni belgilaydigan hujjati haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.
Fuqaroning huquq layoqatidan yoki muomala layoqatidan to‘la yoki qisman voz kechishi va huquq layoqati yoki muomala layoqatini cheklashga qaratilgan boshqa bitimlar o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir, bunday bitimlarga qonun tomonidan yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno.
24-modda. Fuqaroning tadbirkorlik faoliyati
Fuqaro yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga haqlidir.
Fuqarolarning yuridik shaxs tashkil etmasdan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyatiga nisbatan, agar qonunchilikdan yoki huquqiy munosabat mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, ushbu Kodeksning qoidalari qo‘llaniladi.
Yuridik shaxs tashkil etmasdan ushbu moddaning birinchi qismi talablarini buzgan holda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan fuqaro tuzgan bitimlar xususida o‘zining tadbirkor emasligini vaj qilib ko‘rsatishga haqli emas. Sud bunday bitimlarga ushbu Kodeksning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq majburiyatlar to‘g‘risidagi qoidalarini qo‘llashi mumkin.
25-modda. Fuqaroning mulkiy javobgarligi
Fuqaro o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga qarashli butun mol-mulki bilan javob beradi, qonunga muvofiq undiruvni qaratish mumkin bo‘lmagan mol-mulk bundan mustasno.
26-modda. Yakka tartibdagi tadbirkorning va yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi
Yakka tartibdagi tadbirkor kreditorlarning pul majburiyatlari bo‘yicha talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxs kreditorlarning pul majburiyatlari bo‘yicha talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, agar tegishli talablar uning ilgarigi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan bo‘lsa, belgilangan tartibda sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi tartib-taomillarini amalga oshirishda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan majburiyatlari bo‘yicha kreditorlari ham hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash, alimentlarni undirish haqidagi o‘z talablarini, shuningdek shaxsiy xususiyatga ega bo‘lgan boshqa talablarni qo‘yishga haqli. Mazkur kreditorlarning ular tomonidan shunday tartibda qo‘yilmagan talablari to‘lovga qobiliyatsizlik tartib-taomili tugallanganidan keyin ham o‘z kuchini saqlab qoladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxs bankrot deb topilgan taqdirda, uning kreditorlarining talablari ushbu Kodeksning 56-moddasida nazarda tutilgan tartibda qanoatlantiriladi.
Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan shaxsni sud tomonidan bankrot deb topishning yoki uning o‘zini bankrot deb e’lon qilishining asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
26(1)-modda. Jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi
Jismoniy shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini to‘la hajmda qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Jismoniy shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
27-modda. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning muomala layoqati
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar, ushbu moddaning ikkinchi qismida sanab o‘tilganlardan tashqari, bitimlarni o‘z ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylarining yozma roziligi bilan tuzadilar. Bunday voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim keyinchalik shaxsning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysi yozma ravishda ma’qullaganidan so‘ng, u ham haqiqiy hisoblanadi.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ota-onalari, farzandlikka oluvchilar va homiylarining roziligisiz quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqli:
1) o‘z ish haqi, stipendiyasi va boshqa daromadlarini tasarruf etish;
2) fan, adabiyot yoki san’at asarining, ixtironing yoxud o‘z intellektual faoliyatining qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa natijasi muallifi huquqini amalga oshirish;
3) qonunga muvofiq kredit muassasalariga omonatlar qo‘yish va ularni tasarruf etish;
4) ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mayda maishiy bitimlarni hamda boshqa bitimlarni tuzish.
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq o‘zlari tuzgan bitimlar bo‘yicha mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladilar. Bunday voyaga yetmaganlar o‘zlari yetkazgan zarar uchun ushbu Kodeksga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Etarli asoslar mavjud bo‘lganida sud ota-onalar, farzandlikka oluvchilar yoki homiyning yoxud vasiylik va homiylik organining iltimosnomasiga muvofiq o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganning o‘z ish haqi, stipendiyasi yoki boshqa daromadlarini mustaqil tasarruf etish huquqini cheklab qo‘yishi yoki bu huquqdan mahrum qilishi mumkin, bunday voyaga yetmagan shaxs ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismiga yoki 28-moddasiga muvofiq to‘la hajmda muomala layoqatiga ega bo‘lgan hollar bundan mustasno.
28-modda. Emansipatsiya
O‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin.
Voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish (emansipatsiya) ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo‘yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar.
29-modda. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlarning muomala layoqati
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan voyaga yetmaganlar (kichik yoshdagi bolalar) uchun bitimlarni, ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilganlardan tashqari, ularning nomidan faqat ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiylari tuzishi mumkin.
Olti yoshdan o‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan kichik yoshdagi bolalar quyidagilarni mustaqil ravishda amalga oshirishga haqlidirlar:
1) mayda maishiy bitimlar;
2) tekin manfaat ko‘rishga qaratilgan, notarial tasdiqlashni yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni talab qilmaydigan bitimlar;
3) qonuniy vakil yoki uning roziligi bilan uchinchi shaxs tomonidan muayyan maqsad yoki erkin tasarruf etish uchun berilgan mablag‘larni tasarruf etish borasidagi bitimlar.
Kichik yoshdagi bolaning bitimlari bo‘yicha, shu jumladan o‘zi mustaqil tuzgan bitimlar bo‘yicha uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki vasiyi, agar ular majburiyatning buzilishida o‘zlarining ayblari yo‘qligini isbotlay olmasalar, mulkiy javobgar bo‘ladilar. Ushbu shaxslar qonunga muvofiq kichik yoshdagi bolalar yetkazgan zarar uchun ham javobgar bo‘ladilar.
30-modda. Fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi oqibatida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaroni sud qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topishi mumkin va bunday fuqaroga vasiylik belgilanadi.
Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro nomidan bitimlarni uni vasiyi amalga oshiradi.
Fuqaroning muomalaga layoqatsiz deb topilishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud uni muomalaga layoqatli deb topadi va unga belgilangan vasiylikni bekor qiladi.
31-modda. Fuqaroning muomala layoqatini cheklash
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunchiligida belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin. Unga homiylik belgilanadi. Bunday fuqaro mayda maishiy bitimlarni mustaqil tuzish huquqiga ega. U boshqa bitimlarni homiyning roziligi bilangina tuzishi, shuningdek ish haqi, pensiya va boshqa daromadlar olishi hamda ularni tasarruf etishi mumkin. Biroq bunday fuqaro o‘zi tuzgan bitimlar bo‘yicha va yetkazgan zarari uchun mustaqil ravishda mulkiy javobgar bo‘ladi.
Fuqaroning muomala layoqati cheklanishiga sabab bo‘lgan asoslar bekor bo‘lsa, sud uning muomala layoqatini cheklashni bekor qiladi. Fuqaroga belgilangan homiylik sud qarori asosida bekor qilinadi.
32-modda. Vasiylik va homiylik
Vasiylik va homiylik muomalaga layoqatsiz yoki muomalaga to‘liq layoqatli bo‘lmagan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi. Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularni tarbiyalash maqsadida ham belgilanadi. Vasiylar va homiylarning bunga tegishli huquq va burchlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Vasiylar va homiylar o‘z himoyalaridagi shaxslarning huquq va manfaatlarini har qanday shaxslar bilan munosabatlarda, shu jumladan, sudlarda ham maxsus vakolatsiz himoya qiladilar.
Voyaga yetmaganlarga vasiylik va homiylik ularning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari bo‘lmagan, ota-onasi sud tomonidan ota-onalik huquqlaridan mahrum qilingan taqdirda, shuningdek bunday fuqarolar boshqa sabablarga ko‘ra ota-ona himoyasidan mahrum bo‘lib qolgan, xususan, ota-ona ularni tarbiyalashdan yoxud ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bo‘yin tovlagan hollarda belgilanadi.
33-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish
Agar fuqaroning qayerdaligi haqida uning yashash joyida bir yil davomida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud bu fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topishi mumkin.
Yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar olingan kunni aniqlash mumkin bo‘lmasa, bedarak yo‘qolgan deb hisoblash muddati yo‘qolgan shaxs to‘g‘risida oxirgi ma’lumotlar olingan oydan keyingi oyning birinchi kunidan, bu oyni belgilash mumkin bo‘lmagan taqdirda esa —keyingi yilning birinchi yanvaridan boshlanadi.
34-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish oqibatlari
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaroning mol-mulkini doimiy suratda boshqarib turish zarur bo‘lsa, bu mol-mulk sudning qaroriga muvofiq vasiylik va homiylik organi tomonidan belgilanadigan va ushbu organ bilan tuziladigan ishonchli boshqaruv to‘g‘risidagi shartnoma asosida ish olib boradigan shaxsga topshiriladi.
Ushbu mol-mulkdan bedarak yo‘qolgan shaxs qonunga muvofiq boqishi kerak bo‘lgan fuqarolarga ta’minot beriladi va uning soliqlar va boshqa majburiyatlar bo‘yicha qarzlari to‘lanadi.
Vasiylik va homiylik organi yo‘qolgan fuqaroning qayerdaligi to‘g‘risida ma’lumot olingan kundan boshlab bir yil o‘tganga qadar ham uning mol-mulkini muhofaza qiluvchi shaxsni belgilashi mumkin.
Shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topishning ushbu moddada nazarda tutilmagan oqibatlari qonun bilan belgilanadi.
35-modda. Fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorning bekor qilinishi
Bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro qaytib kelgan yoki uning turar joyi aniqlangan taqdirda, sud uni bedarak yo‘qolgan deb topish haqidagi qarorni bekor qiladi. Sudning qarori asosida fuqaroning mol-mulkini boshqarish bekor qilinadi.
36-modda. Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish
Agar fuqaroning qayerda turganligi haqida uning yashash joyida uch yil mobaynida ma’lumot bo‘lmasa, basharti u o‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan bo‘lib, uning qayerdaligi haqida olti oy mobaynida ma’lumotlar bo‘lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin.
Harbiy harakatlar munosabati bilan bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchi yoki boshqa fuqaro harbiy harakatlar tamom bo‘lgan kundan e’tiboran kamida ikki yil o‘tgandan keyin sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi mumkin.
Sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan kun vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning o‘lgan kuni deb hisoblanadi. O‘lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo‘lgan deb taxmin qilish uchun asos bo‘ladigan vaziyatlarda bedarak yo‘qolgan fuqaro vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda, sud uning taxmin qilingan halokat kunini ushbu fuqaroning o‘lgan kuni deb topishi mumkin.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish bunday fuqaroning huquq va burchlari borasida uning o‘limi olib kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni vujudga keltiradi.
37-modda. Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelishining oqibatlari
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaro qaytib kelgan yoki uning qayerda turganligi ma’lum bo‘lgan taqdirda, uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinadi.
Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin u har qanday shaxsdan bu shaxsga bepul o‘tib qolgan mavjud mol-mulkini o‘ziga qaytarib berishni uch yil mobaynida sud orqali talab qilishga haqli, ushbu Kodeksning 229-moddasi ikkinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulki uning vorislari tomonidan uchinchi shaxslarga sotilgan bo‘lib, bu shaxslar xarid narxini fuqaro qaytib kelgan paytgacha batamom to‘lamagan bo‘lsalar, bu holda to‘lanmagan summani talab qilish huquqi qaytib kelgan fuqaroga o‘tadi.
Vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning mol-mulkini haq to‘lashni nazarda tutadigan bitimlar asosida olgan shaxslar mol-mulkni vafot etgan deb e’lon qilingan fuqaroning tirikligini bila turib sotib olganliklari isbotlansa, ular fuqaroga bu mol-mulkni qaytarib berishlari shart. Bunday mol-mulkni asli holida qaytarib berishning imkoni bo‘lmasa, uning qiymati to‘lanadi.
Agar vafot etgan deb e’lon qilingan shaxsning mol-mulki meros huquqi bo‘yicha davlatga o‘tgan va sotib yuborilgan bo‘lsa, fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qaror bekor qilinganidan keyin unga mol-mulkni sotishdan tushgan pul qaytarib beriladi.
38-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish
Quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak:
1) tug‘ilish;
2) o‘lim;
3) nikoh tuzilganligi;
4) nikohdan ajralish.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish fuqarolik holati hujjatlarini yozish organlari tomonidan fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish daftariga (hujjatlar daftariga) tegishli yozuvlarni kiritish hamda shu yozuvlar asosida fuqarolarga guvohnomalar berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish, jinsning o‘zgartirilishi kabi voqea va faktlar ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan fuqarolik holati hujjatlarida ularga tegishli o‘zgartishlar kiritish yo‘li bilan ifodalanadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini tuzatish va o‘zgartirish yetarli asoslar bo‘lsa hamda manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lmasa, fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan amalga oshiriladi.
Manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi yozuvni tuzatish yoki o‘zgartirishni rad etsa, nizo sud tomonidan hal qilinadi.
Fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini bekor qilish va tiklash fuqarolik holati hujjatlarini yozish organi tomonidan, manfaatdor shaxslar o‘rtasida nizo bo‘lsa yoki fuqarolik holati hujjatlaridagi yozuvlarda jiddiy tafovutlar bo‘lsa — sud qarori asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolik holati hujjatlarini qayd etuvchi organlar, bu hujjatlarni qayd etish tartibi, fuqarolik holati hujjatlari yozuvlarini o‘zgartirish, tiklash va bekor qilish tartibi, hujjat daftarlari va guvohnomalarning shakllari, shuningdek hujjatlar daftarlarini saqlash tartibi va muddatlarini belgilovchi organlar qonunchilik bilan belgilanadi.
4-BOB
YuRIDIK ShAXSLAR
1-§. Umumiy qoidalar
39-modda. Yuridik shaxs tushunchasi
O‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilot yuridik shaxs hisoblanadi.
Yuridik shaxslar mustaqil balans yoki smetaga ega bo‘lishlari kerak.
40-modda. Yuridik shaxslarning turlari
Foyda olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olgan (tijoratchi tashkilot) yoki foyda olishni ana shunday maqsad qilib olmagan tashkilot (tijoratchi bo‘lmagan tashkilot) yuridik shaxs bo‘lishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs xo‘jalik shirkati va jamiyati, ishlab chiqarish kooperativi, unitar korxona va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tuzilishi mumkin.
Tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs jamoat birlashmasi, ijtimoiy fond va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasa shaklida, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqacha shaklda tashkil etilishi mumkin.
Tijoratchi bo‘lmagan tashkilot o‘zining ustavda belgilangan maqsadlariga mos keladigan doiralarda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin.
Yuridik shaxslar uyushmalar (ittifoqlar)ga va boshqa birlashmalarga Qonunga muvofiq birlashishlari mumkin.
Yuridik shaxs ushbu Kodeks, boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek ustav va boshqa ta’sis hujjatlari asosida ish olib boradi.
41-modda. Yuridik shaxsning huquq layoqati
Yuridik shaxs o‘zining ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyati maqsadlariga muvofiq fuqarolik huquq layoqatiga ega bo‘ladi.
Yuridik shaxsning huquq layoqati u tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi (ushbu Kodeks 44-moddasining to‘rtinchi qismi) va uni tugatish yakunlangan paytdan e’tiboran tugatiladi (ushbu Kodeks 55-moddasining o‘ninchi qismi).
Yuridik shaxsning maxsus huquq layoqati uning ustavi, nizomi yoki qonunchilik bilan belgilanadi.
Yuridik shaxs qonun hujjatida ro‘yxati belgilab qo‘yilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shug‘ullanishi mumkin.
Yuridik shaxsning huquqlari qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina cheklanishi mumkin. Yuridik shaxsning huquqlarini cheklash haqidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
42-modda. Yuridik shaxslarning vujudga kelishi
Yuridik shaxslar mulkdor yoki u vakil qilgan shaxs tomonidan yoxud vakolatli organning farmoyishi asosida, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda tashkil etiladi.
Mulkdorlar, xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi subyektlari yoxud ular vakil qilgan shaxslar yuridik shaxslarning muassislari hisoblanadi.
43-modda. Yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari
Yuridik shaxs ustav asosida yoki ta’sis shartnomasi va ustav asosida yoxud faqat ta’sis shartnomasi asosida ish olib boradi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda tijoratchi tashkilot bo‘lmagan yuridik shaxs shu turdagi tashkilotlar haqidagi nizom asosida ish olib borishi mumkin.
Yuridik shaxsning ta’sis shartnomasi uning muassislari tomonidan tuziladi, ustavi esa — tasdiqlanadi.
Ushbu Kodeksga muvofiq bir muassis tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs shu muassis tasdiqlagan ustav asosida ish olib boradi.
Yuridik shaxsning ustavi va boshqa ta’sis hujjatlarida yuridik shaxsning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), yuridik shaxs faoliyatini boshqarish tartibi belgilab qo‘yilishi, shuningdek ularda tegishli turdagi yuridik shaxslar to‘g‘risida qonunda nazarda tutilgan boshqa ma’lumotlar bo‘lishi kerak. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar va unitar korxonalarning, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, boshqa tijoratchi tashkilotlarning ham ta’sis hujjatlarida yuridik shaxs faoliyatining sohasi va maqsadlari belgilab qo‘yilgan bo‘lishi kerak.
Ta’sis shartnomasida taraflar (muassislar) yuridik shaxs tashkil etish majburiyatini oladilar, uni tashkil etish sohasida birgalikda faoliyat ko‘rsatish tartibini, unga o‘z mol-mulklarini berish hamda uning faoliyatida ishtirok etish shartlarini belgilaydilar. Shartnomada foyda va zararlarni ishtirokchilar o‘rtasida taqsimlash, yuridik shaxs faoliyatini boshqarish, muassislarning uning tarkibidan chiqish shartlari va tartibi ham belgilab qo‘yiladi. Ta’sis shartnomasiga muassislarning kelishuviga muvofiq boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
Ta’sis hujjatlaridagi o‘zgartishlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab, qonunda belgilangan hollarda esa — davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organ ana shunday o‘zgartishlar haqida xabardor qilingan paytdan boshlab uchinchi shaxslar uchun kuchga ega bo‘ladi. Yuridik shaxslar va ularning muassislari mazkur o‘zgartishlarni hisobga olib ish yuritgan uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda ana shunday o‘zgartishlar ro‘yxatga olinmaganligini vaj qilib ko‘rsatishga haqli emaslar.
44-modda. Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Yuridik shaxs qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi ma’lumotlar barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq bo‘lgan yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritiladi.
Yuridik shaxsni tashkil etishning qonunda belgilab qo‘yilgan tartibini buzish yoki uning ta’sis hujjatlari qonunga mos kelmasligi yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning rad etilishiga sabab bo‘ladi. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning xabardor qilish tartibi belgilangan yuridik shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi. Yuridik shaxsni tashkil etish maqsadga muvofiq emas degan vaj bilan uni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish, shuningdek ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzish ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs qonunda belgilangan hollardagina qayta ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
45-modda. Yuridik shaxsning organlari
Yuridik shaxs qonunchilikka va ta’sis hujjatlariga muvofiq ish olib boradigan o‘z organlari orqali fuqarolik huquqlariga ega bo‘ladi va o‘z zimmasiga fuqarolik burchlarini oladi. Yuridik shaxs organlarini tayinlash yoki saylash tartibi qonunchilik va ta’sis hujjatlari bilan belgilanadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxs o‘z ishtirokchilari orqali fuqarolik huquqlariga ega bo‘lishi va fuqarolik burchlarini o‘z zimmasiga olishi mumkin.
Qonunga yoki yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga muvofiq yuridik shaxs nomidan ish olib boradigan shaxs o‘zi vakili bo‘lgan yuridik shaxs manfaatlari yo‘lida halol va oqilona ish olib borishi kerak. U yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari, a’zolari) talabi bilan, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yuridik shaxsga yetkazgan zararini to‘lashi shart.
46-modda. Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri
Yuridik shaxs o‘zining tashkiliy-huquqiy shaklini bildiradigan nomiga ega bo‘ladi. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar, unitar korxonalarning nomlari, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa — boshqa tijoratchi tashkilotlarning ham nomlari yuridik shaxs faoliyatining xususiyatini ko‘rsatishi kerak.
Yuridik shaxsning nomiga to‘la yoki qisqartirilgan rasmiy nomni (davlatning nomini) kiritishga, yuridik shaxs hujjatlarining rekvizitlariga yoki reklama materiallariga ana shunday nomni yoxud davlat ramzlari elementlarini qo‘shishga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati belgilaydigan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
Yuridik shaxsning joylashgan yeri, agar qonunga muvofiq yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joy bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxs o‘zi bilan bo‘ladigan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga ega bo‘lishi lozim hamda o‘zining pochta manzili o‘zgarganligi to‘g‘risida vakolatli davlat organlarini xabardor etishi shart.
Yuridik shaxsning nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) uning ta’sis hujjatlarida ko‘rsatiladi.
Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs o‘z firma nomiga ega bo‘lishi lozim.
Yuridik shaxs o‘z firmasining nomidan foydalanish mutlaq huquqiga egadir.
O‘zga firma nomidan g‘ayriqonuniy suratda foydalanayotgan shaxs firma nomiga egalik qilish huquqi bo‘lgan shaxsning talabi bilan undan foydalanishni to‘xtatishi hamda yetkazilgan zararlarni to‘lashi lozim.
47-modda. Vakolatxonalar va filiallar
Vakolatxona yuridik shaxsning u turgan erdan tashqarida joylashgan, yuridik shaxs manfaatlarini ifodalaydigan va ularni himoya qiladigan alohida bo‘linmasidir.
Filial yuridik shaxsning u turgan erdan tashqarida joylashgan hamda uning barcha vazifalarini yoki vazifalarining bir qismini, shu jumladan vakolatxona vazifalarini bajaradigan alohida bo‘linmasidir.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, vakolatxona va filiallar yuridik shaxs hisoblanmaydi. Ular o‘zlarini tashkil etgan yuridik shaxs tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadilar hamda u tasdiqlagan nizomlar asosida ish olib boradilar. Vakolatxona va filiallarning rahbarlari yuridik shaxs tomonidan tayinlanadi hamda uning ishonchnomasi asosida ish olib boradi.
48-modda. Yuridik shaxsning javobgarligi
Yuridik shaxs o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Davlat korxonasi va mulkdor tomonidan moliyaviy ta’minlanadigan muassasa o‘z majburiyatlari bo‘yicha ushbu Kodeks 72-moddasi beshinchi qismida hamda 76-moddasi uchinchi qismida nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida javob beradilar.
Yuridik shaxsning muassisi (ishtirokchisi) yoki uning mol-mulkining mulkdori yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs, shuningdek qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, yuridik shaxs esa muassisning (ishtirokchining) yoki mulkdorning yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, bundan ushbu Kodeksda yoki yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi shu yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalarni berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) sifatidagi shaxsning yoki yuridik shaxs mol-mulki mulkdorining yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxsning yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxsning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli vujudga keltirilgan bo‘lsa, yuridik shaxsning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda bunday shaxs zimmasiga qonunga muvofiq uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin.
Muassis (ishtirokchi) yoki yuridik shaxs mol-mulkining mulkdori shu yuridik shaxsning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan taqdirdagina majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega.
Yuridik shaxs uchun majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan muassis (ishtirokchi) yoki mulkdor yoxud yuridik shaxsning boshqaruv organi tarkibiga kiruvchi shaxs yoki qarzdorning ishlarini boshqaruvchi shaxs yuridik shaxsning muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolishini oldindan bilib, o‘z huquqidan uning shunday harakatni amalga oshirishini ko‘zlab foydalangan holdagina yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi ular tomonidan vujudga keltirilgan deb hisoblanadi.
49-modda. Yuridik shaxsni qayta tashkil etish
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) uning muassislari (ishtirokchilari) yoki ta’sis hujjatlarida shunga vakil qilingan yuridik shaxs organi qaroriga muvofiq amalga oshirilishi mumkin.
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxsni bo‘lish yoki uning tarkibidan bir yoxud bir necha yuridik shaxsni ajratib chiqarish shaklida uni qayta tashkil etish vakil qilingan davlat organlarining qarori bilan yoxud sud qarori bilan amalga oshiriladi.
Agar yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari), ular vakil qilgan organ yoki yuridik shaxsning o‘z ta’sis hujjatlari bilan qayta tashkil etishga vakil qilingan organi yuridik shaxsni vakolatli davlat organining qarorida belgilangan muddatda qayta tashkil etmayotgan bo‘lsa, sud mazkur davlat organining da’vosi bo‘yicha yuridik shaxsning boshqaruvchisini tayinlaydi va unga ushbu yuridik shaxsni qayta tashkil etishni topshiradi. Boshqaruvchi tayinlangan paytdan boshlab unga yuridik shaxsning ishlarini boshqarish vakolatlari o‘tadi. Boshqaruvchi sudda yuridik shaxs nomidan harakat qiladi, taqsimlash balansini tuzadi va uni yuridik shaxslarni qayta tashkil etish natijasida vujudga keladigan ta’sis hujjatlari bilan birga ko‘rib chiqish uchun sudga topshiradi. Sudning ushbu hujjatlarni tasdiqlashi yangidan vujudga kelayotgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘ladi.
Qonunda belgilangan hollarda yuridik shaxslarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish yoki o‘zgartirish shaklida qaytadan tashkil etish vakolatli davlat organlarining roziligi bilangina amalga oshirilishi mumkin.
Qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etish hollarini istisno qilganda, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
Yuridik shaxs unga boshqa yuridik shaxsni qo‘shib olish shaklida qayta tashkil etilganida qo‘shib olingan yuridik shaxsning faoliyati to‘xtatilgani haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritilgan paytdan boshlab yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hisoblanadi.
50-modda. Yuridik shaxslarni qayta tashkil etishda huquqiy vorislik
Yuridik shaxslar qo‘shib yuborilganida ulardan har birining huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga o‘tadi.
Yuridik shaxs boshqa yuridik shaxsga qo‘shilganida, bu yuridik shaxsga qo‘shilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq o‘tadi.
Yuridik shaxs bo‘lingan taqdirda uning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarga o‘tadi.
Yuridik shaxs tarkibidan bir yoki bir necha yuridik shaxs ajralib chiqqanida qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari taqsimlash balansiga muvofiq ularning har biriga o‘tadi.
Bir turdagi yuridik shaxs boshqa turdagi yuridik shaxsga aylantirilganida (tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgartirilganida), qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquq va burchlari topshirish hujjatiga muvofiq yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsga o‘tadi.
51-modda. Topshirish hujjati va taqsimlash balansi
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar bo‘yicha ham, huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Topshirish hujjati va taqsimlash balansi yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) tomonidan yoki yuridik shaxslarni qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan organ tomonidan tasdiqlanadi hamda ta’sis hujjatlari bilan birga yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish yoki mavjud yuridik shaxslarning ta’sis hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish uchun taqdim etiladi.
Ta’sis hujjatlari bilan birga tegishincha topshirish hujjatini yoki taqsimlash balansini taqdim etmaslik, shuningdek ularda qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarning yo‘qligi yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning rad etilishiga olib keladi.
52-modda. Yuridik shaxs qayta tashkil etilganida kreditorlar huquqlarining kafolatlari
Yuridik shaxsni qayta tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditorlarini bu haqda yozma ravishda xabardor qilishlari shart.
Qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsning kreditori shu yuridik shaxsning qarzdor bo‘lishiga olib kelgan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni hamda zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, yangidan vujudga kelgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning o‘z kreditorlari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.
53-modda. Yuridik shaxsni tugatish
Yuridik shaxsni tugatish uning huquq va burchlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tmasdan bekor qilinishiga olib keladi.
Yuridik shaxs quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
uning muassislari (ishtirokchilari)ning yoki ta’sis hujjatlari bilan tugatishga vakolat berilgan yuridik shaxs organining qaroriga muvofiq, shu jumladan yuridik shaxsning amal qilish muddati tugashi, uni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga erishilganligi munosabati bilan yoki yuridik shaxsni tashkil qilish chog‘ida qonunchilik buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi sababli, agar bu buzilishlarni bartaraf etib bo‘lmasa, sud yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topganida;
faoliyat litsenziyasiz, faoliyat (harakatlar) ruxsatnomasiz yoxud vakolatli organni xabardor qilmasdan amalga oshirilgan yoki qonunda taqiqlangan faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa hollarda sudning qaroriga ko‘ra.
moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran uch yil ichida faoliyat tiklanmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra, bundan nodavlat notijorat tashkilotlari mustasno.
Sudning yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qarorida uning muassislari (ishtirokchilari) yoxud yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan uni tugatishga vakil qilingan organ zimmasiga yuridik shaxsni tugatishni amalga oshirish vazifasi yuklatilishi mumkin.
54-modda. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan shaxsning burchlari
Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ bu haqda yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga darhol yozma xabar berishlari kerak, davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ yuridik shaxs tugatish jarayonida ekanligi haqidagi ma’lumotlarni yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yadi.
Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tugatuvchini — tugatish komissiyasini yoki jismoniy shaxsni tayinlaydilar hamda ushbu Kodeksga muvofiq tugatish tartibi va muddatini belgilaydilar. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatuvchi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan boshlab yuridik shaxsning ishlarini boshqarish bo‘yicha vakolatlar tugatuvchiga o‘tadi. Tugatuvchi tugatilayotgan yuridik shaxs nomidan sudda ishtirok etadi.
55-modda. Yuridik shaxsni tugatish tartibi
Tugatuvchi yuridik shaxsning tugatilishi haqida ommaviy axborot vositalarida e’lon beradi. Yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik subyektini ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risidagi e’lon ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi e’londa uning kreditorlari talablarini bildirish tartibi va muddatlari ko‘rsatiladi. Bu muddat tugatish to‘g‘risidagi e’lon chiqqan paytdan e’tiboran ikki oydan kam bo‘lmasligi kerak.
Tugatuvchi kreditorlarni aniqlash va debitorlik qarzini olish choralarini ko‘radi, shuningdek kreditorlarni yuridik shaxs tugatilishi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
Kreditorlar tomonidan talablarni qo‘yish uchun belgilangan muddat tamom bo‘lganidan keyin tugatuvchi oraliq tugatish balansini tuzadi, bu balans tugatilayotgan yuridik shaxs mol-mulkining tarkibi, kreditorlar qo‘ygan talablar ro‘yxati, shuningdek ularni qarab chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Oraliq tugatish balansi yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tomonidan tasdiqlanadi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, oraliq tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Agar tugatilayotgan yuridik shaxs (muassasalardan tashqari) ixtiyoridagi pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, tugatuvchi yuridik shaxsning mol-mulkini kimoshdi savdosi orqali sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotadi.
Tugatilayotgan yuridik shaxs kreditorlariga pul summalarini to‘lash tugatuvchi tomonidan ushbu Kodeksning 56-moddasida belgilab qo‘yilgan navbat tartibida, oraliq tugatish balansiga muvofiq, u tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshiriladi.
Kreditorlar bilan hisob-kitob qilish tugaganidan keyin tugatuvchi tugatish balansini tuzadi, uni yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan yuridik shaxs muassislari (ishtirokchilari) yoki organ tasdiqlaydi. Yuridik shaxsni tugatish to‘g‘risidagi qaror sud tomonidan qabul qilingan taqdirda, tugatish balansi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
Tugatilayotgan davlat korxonasining mol-mulki, tugatilayotgan muassasaning esa — pul mablag‘lari kreditorlarning talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmasa, kreditorlar o‘z talablarining qolgan qismini ushbu korxona yoki muassasa mulkdori hisobidan qondirish to‘g‘risida sudga da’vo bilan murojaat qilish huquqiga egadirlar.
Yuridik shaxsning kreditorlar talablari qondirilganidan keyin qolgan mol-mulki uning shu mol-mulkka ashyoviy huquqlarga yoki ushbu yuridik shaxsga nisbatan majburiy huquqlarga ega bo‘lgan muassislariga (ishtirokchilariga), agar qonunchilikda o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, topshiriladi.
Moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalarni tugatish, shuningdek ularni muassislari yo‘qligida tugatish taomili va xususiyatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Yuridik shaxsning tugatilishi haqidagi yozuv yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga kiritib qo‘yilganidan so‘ng yuridik shaxsni tugatish tamomlangan, yuridik shaxsning faoliyati esa tugagan hisoblanadi.
56-modda. Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish
Yuridik shaxs tugatilayotganida birinchi navbatda fuqarolarning mehnatga oid huquqiy munosabatlaridan kelib chiqadigan, alimentlarni undirishdan va mualliflik shartnomalari bo‘yicha mukofot to‘lash haqidagi talablari, shuningdek hayotiga yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazganligi uchun tugatilayotgan yuridik shaxs javobgar bo‘lgan fuqarolarning talablari ham tegishli vaqtbay to‘lovlarni kapitallashtirish yo‘li bilan qanoatlantiriladi.
Boshqa kreditorlarning talablari qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda qanoatlantiriladi.
57-modda. Yuridik shaxsning to‘lovga qobiliyatsizligi
Tijoratchi tashkilot bo‘lgan yuridik shaxs, shuningdek matlubot kooperativi yoki ijtimoiy fond shaklida ish olib borayotgan yuridik shaxs pul majburiyatlari bo‘yicha kreditorlarning talablarini to‘la hajmida qanoatlantirishga va (yoki) soliqlar hamda yig‘imlar bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga qodir bo‘lmasa, sud tomonidan to‘lovga qobiliyatsiz deb topilishi mumkin.
Yuridik shaxsni to‘lovga qobiliyatsiz deb topishning asoslari, tartibi va oqibatlari qonunda belgilanadi.
2-§. Tijorat tashkilotlari
58-modda. Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari to‘g‘risidagi asosiy qoidalar
Ulushlarga (qo‘shilgan hissalarga) yoki muassislarning (ishtirokchilarning) aksiyalariga bo‘lingan ustav fondi (ustav kapitali)ga ega bo‘lgan tijoratchi tashkilotlar xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari hisoblanadi. Muassislar (ishtirokchilar) qo‘shgan hissalar yoki ular sotib olgan aksiyalar hisobiga vujudga keltirilgan, shuningdek xo‘jalik shirkati yoki jamiyati o‘z faoliyati jarayonida ishlab chiqargan va sotib olgan mol-mulk mulk huquqi asosida unga tegishlidir.
Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari to‘liq shirkat, kommandit shirkat, mas’uliyati cheklangan yoki qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat, aksiyadorlik jamiyati shaklida tuzilishi mumkin.
Yakka tadbirkorlar va (yoki) tijoratchi tashkilotlar to‘liq shirkatlarning ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarda to‘liq sheriklar bo‘lishlari mumkin.
Fuqarolar va yuridik shaxslar xo‘jalik jamiyatlarida ishtirokchilar va kommandit shirkatlarda hissa qo‘shuvchilar bo‘lishlari mumkin.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, davlat hokimiyati organlari xo‘jalik jamiyatlarining ishtirokchilari hamda kommandit shirkatlarga hissa qo‘shuvchilar bo‘lishga haqli emaslar.
Mulkdorlar tomonidan moliyaviy ta’minlab turiladigan muassasalar, qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, mulkdorning roziligi bilan xo‘jalik jamiyatlarining ishtirokchilari va kommandit shirkatlarga hissa qo‘shuvchilar bo‘lishlari mumkin.
Qonun ayrim toifadagi fuqarolarning xo‘jalik shirkatlarida va jamiyatlarida ishtirok etishini taqiqlab yoki cheklab qo‘yishi mumkin, aksiyadorlik jamiyatlari bundan mustasno.
Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari boshqa xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarining muassislari (ishtirokchilari) bo‘lishlari mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xo‘jalik shirkati yoki jamiyatining mol-mulkiga pul, qimmatli qog‘ozlar, pul bilan baholanadigan boshqa buyumlar yoki mulkiy huquqlar yoxud boshqa shaxsga o‘tkaziladigan o‘zga huquqlar hissa sifatida qo‘shilishi mumkin.
Xo‘jalik jamiyati ishtirokchisining qo‘shgan hissasini pul bilan baholash jamiyatning muassislari (ishtirokchilari) o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq amalga oshiriladi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa — baholovchi tashkilot tomonidan baholanishi kerak.
Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari (aksiyadorlik jamiyatidan tashqari) aksiyalar chiqarishga haqli emas.
59-modda. Xo‘jalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining huquq va burchlari
Xo‘jalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari quyidagilarga haqlidirlar:
shirkatning yoki jamiyatning ishlarini boshqarishda qatnashish, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
ta’sis hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda shirkatning yoki jamiyatning faoliyati to‘g‘risida axborot olish hamda uning buxgalteriya daftarlari va boshqa hujjatlari bilan tanishish;
foydani taqsimlashda qatnashish;
shirkat yoki jamiyat tugatilgan taqdirda, kreditorlar bilan hisob-kitob qilinganidan keyin qolgan mol-mulkning bir qismini yoki uning qiymatini olish.
Xo‘jalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda, shirkat yoki jamiyatning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
Xo‘jalik shirkati yoki jamiyatining ishtirokchilari:
ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, miqdorda, usullarda va muddatlarda hissa qo‘shishlari;
shirkat yoki jamiyatning faoliyati to‘g‘risidagi maxfiy axborotni oshkor qilmasliklari shart.
Xo‘jalik shirkati yoki jamiyati ishtirokchilarining shirkat yoki jamiyat ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa burchlari ham bo‘lishi mumkin.
60-modda. To‘liq shirkat
Ishtirokchilari o‘z o‘rtalarida tuzilgan shartnomaga muvofiq shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan hamda uning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradigan shirkat to‘liq shirkat hisoblanadi.
Shaxs faqat bitta to‘liq shirkatning ishtirokchisi bo‘lishi mumkin.
To‘liq shirkatning firma nomi uning barcha ishtirokchilarining nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “to‘liq shirkat” degan so‘zlarni, yoxud bir yoki bir necha ishtirokchining “va kompaniya” degan so‘zlar qo‘shilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “to‘liq shirkat” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
61-modda. Kommandit shirkat
Shirkat nomidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradigan hamda shirkatning majburiyatlari bo‘yicha o‘zlarining butun mol-mulklari bilan javob beradigan ishtirokchilar (to‘liq sheriklar) bilan bir qatorda shirkat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar doirasida javobgar bo‘ladigan hamda shirkat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qatnashmaydigan bir yoki bir necha ishtirokchi (hissa qo‘shuvchi, kommanditchi) mavjud bo‘lsa, bunday shirkat kommandit shirkat hisoblanadi.
Kommandit shirkatda qatnashayotgan to‘liq sheriklarning huquqlari va ularning shirkat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi ushbu Kodeksning qoidalari bilan belgilanadi.
Shaxs faqat bitta kommandit shirkatda to‘liq sherik bo‘lishi mumkin.
To‘liq shirkat ishtirokchisi kommandit shirkatda to‘liq sherik bo‘la olmaydi.
Kommandit shirkatdagi to‘liq sherik o‘sha shirkatning o‘zida hissa qo‘shuvchi va boshqa to‘liq shirkatda ishtirokchi bo‘lishi mumkin emas.
Kommandit shirkatning firma nomi barcha to‘liq sheriklarning nomlari (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan so‘zlarni yoki kamida bitta to‘liq sherikning “va kompaniya” degan so‘zlar qo‘shilgan nomi (nomlanishi)ni, shuningdek “kommandit shirkat” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Agar kommandit shirkatning firma nomiga hissa qo‘shuvchining nomi kiritilgan bo‘lsa, bunday hissa qo‘shuvchi to‘liq sherikka aylanadi.
Kommandit shirkatga to‘liq shirkat haqidagi qoidalar qo‘llaniladi, agar bu hol ushbu Kodeksning qoidalariga zid bo‘lmasa.
62-modda. Mas’uliyati cheklangan jamiyat
Mas’uliyati cheklangan jamiyat deb bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan miqdorlardagi ulushlarga bo‘lingan jamiyat tan olinadi. Mas’uliyati cheklangan jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlari qo‘shgan hissalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
Jamiyatning o‘z hissasini to‘la qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismining qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “mas’uliyati cheklangan” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Mas’uliyati cheklangan jamiyatning huquqiy mavqeyi, uning ishtirokchilarining huquq va burchlari ushbu Kodeks hamda boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
63-modda. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat
Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi ta’sis hujjatlarida belgilangan miqdorlardagi ulushlarga bo‘lingan jamiyat qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat hisoblanadi. Bunday jamiyatning ishtirokchilari uning majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulklari bilan qo‘shgan hissalari qiymatiga nisbatan hamma uchun bir xil bo‘lgan, jamiyatning ta’sis hujjatlarida belgilanadigan karrali miqdorda solidar tarzda subsidiar javobgar bo‘ladilar. Ishtirokchilardan biri to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganida uning jamiyat majburiyatlari bo‘yicha javobgarligi, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida javobgarlikni taqsimlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa ishtirokchilar o‘rtasida ularning qo‘shgan hissalariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatning firma nomi jamiyatning nomini, shuningdek “qo‘shimcha mas’uliyatli” degan so‘zlarni o‘z ichiga olishi kerak.
Ushbu Kodeksning mas’uliyati cheklangan jamiyat haqidagi qoidalari, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatga nisbatan qo‘llaniladi.
64-modda. Aksiyadorlik jamiyati
Ustav fondi muayyan aksiyalar soniga bo‘lingan jamiyat aksiyadorlik jamiyati hisoblanadi; aksiyadorlik jamiyatining ishtirokchilari (aksiyadorlar) uning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar va jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zarar uchun o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar.
Aksiyalar haqini batamom to‘lamagan aksiyadorlar aksiyadorlik jamiyatining majburiyatlari bo‘yicha o‘zlariga qarashli aksiyalar qiymatining to‘lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo‘ladilar.
Aksiyadorlik jamiyatining firma nomida jamiyatning nomi hamda bu jamiyat aksiyadorlik jamiyati ekanligi o‘z ifodasini topishi kerak.
Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy mavqeyi hamda aksiyadorlarning huquq va burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
67-modda. Shu’ba xo‘jalik jamiyati
Agar bir (asosiy) xo‘jalik jamiyati yoki shirkati ikkinchi xo‘jalik jamiyatining ustav fondida undan ustunlik mavqeyiga ega bo‘lgan holda ishtirok etishi tufayli yoxud ular o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq yo bo‘lmasa boshqacha tarzda ikkinchi xo‘jalik jamiyati tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni belgilab berish imkoniga ega bo‘lsa, ushbu ikkinchi xo‘jalik jamiyati shu’ba xo‘jalik jamiyati hisoblanadi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyati o‘z mulkida o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan shu’ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati (shirkati) ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas.
Shu’ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati (shirkati)ning qarzlari bo‘yicha javob bermaydi.
Asosiy jamiyat (shirkat) aybi bilan shu’ba xo‘jalik jamiyati to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan taqdirda, asosiy jamiyat (shirkat) uning qarzlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi.
Shu’ba xo‘jalik jamiyati ishtirokchilari (aksiyadorlari) asosiy jamiyatdan (shirkatdan) uning aybi bilan shu’ba jamiyatga yetkazilgan zararni to‘lashni, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, talab qilishga haqli.
68-modda. Qaram xo‘jalik jamiyati
Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat xo‘jalik jamiyatiga qarashli ovoz beradigan aksiyalarning (ulushning) yigirma foizidan ko‘prog‘iga ega bo‘lsa, bunday xo‘jalik jamiyati qaram jamiyat deb hisoblanadi.
Qaram xo‘jalik jamiyati yuridik shaxs hisoblanadi.
Qaram xo‘jalik jamiyati o‘z mulkida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlarni olgan qaram xo‘jalik jamiyati ishtirok etuvchi boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas.
Xo‘jalik jamiyatida ishtirok etuvchi boshqa jamiyat qaram jamiyat ustav fondining tegishli qismini qo‘lga kiritib olganligi haqidagi ma’lumotlarni qonunda nazarda tutilgan tartibda darhol e’lon qilishi shart.
Xo‘jalik jamiyatlari bir-birlarining ustav fondlarida o‘zaro qatnashishining chegarasi va bunday jamiyatlardan biri boshqa jamiyat ishtirokchilari yoki aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida foydalanishi mumkin bo‘lgan ovozlar soni qonunda belgilab qo‘yiladi.
69-modda. Ishlab chiqarish kooperativlari
Fuqarolarning shaxsiy ishtirok etish hamda a’zolarning (ishtirokchilarning) mulk bilan qo‘shiladigan pay badallarini birlashtirish asosida birgalikda ishlab chiqarish yoki boshqa xo‘jalik faoliyatini olib borish uchun a’zolik negizidagi ixtiyoriy birlashmasi ishlab chiqarish kooperativi hisoblanadi. Qonunda va ishlab chiqarish kooperativining ta’sis hujjatlarida uning faoliyatida a’zolik asosida yuridik shaxslar ham ishtirok etishi nazarda tutilishi mumkin.
Ishlab chiqarish kooperativining a’zolari kooperativning majburiyatlari bo‘yicha qonunda va kooperativ ustavida nazarda tutilgan miqdorlarda va tartibda subsidiar javobgar bo‘ladilar.
Kooperativning firma nomi kooperativning nomini, shuningdek “ishlab chiqarish kooperativi” degan so‘zlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Ishlab chiqarish kooperativlarining huquqiy mavqeyi va ular a’zolarining huquq hamda burchlari ushbu Kodeks va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
70-modda. Unitar korxona
O‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor tomonidan mulk huquqi berilmagan tijoratchi tashkilot unitar korxona hisoblanadi.
Unitar korxonaning mol-mulki bo‘linmasdir va u qo‘shilgan hissalar (ulushlar, paylar) bo‘yicha, shu jumladan korxona xodimlari o‘rtasida ham, taqsimlanishi mumkin emas.
Unitar korxonaning ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari korxona ustav fondining miqdori to‘g‘risidagi, uni tashkil etish tartibi va manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Unitar korxonaning mol-mulki unga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida tegishlidir.
Unitar korxonaning firma nomida uning mol-mulkining egasi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Unitar korxona rahbari, shuningdek agar bu korxonaning ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, kuzatuv kengashi uning boshqaruv organidir. Unitar korxonaning rahbari va kuzatuv kengashi mulkdor tomonidan yoki mulkdor vakil qilgan organ tomonidan tayinlanadi hamda ularga hisob beradi.
Unitar korxona o‘z majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Unitar korxona o‘z mol-mulki egasining majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi.
Unitar korxona o‘z mulkida o‘z mulkdorining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar o‘z mulkdorining ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushni olgan unitar korxona xo‘jalik jamiyati (shirkati) ishtirokchilari umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas.
Unitar korxonalarning huquqiy mavqeyi ushbu Kodeks hamda boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.
Unitar korxona mol-mulkining egasi korxona majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, ushbu Kodeks 48-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Bu qoida shu’ba korxona ta’sis etgan unitar korxonaning shu’ba korxona majburiyatlari bo‘yicha javobgarligiga nisbatan ham qo‘llaniladi.
71-modda. Xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona
Xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona mulkdorning yoki u vakil qilgan organning qaroriga muvofiq tashkil etiladi.
Xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan korxonaning ta’sis hujjati uning belgilangan tartibda tasdiqlangan ustavidan iboratdir.
Xo‘jalik yuritish huquqiga asoslangan unitar korxona o‘z mol-mulkining bir qismini xo‘jalik yuritish uchun belgilangan tartibda topshirish yo‘li bilan yuridik shaxs bo‘lgan boshqa unitar korxona (shu’ba korxona) tashkil etishi mumkin.
Muassis shu’ba korxonaning ustavini tasdiqlaydi va uning rahbarini tayinlaydi.
72-modda. Operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi
Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qaroriga muvofiq davlat mulki bo‘lgan mol-mulk negizida operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat unitar korxonasi (davlat korxonasi) tashkil etilishi mumkin.
Davlat korxonasining ta’sis hujjati uning ustavidir.
Operativ boshqaruv huquqiga asoslangan davlat korxonasining firma nomi uning davlat korxonasi ekanligini ko‘rsatishi kerak.
Davlat korxonasining o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan huquqi ushbu Kodeksning 178 va 179-moddalariga muvofiq belgilanadi.
Davlat korxonasining mol-mulki yetarli bo‘lmaganida davlat uning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgar bo‘ladi.
Davlat korxonasi uni tuzgan davlat organining qaroriga muvofiq qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi mumkin.
3-§. Tijoratchi bo‘lmagan tashkilotlar
73-modda. Matlubot kooperativi
Ishtirokchilarning moddiy (mulkiy) ehtiyojlarini qondirish maqsadida fuqarolarning a’zolikka asoslangan ixtiyoriy birlashmasi matlubot kooperativi hisoblanib, bu birlashuv uning a’zolari tomonidan o‘z mulkiy (pay) badallarini qo‘shish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Matlubot kooperativining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlardan tashqari quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: kooperativ a’zolari qo‘shadigan pay badallarining miqdori to‘g‘risidagi; kooperativ a’zolari pay badallarining tarkibi va ularni qo‘shish tartibi hamda ularning badalni qo‘shish majburiyatini buzganlik uchun javobgarligi to‘g‘risidagi; kooperativni boshqarish organlarining tarkibi hamda vakolatlari va ular tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi, shu jumladan qarorlar bir ovozdan yoki ovozlarning malakali ko‘pchiligi bilan qabul qilinadigan masalalar to‘g‘risidagi; kooperativ ko‘rgan zararlarni kooperativ a’zolari tomonidan to‘lash tartibi to‘g‘risidagi.
Matlubot kooperativining nomida uning faoliyatining asosiy maqsadi ko‘rsatilishi, shuningdek “kooperativi” so‘zi yoki “matlubot uyushmasi” yoxud “matlubot jamiyati” degan so‘zlar bo‘lishi kerak.
Matlubot kooperativining a’zolari ko‘rilgan zararni yillik balans tasdiqlanganidan keyin uch oy mobaynida qo‘shimcha badallar to‘lash yo‘li bilan qoplashlari shart. Ushbu burch bajarilmagan taqdirda kooperativ kreditorlarning talablariga muvofiq sud tomonidan tugatilishi mumkin.
Matlubot kooperativining a’zolari uning majburiyatlari bo‘yicha har bir kooperativ a’zosi to‘laydigan qo‘shimcha badalning to‘lanmagan qismi doirasida subsidiar javobgar bo‘ladilar. Bu holda kooperativ a’zolari solidar javob beradilar.
Matlubot kooperativining tijorat faoliyatiga nisbatan ushbu Kodeksning tijoratchi tashkilotlar to‘g‘risidagi qoidalari qo‘llaniladi.
Matlubot kooperativlarining huquqiy mavqeyi, shuningdek ular a’zolarining huquq va burchlari ushbu Kodeksga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
74-modda. Jamoat birlashmalari
Ma’naviy yoki o‘zga nomoddiy ehtiyojlarni qanoatlantirish uchun o‘z manfaatlarining mushtarakligi asosida qonunda belgilangan tartibda birlashgan fuqarolarning ixtiyoriy birlashmalari jamoat birlashmalari hisoblanadi.
Jamoat birlashmalari o‘z ustavlarida nazarda tutilgan ishlab chiqarish yoki o‘zga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar.
Jamoat birlashmalarining ishtirokchilari (a’zolari) ushbu birlashmalarga mulk qilib bergan mol-mulklariga, shu jumladan a’zolik badallariga bo‘lgan huquqlarini saqlab qolmaydilar. Ular a’zo sifatida ishtirok etayotgan jamoat birlashmalarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar, mazkur birlashmalar esa — o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydilar.
Jamoat birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
75-modda. Jamoat fondlari
Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriy mulkiy badallar qo‘shish asosida tashkil etilgan, xayriya, ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy yoki boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarni ko‘zlaydigan, a’zoligi bo‘lmagan nodavlat notijorat tashkiloti jamoat fondi deb e’tirof etiladi.
Jamoat fondiga uning muassislari (muassisi) yoki vasiyat qiluvchi tomonidan o‘tkazilgan mol-mulk fondning mulkidir. Fond muassislari (muassisi) yoki fond vasiyatnoma bo‘yicha tashkil etilganida vasiyatnomani ijro etuvchi fondning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi, fond esa muassislarning (muassisning) yoki vasiyatnomani ijro etuvchining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Jamoat fondining mol-mulkidan fond ustavida belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish hamda ma’muriy xarajatlarni qoplash uchun foydalaniladi. Fond qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan o‘z ustavida belgilangan maqsadlarga to‘g‘ri keladigan doirada shug‘ullanishi mumkin. Fondning tijorat tashkilotlari ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ishtiroki qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jamoat fondi har yili o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot e’lon qilib borishi shart.
Jamoat fondini boshqarish tartibi va uning organlarini shakllantirish tartibi uning ustavida belgilanadi.
Jamoat fondining ustavida ushbu Kodeks 43-moddasining to‘rtinchi qismida ko‘rsatilganidan tashqari quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak: fond organlarining tuzilishi, vakolatlari va shakllantirilish tartibi; fond organlarining mansabdor shaxslarini tayinlash (saylash) va lavozimidan ozod qilish tartibi; fondning mol-mulkini shakllantirish manbalari; fondning, uning vakolatxonalari hamda filiallarining mol-mulkni boshqarish borasidagi huquq va majburiyatlari; fond vakolatxonalarini ochish va filiallarini tashkil etish tartibi; fondni qayta tashkil etish va tugatish tartibi; fond tugatilgan taqdirda uning mol-mulkidan foydalanish tartibi; fond ustaviga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish tartibi.
Jamoat fondining ustavida fondning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan ramziy belgisining tavsifi, shuningdek qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham bo‘lishi mumkin.
Jamoat fondlari huquqiy holatining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
76-modda. Muassasalar
Boshqaruv, ijtimoiy-madaniy vazifalarni yoki tijoratchilikdan iborat bo‘lmagan boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun mulkdor tomonidan tashkil etilgan va to‘la yoki qisman moliyaviy ta’minlab turiladigan tashkilot muassasa hisoblanadi.
Muassasaning o‘ziga biriktirib qo‘yilgan va o‘zi sotib olgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlari ushbu Kodeksning 178 va 180-moddalariga muvofiq belgilanadi.
Muassasa o‘z majburiyatlari bo‘yicha ixtiyoridagi pul mablag‘lari bilan javob beradi. Bu mablag‘lar yetarli bo‘lmasa, tegishli mol-mulkning egasi uning majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi.
Ayrim turdagi davlat muassasalari va boshqa muassasalar huquqiy mavqeyining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
77-modda. Yuridik shaxslar birlashmalari
Tijorat tashkilotlari o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak mulkiy manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida notijorat tashkilotlar hisoblanuvchi uyushmalar (ittifoqlar) va o‘zga birlashmalariga birlashishlari mumkin. Agar ishtirokchilarning qaroriga muvofiq uyushmaga (ittifoqqa) va o‘zga birlashmaga tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish vazifasi yuklatilsa, bunday uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashma ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda xo‘jalik shirkati yoki jamiyatiga aylantirilishi kerak yoxud tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun xo‘jalik jamiyatlari tuzishi yoki ularda ishtirok etishi mumkin.
Notijorat tashkilotlari o‘z faoliyatlarini muvofiqlashtirish, shuningdek mushtarak manfaatlarini ifoda etish hamda himoya qilish maqsadida uyushmalar (ittifoqlar) shaklida birlashmalar tuzishlari mumkin.
Uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalar yuridik shaxs hisoblanadi.
Uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalarning a’zolari o‘z mustaqilliklarini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar.
Uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalar o‘z a’zolarining majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalarning a’zolari ularning majburiyatlari bo‘yicha uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalarning ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda subsidiar javobgar bo‘ladilar.
Uyushma (ittifoq) va o‘zga birlashmalarning nomi ularning asosiy faoliyatini ko‘rsatishi, unga “uyushmasi”, “ittifoqi” so‘zlari yoki birlashma turini ko‘rsatadigan boshqa so‘z kiritilgan bo‘lishi kerak.
Qonunchilikda yuridik shaxslar birlashmalari huquqiy mavqeyining xususiyatlari belgilanishi mumkin.
78-modda. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yuridik shaxs sifatida fuqarolik-huquqiy munosabatlarning qatnashchilaridir.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yaratgan yoki sotib olgan mol-mulk ularning mulkidir.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining huquqiy mavqeyi qonunchilik bilan belgilanadi.
5-BOB
DAVLAT FUQAROLIK-HUQUQIY MUNOSABATLAR IShTIROKChISI SIFATIDA
79-modda. Davlatning fuqarolik-huquqiy munosabatlarda ishtirok etishi
Davlat fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda ularning boshqa ishtirokchilari bilan baravar asoslarda ishtirok etadi.
Fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan munosabatlarda davlat nomidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ular maxsus vakil qilgan boshqa organlar ishtirok etadilar.
Davlat o‘zining fuqarolik-huquqiy majburiyatlari bo‘yicha o‘z mulki bo‘lgan mablag‘lari bilan javob beradi.
80-modda. Davlat va yuridik shaxslar javobgarligining farqlab qo‘yilishi
Davlat tomonidan tuzilgan yuridik shaxs davlatning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi. Qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari davlat o‘zi tuzgan yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Ushbu moddaning qoidalari davlat tuzgan shartnoma asosida yuridik shaxsning majburiyatlari bo‘yicha o‘z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) yoki mazkur yuridik shaxs davlatning majburiyatlari bo‘yicha o‘z zimmasiga kafillik olgan (kafolat bergan) hollarga taalluqli emas.
3-KICHIK BO‘LIM
OBYEKTLAR
6-BOB
UMUMIY QOIDALAR
81-modda. Fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari
Fuqarolik huquqlarining obyektlariga ashyolar, shu jumladan pul va qimmatli qog‘ozlar, boshqa buyumlar, mol-mulk, shu jumladan mulkiy huquqlar, ishlar va xizmatlar, ixtirolar, sanoat namunalari, fan, adabiyot, san’at asarlari va intellektual faoliyatning boshqa natijalari, shuningdek shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa moddiy hamda nomoddiy boyliklar kiradi.
82-modda. Fuqarolik huquqlari obyektlarining muomalada bo‘lishi
Fuqarolik huquqlarining obyektlari erkin suratda boshqa shaxslarga berilishi yoki universal huquqiy vorislik (meros qilib olish, yuridik shaxsni qayta tashkil etish) tartibida yoxud boshqa usul bilan, agar ular muomaladan chiqarilmagan yoki ularning muomalada bo‘lishi cheklab qo‘yilmagan bo‘lsa, bir shaxsdan ikkinchi shaxsga o‘tishi mumkin.
Muomalada bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
Muayyan muomala ishtirokchilarigagina qarashli bo‘la oladigan yoki muomalada bo‘lishiga maxsus ruxsatnoma bilan yo‘l qo‘yiladigan fuqarolik huquqlari obyektlarining (muomalada bo‘lishi cheklangan obyektlarning) turlari qonunda ko‘rsatilgan tartibda belgilanadi.
7-BOB
MODDIY NE’MATLAR
83-modda. Mol-mulkning turlari
Mol-mulk fuqarolik huquqlari obyekti sifatida ko‘chmas mulkka va ko‘char mulkka bo‘linadi.
Ko‘chmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bog‘langan boshqa mol-mulk, ya’ni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini o‘zgartirish mumkin bo‘lmaydigan obyektlar kiradi.
Qonunda boshqa mol-mulk ham ko‘chmas mol-mulk qatoriga kiritilishi mumkin.
Ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni qo‘lga kiritish va ular bekor bo‘lishining xususiyatlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.
Ko‘chmas mulk jumlasiga kirmaydigan mol-mulk ko‘char mulk hisoblanadi. Ko‘char mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
84-modda. Ko‘chmas mol-mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Ko‘chmas mulkka egalik huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, bu huquqlarning vujudga kelishi, boshqa shaxslarga o‘tishi, cheklanishi va bekor bo‘lishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ huquq egasining iltimosiga ko‘ra amalga oshirilgan ro‘yxatdan o‘tkazishni ro‘yxatdan o‘tkazilgan huquq yoki bitim to‘g‘risida hujjat berish yoxud ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatga ustxat yozish yo‘li bilan tasdiqlashi shart.
Ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni va u haqda tuziladigan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ amalga oshirilgan ro‘yxatdan o‘tkazish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilgan huquqlar haqidagi axborotni har qanday shaxsga berishi shart.
Axborot, ro‘yxatdan o‘tkazish qayerda amalga oshirilganidan qat’i nazar, ko‘chmas mol-mulkni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi har qanday organ tomonidan beriladi.
Ko‘chmas mol-mulkka bo‘lgan huquqni yoki u haqda tuzilgan bitimni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish yoxud ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarining buzilishi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi va ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish asoslari qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
85-modda. Korxona
Butun korxona mulkiy kompleks sifatida ko‘chmas mulk hisoblanadi.
Butun korxona yoki uning qismi olish-sotish, garovga qo‘yish, ijara hamda ashyoviy huquqlarni belgilash, o‘zgartirish va bekor qilish bilan bog‘liq boshqa bitimlarning obyekti bo‘lishi mumkin.
Mulkiy kompleks bo‘lgan korxona tarkibiga uning faoliyati uchun mo‘ljallangan hamma mulk turlari, shu jumladan yer uchastkalari, binolar, inshootlar, uskuna, inventar, xomashyo, mahsulot, talab qilish huquqi, qarzlar, shuningdek korxonani, uning mahsuloti, ishlari va xizmatlarini aks ettiruvchi xususiy alomatlarga (firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari) bo‘lgan huquqlar va boshqa mutlaq huquqlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kiradi.
86-modda. Ashyolarning tasnifi
Ashyolar fuqarolik huquqlarining obyektlari sifatida quyidagilarga bo‘linadi:
xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar;
bo‘linadigan va bo‘linmaydigan ashyolar;
iste’mol qilinadigan va iste’mol qilinmaydigan ashyolar;
asosiy va mansub ashyolar;
murakkab ashyolar.
87-modda. Xususiy va turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar
Alohida, faqat o‘zigagina xos, uni bir xil ashyolar orasidan ajratib turadigan va shu tariqa xususiy alomatlarga ega bo‘lgan ashyo xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyo hisoblanadi. Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar jumlasiga noyob, ya’ni o‘zi bir dona bo‘lgan ashyolar, shuningdek muayyan usul bilan ajratib qo‘yilgan ashyolar (muhr bosish, alohida belgilar tushirish, nomer, raqam berish va shu kabilar) kiradi.
Xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyolar boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydigan ashyolardir.
Bir turdagi hamma ashyolarga xos alomatlarga ega bo‘lgan hamda soni, og‘irligi, o‘lchovi va shu kabilar bilan belgilanadigan ashyolar turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar hisoblanadi.
Turga xos alomatlari bilan belgilanadigan ashyolar boshqasi bilan almashtirsa bo‘ladigan ashyolardir.
88-modda. Bo‘linadigan va bo‘linmaydigan ashyolar
Bo‘lish natijasida har qaysi qismi butunning xossalarini o‘zida saqlab qoladigan va shu bilan birga o‘zining xo‘jalik (maqsadli) ahamiyatini yo‘qotmaydigan ashyo bo‘linadigan ashyo hisoblanadi.
Bo‘lish natijasida qismlari dastlabki ashyoning xossalarini yo‘qotadigan, uning xo‘jalik (maqsadli) ahamiyatini o‘zgartiradigan ashyo bo‘linmaydigan ashyo hisoblanadi.
89-modda. Iste’mol qilinadigan va iste’mol qilinmaydigan ashyolar
Bir karra foydalanish natijasida yo‘qolib ketadigan yoki dastlabki holatida mavjud bo‘lmay qoladigan ashyolar (xomashyo, yoqilg‘i, oziq-ovqat mahsulotlari va shu kabilar) iste’mol qilinadigan ashyolar hisoblanadi.
Qayta-qayta foydalanishga mo‘ljallangan, bunda o‘zining dastlabki holatini uzoq vaqt davomida saqlab qoladigan hamda asta-sekin yemirilib boradigan ashyolar (binolar, uskunalar, transport vositalari) iste’mol qilinmaydigan ashyolar hisoblanadi.
90-modda. Asosiy va mansub ashyolar
Foydalanish tufayli vujudga keladigan munosabatlarning mohiyati bilan boshqa ashyo (mansub ashyo)ga bog‘liq mustaqil ashyo asosiy ashyo hisoblanadi.
Asosiy ashyoga xizmat qilishi kerak bo‘lgan va u bilan umumiy xo‘jalik vazifasi orqali bog‘liq ashyo mansub ashyo hisoblanadi.
Mansub ashyo, agar qonun hujjatlari yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, asosiy ashyoning taqdiriga bog‘liq bo‘ladi.
91-modda. Murakkab ashyolar
Agar turli xil ashyolar birikmaning mohiyati bilan belgilanadigan vazifasi bo‘yicha foydalanish imkonini beradigan yaxlit bir butunni tashkil etsa, ular bitta ashyo (murakkab ashyo) hisoblanadi.
Murakkab ashyo xususida tuzilgan bitim, agar shartnomada boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, uning barcha tarkibiy qismlariga taalluqli bo‘ladi.
92-modda. Hosil va daromadlarga bo‘lgan huquq
Ashyodan keladigan hosil va daromadlar, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, ashyo egasiga tegishlidir.
93-modda. Hayvonlar
Qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, mol-mulk to‘g‘risidagi umumiy qoidalar hayvonlarga nisbatan ham qo‘llaniladi.
Huquqlarni amalga oshirish chog‘ida hayvonlar bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lishga yo‘l qo‘yilmaydi.
94-modda. Pul (valyuta)
O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘mdir.
So‘m yozib qo‘yilgan qiymati bo‘yicha qabul qilinishi shart bo‘lgan qonuniy to‘lov vositasidir.
To‘lovlar naqd pul bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar tarzida amalga oshiriladi.
Hisob-kitoblarni chet el valyutasida amalga oshirish hollari, tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
95-modda. Valyuta qimmatliklari
Valyuta qimmatliklari deb hisoblanadigan mol-mulk turlari va ular xususida bitimlar tuzish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.
Valyuta qimmatliklariga mulk huquqi umumiy asoslarda himoya qilinadi.
96-modda. Qimmatli qog‘ozlar
Mulkiy huquqlarni belgilangan shaklga va majburiy rekvizitlarga amal qilgan holda tasdiqlovchi hujjatlar qimmatli qog‘ozlar hisoblanib, ularni taqdim etgan taqdirdagina mazkur huquqlarni amalga oshirish yoki boshqa shaxslarga berish mumkin bo‘ladi.
Qimmatli qog‘ozlar boshqa shaxsga berilishi bilan ular tomonidan tasdiqlanadigan hamma huquqlar ham o‘sha shaxsga o‘tadi.
Qimmatli qog‘ozlar jumlasiga quyidagilar kiradi: obligatsiya, veksel, chek, depozit va jamg‘arma sertifikatlari, konosament, aksiya hamda qonunchilik bilan qimmatli qog‘ozlar jumlasiga kiritilgan boshqa hujjatlar kiradi.
8-BOB
NOMODDIY NE’MATLAR
97-modda. Intellektual faoliyat natijalari
Ushbu Kodeks va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda va tartibda intellektual faoliyatning aniq ifoda etilgan natijalari hamda yuridik shaxsning bu natijalarga tenglashtirilgan o‘ziga xos vositalari, ana shu ishlar yoki xizmatlarni ado etayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsning mahsulotlari (firma nomi, tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va h.k.)ga nisbatan fuqaroning yoki yuridik shaxsning mutlaq huquqi e’tirof etiladi.
Mutlaq huquq obyekti bo‘lgan intellektual faoliyat natijalari va o‘ziga xos vositalaridan uchinchi shaxslar huquq egasining ruxsati bilangina foydalanishlari mumkin.
98-modda. Xizmat va tijorat siri
Fuqarolik qonunchiligi xizmat yoki tijorat siri bo‘lgan axborotni, basharti bu axborot uchinchi shaxslarga noma’lumligi sababli haqiqiy yoki nisbiy tijorat qimmatiga ega bo‘lgan, qonun yo‘li bilan undan erkin bahramand bo‘lish mumkin bo‘lmagan hamda axborot egasi uning maxfiyligini saqlashga doir choralar ko‘rgan hollarda himoya etadi.
99-modda. Shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar
Shaxsning hayoti va sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy daxlsizligi, ishchanlik obro‘si, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqi, mualliflik huquqi, boshqa shaxsiy nomulkiy huquqlar hamda tug‘ilganidan boshlab yoki qonunga muvofiq fuqaroga tegishli bo‘lgan boshqa nomoddiy ne’matlar tortib olinmaydi va o‘zga usul bilan boshqa shaxsga berilmaydi. Vafot etgan kishiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy ne’matlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda boshqa shaxslar, shu jumladan huquq egasining vorislari tomonidan amalga oshirilishi va himoya etilishi mumkin.
100-modda. Sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish
Fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli.
Manfaatdor shaxslarning talabiga ko‘ra fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yo‘l qo‘yiladi.
Basharti, fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy-axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy-axborot vositalarida raddiya berilishi lozim.
Basharti, bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
Fuqaro ommaviy axborot vositalarida uning huquqlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsituvchi ma’lumotlar e’lon qilinganda u ayni o‘sha ommaviy axborot vositalari orqali chiqib, o‘zini himoya qilish huquqiga ega.
Basharti, sudning hal qiluv qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. Jarimani to‘lash qoidabuzarni sudning hal qiluv qarorida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish vazifasidan ozod etmaydi.
O‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyonning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Ushbu moddadagi fuqaroning ishchanlik obro‘sini himoya qilish to‘g‘risidagi qoidasi yuridik shaxsning ishchanlik obro‘sini himoya etishga nisbatan ham tegishli yo‘sinda tatbiq etiladi.
4-kichik bo‘lim
BITIMLAR VA VAKILLIK
9-BOB
BITIMLAR
1-§. Bitimlar tushunchasi. Turlari va shakli
101-modda. Bitimlar tushunchasi
Bitimlar deb fuqarolar va yuridik shaxslarning fuqarolik huquq va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlariga aytiladi.
102-modda. Bitim turlari
Bitimlar bir taraflama, ikki taraflama yoki ko‘p taraflama (shartnomalar) bo‘lishi mumkin.
Bitim tuzish uchun qonunchilikka yoki taraflarning kelishuviga muvofiq bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo‘lsa, bunday bitim bir taraflama bitim hisoblanadi.
Shartnoma tuzish uchun ikki taraf (ikki taraflama bitim) yoki uch yoxud undan ko‘p taraf (ko‘p taraflama bitim) kelishib xohish bildirgan bo‘lishi kerak.
103-modda. Bir taraflama bitimlarni huquqiy tartibga solish
Bir taraflama bitim uni tuzgan shaxs uchun burchlar keltirib chiqaradi. U boshqa shaxslar uchun qonun hujjatlarida yoki bu shaxslar bilan kelishuvda belgilangan hollardagina burchlar keltirib chiqarishi mumkin.
Bir taraflama bitimlarga nisbatan, basharti qonunchilikka, bitimning tabiati va mohiyatiga zid bo‘lmasa, majburiyatlar va shartnomalar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning III bo‘limi) tegishincha qo‘llaniladi.
104-modda. Shartli bitimlar
Agar taraflar huquq va burchlarning kelib chiqishini yuz berishi yoki bermasligi noma’lum bo‘lgan holatga bog‘liq qilib qo‘ysalar, bitim kechiktirish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi.
Agar taraflar huquq va burchlarning bekor bo‘lishini yuz berishi yoki bermasligi noma’lum holatga bog‘liq qilib qo‘ysalar, bunday bitim bekor bo‘lish sharti bilan tuzilgan bitim hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga uning yuz berishidan manfaatdor bo‘lmagan taraf insofsizlik bilan qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, bu shart yuz bergan deb hisoblanadi.
Agar shartning yuz berishiga ushbu shartning yuz berishidan manfaatdor bo‘lgan taraf insofsizlik bilan yordamlashgan bo‘lsa, bu shart sodir bo‘lmagan hisoblanadi.
105-modda. Bitimlarning shakli
Bitimlar og‘zaki yoki yozma (oddiy yoki notarial tasdiqlangan) shaklda tuziladi.
Sukut saqlash qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda bitim tuzishga bo‘lgan xohish-irodaning ifodasi hisoblanadi.
106-modda. Bitimning og‘zaki shakli
Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida yozma shakl belgilab qo‘yilmagan, jumladan u tuzilayotgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan bitim og‘zaki tuzilishi mumkin. Shaxsning xatti-harakatidan uning bitim tuzishga bo‘lgan xohish-irodasi bilinib turgan holda ham bunday bitim tuzilgan hisoblanadi.
Jeton, patta yoki odatda qabul qilingan boshqa belgi berish yo‘li bilan tasdiqlangan bitim, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, og‘zaki shaklda tuzilgan bitim hisoblanadi.
Yozma shaklda tuzilgan shartnomani bajarishga qaratilgan bitimlar, agar qonunchilik va shartnomaga zid bo‘lmasa, taraflarning kelishuviga muvofiq og‘zaki tuzilishi mumkin.
107-modda. Bitimning yozma shakli
Yozma shaklda tuzilgan bitimni, agar ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, taraflar yoki ularning vakillari imzolashi kerak.
Agar qonunchilikka yoki ishtirokchilardan birining talablariga zid bo‘lmasa, bitim tuzish chog‘ida imzodan faksimile usulida nusxa ko‘chirish vositalaridan foydalanilishiga yo‘l qo‘yiladi.
Ikki taraflama bitimlar har birini berayotgan taraf imzolaydigan hujjatlarni o‘zaro ayirboshlash yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Xatlar, telegrammalar, telefonogrammalar, teletaypogrammalar, fakslar yoki subyektlarni va ular xohish-irodasining mazmunini ifodalaydigan boshqa hujjatlarni o‘zaro ayirboshlash, agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yozma shaklda tuzilgan bitimga tenglashtiriladi.
Qonunchilikda va taraflarning kelishuvida bitim shakli mos kelishi shart bo‘lgan qo‘shimcha talablar (muayyan shakldagi blankada tuzilishi, muhr bosib (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanishi va boshqalar) belgilab qo‘yilishi va bu talablarga rioya etmaslik oqibatlari nazarda tutilishi mumkin.
Agar fuqaro jismoniy kamchiligi, kasalligi yoki savodsizligi tufayli bitimni shaxsan o‘zi imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan bitimni boshqa fuqaro imzolashi mumkin. Boshqa fuqaroning imzosi notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan guvohlantirilib, bitim tuzuvchi uni shaxsan o‘zi imzolay olmasligining sabablari ko‘rsatilishi shart.
Yozma shaklda tuzilgan bitimni bajargan taraf ikkinchi tarafdan ijroni tasdiqlovchi hujjat talab qilishga haqli. Og‘zaki tadbirkorlik bitimini bajargan taraf ham ana shunday huquqqa ega, tuzilgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan bitimlar bundan mustasno.
108-modda. Bitimning oddiy yozma shakli
Notarial tasdiqlanishi talab etiladigan bitimlardan tashqari, quyidagi bitimlar oddiy yozma shaklda tuziladi:
1) yuridik shaxslarning o‘zaro va fuqarolar bilan bitimlari;
Oldingi tahrirga qarang.
2) fuqarolar o‘rtasidagi belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summadagi bitimlar, qonunda belgilangan hollarda esa — bitim summasidan qat’i nazar, boshqa bitimlar.
Ushbu Kodeksning 106-moddasiga muvofiq og‘zaki tuzilishi mumkin bo‘lgan bitimlar uchun oddiy yozma shaklga rioya etish talab qilinmaydi.
109-modda. Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik oqibatlari
Bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib kelmaydi, biroq nizo chiqqan taqdirda taraflarni bitimning tuzilganligini, mazmunini yoki bajarilganligini guvohlarning ko‘rsatuvlari bilan tasdiqlash huquqidan mahrum qiladi.
Taraflar bitimning tuzilganligini, mazmuni yoki bajarilganligini yozma yoki boshqa dalillar bilan tasdiqlashga haqlidirlar.
Qonunda yoki taraflarning kelishuvida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan hollarda bitimning oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.
110-modda. Bitimlarni notarial tasdiqlash
Bitimni notarial tasdiqlash ushbu Kodeksning 107-moddasi talablariga mos keladigan hujjatda notarius yoki bunday notarial harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan tasdiqlovchi ustxat yozib qo‘yish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Quyidagi hollarda bitimlarni notarial tasdiqlash shart:
1) qonunda ko‘rsatilgan hollarda;
2) taraflardan birining talabi bo‘yicha.
111-modda. Bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
Yer uchastkalari va boshqa ko‘chmas mol-mulk bilan bog‘liq bitimlar (boshqa shaxsga berish, ipoteka, uzoq muddatli ijara, merosni qabul qilib olish va boshqalar) davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.
Ko‘chmas mol-mulk xususida tuzilgan bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tegishli reyestrlarni yuritish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Qonunchilikda muayyan turdagi ko‘char mol-mulk xususida tuziladigan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish belgilab qo‘yilishi mumkin.
112-modda. Bitimning notarial shakliga va uni ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslikning oqibatlari
Bitimning notarial shakliga yoki uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talabiga rioya qilmaslik bitimning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi. Bunday bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.
Agar taraflardan biri notarial tasdiqlash talab qilinadigan bitimni to‘la yoki qisman bajargan bo‘lsa, ikkinchi taraf esa — bitimni notarial rasmiylashtirishdan bosh tortsa, sud bitimni bajargan tarafning talabi bo‘yicha uni haqiqiy deb hisoblashga haqlidir. Bu holda bitimni keyinchalik notarial rasmiylashtirish talab qilinmaydi.
Agar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinadigan bitim kerakli shaklda tuzilgan bo‘lib, ammo taraflardan biri uni ro‘yxatdan o‘tkazishdan bosh tortsa, sud boshqa tarafning talabi bilan bitimni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Bunday holda bitim sud qaroriga muvofiq ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda bitimni notarial tasdiqlash yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan asossiz bosh tortayotgan taraf bitimni tuzish kechiktirilganligi tufayli yetkazilgan zararni ikkinchi tarafga to‘lashi lozim.
2-§. Bitimlarning haqiqiy emasligi
113-modda. Nizoli va o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitimlar
Bitim ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilab qo‘yilgan asoslarga ko‘ra, sud haqiqiy emas deb topganligi sababli (nizoli bitim) yoki bunday deb topilishidan qat’i nazar, haqiqiy emas deb hisoblanadi (o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim).
Nizoli bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talabni ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan shaxslar qo‘yishlari mumkin.
O‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim haqiqiy emasligining oqibatlarini qo‘llanish to‘g‘risidagi talabni har qanday manfaatdor shaxs qo‘yishi mumkin. Sud bunday oqibatlarni o‘z tashabbusi bilan qo‘llashga haqli.
114-modda. Bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari to‘g‘risidagi umumiy qoidalar
Haqiqiy bo‘lmagan bitim uning haqiqiy emasligi bilan bog‘liq bo‘lgan oqibatlardan tashqari boshqa yuridik oqibatlarga olib kelmaydi va u tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy emasdir.
Bitim haqiqiy bo‘lmaganida taraflarning har biri boshqasiga bitim bo‘yicha olgan hamma narsani qaytarib berishi, olingan narsani aslicha (shu jumladan olingan narsa mol-mulkdan foydalanish, bajarilgan ish yoki ko‘rsatilgan xizmat bilan ifodalanganda) qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa, agar bitim haqiqiy emasligining boshqa oqibatlari qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart.
115-modda. Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik
Bitimning qonun talab qiladigan shakliga rioya etmaslik qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan holdagina uning haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.
116-modda. Qonunchilikning talablariga muvofiq bo‘lmagan bitimning haqiqiy emasligi
Qonunchilikning talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitim, shuningdek huquq-tartibot yoki axloq asoslariga atayin qarshi maqsadda tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
117-modda. O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas, ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan bitimlar bundan mustasno.
Bunday bitimdagi taraflarning har biri bitim bo‘yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi, olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa — uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart. Bundan tashqari, muomalaga layoqatli taraf, agar ikkinchi tarafning muomalaga layoqatsizligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tarafga u ko‘rgan haqiqiy zararni to‘lashi shart.
118-modda. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxs tomonidan ushbu Kodeksning 27-moddasiga muvofiq uning ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining roziligi talab qilinadigan hollarda ularning roziligisiz tuzilgan bitim ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoki homiysining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 22-moddasining ikkinchi qismi va 28-moddasida nazarda tutilgan hollarda to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tadbiq etilmaydi.
119-modda. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi sababli muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Bunday bitimga nisbatan ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
120-modda. Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand vositalarni suiiste’mol qilish oqibatida muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan homiysining roziligisiz tuzilgan bitimni sud haqiqiy emas deb topishi mumkin. Agar bunday bitim haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Bu moddaning qoidalari ushbu Kodeks 29-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq tuzilgan vaqtning o‘zidayoq bajariladigan mayda maishiy bitimlarga taalluqli bo‘lmaydi.
121-modda. O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Garchi muomalaga layoqatli bo‘lsa-da, biroq bitim tuzish vaqtida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan holatda bo‘lgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitim shu fuqaroning yoki huquqlari yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari bunday bitimni tuzish natijasida buzilgan boshqa shaxslarning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Keyinchalik muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan tuzilgan bitimni, agar bitimni tuzish paytida fuqaro o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaganligi yoki ularni boshqara olmaganligi isbotlangan bo‘lsa, uning vasiysi qilgan da’voga muvofiq sud haqiqiy emas deb topishi mumkin.
Agar bitim ushbu modda asosida haqiqiy emas deb topilgan bo‘lsa, ushbu Kodeks 117-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, bitim tuzish paytida o‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni boshqara olmagan tarafga ikkinchi taraf, agar u o‘zi bilan bitim tuzgan fuqaroning bunday holatda ekanligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, qilingan xarajatlarni, yo‘qotilgan mol-mulkning yoki unga yetkazilgan shikastning haqini to‘lashi kerak.
122-modda. Yanglishish ta’sirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Jiddiy ahamiyatga ega bo‘lgan yanglishish ta’sirida tuzilgan bitim yanglishish ta’sirida harakat qilgan tarafning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Bitimning tabiati, uning narsasining o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish imkoniyatini ancha pasaytiradigan o‘xshashligi yoki sifati haqida yanglishish jiddiy ahamiyatga egadir. Bitimning sabablari xususida yanglishish jiddiy ahamiyatga ega emas.
Agar bitim yanglishish ta’sirida tuzilganligi tufayli haqiqiy emas deb topilsa, ushbu Kodeks 114-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, o‘z da’vosiga ko‘ra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf yanglishish ikkinchi tarafning aybi bilan yuz berganligini isbotlay olsa, ikkinchi tarafdan o‘ziga yetkazilgan haqiqiy zararni to‘lashni talab qilishga haqli. Agar bu hol isbotlanmasa, o‘z da’vosiga ko‘ra bitim haqiqiy emas deb topilgan taraf ikkinchi tarafning talabi bilan, basharti hatto yanglishish yanglishgan tarafga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra yuz bergan bo‘lsa ham, yetkazilgan haqiqiy zararni unga to‘lashi shart.
123-modda. Aldash, zo‘rlik, qo‘rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi yoki og‘ir holatlar yuz berishi ta’sirida tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Aldash, zo‘rlik, qo‘rqitish, bir taraf vakilining ikkinchi taraf bilan yomon niyatda kelishishi ta’sirida tuzilgan bitim, shuningdek fuqaro og‘ir holatlar yuz berishi tufayli o‘zi uchun o‘ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo‘lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Agar bitim yuqorida ko‘rsatilgan asoslardan biriga ko‘ra haqiqiy emas deb topilsa, ikkinchi taraf jabrlanuvchiga uning bitim bo‘yicha bajargan hamma narsasini qaytarib berishi kerak, olingan narsani asl holida qaytarishning iloji bo‘lmaganida esa — uning qiymatini pul bilan to‘lashi kerak. Jabrlanuvchi bitim bo‘yicha ikkinchi tarafdan olgan mol-mulk, shuningdek ikkinchi tarafga topshirilgan narsa evaziga o‘ziga tegishli bo‘lgan mol-mulk davlat daromadiga o‘tkaziladi. Mol-mulkni asl holida davlat daromadiga o‘tkazish mumkin bo‘lmasa, uning qiymati pul bilan undirib olinadi. Bundan tashqari, jabrlanuvchiga ikkinchi taraf uning qilgan xarajatlarini, uning mol-mulki yo‘qotilishi yoki buzilishi natijasida yetkazilgan zararni to‘laydi.
124-modda. Qalbaki va ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilgan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik oqibatlar tug‘dirish niyati bo‘lmagan holda, nomigagina tuzilgan bitim (qalbaki bitim) o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
Agar bitim boshqa bitimni niqoblash maqsadida tuzilgan bo‘lsa (ko‘zbo‘yamachilik bitimi), taraflar haqiqatda nazarda tutgan bitimga doir qoidalar qo‘llaniladi.
125-modda. Yuridik shaxs huquqiy layoqatidan tashqariga chiqadigan bitimning haqiqiy emasligi
Yuridik shaxs tomonidan uning ustav maqsadlariga zid holda tuzilgan yoki tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishga litsenziyasi bo‘lmagan yuridik shaxs tomonidan tuzilgan bitim uning muassisi (ishtirokchisi) yoki vakolatli davlat organining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
126-modda. Bitim tuzish vakolatlarini cheklash oqibatlari
Agar shaxsning bitim tuzish vakolatlari shartnoma bilan yoki yuridik shaxs vakolatlari uning ta’sis hujjatlari bilan ishonchnomada, qonunda belgilab qo‘yilganiga nisbatan yoinki bitim tuzilayotgan vaziyatdan aniq ko‘rinib turgan deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan vakolatlariga nisbatan cheklab qo‘yilgan bo‘lsa va bitimni tuzish paytida bunday shaxs yoki organ ana shu cheklashlar doirasidan chiqib ketgan bo‘lsalar, bitimdagi ikkinchi taraf mazkur cheklashlarni bilgan yoki oldindan bilishi lozim bo‘lganligi isbotlangan hollardagina bitim cheklash belgilanishidan manfaatdor bo‘lgan shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
127-modda. Bitimning haqiqiy emas deb hisoblanish payti
Haqiqiy emas deb topilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas hisoblanadi. Bitimning mazmunidan uning faqat kelajak vaqt uchun bekor qilinishi mumkinligi anglashilsa, haqiqiy emas deb topilgan bitim kelajak vaqt uchun harakatdan to‘xtaydi.
128-modda. Bitimning bir qismi haqiqiy emasligining oqibatlari
Bitimning bir qismi haqiqiy sanalmasligi bitimga haqiqiy sanalmagan qism qo‘shilmasa ham u tuzilgan bo‘lar edi, deb taxmin qilish mumkin bo‘lsa, uning boshqa qismlarining haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘lmaydi.
10-BOB
VAKILLIK VA IShONChNOMA
129-modda. Vakillik
Ishonchnomaga, qonunga, sud qaroriga yoki vakil qilingan davlat organining hujjatiga asoslangan vakolat bilan bir shaxs (vakil) tomonidan boshqa shaxs (vakolat beruvchi) nomidan tuzilgan bitim vakolat beruvchiga nisbatan fuqarolik huquq va majburiyatlarini bevosita vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi.
O‘z xarakteriga ko‘ra faqat shaxsan tuzilishi mumkin bo‘lgan bitimni, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa bitimlarni vakil orqali tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Vakil o‘ziga vakolat bergan shaxs nomidan shaxsan o‘ziga nisbatan ham, u ayni bir vaqtda vakili bo‘lgan boshqa shaxsga nisbatan ham bitimlar tuzishi mumkin emas, tijorat vakilligi bo‘lgan hollar bundan mustasno.
130-modda. Muomalaga layoqatli shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatli shaxslar o‘zlari tanlagan vakillar orqali bitimlar tuzishlari mumkin, bitim o‘z xarakteriga ko‘ra faqat shaxsan tuzilishi mumkin bo‘lgan hollar, shuningdek qonunda ko‘rsatilgan hollar bundan mustasno.
131-modda. Muomalaga layoqatsiz shaxslar nomidan vakillik qilish
Muomalaga layoqatsiz fuqarolar nomidan bitimlarni ularning ota-onalari, farzandlikka oluvchilari va vasiylari tuzadilar.
132-modda. Vakolatsiz vakillik
Vakil qilinmagan shaxs tomonidan boshqa shaxs nomidan tuzilgan yoki vakolatlardan tashqari chiqib tuzilgan bitim vakolat bergan shaxs ushbu bitimni keyinchalik ma’qullagan taqdirdagina uning uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi, o‘zgartiradi va bekor qiladi. Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs bitimning ijroga qabul qilinganligidan guvohlik beruvchi harakatlar qilgan holda ham bunday bitim ma’qullangan hisoblanadi.
Bitim tuzishga vakolat bergan shaxs tomonidan bitimning keyinchalik ma’qullanishi uni tuzilgan paytidan boshlab haqiqiy bitimga aylantiradi.
133-modda. Tijorat vakilligi
Tadbirkorlar shartnomalar tuzayotganida ular nomidan doimo va mustaqil suratda vakillik qiluvchi shaxs (tijorat vakili) vakilning vakolatlari ko‘rsatilgan yozma shartnoma asosida, bunday vakolatlar ko‘rsatilmagan taqdirda esa — ishonchnoma asosida ham ish olib boradi.
Tijorat vakili o‘zining ishtirokida tuzilgan shartnomadagi turli taraflarning manfaatlarini faqat bu taraflarning roziligi bilan hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollardagina ayni bir vaqtda ifodalashi mumkin.
Agar taraflar bilan tuzilgan bitimda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tijorat vakili shartlashilgan haqni va topshiriqni bajarish vaqtida qilgan chiqimlarini teng ulushlarda to‘lashni shartnomadagi taraflardan talab qilishga haqli.
Tijorat vakili o‘ziga berilgan topshiriqni bajarib bo‘lganidan keyin ham savdo bitimlari to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni sir saqlashi shart.
Tadbirkorlik faoliyatining ayrim sohalaridagi tijorat vakilligining xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
134-modda. Ishonchnoma
Bir shaxs (ishonch bildiruvchi) tomonidan ikkinchi shaxsga (ishonchli vakilga) uchinchi shaxslar oldida vakillik qilish uchun berilgan yozma vakolat ishonchnoma hisoblanadi. Ishonchli vakil o‘ziga ishonchnoma bilan berilgan vakolatlar doirasida ish olib boradi.
Yuridik shaxs nomidan, shuningdek yuridik shaxsga ham ishonchnoma faqat yuridik shaxsning ustavida (nizomida) ko‘rsatilgan faoliyat maqsadlariga zid bo‘lmagan bitimlarni tuzish uchungina berilishi mumkin.
135-modda. Ishonchnomaning shakli
Ishonchnoma oddiy yozma shaklda yoki notarial shaklda rasmiylashtiriladi.
Notarial shaklni talab qiluvchi bitimlarni tuzish yoxud yuridik shaxslarga nisbatan harakatlarni amalga oshirish uchun berilgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar va qonunchilik bilan ishonchnomaning o‘zgacha shakli belgilab qo‘yilgan boshqa hollar bundan mustasno.
136-modda. Notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtirilgan ishonchnomalar
Quyidagilar notarial tasdiqlangan ishonchnomalarga tenglashtiriladi:
gospitallarda, sanatoriylarda va boshqa harbiy-davolash muassasalarida davolanayotgan harbiy xizmatchilarning hamda boshqa shaxslarning shu muassasalarning boshliqlari, ularning tibbiy qism bo‘yicha o‘rinbosarlari, katta va navbatchi shifokorlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno;
harbiy xizmatchilarning, harbiy qismlar, qo‘shilmalar, muassasalar hamda harbiy o‘quv yurtlari joylashgan, notarial idoralar va notarial harakatlarni amalga oshiruvchi boshqa organlar bo‘lmagan punktlarda esa — ishchi va xizmatchilarning, ular oilalarining va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining shu qism, qo‘shilma, muassasa va o‘quv yurtlarining komandirlari (boshliqlari) tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno;
ozodlikdan mahrum qilish joylarida bo‘lgan yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan ishonchnomalari, avtomototransport vositalarini boshqarish va tasarruf etish haqidagi ishonchnomalar bundan mustasno.
137-modda. Ishonchnomaning boshqa shakllari
Xat-xabarlarni, shu jumladan pul va posilkalarni olishga, ish haqini hamda mehnat munosabatlari bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa to‘lovlarni olishga, mualliflar va ixtirochilarga to‘lanadigan haqlarni, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarni, shuningdek bank muassasalaridan summalarni olish haqidagi ishonchnoma vakolat beruvchi ishlaydigan yoki o‘qiydigan tashkilot, u yashaydigan uyga xizmat ko‘rsatuvchi uy-joydan foydalanish tashkiloti, o‘zining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yoxud fuqaro davolanishda bo‘lgan davolash muassasasining ma’muriyati tomonidan tasdiqlanishi mumkin.
138-modda. Yuridik shaxsning ishonchnomasi
Yuridik shaxs nomidan beriladigan ishonchnoma rahbar tomonidan imzolanib, unga ushbu yuridik shaxsning muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bosiladi.
Davlat mulkiga asoslangan yuridik shaxs nomidan pul va boshqa mulkiy boyliklarni olish yoki topshirish uchun beriladigan ishonchnoma shu yuridik shaxsning bosh (katta) buxgalteri tomonidan ham imzolanishi kerak. Bankda operatsiyalarni amalga oshirishga ishonchnoma berish tartibi va uning shakli qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
139-modda. Ishonchnomaning muddati
Ishonchnoma ko‘pi bilan uch yil muddatga berilishi mumkin. Agar ishonchnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan boshlab bir yil mobaynida o‘z kuchini saqlaydi.
Berilgan kuni ko‘rsatilmagan ishonchnoma haqiqiy emas.
Notarius tomonidan tasdiqlanib, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida harakatlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan, amal qilish muddati ko‘rsatilmagan ishonchnoma uni bergan shaxs tomonidan bekor qilingunicha o‘z kuchini saqlaydi.
140-modda. Ishonchnoma bo‘yicha vakolatlarni boshqa shaxsga berish (boshqa shaxsga o‘tkazish)
Ishonchnoma berilgan shaxs o‘z vakolatidagi harakatlarni shaxsan amalga oshirishi shart. Basharti, unga ishonchnoma bilan vakolat berilgan bo‘lsa yoki uni ishonchnoma bergan shaxsning manfaatlarini himoya qilishga sharoit majbur qilsa, u harakatlarni amalga oshirishni boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkin.
Vakolatlarning boshqa shaxsga berilishiga asos bo‘lgan ishonchnoma notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, ushbu Kodeksning 136, 137, 138-moddalarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Boshqa shaxsga o‘tkazish bo‘yicha berilgan ishonchnomaning amal qilish muddati uning berilishiga asos bo‘lgan asosiy ishonchnomaning amal qilish muddatidan oshib ketishi mumkin emas.
Vakolatlarini boshqaga bergan shaxs ishonchnoma bergan shaxsga buni ma’lum qilishi hamda mazkur shaxs va uning yashash joyi to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni xabar qilishi kerak. Mazkur burchlar bajarilmasa, o‘z vakolatlarini boshqaga bergan shaxs undan vakolat olgan shaxsning harakatlari uchun xuddi o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.
141-modda. Ishonchnomaning bekor bo‘lishi
Ishonchnomaning amal qilishi quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
1) ishonchnoma muddatining tamom bo‘lishi;
2) ishonchnoma bergan shaxsning uni bekor qilishi;
3) ishonchnoma berilgan shaxsning bosh tortishi;
4) nomidan ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
5) nomiga ishonchnoma berilgan yuridik shaxs faoliyatining to‘xtatilishi;
6) ishonchnoma bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi;
7) ishonchnoma olgan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomalaga layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanishi, yoxud uning vafot etishi.
Ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi, ishonchnoma berilgan shaxs esa — undan voz kechishi mumkin. Bu huquqdan voz kechish haqidagi bitim haqiqiy emas.
Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lishi bilan uni boshqa shaxsga o‘tkazish ham o‘z kuchini yo‘qotadi.
142-modda. Ishonchnomaning bekor bo‘lganligi haqida shaxslarga xabar berish
Ishonchnoma bergan shaxs uning bekor bo‘lganligi haqida ishonchnoma olgan shaxsni, shuningdek ishonchnoma qaratilgan o‘ziga ma’lum uchinchi shaxslarni ham xabardor qilishi shart. Ishonchnoma ushbu Kodeks 141-moddasi birinchi qismining 4-7-bandlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilingan hollarda ishonchnoma bergan shaxsning huquqiy vorislari zimmasiga ham shunday vazifa yuklatiladi.
143-modda. Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganligini bilguncha yoki bilishi lozim bo‘lgunicha qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs yoki uning huquqiy vorislari uchun uchinchi shaxslarga nisbatan o‘z kuchini saqlab qoladi.
Ishonchnoma olgan shaxsning ishonchnoma bekor bo‘lganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganidan keyin qilgan harakatlari ishonchnoma bergan shaxs uchun huquq va majburiyatlarni vujudga keltirmaydi.
Agar uchinchi shaxs ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, ushbu moddaning qoidalari qo‘llanilmaydi.
144-modda. Ishonchnomani qaytarish majburiyati
Ishonchnomaning amal qilishi bekor bo‘lganidan keyin ishonchnoma olgan shaxs yoki uning merosxo‘rlari (huquqiy vorislari) darhol ishonchnomani qaytarib berishlari shart.
5-KICHIK BO‘LIM
MUDDATLAR. DA’VO MUDDATI
11-BOB
MUDDATLARNI HISOBLASh
145-modda. Muddat belgilash
Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan, shuningdek sud tomonidan tayinlanadigan muddat kalendar sana bilan yoxud yillar, oylar, haftalar, kunlar yoki soatlar bilan o‘lchanadigan vaqt davrining o‘tishi bilan belgilanadi.
Muddat muqarrar yuz berishi kerak bo‘lgan voqeani ko‘rsatish bilan ham belgilanishi mumkin.
146-modda. Vaqt davri bilan belgilangan muddatning boshlanishi
Vaqt davri bilan belgilangan muddat kalendar sanadan keyingi yoki uning boshlanish kuni deb belgilangan voqea yuz berganidan keyingi kundan o‘ta boshlaydi.
147-modda. Vaqt davri bilan belgilangan muddatning tamom bo‘lishi
Yillar bilan hisoblanadigan muddat uning oxirgi yilidagi tegishli oy va kunda tamom bo‘ladi.
Yarim yil deb belgilangan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qo‘llaniladi.
Yil choraklari bilan hisoblanadigan muddatga nisbatan oylar bilan hisoblanadigan muddatlar uchun belgilangan qoidalar qo‘llaniladi. Bunda yil choragi uch oyga teng deb hisoblanadi, yil choraklarining hisobi esa — yil boshidan yuritiladi.
Oylar bilan hisoblanadigan muddat shu muddatning oxirgi oyidagi tegishli kunda tugaydi.
Yarim oy deb belgilangan muddatga kunlar bilan hisoblanadigan muddat deb qaraladi va u o‘n besh kunga teng bo‘ladi.
Agar oylar bilan hisoblanadigan muddatning tamom bo‘lishi tegishli raqam bo‘lmagan oyga to‘g‘ri kelsa, u holda muddat shu oyning oxirgi kunida tugaydi.
Haftalar bilan o‘lchanadigan muddat shu muddatning oxirgi haftasidagi tegishli kunda tugaydi.
148-modda. Muddatning oxirgi kunida harakatni amalga oshirish tartibi
Agar muddat biron-bir harakatni amalga oshirish uchun tayinlangan bo‘lsa, bu harakat muddatning oxirgi kunidagi soat yigirma to‘rtga qadar bajarilishi mumkin.
Agar, bu harakat tashkilotda amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, u holda muddat belgilangan qoidalarga muvofiq ushbu tashkilotda tegishli operatsiyalar to‘xtatiladigan soatda tamom bo‘ladi.
Muddatning oxirgi kunida soat yigirma to‘rtga qadar aloqa tashkilotiga topshirilgan yoki boshqa aloqa vositalari bilan yuborilgan barcha yozma bayonotlar va xabarlar, pul o‘tkazmalari muddatida qilingan hisoblanadi.
12-BOB
DA’VO MUDDATI
149-modda. Da’vo muddati tushunchasi
Da’vo muddati — shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir.
150-modda. Umumiy da’vo muddati
Umumiy da’vo muddati — uch yil.
151-modda. Maxsus da’vo muddatlari
Ayrim turdagi talablar uchun qonunchilikda umumiy da’vo muddatiga qaraganda qisqartirilgan yoki uzaytirilgan maxsus da’vo muddatlari belgilanishi mumkin.
Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu Kodeks 152-162-moddalarining qoidalari maxsus da’vo muddatlariga ham joriy qilinadi.
152-modda. Da’vo muddatlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi bitimning haqiqiy sanalmasligi
Da’vo muddatlari va ularni hisoblash tartibi taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirilishi mumkin emas.
Da’vo muddatlari o‘tishini to‘xtatish va uning uzilish asoslari ushbu Kodeks bilan belgilanadi.
153-modda. Da’vo muddatini qo‘llash
Buzilgan huquqni himoya qilish talabi da’vo muddatining o‘tganligidan qat’i nazar, sudda ko‘rib chiqish uchun qabul qilinadi.
Da’vo muddati sud tomonidan faqat nizodagi tarafning sud qaror chiqargunicha bergan arizasiga muvofiq qo‘llanadi.
Qo‘llanish to‘g‘risida nizodagi taraf bayon qilgan da’vo muddatining o‘tishi sudning da’voni rad etish haqida qaror chiqarishi uchun asos bo‘ladi.
154-modda. Da’vo muddatining o‘ta boshlashi
Da’vo muddati shaxs o‘zining huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan o‘ta boshlaydi. Bu qoidadan istisnolar ushbu Kodeks va boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
Muayyan ijro muddatiga ega bo‘lgan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati ijro muddati tamom bo‘lganidan keyin o‘ta boshlaydi.
Ijro etish muddati belgilanmagan yoki talab qilish payti ijro etish muddati bilan belgilangan majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati kreditorda majburiyatni bajarish to‘g‘risida talab qo‘yish huquqi paydo bo‘lgan vaqtdan o‘ta boshlaydi, bordi-yu, qarzdorga bunday talabni bajarish uchun imtiyozli muddat berilsa, da’vo muddati imtiyozli muddat tamom bo‘lganidan keyin hisoblana boshlaydi.
Regress majburiyatlar bo‘yicha da’vo muddati asosiy majburiyat bajarilgan paytdan o‘ta boshlaydi.
155-modda. Majburiyatdagi shaxslar almashinganida da’vo muddati
Majburiyatdagi shaxslarning almashinishi da’vo muddati va uni hisoblash tartibining o‘zgarishiga olib kelmaydi.
156-modda. Da’vo muddati o‘tishining to‘xtatilishi
Da’vo muddatining o‘tishi quyidagi hollarda to‘xtatiladi:
1) agar da’vo qo‘zg‘atilishi uchun muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan favqulodda hodisa (yengib bo‘lmas kuch) to‘sqinlik qilgan bo‘lsa;
2) O‘zbekiston Respublikasi Hukumati majburiyatlarni bajarishni kechiktirganligi (moratoriy) tufayli;
3) agar da’vogar yoki javobgar harbiy holatga o‘tkazilgan Qurolli Kuchlar, chegara qo‘shinlari va ichki qo‘shinlar tarkibida bo‘lsa;
4) agar muomalaga layoqatsiz shaxsning qonuniy vakillari bo‘lmasa;
Oldingi tahrirga qarang.
5) tegishli munosabatni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatining amal qilishi to‘xtatilgan bo‘lsa.
6) mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv tuzilgan taqdirda.
Agar ushbu moddada ko‘rsatilgan holatlar da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatida vujudga kelgan yoki davom etib turgan bo‘lsa, da’vo muddatining o‘tishi to‘xtatiladi.
Muddatning to‘xtatib turilishiga asos bo‘lgan holat barham topgan kundan boshlab da’vo muddatining o‘tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, da’vo muddati olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatiga qadar uzaytiriladi.
157-modda. Da’vo muddati o‘tishining uzilishi
Da’vo muddatining o‘tishi belgilangan tartibda da’vo qo‘zg‘atilishi bilan, shuningdek majbur shaxs qarzni tan olganligini ko‘rsatuvchi harakatlarni qilishi bilan uziladi.
Uzilishdan keyin da’vo muddatining o‘tishi yangidan boshlanadi, uzilishgacha o‘tgan vaqt esa — yangi muddatga qo‘shilmaydi.
158-modda. Da’vo ko‘rilmasdan qoldirilgan taqdirda da’vo muddatining o‘tishi
Agar da’vo sud tomonidan ko‘rilmasdan qoldirilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atilganga qadar o‘ta boshlagan da’vo muddati umumiy tartibda davom etadi.
Agar jinoyat ishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan da’vo sud tomonidan ko‘rilmasdan qoldirilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atilgunga qadar o‘ta boshlagan da’vo muddati da’voni ko‘rmasdan qoldirgan hukm qonuniy kuchga kirgunicha to‘xtatib turiladi, da’vo muddati to‘xtatib turilgan vaqt da’vo muddatiga qo‘shilmaydi. Bunda muddatning qolgan qismi olti oydan kam bo‘lsa, u olti oygacha uzaytiriladi.
159-modda. Da’vo muddatini tiklash
Basharti, sud da’vo muddatining o‘tkazib yuborilganligi sababini uzrli deb topsa, buzilgan huquq himoya qilinishi kerak. Da’vo muddatini o‘tkazib yuborish sabablari da’vo muddatining oxirgi olti oyida, bu muddat olti oyga teng yoki olti oydan kam bo‘lsa, da’vo muddatida yuz bergan bo‘lsa, ular uzrli deb hisoblanishi mumkin.
160-modda. Maxsus da’vo muddatining to‘xtatilishi, uzilishi va tiklanishi
Da’vo muddatining to‘xtatilishi, uzilishi va tiklanishi haqidagi qoidalar (ushbu Kodeksning 156, 157 va 159-moddalari), agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, maxsus da’vo muddatiga nisbatan ham qo‘llanadi.
161-modda. Da’vo muddati o‘tganidan keyin majburiyatni bajarish
Da’vo muddati o‘tganidan keyin majburiyatini bajargan shaxs ijro etish paytida da’vo muddatining o‘tib ketganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganligidan qat’i nazar, bajargan narsasini qaytarishni talab qilishga haqli emas.
162-modda. Qo‘shimcha talablarga nisbatan da’vo muddatini qo‘llash
Asosiy talab bo‘yicha da’vo muddati o‘tishi bilan qo‘shimcha talablar (neustoyka, garov, kafolat va shu kabilar) bo‘yicha da’vo muddati ham o‘tgan hisoblanadi.
163-modda. Da’vo muddati joriy qilinmaydigan talablar
Da’vo muddati quyidagilarga joriy qilinmaydi:
shaxsiy nomulkiy huquqlarni va boshqa nomoddiy boyliklarni himoya qilish haqidagi talablarga, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno;
omonatchilarning o‘z omonatlarini berish to‘g‘risida bankka qo‘yadigan talablariga;
fuqaroning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga. Da’vo muddati o‘tganidan keyin qo‘zg‘atilgan talablar da’vo qo‘zg‘atilishidan oldingi ko‘pi bilan uch yil bo‘yicha qondiriladi;
jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablarga;
mulkdorning yoki boshqa egalik qiluvchining o‘z huquqini har qanday buzishlarni, garchi bu buzishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham (ushbu Kodeksning 231-moddasi), bartaraf etish haqidagi talablariga;
mamlakat mustaqilligi e’lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo‘lgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obyektlarni qaytarib berish haqidagi talablarga;
qonunda belgilangan hollarda boshqa talablarga.
II BO‘LIM
MULK HUQUQI VA BOShQA AShYoVIY HUQUQLAR
13-BOB
UMUMIY QOIDALAR
164-modda. Mulk huquqi tushunchasi
Mulk huquqi shaxsning o‘ziga qarashli mol-mulkka o‘z xohishi bilan va o‘z manfaatlarini ko‘zlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek o‘zining mulk huquqini, kim tomonidan bo‘lmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iboratdir. Mulk huquqi muddatsizdir.
165-modda. Mulkdor bo‘lmagan shaxslarning ashyoviy huquqlarining mazmuni
Mulk huquqi bilan bir qatorda xususan quyidagilar ashyoviy huquqlar hisoblanadi:
xo‘jalik yuritish huquqi va operativ boshqarish huquqi;
meros qilib qoldiriladigan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi;
yer uchastkasiga doimiy egalik qilish va undan foydalanish huquqi;
servitutlar.
Mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa shaxsga o‘tishi, agar qonunchilikda o‘zga tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu mol-mulkka nisbatan o‘zga ashyoviy huquqlarning bekor bo‘lishi uchun asos bo‘lmaydi.
Mulkdor bo‘lmagan shaxsning ashyoviy huquqlarining buzilishi ushbu Kodeksning 232-moddasida nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.
166-modda. Mulkning daxlsizligi
Mulk daxlsizdir va qonun bilan qo‘riqlanadi.
Mulkning daxlsizligi mulkdorga qarshi turgan barcha subyektlarning mulk huquqini buzishdan o‘zlarini saqlashlaridan iboratdir.
Mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
167-modda. Mulk shakllari
O‘zbekiston Respublikasida mulk xususiy mulk va ommaviy mulk shakllarida bo‘ladi.
168-modda. Mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, yuridik shaxslar va davlat mulk huquqining subyektlaridir.
Mol-mulk mulk huquqi asosida bir shaxsga yoki ikki va undan ortiq shaxslarga qarashli bo‘lishi mumkin.
Mol-mulk fuqaro, yuridik shaxs yoki davlatning mulki bo‘lishiga qarab mulk huquqini, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish huquqini vujudga keltirish va bekor qilish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
169-modda. Mulk huquqining obyektlari
Yer, yer osti boyliklari, suvlar, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar, korxonalar, ashyolar, shu jumladan binolar, kvartiralar, inshootlar, asbob-uskunalar, xomashyo va mahsulot, pul, qimmatli qog‘ozlar va boshqa mol-mulk, shuningdek intellektual mulk obyektlari mulk bo‘lishi mumkin.
170-modda. Yerga va boshqa tabiiy resurslarga bo‘lgan mulk huquqi va o‘zga ashyoviy huquqlar
Yerga va boshqa tabiiy resurslarga bo‘lgan mulk huquqi va o‘zga ashyoviy huquqlar ushbu Kodeks hamda boshqa qonunlar bilan tartibga solinadi.
171-modda. Uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni amalga oshirish xususiyatlari
Uy-joyga bo‘lgan mulk huquqini amalga oshirish xususiyatlari va boshqa ashyoviy huquqlar qonunchilik bilan tartibga solinadi.
172-modda. Mulk huquqini amalga oshirish shartlari
Mulkdorning o‘z huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.
Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada mulkdor boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yo‘l qo‘yishga majbur.
Mulkdor o‘zining ustunlik mavqeyini suiiste’mol qilishga, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini kamsitadigan o‘zga harakatlarni qilishga haqli emas.
Mulkdor o‘z huquqini amalga oshirganida fuqarolarning sog‘lig‘iga va atrof muhitga zarar yetkazishining oldini olish choralarini ko‘rishga majbur.
173-modda. O‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi
Ko‘chmas mulk (yer uchastkasi, boshqa ko‘chmas mulk) egasi qo‘shni yer uchastkasining egasidan, zarur hollarda esa — boshqa yer uchastkasining egasidan ham o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini berishni talab qilishga haqlidir.
O‘zganing yer uchastkasidan piyoda va transportda o‘ta olishni ta’minlash, elektr uzatgich, aloqa va quvur liniyalarini o‘tkazish va ulardan foydalanish, suv bilan ta’minlash uchun, shuningdek ko‘chmas mulk egasining ehtiyojlarini servitut belgilamay turib ta’minlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa ehtiyojlarini qondirish uchun servitut belgilanishi mumkin.
Yer uchastkasida servitut belgilanishi yer uchastkasi egasining ushbu uchastkaga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlaridan mahrum etmaydi.
Servitut belgilashni talab qilayotgan shaxs bilan o‘zga yer uchastkasining egasi o‘rtasidagi bitimga muvofiq servitut belgilanadi va u ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Servitutni belgilash xususida kelisha olinmasa yoki uning shartlarida murosaga kelinmasa, bahs servitut belgilashni talab qilayotgan shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan hal etiladi. Jamoat ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan hollarda servitut qonunga muvofiq tegishli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin (ommaviy servitut).
Uchastka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan berilgan yoki doimiy egalik qilish va foydalanish huquqi bilan berilgan shaxsning manfaatlari va talabi bo‘yicha ham ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan shartlarda va tartibda servitut belgilanishi mumkin.
1731-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tkazilganda servitutning saqlanishi
Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, servitut belgilangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda ham servitut saqlanib qoladi.
Servitut oldi-sotdi, hadya, garov yoki ijaraning mustaqil predmeti bo‘lishi mumkin emas, shuningdek uni servitut belgilangan ko‘chmas mulkning huquq egasi bo‘lmagan boshqa shaxslarga berish taqiqlanadi.
1732-modda. Servitut shartlari
Servitut ushbu Kodeksning 173-moddasida nazarda tutilgan asoslar amal qilishini yo‘qotmagunga qadar amal qiladi.
Servitut belgilanganda servitut belgilanayotgan yer uchastkasining maydoni, ushbu yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini qurish, ulardan foydalanish, ularni ko‘zdan kechirish va ta’mirlash shartlari, yer fondi toifasidan qat’i nazar, yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasining ijarachisiga va (yoki) mulkdoriga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tartibi, servitut belgilanayotgan yer uchastkasining joriy holati, yer uchastkasini undan belgilangan maqsadda foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish zarurligi, servitut uchun haq to‘lash tartibi, shuningdek servitut belgilangan yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklovlar ko‘rsatilishi shart.
Servitut belgilanganda qonunga muvofiq boshqa shartlar ham ko‘rsatilishi mumkin.
1733-modda. Servitut uchun haq to‘lash
Servitut belgilangan yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxsdan ushbu yer uchastkalaridan foydalanganlik uchun mutanosib haq talab qilishga haqlidir.
Yer uchastkasining servitut belgilangan qismi uchun yer solig‘i (ijara haqi) yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari tomonidan to‘lanadi, bunda servitut uchun to‘lanadigan (bir martalik yoki doimiy) haq miqdori servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer solig‘i (ijara haqi) summasidan kam bo‘lishi mumkin emas.
Servitut uchun haq to‘lashga oid boshqa shartlar, shuningdek servitut to‘lovsiz (tekin) amalga oshiriladigan holatlar qonunda belgilanadi.
1734-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari obyektlarini saqlash
Agar servitutni amalga oshirish uchun servitut belgilangan yer uchastkasida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari mavjud bo‘lishi talab etilsa, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, mazkur yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari bunday muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi kerakligi belgilanishi mumkin.
Agar yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari va mulkdorlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan birgalikda foydalanish huquqiga ega bo‘lsa, servitut kimning manfaatlarini ko‘zlab belgilangan bo‘lsa, o‘sha shaxs muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, ulardan foydalanish imkoniyatini ta’minlagan holda saqlashi kerak.
1735-modda. Servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish
Agar servitut belgilangan yer uchastkasini bo‘lish servitutdan foydalanishga to‘sqinlik qilmasa, servitut yer uchastkasining bo‘lingan qismlariga nisbatan ham saqlanib qoladi. Bunda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, bo‘lingan yer uchastkasining ijarachilari va mulkdorlari servitut shartlari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilishga haqli.
Agar servitut bo‘lingan yer uchastkasining faqat bitta qismiga belgilansa, u qolgan yer uchastkalariga nisbatan bekor qilinadi.
1736-modda. Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish
Servitut to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritishda va uni bekor qilishda ushbu Kodeksning shartnomalarni o‘zgartirish va bekor qilishga doir qoidalari qo‘llaniladi.
Ommaviy servitutni o‘zgartirish va bekor qilish qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Servitutni o‘zgartirish va bekor qilish ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
1737-modda. Binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka servitut belgilash
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer uchastkasidan foydalanishdan tashqari, cheklangan tarzda foydalanish zarur bo‘lgan binolar, inshootlar va boshqa ko‘chmas mulkka ham ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartibda hamda shartlarda servitut belgilanishi mumkin.
174-modda. Mol-mulkni saqlash vazifasi
O‘ziga qarashli mol-mulkni saqlash, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulkdor zimmasidadir.
175-modda. Mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lish yoki buzilish xavfi
Mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lish yoki buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulk egasining zimmasidadir.
14-BOB
XO‘JALIK YURITISh HUQUQI. OPERATIV BOShQARISh HUQUQI
176-modda. Xo‘jalik yuritish huquqi
Xo‘jalik yuritish huquqi asosida ixtiyorida mol-mulk bo‘lgan unitar korxona bu mol-mulkka ushbu Kodeksda belgilanadigan doirada egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi.
177-modda. Xo‘jalik yuritishida bo‘lgan mol-mulkka nisbatan mulkdorning huquqlari
Xo‘jalik yuritishida bo‘lgan mol-mulkning egasi qonunga muvofiq korxona tashkil etish, uning faoliyat sohasini va maqsadlarini aniqlash, uni qayta tashkil etish va tugatish masalasini hal qiladi, korxona direktorini (rahbarini) tayinlaydi, korxonaga qarashli mol-mulkdan belgilangan maqsadlarda foydalanilishi va uning saqlanishini nazorat qiladi.
Mulkdor korxonaning xo‘jalik yuritishida bo‘lgan mol-mulkni ishlatishdan kelgan foydaning bir qismini olish huquqiga ega.
Unitar korxona xo‘jalik yuritish huquqi asosida o‘ziga qarashli bo‘lgan ko‘chmas mulkni mulkdorning roziligisiz sotishga, ijaraga berishga, garovga qo‘yishga, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarining ustav fondiga hissa sifatida topshirishga yoki bu mol-mulkni boshqacha usulda tasarruf etishga haqli emas.
Korxonaga qarashli boshqa mol-mulkni u mustaqil tasarruf etadi.
178-modda. Operativ boshqarish huquqi
Davlat korxonasi, shuningdek muassasasi o‘zlariga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkka nisbatan qonunda belgilab qo‘yilgan doirada, o‘z faoliyatining maqsadlariga, mulkdorning topshiriqlariga hamda mol-mulkning vazifasiga muvofiq holda egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlarini amalga oshiradilar.
Davlat korxonasi yoki muassasasiga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkning egasi ortiqcha, foydalanilmayotgan yoki noo‘rin foydalanilayotgan mol-mulkni olib qo‘yish hamda uni o‘zi xohlagan tarzda tasarruf etishga haqli.
179-modda. Davlat korxonasining mol-mulkini tasarruf etish
Davlat korxonasi o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkni uning mulkdorining roziligi bilangina boshqa shaxsga berishga yoki uni boshqacha usulda tasarruf etishga haqli.
Davlat korxonasi o‘zi ishlab chiqaradigan mahsulotni, agar qonunchilikda o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, o‘zi mustaqil tasarruf etadi.
Davlat korxonasining daromadlarini taqsimlash tartibi uning mulkdori tomonidan belgilanadi.
180-modda. Muassasa mol-mulkini tasarruf etish
Muassasa o‘ziga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkni va smeta bo‘yicha unga ajratilgan mablag‘larga sotib olingan mol-mulkni boshqa shaxsga berishga yoki o‘zgacha usul bilan tasarruf etishga haqli emas.
Agar ta’sis hujjatlariga muvofiq muassasaga daromad keltiradigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi berilgan bo‘lsa, bunday faoliyatdan olingan daromad va bu daromad hisobidan sotib olingan mol-mulk muassasaning mustaqil tasarrufiga o‘tadi va alohida balansda hisobga olinadi.
181-modda. Xo‘jalik yuritish va operativ boshqarish huquqlarining vujudga kelishi va bekor bo‘lishi
Mulkdorning qarori bilan unitar korxonaga yoki muassasaga biriktirib qo‘yilgan mol-mulkni xo‘jalik usulida yuritish huquqi yoki operativ boshqarish huquqi ushbu korxona yoki muassasada unga mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi, basharti qonunchilikda yoki mulkdorning qarori bilan boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa.
Xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqarishida bo‘lgan mol-mulkdan foydalanishdan olingan hosil, mahsulot va daromadlar, shuningdek unitar korxona yoki muassasa shartnoma bo‘yicha yoxud boshqa asoslarda vujudga kelgan mol-mulk ham ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda mulk huquqining vujudga kelishi uchun belgilab qo‘yilgan tartibda korxona yoki muassasaning xo‘jalik yuritishiga yoki operativ boshqarishiga o‘tadi.
Mol-mulkni xo‘jalik usulida yuritish huquqi va operativ boshqarish huquqi mulkdorning qarori bilan va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa asoslarda bekor qilinadi.
15-BOB
MULK HUQUQINING VUJUDGA KELIShI VA UNING BEKOR BO‘LIShI
182-modda. Mulk huquqining vujudga kelish asoslari
Mulk huquqining vujudga kelish asoslari quyidagilardan iborat: mehnat faoliyati; mol-mulkdan foydalanish sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyati, shu jumladan mol-mulkni yaratish, ko‘paytirish, bitimlar asosida qo‘lga kiritish; davlat mol-mulkini xususiylashtirish; meros qilib olish; egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat; qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa asoslar.
183-modda. Mulkni yaratish va ko‘paytirish
Mulk huquqi yangi mol-mulkni yaratish hamda mulkdor ixtiyoridagi mol-mulkni ko‘paytirish natijasida vujudga kelishi mumkin.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkdan xo‘jalik usulida va o‘zgacha usulda foydalanish natijalari, shu jumladan mahsulot, hosil va boshqa daromadlar mulkdorga tegishli bo‘ladi.
184-modda. Bitim bo‘yicha mol-mulkni olish
Mol-mulk olish-sotish, ayirboshlash, hadya qilish shartnomalari, hamda qonun bilan taqiqlanmagan boshqa bitimlar asosida mulk qilib olinishi mumkin.
Basharti, qonun hujjatlarida boshqacha ko‘rsatilmagan bo‘lsa, mol-mulk yangi mulkdorga o‘tganida, universal huquqiy vorislik tartibida sobiq mulkdorning huquq va burchlari ham unga o‘tadi.
185-modda. Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqining vujudga kelish payti
Shartnoma asosida mol-mulk oluvchida mulk huquqi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo topshirilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Agar mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi yoki notarial tasdiqlanishi kerak bo‘lsa, mol-mulkni oluvchida mulk huquqi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki tasdiqlangan paytdan boshlab, shartnomani ham notarial tasdiqlash, ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazish zarur bo‘lganida esa — ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
186-modda. Ashyolarni topshirish
Ashyolarni oluvchiga topshirish, shuningdek yetkazib berish majburiyatini olmagan holda boshqa shaxsga berilgan ashyolarni oluvchiga jo‘natish uchun transport tashkilotiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish ashyolarni topshirish hisoblanadi.
Ashyo oluvchining yoki u ko‘rsatgan shaxsning ixtiyoriga amalda tushgan paytdan boshlab oluvchiga topshirilgan hisoblanadi.
Ashyoni tasarrufdan chiqarish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilayotgan paytgacha u oluvchining ixtiyoriga o‘tib bo‘lgan bo‘lsa, ashyo unga shu paytdan e’tiboran topshirilgan hisoblanadi.
Konosamentni yoki ashyoga tegishli boshqa tasarruf etuvchi hujjatni topshirish ham ashyoni topshirishga tenglashtiriladi.
187-modda. Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat
Mulkdor bo‘lmagan, lekin ko‘chmas mol-mulkka o‘n besh yil davomida yoki boshqa mol-mulkka besh yil davomida o‘ziniki kabi halol, oshkora va uzluksiz egalik qilgan shaxs bu mol-mulkka mulk huquqini oladi (egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat).
Ko‘chmas va boshqa mol-mulkka davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan mulk huquqi ushbu mol-mulkka egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli olgan shaxsda ana shunday ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mulk huquqini olganga qadar mol-mulkka o‘ziniki kabi egalik qilib turgan shaxs o‘z egaligini mol-mulkning egalari bo‘lmagan, shuningdek qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra egalik qilish huquqi bo‘lmagan uchinchi shaxslardan himoya qilish huquqiga ega.
Egalik qilish muddatini vaj qilib keltiradigan shaxs o‘zi huquqiy vorisi bo‘lgan shaxsning bu mol-mulkka egalik qilib kelgan barcha vaqtini o‘zining egalik qilish vaqtiga qo‘shishi mumkin.
Shaxs ixtiyorida bo‘lib, ushbu Kodeksning 228, 229, 230 va 232-moddalariga muvofiq uning egaligidan talab qilib olinishi mumkin bo‘lgan ashyolarga doir egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tegishli talablar bo‘yicha da’vo muddati tamom bo‘lganidan keyin o‘ta boshlaydi.
188-modda. Yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi
Fuqarolar va yuridik shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, tartibda va shartlarda yuzaga keladi.
189-modda. Hamma yig‘ib olishi mumkin bo‘lgan ashyolarni mulkka aylantirish
Qonunchilikda yovvoyi mevalar, yong‘oq, zamburug‘lar, rezavor mevalar hamda o‘simlik, hayvonot dunyosi va jonsiz tabiatning hamma olishi mumkin bo‘lgan boshqa obyektlarini yig‘ish yo‘li bilan fuqarolar mulkiga aylantirish tartibi va shartlari belgilab qo‘yilishi mumkin.
190-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarini xo‘jasizlarcha saqlash
Agar mulkdor o‘ziga qarashli moddiy madaniy meros obyektiga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lsa va uning but saqlanishini ta’minlamasa, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organlar mulkdorni moddiy madaniy meros obyektiga xo‘jasizlarcha munosabatda bo‘lishni to‘xtatish haqida ogohlantiradi. Agar mulkdor ushbu talabni bajarmasa, tegishli organlarning da’vosiga ko‘ra sud moddiy madaniy meros obyektini olib qo‘yish haqida qaror chiqarishi mumkin va ushbu moddiy madaniy meros obyekti davlat mulkiga o‘tadi. Olib qo‘yilgan moddiy madaniy meros obyektining qiymati mulkdorga kelishuvda belgilangan miqdorda, nizo chiqqan taqdirda esa sud tomonidan belgilangan miqdorda to‘lanadi.
Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda moddiy madaniy meros obyektini olib qo‘yish haqidagi da’vo oldindan ogohlantirmasdan ham qo‘zg‘atilishi mumkin.
191-modda. Egasiz ashyo
Egasi bo‘lmagan yoki egasi noma’lum bo‘lgan ashyo egasiz ashyo hisoblanadi.
Agar bu hol topilma to‘g‘risidagi, qarovsiz hayvonlar va xazina to‘g‘risidagi qoidalarda rad etilmagan bo‘lsa, egasiz ko‘char ashyolarga egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
Egasiz ko‘chmas ashyolar tegishli davlat organining yoki fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasiga muvofiq ko‘chmas mol-mulkni davlat ro‘yxatiga oluvchi organ tomonidan hisobga olinadi.
Egasiz ko‘chmas ashyo hisobga olinganidan keyin bir yil muddat o‘tgach, davlat mol-mulkini boshqarishga vakolati bo‘lgan organ yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi bu ashyoni davlat mulkiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga kirgan deb hisoblash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat etishi mumkin.
Sudning hal qiluv qaroriga binoan davlat mulkiga o‘tmagan deb hisoblangan egasiz ko‘chmas ashyo uni tashlab ketgan mulkdorning egaligiga, foydalanishiga va tasarrufiga yana qabul qilinishi yoki egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida qo‘lga kiritilishi mumkin.
Egasiz ashyolarni aniqlash va hisobga olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanadi.
192-modda. Topilma
Yo‘qolgan ashyoni topib olgan shaxs bu haqda uni yo‘qotgan shaxsni yoki ashyo egasini yoxud uni olish huquqiga ega bo‘lgan o‘zga ma’lum shaxslardan birontasini darhol xabardor etishi hamda topilgan ashyoni shu shaxsga qaytarishi shart.
Basharti, ashyo binoda yoki transportda topilgan bo‘lsa, u shu binoning yoki transport vositasining egasi bo‘lmish shaxsga topshirilmog‘i lozim. Topilma topshirilgan shaxs ashyoni topib olgan shaxsning huquqlarini qo‘lga kiritadi va uning majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Basharti, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs noma’lum bo‘lsa yoki uning manzili ma’lum bo‘lmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ma’lum qilishi shart.
Ashyoni topib olgan shaxs uni o‘zida saqlab turishga yoki saqlash uchun ichki ishlar organi, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga yoxud ular ko‘rsatgan shaxsga topshirishga haqlidir.
193-modda. Topilmaga egalik huquqini olish
Agar yo‘qolgan ashyoni olishga haqli bo‘lgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan e’tiboran olti oy mobaynida aniqlanmasa hamda ashyoni topgan shaxsga yoxud ichki ishlar organiga, tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ushbu ashyoga bo‘lgan o‘z huquqi to‘g‘risida arz qilmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilgan ashyoni mulk qilib olishdan bosh tortsa, ashyo davlat mulkiga o‘tadi.
194-modda. Topilma bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash va ashyoni topib olgan shaxsni taqdirlash
Ashyoni topib olgan hamda uni olishga haqli bo‘lgan shaxsga qaytarib bergan shaxs ana shu shaxsdan, ashyo davlat mulkiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tgan hollarda esa — tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan ashyoni saqlash, topshirish yoki sotish bilan bog‘liq xarajatlarni, shuningdek ashyoni olishga haqli bo‘lgan shaxsni topish uchun ketgan xarajatlarni undirish huquqiga ega.
Ashyoni topib olgan shaxs uni olishga haqli bo‘lgan shaxsdan topilma uchun ashyo qiymatining yigirma foiziga qadar miqdorida mukofot talab qilishga haqlidir.
Basharti, topib olingan hujjatlar yoki o‘zga ashyolar ularni olishga haqli bo‘lgan shaxsning o‘zi uchungina qimmatga ega bo‘lsa, mukofot miqdori shu shaxs bilan kelishuv asosida, kelishuvga erishib bo‘lmagan taqdirda esa — sud orqali belgilanadi. Topilgan ashyoni qaytarib berishni talab qilishga haqli bo‘lgan shaxs topilma uchun ko‘pchilik o‘rtasida mukofot va’da qilgan bo‘lsa, u ko‘pchilik o‘rtasida va’da qilingan mukofotni o‘sha shartlarga muvofiq to‘laydi.
Basharti, ashyoni topib olgan shaxs topilma haqida xabar qilmagan bo‘lsa yoki uni yashirishga uringan bo‘lsa, mukofot olish huquqi vujudga kelmaydi.
195-modda. Qarovsiz hayvonlar
Qarovsiz yoki adashgan chorva mollarini yoxud boshqa qarovsiz uy hayvonlari yoki qo‘lga o‘rgatilgan hayvonlarni tutib olgan shaxs ularni egasiga qaytarishi shart, basharti hayvonlarning egasi yoki uning qayerdaligi noma’lum bo‘lsa, tutib olgan paytdan boshlab uch kundan kechiktirmay topilgan hayvonlar to‘g‘risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga xabar qilishi shart, ular hayvonlarning egasini qidirish choralarini ko‘radilar.
Hayvonlarning egasi qidirilayotgan vaqtda ularni saqlash hamda ulardan foydalanish uchun tutib olgan shaxsda qoldirilishi yoxud zarur sharoiti bo‘lgan boshqa shaxsga saqlash va foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxsning iltimosiga ko‘ra hayvonlarni boqishi uchun zarur sharoiti bo‘lgan shaxsni topish hamda hayvonlarni unga topshirishni tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz hayvonlarni tutish bo‘limlari, tegishli davlat organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi amalga oshiradi.
Qarovsiz hayvonlarni tutib olgan shaxs hamda bu hayvonlar saqlash va foydalanish uchun berib turilgan shaxs ularni lozim darajada saqlashlari shart va hayvonlar nobud bo‘lishi yoki shikastlanishi uchun aybdor bo‘lsalar, hayvonlarning narxi doirasida javobgar bo‘ladilar.
196-modda. Xazina
Egasi aniqlanishi mumkin bo‘lmagan yoki qonunga binoan huquqlarini yo‘qotgan xazina, ya’ni erga ko‘milgan yoki boshqacha usulda yashirilgan pul yoxud qimmatbaho buyumlar xazina yashirib qo‘yilgan mol-mulk (yer uchastkasi, imorat va shu kabilar) mulkdori bo‘lgan shaxs va xazinani topgan shaxs mulkiga, agar ular o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, teng ulushlarda o‘tadi.
Xazina u yashirib qo‘yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs tomonidan topilgan taqdirda, bu xazina u topilgan yer uchastkasining yoki boshqa mol-mulkning egasiga topshirilishi kerak.
Moddiy madaniy meros obyektlari jumlasiga kiradigan ashyolardan iborat xazina topilgan taqdirda, ular davlat mulkiga topshirilishi kerak. Bunda xazina yashirib qo‘yilgan yer uchastkasi yoki boshqa mol-mulkning egasi va xazinani topgan shaxs birgalikda xazina qiymatining ellik foizi miqdorida mukofot olish huquqiga egadirlar. Agar ular o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, mukofot bu shaxslar o‘rtasida teng ulushlarda taqsimlanadi.
Bunday xazinani u yashirib qo‘yilgan mol-mulk egasining roziligisiz qazishma ishlarini olib borgan yoki boylik qidirgan shaxs topib olsa, bu shaxsga mukofot to‘lanmaydi va xazina batamom mulkdorning ixtiyoriga o‘tadi.
Xazina topish uchun qazishma va qidiruv ishlarini olib borish mehnat yoki xizmat vazifalariga kiradigan shaxslarga nisbatan ushbu moddaning qoidalari qo‘llanilmaydi.
197-modda. Mulk huquqining bekor bo‘lish asoslari
Mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qo‘yish (sotib olish) yo‘li bilan, shuningdek mulk huquqini qonun asosida bekor qiluvchi qonunchilik hujjatiga asosan bekor bo‘ladi.
198-modda. Mol-mulkni tugatish va hisobdan chiqarish
Mol-mulkni yo‘q qilish (tugatish) natijasida mulk huquqini bekor qilishga qonunlarga zid bo‘lmagan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Mulkdor tomonidan tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki o‘zga madaniy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulkning yo‘q qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Alohida hollarda sud qarori bilan mazkur mol-mulk musodara qilinishi yoki agar u yo‘q qilingan bo‘lsa, uning qiymati undirib olinishi mumkin.
Mol-mulkni yuridik shaxsning balans hisobidan chiqarish natijasida mulk huquqining bekor qilinishi qonunchilikda yoki ta’sis hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
199-modda. Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yish
Mol-mulkni mulkdordan olib qo‘yishga qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv ana shu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, shuningdek natsionalizatsiya qilish, rekvizitsiya va musodara qilish tartibida yo‘l qo‘yiladi.
Agar qonunga asosan shaxsga tegishli bo‘la olmaydigan mol-mulk uning mulki bo‘lib qolsa, ushbu mol-mulkka nisbatan mulk huquqi sud tartibida bekor qilinib, olib qo‘yilgan mol-mulkning qiymati shaxsga to‘lanadi.
200-modda. Qarzni nizosiz tartibda undirib olish
Majburiyatlar bo‘yicha qarzni, shu jumladan budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzni nizosiz tartibda undirib olishga qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.
Mulkdor nizosiz tartibda undirib olish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda sudga murojaat qilishga haqli.
201-modda. Qimmatbaho metallar va toshlarga mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor bo‘lish xususiyatlari
Xom va ishlov berilgan qimmatbaho metallar va toshlarga (zargarlik va boshqa maishiy buyumlardan tashqari) mulk huquqining vujudga kelish hamda bekor bo‘lish xususiyatlari qonunchilik bilan belgilab qo‘yiladi.
202-modda. Natsionalizatsiya
Natsionalizatsiya — fuqarolarga hamda yuridik shaxslarga qarashli natsionalizatsiya qilinayotgan mol-mulkka nisbatan mulk huquqini haq to‘lash asosida qonunga muvofiq davlat ixtiyoriga o‘tkazishdan iborat.
Mazkur mol-mulk keyinchalik denatsionalizatsiya qilingan taqdirda, agar qonun hujjatlarida o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, sobiq mulkdorlar ushbu mol-mulkning qaytarib berilishini talab qilishga haqlidirlar.
203-modda. Rekvizitsiya
Tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar yuz bergan taqdirda va favqulodda tusdagi boshqa vaziyatlarda mol-mulk jamiyat manfaatlarini ko‘zlab, davlat hokimiyati organi qaroriga muvofiq mulkdordan unga mol-mulkning qiymatini to‘lagan holda qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida olib qo‘yilishi mumkin (rekvizitsiya).
Rekvizitsiya o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan vaziyatlarning amal qilishi to‘xtaganidan keyin rekvizitsiya qilingan mol-mulkning sobiq egasi saqlanib qolgan mol-mulkni o‘ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.
204-modda. Musodara
Qonunda nazarda tutilgan hollarda mol-mulk sudning qaroriga muvofiq jinoyat yoki o‘zga huquqbuzarlik qilganlik uchun haq to‘lamasdan mulkdordan olib qo‘yilishi mumkin (musodara).
205-modda. Mol-mulkni olib qo‘yish chog‘ida uning qiymatini aniqlash va zararlarni undirib olish huquqi
Mulk huquqi bekor qilinganda olib qo‘yilayotgan mol-mulkning qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib o‘rnatilgan bo‘lmasa, baholovchi tashkilot tomonidan mulk huquqi bekor qilingan paytda belgilanadi.
Olib qo‘yilgan mol-mulkning qiymatini mulkdorga to‘lash bahosi haqida mulkdor sudga e’tiroz bildirishi mumkin.
Mulkdor mol-mulkining olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarni to‘lashni ham talab qilishga haqli.
206-modda. Mulkdorning mol-mulkini bevosita olib qo‘yishga qaratmagan holda mulk huquqining bekor qilinishi
Davlat organining mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga bevosita qaratilmagan qarori munosabati bilan, shu jumladan mulkdorga qarashli uy, boshqa imoratlar, inshootlar yoki ekinlar joylashgan yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori munosabati bilan mulk huquqining bekor qilinishiga qonunda belgilangan hollar va tartibdagina yo‘l qo‘yiladi, bunda mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida beriladi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanadi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda to‘lanadi.
Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uylarning, boshqa imoratlarning, inshootlarning yoki ekinlarning, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatini aniqlash belgilangan tartibda baholovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda xususiy mulk huquqi bekor qilinganda olib qo‘yilayotgan mol-mulkning va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati bevosita ushbu mol-mulkni olib qo‘yishdan oldingi holatga ko‘ra yoki kelgusida olib qo‘yilishi haqidagi xabar mol-mulkning va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatiga ta’sir qilgan paytdagi holatga ko‘ra baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadi.
Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanguniga qadar yo‘l qo‘yilmaydi.
Mulk huquqining bekor qilinishiga olib keladigan qarorga mulkdor rozi bo‘lmagan taqdirda, bu qaror nizo sud tomonidan hal qilingunicha amalga oshirilishi mumkin emas. Nizoni ko‘rib chiqish vaqtida mulkdorga yetkazilgan zararni to‘lash bilan bog‘liq barcha masalalar ham hal qilinadi.
16-BOB
XUSUSIY MULK
207-modda. Xususiy mulk huquqi
Xususiy mulk huquqi shaxsning qonunchilikka muvofiq tarzda qo‘lga kiritgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqidir.
Xususiy mulk bo‘lgan mol-mulkning miqdori va qiymati cheklanmaydi.
208-modda. Xususiy mulk huquqining subyektlari
Fuqarolar, xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, kooperativlar, jamoat birlashmalari, ijtimoiy fondlar va davlatga qarashli bo‘lmagan boshqa yuridik shaxslar xususiy mulk huquqining subyektlari hisoblanadilar.
209-modda. Xususiy mulk huquqining obyektlari
Qonun bilan man etilgan ayrim ashyolardan tashqari har qanday mol-mulk xususiy mulk bo‘lishi mumkin.
210-modda. Uy-joy (kvartira)ga mulk huquqining vujudga kelish tartibi
Belgilangan tartibda ajratib berilgan yer uchastkasida qurilayotgan yangi uy-joyga mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Davlatga qarashli uy-joy (kvartira)ga mulk huquqi qonunchilikda nazarda tutilgan xususiylashtirish tartibida vujudga keladi.
Kooperativ uy-joyga, kvartiraga, garajga, chorboqqa va boshqa binolarga mulk huquqi kooperativ a’zosi pay badallarini batamom to‘lab bo‘lganidan keyin vujudga keladi.
211-modda. Ko‘p kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy mol-mulki
Ko‘p kvartirali uydagi turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mulkdorlariga shu uyning umumiy joylarini, tayanch va to‘siq konstruksiyalar, kvartiralar oralig‘idagi ihotalangan (o‘ralma) pillapoyalar, zinapoyalar, liftlar, liftning shaxtalari va boshqa shaxtalar, dahlizlar, texnik qavatlar, yerto‘lalar, cherdaklar va tomlar, uy ichidagi muhandislik tarmoqlari va kommunikatsiyalari, joylar tashqarisida yoki ichida joylashgan va bittadan ortiq joyga xizmat ko‘rsatadigan mexanik, elektr, sanitariya-texnika uskunalari va qurilmalari hamda boshqa uskunalar va qurilmalarni o‘z ichiga olgan umumiy mol-mulk ulushli mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.
Ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka egalik huquqidagi turar joylar va yashash uchun mo‘ljallanmagan joylar mulkdorlari ulushlarining miqdori hamda mazkur mol-mulkni saqlash va asrash bo‘yicha xarajatlarni mulkdorlar o‘rtasida taqsimlash tartibi uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
Ko‘p kvartirali uydagi umumiy mol-mulkka nisbatan ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini boshqa shaxsga berishga, undan fuqarolar yoki yuridik shaxslar foydasiga voz kechishga, shuningdek uni o‘ziga qarashli turar joyga yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joyga bo‘lgan mulk huquqidan alohida tarzda boshqa shaxsga o‘tishiga sabab bo‘luvchi o‘zga xatti-harakatlar sodir etishga haqli emas.
212-modda. O‘zboshimchalik bilan imorat qurish va uning oqibatlari
Qonunchilikda belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.
O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da’vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim, ushbu moddaning to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Imorat qurilgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lgan, unga umrbod meros sifatida egalik qilayotgan, doimiy egalik qilayotgan va foydalanayotgan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi sud tomonidan e’tirof etilishi mumkin. Bu holda imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilgan shaxs imorat qurgan shaxsning xarajatlarini sud belgilagan miqdorda qoplaydi.
Basharti, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratning saqlab qolinishi boshqa shaxslarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lsa, yoxud fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirsa, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratga nisbatan mulk huquqi e’tirof etilishi mumkin emas.
17-BOB
OMMAVIY MULK
213-modda. Ommaviy mulk tushunchasi
Respublika mulki va ma’muriy-hududiy tuzilmalar mulkidan (munitsipal mulk) iborat bo‘lgan davlat mulki ommaviy mulkdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida mulkchilik munosabatlari, shu jumladan ommaviy mulk munosabatlari ushbu Kodeks bilan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
214-modda. Respublika mulki
Yer, yer osti boyliklari, suv, havo bo‘shlig‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy boyliklar, davlat hokimiyati va boshqaruvi respublika organlarining mol-mulki, davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan moddiy madaniy meros obyektlari, respublika budjetining mablag‘lari, oltin zaxirasi, davlatning valyuta fondi va boshqa fondlari respublika mulkidir, shuningdek korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, o‘quv, ilmiy, ilmiy-tadqiqot muassasalari va tashkilotlari, intellektual faoliyat natijalari, basharti bular budjet yoki davlatning o‘zga mablag‘lari hisobidan yaratilgan yoki sotib olingan bo‘lsa, boshqa mol-mulk respublika mulki bo‘lishi mumkin.
Respublika mulki bo‘lgan mol-mulkni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki ular maxsus vakil qilgan organlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tasarruf qiladilar.
Respublika mulki bo‘lgan mol-mulk davlat yuridik shaxslariga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qo‘yilishi mumkin.
Respublika mulki respublika budjetiga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.
Respublika mulki obyektlari qonunchilikda belgilab qo‘yilgan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
215-modda. Munitsipal mulk
Davlat hokimiyati mahalliy organlarining mol-mulki, mahalliy budjet mablag‘lari, munitsipal uy-joy fondi va kommunal xo‘jalik, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, xalq ta’limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash muassasalari, shuningdek boshqa mol-mulk munitsipal mulk bo‘ladi.
Munitsipal mulk bo‘lgan mol-mulkni, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat hokimiyati mahalliy organlari yoki ular vakil qilgan organlar tasarruf etadilar.
Munitsipal mulk bo‘lgan mol-mulk yuridik shaxslarga xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida biriktirib qo‘yilishi mumkin.
Munitsipal mulk mahalliy budjetga tushadigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar hisobidan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga muvofiq boshqa tushumlar hisobidan tashkil etiladi.
Munitsipal mulk obyektlari qonunchilikda belgilangan tartibda va shartlar asosida xususiy mulk qilib berilishi mumkin.
18-BOB
UMUMIY MULK
216-modda. Umumiy mulk tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida bo‘lgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.
Mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qo‘yilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qo‘yilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk bo‘lishi mumkin.
Umumiy mulk bo‘lgan mol-mulk ulushlarga bo‘linadi, qonunda bu mol-mulkning birgalikdagi mulkni tashkil etishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Umumiy birgalikdagi mulk o‘z vazifasini o‘zgartirmagan holda taqsimlanishi mumkin bo‘lmagan (bo‘linmaydigan ashyolar) yoki qonunga ko‘ra taqsimlanishi mumkin bo‘lmagan mol-mulk ikki yoki undan ortiq shaxs mulkiga o‘tgan paytda vujudga keladi.
Taqsimlanadigan mol-mulkning umumiy birgalikdagi mulkligi qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda vujudga keladi.
Birgalikdagi mulk ishtirokchilarining kelishuviga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa — sudning qaroriga muvofiq umumiy mol-mulk bu shaxslarning ulushli mulki qilib belgilab qo‘yilishi mumkin.
217-modda. Ulushli mulkdagi ulushlarni aniqlash
Agar ulushli mulk ishtirokchilarining ulushlari qonun asosida belgilanishi mumkin bo‘lmasa hamda uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, ulushlar teng deb hisoblanadi.
Ulushli mulk barcha ishtirokchilarning kelishuvi bilan ishtirokchilardan har birining ulushini ularning umumiy mol-mulkni vujudga keltirish va ko‘paytirishga qo‘shgan hissasiga qarab aniqlash va o‘zgartirish tartibi belgilanishi mumkin.
Umumiy mol-mulkdan foydalanishning belgilab qo‘yilgan tartibiga amal qilgan holda ushbu mol-mulkni o‘z hisobidan ajratib olish mumkin bo‘lmaydigan tarzda yaxshilagan ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mulk huquqidagi o‘z ulushining tegishli darajada ko‘paytirilishiga haqli bo‘ladi.
Umumiy mol-mulkdagi ajratib olish mumkin bo‘ladigan yaxshilashlar, agar ulushli mulk ishtirokchilarining kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu yaxshilashlarni amalga oshirgan ishtirokchining mulkiga qo‘shiladi.
218-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkni tasarruf etish
Ulushli mulkdagi mol-mulk uning barcha ishtirokchilarining kelishuvi bilan tasarruf etiladi.
Ulushli mulk ishtirokchisi o‘z xohishiga qarab o‘z ulushini sotishga, sovg‘a qilishga, vasiyat qilib qoldirishga, garovga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga ulushni haq evaziga boshqa shaxsga berish chog‘ida ushbu Kodeksning 224-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda haqli bo‘ladi.
219-modda. Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish
Ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish uning barcha ishtirokchilari kelishuviga muvofiq amalga oshiriladi. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, ulushli mulkdagi umumiy mol-mulkka egalik qilish va undan foydalanish sud tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
Ulushli mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkning ishtirokchi ulushiga teng bo‘lgan qismi o‘zining egaligiga va foydalanishiga berilishiga, buning iloji bo‘lmagan taqdirda esa — o‘z ulushi bo‘lgan mol-mulkka egalik qilayotgan va undan foydalanayotgan boshqa ishtirokchilardan tegishli haq talab qilish huquqiga ega.
220-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar
Ulushli mulkdagi mol-mulkdan foydalanish natijasida keladigan hosil, mahsulot va daromadlar umumiy mol-mulk tarkibiga qo‘shiladi va ulushli mulk ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ular o‘rtasida ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
221-modda. Umumiy ulushli mulkdagi mol-mulkni saqlash xarajatlarini taqsimlash
Har bir mulkdor umumiy mol-mulk bo‘yicha soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashda, shuningdek mol-mulkni saqlash va asrash chiqimlarida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ulushiga qarab qatnashishi shart.
Zarur bo‘lmagan hamda mulkdorlardan biri tomonidan qolganlarning roziligisiz qilingan xarajatlar uning o‘z zimmasiga tushadi. Bunda kelib chiqadigan nizolar sud tartibida hal qilinishi kerak.
222-modda. Umumiy mulk huquqidagi ulushning shartnoma bo‘yicha oluvchiga o‘tish payti
Umumiy mulk huquqidagi ulush shartnoma bo‘yicha oluvchiga, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma tuzilgan paytdan boshlab o‘tadi.
Umumiy mulk huquqidagi ulushning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan shartnoma bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tish payti ushbu Kodeks 185-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq belgilanadi.
223-modda. Ulushli mulkdagi mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkin.
Ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqli.
Ulushli mulk ishtirokchilari umumiy mol-mulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari to‘g‘risida kelishuvga erisha olmasalar, ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqli.
Agar ulushni asl holida ajratib olishga qonun yo‘l qo‘ymasa yoki uni umumiy mulk bo‘lgan mol-mulkka nomutanosib zarar yetkazmasdan ajratib olish mumkin bo‘lmasa, ajralib chiqayotgan mulkdor ulushli mulkning boshqa ishtirokchilari tomonidan ulushining qiymati to‘lanishini talab qilish huquqiga ega.
Ushbu modda asosida ulushli mulk ishtirokchisiga asl holida ajratib berilayotgan mol-mulkning uning mulk huquqidagi ulushiga nomutanosibligi tegishli pul summasini to‘lash yoki boshqacha kompensatsiya to‘lash yo‘li bilan bartaraf etiladi.
Ulushli mulk ishtirokchisiga uning ulushini asl holida ajratib berish o‘rniga boshqa mulkdorlar tomonidan kompensatsiya to‘lanishiga ishtirokchining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Mulkdorning ulushi arzimas bo‘lgan, amalda ajratib berilishi mumkin bo‘lmagan va u umumiy mol-mulkdan foydalanishdan katta manfaatga ega bo‘lmagan hollarda sud ushbu mulkdor rozilik bermagan taqdirda ham ulushli mulkning qolgan ishtirokchilari zimmasiga mazkur mulkdorga kompensatsiya to‘lash majburiyatini yuklashi mumkin.
Ushbu moddaga muvofiq mulkdor kompensatsiya olganidan keyin umumiy mol-mulkdagi ulushiga bo‘lgan huquqini yo‘qotadi.
224-modda. Imtiyozli sotib olish huquqi
Mulkdorlardan biri o‘z ulushini boshqa shaxsga sotgan vaqtida qolgan mulkdorlar sotilayotgan ulushni u sotiladigan narxda va boshqa teng shartlarda imtiyozli sotib olish huquqiga egadirlar, kimoshdi savdosi orqali sotish hollari bundan mustasno.
Umumiy mulkdagi ulushni sotuvchi o‘z ulushini o‘zga shaxsga sotish niyati haqida boshqa mulkdorlarga yozma ravishda ma’lum qilib, ulushning narxini va uni sotishning boshqa shartlarini ko‘rsatishi shart.
Agar qolgan mulkdorlar imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirishdan voz kechsalar yoki bu huquqni xabar qilingan kundan e’tiboran ko‘chmas mulkka nisbatan bir oy davomida, boshqa mol-mulkka nisbatan esa — o‘n kun davomida amalga oshirmasalar, sotuvchi o‘z ulushini har qanday shaxsga sotishga haqli bo‘ladi.
Ulush imtiyozli sotib olish huquqini buzgan holda sotilgan taqdirda, boshqa mulkdorlar uch oy mobaynida sotib oluvchining huquq va majburiyatlarini o‘zlariga o‘tkazishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar.
Ulushni sotib olishning imtiyozli huquqini boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat organi yoki boshqa yuridik shaxs umumiy mulk bo‘lgan uy-joy (xonadon)dagi o‘z ulushini sotgan vaqtida uyning (xonadonning) tegishli qismida ijaraga oluvchilar sifatida yashayotgan shaxslar ushbu modda qoidalari asosida imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo‘ladilar, ular bu huquqdan voz kechsalar yoki uni amalga oshirmasalar — boshqa mulkdorlar bu huquqqa ega bo‘ladilar.
Ushbu moddaning qoidalari ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha ulushni boshqa shaxsga berish chog‘ida ham qo‘llaniladi.
225-modda. Birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish
Agar birgalikdagi mulk ishtirokchilari o‘rtasidagi kelishuv bilan boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ular umumiy mulkka birgalashib egalik qiladilar va undan foydalanadilar.
Birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulk barcha ishtirokchilarning roziligi bilan tasarruf etiladi, mol-mulkni tasarruf etish xususidagi bitim ishtirokchilardan qaysi biri tomonidan tuzilayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, bunday rozilik talab qilinadi.
Birgalikdagi mulkning har bir ishtirokchisi, agar barcha ishtirokchilarning kelishuvidan boshqacha tartib anglashilmasa, umumiy mol-mulkni tasarruf etish xususida bitimlar tuzishga haqli. Birgalikdagi mulk ishtirokchilaridan biri tuzgan umumiy mol-mulkni tasarruf etish bilan bog‘liq bitim uni tuzgan ishtirokchining zarur vakolatlari yo‘qligi sababli, bitimdagi ikkinchi taraf buni bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganligi isbotlangan taqdirdagina qolgan ishtirokchilarning talabiga muvofiq haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, ushbu moddaning qoidalari qo‘llaniladi.
226-modda. Birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish
Umumiy mol-mulkni birgalikdagi mulk ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlash, shuningdek ulardan birining ulushini ajratish dastlab ishtirokchilardan har birining umumiy mulk huquqidagi ulushi aniqlanganidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Umumiy mulk taqsimlanganida va undan ulush ajratilganida, agar qonunda yoki ishtirokchilarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning ulushlari teng hisoblanadi.
Umumiy mulkni taqsimlash va undan ulush ajratish asoslari hamda tartibi ushbu Kodeks 223-moddasi bilan, birgalikdagi mulkning ayrim turlari uchun esa — boshqa qonunlar bilan belgilanadi.
227-modda. Undiruvni umumiy mol-mulkdagi ulushga qaratish
Ulushli yoki birgalikdagi mulk ishtirokchisining kreditori mulkdorda boshqa mol-mulk yetarli bo‘lmaganida undiruvni qarzdorning umumiy mol-mulkdagi ulushiga qaratish uchun bu ulushni ajratishni talab qilishga haqli.
Agar bunday hollarda ulushni asli holida ajratish mumkin bo‘lmasa yoki ulushli yoxud birgalikdagi mulkning qolgan ishtirokchilari bunga e’tiroz bildirsalar, kreditor qarzdor o‘z ulushini umumiy mulkning qolgan ishtirokchilariga ushbu ulushning qiymatiga mutanosib narxda sotib, sotishdan tushgan mablag‘larni qarzni uzishga qaratishini talab qilishga haqli.
Umumiy mulkning qolgan ishtirokchilari qarzdorning ulushini sotib olishdan voz kechgan taqdirda kreditor undiruvni qarzdorning umumiy mulk huquqidagi ulushiga ushbu ulushni kimoshdi savdosi orqali sotish yo‘li bilan qaratishni sud orqali talab qilishga haqli.
19-BOB
MULK HUQUQINI VA BOShQA AShYoVIY HUQUQLARNI HIMOYA QILISh
228-modda. Mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish (vindikatsiya)
Mulkdor o‘z mol-mulkini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olishga haqli (vindikatsiya).
229-modda. Mol-mulkni insofli egallovchidan talab qilib olish
Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsdan haq to‘lab olingan bo‘lsa, oluvchi buni bilmagan va bilishi mumkin bo‘lmagan (insofli egallovchi) bo‘lsa, mol-mulk mulkdor tomonidan yoki egalik qilish uchun mulkdor bergan shaxs tomonidan yo‘qotib qo‘yilgan yoxud mulkdordan yoki u mol-mulkini bergan shaxsdan o‘g‘irlangan yo bo‘lmasa, ularning ixtiyoridan tashqari boshqacha yo‘l bilan ularning egaligidan chiqib ketgan bo‘lsa, mulkdor bu mol-mulkni olgan shaxsdan talab qilib olishga haqli.
Agar mol-mulk sud qarorlarini ijro etish uchun belgilangan tartibda sotilgan bo‘lsa, mol-mulkni ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha talab qilib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar mol-mulk uni boshqa shaxsga berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsdan haq to‘lamasdan olingan bo‘lsa, mulkdor mol-mulkni barcha hollarda ham talab qilib olishga haqli.
Pul insofli egallovchidan talab qilib olinishi mumkin emas.
230-modda. Mol-mulk boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olinganda daromadlar va xarajatlarni to‘lash
Ushbu Kodeksning 228-moddasiga muvofiq, mulkdor mol-mulkini talab qilib olayotganida quyidagilarni ham talab qilib olishga haqlidir:
o‘z egaligining qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan shaxsdan (insofsiz egallovchi) ushbu shaxs mol-mulkka egalik qilgan butun vaqt davomida olgan yoki olishi lozim bo‘lgan barcha daromadlarni qaytarib berishni yoki to‘lashni;
insofli egallovchidan esa — u o‘zining egaligi qonuniy emasligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan paytdan boshlab yoxud mulkdorning mol-mulkni talab qilib olish haqidagi da’vosi bo‘yicha talab kelgan paytdan boshlab olgan yoki chiqarib olishi lozim bo‘lgan hamma daromadlarni.
O‘z navbatida insofli egallovchi ham, insofsiz egallovchi ham mol-mulkdan qancha vaqt davomida olingan daromad mulkdorga qaytarilishi kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida mol-mulkka qilingan zarur xarajatlarini to‘lashni mulkdordan talab qilishga haqli.
Basharti, ashyoni yaxshilaydigan narsalarni ashyoga shikast yetkazmasdan ajratib olish mumkin bo‘lsa, insofli egallovchi mazkur narsalarni o‘zida qoldirishga haqli. Agar bunday narsalarni ajratib olish mumkin bo‘lmasa, insofli egallovchi ashyoni yaxshilash uchun qilingan xarajatlarni talab qilib olish huquqiga ega, lekin bu xarajatlar ashyoga qo‘shilgan qiymatdan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
231-modda. Mulkdorning huquqlarini egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan huquq- buzarliklardan himoya qilish (negator da’vo)
Mulkdor o‘z huquqlarining har qanday buzilishini, garchi bu buzish egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham, bartaraf etishni talab qilishi mumkin (negator da’vo).
232-modda. Mulkdor bo‘lmagan eganing huquqlarini himoya qilish
Garchi mulkdor bo‘lmasa ham, lekin mol-mulkka meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, xo‘jalik yuritish, operativ boshqarish huquqi asosida yoki qonun yoxud shartnomada nazarda tutilgan boshqa asosga ko‘ra egalik qilayotgan shaxs ham ushbu Kodeksning 228-231-moddalarida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi. Bu shaxs o‘z egaligini mulkdordan ham himoya qilish huquqiga ega.
233-modda. Mulk huquqining qonunga muvofiq bekor bo‘lish oqibatlari
Mulk huquqini bekor qiladigan qonun qabul qilingan taqdirda, ushbu Qonunni qabul qilish natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar, shu jumladan mol-mulkning qiymati davlat tomonidan to‘lanadi. Zararni to‘lash bilan bog‘liq nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
III BO‘LIM
MAJBURIYAT HUQUQI
1-kichik bo‘lim
MAJBURIYATLAR TO‘G‘RISIDA UMUMIY QOIDALAR
20-BOB
MAJBURIYAT TUShUNChASI VA TARAFLARI
234-modda. Majburiyat tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Majburiyat — fuqarolik huquqiy munosabati bo‘lib, unga asosan bir shaxs (qarzdor) boshqa shaxs (kreditor) foydasiga muayyan harakatni amalga oshirishga, chunonchi: mol-mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish, pul to‘lash va hokazo yoki muayyan harakatdan o‘zini saqlashga majbur bo‘ladi, kreditor esa — qarzdordan o‘zining majburiyatlarini bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Majburiyatlar shartnomadan, ziyon yetkazish natijasida hamda ushbu Kodeksda ko‘rsatilgan boshqa asoslardan kelib chiqadi.
235-modda. Majburiyatning taraflari
Majburiyatning taraflari — kreditor yoki qarzdor sifatida bir yoki bir paytning o‘zida bir necha shaxs ishtirok etishi mumkin.
Majburiyatda qarzdor tomonida ishtirok etgan shaxslardan biriga kreditor bildirgan talablarning haqiqiy emasligi, shuningdek bunday shaxsga talab qo‘yishga doir da’vo muddati o‘tib ketganligi kreditorning qolgan shaxslarga bo‘lgan talablariga o‘zicha daxl etmaydi.
Agar taraflar shartnomaga binoan bir-birlariga nisbatan majburiyatli bo‘lsa, taraflardan har biri boshqa taraf oldida uning foydasiga nima qilishi shart ekanligi jihatidan uning qarzdori va ayni bir paytning o‘zida undan nima talab qilishga huquqli ekanligi jihatidan uning kreditori hisoblanadi.
Majburiyat unda taraflar sifatida qatnashmagan shaxslar (uchinchi shaxslar) uchun burchlar hosil qilmaydi.
Qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan hollarda majburiyat uchinchi shaxslar uchun majburiyatning bir tarafi yoki har ikkala tarafiga nisbatan huquq vujudga keltirishi mumkin.
21-BOB
MAJBURIYATLARNI BAJARISh
236-modda. Umumiy qoidalar
Majburiyatlar majburiyat shartlariga va qonunchilik talablariga muvofiq, bunday shartlar va talablar bo‘lmaganida esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq lozim darajada bajarilishi kerak.
237-modda. Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmasligi
Majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish va shartnoma shartlarini bir tomonlama o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
238-modda. Majburiyatning kelishilgan va maqbul usulda bajarilishi
Majburiyat kelishilgan va taraflar uchun maqbul usulda bajarilishi shart.
Majburiyatni bajarish usuli, agar bu usul majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa va qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.
239-modda. Majburiyatning qismlarga bo‘lib bajarilishi
Basharti boshqacha tartib qonunchilikda, shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki ish muomalasi odatlaridan yoxud majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor majburiyatning qismlarga bo‘lib bajarilishini qabul qilmaslikka haqli.
240-modda. Majburiyatning tegishli shaxs uchun bajarilishi
Agar boshqacha tartib taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan bo‘lmasa va ish muomalasi odatlaridan yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor majburiyatni bajarish chog‘ida ijroni kreditorning o‘zi yoki bu ish uchun u vakolat bergan shaxs qabul qilayotganligini isbotlashni talab qilishga haqli bo‘ladi va bunday talabni qo‘ymaganlik oqibatlari xavfi uning zimmasida bo‘ladi.
241-modda. Majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklash
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatni to‘la hajmda yoki uning bir qismini bajarish, agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, shuningdek agar uchinchi shaxs taraflardan biri bilan tegishli shartnoma orqali bog‘liq bo‘lsa, uchinchi shaxs zimmasiga yuklatilishi mumkin.
Agar majburiyatni qarzdorning shaxsan o‘zi ijro etishga majburligi qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, kreditor qarzdor uchun uchinchi shaxs tomonidan taklif qilingan ijroni qabul qilishi shart.
Majburiyat bajarilmaganligi uchun, basharti qonunchilik yoki shartnomada uchinchi shaxsning javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomadagi taraf javobgar bo‘ladi.
242-modda. Majburiyatni bajarish muddati
Agar majburiyatni bajarish muddati ko‘rsatilmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, kreditor har qachon ijroni talab qilishga, qarzdor esa — ijroni har qachon amalga oshirishga haqli bo‘ladi. Majburiyatni darhol bajarish vazifasi qonun, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan anglashilmasa, qarzdor bunday majburiyatni kreditor talab qilgan kundan boshlab yetti kunlik muddat ichida bajarishi shart.
243-modda. Majburiyatni muddatidan ilgari bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud majburiyatning mohiyatidan yoinki ish muomalasi odatlaridan yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablardan anglashilsa, qarzdor majburiyatni muddatidan ilgari bajarishga haqli, kreditor esa –– ijroni muddatidan ilgari qabul qilishi shart.
244-modda. Majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarish
Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni bajarishni kechiktirishga yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Etarli asoslar mavjud bo‘lganida sud qarzdorga majburiyatni bajarishni kechiktirish yoki uni bo‘lib-bo‘lib bajarish imkonini berishga haqli.
245-modda. Pul majburiyatlarining valyutasi
Pul majburiyatida u so‘mlar bilan chet el valyutasidagi muayyan summaga ekvivalent bo‘lgan summada yoki shartli pul birliklari bilan (ekyu, “maxsus qarz olish huquqlari” va boshqalar) to‘lanishi lozimligi nazarda tutilishi mumkin. Bunday hollarda so‘mlar bilan to‘lanishi lozim bo‘lgan summa tegishli valyutaning yoki shartli pul birliklarining to‘lov kunidagi rasmiy kursi bo‘yicha belgilanadi, basharti uni belgilashning boshqacha kursi yoki boshqa sanasi qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa.
O‘zbekiston Respublikasi hududida majburiyatlar bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish chog‘ida chet el valyutasidan, shuningdek chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlaridan foydalanishga qonunchilikda belgilangan hollar, tartib va shartlar asosida yo‘l qo‘yiladi.
246-modda. Majburiyatni bajarish joyi
Agar majburiyatni bajarish joyi qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa va majburiyatning mohiyatidan yoxud ish muomalasi odatlaridan yoinki odatda qo‘yiladigan boshqa talablardan anglashilmasa, ijro quyidagi joylarda amalga oshirilishi kerak:
1) ko‘chmas mol-mulkni topshirish majburiyatlari bo‘yicha — mol-mulk turgan joyda;
2) tashishni nazarda tutadigan tovar yoki boshqa mol-mulkni topshirish majburiyatlari bo‘yicha — tovarni kreditorga yetkazib berish uchun uni birinchi tashuvchiga topshirish joyida;
3) qarzdorning tovarni yoki boshqa mol-mulkni topshirish yuzasidan o‘zga majburiyatlari bo‘yicha — mol-mulkni tayyorlash va saqlash joyida, basharti majburiyatning kelib chiqishi paytida bu joy kreditorga ma’lum bo‘lgan bo‘lsa;
4) pul majburiyati bo‘yicha — majburiyat vujudga kelgan paytda kreditor yashagan joyda, agar kreditor yuridik shaxs bo‘lsa — uning majburiyat vujudga kelgan paytda joylashgan yerida, agar kreditor majburiyatni bajarish vaqtigacha o‘z yashash joyini yoki joylashgan yerini o‘zgartirgan bo‘lsa va bu haqda qarzdorni xabardor qilgan bo‘lsa — ijro etish joyi o‘zgartirilishi bilan bog‘liq hamma xarajatlarni kreditor hisobidan qilgan holda, uning yangi yashash joyida yoki joylashgan yerida;
5) boshqa barcha majburiyatlar bo‘yicha — qarzdorning yashash joyida, agar qarzdor yuridik shaxs bo‘lsa, uning joylashgan yerida.
247-modda. Fuqaroning ta’minoti uchun to‘lanadigan summani ko‘paytirish
Pul majburiyati bo‘yicha bevosita fuqaroning ta’minoti uchun to‘lanadigan summa (hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash, umrbod ta’minlash shartnomasi bo‘yicha va boshqa hollarda) mehnatga to‘lanadigan haqning qonun tomonidan belgilab qo‘yilgan eng kam miqdori oshirilishiga mutanosib ravishda ko‘paytirib boriladi.
248-modda. Pul majburiyati bo‘yicha talablarni qondirish navbati
Amalga oshirilgan to‘lov summasi pul majburiyatini batamom bajarish uchun yetarli bo‘lmaganda, boshqa kelishuv bo‘lmasa, u eng avvalo, kreditorning ijroni olishga qaratilgan chiqimlarini, so‘ngra foizlarni, uning qolgan qismi esa — qarzning asosiy summasini uzadi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar amalga oshirilgan to‘lov summasi qarz oluvchi jismoniy shaxsga yoki qarz oluvchi tadbirkorlik subyektiga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi quyidagi navbatda qoplanadi:
1) asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda;
2) joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik;
3) neustoyka (jarima, penya);
4) kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari.
249-modda. Qarzni depozitga qo‘yish yo‘li bilan majburiyatni bajarish
Qarzdor o‘zi to‘lashi lozim bo‘lgan pul yoki qimmatli qog‘ozlarni notariusning depozitiga, qonunda belgilangan hollarda esa — sudning depozitiga qo‘yishga haqli, basharti majburiyat qarzdor tomonidan quyidagilar tufayli bajarilishi mumkin bo‘lmasa:
1) majburiyat bajarilishi lozim bo‘lgan joyda kreditor yoki ijroni qabul qilib olish uchun u vakil qilgan shaxs bo‘lmasa;
2) kreditor muomalaga layoqatsiz bo‘lsa va uning vakili bo‘lmasa yoki vakil rozi bo‘lmasa;
3) majburiyat bo‘yicha kim kreditor ekanligi xususida aniqlik yo‘qligi ko‘rinib turgan bo‘lsa, xususan bu haqda kreditor bilan boshqa shaxslar o‘rtasida nizo chiqqanligi munosabati bilan;
4) kreditorning ijroni qabul qilishdan bo‘yin tovlashi yoki uning tomonidan boshqacha yo‘l bilan kechiktirilishi munosabati bilan.
Pul summasini yoki qimmatli qog‘ozlarni notarius yoxud sudning depozitiga qo‘yish majburiyatni bajarish hisoblanadi.
Depozitiga pul yoki qimmatli qog‘ozlar qo‘yilgan notarius yoxud sud kreditorni bundan xabardor qiladi.
250-modda. Muqobil majburiyatni bajarish
Agar qarzdor ikki yoki bir necha harakatlardan birini qilishi yoxud kreditorga bir yoki boshqa mol-mulkni topshirishi lozim bo‘lsa, basharti qonunchilik, shartnoma yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, tanlash huquqi qarzdor ixtiyorida bo‘ladi.
251-modda. Bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etadigan majburiyatni bajarish
Agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda bajarishni talab qilishga haqli, har bir qarzdor esa bu talabni bajarishi shart.
252-modda. Solidar qarzdorlar majburiyati bo‘yicha kreditorning huquqlari
Qarzdorlar sherik bo‘lib majburiyat olganida kreditor hamma qarzdorlardan majburiyatni solidar bajarishni ham, ularning har biridan alohida-alohida bajarishni ham, shu bilan birga qarzni to‘la yoki uning bir qismini bajarishni ham talab qilishga haqli.
Solidar qarzdorlarning biridan to‘liq qanoatlanmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa solidar qarzdorlardan talab qilish huquqiga ega.
Solidar qarzdorlar majburiyat to‘la bajarilgunicha burchli bo‘lib qolaveradilar.
253-modda. Solidar qarzdorlarning kreditor talablariga qarshi e’tirozlari
Qarzdor solidar bo‘lib majburiyat olgan taqdirda boshqa qarzdorlarning kreditor bilan mazkur qarzdor qatnashmaydigan munosabatlariga asoslangan e’tirozlarni kreditorning talablariga qarshi qo‘yishga haqli emas.
254-modda. Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan bajarilishi
Solidar majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan to‘liq bajarilishi qolgan qarzdorlarni kreditor oldidagi majburiyatni bajarishdan ozod qiladi.
Agar qonun hujjatlarida yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, solidar majburiyatni bajargan qarzdor o‘z ulushini chegirib tashlab, boshqa qarzdorlarga teng ulushlarda regress talabi qo‘yish huquqiga ega bo‘ladi. Solidar majburiyatni bajargan qarzdorga to‘lanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi.
255-modda. Solidar talablar
Talab solidar bo‘lib qo‘yilganida har qanday solidar kreditor qarzdorga to‘la hajmda talab qo‘yishga haqli bo‘ladi.
Qarzdor solidar kreditorlardan birining talabiga qarshi o‘zining ushbu kreditor qatnashmaydigan boshqa solidar kreditorlar bilan munosabatlariga asoslangan e’tirozlarni qo‘yishga haqli emas.
Majburiyatni solidar kreditorlardan biriga nisbatan to‘la bajarish qarzdorni majburiyatni boshqa solidar kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.
Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan solidar kreditor, basharti ular o‘rtasidagi munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli bo‘lgan ulushlarni ularga to‘lashi shart.
256-modda. Majburiyatlarni muqobil suratda bajarish
Taraflardan biri shartnomaga muvofiq boshqa tarafning o‘z majburiyatlarini bajarishiga bog‘liq qilib qo‘yilgan majburiyatni bajarishi muqobil bajarish hisoblanadi.
Burchli taraf shartnomada belgilab qo‘yilgan majburiyatni bajarmagan yoki majburiyat belgilangan muddatda bajarilmasligini ochiq ko‘rsatib turgan vaziyat mavjud bo‘lgan taqdirda, muqobil ijroni o‘z zimmasiga olgan taraf o‘z majburiyatini bajarmay turishga yoki bu majburiyatni bajarishdan bosh tortishga va ko‘rilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
Agar shartnomada ko‘rsatilgan majburiyat to‘la hajmda bajarilmagan bo‘lsa, muqobil ijroni o‘z zimmasiga olgan taraf o‘z majburiyatining ikkinchi tarafning to‘la hajmda bajarilmagan majburiyatiga mos keladigan qismini bajarishni to‘xtatib qo‘yishga yoki bajarishdan bosh tortishga haqli.
Agar bir taraf shartnomada belgilab qo‘yilgan o‘z majburiyatini bajarmagan bo‘lishiga qaramay, ikkinchi taraf majburiyatning muqobil ijrosini amalga oshirgan bo‘lsa, birinchi taraf o‘z majburiyatini bajarishi shart.
Ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar shartnoma yoki qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa qo‘llaniladi.
257-modda. Majburiyatning bajarganligini tasdiqlash
Kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatning to‘la yoki qisman bajarilishini qabul qilib olganligi haqida tilxat berishi shart. Og‘zaki bitimlar yuridik shaxslar bilan fuqarolar o‘rtasida bajarilganida tovarlar yoki xizmatlar haqini to‘lagan yuridik shaxs boshqa tarafdan pul to‘langanligini tasdiqlaydigan hujjatni va to‘lov asosini olishi kerak.
Agar qarzdor majburiyatni tasdiqlash yuzasidan kreditorga qarz hujjati bergan bo‘lsa, kreditor ijroni qabul qilib olayotgan vaqtida ushbu hujjatni qaytarib berishi, qaytarib berishning imkoni bo‘lmaganida esa — buni o‘zi berayotgan tilxatda ko‘rsatishi kerak. Tilxat o‘rniga qaytarib berilayotgan qarz hujjatiga ustxat yozilishi mumkin. Qarz hujjatining qarzdorda bo‘lishi, boshqa bir hol isbotlanmaguncha, majburiyatning bekor bo‘lganligini tasdiqlaydi.
258-modda. Majburiyat bajarilganligini tasdiqlash haqidagi talabni bajarmaslik oqibatlari
Kreditor tilxat berishdan, qarz hujjatini qaytarishdan yoki qaytarib berish imkoni yo‘qligini tilxatda ko‘rsatishdan bosh tortgan taqdirda, qarzdor ijroni to‘xtatib turishga haqli bo‘ladi. Bunday hollarda kreditor muddatni kechiktirgan hisoblanadi.
22-BOB
MAJBURIYATLARNING BAJARILIShINI TA’MINLASh
259-modda. Umumiy qoidalar
Majburiyatning bajarilishi neustoyka, garov, qarzdorning mol-mulkini ushlab qolish, kafillik, kafolat, zakalat hamda qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan ta’minlanishi mumkin.
Majburiyatning bajarilishini ta’minlash to‘g‘risidagi kelishuvning haqiqiy emasligi ushbu majburiyatning (asosiy majburiyatning) haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.
Asosiy majburiyatning haqiqiy emasligi uning bajarilishini ta’minlaydigan majburiyatning haqiqiy emasligiga olib keladi.
2591-modda. Kreditorlarning talablarini qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulki yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi hisobidan qanoatlantirish
Qarzdor tomonidan o‘z majburiyatlari bajarilmagan taqdirda, kreditorning mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi bilan ta’minlangan majburiyatlar bo‘yicha talablari ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan mazkur mol-mulk yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi o‘ziga tegishli bo‘lgan shaxsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi. Kreditorning imtiyozli huquqi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida berilgan mol-mulkidan foydalanishdan yoki uni realizatsiya qilishdan olingan hosilga, mahsulotga va boshqa daromadlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan, garov reyestriga qarzdorning mol-mulkiga bo‘lgan o‘z huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi to‘g‘risida yozuv kiritgan kreditorlar garov reyestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditorlar oldidagi o‘z talablarini qanoatlantirishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Ayni bir mol-mulkka bo‘lgan o‘z huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi to‘g‘risida garov reyestriga yozuv kiritgan kreditorlarning talablari quyidagi navbatga muvofiq qanoatlantiriladi:
birinchi navbatda mazkur mol-mulkni ushlab qolish yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotish orqali ta’minlanadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
ikkinchi navbatda majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida turgan mol-mulkni olish yoki kreditor tomonidan ushbu mol-mulkni qarzdorga berishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
uchinchi navbatda, agar mol-mulk kreditor tomonidan taqdim etilgan mablag‘lar yoki mol-mulk hisobidan olingan (ishlab chiqarilgan) bo‘lsa, mol-mulk bilan ta’minlanadigan majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi;
to‘rtinchi navbatda mazkur mol-mulk bilan ta’minlangan boshqa barcha majburiyatlar bo‘yicha talablar qanoatlantiriladi.
Kreditorlarning talablarini qanoatlantirish navbati ular tomonidan garov reyestriga tegishli mol-mulkka bo‘lgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi to‘g‘risidagi yozuvlarni kiritishning xronologik tartibiga (vaqti va sanasiga) muvofiq aniqlanadi. Bunda kreditorlarning har bir keyingi navbatdagi talablari kreditorlarning oldingi navbatdagi talablari to‘liq qanoatlantirilganidan so‘ng qanoatlantiriladi.
Mol-mulkka bo‘lgan o‘z huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestriga kiritmagan kreditorlarning talablari mazkur mol-mulkka bo‘lgan huquqlari yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqi to‘g‘risidagi yozuvni garov reyestriga kiritgan kreditorlarning talablari qanoatlantirilgandan keyin ushbu mol-mulkning yoki yer uchastkasini ijaraga olish huquqining qiymatidan kelib chiqqan holda, bunday huquqlar yuzaga kelishining kalendar navbatiga muvofiq qanoatlantiriladi.
Kreditor o‘z talabini qanoatlantirish navbatidan o‘zganing foydasiga voz kechishga, agar bu voz kechish boshqa kreditorlarning huquqlarini cheklab qo‘ymasa, haqli.
1-§. Neustoyka
260-modda. Neustoyka tushunchasi
Qonunchilik yoki shartnoma bilan belgilangan, qarzdor majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kreditorga to‘lashi shart bo‘lgan pul summasi neustoyka hisoblanadi.
Neustoyka to‘lash haqidagi talab bo‘yicha kreditor o‘ziga yetkazilgan zararni isbotlashga majbur emas.
Neustoyka bilan faqat haqiqiy talab ta’minlanadi.
Agar qarzdor majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘lmasa, kreditor neustoyka to‘lashni talab qilishga haqli emas.
261-modda. Neustoyka shakllari
Neustoyka jarima yoki penya shaklida bo‘ladi.
Qarzdor majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda to‘laydigan va, qoida tariqasida, qat’iy pul summasida hisoblanadigan neustoyka jarima hisoblanadi.
Qarzdor majburiyatlarning bajarilishini kechiktirib yuborganida to‘laydigan va o‘tkazib yuborilgan muddatning har bir kuni uchun majburiyatning bajarilmagan qismiga nisbatan foiz bilan hisoblanadigan neustoyka penya hisoblanadi.
262-modda. Neustoyka to‘g‘risidagi kelishuvning shakli
Neustoyka to‘g‘risidagi kelishuv yozma shaklda tuzilishi kerak.
263-modda. Qonuniy neustoyka
Neustoyka to‘lash taraflarning kelishuvida nazarda tutilgan yoki tutilmaganligidan qat’i nazar, kreditor qonunda belgilangan neustoyka (qonuniy neustoyka)ni to‘lashni talab qilishga haqli.
Qonuniy neustoykaning miqdori, agar qonun taqiqlamasa, taraflarning kelishuvi bilan ko‘paytirilishi mumkin.
2-§. Garov
264-modda. Garov tushunchasi va uning vujudga kelish asoslari
Bir shaxsning boshqa shaxsga mol-mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni majburiyatlarni ta’minlash uchun berishi garov hisoblanadi.
Garovga ko‘ra qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan taqdirda kreditor (garovga oluvchi) bu majburiyat bo‘yicha o‘z talabi garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan ushbu mol-mulk egasi bo‘lgan shaxs (garovga qo‘yuvchi)ning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli suratda qanoatlantirilishiga, qonunda nazarda tutilgan tartibda, haqli bo‘ladi.
Garovga oluvchi garovga qo‘yilgan mol-mulkni yo‘qotganlik yoki unga ziyon yetkazganlik uchun sug‘urta haqidan, bu mol-mulk kimning foydasiga sug‘urta qilingan bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z talabi yuqoridagi asoslarda qanoatlantirilishiga haqli, basharti mol-mulkni yo‘qotish yoki unga ziyon yetkazish garovga oluvchi javobgar bo‘lgan sabablarga ko‘ra yuz bergan bo‘lmasa.
Garov shartnoma yoki qonun asosida amalda yuzaga keladi.
265-modda. Garov turlari
Garov zakalat, ipoteka, shuningdek huquqlar garovi tarzida amal qilishi mumkin.
Garovga qo‘yiladigan mulk garovga qo‘yuvchi tomonidan garovga oluvchiga o‘tkazilganda garov zakalat deb hisoblanadi.
Ko‘chmas mulkni garovga qo‘yish ipoteka hisoblanadi.
266-modda. Garovga qo‘yuvchi
Qarzdorning o‘zi ham, uchinchi shaxs ham garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Ashyoning mulkdori ashyoni garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Garovga qo‘yiladigan huquqning egasi bo‘lgan shaxs huquqni garovga qo‘yuvchi bo‘lishi mumkin.
Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulkdorning roziligisiz ashyoviy huquqni garovga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
267-modda. Garov narsasi
Har qanday mol-mulk, shu jumladan ashyolar va mulkiy huquqlar (talablar) garov narsasi bo‘lishi mumkin, muomaladan chiqarilgan mol-mulk, kreditorning shaxsi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan talabnomalar, xususan hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablar, alimentlar to‘g‘risidagi talablar hamda boshqa shaxsga berilishi qonun bilan man etilgan boshqa talablar bundan mustasno.
Fuqarolarning undiruv qaratilishi mumkin bo‘lmagan ayrim turdagi mol-mulkini garovga qo‘yish qonunchilik bilan man etilishi yoki cheklanishi mumkin.
268-modda. Garov bilan ta’minlanadigan talab
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garov talabning uni qondirish paytidagi hajmini ta’minlaydi, xususan foizlar, neustoyka, ijroni kechiktirib yuborish natijasida yetkazilgan zarar to‘lanishini, shuningdek garovga oluvchining garovga qo‘yilgan ashyoni saqlashga qilgan zarur xarajatlari va undiruv xarajatlari to‘lanishini ta’minlaydi.
269-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkning garovga oluvchiga berilishi va berilmasligi
Agar shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga qo‘yilgan mol-mulk garovga qo‘yuvchida qoladi.
Garovga qo‘yilgan muomaladagi tovarlar garovga oluvchiga topshirilmaydi.
Garov narsasi garovga oluvchi tomonidan qulflangan va muhrlangan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) holda garovga qo‘yuvchida qoldirilishi mumkin.
Garov narsasi garovga qo‘yilganligini bildiruvchi belgilar qo‘ygan holda garovga qo‘yuvchida qoldirilishi mumkin (qat’iy garov).
Garovga qo‘yuvchi tomonidan egalik qilish yoki foydalanish uchun vaqtincha uchinchi shaxsga topshirilgan garov narsasi garovga qo‘yuvchida qoldirilgan hisoblanadi.
Qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan mulkiy huquq garovga qo‘yilganida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga oluvchiga yoki notarius depozitiga topshiriladi.
270-modda. Garov huquqining vujudga kelishi
Garov huquqi garov to‘g‘risida shartnoma tuzilgan paytdan yoxud, basharti shartnoma notarial tasdiqlanishi shart bo‘lsa — notarial tasdiqlangan paytdan, shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart bo‘lganida esa — u ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
Basharti, garov narsasi qonunga yoki shartnomaga asosan garovga qo‘yuvchida bo‘lishi lozim bo‘lsa, garov huquqi unga garov narsasi berilgan paytdan, basharti bunday topshirish shartnoma tuzilishidan avval amalga oshgan bo‘lsa — shartnoma tuzilgan paytdan boshlab vujudga keladi.
271-modda. Garov to‘g‘risidagi shartnoma, uning shakli va shartnomani ro‘yxatdan o‘tkazish
Garov to‘g‘risidagi shartnomada garov narsasi va uning bahosi, garov bilan ta’minlanadigan majburiyatning mohiyati, miqdori va bajarilish muddati yoxud garov narsasini hamda garov bilan ta’minlanadigan majburiyatni identifikatsiya qilish uchun yetarli bo‘lgan ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Unda garovga qo‘yilgan mol-mulk taraflarning qaysi birida ekanligi ham ko‘rsatilishi kerak.
Garov narsasi mol-mulkni umumiy tavsiflash orqali, shu jumladan mazkur mol-mulkni alohida tur yoki tasnif sifatida tavsiflash vositasida identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov bilan ta’minlanadigan majburiyat garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatidan qoplanishi mumkin bo‘lgan majburiyatning eng ko‘p summasini ko‘rsatish yo‘li bilan identifikatsiya qilinishi mumkin.
Garov to‘g‘pisidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi kerak.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma, shuningdek notarial tartibda tasdiqlanishi kerak bo‘lgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni ta’minlash yuzasidan ko‘char mol-mulkni yoki mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnoma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim, bundan birlamchi bozordan ko‘chmas mulk va transport vositalarini olish chog‘idagi ipoteka va garov to‘g‘risidagi shartnomalar mustasno.
Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma tegishli mol-mulkka doir bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.
Ushbu moddaning to‘rtinchi, beshinchi va oltinchi qismlaridagi qoidalarga rioya qilmaslik garov to‘g‘risidagi shartnomaning haqiqiy emasligini keltirib chiqaradi.
272-modda. Garovga oluvchining huquqlari joriy qilinadigan mol-mulk
Garov narsasi bo‘lgan ashyoga garovga oluvchining huquqlari (garov huquqi), agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoning kimga mansubligiga qarab joriy qilinadi.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan hosil, mahsulot va daromadlarga garov huquqi shartnomada nazarda tutilgan hollarda jopiy qilinadi.
Butun korxona yoki boshqa mulkiy kompleks ipotekasida garov huquqi uning tarkibiga kiruvchi ko‘chmas va ko‘char mol-mulkning hammasiga, shu jumladan talab qilish huquqi va mutlaq huquqlarga, shu bilan bir qatorda ipoteka davrida olingan huquqlarga ham, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, joriy qilinadi.
Bino yoki inshoot ipotekasiga ayni bir vaqtning o‘zida o‘sha shartnoma bo‘yicha shu bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasini yoxud bu uchastkaning garovga qo‘yilayotgan obyekt ishlashini ta’minlaydigan qismini yoki garovga qo‘yuvchiga qarashli bo‘lgan ushbu uchastkani yoxud uning tegishli qismini ijaraga olish huquqini bir vaqtda ipotekaga qo‘ygan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
Yer uchastkasini ipotekaga qo‘yishda garov huquqi, agar shartnomada boshqacha shart nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga qo‘yuvchining ushbu uchastkada bo‘lgan yoki qurilayotgan binolari va inshootlariga joriy qilinmaydi.
Shartnomada bunday shart bo‘lmasa, undiruv garovga qo‘yilgan yer uchastkasiga qaratilgan taqdirda garovga qo‘yuvchi yer uchastkasi uning bino yoki inshootdan o‘z o‘rnida foydalanish uchun zarur bo‘lgan qismidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi. Uchastkaning bu qismidan foydalanish shartlari garovga qo‘yuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvi asosida, nizo chiqqan taqdirda esa — sud tomonidan belgilanadi.
Agar garovga qo‘yuvchiga emas, balki boshqa shaxsga qarashli binolar yoki inshootlar joylashgan yer uchastkasiga ipoteka belgilangan bo‘lsa, garovga oluvchi undiruvni ushbu uchastkaga qaratganida va u kimoshdi savdosida sotilganida garovga qo‘yuvchining ushbu shaxsga nisbatan huquq va burchlari uchastkani sotib oluvchiga o‘tadi.
Garov to‘g‘risidagi shartnomada, qonun asosida paydo bo‘ladigan garovga nisbatan esa — qonunda, garovga qo‘yuvchi kelajakda ega bo‘ladigan ashyolarni va mulkiy huquqlarni garovga qo‘yish nazarda tutilishi mumkin.
273-modda. Navbatdagi garov
Garovda turgan mol-mulk garovga qo‘yuvchi tomonidan boshqa talablarni ta’minlash uchun garovga (navbatdagi garovga) berilishi mumkin.
Navbatdagi garovga, agar u garov to‘g‘risidagi oldingi shartnomalarda taqiqlanmagan bo‘lsa hamda basharti oldingi va navbatdagi garovga oluvchilar tomonidan garov reyestriga tegishli yozuv kiritilgan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.
Garovga qo‘yuvchi har bir navbatdagi garovga oluvchiga ushbu mol-mulkning mavjud bo‘lgan barcha garovlari haqida ma’lum qilishi shart va u ushbu majburiyatni bajarmaslik tufayli garovga oluvchilarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.
Agar oldingi garov shartnomasida navbatdagi garov shartnomasini tuzish mumkin bo‘lgan shartlar nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday garov shartnomasi oldingi shartnomada ko‘rsatilgan shartlarga amal qilgan holda tuzilishi kerak. Ko‘rsatilgan shartlar buzilgan taqdirda oldingi garovga oluvchi shu tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni garovga qo‘yuvchidan talab qilishga haqlidir.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulk boshqa talablarni ta’minlash uchun yana bir garovning (navbatdagi garovning) narsasiga aylansa, navbatdagi garovga oluvchining talablari ushbu Kodeksda belgilangan tartibda mazkur mol-mulkning qiymatidan qanoatlantiriladi.
274-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkni saqlash va asrash
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga qo‘yuvchi yoki garovga oluvchi garovga qo‘yilgan mol-mulk kimdaligiga qarab (ushbu Kodeksning 269-moddasi):
1) garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfidan uning to‘la qiymati bo‘yicha, bordi-yu mol-mulkning to‘la qiymati garov bilan ta’minlangan talabning miqdoridan oshib ketsa, talab miqdoridan kam bo‘lmagan summaga garovga qo‘yuvchi hisobidan sug‘urtalashi;
2) garovga qo‘yilgan mol-mulkning asralishini ta’minlash uchun, shu jumladan uni uchinchi shaxslarning tajovuzlari va talablaridan himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishi;
3) garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qolishi yoki uning shikastlanishi xavfi paydo bo‘lganligi to‘g‘risida ikkinchi tarafni darhol ogohlantirishi shart.
Garovga oluvchi va garovga qo‘yuvchi ikkinchi tarafdagi garovga qo‘yilgan mol-mulkning mavjudligini, miqdorini, holatini va uni saqlash sharoitlarini hujjatlar asosida va amalda tekshirishga haqli.
Garovga oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan burchlarni garovga qo‘yilgan mol-mulkning yo‘qolish yoki shikastlanish xavfini tug‘diradigan darajada qo‘pol suratda buzganida garovga qo‘yuvchi garovni muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli.
275-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qolishi yoki shikastlanishining oqibatlari
Agar garov to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga qo‘yuvchi garovga qo‘yilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfini o‘z zimmasiga oladi.
Agar garovga oluvchi ushbu Kodeksning 333-moddasiga muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligini isbotlay olmasa, u o‘ziga topshirilgan garov narsasining butunlay yoki qisman yo‘qolganligi yoxud shikastlanganligi uchun javob beradi.
Garov narsasi garovga oluvchiga topshirish chog‘ida qancha summaga baholangan bo‘lishidan qat’i nazar, garovga oluvchi garov narsasi yo‘qolganligi uchun uning haqiqiy qiymati miqdorida, garov narsasiga shikast yetkazilganligi uchun esa — bu qiymat qancha summaga kamaygan bo‘lsa, shuncha summa miqdorida javob beradi.
Agar garov narsasi shikastlanish natijasida undan bevosita o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘lmaydigan darajada o‘zgargan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi undan voz kechishga va uning yo‘qolganligi uchun haq talab qilishga haqli.
Shartnomada garovga oluvchining garov narsasi yo‘qolishi yoki shikastlanishi tufayli garovga qo‘yuvchiga yetkazilgan boshqa zararni to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.
Garov bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarzdor bo‘lgan garovga qo‘yuvchi garov narsasining yo‘qolishi yoki shikastlanishi tufayli yetkazilgan zararni to‘lash to‘g‘risidagi talabni garov bilan ta’minlangan majburiyatlarni qoplash uchun hisobga olishga haqli.
276-modda. Garov narsasini almashtirish va tiklash
Garov narsasini almashtirishga, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga oluvchining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Agar garov narsasi nobud bo‘lgan yoki shikastlangan yoxud unga bo‘lgan mulk huquqi yo xo‘jalik yuritish huquqi qonunda belgilangan asoslarga ko‘ra bekor qilingan bo‘lsa, garovga qo‘yuvchi oqilona muddatda (nizo chiqqan taqdirda esa — sud belgilagan muddatda) garov narsasini tiklashga yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, uni teng qiymatli boshqa mol-mulk bilan almashtirishga haqli.
277-modda. Garov narsasidan foydalanish va uni tasarruf etish
Agar shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qo‘yuvchi garov narsasidan uning vazifasiga ko‘ra foydalanishga, shu jumladan undan hosil va daromadlar olishga haqli.
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va garovning mohiyatidan anglashilmasa, garovga qo‘yuvchi faqat garovga oluvchining roziligi bilan garov narsasini boshqa shaxsga berishga, uni ijaraga yoki bepul foydalanish uchun boshqa shaxsga topshirishga yoxud uni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.
Garovga qo‘yuvchining garovga qo‘yilgan mol-mulkni vasiyat qilib qoldirish huquqini cheklaydigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
Garovga oluvchi o‘ziga topshirilgan garov narsasidan shartnomada nazarda tutilgan hollardagina foydalanishga haqli bo‘lib, garovga qo‘yuvchiga undan foydalanish to‘g‘risida muntazam hisobot bepib turadi. Shartnomaga muvofiq garovga oluvchi zimmasiga asosiy majburiyatni bajarish maqsadida yoki garovga qo‘yuvchining manfaatlarini ko‘zlab, garov narsasidan hosil va daromadlar olish burchi yuklab qo‘yilishi mumkin.
278-modda. Garovga oluvchining garov narsasiga bo‘lgan o‘z huquqlarini himoya qilishi
Garovga oluvchi o‘z ixtiyorida bo‘lgan yoki bo‘lishi lozim bo‘lgan garovga qo‘yilgan mol-mulkni boshqa shaxsning qonunsiz egallashidan, shu jumladan garovga qo‘yuvchining egallashidan talab qilib olishga haqli (ushbu Kodeksning 228, 229, 230, 232-moddalari).
Shartnoma shartlariga ko‘ra garovga oluvchiga o‘ziga topshirilgan garov narsasidan foydalanish huquqi berilgan hollarda u boshqa shaxslardan, shu jumladan garovga qo‘yuvchidan ham, o‘z huquqining har qanday buzilishini bartaraf etishni, garchi bu buzilishlar egalik qilishdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmasa ham (ushbu Kodeksning 231, 232-moddalari), talab qilishi mumkin.
279-modda. Undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish asoslari
Garovga oluvchining (kreditorning) talablarini qondirish uchun undiruvni qarzdor garov bilan ta’minlangan majburiyatni o‘zi javobgar bo‘lgan vaziyatlarda bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish mumkin.
Agar garov bilan ta’minlangan majburiyatning qarzdor tomonidan buzilishi juda arzimas bo‘lsa va shu tufayli garovga oluvchining talablarining miqdori garovga qo‘yilgan mol-mulkning qiymatiga mutlaqo mos kelmasa, undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratishni rad etish mumkin, qonunda belgilangan hollar bundan mustasno.
280-modda. Undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish tartibi
Garovga oluvchining (kreditorning) talablari garovga qo‘yilgan ko‘chmas mol-mulk qiymatidan sudning qaroriga muvofiq qondiriladi.
Garovga oluvchining talabini garovga qo‘yilgan ko‘chmas mol-mulk hisobidan sudga murojaat qilmasdan qondirishga, agar bu garov to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoxud undiruvni garov narsasiga qaratish uchun asoslar vujudga kelganidan keyin garovga oluvchining garovga qo‘yuvchi bilan tuzilgan, notarial tartibda tasdiqlangan kelishuvi asosida yo‘l qo‘yiladi. Mazkur kelishuv tufayli huquqlari buzilgan shaxsning da’vosiga ko‘ra bunday kelishuv sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Agar garovga qo‘yuvchining garovga oluvchi bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garovga oluvchining talablari garovga qo‘yilgan ko‘char mol-mulk hisobidan sud hujjatiga muvofiq qondiriladi. Agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, undiruv garovga oluvchiga topshirilgan garov narsasiga garov to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan tartibda qaratilishi mumkin.
Undiruv garov narsasiga quyidagi hollarda faqat sudning qaroriga muvofiq qaratilishi mumkin:
1) qonunda boshqa shaxsning yoki organning garov to‘g‘risida shartnoma tuzish uchun roziligi yoxud ruxsati haqidagi talab belgilangan bo‘lsa;
2) garov narsasi tarixiy, ilmiy, badiiy qimmatga yoki o‘zga madaniy qimmatga ega mol-mulk bo‘lsa;
3) garovga qo‘yuvchi yo‘qolgan bo‘lsa va uning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmasa.
281-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish
Ushbu Kodeksning 280-moddasiga muvofiq undiruv qaratilgan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda realizatsiya qilish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion shaklidagi ochiq kimoshdi savdosida sotish orqali amalga oshiriladi.
Garovga qo‘yuvchining iltimosiga ko‘ra, sud undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish to‘g‘risidagi qarorda uni ochiq kimoshdi savdosida sotishni bir yil muddatgacha kechiktirishga haqli. Kechiktirish ushbu mol-mulkning garovi bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha taraflarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi hamda kreditorning kechiktirish vaqti mobaynida ko‘paygan zararlarining o‘rnini qoplashdan va neustoykani undirishdan qarzdorni ozod qilmaydi.
Garovga qo‘yilgan, suddan tashqari tartibda undiruv qaratilgan mol-mulk kimoshdi savdosida sotish, bevosita sotish, kreditga, lizingga, ijaraga berish, bo‘lib-bo‘lib sotish yo‘li bilan yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa bitimlar orqali realizatsiya qilinishi mumkin.
Kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda (undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka suddan tashqari tartibda qaratilgan taqdirda) garovga oluvchi garovga qo‘yuvchi bilan kelishuvga ko‘ra, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotib olishga va xarid narxini garov bilan ta’minlangan o‘z talablari hisobiga o‘tkazishga haqli. Bunday kelishuvga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilinganda garovga oluvchi garov narsasini realizatsiya qilinmagan garov narsasini takroriy kimoshdi savdosidagi boshlang‘ich sotish narxidan ko‘pi bilan o‘n foiz kamroq summada baholab, o‘zida olib qolishga haqli.
Agar garovga oluvchi garov narsasini o‘zida olib qolish huquqidan takroriy kimoshdi savdosi amalga oshmagan deb e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy ichida foydalanmasa, garov to‘g‘risidagi shartnoma bekor qilinadi.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchining talabini qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, u, qonunda yoki shartnomada boshqacha ko‘rsatma mavjud bo‘lmagan taqdirda, yetishmayotgan summani garovga asoslangan imtiyozdan foydalanmagan holda, qarzdorning boshqa mol-mulkidan olish huquqiga ega.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni realizatsiya qilish chog‘ida tushgan summa garovga oluvchilarning garov bilan ta’minlangan talablari miqdoridan oshib ketsa, farq garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.
Qarzdor yoki uchinchi shaxs bo‘lgan garovga qo‘yuvchi garov narsasi realizatsiya qilinguniga qadar istalgan vaqtda garov bilan ta’minlangan majburiyatni yoki uning muddati o‘tkazib yuborilgan qismini bajarib, undiruvni garov narsasiga qaratishni va uni realizatsiya qilishni tugatishga haqli. Bu huquqni cheklaydigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emasdir.
282-modda. Garov bilan ta’minlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarish va undiruvni garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratish
Garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan majburiyatni quyidagi hollarda muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli:
1) agar garov narsasi garovga qo‘yuvchida qoldirilgan bo‘lib, garov to‘g‘risidagi shartnoma buzilgan holda uning egaligidan chiqqan bo‘lsa;
2) garovga qo‘yuvchi garov narsasini almashtirish qoidalarini buzgan bo‘lsa (ushbu Kodeksning 276-moddasi);
3) garov narsasi garovga oluvchi javob bermaydigan vaziyatlarda yo‘qolgan bo‘lsa, agar garovga qo‘yuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan bo‘lsa.
Garovga oluvchi quyidagi hollarda garov bilan ta’minlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga, agar uning talabi qondirilmasa, undiruvni garov narsasiga qaratishga haqli:
1) garovga qo‘yuvchi navbatdagi garov qoidasini buzgan bo‘lsa (ushbu Kodeksning 273-moddasi);
2) garovga qo‘yuvchi garovga qo‘yilgan mol-mulkni saqlash va asrash yuzasidan ushbu Kodeks 274-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlarida hamda ikkinchi qismida nazarda tutilgan burchlarni bajarmasa;
3) garovga qo‘yuvchi garovga qo‘yilgan mol-mulkni tasarruf etish qoidalarini buzsa (ushbu Kodeks 277-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlari);
4) boshqa kreditorlar tomonidan undiruv garovga qo‘yilgan mol-mulkka qaratilganda, shu jumladan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari majburiy ijro etilganda.
283-modda. Garovning bekor bo‘lishi
Garov quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
1) garov bilan ta’minlangan majburiyat bekor bo‘lganida;
2) ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan asoslar bo‘lganida garovga qo‘yuvchining talabi bilan;
3) garovga qo‘yilgan ashyo nobud bo‘lganida yoki garovga qo‘yilgan huquq bekor bo‘lganida, basharti garovga qo‘yuvchi ushbu Kodeks 276-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqdan foydalangan bo‘lmasa;
4) garovga qo‘yilgan mol-mulk realizatsiya qilingan taqdirda, shuningdek uni realizatsiya qilish mumkin bo‘lmagan taqdirda (ushbu Kodeksning 281-moddasi). Ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan reyestrda ipoteka tugatilganligi to‘g‘risida belgi qo‘yilgan bo‘lishi kerak;
5) agar garovga oluvchi ushbu Kodeks 282-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida nazarda tutilgan huquqdan foydalanmagan bo‘lsa, bundan garovga qo‘yilgan mol-mulk realizatsiya qilinmaganligi va talablari garov bilan ta’minlanmagan kreditorlarning o‘z talablarini qanoatlantirish uchun mazkur mol-mulkni qabul qilishni rad etganligi hollari mustasno.
Garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilishi natijasida yoki garovga qo‘yuvchining talabi bilan garov bekor bo‘lganida (ushbu Kodeks 274-moddasining uchinchi qismi) ixtiyorida garovga qo‘yilgan mol-mulk bo‘lgan garovga oluvchi uni darhol garovga qo‘yuvchiga qaytarib berishi shart.
284-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tganida garovning saqlanishi
Garovga qo‘yilgan mol-mulkka mulk huquqi yoki uni xo‘jalik asosida yuritish huquqi garovga qo‘yuvchidan ushbu mol-mulkni haq olib yoki haq olmasdan boshqa shaxsga berish natijasida yoxud universal huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda garov huquqi o‘z kuchida qoladi, bundan muomaladagi tovarlarning garovi hamda garovga qo‘yilgan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi yoki xo‘jalik asosida yuritish huquqi garovni saqlamagan holda boshqa shaxsga o‘tishiga garovga oluvchi rozilik bildirgan hollar mustasno.
Agar garovga oluvchi bilan kelishuvda o‘zgacha tartib belgilangan bo‘lmasa, garovga qo‘yuvchining huquqiy vorisi garovga qo‘yuvchining o‘rniga o‘tadi va uning hamma burchlarini bajaradi.
Agar garovga qo‘yuvchining garov narsasi bo‘lgan mol-mulki huquqiy vorislik tartibida bir necha shaxsga o‘tgan bo‘lsa, huquqiy vorislarning (mol-mulkni oluvchilarning) har biri garov bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmaslikning garovdan kelib chiqadigan oqibatiga mazkur mol-mulkning o‘ziga o‘tgan qismiga mutanosib ravishda javob beradi. Agar garov narsasi bo‘linmasa yoki boshqa asoslarga ko‘ra huquqiy vorislarning umumiy mulki bo‘lib qolsa, ular solidar garovga qo‘yuvchilarga aylanadilar.
285-modda. Garovga qo‘yilgan mol-mulkni majburiy ravishda olib qo‘yishning oqibatlari
Agar garovga qo‘yuvchining garov narsasi bo‘lgan mol-mulkka mulk huquqi qonun bilan belgilangan asoslar va tartibda, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganligi (qayta sotib olish), rekvizitsiya yoki natsionalizatsiya oqibatida bekor bo‘lsa, garovga qo‘yuvchiga boshqa mol-mulk beriladi yoki tegishli haq (kompensatsiya) to‘lanadi. Bunday holda o‘rniga-o‘rin berilgan mol-mulkka garov huquqi tatbiq etiladi yoki tegishincha, garovga oluvchi garovga qo‘yuvchiga tegishi kerak bo‘lgan haq summasidan (kompensatsiyadan) o‘z talabini imtiyozli qanoatlantirish huquqiga ega bo‘ladi.
Garov narsasi bo‘lgan mol-mulk aslida ushbu mol-mulkning egasi boshqa shaxs ekanligi (ushbu Kodeksning 228-moddasi) asosida garovga qo‘yuvchidan qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilgan hollarda ushbu mol-mulkning garovga qo‘yilishi bekor bo‘ladi.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda garovga oluvchi garov bilan ta’minlangan majburiyatni muddatidan ilgari bajarishni talab qilishga haqli.
286-modda. Garov to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechish
Garovga oluvchi talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish yo‘li bilan kreditorning huquqlarini boshqa shaxsga berish haqidagi qoidalarga (ushbu Kodeksning 313-321-moddalari) rioya qilgan holda garov to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha o‘z huquqlarini boshqa shaxsga berishga haqli.
Garovga oluvchining garov to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha o‘z huquqlaridan boshqa shaxs foydasiga voz kechishi, agar garov bilan ta’minlangan asosiy majburiyat bo‘yicha qarzdordan talab qilish huquqidan ham o‘sha shaxs foydasiga voz kechilgan bo‘lsa, haqiqiy bo‘ladi.
Agar boshqacha hol isbotlangan bo‘lmasa, ipoteka to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechilishi ipoteka bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha huquqlardan boshqa shaxs foydasiga voz kechilishini ham anglatadi.
287-modda. Garov bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish
Garov bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarz boshqa shaxsga o‘tkazilishi bilan, agar garovga qo‘yuvchi kreditorga yangi qarzdor uchun javob berishga rozilik bergan bo‘lmasa (ushbu Kodeksning 322-moddasi), garov bekor bo‘ladi.
288-modda. Muomaladagi tovarlar garovi
Tovarlarni garovga qo‘yib, ularni garovga qo‘yuvchida qoldirish va ularning umumiy qiymati garov to‘g‘risidagi shartnomada ko‘psatilganidan kamaymasligini shart qilib qo‘ygan holda garovga qo‘yuvchiga garovga qo‘yilgan mol-mulkning tarkibi va asl shaklini (tovar zaxiralari, xomashyo, materiallar, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor mahsulot va shu kabilar) o‘zgartirish huquqining berilishi muomaladagi tovarlar garovi hisoblanadi.
Garovga qo‘yilgan muomaladagi tovarlar qiymatining kamayishiga, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, garov bilan ta’minlangan majburiyatning bajarilgan qismiga mos keladigan darajada yo‘l qo‘yiladi.
Garovga qo‘yuvchi tomonidan boshqa shaxslarga bepilgan muomaladagi tovarlar egallovchining mulkiga, xo‘jalik yuritishiga yoki operativ boshqaruviga o‘tgan paytdan boshlab garov narsasi bo‘lmay qoladi, garovga qo‘yuvchi tomonidan olingan, garov to‘g‘risidagi shartnomada ko‘rsatilgan tovarlar esa — garovga qo‘yuvchida ularga nisbatan mulk huquqi vujudga kelgan paytdan e’tiboran garov narsasiga aylanadi.
Garovga qo‘yuvchi muomaladagi tovarlar garovi shartlarini buzgan taqdirda, garovga oluvchi garovga qo‘yilgan tovarlarga o‘z belgilari va muhrlarini (muhrlar mavjud bo‘lgan taqdirda) bosib, tartibni buzish bartaraf qilingunga qadar ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni to‘xtatib turishga haqli.
289-modda. Ashyolarning lombardda garovga qo‘yilishi
Fuqarolardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char mol-mulkni qisqa muddatli mikroqarzlarni ta’minlash uchun garovga qabul qilish ixtisoslashgan tashkilotlar — faoliyatini xabardor qilish tartibida amalga oshiradigan lombardlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sifatida amalga oshirilishi mumkin.
Lombardda ashyolarni garovga qo‘yish haqidagi shartnoma lombard tomonidan garov pattasi berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.
Garovga qo‘yilayotgan ashyolar lombardga topshiriladi.
Lombard garovga qabul qilingan ashyolarni garovga qabul qilish paytida shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolarning narxlariga mos bahodagi to‘liq summasida o‘z hisobidan garovga qo‘yuvchi foydasiga sug‘urtalashi shart.
Lombard garovga qo‘yilgan ashyolardan foydalanishga va ularni tasarruf etishga haqli emas.
Lombard ashyolarning yo‘qolishi yoki shikastlanishi yengib bo‘lmas kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yilgan ashyolarning yo‘qolganligi yoki shikastlanganligi uchun javobgar bo‘ladi.
Basharti, lombardda ashyolar garovi bilan ta’minlangan kredit summasi belgilangan muddatda qaytarib berilmagan taqdirda, lombard notariusning ijro yozuvi asosida imtiyozli bir oylik muddat o‘tganidan keyin garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish uchun belgilab qo‘yilgan tartibda (ushbu Kodeksning 281-moddasi) ushbu mol-mulkni sotishga haqli. Shundan keyin hatto garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotishdan tushgan summa talablarni to‘liq qanoatlantirish uchun yetarli bo‘lmasa ham, lombardning garovga qo‘yuvchiga (qarzdorga) talablari bekor bo‘ladi.
Lombardlar tomonidan fuqarolarga ularning ashyolarini garovga olib kredit berish qoidalari qonunchilik bilan belgilanadi.
Lombardda ashyolarni garovga qo‘yish to‘g‘risidagi shartnomaning garovga qo‘yuvchining huquqlarini ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar bilan unga beriladigan huquqlarga qaraganda cheklab qo‘yadigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.
3-§. Ushlab qolish
290-modda. Ushlab qolish asoslari
Qarzdorga yoki qarzdor ko‘rsatgan shaxsga topshirilishi lozim bo‘lgan ashyoni saqlayotgan kreditor ushbu ashyo haqini yoki u bilan bog‘liq chiqimlar va boshqa zararni kreditorga to‘lash majburiyatlari qarzdor tomonidan muddatida bajarilmagan taqdirda uni tegishli majburiyat bajarilgunga qadar ushlab qolishga haqli.
Garchi ashyoning haqini to‘lash yoki uning chiqimlarini va boshqa zararni to‘lash bilan bog‘liq bo‘lmasa-da, biroq taraflari tadbirkorlar sifatida ish ko‘rayotgan majburiyatdan kelib chiqqan talablar ham ashyoni ushlab qolish bilan ta’minlanishi mumkin.
Ashyo kreditor egaligiga o‘tganidan keyin unga bo‘lgan huquqlar uchinchi shaxs tomonidan olinganligiga qaramasdan, kpeditor o‘z qo‘lidagi bu ashyoni ushlab qolishi mumkin.
Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu moddaning qoidalari qo‘llaniladi.
291-modda. Talablarni ushlab qolingan ashyo hisobidan qondirish
Ashyoni ushlab qolgan kreditorning talablari uning qiymatidan garov bilan ta’minlangan talablarni qondirish uchun nazarda tutilgan hajmda va tartibda qondiriladi.
4-§. Kafillik
292-modda. Kafillik shartnomasi
Kafillik shartnomasi bo‘yicha kafil boshqa shaxs o‘z majburiyatini to‘la yoki qisman bajarishi uchun uning kreditori oldida javob berishni o‘z zimmasiga oladi.
Kafillik shartnomasi kelgusida vujudga keladigan majburiyatni ta’minlash uchun ham tuzilishi mumkin.
Kafillik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak. Yozma shaklga rioya qilmaslik kafillik shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.
293-modda. Kafilning javobgarligi
Qarzdor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda kafil va qarzdor kreditor oldida solidar javob beradilar, basharti qonunda yoki kafillik shartnomasida kafilning subsidiar javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan bo‘lmasa.
Basharti, kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil kreditor oldida qarzdor bilan baravar hajmda javob beradi, shu jumladan foizlar to‘laydi, qarzni undirib olish bo‘yicha sud chiqimlarini va qarzdor majburiyatini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditor ko‘pgan boshqa zararlarni to‘laydi.
Agar kafillik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, birgalashib kafil bo‘lgan shaxslar kreditor oldida solidar javob beradilar.
294-modda. Kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atilgan taqdirda uning huquq va burchlari
Kafil kreditorning talabiga qarshi qarzdor bildirishi mumkin bo‘lgan hamma e’tirozlarni qo‘yishga haqli. Hatto qarzdor o‘z e’tirozlaridan voz kechgan yoki o‘z majburiyatini tan olgan taqdirda ham kafil ushbu e’tirozlarga bo‘lgan huquqini yo‘qotmaydi.
Agar kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, u qarzdorni ishda ishtirok etish uchun jalb qilishi shart. Aks holda qarzdor kreditorga qarshi o‘zining barcha e’tirozlarini kafilning qarshi talabiga qarama-qarshi qo‘yish huquqiga ega.
295-modda. Majburiyatni bajargan kafilning huquqlari
Majburiyatni bajargan kafilga kreditorning ushbu majburiyat bo‘yicha huquqlari hamda garovga oluvchi sifatida kreditorga tegishli bo‘lgan huquqlar kafil kreditorning talabini qancha hajmda qanoatlantirgan bo‘lsa, shuncha hajmda o‘tadi. Kafil kreditorga to‘langan summaga foizlar to‘lashni va qarzdor uchun javobgarlik munosabati bilan ko‘rgan boshqa zararini to‘lashni qarzdordan talab qilishga haqli.
Kafil majburiyatni bajarganidan keyin kreditor qarzdorga bo‘lgan talabni tasdiqlovchi hujjatlarni kafilga topshirishi va bu talabni ta’minlaydigan huquqlarni berishi shart.
Ushbu moddada belgilangan qoidalar agar qonunda yoki kafilning qarzdor bilan shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.
296-modda. Qarzdor majburiyatini bajarganligi haqida kafilni xabardor qilish
Kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajargan qarzdor bu haqda kafilni darhol xabardor qilishi shart. Aks holda o‘z navbatida majburiyatni bajargan kafil asossiz olinganni kreditordan undirib olishga yoki qarzdorga regress talab qo‘yishga haqli. Regress talab qo‘yilgan taqdirda qarzdor asossiz olingannigina kreditordan undirib olishga haqli.
297-modda. Kafilning xizmatlariga haq to‘lash
Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil qarzdorga ko‘rsatgan xizmatlari uchun haq olish huquqiga ega.
298-modda. Kafillikning bekor bo‘lishi
Kafillik bilan ta’minlangan majburiyat bekor bo‘lgach, shuningdek ushbu majburiyat kafilning roziligisiz javobgarlikning oshishiga yoki uning uchun boshqa noqulay oqibatlarga olib keladigan tarzda o‘zgartirilgan taqdirda kafillik bekor bo‘ladi.
Kafillik bilan ta’minlangan majburiyat bo‘yicha qarz boshqa shaxsga o‘tkazilganida, agar kafil yangi qarzdor uchun javobgar bo‘lish haqida kreditorga rozilik bergan bo‘lmasa, shuningdek kafil ta’minlagan majburiyatni bajarish muddati kelganida kreditor qarzdor yoki kafil taklif qilgan tegishli ijroni qabul qilishdan bosh tortsa, kafillik bekor bo‘ladi.
Shartnomada ko‘rsatilgan kafillik muddati o‘tganidan keyin kafillik bekor bo‘ladi. Agar bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, kreditor kafillik bilan ta’minlangan majburiyatni bajarish muddati kelgan kundan boshlab bir yil davomida kafilga da’vo qo‘zg‘atmagan taqdirda kafillik bekor bo‘ladi. Agar asosiy majburiyatni bajarish muddati ko‘rsatilmagan va belgilanishi mumkin bo‘lmagan yoki talab qilib olish payti bilan belgilangan bo‘lsa, kreditor kafillik shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir yil mobaynida kafilga nisbatan da’vo qo‘zg‘atmagan taqdirda kafillik bekor bo‘ladi.
5-§. Kafolat
299-modda. Kafolat tushunchasi
Kafolatga binoan bank, boshqa kredit muassasasi yoki sug‘urta tashkiloti (kafil) boshqa shaxs (prinsipal)ning iltimosiga ko‘ra kafil o‘z zimmasiga olayotgan majburiyat shartlariga muvofiq prinsipalning kreditori (benefitsiar) pul summasini to‘lash haqida yozma talabnoma taqdim etsa, pulni unga to‘lash haqida prinsipalga yozma majburiyat beradi.
300-modda. Prinsipalning majburiyatlarini kafolat bilan ta’minlash
Kafolat prinsipalning benefitsiar oldidagi o‘z majburiyatini (asosiy majburiyatni) lozim darajada bajarishini ta’minlaydi.
Kafolat berilgani uchun prinsipal kafilga haq to‘laydi.
301-modda. Kafolatning asosiy majburiyatdan mustaqilligi
Kafilning benefitsiar oldidagi kafolatda nazarda tutilgan majburiyati ular o‘rtasidagi munosabatlarda bajarilishini ta’minlash uchun shu kafolat berilgan asosiy majburiyatga, garchi kafolatda ushbu majburiyatga havola qilingan bo‘lsa-da, bog‘liq emas.
302-modda. Kafolatning chaqirib olinmasligi
Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u kafil tomonidan chaqirib olinishi mumkin emas.
303-modda. Kafolat bo‘yicha huquqlarning boshqa shaxsga o‘tkazilmasligi
Kafolat bo‘yicha benefitsiarga tegishli bo‘lgan kafilga talab qo‘yish huquqi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin emas.
304-modda. Kafolatning kuchga kirishi
Agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u berilgan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
305-modda. Kafolat bo‘yicha talab taqdim etish
Benefitsiarning kafolat bo‘yicha pul summasini to‘lash haqidagi talabi kafolatda ko‘rsatilgan hujjatlarni ilova qilgan holda kafilga yozma ravishda taqdim etilishi kerak. Talabda yoki unga ilovada benefitsiar prinsipalning ta’minlash uchun kafolat berilgan asosiy majburiyatni buzishi nimadan iboratligini ko‘rsatishi kerak.
Benefitsiarning talabi kafolatda belgilangan muddat tugaguncha kafilga taqdim etilishi kerak.
306-modda. Benefitsiarning talabini ko‘rib chiqishda kafilning majburiyatlari
Kafil benefitsiarning talabini olganidan so‘ng bu haqda darhol prinsipalni xabardor qilishi va unga talabning nusxasini barcha tegishli hujjatlar bilan topshirishi kerak.
Kafil benefitsiarning talabini unga ilova qilingan hujjatlar bilan birga kafolatda ko‘rsatilgan muddatda ko‘rib chiqishi, muddat ko‘rsatilmaganda esa — mutanosib muddatda bu talab hamda unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelishi yoki kelmasligini aniqlash uchun oqilona jonkuyarlik ko‘rsatishi kerak.
307-modda. Kafilning benefitsiar talabini qondirishni rad etishi
Agar benefitsiarning talabi yoki unga ilova qilingan hujjatlar kafolat shartlariga mos kelmasa yoxud kafilga kafolatda belgilab qo‘yilgan muddat tamom bo‘lganidan keyin taqdim etilgan bo‘lsa, kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etadi.
Kafil benefitsiarning talabini qondirishni rad etganligi haqida uni darhol xabardor qilishi shart.
Agar benefitsiarning talabi qondirilgunga qadar kafolat bilan ta’minlangan asosiy majburiyat batamom yoki uning tegishli qismi bajarilganligi yoxud boshqa asoslarga ko‘ra bekor bo‘lganligi yoinki haqiqiy emas deb topilganligi kafilga ma’lum bo‘lib qolsa, u bu haqda darhol benefitsiarga va prinsipalga xabar berishi shart.
308-modda. Kafil majburiyatlarining chegaralari
Kafolatda nazarda tutilgan kafilning benefitsiar oldidagi majburiyati kafolat berilgan summani to‘lash bilan cheklanadi.
Kafolat bo‘yicha majburiyat bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun kafilning benefitsiar oldidagi javobgarligi, agar kafolatda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat berilgan summa bilan cheklanmaydi.
309-modda. Kafolatning bekor bo‘lishi
Kafilning kafolat bo‘yicha benefitsiar oldidagi majburiyati quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:
1) kafolat berilgan summa benefitsiarga to‘lanishi;
2) kafolatda belgilangan muddatning tamom bo‘lishi;
3) benefitsiar kafolat bo‘yicha o‘z huquqlaridan voz kechishi va uni kafilga qaytarib berishi oqibatida;
4) benefitsiar kafilni uning majburiyatlaridan ozod qilishi haqida yozma ariza berish yo‘li bilan kafolat bo‘yicha o‘z huquqlaridan voz kechishi oqibatida.
Kafil majburiyatining ushbu modda birinchi qismining 1, 2 va 4-bandlarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinishi unga kafolat qaytarib berilgan yoki qaytarib berilmaganligiga bog‘liq bo‘lmaydi.
Kafolat bekor bo‘lganligidan xabar topgan kafil darhol bu haqda prinsipalni xabardor qilishi kerak.
310-modda. Kafilning prinsipalga regress talablari
Kafilning prinsipaldan kafolat bo‘yicha benefitsiarga to‘langan summalarni regress tartibida to‘lashni talab qilish huquqi kafilning prinsipal bilan bajarish yuzasidan kafolat berilgan kelishuvida belgilab qo‘yiladi.
Agar kafilning prinsipal bilan kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafil benefitsiarga kafolat shartlariga nomuvofiq tarzda yoki kafilning benefitsiar oldidagi majburiyatni buzganligi uchun to‘langan summalarni qoplashni prinsipaldan talab qilishga haqli emas.
6-§. Zakalat
311-modda. Zakalat tushunchasi. Zakalat to‘g‘risidagi kelishuv shakli
Shartnoma tuzayotgan taraflardan biri shartnoma tuzilganligini isbotlash va uning ijrosini ta’minlash yuzasidan beradigan pul summasi zakalat hisoblanadi.
Zakalat to‘g‘risidagi kelishuv zakalatning summasidan qat’i nazar, yozma ravishda tuzilishi kerak.
Shartnomadagi taraf amalga oshirishi kerak bo‘lgan to‘lovlar hisobidan to‘langan summa zakalat ekanligiga, xususan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan qoidaga rioya qilinmasligi oqibatida, shubha tug‘ilgan taqdirda, bu summa, agar boshqa hol isbotlangan bo‘lmasa, bo‘nak sifatida to‘langan deb hisoblanadi.
312-modda. Zakalat bilan ta’minlangan majburiyatni bekor qilish va bajarmaslik oqibatlari
Majburiyat uni bajarishdan oldin taraflarning kelishuviga muvofiq yoki bajarishning imkoni yo‘qligi oqibatida (ushbu Kodeksning 349-moddasi) bekor qilingan taqdirda zakalat puli qaytarib berilishi kerak.
Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat puli bergan taraf javobgar bo‘lsa, zakalat ikkinchi tarafda qoladi. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat olgan taraf javobgar bo‘lsa, u ikkinchi tarafga zakalatni ikki baravar qilib qaytarishi shart.
Bundan tashqari, shartnomaning bajarilmasligi uchun javobgar bo‘lgan taraf, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, zakalat summasini hisobga olgan holda ikkinchi tarafga zararlarni to‘lashi shart.
23-BOB
MAJBURIYATDAGI ShAXSLARNING O‘ZGARIShI
313-modda. Kreditor huquqlarining boshqa shaxsga o‘tish asoslari va tartibi
Majburiyat asosida kreditorga tegishli bo‘lgan huquq (talab) uning tomonidan bitim bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkazilishi (talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish) yoki qonun asosida boshqa shaxsga o‘tishi mumkin.
Kreditorning huquqlari boshqa shaxsga o‘tishi uchun, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarzdorning roziligi talab qilinmaydi.
Agar qarzdor kreditorning huquqlari boshqa shaxsga o‘tganligi haqida yozma ravishda xabardor qilingan bo‘lmasa, yangi kreditor shu tufayli kelib chiqqan o‘zi uchun noqulay oqibatlar xavfini o‘z zimmasiga oladi. Mazkur holda majburiyatning dastlabki kreditorga nisbatan bajarilishi tegishli kreditorga nisbatan bajarish deb hisoblanadi.
Kreditor huquqlarining boshqa shaxsga o‘tishi haqidagi qoidalar regress talablarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
314-modda. Boshqa shaxslarga o‘tishi mumkin bo‘lmagan huquqlar
Kreditorning shaxsi bilan chambarchas bog‘langan huquqlarning, xususan alimentlar to‘g‘risidagi va hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni to‘lash to‘g‘risidagi talablarning boshqa shaxsga o‘tishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
315-modda. Boshqa shaxsga o‘tadigan kreditor huquqlarining hajmi
Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, dastlabki kreditorning huquqi yangi kreditorga huquq o‘tish paytida mavjud bo‘lgan hajmda va shartlar asosida o‘tadi. Xususan yangi kreditorga majburiyatning bajarilishini ta’minlaydigan huquqlar, shuningdek talab bilan bog‘liq boshqa huquqlar, shu jumladan to‘lanmagan foizlarga huquq ham o‘tadi.
316-modda. Yangi kreditor huquqlarining isboti
O‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditor talab qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni unga berishi va talabni amalga oshirish uchun ahamiyatli bo‘lgan ma’lumotlarni bildirishi kerak.
Qarzdor talablar yangi kreditorga o‘tganligini isbotlovchi hujjatlar o‘ziga taqdim etilmagunicha unga nisbatan majburiyatni bajarmaslikka haqli.
317-modda. Qarzdorning yangi kreditor talabiga qarshi e’tirozlari
Qarzdor majburiyat bo‘yicha huquqlar yangi kreditorga o‘tganligi haqida ogohlantirish olgan paytida dastlabki kreditorga qarshi e’tirozlarini yangi kreditorning talabiga qarshi qo‘yishga haqli.
318-modda. Kreditor huquqlarining qonun asosida boshqa shaxsga o‘tishi
Kreditorning majburiyat bo‘yicha huquqlari boshqa shaxsga quyidagi hollarda o‘tadi:
1) kreditor huquqlaridagi universal huquqiy vorislik natijasida;
2) kreditor huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi sudning qaroriga muvofiq;
3) qarzdorning majburiyati ushbu majburiyat bo‘yicha qarzdor bo‘lmagan kafil yoki garovga qo‘yuvchi tomonidan bajarilishi oqibatida;
4) sug‘urta holati boshlanishi uchun javobgar bo‘lgan qarzdorga nisbatan kreditor huquqlarining sug‘urta qiluvchiga subrogatsiyasi (o‘tishi) natijasida;
5) qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
319-modda. Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shartlari
Kreditorning o‘z talabidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishiga, basharti u qonunchilikka yoki shartnomaga zid bo‘lmasa, yo‘l qo‘yiladi.
Kreditorning shaxsi qarzdor uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan majburiyat bo‘yicha talabdan qarzdorning roziligisiz boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.
320-modda. Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish shakli
Oddiy yozma yoki notarial shaklda tuzilgan bitimga asoslangan talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish o‘sha shaklda amalga oshirilishi kerak.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinadigan bitim bo‘yicha talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu bitimni ro‘yxatga olish uchun belgilab qo‘yilgan tartibda ro‘yxatga olinishi kerak.
Orderli qimmatli qog‘oz bo‘yicha talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu qimmatli qog‘ozga indossament (talab qilish huquqini o‘tkazish yozuvi) yo‘li bilan amalga oshiriladi.
321-modda. Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan kreditorning javobgarligi
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechgan dastlabki kreditor yangi kreditor oldida unga o‘tkazilgan talabning haqiqiy emasligi uchun javob beradi, biroq qarzdor bu talabni bajarmaganligi uchun javob bermaydi, dastlabki kreditor yangi kreditor oldida qarzdor uchun o‘z zimmasiga kafolatni olgan hollar bundan mustasno.
322-modda. Qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish
Qarzdorning o‘z qarzini boshqa shaxsga o‘tkazishiga faqat kreditorning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
Yangi qarzdor kreditor bilan dastlabki qarzdor o‘rtasidagi munosabatlarga asoslangan barcha e’tirozlarni kreditor talabiga qarshi qo‘yishga haqli.
Agar kafil yoki garovga qo‘yuvchi yangi qarzdor uchun javob berishga rozi bo‘lmasalar, qarz boshqa shaxsga o‘tkazilishi bilan kafillik yoki uchinchi shaxs tomonidan belgilangan garov bekor bo‘ladi.
Qarzni boshqa shaxsga o‘tkazish shakliga ushbu Kodeks 320-moddasining birinchi va ikkinchi qismlaridagi qoidalar tegishincha qo‘llaniladi.
323-modda. Qarzni va ijroni bir paytda boshqa shaxsga o‘tkazish
Qarzdorni qarzni to‘lash majburiyatidan ozod qilmagan holda qarzni yoki uning qismini boshqa shaxsga o‘tkazishga ruxsat beriladi. Bu holda har ikkala qarzdor majburiyatning bajarilishi uchun solidar javobgar bo‘ladi.
Qarzdorning uchinchi shaxs bilan shartnomasi asosida uchinchi shaxs majburiyatning bajarilishi bo‘yicha kreditor oldida emas, balki faqat qarzdor oldida burchli bo‘ladi.
24-BOB
MAJBURIYATLARNI BUZGANLIK UChUN JAVOBGARLIK
324-modda. Qarzdorning zararni to‘lash majburiyati
Qarzdor majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi tufayli kreditorga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, zararni aniqlashda majburiyat bajarilishi kerak bo‘lgan joyda, qarzdor kreditorning talablarini ixtiyoriy qanoatlantirgan kunda, bordi-yu, talab ixtiyoriy qanoatlantirilgan bo‘lmasa, — da’vo qo‘zg‘atilgan kunda mavjud bo‘lgan narxlar e’tiborga olinadi. Sud vaziyatga qarab, zararni to‘lash haqidagi talabni qaror chiqarilgan kunda mavjud bo‘lgan narxlarni e’tiborga olgan holda qanoatlantirishi mumkin.
Boy berilgan foydani aniqlashda kreditor tomonidan uni olish uchun ko‘rilgan choralar va shu maqsadda ko‘rilgan tayyorgarliklar hisobga olinadi.
325-modda. Neustoyka va zarar
Agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun neustoyka belgilangan bo‘lsa, zararning neustoyka bilan qoplanmagan qismi to‘lanadi.
Qonunda yoki shartnomada zararni emas, balki faqat neustoykani undirib olishga yo‘l qo‘yiladigan; zarar ham neustoykadan tashqari to‘la hajmda undirib olinishi mumkin bo‘lgan; kreditorning tanloviga ko‘ra yoki neustoyka yoxud zarar undirib olinishi mumkin bo‘lgan hollar belgilanishi mumkin.
326-modda. Neustoykani kamaytirish
Agar to‘lanishi lozim bo‘lgan neustoyka kreditorning majburiyatini buzish oqibatlariga nomutanosibligi ko‘rinib tursa, sud neustoykani kamaytirishga haqli. Bunda qarzdor majburiyatni qay darajada bajarganligi, majburiyatda ishtirok etayotgan taraflarning mulkiy ahvoli, shuningdek kreditorning manfaatlari e’tiborga olinishi kerak.
Sud alohida hollarda qarzdor va kreditorning manfaatlarini hisobga olib, kreditorga to‘lanishi lozim bo‘lgan neustoykani kamaytirish huquqiga ega.
327-modda. Pul majburiyatini bajarmaganlik uchun javobgarlik
Boshqa shaxslarning pul mablag‘larini g‘ayriqonuniy ushlab qolish, ularni qaytarib berishdan bosh tortish, ularni to‘lashni boshqacha tarzda kechiktirish yoxud boshqa shaxs hisobidan asossiz olish yoki jamg‘arish natijasida ulardan foydalanganlik uchun ushbu mablag‘lar summasiga foiz to‘lanishi kerak.
Foizlar miqdori kreditor yashaydigan joyda, kreditor yuridik shaxs bo‘lganida esa, uning joylashgan yerida pul majburiyati yoki uning tegishli qismi bajarilgan kunda mavjud bo‘lgan bank foizining hisob stavkasi bilan belgilanadi. Qarz sud tartibida undirib olinganida sud kreditorning talabini da’vo qo‘zg‘atilgan kundagi yoki qaror chiqarilgan kundagi bank foizining hisob stavkasiga qarab qondirishi mumkin. Ushbu qoidalar qonunda yoki shartnomada boshqa foiz miqdori belgilangan bo‘lmasa qo‘llaniladi.
Kreditorning pul mablag‘laridan qonunsiz foydalanish tufayli unga yetkazilgan zarar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlariga asosan unga tegishi kerak bo‘lgan foizlar summasidan oshib ketsa, kreditor qarzdordan zararning bu summadan ortiqcha bo‘lgan qismini to‘lashni talab qilishga haqli.
328-modda. Majburiyatning qarzdor hisobidan bajarilishi
Qarzdor ashyoni tayyorlash va kreditorga mulk qilib, xo‘jalik yuritishga yoki operativ boshqarishga topshirish yoxud ashyoni foydalanish uchun kreditorga berish yoxud uning uchun muayyan ishni bajarish yoki unga xizmat ko‘rsatish majburiyatini bajarmagan taqdirda kreditor, agar qonunchilikdan, shartnomadan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, uchinchi shaxslarga majburiyatni oqilona muddatda oqilona baholarda ijro etishni topshirishga yoinki uni o‘z kuchlari bilan bajarishga hamda qarzdordan qilingan zarur xarajatlarni va boshqa zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
329-modda. Subsidiar javobgarlik
Qonunchilik yoki majburiyat shartlariga muvofiq asosiy qarzdor bo‘lgan boshqa shaxsning javobgarligiga qo‘shimcha ravishda javobgar bo‘lgan (subsidiar javobgarlik) shaxsga talablar qo‘yishdan oldin kreditor asosiy qarzdorga talab qo‘yishi kerak.
Agar asosiy qarzdor kreditorning talabini qondirishdan bosh tortsa yoki kreditor undan qo‘yilgan talabga oqilona muddatda javob olmagan bo‘lsa, bu talab subsidiar javobgar bo‘lgan shaxsga qo‘yilishi mumkin.
Kreditor asosiy qarzdorga bo‘lgan o‘z talabini qondirishni subsidiar javobgar shaxsdan talab qilishga haqli emas, basharti bu talab asosiy qarzdorga muqobil talabni hisobga o‘tkazish yoki mablag‘larni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish yo‘li bilan qondirilishi mumkin bo‘lsa.
Subsidiar javobgar shaxs o‘ziga kreditor tomonidan qo‘yilgan talabni qondirishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirishi, bordi-yu bunday shaxsga nisbatan da’vo qo‘zg‘atilgan bo‘lsa — asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilishi kerak. Aks holda asosiy qarzdor o‘zining kreditorga qarshi e’tirozlarini subsidiar javobgar shaxsning regress talabiga qarshi qo‘yish huquqiga ega.
330-modda. Javobgarlik va majburiyatni asl holida bajarish
Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyat lozim darajada bajarilmagan taqdirda neustoyka to‘lash va zararni qoplash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.
Basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyat bajarilmagan taqdirda zararni qoplash va uning bajarilmaganligi uchun neustoyka to‘lash qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi.
Kechiktirib yuborish oqibatida o‘zi uchun ahamiyatini yo‘qotgan (ushbu Kodeks 337-moddasining ikkinchi qismi) ijroni kreditorning qabul qilishdan bosh tortishi, shuningdek voz kechish haqi tarzida belgilangan neustoykani to‘lash (ushbu Kodeksning 342-moddasi) qarzdorni majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qiladi.
331-modda. Xususiy belgili ashyoni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari
Xususiy belgili ashyoni kreditorning mulki qilib, uning xo‘jalik yuritishiga, operativ boshqaruviga yoki foydalanishiga topshirish majburiyati bajarilmagan taqdirda kreditor bu ashyoni olib qo‘yishni va majburiyatda nazarda tutilgan shartlar asosida o‘ziga topshirishni talab qilishga haqli. Bu huquq ashyo bir xil huquqqa ega bo‘lgan uchinchi shaxsga topshirilgan bo‘lsa, bekor bo‘ladi. Agar ashyo hali topshirilmagan bo‘lsa, vaziyat qaysi kreditorning foydasiga oldinroq vujudga kelgan bo‘lsa, o‘sha kreditor ustunlikka ega bo‘ladi, basharti buni aniqlash mumkin bo‘lmasa, oldin da’vo qo‘zg‘atgan kreditor ustunlikka ega bo‘ladi.
Kreditor majburiyat narsasi bo‘lgan ashyoni o‘ziga topshirishni talab qilish o‘rniga, zararning qoplanishini talab qilishga haqli.
332-modda. Majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik hajmini cheklash
Majburiyatlarning ayrim turlari bo‘yicha hamda muayyan faoliyat turi bilan bog‘liq majburiyatlar bo‘yicha qonunda zararni to‘la qoplashga bo‘lgan huquq cheklab qo‘yilishi mumkin (cheklangan javobgarlik).
Qo‘shilish shartnomasi yoki kreditor iste’molchi sifatida ish olib boruvchi fuqaro bo‘lgan boshqa shartnoma bo‘yicha qarzdorning javobgarlik hajmini cheklash to‘g‘risidagi kelishuv haqiqiy emas, basharti majburiyatlarning ushbu turi yoki ushbu tartibbuzarlik uchun javobgarlik hajmi qonun bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lsa va agar majburiyatni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikni keltirib chiqaradigan vaziyatlar yuz berguncha kelishuvga erishilgan bo‘lsa.
333-modda. Majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik asoslari
Qarzdor aybi bo‘lgan taqdirda majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, javob beradi. Qarzdor majburiyatni lozim darajada bajarish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rganligini isbotlasa, u aybsiz deb topiladi.
Aybning yo‘qligi majburiyatni buzgan shaxs tomonidan isbotlanadi.
Basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya’ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmasa, javobgar bo‘ladi. Qarzdorning shartlashuvchi sheriklari tomonidan majburiyatlarning buzilishi, majburiyatni bajarish uchun zarur tovarlarning bozorda yo‘qligi, qarzdorda zarur pul mablag‘larining bo‘lmaganligi bunday vaziyatlar jumlasiga kirmaydi.
Majburiyatni qasddan buzganlik uchun javobgarlikni bartaraf qilish yoki cheklash to‘g‘risidagi avvaldan kelishilgan bitim u tuzilgan paytdan boshlab haqiqiy emas.
334-modda. Uchinchi shaxslarning harakatlari uchun qarzdorning javobgarligi
Basharti, qonunchilik yoki shartnomada bevosita ijrochi bo‘lgan uchinchi shaxsning javobgarligi belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, zimmasiga majburiyatni bajarish vazifasi yuklatilgan uchinchi shaxslarning majburiyatni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qarzdor javob beradi.
335-modda. Kreditorning aybi
Agar kreditor qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli majburiyatni bajarish mumkin bo‘lmasligi yuz berishiga yoki bajarmaslik tufayli yetkazilgan zarar miqdorining ko‘payishiga ko‘maklashgan bo‘lsa, shuningdek kreditor majburiyatni bajarmaslikdan yetkazilgan zararni kamaytirish choralarini qasddan yoki ehtiyotsizlik tufayli ko‘rmagan bo‘lsa, sud ishning holatlariga qarab to‘lanadigan haq miqdorini kamaytirishga yoki kreditorga haq to‘lashni batamom rad etishga haqli.
336-modda. Ikki taraflama shartnomani bajarmaslik oqibatlari
Agar ikki taraflama shartnomada bir taraf o‘zi javobgar bo‘lgan vaziyat tufayli uni bajarishi mumkin bo‘lmay qolsa, ikkinchi taraf, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomadan voz kechishga va shartnomaning bajarilmasligi tufayli yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.
337-modda. Ijroning qarzdor va kreditor tomonidan kechiktirib yuborilishi
Ijroni kechiktirib yuborgan qarzdor kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zarar uchun va kechiktirib yuborish davrida tasodifan ijroni bajarish mumkin bo‘lmasligi vujudga kelganligi uchun kreditor oldida javob beradi.
Agar qarzdor ijroni kechiktirib yuborganligi tufayli kreditor uchun uning ahamiyati qolmagan bo‘lsa, u ijroni qabul qilishdan bosh tortishi va zararni to‘lashni talab qilishi mumkin.
Agar kreditor qarzdor tomonidan taklif qilingan lozim darajadagi ijroni qabul qilishdan bosh tortgan bo‘lsa yoki o‘zi amalga oshirishi kerak bo‘lgan va amalga oshirilgunicha qarzdor o‘z majburiyatini bajara olmagan harakatlarni qilgan bo‘lmasa, kreditor muddatni kechiktirib yuborgan hisoblanadi.
338-modda. Kreditorning ijroni kechiktirib yuborish oqibatlari
Kreditorning shartnoma bo‘yicha o‘ziga tegishli narsani qabul qilishni kechiktirib yuborishi qarzdorga kechiktirib yuborish tufayli yetkazilgan zararni undirib olish huquqini beradi va keyinchalik majburiyatni ijro etish mumkin bo‘lmay qolsa, uni javobgarlikdan ozod qiladi, qarzdorning qasddan ish tutishi yoki qo‘pol ehtiyotsizlik qilish hollari bundan mustasno.
Pul majburiyati bo‘yicha kreditor ijroni kechiktirib yuborgan vaqt uchun qarzdor foiz to‘lashga majbur emas.
339-modda. Ijroning kechiktirib yuborilganligi uchun kreditorni javobgarlikdan ozod qilish
Agar kreditor ijroning kechiktirib yuborilishi qonunga muvofiq yoki kreditorning topshirig‘i bilan ijroni qabul qilish vazifasi yuklatilgan shaxslar qasddan ish tutganligi yoki ehtiyotsizligi tufayli kelib chiqqanligini isbotlasa, u ijroning kechiktirib yuborilganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
25-BOB
MAJBURIYATLARNING BEKOR BO‘LIShI
340-modda. Majburiyatlarning bekor bo‘lish asoslari
Majburiyat ushbu Kodeksda, boshqa qonun hujjatlarida yoki shartnomada nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra to‘liq yoki qisman bekor bo‘ladi.
Majburiyatni taraflardan birining talabi bilan bekor qilishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.
341-modda. Majburiyatning bajarilishi bilan bekor bo‘lishi
Majburiyat, qoida tariqasida, uning lozim darajada bajarilishi bilan bekor bo‘ladi.
342-modda. Voz kechish haqi
Taraflarning kelishuviga muvofiq majburiyat uni bajarish o‘rniga voz kechish haqini berish (pul to‘lash, mol-mulk berish va shu kabilar) bilan bekor qilinishi mumkin. Voz kechish haqining miqdori, muddatlari va uni berish tartibini taraflar belgilaydilar.
343-modda. Hisobga o‘tkazish bilan majburiyatning bekor bo‘lishi
Muddati to‘lgan yoki muddati ko‘rsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan muqobil o‘xshash talab hisobga o‘tkazilishi bilan majburiyat to‘liq yoki qisman bekor bo‘ladi.
Hisobga o‘tkazish uchun bir tarafning arizasi kifoya qiladi.
344-modda. Hisobga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi
Quyidagi talablarni hisobga o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi:
da’vo muddati o‘tgan talablarni;
fuqaroning sog‘ligiga shikast yetishi yoki uning vafoti munosabati bilan yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talabini;
alimentlar undirish haqidagi talabni;
umrbod asrash sharti bilan uy-joyni boshqa shaxsga topshirish talabini;
qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollardagi talabni.
345-modda. Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganida hisobga o‘tkazish
Talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilgan taqdirda qarzdor o‘zining dastlabki kreditorga muqobil talabini yangi kreditorning talabiga qarshi hisobga o‘tkazishga haqli.
Agar talab qarzdor bu talabdan boshqa shaxs foydasiga voz kechilgani to‘g‘risidagi bildirishni olgan paytgacha mavjud bo‘lgan asosga ko‘ra vujudga kelgan bo‘lsa va talab qilish muddati ana shu bildirish olinguncha kelgan bo‘lsa yoki ushbu muddat ko‘rsatilmagan yoxud talab qilish payti bilan belgilangan bo‘lsa, hisobga olish amalga oshiriladi.
346-modda. Qarzdor bilan kreditor bir shaxs bo‘lib qolganida majburiyatning bekor bo‘lishi
Qarzdor bilan kreditor bir shaxs bo‘lib qolganida majburiyat bekor bo‘ladi.
347-modda. Majburiyat yangilanishi bilan uning bekor bo‘lishi
Taraflar o‘z o‘rtalaridagi dastlabki majburiyatni boshqa narsani yoki boshqacha ijro etish usulini nazarda tutuvchi yangi majburiyat bilan almashtirish (majburiyatni yangilash) haqida kelishib olsalar, majburiyat bekor bo‘ladi.
Hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni qoplash va alimentlarga nisbatan majburiyatlar xususida yangilashni amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Agar taraflarning kelishuviga muvofiq boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatni yangilash dastlabki majburiyat bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha majburiyatlarni bekor qiladi.
348-modda. Qarzdan voz kechish
Kreditor qarzdorni uning zimmasidagi majburiyatlardan ozod qilishi bilan, agar bu hol boshqa shaxslarning kreditor mol-mulkiga nisbatan huquqlarini buzmasa, majburiyat bekor bo‘ladi.
349-modda. Bajarish mumkin bo‘lmaganligi tufayli majburiyatning bekor bo‘lishi
Agar taraflardan birontasi ham javob bermaydigan vaziyat tufayli majburiyatni bajarish mumkin bo‘lmay qolsa, u bekor bo‘ladi.
Basharti, qarzdor majburiyatni kreditorning aybli harakatlari tufayli bajarishi mumkin bo‘lmasa, kreditor o‘zining majburiyat bo‘yicha bajarganlarini qaytarib berishni talab qilishga haqli emas.
350-modda. Majburiyatning davlat organi hujjati asosida bekor bo‘lishi
Agar davlat organining hujjati chiqishi natijasida majburiyatni bajarish to‘liq yoki qisman mumkin bo‘lmay qolsa, majburiyat to‘liq yoki uning tegishli qismi bekor bo‘ladi. Buning natijasida zarar ko‘rgan taraflar ushbu Kodeksning 12 va 15-moddalariga muvofiq uni to‘lashni talab qilishga haqlidirlar.
Davlat organining majburiyat bekor bo‘lishiga asos bo‘lgan hujjati belgilangan tartibda haqiqiy emas deb topilganida, agar taraflarning kelishuvidan yoki majburiyatning mohiyatidan boshqacha tartib kelib chiqmasa va majburiyatni bajarish kreditor uchun o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lsa, majburiyat tiklanadi.
351-modda. Fuqaro vafot etishi bilan majburiyatning bekor bo‘lishi
Agar majburiyatni qarzdorning shaxsiy ishtirokisiz bajarish mumkin bo‘lmasa yoki majburiyat boshqacha tarzda qarzdorning shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa, qarzdor vafot etishi bilan majburiyat bekor bo‘ladi.
Agar majburiyatni bajarish shaxsan kreditor uchun mo‘ljallangan yoki majburiyat boshqacha tarzda kreditorning shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lsa, kreditor vafot etishi bilan majburiyat bekor bo‘ladi.
352-modda. Yuridik shaxs tugatilishi bilan majburiyatning bekor bo‘lishi
Yuridik shaxs (qarzdor yoki kreditor) tugatilishi bilan majburiyat bekor bo‘ladi, qonunchilik bilan tugatilgan yuridik shaxsning majburiyatlarini bajarish boshqa shaxs zimmasiga yuklatilgan (hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zararni to‘lash talabi va boshqa talablar bo‘yicha) hollar bundan mustasno.
2-KICHIK BO‘LIM
ShARTNOMA TO‘G‘RISIDA UMUMIY QOIDALAR
26-BOB
ShARTNOMA TUShUNChASI VA ShARTLARI
353-modda. Shartnoma tushunchasi
Ikki yoki bir necha shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi kelishuvi shartnoma deyiladi.
Shartnomalarga ushbu Kodeksning 9-bobida nazarda tutilgan ikki va ko‘p taraflama bitimlar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, agar ushbu bobning qoidalarida va ushbu Kodeksda shartnomalarning ayrim turlari to‘g‘risida bayon etilgan qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, majburiyatlar to‘g‘risidagi umumiy qoidalar (ushbu Kodeksning 234-352-moddalari) qo‘llaniladi.
Ikkitadan ortiq taraflar tuzadigan shartnomalarga, bunday shartnomalarning ko‘ptaraflamalik xususiyatiga zid bo‘lmasa, shartnoma to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.
354-modda. Shartnoma tuzish erkinligi
Fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar.
Shartnoma tuzishga majbur qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, shartnoma tuzish burchi ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki olingan majburiyatda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Taraflar qonunchilikda nazarda tutilmagan shartnomani ham tuzishlari mumkin.
Taraflar turli shartnomalarning elementlarini o‘z ichiga oladigan shartnoma (aralash shartnoma) tuzishlari mumkin. Aralash shartnoma bo‘yicha taraflarning munosabatlariga, agar taraflarning kelishuvidan yoki aralash shartnomaning mohiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, elementlari aralash shartnomada bo‘lgan shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.
Shartnomaning shartlari taraflarning xohishi bilan belgilanadi, tegishli shartning mazmuni qonunchilikda ko‘rsatib qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
Shartnomaning sharti taraflar kelishuvida boshqacha tartib belgilab qo‘yilmaganligi tufayli qo‘llaniladigan norma (dispozitiv norma)da nazarda tutilgan hollarda taraflar o‘zaro kelishib, uning qo‘llanishini bekor qilishlari yoki unda nazarda tutilganidan boshqacha shartni belgilashlari mumkin. Bunday kelishuv bo‘lmaganda shartnomaning sharti dispozitiv norma bilan belgilanadi.
Agar shartnoma shartlari taraflar yoki dispozitiv norma bilan belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, tegishli shartlar taraflar o‘rtasidagi munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ish muomalasi odatlari bilan belgilanadi.
355-modda. Haq evaziga va tekinga tuziladigan shartnomalar
Shartnoma bo‘yicha taraf o‘z burchlarini bajarganligi uchun haq olishi yoki unga boshqa muqobil to‘lov to‘lanishi lozim bo‘lsa, bunday shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma bo‘ladi.
Shartnoma bo‘yicha bir taraf ikkinchi tarafga undan haq yoki boshqa muqobil to‘lov olmasdan biron narsani berish majburiyatini olsa, bunday shartnoma tekinga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
Agar qonunchilikdan, shartnomaning mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol anglashilmasa, shartnoma haq evaziga tuzilgan shartnoma hisoblanadi.
356-modda. Baho
Shartnomani bajarganlik uchun taraflarning kelishuvi bilan belgilangan bahoda haq to‘lanadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda tegishli vakolatga ega bo‘lgan davlat organlari belgilaydigan yoki tartibga soladigan baholar (tariflar, rassenkalar, stavkalar va h.k.) qo‘llaniladi.
Shartnoma tuzilganidan keyin bahoni o‘zgartirishga qonunchilik yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda va shartlarda yo‘l qo‘yiladi.
Haq to‘lashni nazarda tutadigan shartnomada baho nazarda tutilmagan va shartnoma shartlari bo‘yicha belgilanishi mumkin bo‘lmagan hollarda shartnomani bajarganlik uchun o‘xshash vaziyatlarda odatda shunday tovarlar, ishlar yoki xizmatlar uchun olinadigan baho bo‘yicha haq to‘lanishi kerak.
357-modda. Shartnomaning amal qilishi
Shartnoma tuzilgan paytidan boshlab kuchga kiradi va taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi.
Taraflar o‘zlari tuzgan shartnomaning shartlarini ularning shartnoma tuzishidan oldin vujudga kelgan munosabatlariga nisbatan qo‘llaniladi deb belgilab qo‘yishga haqlidirlar.
Qonunda yoki shartnomada shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarning shartnoma bo‘yicha majburiyatlari bekor bo‘lishiga olib keladi, deb belgilanishi mumkin.
Bunday shart yozib qo‘yilmagan shartnoma taraflar majburiyatni bajarishining shartnomada belgilab qo‘yilgan oxirgi muddatigacha amal qiladi, deb hisoblanadi.
Shartnomaning amal qilish muddati tugashi taraflarni uni buzganlik uchun javobgarlikdan ozod qilmaydi.
358-modda. Ommaviy shartnoma
Tashkilot tomonidan tuzilgan hamda uning bunday tashkilot o‘z faoliyati xususiyatiga ko‘ra o‘ziga murojaat qiladigan har bir shaxsga nisbatan amalga oshirishi shart bo‘lgan tovarlar sotish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi vazifalarini (chakana savdo, umumiy foydalanishdagi transportda yo‘lovchi tashish, aloqa xizmati, energiya bilan ta’minlash, tibbiy xizmat, mehmonxona xizmati va sh.k.) belgilab qo‘yadigan shartnoma ommaviy shartnoma deyiladi. Bunday tashkilot ommaviy shartnoma tuzishda bir shaxsni boshqa shaxsga nisbatan afzal ko‘rishga haqli emas, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tovarlar, ishlar va xizmatlarning bahosi, shuningdek ommaviy shartnomaning boshqa shartlari hamma iste’molchilar uchun bir xil qilib belgilanadi, qonunchilikda iste’molchilarning ayrim toifalari uchun imtiyozlar berilishiga yo‘l qo‘yiladigan hollar bundan mustasno.
Tashkilotning iste’molchiga tegishli tovarlarni berish, xizmatlar ko‘rsatish, uning uchun tegishli ishlarni bajarish imkoniyati bo‘la turib ommaviy shartnoma tuzishdan bosh tortishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashkilot ommaviy shartnoma tuzishdan asossiz bosh tortganida ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Qonunda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ommaviy shartnomalarni tuzish va bajarishda taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalar (namunaviy shartnomalar, qoidalar va h.k.) chiqarishi mumkin.
Ommaviy shartnomaning ushbu modda ikkinchi va beshinchi qismlari bilan belgilab qo‘yilgan talablarga mos kelmaydigan shartlari haqiqiy emas.
359-modda. Shartnomaning namunaviy shartlari
Shartnomada uning ayrim shartlari tegishli turdagi shartnomalar uchun ishlab chiqilgan namunaviy shartlar bilan belgilanishi nazarda tutilishi mumkin.
Shartnomada namunaviy shartlarga havola qilinmagan hollarda bunday namunaviy shartlar taraflarning munosabatlariga ish muomalasi odatlari sifatida qo‘llaniladi.
Namunaviy shartlar namunaviy shartnoma yoki ushbu shartlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa hujjat shaklida ifodalanishi mumkin.
360-modda. Qo‘shilish shartnomasi
Shartlarini taraflardan biri formulyarlar yoki boshqa standart shakllarda ta’riflagan hamda ikkinchi taraf faqat taklif qilingan shartnomaga butunlay qo‘shilish yo‘li bilan qabul qilishi mumkin bo‘lgan shartnoma qo‘shilish shartnomasi deyiladi.
Agar qo‘shilish shartnomasi garchi qonunchilikka zid bo‘lmasa-da, biroq qo‘shiluvchi tarafni odatda ana shunday turdagi shartnomalar asosida beriladigan huquqlardan mahrum etsa, ikkinchi tarafning majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligini istisno etsa yoki cheklasa yohud unda qo‘shilgan taraf uchun ochiqdan-ochiq og‘ir bo‘lgan, bu tarafda shartnoma shartlarini belgilashda qatnashish imkoniyati bo‘lganida u o‘zining manfaatlarini ko‘zlab qabul qilmaydigan shartlar yozib qo‘yilgan bo‘lsa, shartnomaga qo‘shilgan taraf shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni talab qilishga haqli.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan holatlar mavjud bo‘lganida o‘z tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi munosabati bilan shartnomaga qo‘shilgan taraf qanday shartlar asosida shartnoma tuzayotganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, shartnomaga qo‘shilgan tarafning shartnomani bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida qo‘ygan talabi qondirilmaydi.
361-modda. Dastlabki shartnoma
Dastlabki shartnoma bo‘yicha taraflar kelgusida mol-mulk berish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish haqida dastlabki shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida shartnoma tuzish (asosiy shartnoma) majburiyatini oladilar.
Dastlabki shartnoma asosiy shartnoma uchun belgilangan shaklda, bordi-yu, asosiy shartnomaning shakli aniqlanmagan bo‘lsa, yozma shaklda tuziladi. Dastlabki shartnomaning shakli to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilmaslik uning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.
Dastlabki shartnomada asosiy shartnomaning narsasini, shuningdek boshqa muhim shartlarini belgilab qo‘yish imkonini beradigan shartlar bo‘lishi kerak.
Dastlabki shartnomada taraflar qancha muddatda asosiy shartnomani tuzish majburiyatini olishi ko‘rsatiladi. Agar dastlabki shartnomada bunday muddat belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, asosiy shartnoma dastlabki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab bir yil ichida tuzilishi shart.
Dastlabki shartnomani tuzgan taraf asosiy shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.
Agar taraflar asosiy shartnomani tuzishlari lozim bo‘lgan muddatning oxirigacha u tuzilmasa yoki taraflarning birontasi ham ikkinchi tarafga ana shunday shartnoma tuzish haqida taklif yubormasa, dastlabki shartnomada nazarda tutilgan majburiyatlar bekor bo‘ladi.
362-modda. Uchinchi shaxs foydasiga tuziladigan shartnoma
Taraflar qarzdor ijroni kreditorga emas, balki shartnomada ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmagan, qarzdordan majburiyatni o‘z foydasiga bajarishni talab qilish huquqiga ega bo‘lgan uchinchi shaxsga bajarishi majbur deb belgilab qo‘ygan shartnoma uchinchi shaxs foydasiga tuzilgan shartnoma deyiladi.
Agar qonunchilikda yoki shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uchinchi shaxs shartnoma bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanish niyatini qarzdorga bildirgan paytdan boshlab taraflar o‘zlari tuzgan shartnomani uchinchi shaxsning roziligisiz bekor qilishlari yoki o‘zgartirishlari mumkin emas.
Qarzdor kreditorga qarshi qo‘yishi mumkin bo‘lgan e’tirozlarini shartnomada uchinchi shaxsning talablariga qarshi qo‘yishga haqli.
Uchinchi shaxs shartnoma bo‘yicha o‘ziga berilgan huquqdan foydalanishdan voz kechgan taqdirda, basharti qonunchilik va shartnomaga zid bo‘lmasa, kreditor bu huquqdan foydalanishi mumkin.
363-modda. Shartnomani sharhlash
Sud shartnoma shartlarini sharhlashda undagi so‘z va iboralarning asl ma’nosini e’tiborga oladi. Shartnomaning sharti aniq bo‘lmasa, uning asl ma’nosi uni boshqa shartlarga va butun shartnomaning ma’nosiga taqqoslash yo‘li bilan aniqlanadi.
Agar ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar shartnomaning mazmunini aniqlash imkonini bermasa, taraflarning haqiqiy umumiy xohish-irodasi shartnomaning maqsadini hisobga olgan holda aniqlanishi kerak. Bunda barcha tegishli holatlar, shu jumladan shartnoma tuzish oldidan olib borilgan muzokaralar va yozishmalar, taraflarning o‘zaro munosabatlarida qaror topgan amaliyot, ish muomalasi odatlari, taraflarning keyinchalik o‘zlarini qanday tutganligi e’tiborga olinadi.
27-BOB
ShARTNOMA TUZISh
364-modda. Shartnoma tuzish to‘g‘risidagi asosiy qoidalar
Agar taraflar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari yuzasidan shunday hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Shartnomaning narsasi to‘g‘risidagi shartlar, qonunchilikda bunday turdagi shartnomalar uchun muhim yoki zarur deb hisoblangan shartlar, shuningdek taraflardan birining arizasiga ko‘ra kelishib olinishi zarur bo‘lgan hamma shartlar muhim shartlar hisoblanadi.
Shartnoma taraflardan birining oferta (shartnoma tuzish haqida taklif) yo‘llashi va ikkinchi taraf uni akseptlashi (taklifni qabul qilishi) yo‘li bilan tuziladi.
365-modda. Shartnomaning tuzilish payti
Oferta yo‘llagan shaxs uning akseptini olgan paytda shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar qonunga muvofiq shartnoma tuzish uchun mol-mulkni topshirish ham zarur bo‘lsa, shartnoma tegishli mol-mulk topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi (ushbu Kodeksning 185-moddasi).
366-modda. Shartnomaning shakli
Agar qonunda muayyan turdagi shartnomalar uchun ma’lum bir shakl belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, shartnoma bitimlar tuzish uchun nazarda tutilgan har qanday shaklda tuzilishi mumkin.
Notarial tasdiqlanishi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart bo‘lgan shartnoma notarial tasdiqlangan yoki ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran, notarial tasdiqlanishi va ro‘yxatdan o‘tkazilishi zarur bo‘lganda esa — shartnoma ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Agar taraflar shartnomani muayyan shaklda tuzishga kelishgan bo‘lsalar, garchi qonunda bu turdagi shartnomalar uchun bunday shakl talab qilingan bo‘lmasa-da, shartnoma belgilangan shaklga keltirilganidan keyin tuzilgan hisoblanadi.
Yozma shartnoma taraflar imzolagan bitta hujjatni tuzish yo‘li bilan, shuningdek pochta, telegraf, teletayp, telefon, elektron aloqa yoki hujjat shartnomadagi tarafdan chiqqanligini ishonchli suratda aniqlash imkonini beradigan boshqa aloqa yordamida hujjatlar almashish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Agar shartnoma tuzish haqidagi yozma taklif ushbu Kodeks 370-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan tartibda olingan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.
367-modda. Oferta
Bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq bo‘lgan va taklifni kiritgan shaxsning o‘zini taklif yo‘llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta hisoblanadi.
Ofertada shartnomaning muhim shartlari ifoda qilingan bo‘lishi kerak.
Oferta uni yo‘llagan shaxsni oferta yo‘llangan shaxs bilan u ofertani olgan paytdan boshlab bog‘laydi.
Agar ofertani chaqirib olish to‘g‘risidagi bildirish ofertaning o‘zidan oldin yoki u bilan bir vaqtda kelgan bo‘lsa, oferta olinmagan hisoblanadi.
368-modda. Ofertaning chaqirib olinmasligi
Qabul qiluvchi taraf olgan oferta uni akseptlash uchun belgilab qo‘yilgan muddat mobaynida chaqirib olinishi mumkin emas, basharti boshqacha tartib ofertaning o‘zida shart qilib qo‘yilgan bo‘lmasa yoki taklifning mohiyatidan yoxud u yo‘llangan paytdagi vaziyatdan anglashilmasa.
369-modda. Ofertaga taklif etish. Ommaviy oferta
Nomuayyan shaxslar doirasiga yo‘llangan reklama va boshqa takliflar, agar taklifda boshqacha hol to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ofertaga taklif etish deb qaraladi.
Shartnomaning barcha asosiy shartlarini o‘z ichiga olgan, taklif kiritayotgan shaxsning javob qaytargan har qanday shaxs bilan taklifda ko‘rsatilgan shartlar asosida shartnoma tuzishga bo‘lgan xohish-irodasi bilinib turgan taklif oferta (ommaviy oferta) hisoblanadi.
370-modda. Aksept
Oferta yuborilgan shaxsning uni qabul qilganligi haqidagi javobi aksept hisoblanadi.
Aksept to‘liq va pisandasiz bo‘lishi kerak.
Agar qonundan, ish muomalasi odatidan yoki taraflarning ish bo‘yicha avvalgi munosabatlaridan boshqacha ma’no kelib chiqmasa, sukut saqlash aksept bo‘lmaydi.
Ofertani akseptlash uchun belgilangan muddatda olgan shaxsning unda ko‘rsatilgan shartnoma shartlarini bajarish yuzasidan qilgan harakatlari (tovarlarni jo‘natish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlar bajarish, tegishli summani to‘lash va h. k.), agar qonunchilikda yoki ofertada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoki ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aksept hisoblanadi.
371-modda. Akseptni chaqirib olish
Agar akseptni chaqirib olish haqidagi bildirish oferta yuborgan shaxsga akseptdan oldinroq yoki u bilan bir vaqtda yetib kelgan bo‘lsa, aksept olinmagan hisoblanadi.
372-modda. Aksept muddati ko‘rsatilgan oferta asosida shartnoma tuzish
Ofertada aksept muddati ko‘rsatilgan bo‘lsa, aksept oferta yo‘llagan shaxs tomonidan unda ko‘rsatilgan muddat mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
373-modda. Aksept muddati ko‘rsatilmagan oferta asosida shartnoma tuzish
Yozma ofertada aksept muddati ko‘rsatilmagan aksept oferta yo‘llagan shaxs tomonidan qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muddatlarda, agar bunday muddat belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa — buning uchun normal zarur bo‘lgan vaqt mobaynida olinsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Oferta aksept uchun muddat ko‘rsatmasdan og‘zaki tarzda qilinganida boshqa taraf uni akseptlaganini darhol aytgan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
374-modda. Kechikib olingan aksept
Aksept to‘g‘risida o‘z vaqtida yo‘llangan bildirish kechikib olingan hollarda oferta yo‘llagan taraf boshqa tarafga aksept kechikib olinganini darhol bildirib qo‘ymasa, aksept kechikkan hisoblanmaydi.
Agar oferta yo‘llagan taraf boshqa tarafga uning kechikib olingan akseptini qabul qilganini darhol ma’lum qilsa, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
375-modda. Boshqa shartlar asosidagi aksept
Ofertada taklif qilinganidan boshqacha shartlar asosida shartnoma tuzishga rozilik bildirish haqidagi javob aksept hisoblanmaydi. Bunday javob akseptdan bosh tortish va ayni vaqtda yangi oferta hisoblanadi.
376-modda. Shartnomaning tuzilgan joyi
Agar shartnomada uning tuzilgan joyi ko‘rsatilgan bo‘lmasa, shartnoma oferta yo‘llagan fuqaroning yashash joyida yoki yuridik shaxsning joylashgan yerida tuzilgan hisoblanadi.
377-modda. Majburiy tartibda shartnoma tuzish
Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq oferta (shartnoma loyihasi) yo‘llangan taraf uchun shartnoma tuzish majburiy bo‘lgan hollarda bu taraf oferta olingan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida boshqa tarafga aksept to‘g‘risida yoki akseptdan bosh tortishi to‘g‘risida yoxud ofertani boshqa shartlarda akseptlashi to‘g‘risida (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) bildirish yo‘llashi kerak.
Oferta yo‘llagan hamda shartnoma tuzishi majburiy bo‘lgan tarafdan ofertani boshqa shartlarda akseptlash to‘g‘risida bildirish (shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi) olgan taraf bunday bildirish olingan yoki aksept uchun muddat tugagan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.
Ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzish oferta (shartnoma loyihasi) yo‘llagan taraf uchun majburiy bo‘lgan va unga o‘ttiz kun mobaynida shartnoma loyihasiga kelishmovchiliklar bayonnomasi yuboriladigan hollarda bu taraf kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida boshqa tarafga shartnomani uning tahririda qabul qilishini yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishini bildirishi shart.
Kelishmovchiliklar bayonnomasi rad etilganida yoki uni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risidagi bildirish ko‘rsatilgan muddatda olinmaganida kelishmovchiliklar bayonnomasini yo‘llagan taraf shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqish uchun sudga topshirishga haqli.
Ushbu moddaning birinchi, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan muddatlar to‘g‘risidagi qoidalar, agar qonunchilikda boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa yoki taraflar ularni kelishib olgan bo‘lmasalar, qo‘llaniladi.
Agar ushbu Kodeksga yoki boshqa qonunlarga muvofiq shartnoma tuzishi majburiy bo‘lgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf uni shartnoma tuzishga majbur qilish talabi bilan sudga murojaat qilishga haqli.
Shartnoma tuzishdan asossiz bo‘yin tovlayotgan taraf shu tufayli yetkazilgan zararlarni boshqa tarafga to‘lashi kerak.
378-modda. Shartnoma oldidan bo‘ladigan nizolar
Shartnoma tuzish chog‘ida yuz bergan kelishmovchiliklar ushbu Kodeksning 377-moddasiga muvofiq qarab chiqish uchun sudga berilgan hollarda shartnomaning taraflar o‘rtasida kelishmovchiliklar chiqishiga sabab bo‘lgan shartlari sud qaroriga muvofiq belgilanadi.
379-modda. Kimoshdi savdosida shartnoma tuzish
Agar shartnomaning mazmunidan boshqacha tartib anglashilmasa, u kim oshdi savdosini o‘tkazish yo‘li bilan tuzilishi mumkin. Shartnoma kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan tuziladi.
Ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi yoxud ixtisoslashgan tashkilot kimoshdi savdosining tashkilotchisi bo‘lishi mumkin. Ixtisoslashgan tashkilot ashyoning mulkdori yoki mulkiy huquq egasi bilan shartnoma tuzish asosida ish olib boradi va ular nomidan yoki o‘z nomidan harakat qiladi.
Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda ko‘rsatilgan hollarda ashyoni yoki mulkiy huquqni sotish to‘g‘risidagi shartnomalar faqat kimoshdi savdosi o‘tkazish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Kimoshdi savdosi auksion yoki tanlov shaklida o‘tkaziladi.
Kimoshdi savdosining shakli, agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, sotiladigan ashyoning mulkdori yoki sotiladigan mulkiy huquqning egasi tomonidan belgilanadi.
Faqat bitta ishtirokchi qatnashgan auksion va tanlov o‘tkazilmagan hisoblanadi.
Ushbu Kodeksning 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sud qarorini ijro etish tartibida o‘tkaziladigan kimoshdi savdosiga nisbatan ham qo‘llaniladi.
380-modda. Kimoshdi savdosini tashkil etish va uni o‘tkazish tartibi
Auksionlar va tanlovlar ochiq va yopiq bo‘lishi mumkin. Ochiq auksionda va ochiq tanlovda xohlagan shaxs qatnashishi mumkin. Yopiq auksion va yopiq tanlovda shu maqsad uchun maxsus taklif etilgan shaxslargina qatnashadilar.
Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tashkilotchi kimoshdi savdosi o‘tkazilishi to‘g‘risida kamida o‘ttiz kun oldin xabar qilishi kerak. Xabarda, har qanday holda ham, kimoshdi savdosining vaqti, joyi va shakli, kimoshdi savdosiga nima qo‘yilayotgani va uni o‘tkazish tartibi, shu jumladan kim oshdi savdosida qatnashishni rasmiylashtirish to‘g‘risidagi, shuningdek boshlang‘ich narx to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qo‘yilayotgan bo‘lsa, bo‘lajak kimoshdi savdosi to‘g‘risidagi xabarda bunga beriladigan muddat ko‘rsatilishi kerak.
Agar qonunda yoki kimoshdi savdosi o‘tkazilishi haqidagi xabarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xabar bergan kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion o‘tkazishdan xohlagan vaqtida, lekin u o‘tkaziladigan kundan kamida uch kun oldin, tanlov o‘tkazishdan esa — tanlov o‘tkaziladigan kundan kamida o‘ttiz kun oldin bosh tortishga haqli.
Kimoshdi savdosining tashkilotchisi uni o‘tkazishdan mazkur muddatlarni buzib bosh tortgan hollarda ishtirokchilarning ko‘rgan haqiqiy zararlarini to‘lashi shart.
Yopiq auksion yoki yopiq tanlov tashkilotchisi xabar yuborilganidan keyin aynan qancha muddatda kimoshdi savdosidan bosh tortganligidan qat’i nazar, o‘zi taklif etgan ishtirokchilarning real zararini to‘lashi shart.
Kimoshdi savdosining qatnashchilari kimoshdi savdosi o‘tkazilishi to‘g‘risidagi xabarda ko‘rsatilgan miqdorda, muddatlarda va tartibda zakalat puli to‘laydilar. Agar kimoshdi savdosi o‘tkazilmasa, zakalat qaytarib berilishi kerak. Zakalat kimoshdi savdosida qatnashgan, lekin unda g‘olib chiqmagan shaxslarga ham qaytarib beriladi.
Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan shartnoma tuzishda u to‘lagan zakalat summasi tuzilgan shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarishda hisobga olinadi.
Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs va kimoshdi savdosining tashkilotchisi auksion yoki tanlov o‘tkazilgan kuni kim oshdi savdosining natijalari to‘g‘risida bayonnoma imzolaydilar, bu bayonnoma shartnoma kuchiga ega bo‘ladi. Kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bayonnomani imzolashdan bosh tortsa, to‘lagan zakalatidan mahrum bo‘ladi. Bayonnomani imzolashdan bosh tortgan kimoshdi savdosining tashkilotchisi zakalatni ikki hissa qilib qaytarishi, shuningdek kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxsga kimoshdi savdosida qatnashish tufayli o‘ziga yetkazilgan zararning zakalat pulidan ortiq bo‘lgan qismini to‘lashi shart.
Agar kimoshdi savdosiga faqat shartnoma tuzish huquqi qo‘yilgan bo‘lsa, bunday shartnomani taraflar kimoshdi savdosi tamom bo‘lganidan hamda bayonnoma rasmiylashtirilganidan keyin kechi bilan yigirma kunda yoki xabarda e’lon qilingan boshqa muddatda imzolashlari kerak. Ulardan biri shartnoma tuzishdan bosh tortgan taqdirda, ikkinchi taraf sudga murojaat qilib, shartnoma tuzishga majbur etishni, shuningdek uni tuzishdan bosh tortish natijasida yetkazilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
381-modda. Kimoshdi savdosini o‘tkazish qoidalarini buzish oqibatlari
Qonunda belgilangan qoidalar buzib o‘tkazilgan kimoshdi savdosi manfaatdor shaxs talabi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Kimoshdi savdosini haqiqiy emas deb topish kimoshdi savdosida g‘olib chiqqan shaxs bilan tuzilgan shartnomaning haqiqiy emasligiga sababchi bo‘ladi.
28-BOB
ShARTNOMANI O‘ZGARTIRISh VA BEKOR QILISh
382-modda. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish asoslari
Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkin.
Taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat quyidagi hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:
1) ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa;
2) ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda.
Taraflardan birining shartnomani buzishi ikkinchi tarafga u shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘ladigan qilib zarar yetkazishi shartnomani jiddiy buzish hisoblanadi.
Bir taraf shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bosh tortib, qonun yohud taraflarning kelishuvida bunga yo‘l qo‘yilsa, shartnoma tegishlicha bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan hisoblanadi.
383-modda. Vaziyat jiddiy o‘zgarishi munosabati bilan shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish
Shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo‘lgan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi, agar boshqacha tartib shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki uning mohiyatidan anglashilmasa, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘ladi.
Vaziyatning taraflar oldindan ko‘ra bilganlarida shartnomani umuman tuzmasliklari yoki ancha farq qiladigan shartlar bilan tuzishlari mumkin bo‘lgan darajada o‘zgarishi uning jiddiy o‘zgarishi hisoblanadi.
Agar taraflar shartnomani jiddiy o‘zgargan vaziyatga muvofiqlashtirish yoki uni bekor qilish haqida kelisha olmagan bo‘lsalar, shartnoma manfaatdor tarafning talabi bilan sud tomonidan bekor qilinishi, ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra esa — o‘zgartirilishi mumkin, agar ayni vaqtda quyidagi shartlar mavjud bo‘lsa:
1) shartnomani tuzish paytida taraflar vaziyatda bunday o‘zgarish yuz bermaydi, deb hisoblagan bo‘lsalar;
2) vaziyatning o‘zgarishini keltirib chiqargan sabablarni, ular paydo bo‘lganidan keyin manfaatdor taraf shartnomaning xususiyatiga va muomala shartlariga ko‘ra o‘zidan talab qilinadigan darajada vijdoniylik va ehtiyotkorlik qilgan bo‘lishiga qaramay, bu sabablarni yenga olmagan bo‘lsa;
3) shartnomani uning shartlarini o‘zgartirmasdan bajarish taraflar mulkiy manfaatlarining shartnomaga mos keladigan nisbatini buzsa va manfaatdor tarafga zarar yetkazsa, natijada ular shartnoma tuzishda umid qilishga haqli bo‘lgan narsadan ko‘p darajada mahrum bo‘lsalar;
4) ish muomalasi odatlaridan yoki shartnomaning mohiyatidan vaziyatning o‘zgarishi xavfiga manfaatdor taraf uchrashi kerakligi anglashilmasa.
Vaziyatning jiddiy o‘zgarishi oqibatida shartnoma bekor qilinganida sud har qanday taraf talabi bilan shartnomani bekor qilish oqibatlarini aniqlashda taraflarning ushbu shartnomani bajarish bilan bog‘liq xarajatlarini ular o‘rtasida adolatli taqsimlash zarurligiga asoslanadi.
Vaziyatning jiddiy o‘zgarishi munosabati bilan shartnomaning o‘zgartirilishiga shartnomani bekor qilish ijtimoiy manfaatlarga zid bo‘lgan yoki taraflarga shartnomani sud tomonidan o‘zgartirilgan shartlar asosida bajarish uchun talab qilinadigan xarajatlardan ancha ortiq zarar keltiradigan favqulodda hollarda sud qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.
384-modda. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish tartibi
Shartnoma qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi kelishuv ham shunday shaklda tuziladi, basharti qonunchilikdan, shartnoma yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa.
Bir taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi taklifga ikkinchi tarafdan rad javobi olganidan keyingina yoki taklifda ko‘rsatilgan yoxud qonunda yoinki shartnomada belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmaganida esa — o‘ttiz kunlik muddatda javob olmaganidan keyin, shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi talabni sudga taqdim etishi mumkin.
385-modda. Shartnomani o‘zgartirish va bekor qilishning oqibatlari
Shartnoma o‘zgartirilganida taraflarning majburiyatlari o‘zgartirilgan holda saqlanib qoladi.
Shartnoma bekor qilinganida taraflarning majburiyatlari bekor bo‘ladi.
Shartnoma o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan taqdirda, agar kelishuvdan yoki shartnomani o‘zgartirish xususiyatidan boshqacha tartib anglashilmasa, taraflar shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilishga kelishgan paytdan boshlab, shartnoma sud tartibida o‘zgartirilgan yoki bekor qilinganida esa — sudning shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirgan paytdan boshlab majburiyatlar o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.
Agar qonunda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, taraflar shartnoma o‘zgartirilguncha yoki bekor qilinguncha majburiyat bo‘yicha o‘zlari bajargan narsalarni qaytarib berishni talab qilishga haqli emaslar.
Agar shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilishga taraflardan birining shartnomani jiddiy buzishi asos bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi taraf shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish tufayli yetkazilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqli.
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat ___12.04____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.