O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK KODEKSI IKKINCHI QISM DD 29 – AVGUST. 1996 y.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING FUQAROLIK KODEKSI

IKKINCHI QISM

29 – AVGUST. 1996 y.

.

3KICHIK BO‘LIM.

MAJBURIYATLARNING AYRIM TURLARI

29-BOB. OLDI-SOTDI

.

1-§. Oldi-sotdi to‘g‘risida umumiy qoidalar

.

386-modda. Oldi-sotdi shartnomasi

Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sotuvchi) tovarni boshqa taraf (sotib oluvchi)ga mulk qilib topshirish majburiyatini, sotib oluvchi esa bu tovarni qabul qilish va uning uchun belgilangan pul summasi (bahosi)ni to‘lash majburiyatini oladi.

Agar qonunda qimmatli qog‘ozlar va valyuta qimmatliklarining oldi-sotdisiga doir maxsus qoidalar belgilangan bo‘lmasa, ularni olish-sotishga nisbatan ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

Ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda nazarda tutilgan hollarda ayrim turdagi tovarlarni olish-sotishning o‘ziga xos jihatlari qonunchilik bilan belgilanadi.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarining oldi-sotdi shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilangan hollar bundan mustasno.

Ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar mulkiy huquqlarni sotishga nisbatan qo‘llanadi, agar ushbu huquqlar mazmuni yoki mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa.

Ayrim turdagi oldi-sotdi (chakana oldi-sotdi, tovarlar yetkazib berish, energiya ta’minoti, korxonani sotish va boshqalar) shartnomalariga nisbatan, agar ushbu Kodeksning bu turdagi shartnomalarga doir qoidalarida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

387-modda. Shartnomaning tovar to‘g‘risidagi sharti

Oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha har qanday ashyolar ushbu Kodeksning 82-moddasi qoidalariga rioya qilgan holda tovar bo‘lishi mumkin.

Shartnoma, agar qonunda boshqacha hol belgilangan bo‘lmasa yoki u tovarning xususiyatidan kelib chiqmasa, shartnomani tuzish paytida sotuvchida mavjud bo‘lgan tovarni, shuningdek kelajakda sotuvchi yaratadigan yoki oladigan tovarni olish-sotish haqida tuzilishi mumkin.

Agar shartnoma tovarning nomi va miqdorini aniqlash imkonini bersa, tovar to‘g‘risidagi oldi-sotdi shartnomasining sharti kelishilgan hisoblanadi.

388-modda. Tovarni topshirish yuzasidan sotuvchining majburiyatlari

Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarni topshirishi shart.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchi sotib oluvchiga ashyoni berish bilan bir vaqtda unga mansub ashyoni, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan ashyoga aloqador hujjatlar (texnik pasporti, sifat sertifikati, foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma va hokazolar)ni topshirishi shart.

389-modda. Tovarni topshirish majburiyatini bajarish muddati

Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyatini bajarish muddati oldi-sotdi shartnomasida belgilanadi, agar shartnoma bu muddatni aniqlash imkonini bermasa, u ushbu Kodeksning 242-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.

Belgilangan muddat buzilgan taqdirda sotib oluvchida shartnomaning bajarilishiga qiziqish yo‘qolishi shartnomadan aniq bilinib tursa, oldi-sotdi shartnomasi uni qat’iy belgilangan muddatda bajarish sharti bilan tuzilgan hisoblanadi. Sotuvchi bunday shartnomani unda belgilangan muddatdan oldin yoki bu muddat tugagandan so‘ng sotib oluvchining roziligisiz bajarishga haqli emas.

390-modda. Sotuvchining tovarni topshirish majburiyatini bajarish payti

Basharti, oldi-sotdi shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining sotib oluvchiga tovarni topshirish vazifasi quyidagi paytlarda bajarilgan hisoblanadi:

agar shartnomada sotuvchining tovarni yetkazib berish majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, tovarni sotib oluvchiga yoki u ko‘rsatgan shaxsga topshirish paytida;

agar tovar sotib oluvchiga tovar turgan yerda berilishi lozim bo‘lsa, tovarni sotib oluvchi ixtiyoriga topshirish paytida. Shartnomada nazarda tutilgan muddatda tovar tegishli yerda sotib oluvchiga topshirish uchun tayyor bo‘lgan va sotib oluvchi shartnoma shartlariga muvofiq tovar topshirishga tayyor ekanligidan xabardor qilingan vaqtda tovar sotib oluvchi ixtiyoriga topshirilgan deb hisoblanadi. Agar tovarning shartnoma maqsadlariga mosligi tamg‘alash yoki boshqa yo‘l bilan tasdiqlangan bo‘lmasa, tovar topshirish uchun tayyor deb hisoblanmaydi.

Oldi-sotdi shartnomasidan sotuvchining tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish yoki tovarni turgan yerida sotib oluvchiga topshirish majburiyati kelib chiqmaydigan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish uchun tashuvchiga yoki aloqa tashkilotiga topshirish paytida sotuvchining tovarni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bajarilgan hisoblanadi.

391-modda. Sotuvchining sotilgan mol-mulkni saqlash majburiyati

Mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq mol-mulkni topshirishdan oldin sotib oluvchiga o‘tgan hollarda, sotuvchi mol-mulkning yomonlashishiga yo‘l qo‘ymay, uni topshirgunga qadar saqlashi shart. Buning uchun qilingan zarur chiqimlarni, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi sotuvchiga to‘lashi shart.

392-modda. Tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfining o‘tishi

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi sotuvchi tovarni sotib oluvchiga topshirish bo‘yicha o‘z majburiyatini qonun yoki shartnomaga muvofiq bajargan deb hisoblangan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo‘lda bo‘lgan paytida sotilgan tovarning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi shartnoma tuzilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Oldi-sotdi shartnomasining tovar tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan shikastlanishi xavfi u birinchi tashuvchiga topshirilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tishi haqidagi sharti, agar shartnoma tuzilgan paytda sotuvchi tovar yo‘qolgani yoki shikastlanganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa va bu haqda sotib oluvchiga ma’lum qilmagan bo‘lsa, sotib oluvchi talabiga ko‘ra sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

393-modda. Sotuvchining tovarni uchinchi shaxslar huquqlaridan ozod holda topshirish majburiyati

Sotuvchi tovarni sotib oluvchiga uchinchi shaxslarning har qanday huquqlaridan ozod holda topshirishi shart, sotib oluvchi uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan tovarni qabul qilishga rozilik bergan hollar bundan mustasno. Bu qoidani bajarmaslik sotib oluvchiga xarid narxini kamaytirishni yoki oldi-sotdi shartnomasini bekor qilishni va ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi, sotib oluvchi bu tovarga uchinchi shaxslarning huquqlari borligini bilgani yoki bilishi lozim bo‘lgani isbotlanadigan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni sotib oluvchiga topshirish paytida unga uchinchi shaxslarning da’volari borligi sotuvchiga ma’lum bo‘lgan hollarda ham, agar bu da’volar keyinchalik belgilangan tartibda qonuniy deb tan olingan bo‘lsa, tegishli ravishda qo‘llanadi.

394-modda. Tovarni olib qo‘yish to‘g‘risida da’vo qilingan taqdirda sotib oluvchi va sotuvchining majburiyatlari

Agar uchinchi shaxs oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar yuzaga kelgan asos bo‘yicha tovarni olib qo‘yish to‘g‘risida sotib oluvchiga da’vo qilsa, sotib oluvchi sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilishi, sotuvchi esa bu ishda sotib oluvchi tomonida qatnashishi shart.

Agar sotuvchi basharti ishda qatnashganida sotilgan tovar sotib oluvchidan olib qo‘yilishining oldini olgan bo‘lishi mumkinligini isbotlab bersa, sotib oluvchining sotuvchini ishda qatnashishga jalb qilmasligi sotuvchini sotib oluvchi oldidagi javobgarlikdan ozod qiladi.

Sotib oluvchi tomonidan ishda qatnashishga jalb qilingan, biroq unda qatnashmagan sotuvchi sotib oluvchining ishni noto‘g‘ri yuritganligini isbotlash huquqidan mahrum bo‘ladi.

395-modda. Sotib oluvchidan tovar olib qo‘yilgan taqdirda sotuvchining javobgarligi

Oldi-sotdi shartnomasi bajarilgunga qadar vujudga kelgan asoslar bo‘yicha uchinchi shaxslar sotib oluvchidan tovarni olib qo‘ygan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga u ko‘rgan zararni qoplashi lozim, sotib oluvchi bunday asoslarning mavjudligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Olingan tovar uchinchi shaxslar tomonidan sotib oluvchidan talab qilib olinadigan hollarda taraflarning sotuvchini javobgarlikdan ozod qilish yoki uning javobgarligini cheklash to‘g‘risidagi kelishuvi haqiqiy emas.

396-modda. Sotuvchi tovarni topshirishdan bosh tortishining oqibatlari

Agar sotuvchi sotilgan tovarni sotib oluvchiga topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.

Sotuvchi xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi sotuvchiga ushbu Kodeksning 331-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.

397-modda. Tovarga mansub ashyolarni va hujjatlarni topshirish majburiyatini bajarmaslik oqibatlari

Agar sotuvchi qonunchilikka yoki oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirishi shart bo‘lgan (ushbu Kodeks 388-moddasining ikkinchi qismi) tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlarni sotib oluvchiga topshirmasa yoki topshirishdan bosh tortsa, sotib oluvchi ularni topshirish uchun unga oqilona muddat tayinlashga haqli.

Tovarga mansub ashyolar yoki hujjatlar sotuvchi tomonidan ko‘rsatilgan muddatda topshirilmasa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi tovardan voz kechishga haqli.

398-modda. Tovarning miqdori

Sotib oluvchiga topshirilishi lozim bo‘lgan tovarning miqdori oldi-sotdi shartnomasida tegishli o‘lchov birliklarida yoki pulda nazarda tutiladi. Tovarning miqdori to‘g‘risidagi shart shartnomada uni aniqlash tartibini belgilash yo‘li bilan kelishilishi mumkin.

Agar oldi-sotdi shartnomasi topshirilishi lozim bo‘lgan tovar miqdorini aniqlash imkonini bermasa, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.

399-modda. Shartnomaning tovar miqdori to‘g‘risidagi shartlarini buzish oqibatlari

Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlarini buzib, sotib oluvchiga shartnomada belgilangan miqdordan kam tovar topshirgan bo‘lsa, sotib oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo tovarning yetishmayotgan miqdorini topshirishni talab qilishga, yo topshirilgan tovardan va uning haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu uning haqi to‘langan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilganidan ortiq miqdorda tovar bergan taqdirda, sotib oluvchi bu haqda ushbu Kodeks 416-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda sotuvchiga ma’lum qilishi lozim. Agar sotib oluvchidan xabar olganidan so‘ng sotuvchi oqilona muddatda tegishli tovarni tasarruf qilmasa, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi tovarning hammasini qabul qilish huquqiga ega.

Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilganidan ortiq miqdorda tovar qabul qilib olgan taqdirda, agar taraflarning kelishuvi bilan boshqa baho belgilangan bo‘lmasa, tegishli tovar uchun shartnomada belgilangan bahoda haq to‘lanadi.

400-modda. Tovarlarning assortimenti

Agar oldi-sotdi shartnomasiga ko‘ra tovarlar tur, model, o‘lcham, rang va boshqa belgilari (assortiment) bo‘yicha muayyan nisbatda topshirilishi lozim bo‘lsa, sotuvchi tovarlarni sotib oluvchiga taraflar kelishgan assortimentda topshirishi shart.

Agar oldi-sotdi shartnomasida assortiment belgilanmagan hamda shartnomada uni belgilash tartibi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, lekin majburiyat mohiyatidan tovarlar sotib oluvchiga assortiment bo‘yicha topshirilishi lozimligi kelib chiqsa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarlarni sotib oluvchining shartnoma tuzish paytida sotuvchiga ma’lum bo‘lgan ehtiyojlaridan kelib chiqadigan assortimentda topshirishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

401-modda. Shartnomaning tovar assortimenti to‘g‘risidagi shartini buzish oqibatlari

Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovarlarni shartnomaga mos kelmaydigan assortimentda topshirgan taqdirda sotib oluvchi ularni qabul qilishdan va haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Agar sotuvchi sotib oluvchiga assortimenti oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarlar bilan bir qatorda assortiment to‘g‘risidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlar ham topshirgan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra:

shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lgan tovarlarni qabul qilish va qolgan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;

topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilishdan bosh tortish;

shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lmagan tovarlarni shartnomada nazarda tutilgan assortimentdagi tovarlarga almashtirib berishni talab qilish;

topshirilgan barcha tovarlarni qabul qilish huquqiga ega.

Sotib oluvchi assortimenti oldi-sotdi shartnomasi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortganida yoki assortiment to‘g‘risidagi shartlarga mos kelmaydigan tovarlarni almashtirishni talab qilganida bu tovarlar haqini to‘lashdan bosh tortishga, bordi-yu ularning haqi to‘lab qo‘yilgan bo‘lsa, to‘langan pul summasini qaytarib berishni talab qilishga ham haqli.

Agar sotib oluvchi shartnomaning assortiment to‘g‘risidagi shartlariga mos kelmaydigan tovarlarni olganidan so‘ng ularni qabul qilishdan bosh tortishi to‘g‘risida oqilona muddatda sotuvchiga xabar qilmasa, bunday tovarlar qabul qilingan hisoblanadi.

Agar sotib oluvchi assortimenti shartnomaga mos kelmaydigan tovarlarni qabul qilishdan bosh tortmasa, bu tovarlarning haqini sotuvchi bilan kelishilgan bahoda to‘lashi shart. Sotuvchi bahoni kelishish bo‘yicha oqilona muddatda zarur choralar ko‘rmagan taqdirda, sotib oluvchi tovarlar haqini odatda shartnoma tuzish paytidagi o‘xshash vaziyatlarda xuddi shunday tovarlarga berilgan bahoda to‘laydi.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu modda qoidalari qo‘llanadi.

402-modda. Tovarning sifati

Sotuvchi sotib oluvchiga sifati oldi-sotdi shartnomasiga mos keladigan tovarni topshirishi shart.

Oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifati to‘g‘risidagi shartlar ko‘rsatilmaganda, sotuvchi sotib oluvchiga belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo‘lgan tovarni topshirishi shart.

Agar sotib oluvchi shartnoma tuzish paytida sotuvchiga tovarni qanday aniq maqsadlar uchun sotib olayotganini xabar qilgan bo‘lsa, sotuvchi sotib oluvchiga ushbu maqsadlarda foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan tovarni topshirishi shart.

Tovar namunasi bo‘yicha va (yoki) ta’rifi bo‘yicha sotilganda sotuvchi sotib oluvchiga namuna va (yoki) ta’rifga mos keladigan tovarni topshirishi shart.

Agar qonunda belgilangan tartibga muvofiq, sotilayotgan tovar sifatiga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga ushbu majburiy talablarga javob beradigan tovarni topshirishi shart.

Sotuvchi bilan sotib oluvchi o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq qonunda nazarda tutilgan tartibda tovarning sifatiga qo‘yilgan majburiy talablarga qaraganda yuqoriroq talablarga javob beradigan tovar topshirilishi mumkin.

403-modda. Tovar sifatining kafolati

Sotuvchi sotib oluvchiga topshirishi lozim bo‘lgan tovar uni sotib oluvchiga topshirish paytida ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga, agar tovarning ushbu talablarga muvofiqligini aniqlashning boshqa payti oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lmasa, javob berishi va oqilona muddat davomida belgilangan maqsadlar uchun yaroqli bo‘lishi kerak.

Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining tovar sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan taqdirda, sotuvchi sotib oluvchiga shartnomada belgilangan muayyan vaqtda (kafolat muddatida) ushbu Kodeksning 402-moddasida nazarda tutilgan talablarga javob beradigan tovarni topshirishi lozim.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar sifatining kafolati barcha butlovchi buyumlarga ham tegishli bo‘ladi.

404-modda. Tovarning kafolat muddatini hisoblash

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan e’tiboran o‘ta boshlaydi.

Agar sotib oluvchi sotuvchiga bog‘liq bo‘lgan holatlar tufayli oldi-sotdi shartnomasida kafolat muddati belgilangan tovardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lsa, sotuvchi tegishli holatlarni bartaraf etmaguncha kafolat muddatining o‘tishi boshlanmaydi.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 416-moddasida belgilangan tartibda sotuvchiga tovarning kamchiliklari haqida xabar qilish sharti bilan kafolat muddati tovarda aniqlangan kamchiliklar tufayli undan foydalanib bo‘lmagan vaqtga uzaytiriladi.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, butlovchi buyumning kafolat muddati asosiy buyumning kafolat muddatiga teng hisoblanadi va asosiy buyumning kafolat muddati bilan bir vaqtda o‘ta boshlaydi.

Tovar (butlovchi buyum) almashtirilganda kafolat muddati yangidan o‘ta boshlaydi.

405-modda. Tovarning yaroqlilik muddati

Qonunchilikda, shu jumladan milliy standartlarda tovar o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qoladi deb hisoblanadigan vaqt (yaroqlilik muddati) belgilanishi mumkin.

(Sotuvchi yaroqlilik muddati belgilangan tovarni sotib oluvchiga shunday mo‘ljal bilan topshirishi kerakki, toki undan yaroqlilik muddati tugagunga qadar o‘z vazifasi bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘lsin.

406-modda. Tovarning yaroqlilik muddatini hisoblash

Tovarning yaroqlilik muddati tovar tayyorlangan kundan boshlab foydalanish uchun yaroqli bo‘lgan davr bilan yoki tovar foydalanish uchun yaroqli bo‘lib turadigan sana bilan belgilanadi.

407-modda. Tovarning sifatini tekshirish

Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida tovarning sifatini tekshirish nazarda tutilgan bo‘lsa, tekshirish ularda belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.

Standartlarda tovarlarning sifatini nazorat qilishga nisbatan talablar belgilangan hollarda, sifat ulardagi ko‘rsatmalarga muvofiq tekshirilishi kerak.

Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan tartibda tovarning sifatini tekshirish shartlari nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning sifati ish muomalasi odatlariga yoki oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha topshirilishi lozim bo‘lgan tovarni tekshirishning odatda qo‘llaniladigan boshqa shartlariga muvofiq tekshirilishi lozim.

Agar qonunchilikda, shu jumladan davlat standartlarida yoki oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshiriladigan tovar sifatini tekshirish (sinash, tahlil qilish, ko‘zdan kechirish va hokazo) majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, sotib oluvchining talabi bilan sotuvchi unga tovar sifati tekshirilganligining isbotini taqdim qilishi lozim.

Sotuvchi va sotib oluvchi tomonidan tovarning sifatini tekshirish aynan bir xil shartlarda amalga oshirilishi lozim.

408-modda. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari

Agar tovarning kamchiliklari sotuvchi tomonidan ma’lum qilinmagan bo‘lsa, tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovar topshirilgan sotib oluvchi ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi.

Tovarning butliligiga kiradigan qismi tegishli darajada sifatli bo‘lmasa, sotib oluvchi mazkur tovarga nisbatan ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishga haqli.

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sotgan shaxs uni tayyorlagan bo‘lmasa, tovarni almashtirish yoki uning kamchiliklarini tekinga bartaraf etish haqidagi talablar sotuvchiga yoki tovarni tayyorlovchiga qo‘yilishi mumkin.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar mazkur Kodeks yoki boshqa qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, qo‘llaniladi.

409-modda. Tovarning sotuvchi javobgar bo‘ladigan kamchiliklari

Agar sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lganligini yoki shu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo bo‘lganligini isbot qilib bersa, sotuvchi tovarning kamchiliklari uchun javobgar bo‘ladi.

Agar sotuvchi sifatiga o‘zi kafolat bergan tovardagi kamchiliklar uni sotib oluvchiga topshirgandan so‘ng sotib oluvchi tovardan foydalanish yoki uni saqlash qoidalarini buzganligi yoki uchinchi shaxslar harakati tufayli yoki oldini olib bo‘lmaydigan kuch ta’sirida paydo bo‘lganini isbotlay olmasa, sotuvchi bu tovarning kamchiliklari uchun javobgar bo‘ladi.

410-modda. Topshirilgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddatlari

Agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning kamchiliklari ushbu moddada belgilangan muddatlarda aniqlangan taqdirda, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.

Tovarning kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati belgilanmagan hollarda, kamchiliklar bilan bog‘liq talablar sotib oluvchi tomonidan, agar qonunda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa, kamchiliklar oqilona muddatda, biroq tovar sotib oluvchiga topshirilgan kundan boshlab ikki yil davomida aniqlangandagina qo‘yilishi mumkin. Tashib berilishi yoki aloqa tashkiloti orqali jo‘natilishi lozim bo‘lgan tovarning kamchiliklarini aniqlash muddati tovar belgilangan joyda olingan kundan boshlab hisoblanadi.

Agar tovarga kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, tovarning kamchiliklari kafolat muddatida aniqlanganida sotib oluvchi tovarning kamchiliklari bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.

Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumga nisbatan kamroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, sotib oluvchi asosiy buyumning kafolat muddatida butlovchi buyumning kamchiliklarini aniqlasa, bu kamchiliklar to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.

Agar oldi-sotdi shartnomasida butlovchi buyumga asosiy buyumning kafolat muddatiga nisbatan uzoqroq kafolat muddati belgilangan bo‘lsa, butlovchi buyumda kafolat muddatida kamchiliklar aniqlangan taqdirda, asosiy buyumning kafolat muddati o‘tgan-o‘tmaganligidan qat’i nazar, sotib oluvchi tovarning kamchiliklari to‘g‘risida talab qo‘yishga haqli.

Yaroqlilik muddati belgilangan tovarga nisbatan, agar kamchiliklar tovarning yaroqlilik muddatida aniqlangan bo‘lsa, sotib oluvchi uning kamchiliklari to‘g‘risida talablar qo‘yishi mumkin.

Tovarning kamchiliklari sotib oluvchi tomonidan kafolat muddati yoki yaroqlilik muddati tugaganidan so‘ng aniqlangan hollarda, sotib oluvchi tovardagi kamchiliklar tovar sotib oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lganligini yoki bu paytgacha vujudga kelgan sabablar tufayli paydo bo‘lganligini isbot qilib bersa, sotuvchi kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.

411-modda. Tovarning butligi

Sotuvchi sotib oluvchiga oldi-sotdi shartnomasining butlik to‘g‘risidagi shartlariga muvofiq bo‘lgan tovarni topshirishi shart.

Oldi-sotdi shartnomasida tovarning butligi belgilanmagan hollarda sotuvchi sotib oluvchiga butligi ish muomalasi odatlari yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablar bilan belgilanadigan tovarni berishi shart.

412-modda. But tovarlar

Agar oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga muayyan tovarlar to‘plamini but holida (but tovarlar) berish majburiyati belgilangan bo‘lsa, but holdagi barcha tovarlar berilgan paytdan boshlab majburiyat bajarilgan hisoblanadi.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi but holdagi barcha tovarlarni sotib oluvchiga bir vaqtda topshirishi lozim.

413-modda. But bo‘lmagan tovarni topshirish oqibatlari

But bo‘lmagan tovar topshirilgan taqdirda, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra sotuvchidan:

xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;

tovarni oqilona muddatda butlashni talab qilish huquqiga ega.

Agar sotuvchi oqilona muddatda sotib oluvchining tovarni butlash to‘g‘risidagi talabini bajarmasa, sotib oluvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra:

butlanmagan tovarni but tovarga almashtirishni talab qilishga;

oldi-sotdi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga va tovar uchun to‘langan pul summasini qaytarib berishni, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar sotuvchining sotib oluvchiga but tovarlarni topshirish majburiyati buzilgan hollarda ham qo‘llaniladi.

414-modda. Idish va o‘rash

Agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovarni idishda yoki o‘ralgan holda topshirishi shart, o‘z xususiyatiga ko‘ra idishga joylash va (yoki) o‘rashni talab qilmaydigan tovar bundan mustasno.

Agar oldi-sotdi shartnomasida idish va o‘rash haqida talablar belgilangan bo‘lmasa, tovar bunday tovar uchun odatdagi usulda, u bo‘lmaganda –– saqlash va transportda tashishning oddiy sharoitlarida bunday turdagi tovarning saqlanishini ta’minlaydigan usulda idishga joylashtirilishi va (yoki) o‘ralishi lozim.

Agar qonunda belgilangan tartibda idish va (yoki) o‘rashga nisbatan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan sotuvchi sotib oluvchiga tovarni ushbu majburiy talablarga mos keladigan idishda va (yoki) o‘ralgan holda topshirishi shart.

415-modda. Tovarni idishsiz va (yoki) o‘ramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada o‘ramagan holda topshirish oqibatlari

Idishga joylanishi va (yoki) o‘ralishi lozim bo‘lgan tovar sotib oluvchiga idishsiz va (yoki) o‘ramagan holda yoxud tegishli idishga joylamagan va (yoki) tegishli darajada o‘ramagan holda topshirilgan taqdirda, agar oldi-sotdi shartnomasidan, majburiyat mohiyati yoki tovarning xususiyatidan boshqa hol kelib chiqmasa, sotib oluvchi sotuvchidan tovarni idishga joylashtirish va (yoki) o‘rashni yoxud tegishli bo‘lmagan idish va (yoki) o‘rashni almashtirishni talab qilishga haqli. Sotuvchiga yuqoridagi talablarni qo‘yish o‘rniga, sotib oluvchi unga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni topshirishdan kelib chiqadigan, ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.

416-modda. Oldi-sotdi shartnomasi tegishli darajada bajarilmagani haqida sotuvchini xabardor qilish

Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasining tovarlar miqdori, assortimenti, sifati, butligi, idishi va (yoki) o‘ralishi to‘g‘risidagi shartlari buzilganligi haqida qonunchilikda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan muddatda, agar bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, shartnomaning tegishli sharti buzilganligi tovarlar xususiyati va vazifasidan kelib chiqqan holda aniqlanishi lozim bo‘lganidan so‘ng oqilona muddatda sotuvchiga ma’lum qilishi shart.

Sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatni bajarmagan taqdirda, sotuvchi bu hol sotib oluvchining talablarini qanoatlantirib bo‘lmaydigan qilib qo‘yganini yoki sotuvchi oldi-sotdi shartnomasi shartlari buzilgani haqida o‘z vaqtida xabardor qilinganida sarflashi mumkin bo‘lgan mablag‘larga nisbatan nomutanosib xarajatlarga olib kelishini isbotlasa, u sotib oluvchining tegishli talablarini qondirishdan to‘liq yoki qisman bosh tortishga haqli.

Agar sotuvchi sotib oluvchiga topshirilgan tovarlar oldi-sotdi shartnomasi shartlariga javob bermasligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa, u sotib oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatni bajarmaganligini vaj qilib ko‘rsatishga haqli emas.

417-modda. Sotib oluvchining tovarni qabul qilish majburiyati

Sotib oluvchi o‘ziga sotuvchi tomonidan topshirilgan tovarni qabul qilib olishi shart, u tovarni almashtirib berishni talab qilish yoki oldi-sotdi shartnomasini bajarishni rad etishga haqli bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi odatda qo‘yiladigan talablarga muvofiq tegishli tovarni topshirish va olishni ta’minlash uchun o‘zi tomonidan zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishi lozim.

Sotib oluvchi qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilmasa yoki qabul qilishdan bosh tortsa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortish va zararni qoplashni talab qilishga haqli.

418-modda. Tovarning bahosi

Sotib oluvchi tovar haqini ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadigan bahoda to‘lashi, shuningdek qonunchilik, oldi-sotdi shartnomasi yoki odatda qo‘yiladigan talablarga muvofiq to‘lovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni o‘z hisobidan bajarishi lozim.

Tovarning bahosi uning og‘irligiga qarab belgilanadigan bo‘lsa, agar oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u sof og‘irligi bo‘yicha aniqlanadi.

Agar oldi-sotdi shartnomasida tovarning bahosi uni belgilaydigan ko‘rsatkichlar (tannarx, xarajatlar va hokazo)ga qarab o‘zgartirilishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lsa, ammo shu bilan birga, bahoni qayta ko‘rib chiqish usuli belgilangan bo‘lmasa, baho ushbu ko‘rsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va tovarni topshirish paytidagi o‘zaro nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarishni kechiktirib yuborganida baho ushbu ko‘rsatkichlarning shartnoma tuzilgan paytdagi va shartnomada nazarda tutilgan tovar topshiriladigan paytdagi, agar shartnomada tovarni topshirish payti nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq aniqlangan paytdagi nisbatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Agar qonunchilikda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa va u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

419-modda. Tovar haqini to‘lash

Agar qonunchilik yoki oldi-sotdi shartnomasining shartlaridan tovar bahosini muayyan muddatda to‘lash majburiyati kelib chiqmasa, sotib oluvchi uni sotuvchi o‘ziga tovarni yoki ushbu tovarni tasarruf qilish hujjatlarini berganidan so‘ng kechiktirmasdan to‘lashi lozim.

Agar oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi sotuvchiga topshirilgan tovarning to‘liq bahosi miqdorida haq to‘lashi lozim.

Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq topshirilgan tovar haqini o‘z vaqtida to‘lamasa, sotuvchi tovar haqini va o‘zganing pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar to‘lashni talab qilishga haqli.

Agar sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasini buzgan holda tovarni qabul qilish va haqini to‘lashdan bosh tortsa, sotuvchi o‘z ixtiyoriga ko‘ra tovar haqini to‘lashni talab qilish yoki shartnomani bajarishdan bosh tortish huquqiga ega.

Sotuvchi oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq sotib oluvchiga haqi to‘lanmagan tovarlardan tashqari boshqa tovarlarni ham topshirishi lozim bo‘lganida, agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, u ushbu tovarlarni topshirishni avval topshirilgan barcha tovarlar haqi batamom to‘langunga qadar to‘xtatib qo‘yishga haqli.

420-modda. Tovar haqini oldindan to‘lash

Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchi tovarni topshirishidan oldin sotib oluvchi uning haqini to‘liq yoki qisman to‘lash (oldindan haq to‘lash) majburiyati nazarda tutilgan hollarda, sotib oluvchi tovar haqini shartnomada nazarda tutilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda to‘lashi lozim.

Sotib oluvchi oldi-sotdi shartnomasida nazarda tutilgan tovar haqini oldindan to‘lash majburiyatini bajarmagan taqdirda ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

Oldindan to‘langan summani olgan sotuvchi tovarni topshirish bo‘yicha majburiyatni bajarmagan taqdirda sotib oluvchi haqi to‘langan tovarni topshirishni yoki sotuvchi topshirmagan tovar uchun oldindan to‘langan summani qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Agar sotuvchi oldindan haqi to‘langan tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa va oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, oldindan to‘langan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq, tovarni topshirishi lozim bo‘lgan kundan boshlab tovar sotib oluvchiga topshirilgan yoki unga oldindan to‘lagan summasi qaytarib berilgan kungacha foizlar to‘lanishi lozim. Shartnomada sotuvchining oldindan to‘langan summa uchun foizlarni bu summa sotib oluvchidan olingan kundan boshlab to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

421-modda. Nasiyaga sotilgan tovar haqini to‘lash

Oldi-sotdi shartnomasida tovar haqini u sotuvchiga topshirilganidan so‘ng ma’lum vaqt o‘tgach to‘lash (tovarni nasiyaga sotish) nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi tovar haqini shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, agar shartnomada bunday muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 242-moddasiga muvofiq belgilangan muddatda to‘lashi lozim.

Sotuvchi tovarni topshirish majburiyatini bajarmasa, ushbu Kodeksning 256-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

Tovarni olgan sotib oluvchi uning haqini to‘lash bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasida belgilangan majburiyatni bajarmagan hollarda sotuvchi topshirilgan tovar haqini to‘lashni yoki haqi to‘lanmagan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Agar sotib oluvchi topshirilgan tovar haqini to‘lash majburiyatini oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda bajarmagan va ushbu Kodeksda yoki oldi-sotdi shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, kechikib to‘langan summa uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq shartnomaga binoan tovar haqi to‘lanishi lozim bo‘lgan kundan boshlab sotib oluvchi tovar haqini to‘lagan kungacha foizlar to‘lanishi lozim.

Oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchining sotuvchi tomonidan tovar topshirilgan kundan boshlab tovar bahosiga teng bo‘lgan summa uchun foizlar to‘lash majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarni nasiyaga sotish u sotilgan kundagi narxlarda amalga oshiriladi.

Tovar sotib oluvchiga topshirilgan paytdan boshlab uning haqi to‘lab bo‘lingunga qadar nasiyaga sotilgan tovar sotib oluvchi tomonidan tovar haqini to‘lash majburiyati bajarilishini ta’minlash uchun sotuvchida garovda turgan deb hisoblanadi.

422-modda. Tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash

Tovarni nasiyaga sotish shartnomasida tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

Haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan tovarni nasiyaga sotish shartnomasida oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari bilan bir qatorda tovar bahosi, to‘lovlarning tartibi, muddatlari va miqdori ko‘rsatilgan bo‘lsa, bunday shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Agar sotib oluvchi haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan va o‘ziga topshirilgan tovar uchun navbatdagi to‘lovni shartnomada belgilangan muddatda amalga oshirmasa, sotuvchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni tovarga qaratishga haqli.

Tovarni kreditga sotish to‘g‘risidagi shartnomada nazarda tutilgan taqdirda, sotib oluvchi olingan tovar ulushining haqi to‘langan qismini majburiyatlarni bajarish ta’minoti sifatida berishga haqli.

423-modda. Tovarni sug‘urtalash

Agar shartnomada sotuvchi yoki sotib oluvchining tovarni sug‘urtalash majburiyati nazarda tutilgan bo‘lsa, biroq unda sug‘urtalash shartlari va tovar sug‘urtalanadigan eng kam summa belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urtalash shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta puli tovar bahosidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Tovarni sug‘urtalashi lozim bo‘lgan taraf shartnoma shartlariga muvofiq sug‘urtalashni amalga oshirmagan hollarda boshqa taraf tovarni sug‘urtalashga va sug‘urtalashi lozim bo‘lgan tarafdan sug‘urta xarajatlarini qoplashni talab qilishga yoki shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

424-modda. Mulk huquqining sotuvchi ixtiyorida saqlanib qolishi

Oldi-sotdi shartnomasida sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan tovarga mulk huquqi tovar haqi to‘langunga yoki boshqa holatlar yuz bergunga qadar saqlanishi nazarda tutilgan hollarda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u tovarning vazifasidan va uning xususiyatlaridan kelib chiqmasa, sotib oluvchi mulk huquqi o‘ziga o‘tguncha tovarni o‘zgaga berishga yoki boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli emas.

Topshirilgan tovarning haqi oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda to‘lanmaganda yoki mulk huquqi sotib oluvchiga o‘tadigan boshqa holatlar yuz bermaganda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchi sotib oluvchidan tovarni qaytarib berishni talab qilishga haqli.

2-§. Chakana oldi-sotdi

425-modda. Chakana oldi-sotdi shartnomasi

Chakana oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan sotuvchi sotib oluvchiga shaxsiy maqsadlarda, ro‘zg‘orda yoki tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalaniladigan tovarni topshirish majburiyatini oladi.

Chakana oldi-sotdi shartnomasi ommaviy hisoblanadi.

426-modda. Tovarning ommaviy ofertasi

Chakana oldi-sotdi shartnomasining barcha muhim shartlarini o‘z ichiga olgan holda tovar reklamasi, kataloglar, shuningdek tovarning nomuayyan shaxslar doirasiga qaratilgan boshqa ta’riflari orqali tovar taklif qilish ommaviy oferta deb hisoblanadi (ushbu Kodeks 369-moddasining ikkinchi qismi).

Tovarlarni ko‘rgazmaga qo‘yish, ularning namunalarini namoyish qilish yoki savdo bo‘layotgan joyda sotilayotgan tovarlar haqida ma’lumotlar (ta’riflar, kataloglar, fotosuratlar va hokazolar) berish, sotuvchi tegishli tovarlar sotishga mo‘ljallanmaganligini aniq belgilagan hollardan tashqari, narxi va oldi-sotdi shartnomasining boshqa muhim shartlari ko‘rsatilgan-ko‘rsatilmaganidan qat’i nazar, ommaviy oferta deb hisoblanadi.

427-modda. Sotib oluvchiga tovar haqida axborot berish

Sotuvchi sotishga taklif qilingan tovar to‘g‘risida sotib oluvchiga zarur va to‘g‘ri axborotni uning mazmuni va uni taqdim etish usuliga nisbatan qonunchilikda belgilangan yoki odatda chakana savdoda qo‘yiladigan talablarga muvofiq holda berishi shart.

Sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar tovarni ko‘zdan kechirish, o‘z oldida tovarning xossalarini tekshirishni yoki tovardan qanday foydalanishni ko‘rsatishni, agar bu hol tovarning xususiyati tufayli istisno qilinmasa va chakana savdoda qabul qilingan qoidalarga zid bo‘lmasa, talab qilishga haqli.

Agar sotib oluvchiga sotish joyida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan tovar to‘g‘risidagi axborotni darhol olish imkoni berilmagan bo‘lsa, u chakana oldi-sotdi shartnomasini tuzishdan asossiz bosh tortilgani tufayli o‘zi ko‘rgan zararni to‘lashni sotuvchidan talab qilishga, agar shartnoma tuzilgan bo‘lsa, oqilona muddatda shartnomani bajarishdan bosh tortishga, tovar uchun to‘langan summani qaytarishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Sotib oluvchiga tovar to‘g‘risida tegishli axborot olish imkonini bermagan sotuvchi tovar sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng tovarda paydo bo‘lgan kamchiliklar uchun ham, agar sotib oluvchi bu kamchiliklar o‘zida bunday axborot bo‘lmagani sababli paydo bo‘lganini isbotlasa, javob beradi.

428-modda. Tovarning sotib oluvchi tomonidan belgilangan muddatda qabul qilinishi sharti bilan sotish

Taraflar sotib oluvchi tovarni shartnomada belgilangan muddatda qabul qilib olishi sharti bilan chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzishlari mumkin, bu muddat mobaynida tovar boshqa sotib oluvchiga sotilishi mumkin emas.

Agar chakana oldi-sotdi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomada belgilangan muddatda sotib oluvchining tovarni qabul qilish uchun kelmasligi yoki boshqa zarur harakatlarni amalga oshirmasligini sotuvchi sotib oluvchining shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb qaralishi mumkin.

Sotuvchining tovarni sotib oluvchiga chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda topshirishni ta’minlash borasidagi qo‘shimcha xarajatlari, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarning bahosiga qo‘shiladi.

429-modda. Tovarni namuna bo‘yicha sotish

Taraflar tovarni namuna (ta’rif, katalog va hokazo) bo‘yicha olish-sotish shartnomasini tuzishlari mumkin.

Tovarni namuna bo‘yicha sotish shartnomasi ushbu Kodeks 431-moddasining qoidalariga muvofiq bajariladi.

Sotib oluvchi tovar topshirilgunga qadar sotuvchining chakana oldi-sotdi shartnomasini bajarishga qaratilgan harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq zarur xarajatlarini qoplash sharti bilan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

430-modda. Avtomatdan foydalangan holda tovar sotish

Tovar avtomatdan foydalanib sotiladigan hollarda avtomat egasi sotuvchining nomi (firma nomi), u joylashgan manzil, ish tartibi, shuningdek sotib oluvchi tovarni olish uchun amalga oshirishi zarur bo‘lgan harakatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatga joylashtirish yoki boshqacha usulda sotib oluvchiga taqdim qilish yo‘li bilan unga tovar sotuvchi to‘g‘risidagi axborotni yetkazishi lozim.

Sotib oluvchi tovarni olish uchun zarur harakatlarni amalga oshirgan paytdan boshlab avtomatdan foydalangan holda chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

Agar sotib oluvchiga haqi to‘langan tovar topshirilmasa, sotuvchi sotib oluvchiga tovar zudlik bilan topshirilishini yoki u to‘lagan summa qaytarib berilishini ta’minlashi shart. Bu majburiyat bajarilmagan taqdirda, sotib oluvchi sotuvchidan yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Avtomatdan pulni maydalash, to‘lov belgilarini sotib olish yoki valyuta almashtirish uchun foydalanilgan taqdirda, agar majburiyat mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, chakana oldi-sotdi qoidalari qo‘llanadi.

431-modda. Tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan sotish

Chakana oldi-sotdi shartnomasi tovarni sotib oluvchiga yetkazib berish sharti bilan tuzilgan hollarda sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni sotib oluvchi ko‘rsatgan joyga, agar sotib oluvchi tovarni yetkazib berish joyini ko‘rsatmagan bo‘lsa, sotib oluvchi fuqaro istiqomat qiladigan yoki yuridik shaxs joylashgan manzilga yetkazib berishi lozim.

Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, tovar sotib oluvchiga, u bo‘lmaganda esa –– shartnoma tuzilganidan yoxud tovarni yetkazib berish rasmiylashtirilganidan guvohlik beradigan kvitansiya yoki boshqa hujjatni taqdim qilgan har qanday shaxsga topshirilgan paytdan boshlab chakana oldi-sotdi shartnomasi sotuvchi tomonidan bajarilgan hisoblanadi.

Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarni sotib oluvchiga topshirish uchun yetkazib berish vaqti belgilanmagan hollarda tovar sotib oluvchidan talab tushganidan keyin oqilona muddatda yetkazib berilishi lozim.

432-modda. Tovar bahosi va uning haqini to‘lash

Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyatning mohiyatidan kelib chiqmasa, sotib oluvchi tovar haqini chakana oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan paytda sotuvchi tomonidan e’lon qilingan bahoda to‘lashi lozim.

Chakana oldi-sotdi shartnomasida tovarning haqini oldindan to‘lash nazarda tutilgan hollarda, agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchining tovar haqini shartnomada belgilangan muddatda to‘lamasligi uning shartnomani bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.

Tovarlarni nasiyaga chakana olish-sotish haqida tuzilgan, shu jumladan sotib oluvchining tovarlar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lashi sharti bilan tuzilgan shartnomalarga nisbatan ushbu Kodeks 421-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi.

Sotib oluvchi tovar haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lashning shartnomada belgilangan davrida istagan vaqtida tovar haqini batamom to‘lashga haqli.

433-modda. Tegishli sifatli tovarni almashtirish

Sotib oluvchi o‘ziga nooziq-ovqat tovari topshirilgan paytdan boshlab o‘n kun mobaynida, agar bundan uzoqroq muddat sotuvchi tomonidan e’lon qilinmagan bo‘lsa, xarid qilingan tegishli sifatli tovarni xarid joyida yoki sotuvchi e’lon qilgan boshqa joylarda o‘lchami, shakli, hajmi, andazasi, rangi, to‘plami boshqacha bo‘lgan xuddi shunday tovarga almashtirishga haqli, bunda u narxlarda farq bo‘lgan taqdirda sotuvchi bilan zarur hisob-kitobni amalga oshiradi.

Sotuvchida almashtirish uchun zarur tovar bo‘lmaganida sotib oluvchi xarid qilingan tovarni sotuvchiga qaytarib berish va unga to‘langan pul summasini olish huquqiga ega.

Agar tovardan foydalanilmagan, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan bo‘lsa va ushbu sotuvchidan sotib olinganining isboti bo‘lsa, sotib oluvchining tovarni almashtirish yoki qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.

Ushbu moddada ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha almashtirilmaydigan yoki qaytarib olinmaydigan tovarlar ro‘yxati qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi.

434-modda. Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida uning huquqlari

Sotib oluvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar sotilganida, agar uning kamchiliklari shartnoma tuzish paytida ma’lum qilinmagan bo‘lsa, sotib oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra:

xuddi shu markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;

xarid narxini tegishincha qayta hisoblagan holda boshqa markadagi (modeldagi, artikuldagi) sifati tegishli darajada bo‘lgan tovarga almashtirishni;

tovarning kamchiliklarini tekinga bartaraf etishni yoki sotib oluvchi yoxud uchinchi shaxs tomonidan tovarning kamchiliklarini bartaraf etish uchun qilingan xarajatlar qoplanishini;

xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirishni;

ko‘rilgan zarar o‘rnini qoplagan holda shartnoma bekor qilinishini talab qilish huquqiga ega.

Tovar uchun to‘langan pul summasini sotib oluvchiga qaytarish vaqtda sotuvchi undan tovardan to‘liq yoki qisman foydalanganligi, tovar ko‘rinishi yo‘qolganligi yoki boshqa shunga o‘xshash holatlar tufayli tovar qiymati qancha pasaygan bo‘lsa, shuncha summani ushlab qolishga haqli emas.

435-modda. Tovarni almashtirganda, xarid narxini kamaytirganda va sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarganda baholardagi farqni to‘lash

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni sifati tegishli darajada bo‘lgan boshqa tovarga almashtirish chog‘ida sotuvchi tovarning chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan bahosi bilan tovarni almashtirish yoki sud tomonidan tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqarish paytida mavjud bo‘lgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli emas.

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni xuddi shunday, biroq o‘lchami, andazasi, navi va boshqa belgilari o‘zgacha bo‘lgan tegishli darajada sifatli tovarga almashtirish chog‘ida almashtirilayotgan tovarning almashtirish paytidagi bahosi bilan sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovar o‘rniga berilayotgan tovarning bahosi o‘rtasidagi farq to‘lanishi lozim. Agar sotib oluvchining talabi sotuvchi tomonidan qondirilmasa, bu baholar sud tovarni almashtirish to‘g‘risida qaror chiqargan payt bo‘yicha aniqlanadi.

Tovarning xarid narxini mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan taqdirda tovarning bahosini pasaytirish to‘g‘risida talab qo‘yilgan paytdagi, agar sotib oluvchining talabi ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud bahoni mutanosib ravishda kamaytirish to‘g‘risida qaror chiqargan paytdagi bahosi inobatga olinadi.

Sotuvchiga sifati tegishli darajada bo‘lmagan tovarni qaytarib berish chog‘ida sotib oluvchi chakana oldi-sotdi shartnomasida belgilangan tovarning bahosi bilan uning talabi ixtiyoriy suratda qondirilgan vaqtdagi, agar talab ixtiyoriy suratda qondirilmagan bo‘lsa, sud qaror chiqargan paytdagi tegishli tovarning bahosi o‘rtasidagi farqni to‘lashni talab qilishga haqli.

436-modda. Sotuvchining javobgarligi va majburiyatni asl holida bajarish

Sotuvchi chakana oldi-sotdi shartnomasi bo‘yicha majburiyatini bajarmagan taqdirda zararni qoplash va neustoyka to‘lash sotuvchini majburiyatni asl holida bajarishdan ozod qilmaydi.

3-§. Mahsulot yetkazib berish

437-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasi

Mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan mahsulot yetkazib beruvchi — sotuvchi shartlashilgan muddatda yoki muddatlarda o‘zi ishlab chiqaradigan yoxud sotib oladigan tovarlarni sotib oluvchiga tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun yoki shaxsiy, oilaviy maqsadlarda, ro‘zg‘orda va shunga o‘xshash boshqa maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun topshirish, sotib oluvchi esa tovarlarni qabul qilish va ularning haqini to‘lash majburiyatini oladi.

438-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasining amal qilish muddati

Mahsulot yetkazib berish shartnomasi bir yilga, bir yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli shartnoma) yoki taraflar kelishuvida nazarda tutilgan boshqa muddatga tuzilishi mumkin.

Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida uning amal qilish muddati belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma bir yilga tuzilgan deb hisoblanadi.

Agar uzoq muddatli shartnomada yetkazib berilishi lozim bo‘lgan tovarlar miqdori yoki shartnomaning boshqa shartlari bir yilga yoki undan ortiq muddatga belgilangan bo‘lsa, shartnomada taraflarning bu shartlarni shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar keyingi davrlar uchun kelishib olish tartibi belgilanishi lozim. Shartnomada bunday tartib bo‘lmasa, shartnoma tegishincha bir yilga yoki shartnoma shartlari kelishilgan muddatga tuzilgan hisoblanadi.

Uzoq muddatli shartnoma taraflaridan biri yetkazib berilishi lozim bo‘lgan tovarlar miqdorini yoki shartnomaning boshqa shartlarini keyingi davrlar uchun shartnomada belgilangan tartibda kelishib olishni rad qilgan yoki undan bosh tortgan taqdirda boshqa taraf tegishli davrlarda tovarlarni yetkazib berish shartlarini belgilash to‘g‘risidagi yoxud shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.

439-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasini tuzish vaqtida kelib chiqadigan kelishmovchiliklarni hal qilish

Bir tarafning tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish haqidagi taklifi shartnoma loyihasi shaklida boshqa tarafga yuborilgan taqdirda, ikkinchi taraf shartnomani boshqa shartlarda tuzishga rozi bo‘lsa, loyihani olganidan so‘ng kechi bilan o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan qaytaradi, kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf o‘ttiz kunlik muddatda shartnoma shartlarini kelishish choralarini ko‘rishi (imkoniyat bo‘lsa, boshqa taraf bilan birgalikda) yoki shartnoma tuzishni rad etishini boshqa tarafga yozma ravishda bildirishi lozim.

Mahsulot yetkazib berish shartnomasi shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan, biroq shartnoma shartlarini kelishish choralarini ko‘rmagan va shartnoma tuzishni rad etishini ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatda boshqa tarafga ma’lum qilmagan taraf shartnoma shartlarini kelishib olishdan bosh tortish oqibatida yetkazilgan zararni qoplashga majbur.

440-modda. Mahsulot yetkazib berish davrlari

Agar taraflar tovarlarni shartnomaning amal qilish muddati mobaynida turkum-turkum qilib yetkazib berishni nazarda tutgan bo‘lsalar va unda alohida turkumlarni yetkazib berish muddatlari (yetkazib berish davrlari) belgilanmagan bo‘lsa, tovarlar har oyda bir xil turkumlarda yetkazib berilishi lozim, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyatidan yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa.

Shartnomada mahsulot yetkazib berish davrlarini belgilash bilan bir qatorda tovarlarni yetkazib berish (o‘n kunlik, sutkalik, soatlik va hokazo) jadvali ham belgilanishi mumkin.

Tovarlarni muddatidan oldin yetkazib berish sotib oluvchining roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Muddatidan oldin yetkazib berilgan va sotib oluvchi tomonidan qabul qilingan tovarlar keyingi davrda yetkazib berilishi lozim bo‘lgan tovarlar miqdoriga kiritiladi.

441-modda. Tovarlarni yetkazib berish tartibi

Tovarlarni yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan tovarlarni shartnoma bo‘yicha sotib oluvchiga yoki shartnomada oluvchi sifatida ko‘rsatilgan shaxsga jo‘natish (topshirish) yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlarni oluvchilarga jo‘natish to‘g‘risida sotib oluvchining sotuvchiga ko‘rsatmalar berish huquqi (jo‘natish raznaryadkasi) nazarda tutilgan hollarda, mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni jo‘natish raznaryadkasida ko‘rsatilgan oluvchilarga jo‘natadi (topshiradi).

Jo‘natish raznaryadkasining mazmuni va uni sotib oluvchi tomonidan mahsulot yetkazib beruvchiga yuborish muddati mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilanadi. Agar jo‘natish raznaryadkasini yuborish muddati shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa, u mahsulot yetkazib beruvchiga mahsulot yetkazib berish davri boshlanishidan kamida o‘ttiz kun oldin yuborilishi lozim.

Sotib oluvchining belgilangan muddatda jo‘natish raznaryadkasini taqdim qilmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga yo mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortish, yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini to‘lashni talab qilish huquqini beradi. Bundan tashqari mahsulot yetkazib beruvchi jo‘natish raznaryadkasini taqdim qilmaslik tufayli yetkazilgan zararni to‘lashni talab qilishga haqli.

442-modda. Tovarlarni olib borib berish

Tovarlarni olib borib berish yetkazib beruvchi tomonidan ularni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan transportda va unda belgilangan shartlarda jo‘natish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Mahsulot yetkazib berish shartnomasida olib borib berish qaysi transport turida yoki qanday shartlarda amalga oshirilishi belgilangan bo‘lmasa, olib borib beruvchi transport turini tanlash yoki tovarni olib borib berish shartlarini belgilash huquqiga ega bo‘ladi, basharti qonunchilikdan, majburiyatning mohiyati yoki ish muomalasi odatlaridan boshqacha tartib anglashilmasa.

443-modda. To‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rnini to‘ldirish

Tovar yetkazib berishning ayrim davrida uni to‘liq yetkazib bermagan tovar yetkazib beruvchi, agar tovar yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yetkazib berilmagan tovarlar miqdorini shartnoma amal qilish muddati doirasidagi keyingi davrda (davrlarda) to‘ldirishi lozim.

Uzoq muddatli shartnomaga muvofiq tovar yetkazib berishning ayrim davrida mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan to‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rni, agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlar to‘liq yetkazib berilmagan yilning keyingi davrida (davrlarida) to‘ldirilishi lozim.

Tovarlar mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki sotib oluvchining jo‘natish raznaryadkasida ko‘rsatilgan bir necha oluvchiga jo‘natilgan taqdirda bir oluvchiga shartnomada yoki jo‘natish raznaryadkasida nazarda tutilganidan ortiq miqdorda yetkazib berilgan tovarlar boshqa oluvchilarga to‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rnini qoplash uchun hisobga olinmaydi va agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar yetkazib beruvchi tomonidan to‘ldirilishi lozim.

444-modda. Yetkazib berish muddati o‘tkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etish

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi, tovar yetkazib beruvchini xabardor qilgan holda, yetkazib berish muddati o‘tkazib yuborilgan tovarlarni qabul qilishni rad etishga haqli. Tovar yetkazib beruvchi bildirish xatini olguncha yetkazib berilgan tovarlarni sotib oluvchi qabul qilishi va ularning haqini to‘lashi lozim.

445-modda. To‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rnini to‘ldirganda ularning assortimenti

To‘liq yetkazib berilmagan tovarlarning o‘rni to‘ldirilishi kerak bo‘lganida ularning assortimenti taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmaganida mahsulot yetkazib beruvchi to‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rnini to‘liq yetkazib bermaslikka yo‘l qo‘yilgan davr uchun belgilangan assortimentda to‘ldirishga majbur.

Bir nomdagi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgandan ko‘proq miqdorda yetkazib berish shu assortimentga kiradigan boshqa nomdagi to‘liq yetkazib berilmagan tovarlar o‘rnini to‘ldirish sifatida hisobga olinmaydi va uning o‘rni to‘ldirilishi lozim, bunday yetkazib berish sotib oluvchining oldindan bergan yozma roziligi bilan amalga oshirilgan hollar bundan mustasno.

446-modda. Tovarlarning sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi

Sotib oluvchi (oluvchi) shartnomaga muvofiq yetkazib berilgan tovarlarning qabul qilinishini ta’minlaydigan barcha zarur harakatlarni amalga oshirishi lozim.

Sotib oluvchi (oluvchi) o‘zi qabul qilgan tovarni qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan muddatda ko‘zdan kechirishi lozim.

Sotib oluvchi (oluvchi) xuddi shu muddatda qabul qilingan tovarlarning miqdori va sifatini qonunchilikda, mahsulot yetkazib berish shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida belgilangan tartibda tekshirishi va tovarning aniqlangan nomuvofiqliklari va kamchiliklari to‘g‘risida tovar yetkazib beruvchini darhol yozma ravishda xabardor qilishi lozim.

Yetkazib berilgan tovarlar transport tashkilotidan olingan taqdirda sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning transport va yuk hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlarga muvofiqligini tekshirishi, shuningdek bu tovarlarni transport tashkilotidan belgilangan qoidalarga rioya etgan holda qabul qilishi lozim.

447-modda. Sotib oluvchi qabul qilmagan tovarni mas’uliyatli saqlash

Sotib oluvchi (oluvchi) qonunchilikka yoki mahsulot yetkazib berish shartnomasiga muvofiq mahsulot yetkazib beruvchi topshirgan tovarni rad etgan taqdirda u bu tovarning but saqlanishini ta’minlashi (mas’uliyatli saqlash) va bu haqda tovar yetkazib beruvchini darhol xabardor qilishi shart.

Mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchi (oluvchi) mas’uliyatli saqlashga olgan tovarni olib chiqib ketishi yoki oqilona muddat ichida tasarruf etishi shart. Agar mahsulot yetkazib beruvchi shu muddatda tovarni tasarruf etmasa, sotib oluvchi tovarni realizatsiya qilishga yoki mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborishga haqli.

Sotib oluvchining tovarni mas’uliyatli saqlashga qabul qilish, tovarni realizatsiya qilish yoki uni mahsulot yetkazib beruvchiga qaytarib yuborish bilan bog‘liq zarur xarajatlari mahsulot yetkazib beruvchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunda tovarni realizatsiya qilishdan tushgan pul summasi, sotib oluvchiga tegishli qismi chegirib qolingan holda, mahsulot yetkazib beruvchiga topshiriladi.

Sotib oluvchi qonunchilikda yoki shartnomada belgilangan asoslarsiz mahsulot yetkazib beruvchidan tovarni qabul qilib olmagan yoki tovarni rad etgan hollarda mahsulot yetkazib beruvchi sotib oluvchidan tovar haqini to‘lashni talab qilishga haqlidir.

448-modda. Tovarlarni tanlab olish

Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida sotib oluvchi (oluvchi)ning yetkazib beruvchi joylashgan yerda tovarlarni tanlab olishi nazarda tutilgan bo‘lsa, sotib oluvchi (oluvchi) o‘ziga topshirilayotgan tovarlarni ular topshiriladigan joyda ko‘zdan kechirishi lozim. Tovarlarning shartnomaga nomuvofiqligi aniqlanganda, u bunday tovarlarni olishdan bosh tortishga haqli.

Sotib oluvchi (oluvchi)ning tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida belgilangan muddatda, bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, tovarlarning tayyorligi to‘g‘risida mahsulot yetkazib beruvchining bildirish xatini olganidan so‘ng oqilona muddatda tanlab olmasligi mahsulot yetkazib beruvchiga shartnomani bajarishdan bosh tortish yoki sotib oluvchidan tovarlar haqini to‘lashni talab qilish huquqini beradi.

449-modda. Yetkazib beriladigan tovarlar uchun hisob-kitoblar

Sotib oluvchi yetkazib beriladigan tovarlar haqini shartnomada nazarda tutilgan hisob-kitoblar tartibi va shakliga amal qilgan holda to‘laydi. Agar taraflar kelishuvida hisob-kitoblar tartibi va shakli belgilanmagan bo‘lsa, hisob-kitoblar to‘lov topshiriqnomalari bilan amalga oshiriladi.

Agar shartnomada tovarlarni to‘plamga kiradigan alohida qismlar bo‘yicha yetkazib berish nazarda tutilgan bo‘lsa, sotib oluvchi tovarlar haqini, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, to‘plamga kiradigan so‘nggi qism jo‘natilganidan (tanlab olinganidan) keyin to‘laydi.

Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida tovarlar haqi oluvchi (to‘lovchi) tomonidan to‘lanishi nazarda tutilgan bo‘lsa va u haq to‘lashdan asossiz bosh tortsa yoki tovarlar haqini shartnomada belgilangan muddatda to‘lamagan bo‘lsa, yetkazib beruvchi sotib oluvchidan yetkazib berilgan tovarlar haqini to‘lashni talab qilishga haqli.

450-modda. Idishlar va o‘rash materiallarini qaytarish

Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sotib oluvchi (oluvchi) tovar keltirilgan ko‘p marta ishlatiladigan idish va o‘rash materiallarini yetkazib beruvchiga qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda qaytarishi shart.

Boshqa idish va o‘rash materiallari faqat mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan hollardagina yetkazib beruvchiga qaytarilishi lozim.

451-modda. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarlarni yetkazib berish oqibatlari

Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarlar yetkazib berilgan sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 434-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli, yetkazib berilgan tovarlarning sifatsizligi to‘g‘risida sotib oluvchidan bildirish olgan mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarni tegishli darajada sifatli tovarlar bilan darhol almashtirgan hollar bundan mustasno.

O‘ziga yetkazib berilgan tovarlarni chakanalab sotadigan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, iste’molchi tomonidan qaytarilgan tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni oqilona muddat ichida almashtirishni talab qilishga haqli.

452-modda. But bo‘lmagan tovarlar yetkazib berish oqibatlari

Mahsulot yetkazib berish shartnomasining shartlari, qonunchilikning talablari yoki tovarlarning but bo‘lishiga qo‘yiladigan odatdagi talablarni buzgan holda tovarlar yetkazib berganida sotib oluvchi (oluvchi) mahsulot yetkazib beruvchiga ushbu Kodeksning 413-moddasida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli, mahsulot yetkazib beruvchi yetkazib berilgan tovarlarning but emasligi to‘g‘risida sotib oluvchidan bildirish olganidan keyin tovarlarni darhol butlagan yoki ularni but tovarlar bilan almashtirgan hollar bundan mustasno.

Tovarlarni chakana narxlarda sotayotgan sotib oluvchi (oluvchi), agar mahsulot yetkazib berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, iste’molchi tomonidan qaytarilgan but bo‘lmagan tovarlarni oqilona muddat ichida but tovarlar bilan almashtirishni talab qilishga haqli.

453-modda. Tovarlar to‘liq yetkazib berilmagan, tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash to‘g‘risidagi talablar bajarilmagan hollarda sotib oluvchining huquqlari

Agar mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni mahsulot yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda yetkazib bermagan bo‘lsa yoxud sotib oluvchining (oluvchining) tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarlarni almashtirish yoki tovarlarni butlash to‘g‘risidagi talablarini belgilangan muddatda bajarmasa, sotib oluvchi yetkazib berilmagan tovarlarni boshqa shaxslardan olib, ularni olish bilan bog‘liq barcha zarur va oqilona xarajatlarni mahsulot yetkazib beruvchi zimmasiga yuklash huquqiga ega.

Mahsulot yetkazib beruvchi tovarlarni to‘liq yetkazib bermagan yoki sotib oluvchining tovarlarning kamchiliklarini bartaraf etish yoki tovarlarni butlash to‘g‘risidagi talablarini bajarmagan hollarda sotib oluvchining boshqa shaxslardan tovarlar olishga qilgan xarajatlari ushbu Kodeks 456-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hisoblab chiqariladi.

Sotib oluvchi (oluvchi) tovarlarning kamchiligi bartaraf etilguncha va ular butlanguncha yoki almashtirilguncha tegishli darajada sifatli bo‘lmagan va but bo‘lmagan tovarlar haqini to‘lashdan bosh tortish, bordi-yu, tovarlar haqi to‘langan bo‘lsa, –– to‘langan summani qaytarishni talab qilish huquqiga ega.

454-modda. Tovarlarni to‘liq yetkazib bermaganlik uchun neustoyka

Tovarlarni to‘liq yetkazib bermaganlik yoki yetkazib berish muddatlarini kechiktirib yuborganlik uchun qonunda yoki shartnomada belgilangan neustoyka, agar neustoykani undirishning boshqacha tartibi qonunda yoki shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, mahsulot yetkazib beruvchidan shartnomaning amal qilish muddatida majburiyat amalda bajarilgunga qadar undiriladi.

455-modda. Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish

Mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama (to‘liq yoki qisman) bosh tortishga taraflarning biri shartnomani jiddiy buzgan taqdirda yo‘l qo‘yiladi.

Mahsulot yetkazib beruvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin:

tegishli darajada sifatli bo‘lmagan, sotib oluvchi uchun maqbul muddatda bartaraf qilib bo‘lmaydigan kamchiliklarga ega bo‘lgan tovarlarni yetkazib berish;

tovarlarni yetkazib berish muddatlarini bir necha bor buzish.

Sotib oluvchining mahsulot yetkazib berish shartnomasini buzishi quyidagi hollarda jiddiy deb hisoblanishi mumkin:

tovarlar haqini to‘lash muddatlarini bir necha bor buzish;

tovarlarni bir necha bor olib ketmaslik.

Taraflarning kelishuvida mahsulot yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortish yoki uni bir tomonlama o‘zgartirishning boshqa asoslari ham nazarda tutilishi mumkin.

Agar mahsulot yetkazib berish shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishning boshqa muddati bildirish xatida nazarda tutilmagan yoki taraflar kelishuvida belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma bir taraf boshqa tarafdan shartnomani bajarishdan to‘la yoki qisman bir taraflama bosh tortish to‘g‘risida bildirish xati olgan paytdan boshlab o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan hisoblanadi.

456-modda. Shartnomani bekor qilish vaqtida zararni hisoblash

Agar sotuvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotib oluvchi shartnomada nazarda tutilgan tovar o‘rniga boshqa shaxsdan birmuncha yuqori, ammo oqilona bahoda tovar sotib olsa, sotib oluvchi sotuvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning o‘rniga tuzilgan bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar sotib oluvchi tomonidan majburiyat buzilganligi oqibatida shartnoma bekor qilinganidan keyin oqilona muddat ichida sotuvchi tovarni boshqa shaxsga shartnomada nazarda tutilganidan birmuncha pastroq, biroq oqilona bahoda sotgan bo‘lsa, sotuvchi sotib oluvchidan shartnomada belgilangan baho bilan uning o‘rniga tuzilgan bitimdagi baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha shartnoma bekor qilinganidan keyin uning o‘rniga boshqa bitim tuzilmagan va tovarning joriy bahosi mavjud bo‘lsa, taraf shartnomada belgilangan baho bilan shartnoma bekor qilingan paytdagi joriy baho o‘rtasidagi farqdan iborat zararni qoplash to‘g‘risida talab qo‘yishi mumkin.

Tovar topshirilishi lozim bo‘lgan joyda odatda o‘xshash sharoitlarda bir xil tovar uchun undiriladigan baho joriy baho deb e’tirof etiladi. Agar bu joyda joriy baho mavjud bo‘lmasa, tovarni tashish xarajatlaridagi farqni hisobga olgan holda boshqa joydagi uning o‘rnini bosa oladigan oqilona joriy bahodan foydalanish mumkin.

Ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni qondirish o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan tarafni boshqa tarafga yetkazgan o‘zga zararni ushbu Kodeksning 14-moddasiga asosan qoplashdan ozod qilmaydi.

4-§. Tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti

457-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish bo‘yicha davlat kontrakti asosida, shuningdek uning asosida tuziladigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadigan, davlat budjeti va moliyalashning budjetdan tashqari manbalari hisobiga ta’minlanadigan, O‘zbekiston Respublikasining ehtiyojlari davlat ehtiyojlari deyiladi.

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish borasidagi munosabatlarga ushbu Kodeks 437-456-moddalarining qoidalari ham tatbiq etiladi. Ushbu Kodeks bilan tartibga solinmagan munosabatlarga nisbatan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishni tartibga soladigan boshqa qonunchilik tatbiq etiladi.

458-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish yuzasidan davlat kontrakti bo‘yicha (bundan buyon matnda davlat kontrakti deb yuritiladi) mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat buyurtmachisiga yoki uning ko‘rsatmasiga binoan mahsulot yetkazib berish shartnomasi asosida boshqa shaxsga shartlashilgan muddatda tovarlar yetkazib berishni, davlat buyurtmachisi esa, yetkazib berilgan tovarlar haqi belgilangan muddatda to‘lanishini ta’minlashni o‘z zimmasiga oladi.

459-modda. Davlat kontraktini tuzish asoslari

Davlat kontrakti davlat buyurtmachisining mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) qabul qilgan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtmasi asosida tuziladi.

Bergan buyurtmasi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan qabul qilingan davlat buyurtmachisi uchun davlat kontrakti tuzish shart hisoblanadi.

Davlat kontraktini tuzish qonunchilikda belgilangan hollardagina va davlat kontraktini bajarish tufayli mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) ko‘rishi mumkin bo‘lgan barcha zararni davlat buyurtmachisi qoplagan taqdirdagina mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) uchun majburiy hisoblanadi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi shart davlat korxonasiga tatbiq etilmaydi.

Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtma tanlov bo‘yicha joylashtirilsa, tanlov g‘olibi deb e’lon qilingan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bilan davlat kontraktini tuzish davlat buyurtmachisi uchun majburiy hisoblanadi.

460-modda. Davlat kontraktini tuzish tartibi

Agar taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat kontrakti loyihasi davlat buyurtmachisi tomonidan ishlab chiqiladi va mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yuboriladi.

Davlat kontrakti loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va davlat kontraktining bir nusxasini boshqa tarafga qaytaradi, davlat kontrakti shartlari yuzasidan kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa, xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan davlat kontrakti bilan boshqa tarafga yuboradi yoki unga davlat kontraktini tuzishdan bosh tortishini ma’lum qiladi.

Davlat kontrakti bilan kelishmovchiliklar bayonnomasini olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, kontrakt shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga davlat kontraktini kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Bu muddat tugagach, manfaatdor taraf hal qilinmagan barcha kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.

Davlat kontrakti davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi buyurtmani joylashtirish tanlovi natijalari bo‘yicha tuziladigan hollarda davlat kontrakti tanlov o‘tkazilgan sanadan boshlab o‘ttiz kun ichida tuzilishi lozim.

Agar davlat kontraktini tuzishi majburiy bo‘lgan taraf uni tuzishdan bosh tortsa, ikkinchi taraf boshqa tarafni davlat kontraktini tuzishga majbur qilish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

461-modda. Davlat kontraktini bajarish

Davlat kontrakti shartlariga muvofiq tovarlar bevosita davlat buyurtmachisiga yoki uning ko‘rsatmasi (jo‘natish raznaryadkasi)ga muvofiq boshqa shaxs (oluvchi)ga yetkazib beriladigan hollarda kontraktni bajarish bo‘yicha taraflarning munosabatlari ushbu Kodeksning 437-456-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar bilan tartibga solinadi.

Agar davlat kontraktida sotib oluvchilarga tovarlar yetkazib berish mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) tomonidan davlat buyurtmachisi belgilaydigan davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomalariga muvofiq amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lsa, davlat buyurtmachisi davlat kontrakti tuzilgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda sotib oluvchining yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risida mahsulot yetkazib beruvchi — ijrochi va sotuvchiga bildirish xati yuboradi.

Sotib oluvchi yetkazib beruvchi (ijrochi)ga biriktirilgani to‘g‘risidagi bildirish xati davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar jo‘natish raznaryadkalarida ko‘rsatilgan oluvchilarga yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida boshqacha hisob-kitob tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovarlar haqi davlat buyurtmachisi tomonidan to‘lanadi.

Tovarlar sotib oluvchilarga davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasi bo‘yicha yetkazib berilgan hollarda, agar davlat kontraktida baho belgilash va hisob-kitoblarning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchilar tovarlar haqini davlat kontraktiga muvofiq belgilanadigan baholarda to‘laydilar.

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi davlat kontrakti bo‘yicha tovarlar haqi sotib oluvchi tomonidan to‘langanda davlat buyurtmachisi sotib oluvchining ushbu majburiyati bo‘yicha kafil deb hisoblanadi.

462-modda. Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzish

Agar davlat kontraktida shartnoma loyihasini tayyorlashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki shartnoma loyihasi sotib oluvchi tomonidan taqdim qilingan bo‘lmasa, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) biriktirish to‘g‘risidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan sotib oluvchiga davlat buyurtmachisidan bildirish xati olingan vaqtdan boshlab o‘ttiz kundan kechiktirmay davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasining loyihasini yo‘llashi lozim.

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasining loyihasini olgan taraf kechi bilan o‘ttiz kunlik muddatda uni imzolaydi va shartnomaning bir nusxasini ikkinchi tarafga qaytaradi, shartnoma shartlari bo‘yicha kelishmovchiliklar bo‘lganda esa xuddi shu muddatda kelishmovchiliklar bayonnomasini tuzadi va uni imzolangan shartnoma bilan birgalikda boshqa tarafga yuboradi.

Davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini kelishmovchiliklar bayonnomasi bilan olgan taraf o‘ttiz kun ichida kelishmovchiliklarni ko‘rib chiqishi, shartnoma shartlarini boshqa taraf bilan muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi va unga shartnomani kelishilgan tahrirda qabul qilishi yoki kelishmovchiliklar bayonnomasini rad etishi haqida xabar berishi lozim. Manfaatdor taraf hal qilinmagan kelishmovchiliklarni o‘ttiz kunlik muddatda sud muhokamasiga topshirishi mumkin.

Agar mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortsa, sotib oluvchi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ni sotib oluvchi ishlab chiqqan shartnoma loyihasi shartlarida shartnoma tuzishga majbur qilish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish huquqiga ega.

463-modda. Sotib oluvchining davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish shartnomasini tuzishdan bosh tortishi

Sotib oluvchi biriktirish haqidagi bildirish xatida ko‘rsatilgan tovarlardan hamda ularni yetkazib berish shartnomasini tuzishdan to‘liq yoki qisman bosh tortish huquqiga ega. Bunday holda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) bu haqda darhol davlat buyurtmachisiga ma’lum qilishi lozim va davlat buyurtmachisidan boshqa sotib oluvchini o‘ziga biriktirish to‘g‘risida bildirish xati berishni talab qilish huquqiga ega.

Davlat buyurtmachisi mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ning bildirish xatini olgan kundan boshlab kechi bilan o‘ttiz kun ichida yo mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga boshqa sotib oluvchini biriktirish to‘g‘risida bildirish xati beradi, yoki mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga tovarlarni kim olishi ko‘rsatilgan jo‘natish raznaryadkasini yuboradi, yoxud tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashga roziligini xabar qiladi.

Davlat buyurtmachisi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) yo davlat buyurtmachisidan tovarlarni qabul qilish va haqini to‘lashni talab qilish, yoki tovarlarni o‘z ixtiyori bilan realizatsiya qilib, tovarlarni realizatsiya qilish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni davlat buyurtmachisiga yuklash huquqiga ega.

464-modda. Davlat kontraktining bajarilishi yoki bekor qilinishi munosabati bilan yetkazilgan zararni qoplash

Agar davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berish to‘g‘risidagi qonunchilikda yoki davlat kontraktida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar (ushbu Kodeks 459-moddasining uchinchi qismi) davlat kontraktiga muvofiq tovar topshirilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘ttiz kun ichida davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanishi lozim.

Davlat kontraktining bajarilishi munosabati bilan mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi)ga yetkazilgan zarar davlat kontraktiga binoan qoplanmagan taqdirda mahsulot yetkazib beruvchi (ijrochi) davlat kontraktini bajarishdan bosh tortishga va davlat kontrakti bekor qilinganligi tufayli kelib chiqqan zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha davlat kontrakti bekor qilinganida mahsulot yetkazib beruvchi davlat ehtiyojlari uchun tovar yetkazib berish shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Mahsulot yetkazib beruvchining bunday bosh tortishi tufayli sotib oluvchiga yetkazilgan zarar davlat buyurtmachisi tomonidan qoplanadi.

5-§. Kontraktatsiya

465-modda. Kontraktatsiya shartnomasi

Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash yoki sotish uchun bunday mahsulotni xarid qiladigan shaxsga –– tayyorlovchiga shartlashilgan muddatda topshirish (topshirib turish) majburiyatini oladi, tayyorlovchi esa bu mahsulotni qabul qilish (qabul qilib turish), uning haqini shartlashilgan muddatda muayyan bahoda to‘lash (to‘lab turish) majburiyatini oladi.

Agar ushbu Kodeksda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, kontraktatsiya shartnomasiga nisbatan mahsulot yetkazib berish shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, tegishli hollarda esa davlat ehtiyojlari uchun tovarlar yetkazib berishga doir davlat kontrakti to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi.

466-modda. Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchining majburiyatlari

Qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtiruvchi o‘stirilgan (ishlab chiqarilgan) qishloq xo‘jaligi mahsulotini tayyorlovchiga kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda topshirishi shart.

Agar mahsulot yetishtiruvchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmaganligi oqibatida qishloq xo‘jaligi mahsuloti kontraktatsiya shartnomasida nazarda tutilgan miqdor va assortimentda olinmasligi oldindan ma’lum bo‘lib qolsa, tayyorlovchi shartnomani bekor qilishni yoki o‘zgartirishni va zararni qoplashni talab qilishga haqli.

467-modda. Tayyorlovchining majburiyatlari

Agar kontraktatsiya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tayyorlovchi yetishtiruvchi joylashgan yerda undan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qabul qilishi (qabul qilib turishi) va olib ketishni ta’minlashi (ta’minlab turishi) shart.

Agar qishloq xo‘jaligi mahsuloti tayyorlovchi joylashgan yerda yoki u ko‘rsatgan boshqa yerda qabul qilinsa, tayyorlovchi yetishtiruvchi tomonidan kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq va shartlashilgan muddatda keltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qabul qilishdan bosh tortishga haqli emas.

Tayyorlovchi qishloq xo‘jaligi mahsulotini olib ketishni yoki qabul qilib olishni ta’minlamagan taqdirda yetishtiruvchiga qishloq xo‘jaligi mahsulotining qiymatini va uni keltirish xarajatlarini to‘laydi.

Kontraktatsiya shartnomasiga muvofiq olingan qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlaydigan tayyorlovchi yetishtiruvchining talabiga ko‘ra qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash chiqindilarini taraflar kelishgan narxda yetishtiruvchiga qaytarishi shart.

6-§. Energiya ta’minoti

468-modda. Energiya ta’minoti shartnomasi

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga (iste’molchiga) energiya berib turish majburiyatini oladi, abonent esa qabul qilingan energiya haqini to‘lash, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan energiya iste’mol qilish tartibiga rioya etish, tasarrufidagi energetika shoxobchalaridan foydalanish xavfsizligini hamda o‘zi foydalanadigan energiya iste’mol qiluvchi asbob va uskunalarning sozligini ta’minlash majburiyatini oladi.

469-modda. Energiya ta’minoti shartnomasini tuzish va muddatini uzaytirish

Energiya ta’minoti shartnomasi energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tarmoqlariga qonunchilikda belgilangan tartibda ulangan energiya qurilmasi, shuningdek energiya iste’molini hisobga olish uskunalari va asboblari mavjud bo‘lgan abonent bilan tuziladi.

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda, abonent tarmoqqa belgilangan tartibda amalda birinchi marta ulangan paytdan boshlab u bilan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Energiya ta’minoti shartnomasining muddati tugagach, taraflardan biri uni bekor qilish yoki o‘zgartirish haqida ariza bermasa, u shartnomada nazarda tutilgan muddatga va shartlarda uzaytirilgan hisoblanadi. Shartnoma yangi muddatga uzaytirilganida uning shartlari taraflar kelishuviga binoan o‘zgartirilishi mumkin.

Agar taraflardan biri shartnomaning amal qilish muddati tugashidan oldin yangi shartnoma tuzish haqida taklif kiritsa, taraflarning o‘zaro munosabatlari yangi shartnoma tuzilgunga qadar avval tuzilgan shartnoma bilan tartibga solib turiladi.

470-modda. Energiya miqdori

Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgan miqdorda va taraflar kelishgan energiya berish tartibiga amal qilgan holda energiya berishi lozim. Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot bergan va abonent qabul qilgan energiya miqdori o‘lchov asboblari ko‘rsatkichlari bilan aniqlanadi.

Energiya ta’minoti shartnomasida abonentning o‘zi qabul qiladigan energiyaning shartnomada belgilangan miqdorini energiya bilan ta’minlovchi tashkilotning energiyani shartnomada belgilanmagan miqdorda berishni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash sharti bilan o‘zgartirish huquqi nazarda tutilishi mumkin.

Energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq abonent bo‘lgan taqdirda u energiyadan o‘zi uchun zarur bo‘lgan miqdorda foydalanishga haqli.

471-modda. Energiya ta’minoti shartnomasining energiya miqdori to‘g‘risidagi shartini buzish oqibatlari

Agar energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tomonidan tutashtirilgan tarmoq orqali abonentga energiya ta’minoti shartnomasida nazarda tutilgandan kam miqdorda energiya berilgan bo‘lsa, basharti qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 399-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

472-modda. Energiya sifati

Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot beradigan energiyaning sifati standartlashtirish bo‘yicha qonunchilikda yoki energiya ta’minoti shartnomasida belgilangan talablarga javob berishi lozim.

Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot energiya sifatiga qo‘yiladigan talablarni buzgan taqdirda, agar qonunchilikda, energiya ta’minoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu Kodeksning 408-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

473-modda. Tarmoqlar, asbob va uskunalarni saqlash va ishlatish bo‘yicha abonentning majburiyatlari

Abonent ishlatilayotgan energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning zarur texnikaviy holati va xavfsizligini ta’minlashi, energiya ishlatishning belgilangan tartibiga amal qilishi, shuningdek avariyalar, yong‘inlar, energiyani o‘lchash asboblaridagi nosozliklar va energiyadan foydalanish paytida kelib chiqadigan boshqa buzilishlar to‘g‘risida energiya bilan ta’minlovchi tashkilotga darhol xabar berishi lozim.

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda, agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, energetika tarmoqlari, shuningdek energiya iste’molini hisobga olish asboblarining zarur texnik holati va xavfsizligini ta’minlash majburiyati energiya bilan ta’minlovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.

Energetika tarmoqlari, asbob va uskunalarning texnik holatiga va ularni ishlatishga qo‘yiladigan talablar, shuningdek ularga rioya etilishini nazorat qilish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

474-modda. Energiya haqini to‘lash

Agar qonunchilikda yoki energiya bilan ta’minlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, energiya haqi abonent amalda qabul qilgan energiya miqdori uchun to‘lanadi, bu miqdor ushbu Kodeksning 470-moddasiga muvofiq aniqlanadi.

475-modda. Abonent tomonidan energiyaning boshqa shaxsga berilishi

Abonent energiya bilan ta’minlovchi tashkilotdan tutashtirilgan tarmoq orqali qabul qilib olgan energiyani boshqa shaxs (qo‘shimcha abonent)ga faqat energiya bilan ta’minlovchi tashkilot roziligi bilan berishi mumkin.

Agar qonunchilikda yoki energiya ta’minoti shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, abonent tomonidan energiyani qo‘shimcha abonentga berish shartnomasiga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qo‘llanadi.

Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, energiyani qo‘shimcha abonentga berish chog‘ida abonent energiya bilan ta’minlovchi tashkilot oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

476-modda. Energiya ta’minoti shartnomasini o‘zgartirish va bekor qilish

Energiya berishdagi uzilishlarga, energiya berishni to‘xtatish yoki cheklashga taraflar kelishuviga muvofiq yo‘l qo‘yiladi, abonentga qarashli energetika qurilmalarining qoniqarsiz ahvoli avariya xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi yoki fuqarolar hayoti va xavfsizligiga tahdid tug‘dirayotgani davlat energetika nazorati organi tomonidan tasdiqlangan hollar bundan mustasno. Energiya bilan ta’minlovchi tashkilot abonentni energiya berishdagi uzilishlar, energiya berishni to‘xtatish yoki cheklash to‘g‘risida ogohlantirishi lozim.

Abonent bilan kelishmasdan va uni ogohlantirmasdan, biroq unga darhol xabar bergan holda energiya berishni vaqtincha uzib qo‘yish, to‘xtatish yoki cheklashga energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tizimida avariyaning oldini olish yoki uni tugatish uchun kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rish zarur bo‘lgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda u energiya bilan ta’minlovchi tashkilotga ma’lum qilish va foydalanilgan energiya haqini to‘liq to‘lash sharti bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega.

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq energiyadan turmushda foydalanadigan fuqaro abonent bo‘lgan taqdirda abonent o‘zi foydalangan energiya haqini to‘lamagani tufayli energiya bilan ta’minlovchi tashkilot shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortish huquqiga ega, bunda u shartnomani bajarishdan bosh tortishdan kamida bir oy oldin abonentni bu haqda ogohlantirishi lozim.

Energiya ta’minoti shartnomasiga muvofiq yuridik shaxs abonent bo‘lgan hollarda energiya bilan ta’minlovchi tashkilot ushbu Kodeksning 455-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra shartnomani bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga haqli, qonunchilikda belgilab qo‘yilgan hollar bundan mustasno.

477-modda. Energiya ta’minoti shartnomasi bo‘yicha javobgarlik

Energiya ta’minoti shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan hollarda, energiya bilan ta’minlovchi tashkilot shu tufayli yetkazilgan zararning, abonent esa yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashi shart.

Agar energiya berishdagi uzilishlar quvvat va energiya yetishmasligi sababli energiya bilan ta’minlovchi tashkilot tomonidan qonunchilik asosida iste’molni tartibga solish natijasida yuz bergan bo‘lsa, energiya bilan ta’minlovchi tashkilot aybdor bo‘lgan taqdirdagina shartnoma majburiyatlarini bajarmagani yoki tegishli darajada bajarmagani uchun javob beradi.

478-modda. Energiya ta’minoti shartnomasi qoidalarini tutashtirilgan tarmoq orqali ta’minlash borasidagi boshqa munosabatlarga nisbatan qo‘llash

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali issiqlik energiyasi bilan ta’minlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qo‘llanadi.

Agar qonunchilikda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, tutashtirilgan tarmoq orqali gaz, neft va neft mahsulotlari, suv va boshqa tovarlar bilan ta’minlash munosabatlariga nisbatan ushbu paragraf qoidalari qo‘llanadi.

7-§. Ko‘chmas mulkni sotish

479-modda. Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasi

Ko‘chmas mulkning oldi-sotdi shartnomasiga (ko‘chmas mulkni sotish shartnomasiga) binoan sotuvchi yer uchastkasi, bino, inshoot, kvartira yoki boshqa ko‘chmas mulkni sotib oluvchiga mulk qilib topshirishni (ushbu Kodeksning 83-moddasi) o‘z zimmasiga oladi.

Korxonalarni sotishga nisbatan, basharti korxonani sotish shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalarda (ushbu Kodeksning 489-496-moddalari) boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragraf qoidalari qo‘llanadi.

480-modda. Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining shakli

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuziladi (ushbu Kodeks 366-moddasining to‘rtinchi qismi).

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining shakliga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga sabab bo‘ladi.

481-modda. Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasiga binoan ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqining sotib oluvchiga o‘tganligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgunga qadar taraflarning ko‘chmas mulkni sotish shartnomasini bajarishi ularning uchinchi shaxslar bilan munosabatlarini o‘zgartirishi uchun asos bo‘lmaydi.

Agar taraflardan biri ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligini davlat ro‘yxatdan o‘tkazishdan bo‘yin tovlasa, boshqa tarafning talabiga binoan sud mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan asossiz ravishda bo‘yin tovlayotgan taraf boshqa tarafning ro‘yxatdan o‘tkazish kechikkanligi tufayli ko‘rgan zararini qoplashi shart.

482-modda. Bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk sotilganida ular joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq

Bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulkni sotish shartnomasiga binoan sotib oluvchiga bunday ko‘chmas mulkka egalik huquqini topshirish bilan bir vaqtda ushbu ko‘chmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasining muayyan qismiga bo‘lgan huquqlar ham topshiriladi.

Sotuvchi sotilayotgan ko‘chmas mulk joylashgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lgan taqdirda sotib oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga mulk huquqi yoki ijara huquqi yoxud ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq beriladi.

Agar shartnomada ko‘chmas mulkni sotib oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga bo‘lgan huquq belgilangan bo‘lmasa, sotib oluvchiga yer uchastkasining ko‘chmas mulk joylashgan va bu ko‘chmas mulkdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan muayyan qismiga mulk huquqi o‘tadi.

Sotuvchiga mulk huquqi asosida qarashli bo‘lmagan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulkni, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonun yoki shartnomada belgilangan shartlariga zid bo‘lmasa, ana shu yer uchastkasi mulkdorining roziligisiz sotishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday ko‘chmas mulk sotilganida sotib oluvchi ko‘chmas mulkni sotayotgan shaxs yer uchastkasining tegishli qismidan qanday shartlarda foydalangan bo‘lsa, o‘sha shartlarda foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi.

483-modda. Yer uchastkasi sotilganida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq

Sotuvchiga qarashli bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulk joylashgan yer uchastkasi ana shu ko‘chmas mulkni sotib olayotgan shaxsga mulk qilib topshirmagan holda sotilsa, yer uchastkasining ko‘chmas mulk joylashgan va ko‘chmas mulkdan foydalanish uchun zarur bo‘lgan qismidan sotuvchining foydalanish huquqi sotish shartnomasida belgilangan shartlarda saqlab qolinadi.

Agar yer uchastkasining tegishli qismidan foydalanish shartlari uni sotish shartnomasi bilan belgilangan bo‘lmasa, sotuvchi yer uchastkasining ko‘chmas mulk joylashgan va bu ko‘chmas mulkdan ko‘zlangan maqsadlarda foydalanish uchun zarur bo‘lgan qismidan cheklangan holda foydalanish (servitut) huquqini saqlab qoladi.

484-modda. Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma narsasini belgilash

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida shartnoma bo‘yicha sotib oluvchiga topshirilishi lozim bo‘lgan ko‘chmas mulkni aniq belgilash imkonini beradigan ma’lumotlar, shu jumladan ko‘chmas mulk tegishli yer uchastkasida yoki boshqa ko‘chmas mulkning tarkibida qanday joylashganligini belgilash imkonini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Shartnomada bunday ma’lumotlar bo‘lmasa, boshqa shaxsga topshirilishi lozim bo‘lgan ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi shartni taraflar o‘zaro kelishib olmagan, tegishli shartnoma esa tuzilmagan hisoblanadi.

485-modda. Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida baho

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida ana shu mulkning bahosi nazarda tutilgan bo‘lishi lozim.

Shartnomada taraflar yozma ravishda kelishgan ko‘chmas mulkning bahosi to‘g‘risidagi shart bo‘lmasa, uni sotish to‘g‘risidagi shartnoma tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan baho belgilash qoidasi qo‘llanmaydi.

Agar qonunda yoki ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yer uchastkasida joylashgan bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mulkning shartnomada belgilangan bahosi ana shu ko‘chmas mulk bilan birga topshirilayotgan yer uchastkasi tegishli qismining bahosini yoki unga bo‘lgan huquqni o‘z ichiga oladi.

Ko‘chmas mulkni sotish shartnomasida ko‘chmas mulkning bahosi uning maydon birligiga yoki boshqa miqdor ko‘rsatkichiga qarab belgilangan bo‘lsa, bunday ko‘chmas mulkning to‘lanishi lozim bo‘lgan umumiy bahosi sotuvchiga topshirilgan ko‘chmas mulkning amaldagi miqdoriga asoslangan holda belgilanadi.

486-modda. Ko‘chmas mulkni topshirish

Ko‘chmas mulkning sotuvchi tomonidan topshirilishi va sotib oluvchi tomonidan qabul qilinishi taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirish to‘g‘risidagi boshqa hujjatga binoan amalga oshiriladi.

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining ko‘chmas mulkni sotib oluvchiga topshirish majburiyati bu mulk sotib oluvchiga topshirilganidan va topshirish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni taraflar imzolaganidan keyin bajarilgan hisoblanadi.

Taraflardan birining ko‘chmas mulkni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bo‘yin tovlashi, tegishli ravishda sotuvchining mulkni topshirish majburiyatini bajarishdan, sotib oluvchining esa mulkni qabul qilib olish majburiyatini bajarishdan bosh tortishi deb hisoblanadi.

Sotib oluvchining ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining shartlariga mos bo‘lmagan ko‘chmas mulkni qabul qilib olishi, shu jumladan bunday mos kelmaslik xususida ko‘chmas mulkni topshirish to‘g‘risidagi hujjatda aytib o‘tilgan hollarda ham, sotuvchini shartnomani tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlikdan ozod qilish uchun asos bo‘lolmaydi.

487-modda. Tegishli darajada sifatli bo‘lmagan ko‘chmas mulkni topshirish oqibatlari

Agar sotuvchi sotib oluvchiga ko‘chmas mulkni sotish shartnomasining ko‘chmas mulk sifati to‘g‘risidagi shartlariga mos bo‘lmagan ko‘chmas mulkni topshirsa, ushbu Kodeks 434-moddasining qoidalari qo‘llaniladi, sotib oluvchining tegishli darajada sifatli bo‘lmagan tovarni tegishli darajada sifatli bo‘lgan boshqa tovarga almashtirib berishni talab qilish huquqi to‘g‘risidagi qoidalar bundan mustasno.

488-modda. Uy-joy binolarini sotishning xususiyatlari

Sotuvchi sotib olganidan keyin qonunga muvofiq uy-joy binosidan foydalanish huquqini o‘zida saqlab qoladigan shaxslar yashab turgan uy, kvartira, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasining muhim sharti –– bu shaxslarning ro‘yxatini sotilayotgan uy-joy binosidan foydalanish huquqlari ko‘rsatilgan holda tuzishdan iboratdir.

Uyni, kvartirani, uyning yoki kvartiraning bir qismini sotish shartnomasi notarial tartibda tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

8-§. Korxonani sotish

489-modda. Korxonani sotish shartnomasi

Korxonani sotish shartnomasiga muvofiq sotuvchi sotib oluvchiga butun korxonani mulkiy majmua sifatida topshirish majburiyatini oladi, sotuvchi boshqa shaxslarga berishga haqli bo‘lmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.

Firma nomi, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va sotuvchini hamda uning mahsulotini, u bajaradigan ish yoki ko‘rsatadigan xizmatlarni shaxsiylashtiradigan boshqa vositalardan foydalanish huquqlari, agar korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchiga o‘tadi.

Sotuvchining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun berilgan maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani sotib oluvchiga berilmaydi. Shartnoma bo‘yicha topshiriladigan korxona tarkibiga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega bo‘lmagani tufayli sotib oluvchi bajara olmaydigan majburiyatlarni kiritish sotuvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi. Bunday majburiyatlarni bajarmaganlik uchun sotuvchi va sotib oluvchi kreditorlar oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

490-modda. Korxonani sotish shartnomasining shakli va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Korxonani sotish shartnomasi taraflar imzolagan yozma shakldagi bitta hujjat tarzida tuzilib, unga ushbu Kodeksning 491-moddasi ikkinchi qismida ko‘rsatilgan hujjatlar albatta ilova qilinadi va u notarial guvohlantirilishi hamda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Vakolatli davlat organining qaroriga binoan tanlov (tender) asosida tuziladigan korxonani sotish shartnomasi notarial guvohlantirilishi shart emas, ushbu Kodeksning 110-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan talablarga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmagan bitim hisoblanadi, uni bajarishga yo‘l qo‘yilmaydi va unga nisbatan ushbu Kodeks 112-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi.

491-modda. Sotiladigan korxona tarkibini aniqlash va qiymatini baholash

Sotiladigan korxona tarkibi va uning qiymati korxonani sotish shartnomasida inventarizatsiyalashning belgilangan qoidalariga muvofiq o‘tkaziladigan korxonani to‘liq inventarizatsiyalash asosida aniqlanadi.

Korxonani sotish shartnomasi imzolangunga qadar inventarizatsiya dalolatnomasi, buxgalteriya balansi, auditorlik xulosasini, baholash to‘g‘risidagi hisobotni, shuningdek kreditorlar, ular qo‘yayotgan talablar xususiyati, miqdori va muddatlari ko‘rsatilgan holda korxona tarkibiga kiritiladigan barcha qarz (majburiyat)lar ro‘yxatini taraflar tuzgan va ko‘rib chiqqan bo‘lishi kerak. Nomlari aytib o‘tilgan hujjatlarda ko‘rsatilgan mol-mulk, huquq va majburiyatlar, agar ushbu Kodeksning 489-moddasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa hamda u korxonani sotish shartnomasida belgilangan bo‘lmasa, sotuvchi tomonidan sotib oluvchiga topshirilishi lozim.

492-modda. Korxonani sotishda kreditorlarning huquqlari

Sotiladigan korxona tarkibiga kiritilgan majburiyatlar bo‘yicha kreditorlar korxona sotib oluvchiga topshirilgunga qadar sotuvchi tomonidan uning sotilishi to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qilinishlari lozim.

Qarzning boshqa shaxsga o‘tkazilishiga roziligini sotuvchiga yozma ravishda bildirmagan kreditor korxona sotilishi to‘g‘risida bildirish xati olgan kundan boshlab uch oy mobaynida yo majburiyatni bajarishni to‘xtatishni yoki muddatidan oldin bajarishni va sotuvchi tomonidan zarar qoplanishini, yo bo‘lmasa korxonani sotish shartnomasini butunlay yoxud uning tegishli qismini haqiqiy emas deb topishni talab qilish huquqiga ega.

Korxonaning sotilishi to‘g‘risida ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda xabardor qilinmagan kreditor sotuvchi korxonani sotib oluvchiga topshirgani to‘g‘risida xabar topgan yoki xabar topishi lozim bo‘lgan kundan boshlab bir yil mobaynida ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan talablarni qondirish haqida da’vo qo‘zg‘atishi mumkin.

Korxona sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng sotuvchi va sotib oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan, sotib oluvchiga kreditorning roziligisiz o‘tkazilgan qarzlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.

493-modda. Korxonani topshirish

Sotuvchining korxonani sotib oluvchiga topshirishi topshirish dalolatnomasiga muvofiq amalga oshiriladi, unda korxonaning tarkibi va kreditorlar korxona sotilishi to‘g‘risida xabardor qilinganligi, shuningdek topshirilgan mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar haqida ma’lumotlar va yo‘qolganligi tufayli topshirish majburiyatlari vujudga kelishi mumkin bo‘lmaydigan mol-mulkning ro‘yxati ko‘rsatiladi.

Korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotuvchining majburiyati hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.

Ikkala taraf topshirish dalolatnomasini imzolagan kundan boshlab korxona sotib oluvchiga topshirilgan hisoblanadi. Shu paytdan boshlab korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfi sotib oluvchiga o‘tadi.

494-modda. Korxonaga mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi

Korxonaga mulk huquqi bu huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab sotib oluvchiga o‘tadi.

Sotib oluvchining korxonaga mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazish, basharti korxonani sotish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxona sotib oluvchiga topshirilganidan so‘ng bevosita amalga oshiriladi.

Korxonani sotish shartnomasida korxona haqi to‘langunicha yoki boshqa holatlar yuz berguncha sotuvchining sotib oluvchiga topshirilgan korxonaga mulk huquqi saqlanib qolishi nazarda tutilgan hollarda sotib oluvchi mulk huquqi o‘ziga o‘tguncha topshirilgan korxona tarkibiga kiradigan mol-mulkni mulkiy majmua sifatida korxona faoliyatini ta’minlash uchun zarur darajada tasarruf qilishga, shuningdek huquqlardan foydalanishga haqli bo‘ladi.

495-modda. Korxonani kamchiliklar bilan topshirish va qabul qilish oqibatlari

Topshirish dalolatnomasi bo‘yicha sotuvchi tomonidan tarkibi, shu jumladan topshirilgan mol-mulkining sifati, korxonani sotish shartnomasida nazarda tutilgan talabga muvofiq bo‘lmagan korxonaning topshirilishi va sotib oluvchining qabul qilishi oqibatlari, agar shartnomadan boshqacha tartib kelib chiqmasa va u ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 393-395, 399, 402, 408, 412-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar asosida aniqlanadi.

Korxona topshirish dalolatnomasiga muvofiq topshirilgan va qabul qilingan bo‘lib, unda korxonaning aniqlangan kamchiliklari va yo‘qotilgan mol-mulki to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan taqdirda, agar korxonani sotish shartnomasida bunday hollarda boshqa talablarni qo‘yish huquqi nazarda tutilgan bo‘lmasa, sotib oluvchi korxonaning xarid narxini tegishincha kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.

Sotib oluvchiga korxona tarkibida sotuvchining korxonani sotish shartnomasida yoki topshirish dalolatnomasida ko‘rsatilmagan qarzlari (majburiyatlari) ham topshirilgan taqdirda, agar sotib oluvchi shartnoma tuzish va korxonani topshirish vaqtida bunday qarz (majburiyat)lar borligini bilganini sotuvchi isbotlamasa, sotib oluvchi xarid narxini kamaytirishni talab qilish huquqiga ega.

Sotuvchi korxona tarkibida topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar to‘g‘risida yoki topshirilishi lozim bo‘lgan ayrim turdagi mol-mulkning bu tarkibda yo‘qligi to‘g‘risida sotib oluvchidan bildirish xati olgan hollarda tegishli darajada sifatli bo‘lmagan mol-mulkni darhol almashtirishi yoki sotib oluvchiga yetishmayotgan mol-mulkni berishi mumkin.

Agar korxonaning sotuvchi javobgar bo‘lgan kamchiliklar tufayli korxonani sotish shartnomasida aytib o‘tilgan maqsadlar uchun yaroqsizligi va bu kamchiliklar ushbu Kodeksga, qonunchilik yoki shartnomaga muvofiq belgilangan shartlarda, tartib va muddatlarda sotuvchi tomonidan bartaraf qilinmaganligi yoki bunday kamchiliklarni bartaraf qilib bo‘lmasligi aniqlangan bo‘lsa, sotib oluvchi korxonani sotish shartnomasini bekor qilish yoki o‘zgartirishni va taraflar shartnomaga muvofiq bajarganlarini qaytarishni sud tartibida talab qilish huquqiga ega.

496-modda. Korxonani sotish shartnomasiga nisbatan bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi qoidalarning qo‘llanilishi

Ushbu Kodeksning bitimlarning haqiqiy emasligi oqibatlari va oldi-sotdi shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi, shartnoma bo‘yicha bir yoki ikkala tarafdan olingan narsalarni qaytarishni yoki asl holida undirishni nazarda tutadigan qoidalari, agar bunday oqibatlar sotuvchi va sotib oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani sotish shartnomasiga nisbatan qo‘llanadi.

30-BOB. AYIRBOSHLASH

497-modda. Ayirboshlash shartnomasi

Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq har bir taraf boshqa tarafga bir tovarni boshqa tovarga almashtirish yo‘li bilan mulk qilib topshirish majburiyatini oladi.

Ayirboshlash shartnomasiga nisbatan tegishincha oldi-sotdi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi, basharti bu ushbu bob qoidalariga va ayirboshlash mohiyatiga zid kelmasa. Bunda har qaysi taraf almashtirish yo‘li bilan topshirish majburiyatini olgan tovarni sotuvchi va qabul qilish majburiyatini olgan tovarni sotib oluvchi hisoblanadi.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ayirboshlash shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

498-modda. Ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha baho va xarajatlar

Agar ayirboshlash shartnomasidan boshqacha tartib kelib chiqmasa, ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli deb taxmin qilinadi, ularni topshirish va qabul qilish xarajatlarini esa har bir holda tegishli majburiyatlarni bajaradigan taraf amalga oshiradi.

Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olingan taqdirda bahosi ayirboshlashga taqdim qilinayotgan tovar bahosidan past bo‘lgan tovarni topshirishi lozim bo‘lgan taraf, agar shartnomada haq to‘lashning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar yoki tovarni tasarruf qilish hujjatlari topshirilgandan so‘ng kechiktirmasdan baholardagi farqni to‘lashi lozim.

Agar ayirboshlanadigan tovarlar teng qiymatli emas deb tan olinsa, biroq ularning baholaridagi farq ayirboshlash shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lmasa va shartnoma shartlariga qarab belgilanishi mumkin bo‘lmasa, narxlardagi farq ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq aniqlanadi.

499-modda. Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq tovarni topshirish majburiyatini muqobil bajarish

Ayirboshlash shartnomasiga muvofiq ayirboshlanadigan tovarlarni topshirish muddatlari bir-biriga to‘g‘ri kelmagan taqdirda, tovarni topshirish majburiyatini boshqa taraf tovarni topshirganidan so‘ng bajarishi lozim bo‘lgan tarafning tovarni topshirish majburiyatini bajarishiga nisbatan majburiyatni muqobil bajarish to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llanadi.

500-modda. Ayirboshlanadigan tovarlarga bo‘lgan mulk huquqining o‘tishi

Agar qonunda yoki ayirboshlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ayirboshlanadigan tovarlarga mulk huquqi ayirboshlash shartnomasiga muvofiq sotib oluvchi hisoblanadigan taraflarga ikkala taraf tegishli tovarlarni topshirish majburiyatini bajarganidan so‘ng bir vaqtda o‘tadi.

501-modda. Ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha olingan tovarni olib qo‘yganlik uchun javobgarlik

Ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha olgan tovarini uchinchi shaxslar olib qo‘ygan taraf, ushbu Kodeksning 395-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lsa, boshqa tarafdan ayirboshlash asosida olingan tovarni qaytarishni va (yoki) zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

31-BOB. HADYA

502-modda. Hadya shartnomasi

Hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi)ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi, yoxud uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.

Ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo bo‘lmasa, muqobil majburiyat mavjud bo‘lganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 124-moddasining ikkinchi qismi qoidalari qo‘llanadi.

Biron-bir shaxsga ashyoni yoki mulk huquqini tekinga berishni yoki biron-bir shaxsni mulkiy majburiyatdan ozod etishni va’da qilish (hadya etishni va’da qilish), agar va’da tegishli shaklda berilgan bo‘lsa va kelajakda aniq shaxsga ashyo yoki mulkiy huquqni tekinga berish yoki uni mulkiy majburiyatdan ozod qilish maqsadi aniq ko‘rinib turgan bo‘lsa, hadya shartnomasi deb tan olinadi.

Ashyo, mulk huquqi yoki mulkiy majburiyatdan ozod qilish shaklida hadya narsasini aniq ko‘rsatmasdan o‘zining mol-mulkini yoki mol-mulkning bir qismini hadya etishni va’da qilish o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Hadyani hadya oluvchiga hadya qiluvchining vafotidan keyin topshirishni nazarda tutuvchi shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas. Bunday hadyaga nisbatan ushbu Kodeksning vorislik to‘g‘risidagi qoidalari qo‘llanadi.

503-modda. Hadya oluvchining hadyani qabul qilishni rad etishi

Hadya oluvchi o‘ziga hadya topshirilgunga qadar istagan vaqtida uni rad etishga haqli. Bunday holda hadya shartnomasi bekor qilingan hisoblanadi.

Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, hadyani rad etish ham yozma shaklda amalga oshirilishi kerak. Agar hadya shartnomasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, hadyani qabul qilishni rad etish ham davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Agar hadya shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lsa, hadya qiluvchi hadya oluvchidan hadyani olishni rad etishi oqibatida yetkazilgan haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.

504-modda. Hadya shartnomasining shakli

Hadya qilish, ayni paytda hadyani hadya oluvchiga topshirish og‘zaki amalga oshirilishi mumkin, ushbu moddaning uchinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hadyani topshirish uni taqdim qilish, ramziy topshirish (kalit va hokazolarni taqdim qilish) yoki huquqni belgilaydigan hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ko‘char mulkni hadya qilish shartnomasi:

hadya qiluvchi yuridik shaxs bo‘lganida;

fuqarolar o‘rtasida bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq summaga shartnoma tuzilayotganda;

shartnomada kelajakda hadya etish va’da qilingan hollarda oddiy yozma shaklda tuzilishi lozim.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda og‘zaki tuzilgan hadya shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Ko‘chmas mulkni hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlanishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini hadya qilish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak.

505-modda. Hadyani cheklash

Yuridik shaxs xo‘jalik yuritish yoki operativ boshqarish huquqi asosida o‘ziga qarashli bo‘lgan ashyoni, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulkdorning roziligi bilan hadya etishga haqli. Bu cheklash qiymati katta bo‘lmagan odatdagi sovg‘alarga taalluqli emas.

Umumiy birgalikdagi mulkni hadya qilishga ushbu Kodeksning 225-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda umumiy birgalikdagi mulkning barcha ishtirokchilari roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Hadya qiluvchiga tegishli uchinchi shaxsdan talab qilish huquqini hadya qilish ushbu Kodeks 313-317, 319 va 320-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Ijara huquqini yoki boshqalarning ashyosiga o‘zgacha huquqni uning mulkdorining yoki unga nisbatan xo‘jalik yuritish yoxud operativ boshqarish huquqiga ega bo‘lgan shaxsning roziligisiz hadya qilishga, agar bunday huquqqa asos bo‘lgan qonunda yoki shartnomada uni mazkur shaxslar roziligisiz boshqa shaxslarga berish taqiqlanmagan bo‘lsa, yo‘l qo‘yiladi.

Hadya olayotgan shaxs o‘rniga uning uchinchi shaxs oldidagi majburiyatini bajarish yo‘li bilan hadya qilish ushbu Kodeks 241-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Hadya oluvchining uchinchi shaxsdan qarzini hadya qiluvchining o‘ziga olishi yo‘li bilan hadya qilish ushbu Kodeks 322-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda amalga oshiriladi.

Hadya oluvchining nomi va hadya narsasi ko‘rsatilmagan hadyani vakil tomonidan amalga oshirish ishonchnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

506-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish

Agar shartnoma tuzilgandan so‘ng hadya qiluvchining moddiy ahvoli jiddiy yomonlashgan bo‘lsa, u kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo bo‘lmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

Ushbu Kodeks 507-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchi kelajakda hadya oluvchiga ashyoni yoki mulk huquqini berish yo bo‘lmasa, uni mulkiy majburiyatdan ozod etish va’da qilingan shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli.

Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarda hadya qiluvchining hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortishi hadya oluvchiga zararni qoplashni talab qilish huquqini bermaydi.

507-modda. Hadyani bekor qilish

Hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yo‘l qo‘yiladi.

Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan o‘ldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.

Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli.

Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tartibdagi tadbirkorning yoki yuridik va jismoniy shaxsning to‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalarini buzib, to‘lovga qobiliyatsizlik haqida ish qo‘zg‘atilishidan oldingi bir yil ichida o‘zining tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin.

Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin.

Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarishi lozim.

508-modda. Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish mumkin bo‘lmagan hollar

Hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish to‘g‘risidagi qoidalar og‘zaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qo‘llanmaydi.

509-modda. Kamchiliklari bo‘lgan mol-mulkni hadya qilish oqibatlari

Hadya qilingan ashyodagi kamchiliklar tufayli hadya oluvchining hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, agar bu kamchiliklar ashyo hadya oluvchiga topshirilgunga qadar paydo bo‘lgani aniq ko‘rinib turgan kamchiliklar jumlasiga kirmasligi va hadya qiluvchi bu haqda bilgan bo‘lsa-da, hadya oluvchini ogohlantirmaganligi isbot qilingan bo‘lsa, ushbu Kodeks 57-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hadya qiluvchi tomonidan qoplanishi lozim.

510-modda. Hadya va’da qilinganida huquqiy vorislik

Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya va’da qilingan hadya oluvchining huquqlari uning merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) o‘tmaydi.

Agar hadya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, hadya shartnomasiga muvofiq hadya berishni va’da qilgan shaxsning majburiyatlari uning merosxo‘rlariga (huquqiy vorislariga) o‘tadi.

511-modda. Xayr-ehson

Umumfoydali maqsadlarda qilingan hadya xayr-ehson hisoblanadi.

Xayr-ehson fuqarolarga, davolash, tarbiya, ijtimoiy himoya muassasalariga va shunga o‘xshash boshqa muassasalarga, xayriya, ilmiy va o‘quv muassasalariga, fondlarga, muzeylar va boshqa madaniyat muassasalariga, jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlarga, shuningdek davlatga va boshqa fuqarolik huquqi subyektlariga qilinishi mumkin.

Xayr-ehsonni qabul qilishga biror kimsaning ruxsati yoki roziligi talab qilinmaydi.

Xayr-ehson qiluvchi mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilganida bu mol-mulkdan ma’lum bir maqsadda foydalanishni shart qilib qo‘yishi lozim, yuridik shaxslarga xayr-ehson qilganda esa bu shartni qo‘yishi mumkin. Bunday shart bo‘lmaganida mol-mulkni fuqaroga xayr-ehson qilish oddiy hadya deb hisoblanadi, qolgan hollarda esa xayr-ehson qilingan mol-mulkdan hadya oluvchi uning vazifasiga muvofiq foydalanadi.

Aniq maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan xayr-ehsonni qabul qilib olayotgan yuridik shaxs xayr-ehson qilingan mulkdan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalarning alohida ro‘yxatini yuritishi lozim.

Agar xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko‘rsatgan maqsadda foydalanish vaziyat o‘zgarganligi tufayli mumkin bo‘lmay qolsa, mulkdan boshqa maqsadda faqat xayr-ehson qiluvchining roziligi bilan, mol-mulkni xayr-ehson qilgan fuqaro vafot etgan bo‘lsa yoki mulkni xayr-ehson qilgan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoxud tugatilgan bo‘lsa –– sud qaroriga muvofiq foydalanish mumkin.

Xayr-ehson qilingan mulkdan xayr-ehson qiluvchi ko‘rsatgan maqsadga zid holda foydalanish yoki ushbu maqsadni mazkur modda oltinchi qismining qoidalarini buzgan holda o‘zgartirish xayr-ehson qiluvchiga, uning merosxo‘rlariga yoki boshqa huquqiy vorisiga xayr-ehsonni bekor qilishni talab qilish huquqini beradi.

Ushbu Kodeks 507 va 510-moddalarining qoidalari xayr-ehsonga nisbatan qo‘llanmaydi.

32-BOB. RENTA

1-§. Umumiy qoidalar

512-modda. Renta shartnomasi

Renta shartnomasiga muvofiq bir taraf (renta oluvchi) ko‘chmas yoki ko‘char mol-mulkni boshqa tarafga (renta to‘lovchiga) mulk qilib beradi, renta to‘lovchi esa olingan mol-mulk o‘rniga renta oluvchiga vaqti-vaqti bilan belgilangan pul summasi yoki uni ta’minlash uchun boshqa shaklda mablag‘ berish tarzida renta to‘lash majburiyatini oladi.

Renta shartnomasiga muvofiq rentani muddatsiz (doimiy renta) yoki renta oluvchi hayot bo‘lgan muddat mobaynida to‘lash (umrbod renta) majburiyatini belgilashga yo‘l qo‘yiladi. Umrbod renta fuqaroni o‘z qaramog‘iga olgan holda umrbod ta’minlash sharti bilan belgilanishi mumkin.

513-modda. Renta shartnomasining shakli

Renta shartnomasi notarial tasdiqlanishi, ko‘chmas mol-mulkni renta to‘lash sharti bilan boshqa shaxsga berishni nazarda tutadigan shartnoma esa bundan tashqari davlat ro‘yxatidan ham o‘tkazilishi lozim.

514-modda. Mol-mulkni renta to‘lash sharti bilan boshqa shaxsga berish

Renta to‘lash sharti bilan boshqa shaxsga beriladigan mol-mulk renta oluvchi tomonidan renta to‘lovchiga haq evaziga yoki tekinga mulk qilib berilishi mumkin.

Renta shartnomasida mol-mulkni haq evaziga topshirish nazarda tutilgan taqdirda taraflarning mol-mulkni topshirish va uning haqini to‘lash bo‘yicha munosabatlariga nisbatan oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, bunday mol-mulk tekinga berilgan hollarda esa hadya shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi, basharti ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa va bu hol renta shartnomasining mohiyatiga zid kelmasa.

515-modda. Ko‘chmas mulkdan renta olish

Renta to‘lash sharti bilan berilgan yer uchastkasi, korxona, bino, inshoot yoki boshqa ko‘chmas mol-mulkdan renta olinadi. Renta to‘lovchi bunday mol-mulkni boshqa shaxsga bergan taqdirda renta shartnomasi bo‘yicha uning majburiyatlari mol-mulkni oluvchiga o‘tadi.

Renta olinadigan ko‘chmas mulkni boshqa shaxsga mulk qilib bergan shaxs, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunda yoki shartnomada bu majburiyat bo‘yicha solidar javobgarlik nazarda tutilmagan bo‘lsa, renta oluvchining renta shartnomasi buzilgani tufayli kelib chiqqan talablari bo‘yicha boshqa shaxs bilan subsidiar javobgar bo‘ladi.

516-modda. Renta to‘lashni ta’minlash

Renta to‘lash sharti bilan yer uchastkasi yoki boshqa ko‘chmas mulk berilganida renta oluvchi renta to‘lovchi o‘z majburiyatlarini bajarishini ta’minlash maqsadida bu mulkka garov huquqini oladi.

Renta sifatida pul summasi yoki boshqa ko‘char mol-mulkni berishni nazarda tutadigan shartnomaning muhim sharti shuki, unda renta to‘lovchi o‘z majburiyatlarini bajarishning garovini taqdim etishga yoki ushbu majburiyatlarni bajarmaslik yoxud lozim darajada bajarmaslik xavfini renta oluvchi foydasiga sug‘urtalashga majbur bo‘ladi.

Renta to‘lovchi ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek renta oluvchi javobgar bo‘lmaydigan holatlarda ta’minlash yo‘qotilgan yoki ta’minlash sharoitlari yomonlashgan taqdirda renta oluvchi renta shartnomasini bekor qilishga va shartnoma bekor qilinishi tufayli ko‘rgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

517-modda. Renta to‘lashni kechiktirganlik uchun javobgarlik

Renta to‘lashni kechiktirganlik uchun renta to‘lovchi renta oluvchiga, agar renta shartnomasida boshqacha foizlar miqdori nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni to‘laydi.

2-§. Doimiy renta

518-modda. Doimiy rentani oluvchi

Doimiy rentani faqat fuqarolar va notijorat tashkilotlari olishlari mumkin, basharti, bu hol qonunga zid kelmasa va ularning faoliyat maqsadiga mos bo‘lsa.

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, doimiy renta shartnomasi bo‘yicha renta oluvchining huquqlari ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga talabdan voz kechish yo‘li bilan topshirilishi va vorislik bo‘yicha yoki yuridik shaxslar qayta tashkil qilinganda boshqa shaxslarga o‘tishi mumkin.

519-modda. Doimiy renta shakli va miqdori

Doimiy renta pul bilan to‘lanib, u renta to‘lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkka o‘xshash mol-mulkni ijaraga berishda qo‘llaniladigan mol-mulkdan foydalanish haqining o‘rtacha stavkasi doirasida shartnoma bilan belgilanadigan miqdorda, renta to‘lash sharti bilan pul summasi topshirilganda esa ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan bank foizining tegishli darajada joriy etilgan stavkasi doirasida bo‘ladi.

Shartnomada rentaning pul summasiga teng qiymatdagi ashyolarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan ham renta to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

Agar doimiy renta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkdan foydalanish haqining tegishli stavkasi yoki bank foizi stavkasi o‘zgarsa, to‘lanadigan renta miqdori ham mutanosib ravishda o‘zgaradi.

520-modda. Doimiy rentani to‘lash muddatlari

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, doimiy renta yilning har bir kalendar choragi tugashi bilan to‘lanadi.

521-modda. To‘lovchining doimiy rentani sotib olish huquqi

Doimiy rentani to‘lovchi uni sotib olish yo‘li bilan bundan buyon renta to‘lashdan bosh tortishga haqli. Agar renta to‘lovchi renta to‘lashdan bu tarzda bosh tortishini renta to‘lashni to‘xtatishidan kamida uch oy yoki shartnomada nazarda tutilganidek undan ham avvalroq yozma ravishda ma’lum qilgan bo‘lsa, bunday bosh tortish haqiqiy hisoblanadi. Bunda renta to‘lash majburiyati, agar shartnomada sotib olishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa, renta oluvchi sotib olish summasining hammasini olib bo‘lgunga qadar to‘xtatilmaydi.

Shartnomaning doimiy renta to‘lovchi uni sotib olish huquqidan voz kechishi to‘g‘risidagi sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnomada doimiy rentani sotib olish huquqini renta oluvchi hayotligida yoki shartnoma tuzilgan paytdan boshlab o‘ttiz yildan oshmaydigan muddat mobaynida amalga oshirib bo‘lmasligi nazarda tutilishi mumkin.

522-modda. Renta oluvchining talabiga ko‘ra doimiy rentani sotib olish

Quyidagi hollarda doimiy renta oluvchi to‘lovchidan rentani sotib olishni talab qilishga haqli:

agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan bo‘lmasa, renta to‘lovchi uni to‘lash muddatini bir yildan ortiq kechiktirib yuborgan taqdirda;

renta to‘lovchi rentani to‘lashni ta’minlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan taqdirda;

renta to‘lovchi to‘lovga qodir emas deb topilgan yoki u rentani shartnomada belgilangan miqdor va muddatlarda to‘lamasligini ko‘rsatadigan boshqa vaziyatlar vujudga kelgan taqdirda;

renta to‘lash sharti bilan topshirilgan ko‘chmas mulk umumiy mulkka aylangan yoki bir necha shaxs o‘rtasida taqsimlangan taqdirda;

shuningdek, shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda.

523-modda. Doimiy rentani sotib olish bahosi

Ushbu Kodeksning 521 va 522-moddalarida nazarda tutilgan hollarda doimiy renta shartnomada belgilangan bahoda sotib olinadi.

Renta to‘lash sharti bilan mol-mulk haq evaziga topshirilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi to‘g‘risida shart bo‘lmaganida sotib olish yillik renta to‘lovlari summasiga mos bahoda amalga oshiriladi.

Renta to‘lash sharti bilan mol-mulk tekinga berilgan doimiy renta shartnomasida sotib olish bahosi to‘g‘risida shart bo‘lmaganida sotib olish bahosiga yillik renta to‘lovlari summasi bilan bir qatorda topshirilgan mol-mulkning ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha aniqlanadigan bahosi ham kiritiladi.

524-modda. Doimiy renta to‘lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi

Doimiy renta to‘lash sharti bilan bepul topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi renta to‘lovchi zimmasida bo‘ladi.

Doimiy renta to‘lash sharti bilan haq evaziga topshirilgan mol-mulk tasodifan nobud bo‘lganda yoki tasodifan buzilganda to‘lovchi renta to‘lash majburiyatini tegishli ravishda to‘xtatishni yoki uni to‘lash shartlarini o‘zgartirishni talab qilishga haqli.

3-§. Umrbod renta

525-modda. Umrbod renta oluvchilar

Umrbod renta mulkini renta to‘lash sharti bilan topshirayotgan fuqaro hayot bo‘lgan davrga yoki u ko‘rsatgan boshqa fuqaro hayot bo‘lgan davrga belgilanishi mumkin.

Umrbod rentani bir necha fuqaro foydasiga belgilashga yo‘l qo‘yiladi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, renta olish huquqida ularning ulushlari teng deb hisoblanadi.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, renta oluvchilarning biri vafot etgan taqdirda uning renta olish huquqidagi ulushi undan keyin hayot bo‘lgan renta oluvchilarga o‘tadi, oxirgi renta oluvchi vafot etgan taqdirda renta to‘lash majburiyati bekor bo‘ladi.

Shartnoma tuzilgan paytgacha vafot etgan fuqaro foydasiga umrbod renta belgilaydigan shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

526-modda. Umrbod renta miqdori

Umrbod renta shartnomada renta oluvchi hayot bo‘lgan davrda unga vaqti-vaqti bilan to‘lanadigan pul summasi sifatida belgilanadi.

Umrbod rentaning shartnomada belgilanadigan bir oylik miqdori qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdoridan oz bo‘lmasligi kerak, ushbu Kodeksning 247-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa oshirilishi lozim.

527-modda. Umrbod rentani to‘lash muddatlari

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, umrbod renta har bir kalendar oy tugashi bilan to‘lanadi.

528-modda. Umrbod renta shartnomasini renta oluvchining talabi bilan bekor qilish

Renta to‘lovchi umrbod renta shartnomasini jiddiy buzgan hollarda renta oluvchi renta to‘lovchidan rentani ushbu Kodeksning 523-moddasida nazarda tutilgan shartlarda sotib olishni yoki shartnomani bekor qilish va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

Agar umrbod renta to‘lash sharti bilan tekinga kvartira, uy yoki boshqa mol-mulk topshirilgan bo‘lsa, renta to‘lovchi shartnomaning muhim shartlarini jiddiy buzgan taqdirda renta oluvchi bu mol-mulkni uning qiymatini sotib olinadigan renta hisobiga qo‘shgan holda qaytarishni talab qilish huquqiga ega.

529-modda. Renta to‘lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi

Umrbod renta to‘lash sharti bilan topshirilgan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi renta to‘lovchini rentani shartnomada nazarda tutilgan shartlarda to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.

33-BOB. UMRBOD TA’MINLASH SHARTI BILAN UY-JOY (KVARTIRA)NI BOSHQA SHAXSGA BERISH

530-modda. Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, bir taraf (oluvchi) yoshi yoki sog‘lig‘i tufayli mehnatga layoqatsiz bo‘lgan boshqa taraf (boshqa shaxsga beruvchi)ni natura holida (uy-joy berish, ovqatlantirish, parvarishlash va zarur yordam ko‘rsatish tarzida) umrbod moddiy ta’minlash majburiyatini oladi, boshqa shaxsga beruvchi esa oluvchiga uy-joy (uyning bir qismi)ni, kvartirani mulk qilib berish majburiyatini oladi.

531-modda. Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasining shakli va shartlari

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasida boshqa shaxsga beruvchiga qanday moddiy ta’minot turlari berilishi, ularning pul bilan ifodalangan bir oylik bahosi va uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning qiymati ko‘rsatilishi lozim.

Beriladigan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira va moddiy ta’minot qiymati taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu Kodeks 110-moddasining qoidalariga rioya etgan holda yozma shaklda tuzilishi va notarial tasdiqlanishi lozim.

532-modda. Taraflarning huquq va majburiyatlari

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasiga muvofiq, oluvchi shartnoma amal qilib turgan davrda bu uyni (uyning bir qismini), kvartirani sotish, hadya qilish, garovga qo‘yishga va uy (uyning bir qismi), kvartiraga mulk huquqini og‘irlashtiradigan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqli emas. Bu uy (uyning bir qismi), kvartiraga oluvchining qarzlari bo‘yicha undirish qaratilmaydi.

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxsga beruvchidan olingan uy-joy (uyning bir qismi), kvartiraning tasodifan nobud bo‘lishi oluvchini shartnoma bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod qilmaydi.

533-modda. Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish

Agar uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani oluvchi umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa yoki tegishli darajada bajarmasa, boshqa shaxsga beruvchi ta’minotni vaqti-vaqti bilan haq tarzida to‘lab turishga almashtirishni yoki shartnomani bekor qilishni talab qilishi mumkin.

Agar oluvchining moddiy ahvoli o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra boshqa shaxsga beruvchiga shartlashilgan ta’minotni bera olmaydigan darajada o‘zgarsa yoki boshqa shaxsga beruvchi mehnat qobiliyatini tiklasa, umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi oluvchining talabiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha bekor qilingan taqdirda uy (uyning bir qismi), kvartira boshqa shaxsga beruvchiga qaytarilishi lozim.

Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi boshqa shaxsga beruvchining talabiga ko‘ra bekor qilingan taqdirda oluvchi shartnoma amalda bo‘lgan vaqtda boshqa shaxsga beruvchini ta’minlash va uyni (uyning bir qismini), kvartirani saqlab turishga qilgan xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.

534-modda. Umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (kvartira)ni boshqa shaxsga berish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarning vorislarga o‘tishi

Oluvchi vafot etgan taqdirda umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar uning vorislariga o‘tadi. Oluvchining vorislari bo‘lmaganida yoki ular umrbod ta’minlash sharti bilan uy-joy (uyning bir qismi), kvartirani boshqa shaxsga berish shartnomasini bajarishdan voz kechganlarida oluvchiga berilgan uy-joy (uyning bir qismi), kvartira uni boshqa shaxsga beruvchiga qaytariladi.

34-BOB. MULK IJARASI

1-§. Umumiy qoidalar

535-modda. Mulk ijarasi shartnomasi

Mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga haq evaziga mol-mulkni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoki foydalanish uchun topshirish majburiyatini oladi.

536-modda. Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkdan olinadigan mahsulot, mevalar va daromadlarga bo‘lgan mulk huquqi

Agar qonun yoki mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida oladigan mahsulot, meva va boshqa daromadlar uning mulki hisoblanadi.

537-modda. Mulk ijarasining obyektlari

Yer uchastkalari, yer osti boyliklari joylashgan uchastkalar va boshqa alohida tabiiy obyektlar, korxonalar va boshqa mulkiy komplekslar, binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari va foydalanish jarayonida o‘zining tabiiy xususiyatlarini yo‘qotmaydigan boshqa ashyolar (iste’mol qilinmaydigan ashyolar) mulk ijarasiga berilishi mumkin.

Qonunchilikda mulk ijarasiga berilishi mumkin bo‘lmagan yoki cheklangan korxonalar turlari (guruhlari) va mol-mulk turlari belgilab qo‘yilishi mumkin.

538-modda. Ijaraga beruvchi

Mol-mulkini ijaraga berish huquqi shu mol-mulk egasiga tegishlidir. Qonun yoki mulkdor tomonidan mol-mulkni ijaraga berish vakolati berilgan boshqa shaxslar ham ijaraga beruvchi bo‘lishlari mumkin.

539-modda. Mulk ijarasi shartnomasining shakli

Mulk ijarasi shartnomasi bir yildan ortiq muddatga mo‘ljallangan bo‘lsa, taraflardan birontasi yuridik shaxs bo‘lgan hollarda esa, muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Mulk huquqining kelgusida ijarachiga o‘tishini nazarda tutuvchi mulk ijarasi shartnomasi, bunday mulkning oldi-sotdi shartnomasi uchun nazarda tutilgan shaklda tuziladi.

540-modda. Mulk ijarasi shartnomasining muddati

Mulk ijarasi shartnomasi shartnomada belgilangan muddatga tuziladi.

Agar mulk ijarasining muddati shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma nomuayyan muddatga tuzilgan hisoblanadi. Bunda taraflardan har biri boshqa tarafni bir oy oldin, ko‘chmas mulk ijarasida esa –– uch oy oldin yozma ravishda ogohlantirib, istagan paytda shartnomadan voz kechishi mumkin. Qonun yoki shartnomada nomuayyan muddatga tuzilgan mulk ijarasi shartnomasini bekor qilish haqida oldindan ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qo‘yilishi mumkin.

Qonunda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek mol-mulkning ayrim turlarini ijaraga olish uchun eng ko‘p (oxirgi) muddatlar belgilab qo‘yilishi mumkin. Bunday hollarda, basharti ijara muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa va qonunda belgilangan oxirgi muddat tugagunicha taraflardan hech qaysisi shartnomadan voz kechmasa, oxirgi muddat o‘tishi bilan shartnoma bekor bo‘ladi. Qonunda belgilangan oxirgi muddatdan ortiq muddatga tuzilgan bunday mulk ijarasi shartnomasi oxirgi muddatga teng muddatga tuzilgan hisoblanadi.

541-modda. Ijaraga oluvchiga mol-mulkni topshirish

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga mol-mulkni shartnoma shartlari va mol-mulkning vazifasiga muvofiq holatda topshirmog‘i lozim.

Mol-mulkni topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining burchi bo‘lib, uning hisobidan amalga oshiriladi.

Agarda shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulk barcha mansub ashyolari va unga aloqador hujjatlar (texnik pasport, sifat sertifikati va hokazolar) bilan birga ijaraga topshiriladi. Agarda bunday mansub ashyolar va hujjatlar topshirilgan bo‘lmasa va ularsiz ijaraga oluvchi mol-mulkdan uning o‘z vazifasi bo‘yicha foydalana olmasa yoxud shartnoma tuzish paytida mo‘ljallashga haqli bo‘lgan ancha narsasidan mahrum bo‘lsa, u ijaraga beruvchidan bunday mansub ashyolar va hujjatlarni topshirishni yoxud shartnomani bekor qilishni, shuningdek zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga ijaraga berilgan mol-mulkni shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, oqilona muddatda topshirmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi ushbu Kodeksning 331-moddasiga muvofiq bu mol-mulkni undan talab qilib olish va ijroning kechikkanligi tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish yoki shartnomani bekor qilish va uning bajarilmaganligi sababli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.

542-modda. Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar uchun ijaraga beruvchining javobgarligi

Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkning undan foydalanishga to‘liq yoki qisman to‘sqinlik qiladigan kamchiliklari uchun, hatto u shartnoma tuzish vaqtida bular haqida bilmagan bo‘lsa ham, javobgardir. Bunday kamchiliklar aniqlanganda ijarachi o‘z xohishiga ko‘ra:

ijaraga beruvchidan yo mol-mulkdagi kamchiliklarni tekinga bartaraf etishni yoki mol-mulkdan foydalanganlik haqini mutanosib kamaytirishni yoxud mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun qilgan o‘z xarajatlarini qoplashni talab qilishga;

ijaraga beruvchini oldindan ogohlantirgan holda o‘sha kamchiliklarni bartaraf etishga sarflagan xarajatlari summasini mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haqdan bevosita chegirib qolishga;

shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli.

Ijaraga oluvchining talablaridan yoki uning mol-mulkdagi kamchiliklarni ijaraga beruvchi hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni tegishli holatda bo‘lgan boshqa shunday mol-mulk bilan darhol almashtirib berishi yoki mol-mulkdagi kamchilikni tekinga bartaraf etishi mumkin.

Agar ijaraga oluvchining talablarini qanoatlantirish yoxud uning kamchiliklarni bartaraf etish xarajatlarini mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haqdan chegirib qolishi ijaraga oluvchi ko‘rgan zararni qoplamasa, u zararning qoplanmagan qismini to‘lashni talab qilishga haqli.

Shartnoma tuzish vaqtida ijaraga beruvchi oldindan aytib qo‘ygan yoki ijaraga oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lgan yoxud shartnomani tuzishda yoki mol-mulkni ijaraga topshirish paytida uni ko‘zdan kechirganda yoxud uning sozligini tekshirganda ijaraga oluvchi aniqlashi kerak bo‘lgan kamchiliklar uchun ijaraga beruvchi javobgar bo‘lmaydi.

543-modda. Ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari

Mol-mulkning ijaraga topshirilishi bu mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari bekor bo‘lishi yoki o‘zgarishi uchun asos bo‘lmaydi.

Shartnoma tuzishda ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini ijaraga topshirilayotgan mol-mulkka nisbatan uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va hokazolar) haqida ogohlantirishi lozim. Ijaraga beruvchi tomonidan bu majburiyatning bajarilmasligi ijaraga oluvchiga mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haqni kamaytirishni yoxud shartnomani bekor qilish va zararni to‘lashni talab qilish huquqini beradi.

544-modda. Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lash

Ijaraga oluvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun haqni o‘z vaqtida to‘lab turishi shart.

Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lash tartibi, shartlari va muddatlari mulk ijarasi shartnomasi bilan belgilanadi. Bular shartnomada belgilanmagan hollarda odatda xuddi shunday mol-mulkni o‘xshash holatlarda ijaraga berishda qo‘llaniladigan tartib, shartlar va muddatlar belgilangan deb hisoblanadi.

Mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq ijaraga olingan barcha mol-mulk uchun yaxlit holda yoki uning har bir tarkibiy qismi uchun alohida-alohida holda quyidagi ko‘rinishlarda belgilanadi:

vaqti-vaqti bilan yoki bir yo‘la to‘lanadigan qat’iy summada belgilangan to‘lovlar tariqasida;

ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish natijasida olingan mahsulot, mevalar yoki daromadlarning belgilangan ulushi tariqasida;

ijaraga oluvchi tomonidan ko‘rsatiladigan ma’lum xizmatlar tariqasida;

ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchiga shartnomada kelishilgan ashyoni mulk qilib yoki ijaraga topshirish tariqasida;

ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash bo‘yicha shartnomada kelishilgan xarajatlarni ijaraga oluvchi zimmasiga yuklash tariqasida.

Taraflar mulk ijarasi shartnomasida mol-mulkdan foydalanganlik uchun ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan haq shakllarini aralash amalga oshirishni yoki haq to‘lashning boshqa shakllarini nazarda tutishlari mumkin.

Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq miqdori shartnomada belgilangan muddatlarda, biroq bir yilda ko‘pi bilan bir marta taraflarning kelishuvi bilan o‘zgartirilishi mumkin. Qonunchilikda mulk ijarasining ayrim turlari uchun, shuningdek ayrim mol-mulk turlarining ijarasi uchun haq miqdorini qayta ko‘rib chiqishning boshqacha eng kam muddatlari nazarda tutilishi mumkin.

Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi o‘zi javobgar bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, shartnomada nazarda tutilgan foydalanish shartlari yoki mol-mulkning holati jiddiy yomonlashgan bo‘lsa, u mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini tegishli ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mol-mulkdan foydalanganlik uchun ijara haqini to‘lash muddatlari ijaraga oluvchi tomonidan jiddiy buzilgan taqdirda, ijaraga beruvchi undan ijara haqini muddatidan oldin, ijaraga beruvchi belgilagan muddatda to‘lashni talab qilishga haqli. Bunda ijaraga beruvchi mol-mulkdan foydalanganlik uchun ko‘pi bilan ikki muddatning haqini muddatidan oldin to‘lashni talab qilishga haqli.

545-modda. Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish

Ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga muvofiq, agar bunday shartlar shartnomada belgilangan bo‘lmasa –– mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishi lozim.

Agar ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramay, ijaraga oluvchi mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoki mol-mulkning vazifasiga nomuvofiq foydalansa, ijaraga beruvchi shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

546-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni tasarruf qilish

Agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan ikkilamchi ijaraga (qo‘shimcha ijaraga) topshirishga, mulk ijarasi shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga (qayta ijara), ijaraga olingan mol-mulkni tekin foydalanish uchun berishga, shuningdek bu huquqlarini garovga qo‘yishga va ularni xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari ustav fondiga (kapitaliga) hissa sifatida yoki ishlab chiqarish kooperativiga pay badali sifatida topshirishga haqli. Ko‘rsatib o‘tilgan hollarda ijaraga oluvchi shartnoma bo‘yicha ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi, qayta ijara bundan mustasno. Mol-mulkni boshqa shaxslarga topshirish haqidagi shartnoma ijara shartnomasining amal qilish muddatidan ortiq muddatga tuzilishi mumkin emas.

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish haqidagi shartnomaga nisbatan mulk ijarasi shartnomasi haqidagi qoidalar qo‘llaniladi.

547-modda. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari

Agar qonunchilik yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mol-mulkni o‘z hisobidan kapital ta’mirlashi shart.

Ijaraga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlar natijasida kelib chiqqan shoshilinch zarurat tufayli o‘tkaziladigan ta’mirlashni ijaraga beruvchi o‘z hisobidan amalga oshirishi shart.

Kapital ta’mirlash mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar bu muddat shartnomada belgilanmagan yoki shoshilinch zarurat tufayli o‘tkazilsa, oqilona muddatda amalga oshirilmog‘i lozim.

Ijaraga beruvchining kapital ta’mirlash majburiyatini bajarmasligi ijaraga oluvchiga o‘z xohishiga ko‘ra:

shartnomada belgilangan yoxud shoshilinch zarurat taqozo etayotgan kapital ta’mirlashni amalga oshirib, ta’mirlash qiymatini ijaraga beruvchidan undirib olish yoxud mol-mulkdan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq hisobiga o‘tkazish;

haqni tegishincha kamaytirishni talab qilish;

shartnomani muddatidan oldin bekor qilish va zararning qoplanishini talab qilish huquqini beradi.

548-modda. Ijaraga oluvchining ijaraga olingan mol-mulkni saqlash majburiyatlari

Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi mol-mulkni yaxshi holda saqlashi, uni o‘z hisobidan joriy ta’mirlashi va saqlash bo‘yicha boshqa xarajatlarni qilishi lozim.

549-modda. Taraflar o‘zgarganda mol-mulk ijarasi shartnomasining o‘z kuchida qolishi

Ijaraga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulk (xo‘jalik yuritish, operativ boshqarish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish) huquqining boshqa shaxsga o‘tishi mulk ijarasi shartnomasining o‘zgartirilishi yoxud bekor qilinishi uchun asos bo‘lmaydi.

Ko‘chmas mulkni ijaraga olgan fuqaro vafot etgan taqdirda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, ushbu mol-mulkni ijaraga topshirish shartnomasi bo‘yicha uning huquq va majburiyatlari vorisga o‘tadi. Shartnomaning tuzilishi ijaraga oluvchining shaxsiy fazilatlari bilan bog‘liq bo‘lgan hollardan tashqari ijaraga beruvchi bunday vorisning shartnoma amal qilishining qolgan muddatida shartnomaga qo‘shilishini rad etishga haqli emas.

550-modda. Mulk ijarasi shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganida ikkilamchi ijara shartnomasining bekor bo‘lishi

Agar mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mulk ijarasi shartnomasining muddatidan oldin bekor qilinishi unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomasining bekor bo‘lishiga olib keladi. Bu holda ikkilamchi ijaraga oluvchi ikkilamchi ijaraning qolgan muddati davomida ikkilamchi ijara shartnomasiga muvofiq o‘zi foydalanib kelgan mol-mulkni bekor bo‘lgan mulk ijarasi shartnomasining tegishli shartlari asosida ijaraga olish haqida shartnoma tuzishi mumkin.

Agar mulk ijarasi shartnomasi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha haqiqiy emas deb topilsa, unga muvofiq tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomalari ham haqiqiy emas deb topiladi.

551-modda. Ijaraga beruvchining talabi bo‘yicha mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish

Mulk ijarasi shartnomasi ijaraga beruvchining talabi bilan sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar ijaraga oluvchi:

ijaraga beruvchining yozma ogohlantirishiga qaramasdan mol-mulkdan shartnoma shartlarini yoki mol-mulkning vazifalarini jiddiy ravishda buzgan yoxud bir necha marta buzgan holda foydalansa;

mol-mulkni jiddiy yomonlashtirsa;

shartnomada belgilangan to‘lov muddatini ketma-ket ikki martadan ortiq buzib, mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lamasa;

qonunchilikka yoki shartnomaga muvofiq kapital ta’mirlash ishlarini bajarish ijaraga oluvchi zimmasidagi majburiyat bo‘lgan hollarda shartnomada belgilangan muddatlarda, shartnomada bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, oqilona muddatlarda mol-mulkni kapital ta’mirlashni amalga oshirmasa.

Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeksning 382-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga beruvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini yozma ravishda ogohlantirganidan va unga o‘z majburiyatlarini bajarish uchun imkoniyat berganidan keyingina shartnoma muddatidan oldin bekor qilinishini talab qilishga haqli.

552-modda. Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish

Ijaraga oluvchining talabi bilan mulk ijarasi shartnomasi sud tomonidan muddatidan oldin bekor qilinishi mumkin, agar:

ijaraga beruvchi mol-mulkni foydalanish uchun ijaraga oluvchiga bermasa yoki mol-mulkdan shartnoma shartlariga yoxud mol-mulkning vazifasiga muvofiq foydalanishga to‘sqinlik qilsa;

ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkda undan foydalanishga to‘sqinlik qiladigan kamchiliklar bo‘lib, ularni ijaraga beruvchi shartnoma tuzish vaqtida aytib o‘tmagan, ijaraga oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lmagan va shartnoma tuzayotganda mol-mulkni ko‘zdan kechirish yoxud uning sozligini tekshirish vaqtida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan bo‘lsa;

ijaraga beruvchi shartnomada belgilangan muddatlarda, agarda shartnomada muddat belgilangan bo‘lmasa, oqilona muddatlarda o‘z zimmasidagi mol-mulkni kapital ta’mirlash majburiyatini bajarmasa;

ijaraga oluvchi javobgar bo‘lmagan holatlar tufayli mol-mulk foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolsa.

Mulk ijarasi shartnomasida ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq ijaraga oluvchining talabi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilishning boshqa asoslari ham belgilanishi mumkin.

553-modda. Yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasi tuzishda ijaraga oluvchining imtiyozli huquqi

Agarda qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijaraga oluvchi shartnoma muddati tugaganidan keyin yangi muddatga mulk ijarasi shartnomasini tuzishda sharoitlar teng bo‘lgan hollarda boshqa shaxslarga nisbatan imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi. Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchini mulk ijarasi shartnomasida belgilangan muddatda, agar shartnomada bunday muddat belgilangan bo‘lmasa, shartnomaning amal qilishi tamom bo‘lguncha oqilona muddatda bunday shartnomani tuzish istagi haqida yozma ravishda ogohlantirishi lozim.

Mulk ijarasi shartnomasini yangi muddatga tuzishda shartnoma shartlari taraflarning kelishuvi asosida o‘zgartirilishi mumkin.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchi bilan yangi muddatga shartnoma tuzishni rad etsa-yu, ammo u bilan tuzilgan shartnoma muddati tugaganidan keyin bir yil ichida boshqa shaxs bilan mulk ijarasi shartnomasini tuzsa, ijaraga oluvchi o‘z xohishiga ko‘ra yo tuzilgan shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar o‘ziga o‘tkazilishini va o‘zi bilan shartnomani yangilashni rad etish oqibatida o‘ziga yetkazilgan zararning to‘lanishini yoki faqat zararning o‘zi to‘lanishini sud orqali talab qilishga haqli.

Agar mulk ijarasi shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin ham ijaraga oluvchi mulkdan foydalanishni davom ettirsa va ijaraga beruvchi bunga e’tiroz bildirmagan bo‘lsa, shartnoma avvalgi shartlar asosida noma’lum muddatga qaytadan tuzilgan hisoblanadi.

554-modda. Mol-mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish

Mulk ijarasi shartnomasi bekor bo‘lganidan keyin ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni o‘ziga topshirilgan holatda, normal eskirishni hisobga olib yoki shartnomada kelishilgan holatda qaytarishi lozim.

Agar ijaraga oluvchi ijaraga olgan mol-mulkni qaytarmasa yoki kechiktirib qaytarsa, ijaraga beruvchi kechiktirilgan barcha vaqt davomida mol-mulkdan foydalanganlik uchun haq to‘lashni talab qilishga haqli. Bu haq ijaraga beruvchi ko‘rgan zararni qoplamagan taqdirda zararni to‘lashni talab qilishga haqli.

Ijaraga olingan mol-mulk o‘z vaqtida qaytarilmaganligi uchun shartnomada neustoyka undirish nazarda tutilgan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, neustoykadan tashqari zarar to‘liq miqdorda undirilishi mumkin.

555-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni yaxshilash

Agarda mulk ijarasi shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkning ajratib olsa bo‘ladigan tarzda yaxshilanishi uning mulki hisoblanadi.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan mol-mulkni o‘z mablag‘lari hisobidan va ijaraga beruvchining roziligi bilan yaxshilagan, bu yaxshilashni mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin bo‘lmagan taqdirda, ijaraga oluvchi shartnoma bekor bo‘lganidan keyin, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, bu yaxshilashlar qiymatini to‘lashni talab qilish huquqiga ega.

Agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga beruvchining roziligisiz amalga oshirilgan va ijaraga berilgan mol-mulkdan ajratib olib bo‘lmaydigan yaxshilashlarning qiymati to‘lanmaydi.

Ijaraga olingan mol-mulkdan amortizatsiya ajratmalari hisobiga amalga oshirilgan, mol-mulkdan ajratib olish mumkin bo‘lgan va mumkin bo‘lmagan yaxshilashlar ijaraga beruvchining mulki bo‘ladi.

556-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish

Mulk ijarasi shartnomasida ijaraga olingan mol-mulk ijara shartnomasining muddati tamom bo‘lganidan keyin yoki tamom bo‘lmasdan oldin ijaraga oluvchi shartnomada kelishilgan sotib olish bahosining hammasini to‘lagan taqdirda uning mulkiga aylanishi nazarda tutilishi mumkin.

Agar ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish sharti shartnomada nazarda tutilmagan bo‘lsa, u taraflarning qo‘shimcha kelishuvi bilan belgilanishi mumkin, bunda taraflar mol-mulkdan foydalanganlik uchun ilgari to‘langan haqni xarid narxiga kiritish to‘g‘risida kelishishga haqlidirlar.

Qonun hujjatlarida ijaraga olingan mol-mulkni sotib olishni taqiqlash hollari belgilab qo‘yilishi mumkin.

557-modda. Mulk ijarasi ayrim turlarining va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berishning xususiyatlari

Mulk ijarasi shartnomasining ayrim turlariga va ayrim turdagi mol-mulkni ijaraga berish shartnomalariga (prokat, transport vositalari ijarasi, korxonalar ijarasi, moliyaviy mablag‘lar ijarasi va hokazolar), agarda ushbu Kodeksning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

2-§. Prokat

558-modda. Prokat shartnomasi

Prokat shartnomasi bo‘yicha doimiy tadbirkorlik faoliyati sifatida mol-mulkni ijaraga beruvchi haq evaziga ijaraga oluvchiga vaqtinchalik egalik qilish va foydalanish uchun ko‘char mol-mulkni topshirish majburiyatini oladi.

Prokat shartnomasi bo‘yicha topshirilgan mol-mulkdan, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, iste’mol maqsadlarida foydalaniladi.

Prokat shartnomasi yozma shaklda tuziladi. Prokat shartnomasi ommaviydir.

559-modda. Prokat shartnomasining muddati

Prokat shartnomasi bir yilgacha muddatga tuziladi.

Mulk ijarasi shartnomasini nomuayyan muddatga qaytadan tuzish va ijaraga oluvchining mulk ijarasi shartnomasini qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalar prokat shartnomasiga nisbatan qo‘llanmaydi.

Ijaraga oluvchi prokat shartnomasini bajarishni istagan vaqtida rad etishga haqli.

560-modda. Ijarachiga mol-mulkni topshirish

Prokat shartnomasini tuzgan ijaraga beruvchi ijaraga topshirilayotgan mol-mulkning sozligini ijaraga oluvchi ishtirokida tekshirishi, shuningdek uni mol-mulkdan foydalanish qoidalari bilan tanishtirishi yoki unga bu mol-mulkdan foydalanish haqidagi yozma qo‘llanmani berishi shart.

561-modda. Ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklarni bartaraf etish

Agar ijaraga topshirilgan mol-mulkdagi kamchiliklar ijaraga oluvchi tomonidan mol-mulkdan foydalanish va uni saqlash qoidalarining buzilishi natijasida vujudga kelgan bo‘lsa, ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga mol-mulkni ta’mirlash va transportda tashish xarajatlarini to‘laydi.

562-modda. Prokat shartnomasi bo‘yicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi

Prokat shartnomasi bo‘yicha mol-mulkdan foydalanganlik haqi vaqti-vaqti bilan yoki bir yo‘la to‘lanadigan qat’iy summadagi to‘lovlar shaklida belgilanadi.

Ijaraga oluvchi mol-mulkni muddatidan oldin qaytargan taqdirda ijaraga beruvchi unga mol-mulkdan foydalanganlik uchun olingan haqdan tegishli qismini mol-mulk amalda qaytarilgan kunning ertasidan boshlab hisoblagan holda qaytaradi.

Mol-mulkdan foydalanganlik haqi bo‘yicha ijaraga oluvchining qarzlari notariusning ijro ustxati asosida so‘zsiz undirib olinadi.

563-modda. Ijaraga olingan mol-mulkdan foydalanish

Prokat shartnomasi bo‘yicha ijaraga topshirilgan mol-mulkni kapital va joriy ta’mirlash ijaraga beruvchining burchidir.

Prokat shartnomasi bo‘yicha ijaraga oluvchiga topshirilgan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berishga, ijaraga oluvchi prokat shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazishiga, bu mol-mulkning bepul foydalanish uchun berib qo‘yilishiga, ijaraga oluvchining huquqlarini garovga qo‘yishga va ularni xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlarining ustav fondiga (kapitaliga) hissa tariqasida, ishlab chiqarish kooperativlariga pay badallari tariqasida qo‘shishga yo‘l qo‘yilmaydi.

3-§. Transport vositalarining ijarasi

564-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi

Transport vositasini ekipaji bilan ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi transport vositasini vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun haq evaziga ijaraga oluvchiga beradi va o‘z kuchi bilan uni boshqarish hamda texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Transport vositasini ekipajsiz ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun ijaraga oluvchiga haq evaziga beradi.

Ushbu bobning ijara shartnomasini nomuayyan muddatga qayta tuzish va ijaraga oluvchining ijara shartnomasini yangi muddatga qaytadan tuzishga imtiyozli huquqi haqidagi qoidalari transport vositasini ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qo‘llanmaydi.

565-modda. Transport vositasini ijaraga berish shartnomasining shakli

Transport vositasini ijaraga berish shartnomasi, uning muddatidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan avtomototransport vositalarini ijaraga berish shartnomasi notarial tasdiqlangan bo‘lishi kerak bundan ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Yengil avtomobillar va mototransport vositalarini ijaraga berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadigan yuridik shaxslar jismoniy shaxslar bilan yengil avtomobillar va mototransport vositalarini o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish shartnomalarini oddiy yozma shaklda tuzishlari mumkin.

Avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi vositasida elektron onlayn-auksion orqali ijaraga berilganda ijaraga berish shartnomalarini notarial tartibda tasdiqlash talab etilmaydi. Bunda elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

566-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatgan holda ijaraga berilganda ijaraga beruvchining majburiyatlari

Ijaraga beruvchi shartnoma amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga berilgan transport vositasini tegishli holatda saqlashi, shu jumladan joriy va kapital ta’mirlashi hamda zarur asbob-uskunalarni berishi shart.

Ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha ijaraga oluvchiga ko‘rsatadigan xizmatlari hajmi transport vositasining shartnomada ko‘rsatilgan ijara maqsadlariga mos ravishda normal va xavfsiz ishlatilishini ta’minlashi shart. Ijara shartnomasida ijaraga oluvchiga ko‘rsatiladigan xizmatlarning yanada kengroq doirasi nazarda tutilishi mumkin.

Transport vositasi ekipajining tarkibi va uning malakasi taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarga va shartnomada belgilangan shartlarga, bordi-yu, taraflar uchun majburiy bo‘lgan qoidalarda bunday talablar belgilab qo‘yilmagan bo‘lsa, –– shunday turdagi transport vositasini ishlatishning odatdagi amaliyoti talablari va shartnoma shartlariga javob berishi lozim.

Ekipaj a’zolari ijaraga beruvchi bilan mehnat munosabatlarini saqlab qoladilar. Ular ijaraga beruvchining transport vositasini boshqarish va texnik foydalanishga doir ko‘rsatmalariga va ijaraga oluvchining transport vositasini tijorat maqsadida ishlatishga doir ko‘rsatmalariga bo‘ysunadilar.

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ekipaj a’zolarining xizmatiga haq to‘lash, shuningdek ularni saqlash xarajatlari ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi.

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, transport vositasini sug‘urta qilish va (yoki) uning tomonidan yoki uni ishlatish munosabati bilan yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgarlikni sug‘urtalash majburiyati, bunday sug‘urtalash qonun yoki shartnomaga muvofiq majburiy bo‘lsa, ijaraga beruvchi zimmasiga yuklatiladi.

567-modda. Transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash bo‘yicha ijaraga oluvchining majburiyati

Agar transport vositasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, transport vositasini tijorat maqsadida ishlatish munosabati bilan yonilg‘i va ishlatish jarayonida sarflanadigan boshqa materiallar haqini to‘lash, yig‘imlar va boshqa chiqimlarni to‘lash ijaraga oluvchi zimmasida bo‘ladi.

568-modda. Transport vositasi uni saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda ijaraga berilganida ijaraga oluvchining majburiyatlari

Ijaraga oluvchi transport vositasini ijaraga berish shartnomasi amal qilib turgan butun muddat davomida ijaraga olingan transport vositasini tegishli holatda saqlab turishi, jumladan uni joriy ta’mirlashni, shuningdek, agar shartnomada boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, kapital ta’mirlashni ham amalga oshirishi shart.

Ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini o‘z kuchi bilan boshqaradi, shuningdek undan tijorat maqsadida va texnik foydalanishni amalga oshiradi.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini saqlash, uni sug‘urtalash, shu jumladan o‘z javobgarligini sug‘urtalash, transport vositasini ishlatish bilan bog‘liq xarajatlarni amalga oshiradi.

569-modda. Transport vositasidan foydalanish haqida uchinchi shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar

Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan transport vositasini ekipaj bilan yoki ekipajsiz ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchining roziligi bilan qo‘shimcha ijaraga berishga haqli.

Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz o‘z nomidan, agar ijara shartnomasida nazarda tutilgan transport vositalaridan foydalanish maqsadlariga, bordi-yu bunday maqsadlar belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, transport vositasining vazifasiga xilof bo‘lmasa, uchinchi shaxslar bilan tashish shartnomalarini va boshqa shartnomalarni tuzishga haqli.

570-modda. Transport vositasiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Ijaraga berilgan transport vositasi halokatga uchragan yoki shikastlangan taqdirda, agar ijaraga beruvchi transport vositasi qonun yoki shartnomaga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar bo‘ladigan holatlarda halokatga uchraganini yoki shikastlanganligini isbot qilsa, ijaraga oluvchi yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga to‘lashi shart.

571-modda. Transport vositasi bilan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Ekipaj bilan ijaraga berilgan transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq, ijaraga beruvchi zimmasida bo‘ladi. Ijaraga beruvchi zarar ijaraga oluvchining aybi bilan yetkazilganligini isbotlasa, uchinchi shaxslarga to‘langan pul summasini qoplashni ijaraga oluvchidan regress tartibida talab qilishga haqli.

Transport vositasi saqlash, boshqarish va texnik foydalanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmagan holda ijaraga berilganida transport vositasi, uning mexanizmlari, qurilmalari, jihozlari va shu kabilar bilan uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalariga muvofiq ijaraga oluvchi javobgar bo‘ladi.

572-modda. Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari

Ayrim turdagi transport vositalarini ijaraga berish xususiyatlari, ushbu paragrafda nazarda tutilgan hollardan tashqari, qonunchilik bilan belgilanishi mumkin.

4-§. Binolar va inshootlar ijarasi

573-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga bino yoki inshootni vaqtincha egalik qilish va foydalanish yoxud vaqtincha foydalanish uchun topshirish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.

Agar ushbu Kodeksning korxonani ijaraga berish to‘g‘risidagi qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu paragrafning qoidalari korxonalar ijarasiga tatbiq etiladi.

574-modda. Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakli va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolaydigan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi.

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.

Fuqarolar o‘rtasida tuzilgan bino yoki inshootni yoxud uning bir qismini ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.

Bir yildan kam bo‘lmagan muddatga tuzilgan bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim va ro‘yxatdan o‘tkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

575-modda. Bino yoki inshoot ijaraga berilganida ular joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlar

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga oluvchiga bunday ko‘chmas mulkka egalik qilish va undan foydalanish huquqlarini topshirish bilan bir vaqtda yer uchastkasining ana shu ko‘chmas mulk joylashgan va undan foydalanish uchun zarur qismiga bo‘lgan huquqlar ham topshiriladi.

Ijaraga beruvchi ijaraga berilayotgan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasining mulkdori bo‘lsa, ijaraga oluvchiga yer uchastkasining tegishli qismiga bo‘lgan ijara huquqi yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquq topshiriladi.

Agar ijaraga oluvchiga topshiriladigan tegishli yer uchastkasiga bo‘lgan huquq shartnomada belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va ulardan o‘z vazifasiga muvofiq foydalanish uchun zarur bo‘lgan qismidan foydalanish huquqi bino yoki inshoot ijaraga berilgan muddatga ijaraga oluvchiga o‘tadi.

Ijaraga beruvchiga mulk huquqi asosida qarashli bo‘lmagan yer uchastkasida joylashgan bino yoki inshootni ijaraga berishga, agar bunday uchastkadan foydalanishning qonunda yoki yer uchastkasining mulkdori bilan tuzilgan shartnomada belgilangan shartlariga zid bo‘lmasa, ushbu uchastka mulkdorining roziligisiz yo‘l qo‘yiladi.

576-modda. Yer uchastkasi sotilganida undan foydalanish huquqining bino yoki inshootni ijaraga oluvchida saqlanib qolishi

Ijaraga olingan bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasi boshqa shaxsga sotilgan hollarda yer uchastkasining bino yoki inshoot joylashgan va undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan qismidan foydalanish huquqi ushbu yer uchastkasi sotilguniga qadar amalda bo‘lgan shartlar bilan ana shu bino yoki inshootni ijaraga oluvchi shaxsda saqlanib qoladi.

577-modda. Ijara haqining miqdori

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida ijara haqining miqdori nazarda tutilishi lozim. Ijara haqining miqdori to‘g‘risida taraflar yozma shaklda kelishgan shartlar bo‘lmagan taqdirda, bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan narx belgilash qoidalari qo‘llanmaydi.

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida belgilangan bino yoki inshootdan foydalanganlik haqiga, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasidan yoxud yer uchastkasining bino yoki inshoot bilan birga topshirilayotgan tegishli qismidan foydalanganlik haqi ham kiradi.

Shartnomada bino yoki inshootning ijara haqi bino (inshoot) maydonining birligi yoki uning boshqa o‘lchov ko‘rsatkichlari bo‘yicha belgilangan bo‘lsa, ijara haqi ijaraga oluvchiga topshirilgan bino yoki inshootning haqiqiy o‘lchoviga qarab aniqlanadi.

578-modda. Bino yoki inshootni topshirish

Bino yoki inshootni ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va ijaraga oluvchi tomonidan qabul qilib olish taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirishga doir boshqa hujjat bo‘yicha amalga oshiriladi.

Agar qonunda yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchining bino yoki inshootni ijaraga oluvchiga topshirish majburiyati bino yoki inshoot ijaraga oluvchining egaligiga yoki foydalanishiga topshirilganidan va taraflar topshirish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolaganlaridan keyin bajarilgan hisoblanadi.

Taraflardan birining bino yoki inshootni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bosh tortishi tegishli bo‘lishiga qarab, ijaraga beruvchining mol-mulkni topshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini, ijaraga oluvchining esa, mol-mulkni qabul qilib olish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi deb qaraladi.

Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bekor qilinganida ijaraga olingan bino yoki inshoot ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi lozim.

5-§. Korxonani ijaraga berish

579-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasi

Korxonani ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga vaqtincha egalik qilish va foydalanish uchun mulkiy kompleks sifatida butun korxonani yoki uning bir qismini haq evaziga berish majburiyatini oladi, ijaraga beruvchi boshqa shaxslarga o‘tkazishi mumkin bo‘lmagan huquq va majburiyatlar bundan mustasno.

Ijaraga beruvchi o‘z qarzlarini ijaraga oluvchining zimmasiga o‘tkazishi haqida kreditorlarini yozma ravishda ogohlantirishi shart, kreditorlar bunga rozi bo‘lmasalar, ogohlantirishni olgan vaqtdan boshlab uch oy davomida ijaraga beruvchidan tegishli majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va shu tufayli yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Agar shu muddatda mazkur talablardan birontasi bildirilmasa, kreditor tegishli qarzning ijarachiga o‘tkazilishiga rozilik bergan deb hisoblanadi.

Ijaraga beruvchidan majburiyatlarni bekor qilishni yoki muddatidan oldin bajarishni va zararni qoplashni talab qilgan kreditorlar bilan hisob-kitob qilib bo‘linganidan keyingina korxona ijarachiga topshirilishi mumkin.

Korxona mulkiy kompleks sifatida ijaraga berilganidan keyin ijaraga beruvchi bilan ijaraga oluvchi topshirilgan korxona tarkibiga kiritilgan va ijaraga oluvchiga kreditorning roziligisiz o‘tkazilgan qarzlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.

Agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchining tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosida olgan huquqlari ijaraga oluvchiga berilishi mumkin emas. Ijarachi maxsus ruxsatnoma (litsenziya)si bo‘lmaganligi sababli bajara olmaydigan majburiyatlarni shartnoma bo‘yicha topshirilayotgan korxona tarkibiga kiritish ijaraga beruvchini kreditorlar oldidagi tegishli majburiyatlardan ozod qilmaydi.

580-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakli

Korxonani ijaraga berish shartnomasi taraflar imzolagan bitta hujjat tarzida yozma shaklda tuziladi va u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Korxonani ijaraga berish shartnomasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Korxonani ijaraga berish shartnomasining shakliga rioya etmaslik uning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi.

581-modda. Ijaraga olingan korxonani topshirish

Ijaraga olingan korxona ijaraga oluvchiga topshirish dalolatnomasi bo‘yicha topshiriladi.

Agar ijara shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga olingan korxonani topshirishga tayyorlash, shu jumladan topshirish dalolatnomasini tuzish va imzolashga taqdim etish ijaraga beruvchining zimmasidagi majburiyat hisoblanadi va uning hisobidan amalga oshiriladi.

582-modda. Ijaraga oluvchining korxonani saqlash va uni ishlatish xarajatlarini to‘lash bo‘yicha majburiyatlari

Korxonani ijaraga oluvchi ijara shartnomasi amal qilib turgan butun vaqt mobaynida korxonani tegishli texnik holatda saqlab turishi, shu jumladan uni joriy ta’mirlashi va shartnomada nazarda tutilgan hollarda kapital ta’mirlashi shart.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga olingan korxonani ishlatish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek ijaraga olingan mol-mulkni sug‘urtalash bo‘yicha to‘lovlar, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar ijaraga oluvchi zimmasiga yuklatiladi.

583-modda. Ijaraga olingan korxona mol-mulkidan foydalanish

Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxona mol-mulki tarkibiga kiruvchi moddiy boyliklarni ijaraga beruvchining roziligi bilan sotish, ayirboshlash va uning roziligisiz vaqtincha foydalanishga yoxud qarzga, qo‘shimcha ijaraga berishga, shuningdek korxona bahosini pasaytirmaslik va ijara shartnomasining boshqa bandlarini buzmaslik sharti bilan bunday boyliklarga nisbatan ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxslarga o‘tkazishga haqli.

Agar korxonani ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi ijaraga olingan korxonani ijaraga beruvchining roziligisiz qayta qurishga, uni kengaytirib, texnik qayta jihozlab qiymatini oshirishga haqli.

584-modda. Ijarachining ijaraga olingan korxonani yaxshilashi

Korxonani ijaraga olish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, korxonani ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining ruxsatidan qat’i nazar, ijaraga olingan mol-mulkni ajratib bo‘lmaydigan tarzda yaxshilash qiymatini olishga haqli.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga oluvchining bunday yaxshilashga qilgan xarajatlari ijaraga olingan mol-mulkning qiymatini uning sifati va (yoki) undan foydalanish xususiyatlarini yaxshilashga qaraganda beqiyos darajada oshirib yuborganligini yoki bunday yaxshilashni amalga oshirish vaqtida halollik va oqilonalik tamoyillari buzilganligini isbotlasa, sud uni bunday yaxshilash haqini ijaraga oluvchiga to‘lash majburiyatidan ozod qilishi mumkin.

585-modda. Korxonani ijaraga berish shartnomasiga bitimlarning haqiqiy emasligi hamda shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish oqibatlari haqidagi qoidalarning tatbiq etilishi

Ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligining oqibatlari to‘g‘risidagi, shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish haqidagi shartnoma bo‘yicha olingan narsani bir tarafdan yoki har ikkala tarafdan qaytarib olishni yoki asli holida undirib olishni nazarda tutuvchi qoidalari, agar bunday oqibatlar ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining kreditorlarining, boshqa shaxslarning muhim huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini jiddiy buzmasa va ushbu Kodeks 116-moddasining qoidalariga zid kelmasa, korxonani ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qo‘llanadi.

586-modda. Ijaraga olingan korxonani qaytarish

Korxonani ijaraga berish shartnomasi bekor bo‘lganida, ijaraga olingan mulkiy kompleks ushbu Kodeksning 579 va 581-moddalarida nazarda tutilgan qoidalarga amal qilgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi shart.

6-§. Lizing

587-modda. Lizing shartnomasi

Lizing shartnomasi bo‘yicha lizing beruvchi (ijaraga beruvchi) bir taraf lizing oluvchi (ijaraga oluvchi) ikkinchi tarafning topshirig‘iga binoan sotuvchi uchinchi taraf bilan undan lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olish haqida kelishish majburiyatini oladi, lizing oluvchi esa buning uchun lizing beruvchiga lizing to‘lovlarini to‘lash majburiyatini oladi.

588-modda. Lizing obyekti

Iste’mol qilinmaydigan, tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan har qanday ashyolar lizing obyekti bo‘lishi mumkin, yer uchastkalari va boshqa tabiat obyektlari bundan mustasno.

589-modda. Lizing subyektlari

Kelajakda lizing oluvchiga lizing bo‘yicha topshirish maqsadida mol-mulkni o‘ziga mulk qilib oluvchi shaxs lizing beruvchi deb tan olinadi.

Egalik qilish va foydalanish uchun lizing obyektini oladigan shaxs lizing oluvchi deb hisoblanadi.

Lizing beruvchi lizing obyektini kimdan olayotgan bo‘lsa, shu shaxs sotuvchi deb e’tirof etiladi.

Lizing beruvchi mol-mulkni bo‘lajak foydalanuvchidan sotib olgan taqdirda yoxud lizing beruvchi kelajakda mol-mulkni sotuvchiga lizing bo‘yicha topshirish uchun undan shu mol-mulkni sotib olish maqsadida uni mablag‘ bilan ta’minlagan taqdirda bir shaxsning o‘zi ham lizing oluvchi, ham sotuvchi bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi.

590-modda. Lizing to‘lovi

Lizing to‘lovi lizing beruvchiga lizing obyekti qiymatining lizing oluvchi tomonidan qoplanishidan, shuningdek lizing beruvchining foizli daromadidan iborat bo‘ladi.

591-modda. Mol-mulkni lizingga topshirish to‘g‘risida sotuvchini xabardor qilish

Lizing beruvchi lizing oluvchi uchun mol-mulk sotib olayotganda mol-mulk muayyan shaxsga lizingga berishga mo‘ljallanganligini sotuvchiga bildirishi shart.

592-modda. Lizing shartnomasi narsasini lizing oluvchiga topshirish

Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu shartnoma obyekti bo‘lgan mol-mulk sotuvchi tomonidan bevosita lizing oluvchiga u turgan joyda topshiriladi.

Agar lizing shartnomasining narsasi bo‘lgan mol-mulk shu shartnomada ko‘rsatilgan muddatda, basharti shartnomada bunday muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, oqilona muddatda lizing oluvchiga topshirilmagan bo‘lsa, lizing beruvchi javobgar bo‘ladigan holatlar tufayli muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda, lizing oluvchi shartnomani bekor qilishni va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

593-modda. Mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfining lizing oluvchiga o‘tishi

Lizing bo‘yicha ijaraga olingan mol-mulkning tasodifan nobud bo‘lishi yoki tasodifan buzilishi xavfi, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing oluvchiga bu mol-mulkni topshirish paytida o‘tadi.

594-modda. Lizing beruvchining majburiyati va javobgarligi

Lizing beruvchi lizing obyektini lizing oluvchiga shartnoma shartlariga javob beradigan holatda va unda kelishilgan muddatda topshirishi shart.

Agar lizing beruvchining aybli harakatlari yoki yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tufayli mol-mulk yetkazib berilmagan, to‘liq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki tegishli darajada sifatli bo‘lmagan mol-mulk yetkazib berilgan bo‘lsa, buning uchun u lizing oluvchi oldida javobgardir.

595-modda. Lizing oluvchining huquqlari

Mol-mulk yetkazib berilmagan, to‘liq yetkazib berilmagan, muddati kechiktirib yetkazib berilgan yoki uning sifati tegishli darajada bo‘lmagan taqdirda, lizing oluvchi, agar shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa:

lizing to‘lovlarini to‘xtatib turish;

yetkazib berilayotgan mol-mulkni rad etish va lizing shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli.

Lizing shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda lizing oluvchi ilgari bo‘nak sifatida to‘lagan pullarini, lizing obyektidan foydalanishdan olgan foydaning qiymatini chegirib tashlab, o‘ziga qaytarib berishni talab qilishga haqli.

Lizing shartnomasida nazarda tutilgan taqdirda, lizing oluvchi boshqa majburiyatlarning bajarilishi ta’minoti sifatida lizing obyektini mazkur obyekt qiymatining lizing beruvchiga to‘lanishi lozim bo‘lgan lizing to‘lovlarining qolgan summasidan ortiq bo‘lgan qismi bo‘yicha berishi mumkin.

Lizing shartnomasining muddati tugagach, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing obyekti lizing oluvchining mulki bo‘lib qoladi.

596-modda. Qo‘shimcha lizing

Lizing oluvchi lizing beruvchi oldida shartnoma yuzasidan javobgar bo‘lib qolgani holda, lizing shartnomasi bo‘yicha olgan mol-mulkini lizing beruvchining roziligi bilan qo‘shimcha lizingga topshirishga haqli.

597-modda. Lizing oluvchining majburiyati va javobgarligi

Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, lizing oluvchi lizing to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lashi, mol-mulkdan uni yetkazib berish shartlariga muvofiq foydalanishi, uni soz holda saqlashi, o‘z hisobidan joriy ta’mirlash ishlarini bajarishi, saqlash bo‘yicha boshqa xarajatlarni amalga oshirishi shart.

Lizing shartnomasi bekor qilinganida lizing oluvchi mol-mulkni lizing beruvchidan olgan holatida uning normal eskirishini va taraflarning kelishuvida shartlashilgan o‘zgarishlarni hisobga olib, qaytarib berishga majbur.

Lizing oluvchi lizing to‘lovlarini to‘lash majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, lizing beruvchi o‘ziga tegishi kerak bo‘lgan to‘lovlarni foizi bilan olishi mumkin.

Lizing oluvchi o‘z majburiyatlarini jiddiy ravishda buzgan taqdirda, agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing beruvchi bo‘lajak lizing to‘lovlarini tezlashtirishni yoki garov narsasini undirish uchun nazarda tutilgan tartibda undiruvni lizing obyektiga qaratgan va zararni undirgan holda shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqiga ega.

598-modda. Sotuvchining javobgarligi

Lizing oluvchi lizing shartnomasining narsasi bo‘lgan mol-mulkni sotuvchiga sotuvchi bilan lizing beruvchi o‘rtasida tuzilgan oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni, xususan mol-mulkning sifati va butligi, uni yetkazib berish muddatlari haqidagi talablarni va shartnoma sotuvchi tomonidan zarur darajada bajarilmayotgan boshqa hollardan kelib chiqadigan talablarni qo‘yishga haqli. Bunda lizing oluvchi, mazkur mol-mulkning oldi-sotdi shartnomasidagi taraflardan biri bo‘lgani kabi, ushbu Kodeksda sotib oluvchi uchun nazarda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladi va majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi (sotib olingan mol-mulk haqini to‘lash majburiyati bundan mustasno). Biroq lizing oluvchi sotuvchi bilan oldi-sotdi shartnomasini lizing beruvchining roziligisiz bekor qila olmaydi.

Sotuvchi bilan bo‘ladigan munosabatlarda lizing oluvchi va lizing beruvchi solidar kreditorlar bo‘ladilar.

Agar lizing shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, lizing beruvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarning sotuvchi tomonidan bajarilishi uchun lizing oluvchi oldida javobgar bo‘lmaydi, sotuvchi tanlash bo‘yicha javobgarlik lizing beruvchining zimmasida bo‘lgan hollar bundan mustasno. Sotuvchini lizing beruvchi tanlagan taqdirda, lizing oluvchi oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan talablarni o‘z xohishiga qarab, solidar javobgar bo‘lgan mol-mulk sotuvchi oldiga ham, lizing beruvchi oldiga ham qo‘yishga haqli.

599- modda. Lizing obyekti boshqa mulkdorga o‘tganida lizing shartnomasining o‘z kuchida qolishi

Lizing bo‘yicha topshirilgan mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi lizing beruvchidan boshqa shaxsga o‘tganida lizing shartnomasi yangi mulkdor uchun o‘z kuchini saqlab qoladi.

35-BOB. UY-JOY IJARASI

600-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan bir taraf –– uy-joyning mulkdori yoki u vakolat bergan shaxs (ijaraga beruvchi) –– boshqa taraf (ijaraga oluvchi)ga uy-joyda yashash uchun uni haq evaziga egalik qilish va foydalanishga topshirish majburiyatini oladi.

Uy-joy yuridik shaxslarga ijara shartnomasi yoki boshqa shartnoma asosida egalik qilish va (yoki) foydalanish uchun topshirilishi mumkin. Yuridik shaxs uy-joydan faqat fuqarolarning yashashi uchun foydalanishi mumkin.

601-modda. Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi

Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joylar fuqarolarga uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan beriladi. Uy-joyni ijaraga berishning bunday shartnomasi bo‘yicha ijaraga oluvchi bilan birga yashaydigan uning oila a’zolari uy-joyni ijaraga berish shartnomasi bo‘yicha barcha huquqlardan ijaraga oluvchi bilan teng foydalanadilar va barcha majburiyatlarni bajaradilar.

Ijaraga oluvchi va uning oila a’zolarining talabiga binoan shartnoma oila a’zolarining bittasi bilan tuzilishi mumkin. Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki uy-joydan chiqib ketgan taqdirda, shartnoma uy-joyda yashab turgan oila a’zolarining biri bilan tuziladi.

Aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasi uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar, shartlar va tartibda tuziladi. Bunday shartnomaga nisbatan ushbu Kodeks 603, 604, 607, 609, 610-moddalarining, shuningdek 613-modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarining qoidalari qo‘llanadi. Ushbu Kodeksning boshqa qoidalari, agar uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, aniq maqsadga qaratilgan kommunal uy-joy fondidagi uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga nisbatan qo‘llanadi.

602-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti

Doimiy yashash uchun yaroqli bo‘lgan alohida uy-joy (kvartira, uy, kvartiraning yoki uyning bir qismi) uy-joyni ijaraga berish shartnomasining obyekti bo‘lishi mumkin.

Uy-joyning yashash uchun yaroqliligi uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.

Ko‘p kvartirali uydagi uy-joyni ijaraga olgan shaxs undan foydalanish bilan bir qatorda ushbu Kodeksning 211-moddasida ko‘rsatilgan mol-mulkdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.

603-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shakli

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Fuqarolar o‘rtasida tuzilgan uy-joyni ijaraga berish shartnomasi davlat soliq organlarida hisobga qo‘yilishi lozim.

604-modda. Uy-joyga bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tganida uy-joyni ijaraga berish shartnomasining saqlanishi

Ijara shartnomasi bo‘yicha egallab turilgan uy-joyga bo‘lgan mulk huquqining boshqa shaxsga o‘tishi shartnomaning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishiga olib bormaydi. Bunda yangi mulkdor ilgari tuzilgan ijara shartnomasi shartlari asosida ijaraga beruvchiga aylanadi.

605-modda. Uy-joyni ijaraga beruvchining majburiyatlari

Ijaraga beruvchi ijaraga oluvchiga doimiy yashash uchun yaroqli bo‘sh uy-joyni berishi lozim.

Ijaraga beruvchi ijaraga berilgan turar joy joylashgan uydan tegishli darajada foydalanishni amalga oshirishi, ijaraga oluvchiga haq evaziga zarur kommunal xizmat ko‘rsatishi yoki xizmat ko‘rsatilishini ta’minlashi, ko‘p kvartirali uyning umumiy foydalaniladigan mol-mulki va turar joy binosida joylashgan kommunal xizmat ko‘rsatish qurilmalari ta’mirlanishini ta’minlashi shuningdek uy-joydan faqat ijara shartnomasida ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanishni ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim.

606-modda. Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar

Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga binoan faqatgina fuqaro ijaraga oluvchi bo‘lishi mumkin.

Shartnomada uy-joyda ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ko‘rsatilishi lozim. Shartnomada bunday ko‘rsatmalar bo‘lmasa, mazkur fuqarolarni uy-joyga qo‘yish ushbu Kodeks 608-moddasining qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar uy-joydan foydalanish bo‘yicha u bilan teng huquqlarga egadirlar. Ijaraga oluvchi bilan bunday fuqarolar o‘rtasidagi munosabatlar qonunda belgilanadi.

Ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashab, uy-joyni ijaraga berish shartnomasining shartlarini buzayotgan fuqarolarning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘ladi.

Ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar ijaraga beruvchini xabardor qilgan holda uy-joyda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi ijaraga oluvchi bilan birga ijaraga beruvchi oldida solidar javobgar ekanliklari to‘g‘risida ijaraga oluvchi bilan shartnoma tuzishlari mumkin. Bunday holda ushbu fuqarolar birgalikda ijaraga oluvchi bo‘ladilar.

607-modda. Uy-joyni ijaraga oluvchining majburiyatlari

Ijaraga oluvchi uy-joydan faqat uning vazifasi bo‘yicha foydalanishi, uy-joyning saqlanishini ta’minlashi va uni yaxshi holda tutishi shart.

Ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligisiz uy-joyni qayta qurishga va tuzilishini o‘zgartirishga haqli emas.

Ijaraga oluvchi uy-joy haqini o‘z vaqtida to‘lab turishi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi kommunal xizmatlar haqini mustaqil to‘lashi shart.

608-modda. Uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga ijaraga oluvchining yangi oila a’zolarini kiritish

Uy-joyni ijaraga oluvchi, shuningdek uning oila a’zolari boshqa fuqarolarni oila a’zosi sifatida uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritishni talab qilishga haqli. Bunday fuqarolarni uy-joyni ijaraga olish shartnomasiga kiritish tartibi va shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.

609-modda. Vaqtincha yashovchilar

Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolar umumiy kelishuvga binoan va ijaraga beruvchini oldindan xabardor qilgan holda vaqtincha yashovchilarga (foydalanuvchilarga) uy-joyda bepul yashab turishlari uchun ruxsat etishga haqlidirlar. Basharti, qonunchilikning jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilmasa, ijaraga beruvchi vaqtincha yashovchilarning yashab turishlarini taqiqlab qo‘yishi mumkin. Vaqtincha yashovchilarning yashab turish muddati olti oydan oshmasligi kerak.

Vaqtincha yashovchilar uy-joydan foydalanishda mustaqil huquqqa ega bo‘lmaydilar. Ularning xatti-harakatlari uchun ijaraga beruvchi oldida ijaraga oluvchi javobgardir.

Vaqtincha yashovchilar ular bilan kelishilgan yashab turish muddati o‘tganidan keyin, agarda bunday muddat kelishilmagan bo‘lsa, ijaraga oluvchi yoki u bilan birga doimiy yashaydigan har qanday fuqaro tomonidan tegishli talab qo‘yilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan yetti kun ichida uy-joyni bo‘shatishlari shart.

610-modda. Ijaraga berilgan uy-joyni ta’mirlash

Ijaraga berilgan uy-joyni joriy ta’mirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchining zimmasidadir.

Ijaraga berilgan uy-joyni kapital ta’mirlash, agar uy-joyni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchining zimmasidadir.

Ijaraga berilgan uy-joy joylashgan uyni qayta jihozlashga, agar bunday qayta jihozlash uy-joydan foydalanish shart-sharoitlarini jiddiy ravishda o‘zgartirsa, ijaraga oluvchining roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi.

611-modda. Uy-joy uchun to‘lanadigan haq

Uy-joy uchun to‘lanadigan haqning miqdori taraflarning o‘zaro kelishuviga binoan uy-joyni ijaraga berish shartnomasida belgilab qo‘yiladi. Basharti qonunga muvofiq uy-joy uchun to‘lanadigan haqning eng ko‘p miqdori belgilab qo‘yilgan bo‘lsa, shartnomada belgilangan haq ana shu miqdordan oshib ketmasligi lozim.

Uy-joy uchun to‘lanadigan haqning miqdori bir tomonlama o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Uy-joy uchun haq ijaraga oluvchi tomonidan uy-joyni ijaraga olish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda to‘lab turilishi lozim. Agar shartnomada bunday muddatlar nazarda tutilgan bo‘lmasa, haq ijaraga oluvchi tomonidan har oyda qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lab turilishi shart.

612-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddati

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Agar shartnomada muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, u besh yilga tuzilgan hisoblanadi.

Bir yilgacha muddatga tuzilgan uy-joyni ijaraga berish (qisqa muddatli ijara) shartnomasiga nisbatan, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida, 609-moddasida, ushbu moddaning uchinchi qismida, 613 va 614-moddalarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanmaydi.

Ijaraga oluvchi yangi muddatga shartnoma tuzishda imtiyozli huquqqa ega.

Agar ijaraga beruvchi uy-joyni bir yildan kam bo‘lmagan muddatda ijaraga bermaslikka qaror qilgan bo‘lsa, u yangi muddatga shartnoma tuzishni rad qilishga haqli.

613-modda. Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchining roziligi bilan o‘zi ijaraga olgan binoning bir qismini yoki hammasini muayyan muddatga ikkilamchi ijaraga oluvchiga beradi. Ikkilamchi ijaraga oluvchi uy-joydan mustaqil foydalanish huquqiga ega bo‘lmaydi. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasiga binoan ijaraga oluvchi ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi qonunchilikning jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni normasi haqidagi talablariga rioya etilgan taqdirdagina tuzilishi mumkin.

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi haq evaziga amalga oshiriladi.

Uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining muddati uy-joyni ijaraga berish shartnomasining muddatidan ko‘p bo‘lishi mumkin emas.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda bir vaqtning o‘zida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasi ham bekor qilinadi.

Yangi muddatga shartnoma tuzishga bo‘lgan imtiyozli huquq to‘g‘risidagi qoida uy-joyni ikkilamchi ijaraga berish shartnomasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

614-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasida ijaraga oluvchini almashtirish

Ijaraga oluvchi va u bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning talabiga binoan va ijaraga beruvchining roziligi bilan uy-joyni ijaraga berish shartnomasidagi ijaraga oluvchi u bilan birga doimiy yashaydigan voyaga yetgan boshqa bir fuqaro bilan almashtirilishi mumkin.

Ijaraga oluvchi vafot etgan yoki u uy-joydan ketib qolgan taqdirda, shartnoma avvalgi shartlarda amal qilaveradi, avvalgi ijaraga oluvchi bilan birga doimiy yashaydigan fuqarolarning umumiy kelishuviga binoan ulardan biri ijaraga oluvchi bo‘ladi. Agar bunday kelishuvga erishilgan bo‘lmasa, uy-joyda birgalikda doimiy yashaydigan fuqarolarning hammasi birgalikda ijaraga oluvchi bo‘ladilar.

615-modda. Ijara shartnomasini bekor qilish

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi taraflarning kelishuvi bilan bekor qilinadi.

Uy-joyni ijaraga oluvchi o‘zi bilan birga doimiy yashaydigan boshqa fuqarolarning roziligi bilan ijaraga beruvchini uch oy avval yozma ravishda ogohlantirib, istalgan vaqtda ijara shartnomasini bekor qilishga haqli.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi:

agar shartnomada uzoqroq muddat belgilangan bo‘lmasa, ijaraga oluvchi tomonidan uy-joy uchun olti oy mobaynida, qisqa muddatli ijarada esa shartnomada belgilangan haq to‘lash muddati o‘tganidan keyin ikki martadan ko‘proq haq to‘lanmagan bo‘lsa;

ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar tomonidan uy-joy vayron qilinsa yoki unga putur yetkazilsa;

uy-joydan g‘ayrihuquqiy qilmishlarni sodir etish uchun foydalanilgan bo‘lsa, ijaraga beruvchining talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi:

agar uy-joy doimiy yashash uchun yaroqli bo‘lmay qolsa, shuningdek avariya holatiga kelib qolsa;

uy-joy to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda shartnomadagi istalgan tarafning talabiga binoan sud tartibida bekor qilinishi mumkin.

Agar uy-joyni ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmasalar yoxud muntazam ravishda qo‘shnilarning huquqlari va manfaatlarini buzsalar, ijaraga beruvchi ijaraga oluvchini qoidabuzarliklarga barham berish zarurligi to‘g‘risida ogohlantirishi mumkin.

Agar ijaraga oluvchi yoki xatti-harakatlari uchun ijaraga oluvchi javobgar bo‘lgan boshqa fuqarolar ogohlantirish olganlardan keyin ham uy-joydan uning vazifasiga binoan foydalanmaslikni yoki qo‘shnilarning huquq va manfaatlarini buzishni davom ettirsalar, ijaraga beruvchi uy-joyni ijaraga berish shartnomasini sud tartibida bekor qilishga haqli.

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lgan qoidabuzarliklarga barham berish tartibi va muddatlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

616-modda. Uy-joyni ijaraga berish shartnomasini bekor qilishning oqibatlari

Uy-joyni ijaraga berish shartnomasi bekor qilingan taqdirda, ijaraga oluvchi va shartnoma bekor qilingan vaqtda uy-joyda yashab turgan boshqa fuqarolar sudning qaroriga asosan uy-joydan ko‘chirib chiqarilishi lozim.

36-BOB. TEKIN FOYDALANISH

617-modda. Tekin foydalanish shartnomasi tushunchasi

Tekin foydalanish (ssuda) shartnomasi bo‘yicha bir taraf (ssuda beruvchi) ikkinchi tarafga (ssuda oluvchiga) ashyoni vaqtincha tekin foydalanish uchun berish majburiyatini oladi yoki beradi, ikkinchi taraf esa bu ashyoni qanday olgan bo‘lsa, normal yeyilishni hisobga olib xuddi shunday holatda yoki shartnomada nazarda tutilgan holatda qaytarib berish majburiyatini oladi.

Tekin foydalanish shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks 537-moddasida, 540-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 545-moddasida, 553-moddasining to‘rtinchi qismida, 555-moddasining birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

618-modda. Ssuda beruvchi

Ashyoni tekin foydalanishga berish huquqiga uning mulkdori va qonun yoki mulkdor tomonidan vakolat berilgan boshqa shaxslar ega bo‘ladi.

Tijorat tashkiloti o‘z muassisi, ishtirokchisi (aksiyadori), rahbari, o‘z boshqaruv yoki nazorat organlarining a’zosi bo‘lgan shaxsga ashyoni tekin foydalanishga berishga haqli emas.

619-modda. Ashyoni tekin foydalanish uchun berish

Ssuda beruvchi ashyoni undan tekin hamda vazifasiga muvofiq foydalanish shartlariga javob beradigan holatda topshirishi shart.

Agar shartnomada boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo undan tekin foydalanish uchun barcha mansub ashyolari va tegishli hujjatlari (foydalanish bo‘yicha yo‘riqnomalar, texnik pasporti va shu kabilar) bilan birga beriladi.

Agar bunday ashyolar va hujjatlar berilmagan bo‘lib, ularsiz ashyodan vazifasiga muvofiq foydalanib bo‘lmasa yoki undan foydalanish ssuda oluvchi uchun o‘z ahamiyatini ancha yo‘qotsa, ssuda oluvchi bunday ashyolar va hujjatlar berilishini yoki shartnoma bekor qilinib, o‘zi ko‘rgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

620-modda. Ashyoni tekin foydalanishga bermaslik oqibatlari

Agar ssuda beruvchi ashyoni ssuda oluvchiga bermasa, ssuda oluvchi shartnomani bekor qilish va yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

621-modda. Tekin foydalanish uchun berilgan ashyoning kamchiliklari uchun javobgarlik

Ssuda beruvchi tekin foydalanish shartnomasini tuzish paytida qasddan yoki qo‘pol ehtiyotsizlik bilan ashyoning kamchiliklarini aytib qo‘ymagan bo‘lsa, bu kamchiliklar uchun javob beradi.

Bunday kamchiliklarni aniqlaganida ssuda oluvchi o‘z xohishiga qarab, ssuda beruvchidan ashyodagi kamchiliklarni tekin bartaraf etishni yoki ashyoning kamchiliklarini bartaraf etishga qilingan xarajatlarni qoplashni yoxud tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilib, haqiqiy zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Ssuda oluvchining talablaridan yoki uning ashyodagi kamchiliklarni ssuda beruvchining hisobidan bartaraf etish niyatidan xabardor qilingan ssuda beruvchi buzuq ashyoni kechiktirmasdan tegishli holatdagi xuddi shunday ashyo bilan almashtirishi mumkin.

Ashyoning tekin foydalanish shartnomasini tuzish vaqtida ko‘rsatib o‘tilgan yoki ssuda oluvchiga oldindan ma’lum bo‘lgan yoxud u ashyoni ko‘zdan kechirish yoki shartnoma tuzish yoxud ashyoni topshirish vaqtida uning sozligini tekshirish chog‘ida aniqlashi lozim bo‘lgan kamchiliklari uchun ssuda beruvchi javobgar bo‘lmaydi.

622-modda. Tekin foydalanishga topshirilayotgan ashyoga uchinchi shaxslarning huquqi

Ashyoning tekin foydalanishga topshirilishi bu ashyoga uchinchi shaxslarning huquqlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi.

Tekin foydalanish shartnomasini tuzishda ssuda beruvchi bu ashyoga uchinchi shaxslarning barcha huquqlari (servitut, garov huquqi va boshqalar) to‘g‘risida ssuda oluvchini ogohlantirishi shart. Bu majburiyatni bajarmaslik ssuda oluvchiga shartnomani bekor qilish va haqiqiy zararni qoplashni talab qilish huquqini beradi.

623-modda. Ssuda oluvchining ashyoni saqlash majburiyatlari

Ssuda oluvchi tekin foydalanish uchun olingan ashyoni soz holatda saqlashi shart. Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ssuda oluvchi ashyoni joriy va kapital ta’mirlashi va uni saqlash bilan bog‘liq hamma xarajatlarni to‘lashi shart.

624-modda. Ashyoning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi

Agar ssuda oluvchi ashyodan shartnomaga yoki uning vazifasiga nomuvofiq holda foydalanishi yoxud uni ssuda beruvchining roziligisiz uchinchi shaxsga berishi tufayli ashyo nobud bo‘lsa yoki buzilsa, tekin foydalanish uchun olingan ashyoning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi ssuda oluvchining zimmasida bo‘ladi. Ssuda oluvchi o‘z ashyosidan voz kechib, ssudaga berilgan ashyoning nobud bo‘lishi yoki buzilishini bartaraf qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa ham, ashyoning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi uning zimmasida bo‘ladi.

625-modda. Ashyodan foydalanish natijasida uchinchi shaxsga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Ssuda beruvchi ashyodan foydalanish natijasida uchinchi shaxsga yetkazilgan zarar uchun, basharti bu zarar ssuda oluvchi tomonidan yoki bu ashyo ssuda beruvchining roziligi bilan qo‘liga tushib qolgan shaxs tomonidan qasddan yoxud qo‘pol ehtiyotsizlik tufayli yetkazilganini yoinki zarar ssuda oluvchining egaligidan ssuda beruvchining roziligisiz chiqib ketgan ashyodan foydalanib yetkazilganini isbot qilmasa, javobgar bo‘ladi.

626-modda. Tekin foydalanish uchun olingan ashyoni uchinchi shaxsga topshirish

Ssuda oluvchi tekin foydalanish uchun olgan ashyoni uchinchi shaxsga foydalanish uchun faqat ssuda beruvchining roziligi bilan va uning oldida mas’ul bo‘lib qolgan holda berishga haqli.

6261-modda. Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasining shakli

Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasi yozma shaklda tuziladi, bundan uy-joyni yaqin qarindoshlarga (ota-ona, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka va opa-singillari) tekin foydalanishga berish hollari mustasno.

Uy-joyni tekin foydalanishga berish shartnomasiga nisbatan ushbu Kodeks 606-moddasining ikkinchi qismida, 607-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida, 609, 610-moddalarida, 612-moddasining birinchi qismida, 615-moddasining birinchi qismida, uchinchi qismi uchinchi va to‘rtinchi xatboshilarida, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida, 616-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llaniladi.

627-modda. Tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish

Ssuda beruvchi quyidagi hollarda shartnomani muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli, agar ssuda oluvchi:

ashyodan shartnomaga yoki ashyoning vazifasiga muvofiq foydalanmasa;

ashyoni soz holatda saqlash yoki uni asrash majburiyatlarini bajarmasa;

ashyoning holatini ancha yomonlashtirsa;

ssuda beruvchining roziligisiz ashyoni uchinchi shaxsga bergan bo‘lsa.

Ssuda oluvchi quyidagi hollarda tekin foydalanish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilishni talab qilishga haqli:

ashyodan normal foydalanishni mumkin bo‘lmaydigan yoki qiyin qilib qo‘yadigan nuqsonlarni aniqlagan bo‘lsa, bu nuqsonlar xususida shartnoma tuzish paytida bilmagan va bilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda;

agar o‘zi javobgar bo‘lmagan holatlarga ko‘ra ashyo undan foydalanish mumkin bo‘lmaydigan holatga kelib qolsa;

agar shartnoma tuzishda ssuda beruvchi uni topshirilayotgan ashyoga nisbatan uchinchi shaxslarning huquqlari to‘g‘risida ogohlantirmagan bo‘lsa;

ssuda beruvchi ashyoni yoki unga mansub ashyolarni va tegishli hujjatlarni berish majburiyatini bajarmasa.

628-modda. Tekin foydalanish shartnomasidan voz kechish

Agar ashyodan tekin foydalanish muddati shartnomada belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa va shartnomada xabar qilishning boshqa muddati nazarda tutilmagan bo‘lsa, har qaysi taraf ikkinchi tarafni bir oy oldin xabardor qilib, shartnomadan xohlagan paytda voz kechishga haqli.

Agar tekin foydalanish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ssuda oluvchi muddati ko‘rsatib tuzilgan shartnomadan ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan tartibda har qachon voz kechishga haqli.

629-modda. Tekin foydalanish shartnomasidagi taraflarning o‘zgarishi

Ssuda beruvchi ashyoni boshqa shaxsga berishga yoki uni haq evaziga foydalanish uchun uchinchi shaxsga topshirishga haqli. Bunda avval tuzilgan tekin foydalanish shartnomasi bo‘yicha huquqlar yangi mulkdor yoki foydalanuvchiga o‘tadi, uning ashyoga nisbatan huquqlari qatoriga ssuda oluvchining huquqlari qo‘shiladi.

Ssuda beruvchi fuqaro vafot etgan yoxud ssuda beruvchi yuridik shaxs qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan taqdirda tekin foydalanish shartnomasi bo‘yicha ularning huquq va burchlari merosxo‘rga yoki boshqa huquqiy vorisga yoxud ashyoga mulk huquqi yoki ashyoni tekin foydalanish uchun topshirishga asos bo‘lgan o‘zga huquq o‘tgan boshqa shaxsga o‘tadi.

Ssuda oluvchi yuridik shaxs qayta tashkil etilgan taqdirda, tekin foydalanish shartnomasida boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlari huquqiy vorisga o‘tadi.

630-modda. Tekin foydalanish shartnomasining bekor bo‘lishi

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ssuda oluvchi fuqaro vafot etgan yoki ssuda oluvchi yuridik shaxs tugatilgan hollarda tekin foydalanish shartnomasi bekor bo‘ladi.

37-BOB. PUDRAT

1-§. Pudrat to‘g‘risida umumiy qoidalar

631-modda. Pudrat shartnomasi

Pudrat shartnomasi bo‘yicha bir taraf (pudratchi) ikkinchi taraf (buyurtmachi)ning topshirig‘iga binoan ma’lum bir ishni bajarish va uning natijasini buyurtmachiga belgilangan muddatda topshirish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa ish natijasini qabul qilib olish va buning uchun haq to‘lash majburiyatini oladi. Agar qonunchilikda yoxud taraflar kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishni bajarish uchun pudratchi tavakkal qiladi.

Pudrat shartnomasining ayrim turlari (maishiy pudrat, qurilish pudrati, loyihalash yoki qidiruv ishlari pudrati, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrati)ga, agar ushbu Kodeksning bunday turdagi shartnomalar to‘g‘risidagi qoidalarida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu paragrafda nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

632-modda. Pudrat shartnomasi bo‘yicha bajariladigan ishlar

Pudrat shartnomasi ashyoni tayyorlash yoki uni qayta ishlash (ishlov berish) yoxud boshqa ishni bajarib, natijasini buyurtmachiga berish yoki boshqacha tarzda topshirish haqida tuziladi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish pudratchining materiallari, uning kuchi va mablag‘lari hisobidan bajariladi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachining topshirig‘ini bajarish usullarini pudratchi mustaqil belgilaydi.

Pudratchi o‘zi bergan materiallar va uskunalarning sifati tegishli darajada bo‘lmaganligi uchun, shuningdek uchinchi shaxslar huquqlari bo‘lgan materiallar va uskunalarni berganligi uchun javobgar bo‘ladi.

633-modda. Materiallarning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi

Materiallarning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan buzilish xavfi, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, pudratchining pudrat shartnomasida shartlashilgan ishni topshirish muddati kelguncha materiallarni bergan taraf zimmasida, bu muddatdan keyin esa ishni topshirishni kechiktirib yuborgan taraf zimmasida bo‘ladi.

634-modda. Bosh pudratchi va yordamchi pudratchi

Agar qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchining shartnomada ko‘rsatilgan ishni shaxsan o‘zi bajarish majburiyatlari kelib chiqmasa, pudratchi o‘z majburiyatlarining bir qismini bajarish uchun boshqa shaxslar (yordamchi pudratchilar)ni jalb qilishga haqli. Bunday hollarda pudratchi bosh pudratchi hisoblanadi.

Ushbu Kodeks 241-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga va 334-moddasiga muvofiq, bosh pudratchi buyurtmachining pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun yordamchi pudratchi oldida javobgar bo‘ladi, buyurtmachi oldida esa, yordamchi pudratchi o‘z majburiyatlarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligining oqibatlari uchun javobgar bo‘ladi.

Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi va yordamchi pudratchining har biri bosh pudratchi bilan tuzgan shartnomalar buzilishi bilan bog‘liq talablarni bir-biriga qo‘yishga haqli emas.

Ushbu moddaning birinchi qismidagi qoidalarni yoki pudrat shartnomasini buzib, shartnomani bajarish uchun yordamchi pudratchini jalb qilgan pudratchi ushbu yordamchi pudratchi shartnomani bajarishda qatnashib, yetkazgan zarar uchun buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladi.

Bosh pudratchining roziligini olgan holda buyurtmachi ayrim ishlarni bajarish uchun boshqa shaxslar bilan shartnoma tuzishga haqli. Bu holda mazkur shaxslar ishni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun bevosita buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladilar.

635-modda. Ishni bajarish muddatlari

Pudrat shartnomasida ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi muddatlari ko‘rsatiladi. Taraflar o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, shartnomada ishning ayrim bosqichlarini tugallash muddatlari (oraliq muddatlar) ham nazarda tutilishi mumkin.

Pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi ishni bajarishning boshlang‘ich va oxirgi, shuningdek oraliq muddatlarini buzganlik uchun javobgar bo‘ladi.

Pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishni bajarishning boshlang‘ich, oxirgi va oraliq muddatlari shartnomada nazarda tutilgan hollarda va tartibda o‘zgartirilishi mumkin.

Ushbu Kodeks 337-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ijro muddatini kechiktirish oqibatlari ishni bajarishning oxirgi muddatiga rioya etilmagan hollarda yuzaga keladi.

636-modda. Ishning bahosi

Pudrat shartnomasida bajariladigan ishning bahosi yoki uni aniqlash usullari ko‘rsatiladi. Ular shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lmasa, ishning bahosi ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq belgilanadi.

Pudrat shartnomasidagi ishning bahosi pudratchining chiqimlarini va unga to‘lanadigan haqni o‘z ichiga oladi.

Ishning bahosi smeta tuzish yo‘li bilan aniqlanishi mumkin.

Ish pudratchi tomonidan tuzilgan smeta bo‘yicha bajarilgan taqdirda, smeta buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab kuchga ega bo‘ladi va pudrat shartnomasining bir qismi bo‘lib qoladi.

Ishning bahosi (smeta) taxminiy yoki qat’iy bo‘lishi mumkin. Pudrat shartnomasida bunday ko‘rsatma bo‘lmasa, ishning bahosi (smeta) qat’iy hisoblanadi.

Agar qo‘shimcha ishlarni bajarish zarur bo‘lib qolsa va shu sababli ishning taxminan belgilangan bahosini (taxminiy smetani) ancha oshirishga to‘g‘ri kelsa, pudratchi bu haqda buyurtmachini vaqtida ogohlantirishi shart. Buyurtmachi pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirishga rozi bo‘lmagan taqdirda, shartnomadan voz kechishga haqli. Bunday hollarda pudratchi buyurtmachidan ishning bajarilgan qismining bahosini to‘lashni talab qilishi mumkin.

Buyurtmachini pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ishning bahosini (smetani) oshirish zarurligi to‘g‘risida o‘z vaqtida ogohlantirmagan pudratchi ish uchun shartnomada ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qolgan holda shartnomani bajarishi shart.

Pudratchi, qoida tariqasida, qat’iy baho (qat’iy smeta)ni oshirishni, buyurtmachi esa uni kamaytirishni talab qilishga, shu jumladan bajarilishi kerak bo‘lgan ishning to‘la hajmini yoki buning uchun zarur xarajatlarni pudrat shartnomasi tuzilayotgan paytda nazarda tutish imkoniyati bo‘lmagan hollarda ham, haqli emas.

Pudratchi tomonidan taqdim qilinishi kerak bo‘lgan materiallar va uskunalar, shuningdek uchinchi shaxslar tomonidan unga ko‘rsatiladigan xizmatlar bahosi ancha oshgan va buni shartnoma tuzish vaqtida nazarda tutish mumkin bo‘lmagan hollarda ushbu Kodeksning 383-moddasiga binoan pudratchi belgilangan ish bahosini (smetani) oshirishni talab qilishga, buyurtmachi bu talabni bajarishdan bosh tortgan taqdirda esa, shartnomani bekor qilishni talab qilishga haqli.

637-modda. Pudratchining tejami

Pudratchining amaldagi xarajatlari ish bahosini aniqlash vaqtida (smeta tuzilayotganda) nazarda tutilgan xarajatlardan kam bo‘lgan hollarda, basharti buyurtmachi pudratchining tejami bajarilgan ish sifatiga ta’sir etganligini isbotlay olmasa, pudratchi ishlar uchun pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan baho bo‘yicha haq olish huquqini saqlab qoladi.

Pudrat shartnomasida pudratchining tejami taraflar o‘rtasida taqsimlanishi nazarda tutilishi mumkin.

638-modda. Ishga haq to‘lash tartibi

Agar pudrat shartnomasida bajarilgan ishga yoki uning ayrim bosqichlariga oldindan haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi pudratchiga shartlashilgan haqni ish tegishli tarzda va kelishilgan muddatda yoxud buyurtmachining roziligi bilan muddatidan oldin bajarilib, uning natijalari uzil-kesil topshirilganidan keyin to‘lashi shart.

Pudratchi qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va miqdordagina o‘ziga bo‘nak yoki zakalat berilishini talab qilishga haqli.

639-modda. Pudratchining ushlab qolish huquqi

Shartnomaning bajarilishi munosabati bilan buyurtmachi pudratchiga belgilangan tegishli haqni yoki boshqa summani to‘lash majburiyatini bajarmagan taqdirda, buyurtmachi tomonidan tegishli summa to‘langunga qadar pudratchi ishning natijalarini, shuningdek buyurtmachiga tegishli uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyolarni, foydalanilmay qolgan material qoldig‘i va pudratchining ixtiyoridagi boshqa mol-mulkni ushbu Kodeksning 290 va 291-moddalariga muvofiq ushlab qolish huquqiga ega.

640-modda. Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish

Pudratchi buyurtmachi bergan materialdan tejab-tergab va rejali foydalanishi, ish tugaganidan so‘ng ishlatilgan material to‘g‘risida buyurtmachiga hisobot berishi, shuningdek uning qoldig‘ini qaytarib berishi yoxud o‘z ixtiyoridagi foydalanilmay qolgan materialning qiymatini hisobga olib, buyurtmachining roziligi bilan ishning bahosini kamaytirishi shart.

Basharti pudratchi buyurtmachi bergan materialni tegishli suratda qabul qilib olayotganida undagi kamchiliklarni aniqlash mumkin bo‘lmaganligini isbot qila olmasa, u buyurtmachi bergan materialning kamchiliklari tufayli ishning lozim darajada bajarilmaganligi uchun javobgar bo‘ladi.

641-modda. Buyurtmachi bergan mol-mulkning saqlanmaganligi uchun pudratchining javobgarligi

Pudrat shartnomasini bajarish munosabati bilan buyurtmachi bergan material, uskuna, qayta ishlashga (ishlov berishga) topshirilgan ashyo va pudratchi ixtiyoriga o‘tgan boshqa mol-mulk saqlanmaganligi uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.

642-modda. Pudratchi ishni bajarayotgan vaqtda buyurtmachining huquqlari

Buyurtmachi pudratchining faoliyatiga aralashmagan holda istalgan vaqtda ishning borishini va sifatini tekshirishga haqli.

Agar pudratchi pudrat shartnomasini bajarishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki ishni sust bajarishi natijasida uni belgilangan muddatda tugatish mumkin emasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi shartnomadan voz kechib, yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli. Shu bilan birga agar ish kechiktirib bajariladigan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomaga nisbatan o‘z qiziqishini yo‘qotganligini isbot qilishi lozim.

Agar ishni bajarish vaqtida uning tegishli darajada bajarilmasligi aniq bo‘lib qolsa, buyurtmachi pudratchiga kamchiliklarni yo‘qotish uchun oqilona muddat belgilashga va bu talabni pudratchi belgilangan muddatda bajarmagan taqdirda pudrat shartnomasidan voz kechishga yoxud bu kamchiliklarni pudratchi hisobidan tuzatishni boshqa shaxsga topshirishga, shuningdek yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi ish natijasi o‘ziga topshirilgunga qadar istagan vaqtda shartnomadan voz kechib, belgilangan bahoning buyurtmachi shartnomadan voz kechganligi to‘g‘risidagi ogohlantirish olingunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini to‘lashi mumkin. Buyurtmachi pudratchiga shartnomaning bekor qilinishi tufayli yetkazilgan zararni ham bajarilgan ishning bahosi bilan hamma ish uchun belgilangan baho o‘rtasidagi farq doirasida to‘lashi shart.

643-modda. Pudratchi buyurtmachini ogohlantirib qo‘yishi shart bo‘lgan holatlar

Pudratchi quyidagilarni aniqlagan taqdirda darhol buyurtmachini ogohlantirishi va undan ko‘rsatmalar olgunga qadar ishni to‘xtatib turishi shart:

buyurtmachi bergan material, uskunalar, texnik hujjatlar yoki qayta ishlash (ishlov berish) uchun topshirilgan ashyoning yaroqsizligi yoki sifatsizligini;

buyurtmachining ishni bajarish usuli to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini bajarish uning uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini;

pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan, bajarilayotgan ish natijalarining yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qo‘yadigan yoxud ishni belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazish mumkin bo‘lmaydigan qilib qo‘yadigan boshqa holatlarni.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘risida buyurtmachini ogohlantirmagan yoki ogohlantirishga javob olish uchun shartnomada ko‘rsatilgan muddat o‘tishini, bunday muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, oqilona muddat o‘tishini kutmasdan yoxud buyurtmachi ishni to‘xtatib turish to‘g‘risida o‘z vaqtida ko‘rsatma bergan bo‘lishiga qaramasdan ishni davom ettiravergan pudratchi buyurtmachi unga yoki pudratchi buyurtmachiga tegishli talablar qo‘yganida mazkur holatlarni vaj qilib keltirishga haqli emas.

Agar buyurtmachi pudratchining ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan holatlar to‘g‘risida o‘z vaqtida va asosli ogohlantirganiga qaramasdan, oqilona muddatda yaroqsiz yoki sifatsiz materialni almashtirmasa, ishni bajarish usuli to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarini o‘zgartirmasa yoxud ishning yaroqliligi yoki pishiqligini xavf ostiga qo‘yadigan holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rmasa, pudratchi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

644-modda. Buyurtmachining pudrat shartnomasi bo‘yicha muqobil majburiyatlarni bajarmasligi

Buyurtmachi pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘zining muqobil majburiyatlarini bajarmaganligi, xususan material, uskunalar, texnik hujjatlarni yoki qayta ishlanishi (ishlov berilishi) kerak bo‘lgan ashyoni bermaganligi pudratchining shartnomani bajarishiga to‘sqinlik qilgan hollarda, shuningdek mazkur majburiyatlar belgilangan muddatda bajarilmasligini yaqqol ko‘rsatib turgan holatlar mavjud bo‘lganida (ushbu Kodeksning 256-moddasi) pudratchi ishga kirishmaslikka, boshlangan ishni esa to‘xtatib qo‘yishga haqli.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, shartnomani bajarishdan bosh tortishga va zararning qoplanishini talab qilishga haqli.

645-modda. Buyurtmachining yordami

Pudratchining ishni bajarishiga buyurtmachi pudrat shartnomasida nazarda tutilgan hollarda, hajmda va tartibda yordam berishi shart.

Buyurtmachi bu majburiyatni bajarmasa, pudratchi ko‘rilgan zararni, shu jumladan bekor turib qolganlik oqibatidagi qo‘shimcha chiqimlarni qoplashni yoki ishni bajarish muddatini o‘zgartirish yoxud pudrat shartnomasida ko‘rsatilgan ish bahosini oshirishni talab qilishga haqli.

Buyurtmachining harakati yoki yo‘l qo‘ygan xatosi tufayli pudrat shartnomasi bo‘yicha ishni bajarish mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, pudratchi ishning bajarilgan qismini hisobga olgan holda shartnomada ko‘rsatilgan bahoni olish huquqini saqlab qoladi.

646-modda. Buyurtmachining bajarilgan ishlarni qabul qilishi

Buyurtmachi bajarilgan ishni (uning natijasini) pudrat shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda pudratchi ishtirokida ko‘rib chiqishi va qabul qilishi, ish natijasini yomonlashtiradigan darajada shartnomadan chekinish yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda esa, bu to‘g‘rida pudratchiga darhol ma’lum qilishi shart.

Ishni qabul qilish vaqtida uning kamchiliklarini aniqlagan buyurtmachi bu kamchiliklar yoxud ularni tuzatish to‘g‘risida keyinchalik talab qo‘yish mumkinligi dalolatnoma yoki qabul qilishni tasdiqlovchi boshqa hujjatda ko‘rsatilgan hollardagina ularni vaj qilib keltirishga haqli.

Buyurtmachi ishni tekshirmasdan qabul qilgan bo‘lsa, uni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar (ochiq ko‘rinib turgan kamchiliklar)ni dalil qilib keltirish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Buyurtmachi ish qabul qilib olinganidan so‘ng unda pudrat shartnomasidan chekinishlar yoki ishni qabul qilishning oddiy usulida aniqlanishi mumkin bo‘lmagan boshqa xil kamchiliklar (yashirin kamchiliklar)ni, shu jumladan, pudratchi qasddan yashirgan kamchiliklarni aniqlasa, ular aniqlanganidan so‘ng o‘n kunlik muddat ichida bu to‘g‘rida pudratchiga xabar qilishi shart.

Buyurtmachi bilan pudratchi o‘rtasida bajarilgan ishning kamchiliklari yoki ularning sabablari yuzasidan nizo kelib chiqqan taqdirda, istagan tarafning talabi bo‘yicha ekspertiza tayinlanishi kerak. Ekspertiza o‘tkazish xarajatlari pudratchi zimmasida bo‘ladi, ekspertiza pudrat shartnomasi buzilmaganligini yoki pudratchining harakatlari bilan aniqlangan kamchiliklar o‘rtasida sababiy bog‘lanish yo‘qligini aniqlagan hollar bundan mustasno. Bunday hollarda ekspertiza xarajatlarini ekspertiza o‘tkazishni talab qilgan taraf, agar ekspertiza taraflarning o‘zaro kelishuvi bilan tayinlangan bo‘lsa, ikkala taraf teng miqdorda to‘laydi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortganida, pudratchi shartnomaga binoan ish natijasi buyurtmachiga topshirilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab bir oy o‘tgach va shundan keyin buyurtmachini ikki marta ogohlantirgan holda ish natijasini sotib yuborishga, tushgan pulni esa, pudratchiga tegishli hamma to‘lovlarni chegirib tashlab, notarial idoraning depozitiga buyurtmachining nomiga kiritib qo‘yishga haqli. Pudratchi pudrat narsasini sotish o‘rniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishga haqli.

Agar buyurtmachining bajarilgan ishni qabul qilishdan bosh tortishi ishni topshirish kechikib ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, tayyorlangan (qayta ishlangan) ashyoning tasodifan nobud bo‘lish xavfi ashyo topshirilishi lozim bo‘lgan paytda buyurtmachiga o‘tgan deb hisoblanadi.

647-modda. Ishning sifati

Pudratchi bajargan ish pudrat shartnomasining shartlariga, shartlar bo‘lmaganida yoki to‘liq bo‘lmaganida esa, odatda tegishli turdagi ishlarga qo‘yiladigan talablarga mos kelishi kerak. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bajarilgan ish natijasi buyurtmachiga topshirish paytida shartnomada ko‘rsatilgan yoki odatda qo‘yiladigan talablar bilan belgilangan xususiyatlarga ega bo‘lishi va oqilona muddat davomida shartnomada nazarda tutilganidek foydalanish uchun, agar u shartnomada belgilangan bo‘lmasa, bunday turdagi ishning natijasidan odatdagidek foydalanish uchun yaroqli bo‘lishi kerak.

Agar qonunchilikda pudrat shartnomasi bo‘yicha bajariladigan ishga qo‘yiladigan majburiy talablar nazarda tutilgan bo‘lsa, tadbirkor sifatida ish olib borayotgan pudratchi ishni bunday majburiy talablarga amal qilgan holda bajarishi shart.

Pudratchi belgilangan majburiy talablarga nisbatan sifat jihatidan birmuncha yuqori talablarga javob beradigan ishni bajarishni pudrat shartnomasi asosida o‘z zimmasiga olishi mumkin.

648-modda. Ishning sifatiga kafolat berish

Qonunchilikda yoki pudrat shartnomasida pudratchi buyurtmachiga ishning sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan bo‘lsa, pudratchi butun kafolat muddati davomida ushbu Kodeks 647-moddasining birinchi qismi talablariga mos keladigan ish natijalarini buyurtmachiga topshirishi shart.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishlar natijasining sifatiga berilgan kafolat ishning natijasini tashkil etuvchi hamma narsaga tegishli bo‘ladi.

649-modda. Kafolat muddatini hisoblash tartibi

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati buyurtmachi bajarilgan ish natijasini qabul qilgan yoki qabul qilishi lozim bo‘lgan paytdan o‘ta boshlaydi.

Agar qonunchilikda yoki taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoxud u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, pudrat shartnomasi bo‘yicha kafolat muddatini hisoblash uchun ushbu Kodeks 404-moddasining ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan qoidalar tegishincha tatbiq etiladi.

650-modda. Ishning sifati lozim darajada bo‘lmaganligi uchun pudratchining javobgarligi

Agar ish pudratchi tomonidan pudrat shartnomasidan chetga chiqqan holda bajarilib, ish natijasini yomonlashtirgan bo‘lsa, yoki uni shartnomada nazarda tutilgan maqsadlar uchun yoxud shartnomada yaroqsizlik haqida tegishli shartlar bo‘lmagan taqdirda, odatdagi maqsadlar uchun foydalanishga yaroqsiz qilib qo‘yadigan boshqa kamchiliklar bilan bajarilgan bo‘lsa, buyurtmachi, basharti qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, o‘z xohishiga ko‘ra pudratchidan:

kamchiliklarni oqilona muddatda bepul bartaraf etishni;

ish uchun belgilangan bahoni mutanosib ravishda kamaytirishni;

shartnomada buyurtmachining kamchiliklarni bartaraf etish huquqi nazarda tutilgan bo‘lsa, ularni bartaraf etishga qilgan o‘z xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.

Pudratchi ishdagi o‘zi javobgar bo‘lgan kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga, buyurtmachiga shartnomani bajarishni kechiktirganlik natijasida yetkazgan zararni qoplagan holda ishni yangidan bepul bajarib berishga haqli. Bunday holda buyurtmachi ilgari o‘ziga topshirilgan ish natijasini, agar ishning xarakteriga ko‘ra uni qaytarib berish mumkin bo‘lsa, pudratchiga qaytarib berishi shart.

Agar ishdagi pudrat shartnomasi shartlaridan chetga chiqishlar yoki boshqa xil kamchiliklar jiddiy va bartaraf etib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa yoxud aniqlangan kamchiliklar buyurtmachi tomonidan belgilangan oqilona muddatda bartaraf etilmagan bo‘lsa, buyurtmachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga va keltirilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

Pudrat shartnomasining muayyan kamchilik uchun pudratchini javobgarlikdan ozod qilish to‘g‘risidagi sharti, agar bunday nuqsonlar pudratchining aybli harakatlari yoki harakatsizligi tufayli vujudga kelganligi isbotlansa, pudratchini javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Ishni bajarish uchun material bergan pudratchi uning sifati uchun sotuvchining sifati lozim darajada bo‘lmagan tovar uchun javobgarligi to‘g‘risidagi qoidalar bo‘yicha javobgar bo‘ladi.

651-modda. Ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlash muddatlari

Agar qonun yoki pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi ushbu moddada belgilangan muddatlarda ish natijasining lozim darajada sifatli emasligini aniqlagan taqdirda, ishning natijasi lozim darajada sifatli emasligi bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.

Ish natijasiga kafolat muddati belgilanmagan hollarda ish natijalaridagi kamchiliklar oqilona muddatda, biroq ish natijasi topshirilgan kundan boshlab ikki yil mobaynida aniqlangan taqdirda, agar qonunda, shartnomada yoki ish muomalasi odatlarida boshqa muddatlar belgilangan bo‘lmasa, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklar bilan bog‘liq talablarni qo‘yishi mumkin.

Buyurtmachi kafolat muddati mobaynida aniqlangan ish natijasidagi kamchiliklar bilan bog‘liq talablarni qo‘yishga haqli.

Shartnomada nazarda tutilgan kafolat muddati ikki yildan kam bo‘lib, buyurtmachi ish natijasidagi kamchiliklarni kafolat muddati tamom bo‘lgach, biroq ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan paytdan e’tiboran ikki yil davomida aniqlagan va bu kamchiliklar ish natijasi o‘ziga topshirilgunicha yoki topshirish paytiga qadar yuzaga kelgan sabablarga ko‘ra paydo bo‘lganligini isbot qilsa, ular uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.

Agar pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati bajarilgan ish natijasi buyurtmachi tomonidan qabul qilib olingan yoki qabul qilib olinishi lozim bo‘lgan paytdan e’tiboran o‘ta boshlaydi.

Pudrat shartnomasi bo‘yicha kafolat muddatini hisoblashda, agar qonunchilikda, taraflar o‘rtasidagi kelishuvda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u pudrat shartnomasining xususiyatlaridan kelib chiqmasa, ushbu Kodeks 404-moddasi ikkinchi, uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarining qoidalari tegishincha qo‘llanadi.

652-modda. Ish sifatining tegishli darajada emasligi xususida da’vo qo‘zg‘atish muddati

Ish sifatining tegishli darajada emasligi tufayli kelib chiqqan talablar uchun da’vo qo‘zg‘atish muddati ushbu Kodeks 150-moddasining qoidalariga binoan belgilanadi.

Agar qonunchilik yoki pudrat shartnomasida pudratchining ish sifatiga kafolat berishi nazarda tutilgan, kafolat muddati belgilangan va ishdagi kamchiliklar xususidagi ariza kafolat muddatida berilgan bo‘lsa, da’vo qo‘zg‘atish muddati kamchiliklar xususida ariza berilgan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi.

Agar pudrat shartnomasiga muvofiq buyurtmachi ish natijasini qismlarga bo‘lib qabul qilgan bo‘lsa, da’vo muddati ish natijasi butunlay qabul qilib olingan kundan e’tiboran o‘ta boshlaydi.

653-modda. Pudratchining buyurtmachiga axborot berish majburiyati

Agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa yoki axborotning xarakteridan ish natijasidan pudrat shartnomasida nazarda tutilgan maqsadlarda ushbu axborotsiz foydalanish mumkin emasligi anglashilsa, pudratchi buyurtmachiga ishning natijasi bilan birga pudrat shartnomasining narsasini ishlatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishga taalluqli bo‘lgan axborotni ham berishi shart.

654-modda. Taraflar olgan axborotning maxfiyligi

Agar bir taraf pudrat shartnomasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarganligi tufayli ikkinchi tarafdan yangi yechimlar va texnikaviy bilimlar, jumladan huquqiy muhofaza qilinmaydigan yechim va bilimlar, shuningdek tijorat siri deb hisoblanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar olsa, u bu ma’lumotlarni ikkinchi tarafning roziligisiz uchinchi shaxslarga ma’lum qilishga haqli emas. Bunday axborotdan foydalanish tartibi va shartlari taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.

655-modda. Buyurtmachiga material va uskunalarni qaytarib berish

Agar buyurtmachi ushbu Kodeks 642-moddasining to‘rtinchi qismiga yoki 650-moddasining uchinchi qismiga asosan pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechsa, pudratchi buyurtmachi tomonidan berilgan materiallarni, uskunalarni, qayta ishlash (ishlov berish) uchun berilgan ashyo va boshqa mol-mulkni buyurtmachiga qaytarib berishi yoki buyurtmachi ko‘rsatgan shaxsga topshirishi, agar buning iloji bo‘lmasa — materiallar, uskunalar, ashyo va boshqa mol-mulkning qiymatini to‘lashi shart.

2-§. Maishiy pudrat

656-modda. Maishiy pudrat shartnomasi

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan pudratchi maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha buyurtmachi-fuqaroning topshirig‘i bilan uning maishiy yoxud boshqa shaxsiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan ma’lum ishlarni bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa ishni qabul qilish va haqini to‘lash majburiyatini oladi.

Agar qonunchilik yoxud shartnomada, shu jumladan buyurtmachi qo‘shilgan formulyarlar yoki boshqa standart shakllarning shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, pudratchi buyurtmachiga patta yoki buyurtma qabul qilinganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatni bergan paytdan boshlab maishiy pudrat shartnomasi tuzilgan hisoblanadi.

Mazkur hujjatlarning buyurtmachida bo‘lmasligi, uni maishiy pudrat shartnomasi tuzilganligini yoki uning shartlarini tasdiqlovchi guvohlar ko‘rsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum qilmaydi.

Maishiy pudrat shartnomasi ommaviy shartnomalar jumlasiga kiradi.

657-modda. Buyurtmachi huquqlarining kafolatlari

Pudratchi maishiy pudrat shartnomasiga haq evaziga bajariladigan qo‘shimcha ishlar yoki xizmatlarni kiritishga buyurtmachini majbur qilishga haqli emas. Bu talab buzilgan taqdirda, buyurtmachi tegishli ish yoki xizmatga haq to‘lashdan bosh tortishga haqli.

Buyurtmachi ish unga topshirilguncha istagan vaqtda belgilangan haqning u pudrat shartnomasini bajarishdan voz kechganligi to‘g‘risidagi bildirishni pudratchi olgunga qadar bajarilgan ishga mutanosib qismini va shartnomani bajarish maqsadida shu paytgacha qilingan xarajatlarni pudratchiga to‘lab, agar bu xarajatlar ish uchun to‘lanadigan haqning ko‘rsatib o‘tilgan qismiga kirmasa, maishiy buyurtma shartnomasini bajarishdan voz kechishga haqli. Shartnomaning buyurtmachini bunday huquqdan mahrum qiluvchi shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

658-modda. Taklif etilayotgan ish to‘g‘risida buyurtmachiga axborot berish

Maishiy pudrat shartnomasi tuzilguniga qadar pudratchi taklif qilinayotgan ish, uning turlari va xususiyatlari, bahosi, haq to‘lash shakli to‘g‘risida buyurtmachiga zarur va ishonarli axborotni topshirishi, shuningdek buyurtmachining iltimosiga binoan shartnomaga va tegishli ishga doir ma’lumotlarni unga berishi shart. Agar ishning xususiyati bo‘yicha ahamiyati bo‘lsa, pudratchi uni bajaradigan aniq shaxsni ko‘rsatishi kerak.

Pudratchidan olingan axborotning to‘liq yoki ishonchli bo‘lmaganligi oqibatida buyurtmachi nazarda tutgan xususiyatlarga ega bo‘lmagan ishni bajarish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan bo‘lsa, buyurtmachi bajarilgan ishga haq to‘lamagan holda maishiy pudrat shartnomasini bekor qilishni va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

659-modda. Bajarilgan ishdan foydalanish shartlari to‘g‘risida buyurtmachini ogohlantirish

Pudratchi buyurtmachiga ishni topshirish vaqtida ish natijasidan samarali va xavfsiz foydalanish uchun rioya etilishi zarur bo‘lgan talablarni, shuningdek tegishli talablarga rioya qilmaslik buyurtmachining shaxsan o‘zi va boshqa shaxslar uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ma’lum qilishi shart.

660-modda. Ishni pudratchining materialidan foydalanib bajarish

Agar maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha ish pudratchining materialidan foydalanib bajarilsa, buyurtmachi material haqining hammasini shartnoma tuzish vaqtida to‘laydi yoki uning shartnomada ko‘rsatilgan qismi to‘lanib, pudratchi bajargan ishni buyurtmachi qabul qilib olayotganida to‘la hisob-kitob qilinadi.

Maishiy pudrat shartnomasiga binoan material pudratchi tomonidan nasiyaga berilishi, shu jumladan buyurtmachi tomonidan materialning haqini bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan ham berilishi mumkin.

Pudratchi tomonidan berilgan material bahosining maishiy pudrat shartnomasi tuzilganidan so‘ng o‘zgarishi qayta hisob-kitob qilishga sabab bo‘lmaydi.

661-modda. Ishni buyurtmachining materialidan foydalanib bajarish

Agar maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha ish buyurtmachining materialidan foydalanib bajarilsa, shartnoma tuzilayotganda buyurtmachiga pudratchi tomonidan beriladigan pattada yoki boshqa hujjatda materialning aniq nomi, ta’rifi va taraflarning kelishuvi bo‘yicha belgilanadigan bahosi ko‘rsatilishi kerak. Patta yoki shunga o‘xshash boshqa hujjatdagi materialning bahosi xususida buyurtmachi keyinchalik sudda nizolashishi mumkin.

662-modda. Ishning bahosi va uni to‘lash

Maishiy pudrat shartnomasida ishning bahosi taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi va u pudratchi e’lon qilgan preyskurantda ko‘rsatilganidan yuqori bo‘lishi mumkin emas. Pudratchi ishni butunlay topshirganidan so‘ng buyurtmachi unga haq to‘laydi. Taraflarning kelishuviga muvofiq buyurtmachi shartnoma tuzilayotganda ish uchun haqni to‘liq yoki bo‘nak berish yo‘li bilan to‘lashi mumkin.

663-modda. Bajarilgan ishda kamchiliklar borligini aniqlash oqibatlari

Buyurtmachi ish natijasini qabul qilib olayotgan yoki pudrat narsasidan foydalanayotgan paytda kamchiliklarni aniqlasa, ushbu Kodeksning 650-moddasida nazarda tutilgan huquqlaridan birini ushbu Kodeks 652-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan umumiy muddat davomida, kafolat muddati bo‘lganida esa, shu muddat davomida amalga oshirishi mumkin.

Maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishning buyurtmachining o‘zi va boshqa shaxslar hayotiga yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarini tekin bartaraf etish to‘g‘risidagi talab, agar qonunda belgilangan tartibda uzoqroq muddat (xizmat muddati) nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi yoki uning qonuniy vorisi tomonidan ish natijasi qabul qilib olingan paytdan boshlab o‘n yil davomida qo‘yilishi mumkin. Bunday talab ushbu kamchiliklar qachon aniqlanganligidan qat’i nazar, shu jumladan ular kafolat muddati tugagandan so‘ng aniqlangan bo‘lsa ham, qo‘yilishi mumkin. Mazkur talab pudratchi tomonidan bajarilmasa, buyurtmachi yuqorida ko‘rsatilgan muddat davomida yo ish uchun to‘langan haqning tegishli qismini qaytarishni yoxud o‘z kuchi bilan yoki uchinchi shaxslar yordamida kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplashni talab qilishga haqli.

664-modda. Buyurtmachi ish natijasini qabul qilish uchun kelmasligining oqibatlari

Buyurtmachi bajarilgan ish natijasini qabul qilish uchun kelmagan yoki ishni qabul qilishdan boshqacha tarzda bo‘yin tovlagan taqdirda, pudratchi buyurtmachini yozma ravishda ogohlantirib, bunday ogohlantirishdan keyin ikki oy o‘tgach, ishning natijasini oqilona narxda sotishga, tushgan pulni esa, undan o‘ziga tegishli bo‘lgan butun to‘lovlarni chegirib qolib, ushbu Kodeksning 249-moddasiga muvofiq buyurtmachining nomiga depozitga o‘tkazishga haqli.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda pudratchi ish natijasini sotish o‘rniga uni ushlab turish yoki keltirilgan zararni buyurtmachidan undirib olish huquqidan foydalanishi mumkin.

665-modda. Maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha ish tegishli darajada yoki umuman bajarilmagan taqdirda buyurtmachining huquqlari

Maishiy pudrat shartnomasi bo‘yicha ish tegishli darajada yoki umuman bajarilmagan taqdirda buyurtmachi ushbu Kodeksning 434 — 436-moddalariga muvofiq sotib oluvchiga berilgan huquqlardan foydalanishi mumkin.

3-§. Qurilish pudrati

666-modda. Qurilish pudrati shartnomasi

Qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha pudratchi shartnomada belgilangan muddatda buyurtmachining topshirig‘i bilan muayyan obyektni qurish yoki boshqa qurilish ishini bajarish majburiyatini oladi, buyurtmachi esa pudratchiga ishni bajarish uchun zarur sharoit yaratib berish, ishni qabul qilish va kelishilgan haqni to‘lash majburiyatini oladi.

Qurilish pudrati shartnomasi korxonani, binoni (jumladan uy-joy binosini), inshootni yoki boshqa obyektni qurish yoki qayta qurish haqida, shuningdek montaj, sozlash-ishga tushirish va qurilayotgan obyekt bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan boshqa ishlarni bajarish haqida tuziladi. Qurilish pudrati shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bino va inshootlarni kapital ta’mirlash ishlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hollarda obyektni buyurtmachi qabul qilib olganidan keyin uni shartnomada ko‘rsatilgan muddatda ishlatishni ta’minlash majburiyatini pudratchi o‘z zimmasiga oladi.

Tugallanmagan qurilishning mulkdori u buyurtmachiga topshirilguncha va uning haqi to‘languncha pudratchi hisoblanadi.

667-modda. Pudrat obyektining tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan shikastlanish xavfi

Agar pudrat obyekti nobud bo‘lsa yoki shikastlansa, obyekt qabul qilib olingunga qadar uning tasodifan nobud bo‘lish yoki tasodifan shikastlanish xavfi pudratchi zimmasida bo‘ladi.

668-modda. Bajarilayotgan ishlarning xavfsizligi uchun javobgarlik

Bajarilayotgan ishlarning xavfsizligi uchun pudratchi javobgar bo‘ladi.

669-modda. Qurilish obyektini sug‘urtalash

Agar shartnomada taraflar boshqacha tartib va shartlarni belgilab qo‘ygan bo‘lmasalar, shartnomada nazarda tutilgan obyektni yoki ishlar majmuini pudratchi o‘z hisobidan sug‘urtalashi shart.

Sug‘urtalash majburiyati yuklatilgan taraf qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan tartibda ikkinchi tarafga shartnoma shartlariga muvofiq sug‘urta shartnomasi tuzganini tasdiqlovchi dalillarni, shu jumladan sug‘urta qiluvchi, sug‘urta summasi miqdori va sug‘urtalangan tavakkalchiliklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim qilishi kerak.

Sug‘urtalash tegishli tarafni sug‘urta hodisasi yuz berishining oldini olish chora-tadbirlarini ko‘rish majburiyatidan ozod qilmaydi.

670-modda. Loyiha-smeta hujjatlari

Pudratchi qurilish va u bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarni ishning hajmi, mazmuni va ularga qo‘yiladigan boshqa talablarni belgilaydigan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi shart.

Qurilish pudrati shartnomasida boshqa ko‘rsatmalar bo‘lmasa, pudratchi loyiha-smeta hujjatlarida ko‘rsatilgan hamma ishlarni bajarishi shart, deb taxmin qilinadi.

Qurilish pudrati shartnomasida loyiha-smeta hujjatlarining tarkibi va mazmuni aniqlangan, shuningdek qaysi taraf va qancha muddatda tegishli hujjatlarni taqdim qilishi lozimligi nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.

Pudratchi qurilish davomida loyiha-smeta hujjatlarida hisobga olinmagan ishlarni va shu munosabat bilan qo‘shimcha ishlarni bajarish va qurilishning smeta qiymatini oshirish zarurligini aniqlasa, bu to‘g‘rida buyurtmachiga xabar berishi shart.

Pudratchi buyurtmachidan o‘n kun ichida o‘z xabariga javob olmagan taqdirda, agar qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida buning uchun boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, tegishli ishlarni to‘xtatib, bekor turib qolish natijasida ko‘rilgan zararni buyurtmachining zimmasiga yuklashi shart. Agar buyurtmachi qo‘shimcha ish bajarish zarurati yo‘qligini isbotlasa, bu zararni qoplashdan ozod etiladi.

Ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlarida belgilangan majburiyatlarni bajarmagan pudratchi, agar buyurtmachining manfaatini ko‘zlab, xususan ishning to‘xtatilishi qurilish obyektining nobud bo‘lishiga yoki shikastlanishiga olib kelishi mumkin bo‘lganligi munosabati bilan darhol harakat qilish zarur bo‘lganligini isbotlay olmasa, u bajargan qo‘shimcha ishi uchun buyurtmachidan haq to‘lashni va shu tufayli ko‘rilgan zararni qoplashni talab qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Qo‘shimcha ish bajarish va unga haq to‘lashga buyurtmachi rozi bo‘lsa, bu ishlar pudratchining kasb faoliyati sohasiga kirmaydigan yoki u o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ularni bajara olmagan hollardagina pudratchi mazkur ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.

671-modda. Loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish

Agar texnik hujjatlarga o‘zgartishlar kiritish tufayli bajarilishi kerak bo‘ladigan qo‘shimcha ishlar qiymati jihatidan smetada ko‘rsatilgan qurilish umumiy qiymatining o‘n foizidan oshib ketmasa va qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan ishlarning xususiyatini o‘zgartirmasa, buyurtmachi texnik hujjatlarga o‘zgartishlar kiritishga haqli.

Texnik hujjatlarga ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilganiga nisbatan kattaroq hajmda o‘zgartishlar kiritish taraflar kelishgan qo‘shimcha smeta asosida amalga oshiriladi.

Agar ishning qiymati pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra smetadan kamida o‘n foiz oshgan bo‘lsa, pudratchi ushbu Kodeksning 382-moddasiga muvofiq smetani qayta ko‘rib chiqishni talab qilishga haqli.

Pudratchi loyiha-smeta hujjatlaridagi kamchiliklarni aniqlash va yo‘qotish bilan bog‘liq oqilona xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli.

672-modda. Qurilishni materiallar va uskunalar bilan ta’minlash

Agar shartnomada butun qurilishni yoki uning muayyan qismini moddiy ta’minlash buyurtmachi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan bo‘lmasa, qurilishni materiallar, shu jumladan detallar va konstruksiyalar, shuningdek uskunalar bilan ta’minlash majburiyati pudratchi zimmasida bo‘ladi.

Qurilishni ta’minlash majburiyatini zimmasiga olgan taraf o‘zi topshirgan materiallar (detallar, konstruksiyalar)dan, shuningdek uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanib bo‘lmasligi vujudga kelganligi uchun, agar foydalanib bo‘lmaslik ikkinchi taraf javob beradigan vaziyatlar tufayli vujudga kelganligini isbot qilmasa, javobgar bo‘ladi.

Buyurtmachi bergan materiallar yoki uskunalardan bajarilayotgan ishlar sifatini yomonlashtirmagan holda foydalanish mumkin emasligi aniqlangan va buyurtmachi ularni almashtirishdan bosh tortgan taqdirda, pudratchi qurilish pudrati shartnomasidan voz kechishga va buyurtmachidan ishning bajarilgan qismiga mutanosib ravishda shartnoma narxini to‘lashni talab qilishga haqli.

673-modda. Ishga haq to‘lash

Buyurtmachi pudratchining bajargan ishi uchun smetada nazarda tutilgan miqdorda, qonun yoki qurilish pudrati shartnomasida belgilangan muddatda va tartibda haq to‘laydi. Qonun yoki shartnomada tegishli ko‘rsatmalar bo‘lmasa, pudratchi tomonidan bajarilgan ishlar uchun ushbu Kodeksning 638-moddasiga muvofiq haq to‘lanadi.

Qurilish pudrati shartnomasida ishlarga obyekt buyurtmachi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng bir yo‘la va to‘liq hajmda haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

674-modda. Qurilish uchun yer uchastkasi berish

Buyurtmachi qurilish uchun yer uchastkasini qurilish pudrati shartnomasida ko‘rsatilgan kattalikda va holatda o‘z vaqtida berishi shart. Shartnomada bular ko‘rsatilgan bo‘lmasa, yer uchastkasining maydoni va holati ishning o‘z vaqtida boshlanishi, normal olib borilishi va muddatida tugallanishini ta’minlashi shart.

675-modda. Qurilish pudrati shartnomasidagi buyurtmachining qo‘shimcha majburiyatlari

Buyurtmachi qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda pudratchiga ishlarni bajarish uchun zarur bo‘lgan bino va inshootlarni foydalanishga berishi, uning manziliga yuklarning tashib berilishini, vaqtinchalik elektr ta’minoti tarmoqlari, suv va bug‘ quvurlari o‘tkazilishini ta’minlashi va boshqa xizmatlar ko‘rsatishi shart.

676-modda. Buyurtmachining qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha ishlarning bajarilishini tekshirishi va nazorat qilishi

Buyurtmachi, pudratchining operativ-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda, ishlarning bajarilishini va sifatini, ularni bajarish muddatlariga (grafikka) rioya etilishini, pudratchi bergan materiallarning sifatini, shuningdek buyurtmachining materialidan pudratchi to‘g‘ri foydalanayotganligini tekshirishga va nazorat qilishga haqli.

Buyurtmachi ishlarning bajarilishi ustidan tekshiruv va nazoratni amalga oshirayotganda qurilish pudrati shartnomasi shartlaridan ishlar sifatini yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan darajada chekinishni yoki boshqa kamchiliklarni aniqlasa, bu to‘g‘rida darhol pudratchiga xabar berishi shart. Buni xabar qilmagan buyurtmachi aniqlangan kamchiliklarni keyinchalik vaj qilib keltirish huquqini yo‘qotadi.

Agar pudratchi buyurtmachidan qurilish jarayonida olgan ko‘rsatmalar qurilish pudrati shartnomasi shartlariga zid bo‘lmasa va pudratchining operativ-xo‘jalik faoliyatiga aralashishdan iborat bo‘lmasa, pudratchi bunday ko‘rsatmalarni bajarishi shart.

Ishni tegishli darajada bajarmagan pudratchi buyurtmachining bu ishlarni tekshirmagani va nazorat qilmaganini vaj qilib keltirishga haqli emas, qonunchilikda bunday tekshirish va nazoratni amalga oshirish buyurtmachining zimmasiga yuklangan hollar bundan mustasno.

677-modda. Qurilish pudrati shartnomasidagi taraflarning hamkorlik qilishi

Agar qurilishni va u bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishda qurilish pudrati shartnomasini tegishli darajada bajarishga to‘siqlar borligi ma’lum bo‘lsa, taraflarning har biri bunday to‘siqlarni bartaraf etish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rishi shart. Ushbu majburiyatni bajarmagan taraf tegishli to‘siqlar bartaraf etilmaganligi tufayli yetkazilgan zararni undirib olish huquqidan mahrum bo‘ladi.

Qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bir taraf ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatlarni bajarish uchun qilgan xarajatlarni boshqa taraf to‘lashi lozim.

678-modda. Pudratchining atrof muhitni muhofaza qilish va qurilish ishlarini xavfsiz olib borish majburiyatlari

Pudratchi qurilish va u bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirayotgan vaqtda atrof muhitni muhofaza qilish va qurilish ishlarini xavfsiz olib borishga doir qonunchilikning talablariga rioya etishi shart va bunday talablar buzilganligi uchun uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘ladi.

Agar buyurtmachi bergan materiallar (detallar, konstruksiyalar)dan va uskunalardan ishni bajarish jarayonida foydalanish yoki uning ko‘rsatmalarini bajarish atrof muhitni muhofaza qilish va qurilish ishlarini xavfsiz olib borish to‘g‘risidagi taraflar uchun majburiy bo‘lgan talablarning buzilishiga olib kelsa, pudratchi bu materiallar va uskunalardan foydalanishga, ko‘rsatmalarni bajarishga haqli emas.

679-modda. Qurilish konservatsiya qilinganda buyurtmachining majburiyatlari

Agar taraflarga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha ishlar to‘xtatilgan bo‘lsa va qurilish obyekti konservatsiya qilingan bo‘lsa, buyurtmachi pudratchiga konservatsiya qilingan paytga qadar bajarilgan ishlar haqining hammasini to‘lashi, shuningdek ishlarni to‘xtatish va qurilishni konservatsiya qilish zaruriyati tufayli qilingan xarajatlarni to‘lashi shart.

680-modda. Ishlarni topshirish va qabul qilib olish

Pudratchidan qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha bajarilgan ishlar natijasi yoki, agar shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ishlarning bajarilgan bosqichi topshirishga tayyor ekanligi to‘g‘risida xabar olgan buyurtmachi darhol uni qabul qilib olishga kirishishi shart.

Agar qurilish pudrati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi ishlar natijasini qabul qilib olishni o‘z hisobidan tashkil etadi va amalga oshiradi. Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ishlarni qabul qilib olishda davlat organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari ishtirok etishi lozim.

Ishlarning alohida bosqichlarini oldindan qabul qilib olgan buyurtmachi ularning pudratchi aybdor bo‘lmagan holda nobud bo‘lish yoki shikastlanish xavfini, shu jumladan qurilish pudrati shartnomasida ishning pudratchi tomonidan tavakkal qilib bajarilishi nazarda tutilgan hollarda ham, o‘z zimmasiga oladi.

Ishlar natijasining pudratchi tomonidan topshirilishi va buyurtmachi tomonidan qabul qilib olinishi ikkala taraf imzolagan dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi. Taraflardan biri dalolatnomani imzolashdan bosh tortsa, bu to‘g‘rida ushbu dalolatnomaga yozib qo‘yiladi va dalolatnomani ikkinchi taraf imzolaydi.

Sud dalolatnomani imzolashdan bosh tortish sabablarini asosli deb topsagina, ishlar natijasini topshirish yoki qabul qilishning bir taraflama dalolatnomasini haqiqiy emas deb topishi mumkin.

Qonunda yoki qurilish pudrati shartnomasida nazarda tutilgan yoki shartnoma yuzasidan bajariladigan ishning xususiyatidan kelib chiqqan hollarda ish natijasini qabul qilib olishdan oldin dastlabki sinov o‘tkazilishi kerak. Bunday hollarda ishlar faqat dastlabki sinov ijobiy natija bergandagina qabul qilib olinishi mumkin.

Bajarilgan ishda undan qurilish pudrati shartnomasida ko‘rsatilgan maqsadda foydalanish imkoniyatini bermaydigan kamchiliklar borligi aniqlangan va ularni pudratchi, buyurtmachi yoki uchinchi shaxs bartaraf etishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, buyurtmachi ishlar natijasini qabul qilib olishdan bosh tortishga haqli.

681-modda. Ishning sifati uchun pudratchining javobgarligi

Pudratchi qurilish pudrati shartnomasida, texnikaviy loyihada va taraflar uchun majburiy bo‘lgan qurilish normalari va qoidalarida nazarda tutilgan talablardan chekinishga yo‘l qo‘yilganligi, shuningdek qurilish obyektining loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan ko‘rsatkichlariga, jumladan korxonaning ishlab chiqarish quvvatiga erishilmaganligi uchun buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladi.

Bino yoki inshoot rekonstruksiya qilinganida (yangilangan, qayta qurilgan, restavratsiya qilinganida va hokazo) binoning, inshootning yoki uning bir qismining mustahkamligi, barqarorligi, ishonchliligi pasaygani yoki yo‘qolgani uchun javobgarlik pudratchi zimmasiga yuklanadi.

Pudratchi buyurtmachining roziligisiz loyiha hujjatlaridan buyurtmachining jiddiy manfaatlariga ta’sir qilmaydigan tarzda ozgina chetga chiqish hollariga yo‘l qo‘yganligi uchun, basharti bu hol qurilishning sifatiga ta’sir etmaganligini isbotlab bera olsa, javobgar bo‘lmaydi.

682-modda. Qurilish pudrati shartnomasida sifat kafolatlari

Agar qurilish pudrati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi qurilish obyektining loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishishini va obyektni kafolat muddati davomida shartnomaga muvofiq holda ishlatish mumkinligini kafolatlaydi. Agar qonunda yoki shartnomada boshqacha kafolat muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa, kafolat muddati obyekt buyurtmachi tomondan qabul qilingan kundan boshlab o‘n yilni tashkil etadi.

Agar pudratchi kafolat muddati davomida aniqlangan kamchiliklar (nuqsonlar) obyektning yoki uning qismlarining normal eskirishi, uning noto‘g‘ri ishlatilishi yoxud buyurtmachining o‘zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar ishlab chiqqan qo‘llanmaning noto‘g‘riligi, obyektni buyurtmachining o‘zi yoki u jalb qilgan uchinchi shaxslar tegishli darajada ta’mirlamaganligi oqibatida vujudga kelganligini isbotlay olmasa, bu kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.

Kafolat muddati pudratchi javobgar bo‘lgan kamchiliklar natijasida obyektdan foydalanish mumkin bo‘lmagan butun vaqtga to‘xtatib turiladi.

Kafolat muddati davomida ushbu Kodeks 681-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan kamchiliklar aniqlangan taqdirda, buyurtmachi kamchiliklar aniqlangandan keyingi oqilona muddat davomida ular haqida pudratchini xabardor qilishi kerak.

683-modda. Kamchiliklarni buyurtmachi hisobidan bartaraf qilish

Qurilish pudrati shartnomasida pudratchining u javobgar bo‘lmagan kamchiliklarni buyurtmachining talabi bo‘yicha va buyurtmachi hisobidan bartaraf qilish majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

Kamchiliklarni bartaraf qilish ishi qurilish pudrati shartnomasining narsasiga bevosita bog‘liq bo‘lmagan yoki bu ishni pudratchi o‘ziga aloqasi yo‘q sabablarga ko‘ra bajara olmaydigan hollarda pudratchi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatni bajarishdan bosh tortishga haqli.

684-modda. Yer uchastkasining ipotekasi

Buyurtmachining qurilish pudrati shartnomasi bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan har qanday majburiyatlarni bajarishi, shu jumladan bajarilgan ishlar haqini to‘lashi, shartnomada nazarda tutilgan hollarda pudrat narsasini ushlab qolish bilan bir qatorda qurilish yoki unga bog‘liq ishlar olib borilayotgan yer uchastkasining ipotekasi bilan ham ta’minlanishi mumkin.

685-modda. Qurilish pudratini huquqiy jihatdan tartibga solish

Qurilish pudrati shartnomasi bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Kodeks bilan bir qatorda qurilish pudrati to‘g‘risidagi qonunchilik bilan ham tartibga solinishi mumkin.

4-§. Loyiha va qidiruv ishlari pudrati

686-modda. Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi (loyihalovchi, qidiruvchi) buyurtmachining topshirig‘i bo‘yicha belgilangan muddatda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va (yoki) qidiruv ishlarini bajarish majburiyatini, buyurtmachi esa uni qabul qilib olish va haq to‘lash majburiyatini oladi.

Agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, loyiha va qidiruv ishlari shartnomasini tasodifan bajarish mumkin bo‘lmasligi xavfi buyurtmachining zimmasiga tushadi.

687-modda. Loyiha va qidiruv ishlari uchun boshlang‘ich ma’lumotlar

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha buyurtmachi pudratchiga loyihalash haqida topshiriq, shuningdek loyiha-smeta hujjatlarini tuzish uchun zarur bo‘lgan boshqa boshlang‘ich ma’lumotlarni berishi shart. Loyihalash haqidagi vazifani buyurtmachining topshirig‘i bo‘yicha pudratchi tayyorlashi mumkin. Bu holda vazifa buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan paytdan boshlab taraflar uchun majburiy bo‘lib qoladi.

Pudratchi loyiha va qidiruv ishlarini bajarish uchun topshiriqdagi va boshqa boshlang‘ich ma’lumotlardagi talablarga rioya qilishi shart va buyurtmachining roziligi bilangina ulardan chetga chiqishga haqli.

688-modda. Buyurtmachining majburiyatlari

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha quyidagilarni bajarishi:

barcha ishlar bajarib bo‘linganidan keyin belgilangan narxning hammasini pudratchiga to‘lashi yoki ishlarning ayrim bosqichlari tugallanganidan keyin narxning tegishli qismini to‘lashi;

pudratchidan olingan loyiha-smeta hujjatlaridan faqat shartnomada nazarda tutilgan maqsadlarda foydalanishi, loyiha-smeta hujjatlarini pudratchining roziligisiz uchinchi shaxslarga bermasligi va undagi ma’lumotlarni oshkor qilmasligi;

loyiha va qidiruv ishlarini bajarishda shartnomada nazarda tutilgan hajmda va shartlarda pudratchiga xizmat ko‘rsatishi;

tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini tegishli davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan kelishib olishda pudratchi bilan birga qatnashishi;

pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli loyiha va qidiruv ishlarini bajarish uchun boshlang‘ich ma’lumotlar o‘zgarishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlarni pudratchiga to‘lashi;

tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarining yoki bajarilgan qidiruv ishlarining kamchiliklari borligi munosabati bilan uchinchi shaxs tomonidan buyurtmachiga nisbatan qo‘zg‘atilgan da’vo yuzasidan ishda qatnashishga pudratchini jalb qilishi shart.

689-modda. Pudratchining majburiyatlari

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasiga muvofiq pudratchi:

ishlarni loyihalash haqidagi topshiriq va boshqa boshlang‘ich ma’lumotlarga muvofiq bajarishi;

tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini buyurtmachi bilan kelishib olishi, shuningdek, buyurtmachi bilan birga tegishli davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan kelishib olishi;

tayyor bo‘lgan loyiha-smeta hujjatlarini va qidiruv ishlari natijalarini shartnomada belgilangan muddatlarda buyurtmachiga topshirishi;

buyurtmachining roziligisiz loyiha-smeta hujjatlarini uchinchi shaxslarga bermasligi shart.

690-modda. Pudratchining kafolatlari

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi uchinchi shaxslarda pudratchi tomonidan tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida ishlarni bajarishga qarshilik qilish yoki bajarishni cheklash huquqi yo‘qligini kafolatlaydi.

691-modda. Pudratchining hujjatlar va ishlardagi kamchiliklar uchun javobgarligi

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi loyiha-smeta hujjatlari va qidiruv ishlaridagi kamchiliklar uchun, shu jumladan keyinchalik qurilish jarayonida, shuningdek tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari va bajarilgan qidiruv ishlari ma’lumotlari asosida barpo etilgan obyektni ishlatish jarayonida aniqlangan kamchiliklar uchun javobgar bo‘ladi.

Loyiha-smeta hujjatlarida yoki qidiruv ishlarida kamchiliklar aniqlangan taqdirda pudratchi buyurtmachining talabi bilan loyiha-smeta hujjatlarini bepul qayta ishlab chiqishi va shunga muvofiq zarur qo‘shimcha qidiruv ishlarini bajarishi, shuningdek, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, keltirilgan zararni buyurtmachiga to‘lashi shart.

692-modda. Loyiha va qidiruv ishlari pudratini huquqiy jihatdan tartibga solish

Loyiha va qidiruv ishlari pudrat shartnomasi asosidagi munosabatlar ushbu Kodeks bilan, shuningdek loyiha va qidiruv ishlari pudrati to‘g‘risidagi qonunchilik bilan ham tartibga solinadi.

5-§. Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrati

693-modda. Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalari

Ilmiy-tekshirish ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi (ijrochi) buyurtmachi bergan vazifada ko‘rsatilgan ilmiy tekshirishlarni amalga oshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha esa — yangi buyum namunasini, unga tegishli konstruktorlik hujjatlarini, yangi texnologiyani ishlab chiqish yoki namuna nusxasini tayyorlash majburiyatini oladi. Bunda buyurtmachi pudratchiga (ijrochiga) texnikaviy topshiriq berish, ishni qabul qilib olish va uning haqini to‘lash majburiyatini oladi.

Pudratchi bilan tuzilgan shartnoma tadqiqot olib borish, namunalar ishlab chiqish va tayyorlashning butun jarayonini ham, ularning ayrim bosqichlarini (elementlarini) ham qamrab olishi mumkin.

694-modda. Ishlarni bajarish

Pudratchi ilmiy tekshirishlarni shaxsan o‘zi olib borishi shart. Agar ilmiy-tekshirish ishlari pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, u buyurtmachining roziligi bilan shartnomani bajarishga uchinchi shaxslarni jalb qilishga haqli.

Pudratchi tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajargan vaqtida, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, uni bajarishga uchinchi shaxslarni yordamchi pudratchi sifatida jalb qilishga haqli. Ijrochi bilan uchinchi shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarga ushbu Kodeksning 634-moddasida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi.

695-modda. Shartnoma to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligi

Agar ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, taraflar shartnoma narsasiga, uni bajarish jarayoni va olingan natijalarga doir ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlashlari shart. Maxfiy deb hisoblanadigan ma’lumotlar hajmi shartnomada belgilab qo‘yiladi. Pudratchi buyurtmachining yozma roziligi bilan mazkur shartnomalar bo‘yicha bajarilgan ishlarning natijalarini patentlashga haqli.

696-modda. Ish natijalariga taraflarning huquqlari

Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalaridagi taraflar ish natijalaridan, shu jumladan huquqiy muhofazaga loyiq natijalardan shartnomada nazarda tutilgan doirada va shartlarda foydalanish huquqiga ega.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, buyurtmachi o‘ziga pudratchi tomonidan berilgan ish natijalaridan, shu jumladan huquqiy muhofazaga loyiq natijalardan foydalanish huquqiga ega, pudratchi esa, o‘zi olgan natijalardan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanishga haqli.

697-modda. Buyurtmachining majburiyatlari

Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha buyurtmachi:

pudratchiga texnikaviy topshiriq berishi va u bilan ishlar dasturini (texnika-iqtisodiy parametrlarni) yoki mavzusini kelishib olishi;

pudratchiga ishlarni bajarish uchun zarur axborotni topshirishi;

bajarilgan ishlarni qabul qilib olishi va ularning haqini to‘lashi shart.

698-modda. Pudratchining majburiyatlari

Ilmiy-tekshirish ishlari yoki tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomasi bo‘yicha pudratchi:

buyurtmachi bilan kelishilgan dastur (texnika-iqtisodiy parametrlar)ga yoki mavzuga muvofiq ishlarni bajarishi va natijasini shartnomada nazarda tutilgan muddatda buyurtmachiga topshirishi;

intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish bilan bog‘liq talablarga rioya etishi;

bajarilgan ishlarda o‘zining aybi bilan yo‘l qo‘yilgan, buyurtmachining texnikaviy topshirig‘ida yoki shartnomada nazarda tutilgan texnika-iqtisodiy parametrlardan chekinishga olib kelishi mumkin bo‘lgan kamchiliklarni o‘z kuchi bilan va o‘z hisobidan bartaraf etishi;

kutilayotgan natijalarni olish mumkin emasligi yoki ishlarni davom ettirish maqsadga muvofiq emasligi aniqlangan taqdirda, bu haqda buyurtmachini darhol xabardor qilishi;

bunday shartnomalar asosida topshirilgan natijalarga uchinchi shaxslarda alohida huquqlar yo‘qligi haqida buyurtmachiga kafolat berishi shart.

Agar ilmiy-tekshirish yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, pudratchi:

ishlarni bajarish jarayonida qo‘lga kiritilgan ilmiy-texnikaviy natijalarni buyurtmachining roziligisiz e’lon qilmasligi;

ishlarni bajarish jarayonida qo‘lga kiritilgan huquqiy muhofazaga loyiq natijalarni himoya qilish choralarini ko‘rishi va bu haqda buyurtmachini xabardor qilishi;

buyurtmachiga bajarilgan ishlarda qo‘llanilgan huquqiy muhofazaga loyiq ilmiy-texnikaviy natijalardan foydalanish haqidagi maxsus litsenziyani berishi shart.

699-modda. Ilmiy-tekshirish ishlari shartnomasidagi natijalarga erishib bo‘lmaslik oqibatlari

Agar ilmiy-tekshirish ishlari jarayonida pudratchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar oqibatida natijaga erishish mumkin emasligi ma’lum bo‘lsa, buyurtmachi shartnomada nazarda tutilgan natijalarga erishib bo‘lmasligi aniqlaguncha amalga oshirilgan ishlar qiymatini to‘lashi shart, ammo bu qiymat shartnomada ko‘rsatilgan ishlar bahosining tegishli qismidan ortiq bo‘lmasligi lozim.

700-modda. Tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomasidagi natijalarga erishib bo‘lmaslik oqibatlari

Agar tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlarini bajarish jarayonida pudratchi aybdor bo‘lmagani holda ishni davom ettirish mumkin emasligi yoki maqsadga muvofiq emasligi ma’lum bo‘lsa, buyurtmachi pudratchining xarajatlarini to‘lashi shart.

701-modda. Shartnomani buzganlik uchun pudratchining javobgarligi

Pudratchi ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomasini umuman va tegishli darajada bajarmaganligi uchun, agar shartnomaning buzilishida o‘zining aybi yo‘qligini isbot qilmasa, buyurtmachi oldida javobgar bo‘ladi.

Agar shartnomada o‘zgacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, buyurtmachining ishlar qiymati doirasida ko‘rgan real zararini pudratchi qoplashi shart.

702-modda. Ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari pudrat shartnomalarini huquqiy tartibga solish

Ilmiy-tekshirish ishlari yoxud tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalari asosidagi munosabatlar ushbu Kodeks bilan bir qatorda, ilmiy-tekshirish, tajriba-konstruktorlik va texnologiya ishlari shartnomalari to‘g‘risidagi qonunchilik bilan ham tartibga solinadi.

38-BOB. HAQ EVAZIGA XIZMAT KO‘RSATISH

703-modda. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi

Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha ijrochi buyurtmachining topshirig‘i bilan ashyoviy shaklda bo‘lmagan xizmatni bajarish (muayyan harakatlarni qilish yoki muayyan faoliyatni amalga oshirish), buyurtmachi esa bu xizmat uchun haq to‘lash majburiyatini oladi.

Ushbu bobning qoidalari aloqa xizmati, tibbiyot, veterinariya, auditorlik, maslahat, axborot xizmatlari, ta’lim berish, sayyohlik xizmati va boshqa xizmatlar ko‘rsatish shartnomalariga tatbiq etiladi. Ushbu Kodeksning 37, 39, 40, 43, 44, 45, 46, 48, 49 va 51-boblarida nazarda tutilgan shartnomalar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar bundan mustasno.

704-modda. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bajarish

Shartnomada boshqa ko‘rsatmalar bo‘lmasa, ijrochi shartnomada nazarda tutilgan xizmat (xizmatlar)ni shaxsan o‘zi ko‘rsatishi shart.

705-modda. Xizmatlarga haq to‘lash

Buyurtmachi o‘ziga ko‘rsatilgan xizmatlar haqini haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda va tartibda to‘lashi shart.

Ijrochi o‘zi aybdor bo‘lmagani holda xizmatni bajara olmagan taqdirda buyurtmachi ijrochiga uning xarajatlarini to‘lashi shart, bunda ijrochining xizmat (xizmatlar) ko‘rsatishdan ozod qilinishi munosabati bilan olgan yoki olishi mumkin bo‘lgan foydasi chegirib qolinadi. Buyurtmachining aybi bilan xizmatni bajarish mumkin bo‘lmay qolgan taqdirda, agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmatlar bahosi butunlay to‘lanishi kerak.

706-modda. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini buzganlik uchun ijrochining javobgarligi

Ijrochi haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda u keltirilgan zararni buyurtmachiga batamom to‘lashi shart, lekin bu to‘lov shartnomada nazarda tutilgan xizmatlar bahosining ikki baravaridan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish vaqtida ijrochi majburiyatini umuman yoki tegishli darajada bajarmagan hollarda haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasida ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgandan kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilishi mumkin.

707-modda. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilish

Buyurtmachi xizmatlarning belgilangan bahosini batamom to‘lash sharti bilan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma ijrochining aybli harakatlari tufayli bekor qilingan hollar bundan mustasno.

Ijrochi shartnoma bekor qilinishi tufayli buyurtmachiga yetkazilgan zararning hammasini to‘lash sharti bilangina haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini bekor qilishni talab qilishga haqli, shartnoma buyurtmachining aybi bilan bekor qilingan hollar bundan mustasno.

708-modda. Haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini huquqiy jihatdan tartibga solish

Pudrat to‘g‘risidagi umumiy qoidalar va maishiy pudrat to‘g‘risidagi qoidalar ushbu bobning qoidalariga zid bo‘lmasa, haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasiga nisbatan qo‘llanadi.

39-BOB. YO‘LOVCHI, BAGAJ VA YUK TASHISH

709-modda. Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashishning umumiy qoidalari

Yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish (quyida tashish deb yuritiladi) tashish shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Tashishning umumiy shartlari ushbu Kodeks, transport ustavlari va kodekslari, boshqa qonunlar va ularga muvofiq chiqarilgan qoidalar bilan belgilanadi.

Transportning ayrim turlarida yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartlari, shuningdek taraflarning ularni tashish bo‘yicha javobgarligi, agar ushbu Kodeksda, transport ustavlari va kodekslarida, boshqa qonunlarda va ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, taraflarning kelishuvi bilan belgilanadi.

710-modda. Yo‘lovchi tashish shartnomasi

Yo‘lovchi tashish shartnomasi bo‘yicha tashuvchi yo‘lovchini, yo‘lovchi bagaj topshirgan bo‘lsa — bagajni ham belgilangan manzilga eltib berish hamda bagajni olishga vakolat berilgan shaxsga topshirish majburiyatini oladi. Bunda yo‘lovchi belgilangan yo‘l haqini, bagaj topshirgan bo‘lsa, bagaj tashish haqini ham to‘lash majburiyatini oladi.

Yo‘lovchi va bagaj tashish shartnomasi tuzilganligi tegishli chipta va bagaj pattasi bilan tasdiqlanadi.

Yo‘lovchi tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda:

o‘zi bilan bolalarni bepul yoki boshqa imtiyozli shartlarda olib yurish;

belgilangan miqdor doirasida o‘zi bilan bepul bagaj olib yurish;

belgilangan miqdor doirasida bepul, miqdordan ortiqchasi uchun esa — tarif bo‘yicha haq to‘lab, tashish uchun bagaj topshirish huquqiga ega.

711-modda. Yuk tashish shartnomasi

Yuk tashish shartnomasi bo‘yicha yuk tashuvchi yuk jo‘natuvchi tomonidan o‘ziga ishonib topshirilgan yukni belgilangan manzilga yetkazib berish va uni olishga vakolat berilgan shaxsga (oluvchiga) topshirish, yuk jo‘natuvchi esa yukni tashib berganlik uchun belgilangan haqni to‘lash majburiyatini oladi.

Yuk tashish shartnomasi tuzilganligi tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan hujjat (transport yukxati, konosament yoki yukka doir boshqa hujjat)ni tuzish va uni yuk jo‘natuvchiga topshirish yo‘li bilan tasdiqlanadi.

712-modda. Charter (fraxtlash) shartnomasi

Charter (fraxtlash) shartnomasi bo‘yicha bir taraf (fraxtchi) ikkinchi tarafga (fraxtlovchiga) haq evaziga bir yoki bir necha transport vositasi sig‘imining hammasini yoki bir qismini yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish uchun bir marta yoki bir necha marta qatnashga berish majburiyatini oladi.

Charter (fraxtlash) shartnomasini tuzish tartibi, uning shakli va turlari transport ustavlari va kodekslarida belgilab qo‘yiladi.

713-modda. Bir yo‘nalishda har xil transportda tashish

Har xil transportda yagona transport hujjati asosida yo‘lovchi, bagaj va yuk tashilganida (bir yo‘nalishda har xil transportda tashish) transport tashkilotlarining o‘zaro munosabatlari, shuningdek bunday tashishni tashkil qilish tartibi bir yo‘nalishda har xil (aralash) transportda tashishga doir qonunchilikka muvofiq tegishli turdagi transport tashkilotlari o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilanadi.

714-modda. Umumiy foydalanishdagi transportda tashish

Tijorat tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan tashish, agar qonunchilikdan yoki ushbu tashkilotga berilgan ruxsatnomadan (litsenziyadan) uning har qanday fuqaro yoki yuridik shaxs murojaatiga muvofiq yo‘lovchi, bagaj va (yoki) yuk tashishi shartligi anglashilsa, umumiy foydalanishdagi transportda tashish deb e’tirof etiladi.

Umumiy foydalanishdagi transportda tashish shartnomasi ommaviy shartnomadir.

715-modda. Kira haqi

Agar qonunchilikda boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo‘lovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun taraflar kelishuvi bilan belgilangan miqdorda haq olinadi.

Umumiy foydalanishdagi transportda yo‘lovchi, bagaj va yuk tashiganlik uchun olinadigan haq transport ustavlari va kodekslarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan tariflar asosida joriy etiladi.

Tashuvchi tomonidan yuk egasining talabi bilan bajariladigan va tariflarda nazarda tutilmagan ish va xizmatlar uchun taraflarning kelishuviga muvofiq haq to‘lanadi.

Agar qonunchilikda, tashish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u majburiyat mohiyatidan kelib chiqmasa, tashuvchi tashish uchun topshirilgan yuklarni o‘ziga tegishli kira haqini va tashish bo‘yicha boshqa to‘lovlarni ta’minlash maqsadida ushlab turish huquqiga ega.

716-modda. Transport vositalarini berish, yuk ortish (tushirish)

Tashuvchi yuk jo‘natuvchiga tegishli yukni tashishga yaroqli shay holdagi transport vositalarini jo‘natuvchidan qabul qilingan talabnoma (buyurtma)da, tashish shartnomasida yoki tashishni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomada belgilangan muddatda yuk ortish uchun berishi shart.

Berilgan transport vositalari tegishli yukni tashishga yaroqsiz bo‘lsa, yuk jo‘natuvchi bunday transportni rad etishga haqli.

Yuk ortish (tushirish) transport tashkiloti yoki jo‘natuvchi (oluvchi) tomonidan tashish shartnomasida nazarda tutilgan tartibda transport ustavlari, kodekslari hamda ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Yuk jo‘natuvchi (oluvchi)ning kuch va vositalari bilan amalga oshiriladigan yuk ortish (tushirish) ishlari tashish shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, agar bunday muddatlar transport ustavlari va kodekslarida hamda ularga muvofiq chiqarilgan qoidalarda belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, bajarilishi kerak.

717-modda. Yo‘lovchi, bagaj va yukni eltib qo‘yish muddati

Tashuvchi yo‘lovchi, bagaj yoki yukni belgilangan manzilga transport ustavlari, kodekslari yoki shartnomada nazarda tutilgan tartibda belgilangan muddatda, bunday muddat bo‘lmagan taqdirda esa, oqilona muddatda eltib qo‘yishi shart.

718-modda. Tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik

Tashishdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan yoki tegishli suratda bajarmagan taqdirda, taraflar ushbu Kodeksda, transport ustavlari va kodekslarida, shuningdek taraflarning kelishuvida belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Transport tashkilotlarining yo‘lovchilar va yuk egalari bilan tashuvchining qonunda belgilab qo‘yilgan javobgarligini cheklash yoki bartaraf etish haqidagi kelishuvlari haqiqiy emas.

719-modda. Tashuvchining transport vositalarini bermaganlik, jo‘natuvchining esa berilgan transport vositalaridan foydalanmaganlik uchun javobgarligi

Tashuvchi yuk tashish uchun transport vositalarini qabul qilingan talabnoma (buyurtma)ga yoki boshqa tashish shartnomasiga muvofiq bermaganligi uchun, jo‘natuvchi esa yukni taqdim etmaganligi yoki berilgan transport vositalaridan boshqa sabablarga ko‘ra foydalanmaganligi uchun transport ustavlari va kodekslari, shuningdek taraflarning kelishuvlari bilan belgilangan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Agar transport vositalarini bermaslik yoki o‘z vaqtida bermaslik, yoxud transport vositalaridan foydalanmaslik:

yengib bo‘lmas kuch yoki boshqa stixiyali hodisalar, shuningdek harbiy harakatlar tufayli;

muayyan yo‘nalishlarda yuk tashish tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda to‘xtatib yoki cheklab qo‘yilganligi tufayli yuz bergan bo‘lsa, yuk tashuvchi va yuk jo‘natuvchi javobgarlikdan ozod qilinadi.

720-modda. Yo‘lovchini jo‘natib yuborish kechiktirilgani uchun tashuvchining javobgarligi

Yo‘lovchi tashish uchun transport vositasini kechiktirib jo‘natganlik yoki bunday transport vositasi manzilga kechikib kelganligi uchun, shahar va shahar atrofi yo‘nalishlarida tashish bundan mustasno, tashuvchi, agar kechikish yengib bo‘lmas kuch yoxud tashuvchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar tufayli yuz berganini isbot qilib bermasa, yo‘lovchiga jarima tariqasida neustoyka to‘laydi. Jarima miqdori va uni to‘lash tartibi transport ustavlari va kodekslari bilan belgilanadi.

Yo‘lovchiga jarima to‘lash tashuvchini transport vositasini jo‘natish kechikkanligi yoki manzilga kechikib yetib kelganligi sababli yo‘lovchi ko‘rgan zararni unga to‘lash majburiyatidan ozod qilmaydi.

Transport vositalarini jo‘natish kechikkanligi sababli yo‘lovchi ularda jo‘nashdan bosh tortgan taqdirda, tashuvchi yo‘lovchiga kira haqini va u qilgan boshqa xarajatlarni qaytarishi shart.

721-modda. Yuk yoki bagaj yo‘qolganligi, kam chiqqanligi va ularga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun tashuvchining javobgarligi

Agar tashuvchi yuk yoki bagajning yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishida (buzilishida) o‘zining aybi yo‘qligini isbot qilib bera olmasa, tashish uchun qabul qilib olgan yuk va bagaj yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki ularga shikast yetkazilganligi (buzilganligi) uchun javobgar bo‘ladi.

Yuk yoki bagajni tashish vaqtida yetkazilgan zarar tashuvchi tomonidan quyidagi miqdorda to‘lanadi:

yuk yoki bagaj yo‘qolgan yoxud kam chiqqan taqdirda — yo‘qolgan yoki kam chiqqan yuk yoxud bagajning qiymati miqdorida;

yuk yoki bagajga shikast yetkazilgan (buzilgan) taqdirda — uning qiymati qancha pasaygan bo‘lsa, shuncha summa miqdorida, shikastlangan (buzilgan) yuk yoki bagajni tiklash mumkin bo‘lmaganida esa, uning qiymati miqdorida;

bahosini e’lon qilgan holda tashishga topshirilgan yuk yoki bagaj yo‘qolgan taqdirda — yuk yoki bagajning e’lon qilingan qiymati miqdorida.

Transport tashkiloti real zararni to‘lash bilan birga yo‘qolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan (buzilgan) yukni tashish uchun olgan kira haqini, agar u yukning bahosiga kirmasa, jo‘natuvchi (oluvchi)ga qaytarib beradi.

Jo‘natuvchi tashuvchidan yuklar yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi (buzilishi) tufayli yetkazilgan boshqa zararni ham to‘lashni talab qilishga haqli.

Yuk yo‘qolganligi, kam chiqqanligi, shikastlanganligi (buzilganligi) uchun bir yo‘nalishda har xil transportda tashuvchilar yuk jo‘natuvchi (yuk oluvchi) oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Agar oxirgi tashuvchi yukning kechikib kelishida tashuvchilarning aybi yo‘qligini isbot qilib bera olmasa, yukning kechikib kelganligi uchun javobgar bo‘ladi.

722-modda. Tashishni tashkil etish shartnomalari

Tashuvchi bilan yuk egasi muntazam tashishni amalga oshirish zarur bo‘lganida tashishni tashkil etish haqida uzoq muddatli shartnomalar tuzishlari mumkin.

Yuk tashishni tashkil etish shartnomasi bo‘yicha tashuvchi shartlashilgan hajmdagi yuklarni belgilangan muddatlarda qabul qilib olish, yuk egasi esa — topshirish majburiyatini oladilar. Yuk tashishni tashkil etish shartnomasida tashish uchun beriladigan transport vositalarining va topshiriladigan yuklarning hajmi, ularni topshirish muddatlari va boshqa shartlari, hisob-kitob qilish tartibi, shuningdek tashishni tashkil etishning boshqa shartlari belgilab qo‘yiladi.

723-modda. Transport tashkilotlari o‘rtasidagi shartnomalar

Har xil transport tashkilotlari o‘rtasida yuk tashishni ta’minlashga qaratilgan ishlarni tashkil etish haqida shartnomalar (asosiy kelishuvlar, yuklarni markazlashtirilgan tartibda tashib keltirish (tashib ketish) shartnomalari va boshqalar) tuzilishi mumkin. Bunday shartnomalarni tuzish tartibi transport ustavlari va kodekslari, boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.

724-modda. Yuk tashishga nisbatan talab va da’volar

Tashuvchiga nisbatan yuk tashishdan kelib chiqadigan da’voni qo‘zg‘atishdan oldin unga tegishli transport ustavi yoki kodeksida nazarda tutilgan tartibda talab qo‘yilgan bo‘lishi shart.

Agar yuk tashuvchi talabni qondirishni to‘liq yoki qisman rad etsa yoki o‘ttiz kunlik muddat ichida talabga javob qaytarmasa, yuk jo‘natuvchi yoki yuk oluvchi tashuvchiga nisbatan da’vo qo‘zg‘atishi mumkin.

Yuk tashishdan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha da’vo qo‘zg‘atish muddati ushbu Kodeksning 154-moddasiga muvofiq belgilanadigan paytdan boshlab bir yil qilib belgilanadi.

Ushbu moddaning qoidalari yo‘lovchi yoki bagaj tashishdan kelib chiqadigan talablarga taalluqli emas.

725-modda. Yo‘lovchining hayoti yoki sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi uchun tashuvchining javobgarligi

Yo‘lovchining hayoti yoki sog‘lig‘iga shikast yetkazilganligi uchun tashuvchining javobgarligi, agar qonunda yoki shartnomada kuchaytirilgan javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 57-bobi qoidalari bo‘yicha belgilanadi.

40-BOB. TRANSPORT EKSPEDITSIYASI

726-modda. Transport ekspeditsiyasi shartnomasi

Transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha ekspeditor haq evaziga va mijoz (yuk jo‘natuvchi yoki yuk oluvchi) hisobidan ekspeditsiya shartnomasida belgilangan yuk tashish bilan bog‘liq xizmatlarni bajarish yoki bajarishni tashkil etish majburiyatini oladi.

Transport ekspeditsiyasi shartnomasida ekspeditorning ekspeditor yoki mijoz tanlagan transportda va yo‘nalishda yuk tashishni tashkil etish majburiyati, mijoz yoki o‘zining nomidan yuk tashish shartnomasi (shartnomalari)ni tuzish, yukning jo‘natilishini va olinishini ta’minlash majburiyati, shuningdek tashish bilan bog‘liq boshqa majburiyatlari nazarda tutilishi mumkin.

Qo‘shimcha xizmatlar sifatida transport ekspeditsiyasi shartnomasida eksport yoki import uchun talab qilinadigan hujjatlarni olish, bojxona rasmiyatchiliklari yoki o‘zga rasmiyatchiliklarni bajarish, yukning miqdorini va holatini tekshirish, uni ortish va tushirish, mijoz zimmasiga yuklatiladigan bojlar, yig‘imlar va boshqa xarajatlarni to‘lash, yukni saqlash, uni belgilangan manzilda olish kabi yukni yetkazib berish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirish, shuningdek shartnomada belgilangan boshqa operatsiyalar va xizmatlarni bajarish nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

Ushbu bobning qoidalari transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq ekspeditorning majburiyatlarini tashuvchi bajargan hollarga ham taalluqlidir.

Transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarish shartlari, agar transport-ekspeditsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, taraflarning kelishuvi bilan aniqlanadi.

727-modda. Shartnomaning shakli

Transport ekspeditsiyasi shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Agar ekspeditorning o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun ishonchnoma zarur bo‘lsa, mijoz uni berishi shart.

728-modda. Transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha ekspeditorning javobgarligi

Transport ekspeditsiyasi shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganligi yoki tegishli darajada bajarmaganligi uchun ekspeditor ushbu Kodeks 24-bobining qoidalariga muvofiq belgilanadigan asoslarda va miqdorda javobgar bo‘ladi.

Agar ekspeditor majburiyatning buzilishi tashish shartnomalari tegishli ravishda bajarilmaganligi tufayli kelib chiqqanini isbotlasa, ekspeditorning mijoz oldidagi javobgarligi tegishli tashuvchi ekspeditor oldida javobgar bo‘ladigan qoidalarga muvofiq belgilanadi.

729-modda. Ekspeditorga beriladigan hujjatlar va boshqa axborot

Mijoz ekspeditorga hujjatlar hamda yukning xossalari, uni tashish shartlari to‘g‘risidagi boshqa axborotni, shuningdek ekspeditor transport ekspeditsiyasi shartnomasida nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotni berishi shart.

Ekspeditor olingan axborotdagi aniqlangan kamchiliklar haqida mijozga xabar qilishi, axborot to‘liq bo‘lmaganida esa, mijozdan zarur qo‘shimcha ma’lumotlarni talab qilib olishi shart.

Mijoz zarur axborotni taqdim etmagan taqdirda, ekspeditor bunday axborot taqdim etilgunga qadar tegishli majburiyatlarni ijro etishga kirishmaslikka haqli.

Mijoz ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan axborotni taqdim etish majburiyatini buzganligi munosabati bilan ekspeditorga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.

730-modda. Uchinchi shaxsning ekspeditor majburiyatini bajarishi

Agar transport ekspeditsiyasi shartnomasidan ekspeditorning o‘z majburiyatlarini shaxsan bajarishi shartligi kelib chiqmasa, ekspeditor o‘z majburiyatlarini bajarishga boshqa shaxslarni jalb qilishga haqli.

Majburiyatni bajarishni uchinchi shaxs zimmasiga yuklash ekspeditorni transport ekspeditsiyasi shartnomasining bajarilishi uchun mijoz oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.

731-modda. Ekspeditsiya shartnomasidan bosh tortish

Mijoz yoki ekspeditor o‘n kun oldin boshqa tarafni ogohlantirib, transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.

Transport ekspeditsiyasi shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortilganida, bu haqda ma’lum qilgan taraf shartnomaning bekor qilinishi tufayli ko‘rilgan zararni ikkinchi tarafga to‘laydi.

41-BOB. QARZ VA KREDIT

1-§. Qarz

732-modda. Qarz shartnomasi

Qarz shartnomasi bo‘yicha bir taraf (qarz beruvchi) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan boshqa ashyolarni mulk qilib beradi, qarz oluvchi esa qarz beruvchiga bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, o‘shancha summadagi pulni yoki qarzga olingan ashyolarning xili, sifati va miqdoriga baravar ashyolarni (qarz summasini) qaytarib berish majburiyatini oladi.

Qarz shartnomasi pul yoki ashyolar topshirilgan paytdan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

733-modda. Qarz shartnomasining shakli

Fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasi, agar bu qarzning summasi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ortiq bo‘lsa, oddiy yozma shaklda tuzilishi shart, shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs bo‘lganida esa summasidan qat’i nazar, yozma shaklda tuzilishi shart.

Qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu Kodeksning 109-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.

Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjat mavjud bo‘lsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

Agar qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan berilgan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qog‘oz bilan tasdiqlangan bo‘lsa, qarz shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

734-modda. Qarz shartnomasi bo‘yicha foizlar

Agar qonunda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi (yuridik shaxs yoki fuqaro) qarz oluvchidan qarz summasiga shartnomada belgilangan miqdorda va tartibda foizlar olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar qarz shartnomasi bo‘yicha qarz oluvchiga turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolar topshirilsa, ularning miqdori va shakli (pul yoki natura holidagi) shartnomada ko‘zda tutilgan hollarda foizlar to‘lanishi kerak.

Foizlar to‘lash tartibi va muddatlari qarz shartnomasi bilan belgilanadi. Agar foizlar to‘lash tartibi va muddatlari shartnomada belgilangan bo‘lmasa, ular asosiy qarzni qaytarish uchun shartnomada nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda to‘lanadi.

735-modda. Qarz oluvchining qarz summasini qaytarish majburiyati

Qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Agar qarz summasini qaytarish muddati shartnomada belgilangan bo‘lmasa, qarz oluvchi uni qarz beruvchi qarzni qaytarish haqida talab qo‘ygan kundan boshlab o‘ttiz kun mobaynida qaytarishi kerak.

Foizsiz qarz summasi qarz oluvchi tomonidan muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.

Foiz evaziga berilgan qarz summasi, agar qarz shartnomasida ko‘zda tutilgan bo‘lsa yoki qarz beruvchining roziligi bilan, muddatidan oldin qaytarilishi mumkin.

736-modda. Qarz oluvchi tomonidan qarz shartnomasini buzish oqibatlari

Agar qonunchilikda yoki qarz shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi qarz summasini vaqtida qaytarmagan hollarda ushbu Kodeksning 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar to‘langan bo‘lishidan qat’i nazar, qarz qaytarib berilishi kerak bo‘lgan kundan boshlab to u qarz beruvchiga qaytarib berilgan kungacha bu summa yuzasidan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda foizlar to‘lanishi kerak.

Agar qarz shartnomasida qarzni qismlab (bo‘lib-bo‘lib) qaytarish nazarda tutilgan bo‘lsa, qarz oluvchi qarzning navbatdagi qismini qaytarish uchun belgilangan muddatni buzgan taqdirda, qarz beruvchi qarzning qolgan barcha summasini tegishli foizlar bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

Agar qarz shartnomasida qarz bo‘yicha foizlarni qarzning o‘zini qaytarish muddatidan oldin to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, bu majburiyat buzilgan taqdirda, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini tegishli foizlari bilan birga muddatidan oldin qaytarishni talab qilishga haqli.

737-modda. Qarz shartnomasi yuzasidan da’volashish

Qarz oluvchi pul yoki boshqa ashyolarni qarz beruvchidan amalda olmaganligini yoki shartnomada ko‘rsatilganidan kam miqdorda olganligini isbot qilib, qarz shartnomasi yuzasidan da’volashishga haqli.

Yozma shaklda tuzilishi lozim bo‘lgan qarz shartnomasi yuzasidan guvohlarning ko‘rsatmalari yordamida da’volashish mumkin emas, shartnoma aldash, zo‘rlik ishlatish, tahdid qilish, qarz oluvchining vakili qarz beruvchi bilan yomon niyatda kelishishi yoki qiyin vaziyatlar ta’sirida tuzilgan hollar bundan mustasno.

Agar qarz oluvchi qarz shartnomasi yuzasidan da’volashuvi jarayonida pul yoki boshqa ashyolar haqiqatan ham qarz beruvchidan olinmaganligi aniqlansa, qarz shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Qarz oluvchi qarz beruvchidan pul yoki boshqa ashyolarni shartnomada ko‘rsatilganidan amalda kam miqdorda olgan hollarda shartnoma ana shu miqdordagi pul yoki ashyolarga tuzilgan hisoblanadi.

738-modda. Qarz oluvchining majburiyatlari bajarilishini ta’minlash

Qarz oluvchi qarz summasining qaytarib berilishini ta’minlash yuzasidan qarz shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmasa, shuningdek qarzning ta’minoti qarz beruvchi javobgar bo‘lmagan vaziyatlarda yo‘qotilsa yoki uning shartlari yomonlashsa, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni to‘lashni talab qilishga haqli.

739-modda. Aniq maqsadli qarz

Agar qarz shartnomasi qarz oluvchining mablag‘lardan aniq maqsadda (aniq maqsadli qarz) foydalanishi sharti bilan tuzilgan bo‘lsa, qarz oluvchi qarz beruvchiga qarz summasidan aniq maqsadda foydalanilishini nazorat qilish imkoniyatini ta’minlab berishi shart.

Qarz oluvchi qarz shartnomasining qarz summasidan aniq maqsadda foydalanish haqidagi shartlarini bajarmagan taqdirda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz beruvchi qarz oluvchidan qarz summasini muddatidan oldin qaytarishni va tegishli foizlarni to‘lashni talab qilishga haqli.

740-modda. Veksel

Taraflarning kelishuviga muvofiq qarz oluvchi veksel bergan bo‘lib, bu veksel uni beruvchining (oddiy veksel) yoki vekselda ko‘rsatilgan boshqa to‘lovchining (o‘tkazma veksel) vekselda nazarda tutilgan muddat kelgach, qarzga olingan pul summalarini to‘lash haqidagi hech qanday shart bilan bog‘lanmagan majburiyatini tasdiqlasa, taraflarning veksel bo‘yicha munosabatlari qonunchilik bilan tartibga solinadi.

741-modda. Obligatsiya

Qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda qarz shartnomasi obligatsiyalar chiqarish va sotish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

Obligatsiya qimmatli qog‘oz bo‘lib, uni saqlovchining obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini olish huquqini tasdiqlaydi. Obligatsiya uni saqlovchiga obligatsiyaning nominal qiymatidan obligatsiyada qayd etilgan miqdorda foizlar olish huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni ham beradi.

742-modda. Qarzni yangilab, qarz majburiyatiga aylantirish

Taraflarning kelishuviga muvofiq, oldi-sotdi, mulkni ijaraga olish yoki boshqa asoslar tufayli paydo bo‘lgan har qanday qarz qarz majburiyati bilan almashtirilishi mumkin.

Qarzning qarz majburiyati bilan almashtirilishi ushbu Kodeksning 347-moddasida nazarda tutilgan majburiyatni yangilash to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi va qarz shartnomasi uchun belgilangan shaklda bajariladi.

743-modda. Davlat zayomi shartnomasi

Davlat zayomi shartnomasi bo‘yicha davlat qarz oluvchi, fuqaro yoki yuridik shaxs esa qarz beruvchi bo‘ladi.

Davlat zayomlari ixtiyoriydir.

Davlat zayomi shartnomasi qarz beruvchining qarz oluvchidan unga qarzga berilgan pul mablag‘larini yoki, zayom shartlariga bog‘liq holda, — boshqa mol-mulkni, belgilangan foizlarni yoki boshqa mulkiy huquqlarni zayomni muomalaga chiqarish shartlarida nazarda tutilgan muddatlarda olish huquqini tasdiqlaydigan davlat obligatsiyalari yoki boshqa davlat qimmatli qog‘ozlarini qarz beruvchining sotib olishi yo‘li bilan tuziladi.

Muomalaga chiqarilgan zayomning shartlarini o‘zgartirishga (zayomni konversiyalash), shu jumladan ushbu Kodeksning 383-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Davlat zayomi shartnomasi bo‘yicha davlat ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

2-§. Kredit

744-modda. Kredit shartnomasi

Kredit shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit tashkiloti (kreditor) ikkinchi tarafga (qarz oluvchiga) shartnomada nazarda tutilgan miqdorda va shartlar asosida pul mablag‘lari (kredit) berish, qarz oluvchi esa olingan pul summasini qaytarish va uning uchun foizlar to‘lash majburiyatini oladi.

Qonunchilikka muvofiq kredit tashkilotlari bo‘lmagan tijorat tashkilotlarining kreditlashni amalga oshirishiga yo‘l qo‘yilgan hollarda kredit shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar bunday tijorat tashkilotlari amalga oshiradigan kreditlash munosabatlariga nisbatan qo‘llanadi.

Kredit bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda sud qarorida ko‘rsatilgan, kredit bo‘yicha undiriladigan summaga nisbatan ushbu Kodeksning 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlar, shuningdek neustoyka hisoblanishi to‘xtatiladi.

Agar ushbu paragrafning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u kredit shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, kredit shartnomasi munosabatlariga nisbatan ushbu bob 1-paragrafining qoidalari qo‘llanadi.

745-modda. Kredit shartnomasining shakli

Kredit shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart.

Yozma shaklga rioya qilmaslik kredit shartnomasining haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

746-modda. Kredit berish yoki olishdan bosh tortish

Kreditor qarz oluvchini to‘lovga qobiliyatsiz deb hisoblasa, qarz oluvchi kreditni ta’minlash majburiyatlarini bajarmasa, shartnomada nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzsa, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda qarz oluvchiga kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditni berishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli.

Qarz oluvchi kredit olishdan butunlay yoki qisman bosh tortishga haqli. Agar qonunchilikda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz oluvchi bu haqda kreditorni kredit shartnomasida belgilab qo‘yilgan kredit berish muddatiga qadar xabardor qilishi shart. Qarz oluvchi kredit shartnomasida nazarda tutilgan kreditdan aniq maqsadda foydalanish majburiyatini buzgan taqdirda kreditor shartnoma bo‘yicha qarz oluvchini bundan buyon kreditlashni to‘xtatishga haqli.

747-modda. Ashyolarni kreditga berish shartnomasi

Taraflar bir tarafning kredit shartnomasi shartlari asosida turga xos alomatlari bilan belgilangan ashyolarni ikkinchi tarafga berish majburiyatini nazarda tutuvchi shartnomani tuzishlari mumkin.

Ashyolarni kreditga berish to‘g‘risidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnomaning berilayotgan ashyolarning miqdori, assortimenti, to‘liqligi, sifati, idishi va (yoki) o‘ralishi haqidagi shartlari tovarlarni oldi-sotdi shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq bajarilishi shart.

748-modda. Tijorat krediti

Bajarilishi uchun pul summalarini yoki turga xos alomatlari bilan belgilanadigan boshqa ashyolarni ikkinchi tarafga mulk qilib topshirish talab qilinadigan shartnomalarda, agar qonunchilikda boshqa hol belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, kredit berish, shu jumladan bo‘nak, oldindan haq to‘lash, tovarlarga, ishlar yoki xizmatlarga haq to‘lashni kechiktirish va bo‘lib-bo‘lib to‘lash shaklida kredit berish (tijorat krediti) nazarda tutilishi mumkin.

Tegishli majburiyat bayon qilingan shartnoma to‘g‘risidagi qoidalarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa va u mazkur majburiyatning mohiyatiga zid kelmasa, tijorat kreditiga nisbatan tegishli suratda ushbu bobning qoidalari qo‘llanadi.

42-BOB. PUL TALABNOMASIDAN BOSHQA SHAXS FOYDASIGA VOZ KECHISH EVAZIGA MOLIYALASH

749-modda. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo‘yicha bir taraf (moliya agenti) ikkinchi tarafga (mijozga) shu mijozning (kreditorning) uchinchi shaxsga (qarzdorga) tovarlar berishidan, uning ishlarini bajarishidan yoki unga xizmatlar ko‘rsatishidan kelib chiqadigan pul talabnomasi hisobidan pul mablag‘larini beradi yoki berish majburiyatini oladi, mijoz esa moliya agentiga ushbu pul talabnomasini beradi yoki berish majburiyatini oladi.

Mijoz o‘zining moliya agenti oldidagi majburiyatlari bajarilishini ta’minlash maqsadida ham qarzdorga nisbatan pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechishi mumkin.

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi bo‘yicha moliya agentining majburiyatlari mijoz uchun buxgalteriya hisobini yuritishni, shuningdek mijozga boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan pul talabnomalari bilan bog‘liq boshqa moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishni ham o‘z ichiga olishi mumkin.

750-modda. Moliya agenti

Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalashtirish shartnomalarini moliya agenti sifatida banklar va boshqa kredit tashkilotlari tuzishi mumkin.

751-modda. Mablag‘ olish maqsadida boshqa shaxs foydasiga voz kechiladigan pul talabnomasi

To‘lov muddati kelgan pul talabnomasi ham (mavjud talabnoma), shuningdek kelajakda vujudga keladigan pul mablag‘larini olish huquqi (bo‘lajak talabnoma) ham moliyalash evaziga boshqa shaxs foydasiga voz kechiladigan narsa bo‘lishi mumkin.

Moliyalash evaziga boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan pul talabnomasi mijozning moliya agenti bilan tuzadigan shartnomasida shunday belgilangan bo‘lishi kerakki, mavjud talabnoma shartnoma tuzish paytiga monand bo‘lsin, bo‘lajak talabnoma esa — kechi bilan talab vujudga kelgan paytga monand bo‘lsin.

Bo‘lajak pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechilganida, u shartnomada nazarda tutilgan talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan pul mablag‘larini qarzdordan olish huquqi vujudga kelganidan keyin moliya agentiga o‘tgan hisoblanadi. Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish ma’lum voqeaga bog‘liq bo‘lsa, boshqa shaxs foydasiga voz kechish ushbu voqea yuz berganidan keyin kuchga kiradi. Bunday hollarda pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni qo‘shimcha rasmiylashtirish talab qilinmaydi.

752-modda. Mijozning moliya agenti oldidagi javobgarligi

Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida o‘zgacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, mijoz boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan pul talabnomasining haqiqiyligi uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘ladi.

Agar mijoz pul talabnomasini topshirish huquqiga ega bo‘lsa va ushbu talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish paytida u qarzdor bu huquqni bajarmaslikka haqli bo‘ladigan vaziyatlardan bexabar bo‘lsa, boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan pul talabnomasi haqiqiy hisoblanadi.

Agar mijoz bilan moliya agenti o‘rtasidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, moliya agenti boshqa shaxs foydasiga voz kechish narsasi bo‘lgan talabnomani ijroga taqdim etganida qarzdor bu talabnomani bajarmaganligi yoki tegishli darajada bajarmaganligi uchun mijoz javobgar bo‘lmaydi.

753-modda. Pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlashning haqiqiy emasligi

Mijoz bilan uning qarzdori o‘rtasida talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlash yoki cheklash haqida kelishuv bo‘lgan taqdirda ham, pul talabnomasidan moliya agenti foydasiga voz kechish haqiqiy hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilab qo‘yilgan qoida talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlash yoki cheklash haqida mijoz bilan qarzdor o‘rtasidagi kelishuvni buzgan holda talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechilishi munosabati bilan mijozni qarzdor oldidagi majburiyatlar yoki javobgarlikdan ozod qilmaydi.

754-modda. Pul talabnomasidan o‘z navbatida boshqa shaxs foydasiga voz kechish

Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, moliya agentining pul talabnomasidan o‘z navbatida boshqa shaxs foydasiga voz kechishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shartnomada pul talabnomasidan o‘z navbatida boshqa shaxs foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilgan hollarda unga nisbatan ushbu moddaning qoidalari tegishli suratda qo‘llanadi.

755-modda. Qarzdorning pul talabnomasini moliya agentiga ijro etishi

Qarzdor mijozdan yoki moliya agentidan pul talabnomasidan ushbu moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida yozma bildirishnoma olgan va unda ijro etilishi kerak bo‘lgan pul talabnomasi belgilangan, shuningdek to‘lov amalga oshirilishi kerak bo‘lgan moliya agenti ko‘rsatilgan taqdirda qarzdor to‘lovni moliya agentiga amalga oshirishi shart.

Qarzdorning iltimosiga ko‘ra moliya agenti oqilona muddatda qarzdorga pul talabnomasidan haqiqatan ham moliya agenti foydasiga voz kechilganligining isbotini taqdim etishi kerak. Agar moliya agenti ushbu majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, qarzdor ushbu talabnoma bo‘yicha to‘lovni mijozga nisbatan amalga oshirib, uning oldidagi o‘z majburiyatini bajarishga haqli.

Qarzdorning pul talabnomasini ushbu moddaning qoidalariga muvofiq moliya agenti foydasiga bajarishi qarzdorni mijoz oldidagi tegishli majburiyatdan ozod qiladi.

756-modda. Moliya agentining qarzdordan olingan summalarga huquqlari

Agar pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasi shartlariga ko‘ra moliya agenti mijozdan bu talabni sotib olib, shu yo‘l bilan uni moliyalasa, moliya agenti qarzdor talabni bajarish uchun to‘laydigan hamma summani olish huquqini qo‘lga kiritadi, mijoz esa moliya agenti olgan summalar u sotib olgan talabnomaning bahosidan kam bo‘lib chiqqanligi uchun agent oldida javobgar bo‘lmaydi.

Agar mijozning majburiyatlari moliya agentiga bajarilishini ta’minlash maqsadida pul talabnomasidan uning foydasiga voz kechilgan bo‘lsa va talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, moliya agenti mijozga hisobot taqdim etishi hamda mijozning talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan ta’minlangan qarzidan ortib qolgan summani mijozga berishi shart. Agar moliya agenti qarzdordan olgan pul mablag‘lari mijozning moliya agentiga talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan ta’minlangan qarzi summasidan kam bo‘lib chiqsa, mijoz qarzning qoldig‘i uchun moliya agenti oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

757-modda. Qarzdorning muqobil talablari

Moliya agenti qarzdorga murojaat etib, to‘lovni amalga oshirishni talab qilgan taqdirda, qarzdor ushbu Kodeksning 343-345-moddalariga muvofiq, o‘zining mijoz bilan tuzilgan shartnomaga asoslangan, qarzdor talabnomadan moliya agenti foydasiga voz kechilganligi haqida bildirish olgan paytda ixtiyorida bo‘lgan o‘z pul talabnomalarini inobatga olish uchun taqdim etishga haqli.

Mijoz talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechishni taqiqlash yoki cheklash to‘g‘risidagi kelishuvni buzganligi munosabati bilan qarzdor mijozga qo‘yishi mumkin bo‘lgan talablar moliya agentiga nisbatan kuchga ega emas.

758-modda. Moliya agenti olgan summalarning qarzdorga qaytarilishi

Mijoz qarzdor bilan tuzgan shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini buzgan taqdirda, qarzdor moliya agentiga o‘tgan talabnoma bo‘yicha to‘langan summalarni, agar qarzdor bunday summalarni bevosita mijozdan olishga haqli bo‘lsa, undan qaytarib berishni talab qilishga haqli emas.

Qarzdor talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish natijasida moliya agentiga to‘langan summalarni bevosita mijozdan olish huquqiga ega bo‘lishiga qaramay, agar moliya agenti talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bog‘liq va’da qilingan to‘lovni mijozga to‘lash majburiyatini bajarmaganligi yoki mijoz talabnomadan boshqa shaxs foydasiga voz kechish bilan bog‘liq to‘lovni olishi kerak bo‘lgan qarzdor oldidagi majburiyatini buzganligini bila turib, bunday to‘lovni amalga oshirganligi isbot qilingan bo‘lsa, ushbu summalar moliya agenti tomonidan qaytarilishini talab qilishga haqli.

43-BOB. BANK OMONATI

759-modda. Bank omonati shartnomasi

Bank omonati shartnomasi bo‘yicha birinchi tarafdan (omonatchidan) qabul qilib olgan yoki uning nomiga kelgan pul summasini (omonatni) qabul qilib olgan ikkinchi taraf (bank) shartnomada nazarda tutilgan shartlar asosida va tartibda omonat summasini qaytarish va unga foizlar to‘lash majburiyatini oladi.

Bank omonati shartnomasi omonat summasi bankka kelib tushgan kundan boshlab tuzilgan hisoblanadi.

Fuqaro omonatchi bo‘lgan bank omonati shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.

Bank bilan omonatchining omonat qo‘yilgan hisobvaraq bo‘yicha munosabatlariga nisbatan bank hisobvarag‘i shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar, agar ushbu bobning qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u bank omonati shartnomasining mohiyatidan kelib chiqmasa, qo‘llaniladi.

Ushbu bobning banklarga doir qoidalari qonunchilikka muvofiq yuridik shaxslardan omonatlar qabul qiluvchi boshqa kredit tashkilotlariga nisbatan ham qo‘llanadi.

760-modda. Pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilish huquqi

Pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilish huquqiga qonunchilikda belgilangan tartibda litsenziya berilgan banklar ega bo‘ladilar.

Bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs fuqarodan omonat qabul qilgan taqdirda, omonatchi darhol omonat summasini qaytarib berishni, shuningdek bu summaga ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan foizlarni to‘lashni hamda foiz summalaridan tashqari omonatchiga yetkazilgan hamma zararni qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar bunday shaxs bank omonati shartnomasi shartlari asosida yuridik shaxsning pul mablag‘larini qabul qilgan bo‘lsa, ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy bo‘lmasligining asoslari va oqibatlariga doir tegishli qoidalari qo‘llanadi.

Agar qonunda boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlar, kim bo‘lishidan qat’i nazar, fuqarolar va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini:

omonat saqlovchilarga omonatni talab qilishi bilanoq olish va omonatchining ushbu bob qoidalarida ko‘zda tutilgan boshqa huquqlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydigan veksellar yoki boshqa qimmatli qog‘ozlar berish;

ularga g‘ayriqonuniy chiqarilgan deb topilgan aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlarni sotish yo‘li bilan omonatlarga jalb qilish hollariga nisbatan qo‘llanadi.

761-modda. Bank omonati shartnomasining shakli

Bank omonati shartnomasi yozma shaklda tuzilgan bo‘lishi kerak.

Agar omonatning qo‘yilganligi omonat daftarchasi, jamg‘arma (depozit) sertifikati yoki bank tomonidan omonatchiga berilgan, qonunda, qonunga muvofiq belgilangan bank qoidalarida va bank amaliyotida qo‘llaniladigan ish muomalasi odatlarida bunday hujjatlar uchun nazarda tutilgan talablarga javob beradigan boshqa hujjat bilan tasdiqlangan bo‘lsa, bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Bank omonati shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik bunday shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligiga olib keladi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

762-modda. Omonatlarning turlari

Bank omonati shartnomasi omonatni talab qilinishi bilanoq berish (talab qilinguncha saqlanadigan omonat) yoki omonatni shartnomada belgilangan muddat tugaganidan keyin qaytarish (muddatli omonat) sharti bilan tuziladi.

Bank omonati shartnomasida qaytarib berishning qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa shartlari asosida omonatlar qo‘yish ham nazarda tutilishi mumkin.

Bank omonati shartnomasi bo‘yicha, omonatning turidan qat’i nazar, bank omonatchining talabi bilan omonat summasini yoki uning bir qismini berishi shart, yuridik shaxslar tomonidan qaytarib berishning shartnomada nazarda tutilgan boshqa shartlari asosida qo‘yilgan omonatlar bundan mustasno.

Bank omonati shartnomasining fuqaro omonatni talab qilishi bilanoq olish huquqidan, muddatli yoki boshqa omonatni esa xabardor etishning qonunchilikda belgilangan muddati o‘tganidan keyin olish huquqidan voz kechish haqidagi sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Agar omonatchi muddatli yoki boshqa omonatni, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar qaytarib berishni talab qilish niyatida bo‘lsa, u o‘zining bu niyatidan bankni omonatni olishni mo‘ljallayotgan sanadan kamida bir oy oldin xabardor qilishi shart.

Muddatli yoki boshqa omonat, talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat bundan mustasno, muddat tugagunga qadar yoxud bank omonati shartnomasida ko‘rsatilgan boshqa holatlar yuz bergunga qadar omonatchining talabi bilan unga qaytarilgan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat yuzasidan foizlar to‘lanmaydi.

Omonatchi muddatli omonat summasini muddat tugaganidan keyin yoki qaytarishning boshqa shartlari bilan qo‘yilgan omonat summasini bank omonati shartnomasida nazarda tutilgan holatlar vujudga kelganidan keyin qaytarib berishni talab qilmagan hollarda, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma omonatni talab qilib olguncha saqlash shartlari asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.

763-modda. Omonatga to‘lanadigan foizlar

Bank omonatchiga omonat summasi uchun bank omonati shartnomasida belgilanadigan miqdorda foizlar to‘laydi.

Bank omonati shartnomasida to‘lanadigan foizlar miqdori haqida shart bo‘lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan miqdorda foizlar to‘lashi shart.

Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlarga to‘lanadigan foizlar miqdorini o‘zgartirish huquqiga ega.

Bank foizlar miqdorini kamaytirgan taqdirda, foizlarning yangi miqdori foizlar kamaytirilganligi haqida omonatchilarga xabar berilganidan keyin qo‘yilgan omonatlarga nisbatan qo‘llanadi. Agar bank omonati shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu xabarga qadar qo‘yilgan omonatlarga nisbatan kamaytirilgan foizlar miqdori tegishli xabar berilgan paytdan bir oy o‘tganidan keyin qo‘llanadi.

Omonatni muayyan muddat o‘tgach yoki shartnomada nazarda tutilgan vaziyatlar yuz berganidan keyin qaytarish sharti bilan qo‘yilgan omonat yuzasidan bank omonati shartnomasida belgilangan foizlar miqdori, agar shartnomada boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bank tomonidan bir tomonlama kamaytirilishi mumkin emas.

764-modda. Omonatga foizlar yozish va to‘lash tartibi

Bank omonati summasiga foizlar omonat bankka tushgan kunning ertasidan boshlab, to u omonatchiga qaytarilgan yoki boshqa asoslarga ko‘ra omonatchining hisobvarag‘idan o‘chirilgan kundan oldingi kungacha yoziladi. Omonatchining hisobvarag‘i xatlanganligi oqibatida bank ushbu hisobvaraqdagi pul mablag‘laridan foydalana olmagan davr uchun foizlar yozilmaydi.

Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank omonati summasiga foizlar har bir oy o‘tganidan keyin uning talabi bilan omonat summasidan alohida to‘lanadi, bu muddatda talab qilib olinmagan foizlar esa foizlar yoziladigan omonat summasiga qo‘shilib boradi.

Omonat qaytarilganida shu paytgacha yozilgan hamma foizlar to‘lanadi.

765-modda. Omonatning qaytarilishini ta’minlash

Bank qabul qilib olgan omonatlarning qaytarilishini ta’minlash uchun foydalanishi shart bo‘lgan vositalar va usullar qonun bilan va bank omonati shartnomasi bilan belgilanadi.

Bank omonatchining talabiga muvofiq omonatning qaytarilishi ta’minlanganligi to‘g‘risida axborot berishi shart.

Bank omonatning qaytarilishini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan, shuningdek ta’minotni yo‘qotgan yoki uning shartlarini yomonlashtirgan taqdirda, omonatchi bankdan omonat summasini darhol qaytarib berishni, ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq unga foizlar to‘lashni hamda o‘ziga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilishga haqli.

766-modda. Omonatni qaytarish haqidagi talabni bajarmaganlik uchun javobgarlik

Bank omonatchining omonatni yoki uning bir qismini qaytarish haqidagi talabini ushbu Kodeksning 762-moddasida nazarda tutilgan muddatlarda bajarmagan taqdirda, ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq bank omonatga foizlar to‘lashdan qat’i nazar, keltirilgan zararni to‘lashi shart.

767-modda. Omonatchining hisobvarag‘iga uchinchi shaxslarning pul mablag‘larini qo‘yishi

Agar bank omonati shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonatga uchinchi shaxslardan omonatchining hisobvarag‘i to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda tushgan pul mablag‘lari kiritib qo‘yiladi. Bunda omonatchi bunday shaxslarga omonat bo‘yicha hisobvaraq to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni berish bilan ulardan pul mablag‘larini olishga rozi bo‘lgan deb hisoblanadi.

768-modda. Uchinchi shaxs foydasiga qo‘yilgan omonat

Omonat bankka muayyan uchinchi shaxs foydasiga qo‘yilishi mumkin.

Nomiga omonat qo‘yilayotgan fuqaroning ismini yoki yuridik shaxsning nomini ko‘rsatish bank omonati to‘g‘risidagi tegishli shartnomaning muhim shartidir.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, nomiga omonat qo‘yilgan uchinchi shaxs pul o‘z hisobvarag‘iga kelib tushgan paytdan boshlab omonatchi huquqlarini qo‘lga kiritadi.

Nomiga omonat qo‘yilgan uchinchi shaxs undan voz kechgan hollarda uchinchi shaxs nomiga bank omonati shartnomasi tuzgan shaxs omonatni qaytarib berishni talab qilishga yoki uni o‘z nomiga o‘tkazishga haqli.

769-modda. Omonat daftarchasi

Agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, fuqaro bilan bank omonati shartnomasi tuzish hamda uning hisobvarag‘iga omonat bo‘yicha pul mablag‘larini kiritib qo‘yish omonat daftarchasi bilan tasdiqlanadi.

Omonat daftarchasida bankning yoki uning tegishli filialining nomi, uning joylashgan manzili hamda omonat bo‘yicha hisobvaraq nomeri, shuningdek hisobvaraqqa kiritilgan hamma pul mablag‘lari summasi, hisobvaraqdan o‘chirilgan hamma pul mablag‘lari summasi va omonat daftarchasi bankka taqdim etilgan paytda hisobvaraqdagi pul mablag‘larining qoldig‘i ko‘rsatilgan va tasdiqlangan bo‘lishi shart.

Agar omonatning boshqa holati isbot qilingan bo‘lmasa, omonat to‘g‘risida omonat daftarchasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bank bilan omonatchi o‘rtasida omonat bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladi.

Bank omonati shartnomasida egasining nomi yozilgan omonat daftarchasini berish nazarda tutiladi.

Bank omonat daftarchasi taqdim etilganida omonatni beradi, unga foizlar to‘laydi hamda omonatchining omonat bo‘yicha hisobvaraqdagi pul mablag‘larini boshqa shaxslarga o‘tkazish haqidagi topshirig‘ini bajaradi.

Agar egasining nomi yozilgan omonat daftarchasi yo‘qotilgan bo‘lsa yoki taqdim etish uchun yaroqsiz holga keltirilgan bo‘lsa, bank omonatchining arizasiga muvofiq unga yangi omonat daftarchasi beradi.

770-modda. Omonat (depozit) sertifikati

Omonat (depozit) sertifikati egasining nomi yozilgan qimmatli qog‘oz bo‘lib, bankka qo‘yilgan omonat summasini ham, omonatchining (sertifikat saqlovchining) belgilangan muddat tamom bo‘lganidan keyin sertifikatni bergan bankda yoki ushbu bankning istalgan filialida omonat summasini va sertifikatda ko‘rsatib qo‘yilgan foizlarni olish huquqini ham tasdiqlaydi.

Omonat (depozit) sertifikati pul to‘lash uchun muddatidan oldin taqdim etilgan taqdirda bank, agar sertifikatning shartlarida foizlarning boshqacha miqdori belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, omonat summasini va talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar bo‘yicha to‘lanadigan foizlarni to‘laydi.

44-BOB. BANK HISOBVARAG‘I

771-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasi

Bank hisobvarag‘i shartnomasi bo‘yicha bir taraf — bank yoki boshqa kredit muassasasi (bundan buyon matnda — bank) ikkinchi tarafning — mijozning (hisobvaraq egasining) hisobvarag‘iga tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilish va kiritib qo‘yish, mijozning hisobvaraqdan tegishli summalarini o‘tkazish va to‘lash hamda hisobvaraq bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish haqidagi farmoyishlarini bajarish majburiyatini oladi.

Ushbu bobning banklarga taalluqli qoidalari boshqa kredit tashkilotlari o‘zlariga berilgan ruxsatnoma (litsenziya)ga muvofiq bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish va bajarish chog‘ida ularga nisbatan ham qo‘llanadi.

772-modda. Bankning mijozga qarashli pul mablag‘laridan foydalanishi

Bank mijozning bank hisobvarag‘ida mavjud bo‘lgan pul mablag‘laridan hisobvaraqqa talablar qo‘yilgan vaqtda mablag‘larning mavjud bo‘lishini hamda hisobvaraq egasining ushbu mablag‘larni hisobvaraqda turgan summalar doirasida moneliksiz tasarruf etish huquqini kafolatlagan holda foydalanishi mumkin.

773-modda. Mijozning pul mablag‘larini tasarruf etishi

Mijoz bankdagi hisobvaraqda turgan o‘z pul mablag‘larini mustaqil tasarruf etadi.

Bank mijozning pul mablag‘laridan qay tarzda foydalanishni belgilashga va nazorat qilishga hamda uning pul mablag‘larini o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish huquqlariga qonunda yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan boshqa cheklashlarni belgilashga haqli emas.

Mijozning bankdagi hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari qonunchilikda belgilangan tartibda naqd pul shaklida olinishi mumkin.

774-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasining shakli

Bank hisobvarag‘i shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.

Bank hisobvarag‘i shartnomasining yozma shakliga rioya qilmaslik ushbu shartnomaning haqiqiy bo‘lmasligini keltirib chiqaradi. Bunday shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

775-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish

Bank hisobvarag‘i shartnomasi bank tomonidan mijozga yoki u ko‘rsatgan shaxsga bankda taraflar kelishgan shartlarda hisobvaraq ochish yo‘li bilan tuziladi.

Yuridik shaxslar va fuqarolar o‘zlariga hisob-kitob va kassa xizmati ko‘rsatadigan banklarni mustaqil tanlaydilar.

Bank muayyan turdagi hisobvaraqlar ochish uchun e’lon qilgan, qonunda va qonunga muvofiq belgilab qo‘yilgan bank qoidalarida nazarda tutilgan tegishli talablarga mos keladigan shartlar asosida hisobvaraq ochishni taklif qilib murojaat etgan mijoz bilan bank hisobvarag‘i shartnomasi tuzishi shart.

Bank tegishli operatsiyalarni amalga oshirish qonunda, bankning ta’sis hujjatlarida va unga berilgan litsenziyada nazarda tutilgan hisobvaraqni ochishni rad etishga haqli emas, ana shunday rad etishga bankda bank xizmati ko‘rsatishga qabul qilish imkoniyati yo‘qligi sabab bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Bank bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzishdan asossiz ravishda bosh tortgan taqdirda, mijoz uning oldiga ushbu Kodeks 377-moddasining oltinchi va yettinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarni qo‘yishga haqli.

776-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini tasdiqlash

Mijoz nomidan hisobvaraqdagi mablag‘larni o‘tkazish va berish haqida ko‘rsatma beradigan shaxslarning huquqlari mijoz tomonidan bankka qonunda nazarda tutilgan, qonunga muvofiq bank qoidalari hamda bank hisobvarag‘i shartnomasi bilan belgilangan hujjatlarni taqdim etish yo‘li bilan tasdiqlanadi.

Mijoz uchinchi shaxslarning talabiga muvofiq, shu jumladan mijozning ushbu shaxslar oldidagi majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq talabiga muvofiq pul mablag‘larini hisobvaraqdan o‘chirish haqida farmoyish berishi mumkin. Bank tegishli talab qo‘yilgan vaqtda uni qo‘yishga haqli bo‘lgan shaxsni aniqlash va bunday talabning xarakteri va asoslarini belgilash imkonini beradigan zarur ma’lumotlar bu farmoyishlarda yozma ravishda ko‘rsatilgan taqdirda ularni qabul qiladi.

Bank hisobvarag‘i shartnomasida hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf etish huquqini elektron to‘lov vositalaridan hamda ularda mijozning o‘z imzosi, kodlari, parollari hamda farmoyish tegishli vakolati bo‘lgan shaxs tomonidan berilganligini tasdiqlaydigan boshqa vositalarning o‘xshatmalaridan foydalanilgan boshqa hujjatlar bilan tasdiqlash nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

777-modda. Hisobvaraq bo‘yicha bank bajaradigan operatsiyalar

Agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank qonunda, qonunga muvofiq belgilab qo‘yilgan bank qoidalarida va bank amaliyotida qo‘llanadigan ish muomalasi odatlarida ushbu turdagi hisobvaraqlar uchun belgilab qo‘yilgan operatsiyalarni amalga oshirish yo‘li bilan hisobvaraqqa kelib tushayotgan pul mablag‘larini qabul qilishi va kiritib qo‘yishi hamda mijozning pul mablag‘larini qo‘lga berish haqidagi topshiriqlarini bajarishi shart.

778-modda. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlari

Agar qonunda yoki bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha muddatlar belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, bank tegishli to‘lov hujjati bankka tushgan kunning ertasidan kechiktirmasdan tushgan pul mablag‘larini hisobvaraqqa kiritib qo‘yishi, mijozning topshirig‘iga muvofiq hisobvaraqdan pul mablag‘larini qo‘lga berishi yoki o‘tkazishi shart. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirish muddatlarini buzish bank uchun ushbu Kodeksning 327-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.

779-modda. Hisobvaraqni kreditlash

Bank hisobvarag‘i shartnomasiga muvofiq bank mijozning hisobvarag‘ida pul mablag‘lari yo‘qligiga qaramay, mijozning talablariga muvofiq to‘lovlarni amalga oshirgan hollarda bank mijozga to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab tegishli summaga kredit bergan (hisobvaraqni kreditlash) hisoblanadi.

Taraflarning hisobvaraqni kreditlash bilan bog‘liq huquq va majburiyatlari, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, qarz va kredit to‘g‘risidagi qoidalar bilan belgilanadi.

780-modda. Bankning hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirishga qilgan xarajatlarini to‘lash

Mijoz bankning hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari bilan operatsiya qilish bo‘yicha xizmatlariga bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan shartlar asosida haq to‘laydi. Mazkur operatsiyalarni amalga oshirish borasidagi bank xizmatlarining narxi bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilab qo‘yilmagan hollarda xizmatlar uchun to‘lanadigan haq ushbu Kodeksning 356-moddasiga muvofiq belgilanadi.

Bankning xizmatlari uchun ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan haq, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank tomonidan har oyning oxirida mijozning hisobvarag‘ida turgan pul mablag‘laridan undirib olinadi.

781-modda. Hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan bankning foydalanganligi uchun foiz to‘lash

Agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank hisobvaraqda turgan pul mablag‘laridan foydalanganligi uchun mijozga foizlar to‘laydi, ularning summasi hisobvaraqqa kiritib qo‘yiladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan foizlar bank tomonidan bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilanadigan miqdorda, shartnomada tegishli shartlar nazarda tutilmagan taqdirda esa— odatda bank talab qilib olinguncha saqlanadigan omonatlar yuzasidan to‘laydigan miqdorda to‘lanadi.

Foizlar summasi bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan muddatlarda, bunday muddatlar bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilmagan hollarda esa — yilning har choragi tamom bo‘lgach, hisobvaraqqa kiritib qo‘yiladi.

782-modda. Bankning va mijozning muqobil talablarini hisobga olish

Bankning hisobvaraqni kreditlash hamda bank xizmatlari uchun haq to‘lash bilan bog‘liq holda mijoz oldiga qo‘yiladigan pul talablari, shuningdek mijozning pul mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar to‘lash haqida bank oldiga qo‘yadigan talablari, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bir-birlarining talablarini hisobga olish yo‘li bilan bekor qilinadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan talablar bank tomonidan hisobga olinib, u talablar hisobga olinganligi to‘g‘risida mijozga bank hisobvarag‘i shartnomasida belgilab qo‘yilgan tartibda va muddatlarda, bordiyu tegishli shartlarni taraflar kelishib olishmagan bo‘lsa, banklar odatda tegishli hisobvaraqdagi pul mablag‘larining holati to‘g‘risida mijozlarga axborot beradigan tartibda va muddatlarda axborot berishi shart.

783-modda. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish asoslari

Bank hisobvaraqdan pul mablag‘larini mijozning topshirig‘i asosida o‘chiradi.

Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini o‘chirishga sudning qarori bilan, shuningdek ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo‘yilgan yoxud bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

784-modda. Hisobvaraqdan pul mablag‘larini o‘chirish navbati

Hisobvaraqda unga qo‘yilgan hamma talablarni qanoatlantirish uchun yetarli miqdorda pul mablag‘lari bo‘lsa, bu mablag‘larni hisobvaraqdan o‘chirish mijozning farmoyishlari va o‘chirish uchun boshqa hujjatlar tushgan tartibda (kalendar navbat), agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, amalga oshiriladi.

Hisobvaraqdagi pul mablag‘lari unga qo‘yilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, pul mablag‘lari quyidagi navbatda o‘chiriladi:

birinchi navbatda mutanosib ravishda budjetga, budjetdan tashqari fondlarga to‘lovlarni hamda ish haqi to‘lash uchun pul mablag‘lari berilishini nazarda tutuvchi to‘lov (ijrochi) hujjatlari bo‘yicha, alimentlarni undirishga doir talablarni qondirish uchun hisobvarag‘idan pul mablag‘larini o‘tkazish yoki pulni berishni nazarda tutuvchi ijrochi hujjatlar bo‘yicha, mualliflik shartnomalariga binoan mukofotlarni to‘lash bo‘yicha, shuningdek hayoti va salomatligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash bo‘yicha, budjetga to‘lovlar bo‘yicha hamda mehnatga oid va unga tenglashtirilgan huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan to‘lovlar bo‘yicha xo‘jalik subyektlarining majburiyatlari teng darajada bajarilishini ta’minlovchi ijrochi hujjatlar bo‘yicha pul o‘chiriladi;

ikkinchi navbatda boshqa pul talablarini qondirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari bo‘yicha pul o‘chiriladi;

uchinchi navbatda boshqa to‘lov hujjatlari bo‘yicha kalendar navbat tartibida pul o‘chiriladi.

Bevosita ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan ehtiyojlarga pul mablag‘larini qonunchilikda belgilangan miqdorda hisobdan chiqarish, kalendar navbat tartibidan tashqari navbatda amalga oshiriladi.

785-modda. Hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi va pul mablag‘lari asossiz o‘chirilganligi uchun bankning javobgarligi

Mijozga kelgan pul mablag‘lari hisobvaraqqa o‘z vaqtida kiritib qo‘yilmagan yoki bank hisobvaraqdan mablag‘larni asossiz ravishda o‘chirgan hollarda bank mijozning talabi bilan tegishli summani darhol hisobvaraqqa kiritib qo‘yishi shart, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Bank o‘z vaqtida kiritilmagan yoki asossiz o‘chirilgan summaga ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq foizlar to‘lashi va zararning o‘rnini qoplashi ham shart. Bank hisobvaraqdan mablag‘larni o‘z vaqtida bermaganligi va mijozning hisobvaraqdan mablag‘larni o‘tkazish haqidagi farmoyishlarini o‘z vaqtida bajarmaganligi uchun ham javobgar bo‘ladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

786-modda. Bank siri

Banklar bank hisobvarag‘i va bank omonati, hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalar hamda mijoz haqidagi ma’lumotlar sir saqlanishini kafolatlaydi.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar faqat mijozlarning o‘zlariga yoki ularning vakillariga berilishi mumkin. Davlat organlariga va ularning mansabdor shaxslariga bunday ma’lumotlar qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda berilishi mumkin.

Bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bank tomonidan oshkor qilingan taqdirda, huquqlari buzilgan mijoz keltirilgan zararning o‘rnini qoplashni bankdan talab qilishga haqli.

787-modda. Hisobvaraqni tasarruf qilishning cheklanishi

Mijozning hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini tasarruf qilish huquqlarini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi, hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini xatlash yoki qonunda nazarda tutilgan hollarda hisobvaraq bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish hollari bundan mustasno.

788-modda. Bank hisobvarag‘i shartnomasini bekor qilish

Bank hisobvarag‘i shartnomasi mijozning arizasiga muvofiq istalgan vaqtda bekor qilinadi.

Bankning talabiga ko‘ra bank hisobvarag‘i shartnomasi quyidagi hollarda sud tomonidan bekor qilinishi mumkin:

mijozning hisobvarag‘ida saqlanayotgan pul mablag‘lari summasi bank qoidalarida yoki shartnomada ko‘zda tutilgan eng kam miqdordan oz bo‘lsa, agar bunday summa bank bu haqda ogohlantirgan kundan boshlab bir oyda tiklanmasa;

agar shartnomada boshqa muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu hisobvaraq bo‘yicha bir yil davomida operatsiyalar qilinmagan bo‘lsa.

Hisobvaraqdagi pul mablag‘larining qoldig‘i mijozning tegishli yozma arizasi olinganidan keyin kechi bilan yetti kun ichida mijozga beriladi yoki uning ko‘rsatmasiga muvofiq boshqa hisobvaraqqa o‘tkaziladi.

Bank hisobvarag‘i shartnomasining bekor qilinishi mijoz hisobvarag‘ini yopish uchun asos bo‘ladi.

789-modda. Banklarning hisobvaraqlari

Ushbu bobning qoidalari, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vakillik hisobvaraqlariga, vakillik yordamchi hisobvaraqlariga, banklarning boshqa hisobvaraqlariga ham tatbiq etiladi.

45-BOB. HISOB-KITOBLAR

1-§. Hisob-kitoblar to‘g‘risida umumiy qoidalar

790-modda. Naqd pullar bilan va naqd pulsiz hisob-kitoblar

Fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan holda ular o‘rtasidagi hisob-kitoblar va fuqarolar ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pullar bilan yoki naqd pulsiz summasi cheklanmagan holda amalga oshirilishi mumkin.

Yuridik shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitoblar, shuningdek fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq holda ular ishtirokidagi hisob-kitoblar naqd pulsiz tartibda amalga oshiriladi. Ko‘rsatib o‘tilgan shaxslar o‘rtasidagi hisob-kitoblar, agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, naqd pulda ham amalga oshirilishi mumkin.

Agar qonundan boshqacha tartib kelib chiqmasa va bunday tartibni foydalanilayotgan hisob-kitoblar shakli taqozo etmasa, naqd pulsiz hisob-kitoblar ularda qatnashayotgan shaxslarning hisobvaraqlari ochilgan banklar, boshqa kredit tashkilotlari (bundan buyon –– banklar) orqali amalga oshiriladi.

791-modda. Naqd pulsiz hisob-kitoblarning shakllari

Naqd pulsiz hisob-kitoblar amalga oshirilganda to‘lov topshiriqnomalari, akkreditivlar, cheklar bilan hisob-kitob qilishga, inkasso bo‘yicha hisob-kitob qilishga, shuningdek qonunda, qonunga muvofiq chiqariladigan bank qoidalarida hamda bank amaliyotida qo‘llanilayotgan ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda hisob-kitob qilishga ham yo‘l qo‘yiladi.

Shartnomadagi taraflar ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan hisob-kitob qilish shakllarining istalganini tanlab olishga va shartnomada nazarda tutishga haqli.

2-§. To‘lov topshiriqnomalari bilan hisob-kitob qilish

792-modda. To‘lov topshiriqnomalari bilan qilinadigan hisob-kitoblar to‘g‘risida umumiy qoidalar

To‘lov topshiriqnomasi bilan hisob-kitob qilinganida bank mijozning topshirig‘iga muvofiq uning hisobvarag‘idagi mablag‘lar hisobidan ma’lum miqdor pul summasini mijoz ko‘rsatgan shaxsning shu yoki boshqa bankdagi hisobvarag‘iga qonunchilikda nazarda tutilgan muddatlarda, agar bank hisobvarag‘i shartnomasida qisqaroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u bank amaliyotida qo‘llaniladigan ish muomalasi odatlarida belgilangan bo‘lmasa, o‘tkazish majburiyatini oladi.

To‘lov topshiriqnomasida mablag‘larni oluvchi sifatida ko‘rsatilgan shaxs bankdan to‘lovni amalga oshirishni talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bunday huquq qonunda yoki mijozning bank bilan tuzgan shartnomasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

793-modda. To‘lov topshiriqnomasini bankning qabul qilish shartlari

To‘lov topshiriqnomasining hamda u bilan birga taqdim etiladigan hisob-kitob hujjatlarining mazmuni va shakli bank qoidalarida belgilab qo‘yilgan talablarga mos kelishi kerak.

Mijozning topshirig‘i uning hisobvarag‘ida mablag‘lar bo‘lgan taqdirdagina, agar mijoz bilan bank o‘rtasidagi shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, bank tomonidan ijroga qabul qilinadi.

794-modda. Topshiriqni ijro etish

Mijozning to‘lov topshiriqnomasini qabul qilgan bank tegishli pul summasini topshiriqnomada ko‘rsatilgan shaxsning hisobvarag‘iga o‘tkazish uchun uni mablag‘ oluvchining bankiga ushbu Kodeksning 792-moddasi birinchi qismida belgilab qo‘yilgan muddatlarda o‘tkazishi shart.

Bank mijozning topshiriqnomasida ko‘rsatilgan hisobvaraqqa pul mablag‘larini o‘tkazish operatsiyalarini bajarish uchun boshqa banklarni jalb qilishga haqli.

Bank mijozning talabiga ko‘ra, agar qonunda boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, topshiriqning bajarilganligi haqida unga darhol xabar berishi shart.

795-modda. Topshiriqni bajarmaganlik yoki tegishli darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik

Mijozning topshirig‘i bajarilmagan yoki tegishli darajada bajarilmagan taqdirda, bank buning uchun ushbu Kodeksning 327-moddasiga muvofiq javobgar bo‘ladi.

To‘lov topshiriqnomasi bo‘yicha hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan banklar ushbu topshiriqni bergan shaxs oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

3-§. Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblar

796-modda. Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitoblar haqida umumiy qoidalar

Akkreditiv bo‘yicha hisob-kitob qilinganida mijozning (to‘lovchining) topshirig‘i bilan va uning ko‘rsatmalariga muvofiq akkreditiv ochgan bank (bank-emitent) mablag‘larni oluvchi yoki u ko‘rsatgan shaxs (bundan keyingi matnda — mablag‘larni oluvchi) hujjatlarni taqdim etgan va akkreditivda nazarda tutilgan boshqa shartlarni bajargan taqdirda to‘lovni amalga oshirish majburiyatini oladi.

Qoplangan (deponentlangan) akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent uni ochish vaqtida mijozning o‘z mablag‘larini yoki unga berilgan kreditni bank emitentning majburiyatlari amal qilib turadigan butun muddatga ijrochi bank ixtiyoriga o‘tkazishi shart.

Qoplanmagan akkreditiv ochilgan taqdirda bank-emitent ijrochi bankka akkreditivning butun summasini bank-emitentning ijrochi bankda yuritilayotgan hisobvarag‘idan o‘chirish huquqini beradi.

797-modda. Akkreditivning amal qilish muddati va u bo‘yicha hisob-kitob qilish tartibi

Akkreditivning amal qilish muddati va u bo‘yicha hisob-kitob qilish tartibi pul mablag‘larini to‘lovchi bilan oluvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilab qo‘yiladi.

Shartnomada yana quyidagilar bo‘lishi kerak:

bank-emitentning nomi;

akkreditivning turi va uni bajarish usuli;

mablag‘larni oluvchini akkreditiv ochilganligi haqida xabardor qilish usuli;

akkreditiv bo‘yicha mablag‘lar olish uchun oluvchi tomonidan taqdim etiladigan hujjatlarning to‘liq ro‘yxati va aniq tavsifi;

tovarlar jo‘natilganidan (xizmatlar ko‘rsatilgan, ishlar bajarilganidan) keyin hujjatlarni taqdim etish muddatlari, ularni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan talablar.

798-modda. Chaqirib olinadigan akkreditiv

Bank-emitent tomonidan mablag‘ oluvchini oldindan xabardor qilmagan holda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin bo‘lgan akkreditiv chaqirib olinadigan akkreditiv deyiladi. Akkreditivni chaqirib olish bank-emitent zimmasiga mablag‘larni oluvchi oldida biron-bir majburiyat yuklamaydi.

Agar ijro etuvchi bank operatsiyalarni bajarish paytigacha akkreditivning shartlari o‘zgartirilganligi yoki u bekor qilinganligi haqida bildirish olmagan bo‘lsa, u chaqirib olinadigan akkreditiv bo‘yicha to‘lovni yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirishi shart.

Agar akkreditivning matnida boshqa narsa nazarda tutilgan bo‘lmasa, u chaqirib olinadigan akkreditiv bo‘ladi.

799-modda. Chaqirib olinmaydigan akkreditiv

Mablag‘ oluvchining roziligisiz bekor qilinishi mumkin bo‘lmagan akkreditiv chaqirib olinmaydigan akkreditiv deyiladi.

Bank-emitentning iltimosiga binoan akkreditiv bo‘yicha operatsiyani o‘tkazishda ishtirok etayotgan ijrochi bank chaqirib olinmaydigan akkreditivni tasdiqlashi mumkin (tasdiqlangan akkreditiv). Bunday tasdiqlash ijrochi bank bank-emitentning majburiyatiga qo‘shimcha suratda akkreditiv shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirish majburiyatini o‘z zimmasiga olganligini bildiradi.

Ijrochi bank tomonidan tasdiqlangan chaqirib olinmaydigan akkreditiv ijrochi bankning roziligisiz o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin emas.

800-modda. Akkreditivni ijro etish

Akkreditivni ijro etish uchun mablag‘ oluvchi ijrochi bankka akkreditivning hamma shartlari bajarilganligini tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etadi. Ushbu shartlardan birortasi buzilgan taqdirda akkreditiv hisobidan pul to‘lanmaydi.

Agar ijrochi bank akkreditiv shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirgan yoki boshqa operatsiyani bajargan bo‘lsa, bank-emitent unga qilingan xarajatlarni to‘lashi shart. Bank-emitentning ushbu xarajatlari, shuningdek akkreditivni bajarish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hamma xarajatlari mijoz tomonidan qoplanadi.

801-modda. Hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortish

Agar ijrochi bank tashqi alomatlari bo‘yicha akkreditiv shartlariga muvofiq kelmaydigan hujjatlarni qabul qilishdan bosh tortsa, u bu haqda darhol mablag‘ oluvchiga va bank-emitentga sabablarni ko‘rsatgan holda ma’lum qilishi kerak.

Agar bank-emitent ijrochi bank tomonidan qabul qilingan hujjatlarni olgach, ular tashqi alomatlariga ko‘ra akkreditiv shartlariga mos kelmaydi deb hisoblasa, ularni qabul qilishdan bosh tortishga hamda ijrochi bankdan mablag‘ oluvchiga akkreditiv shartlarini buzgan holda to‘langan summani talab qilishga, qoplanmagan akkreditiv bo‘yicha esa to‘langan summani qoplashdan bosh tortishga haqli bo‘ladi.

802-modda. Akkreditiv shartlari buzilganligi uchun bankning javobgarligi

Akkreditiv shartlari buzilganligi uchun mijoz oldida bank-emitent, bank-emitent oldida esa ijrochi bank javobgar bo‘ladi, ushbu moddada nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ijrochi bank qoplangan yoki tasdiqlangan akkreditiv bo‘yicha pul mablag‘larini to‘lashdan asossiz bosh tortgan taqdirda mablag‘larni oluvchi oldidagi javobgarlik ijrochi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.

Ijrochi bank akkreditiv shartlarini buzish oqibatida qoplangan yoki tasdiqlangan akkreditiv bo‘yicha pul mablag‘larini noto‘g‘ri bergan taqdirda, mijoz oldidagi javobgarlik ijrochi bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.

803-modda. Akkreditivni yopish

Akkreditiv ijrochi bankda:

akkreditiv muddati tamom bo‘lgach;

mablag‘ oluvchining akkreditivning amal qilish muddati tamom bo‘lgunicha undan foydalanishdan voz kechishi haqidagi arizasiga ko‘ra, agar bunday voz kechish mumkinligi akkreditiv shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa;

pul to‘lovchining akkreditivni butunlay yoki qisman chaqirib olish haqidagi talabiga muvofiq, agar bunday chaqirib olishga akkreditiv shartlari bo‘yicha yo‘l qo‘yilsa, yopiladi.

Akkreditiv yopilganligi haqida ijrochi bank bank-emitentni xabardor qilishi kerak.

Deponentlangan akkreditivning foydalanilmagan summasi akkreditiv yopilishi bilan bir vaqtda bank-emitentga qaytarib berilishi kerak. Bank-emitent qaytarib berilgan summalarni to‘lovchining mablag‘lar deponentlangan hisobvarag‘iga kiritib qo‘yishi shart.

4-§. Inkasso bo‘yicha hisob-kitoblar

804-modda. Inkasso bo‘yicha hisob-kitoblar haqida umumiy qoidalar

Inkasso bo‘yicha hisob-kitob qilinganida mijoz o‘z bankiga (bank-emitentga) pul to‘lovchidan to‘lovni va (yoki) to‘lov akseptini mijoz hisobidan qabul qilish haqida topshiriqnoma yuboradi.

Inkasso topshirig‘ini olgan bank-emitent uni bajarish uchun boshqa bankni (ijrochi bankni) jalb qilishga haqli.

Inkasso bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi qonunchilik bilan va bank amaliyotida qo‘llaniladigan ish muomalasi odatlari bilan boshqariladi.

Mijozning topshirig‘i bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan taqdirda, bank-emitent uning oldida ushbu Kodeksning 24-bobida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra va miqdorda javobgar bo‘ladi.

Agar ijrochi bank tomonidan hisob-kitob operatsiyalarini amalga oshirish qoidalari buzilganligi munosabati bilan mijozning topshirig‘i bajarilmagan yoki tegishli suratda bajarilmagan bo‘lsa, mijoz oldidagi javobgarlik ushbu bank zimmasiga yuklatilishi mumkin.

805-modda. Inkasso topshirig‘ini bajarish

Biron-bir hujjat bo‘lmagan yoki hujjatlar tashqi alomatlariga ko‘ra inkasso topshiriqnomasiga mos bo‘lmagan taqdirda ijro etuvchi bank bu haqda darhol inkasso topshiriqnomasini bergan shaxsga xabar qilishi shart. Mazkur kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, bank topshiriqlarni bajarmasdan hujjatlarni qaytarib yuborishga haqli.

Hujjatlar qanday shaklda olingan bo‘lsa, o‘sha shaklda to‘lovchiga taqdim etiladi, inkasso operatsiyasini rasmiylashtirish uchun zarur bo‘lgan bank belgilari va yozuvlari bundan mustasno.

Agar hujjatlar olinishi bilanoq ular bo‘yicha pul to‘lanishi shart bo‘lsa, ijrochi bank inkasso topshiriqnomasini olgan zahoti to‘lovga taqdim etishi shart.

Agar hujjatlar bo‘yicha pul boshqa muddatda to‘lanishi kerak bo‘lsa, ijrochi bank to‘lovchining akseptini olish uchun hujjatlarni inkasso topshiriqnomasi olinishi bilanoq, darhol akseptga taqdim etishi kerak, to‘lov talabi esa hujjatda ko‘rsatilgan to‘lov muddati boshlanadigan kundan kechiktirmasdan qo‘yilishi kerak.

Qisman bajariladigan to‘lovlar bank qoidalarida belgilab qo‘yilgan hollarda yoki inkasso topshiriqnomasida maxsus ruxsat bo‘lsa qabul qilinishi mumkin.

Olingan (inkassolangan) summalar ijrochi bank tomonidan darhol bank-emitent tasarrufiga topshirilishi, u esa bu summalarni mijozning hisobvarag‘iga kiritib qo‘yishi shart. Ijrochi bank inkasso qilingan summadan o‘ziga tegishli haqni va xarajatlarni qoplashga ketadigan pulni ushlab qolishga haqli.

806-modda. To‘lovdan bosh tortishni xabar qilish

Agar to‘lov va (yoki) aksept olingan bo‘lmasa, ijrochi bank pul to‘lanmaganligining yoki akseptdan bosh tortilganligining sabablari to‘g‘risida bank-emitentni darhol xabardor qilishi shart. Bank-emitent bu haqda darhol mijozga xabar berishi, undan navbatdagi harakatlar xususida ko‘rsatmalar so‘rashi shart.

Bundan keyingi harakatlar to‘g‘risida bank qoidalarida belgilangan muddatda ko‘rsatmalar olinmasa, ijrochi bank hujjatlarni inkasso topshiriqnomasi yuborgan bankka qaytarishga haqli.

5-§. Cheklar bilan hisob-kitob qilish

807-modda. Cheklar bilan hisob-kitob qilishning umumiy qoidalari

Chek beruvchining chekda ko‘rsatilgan summani chek saqlovchiga to‘lash haqida bankka hech qanday shart qo‘yilmagan topshirig‘i mavjud bo‘lgan qimmatli qog‘oz chek deyiladi.

Chek bilan hisob-kitob qilinganida faqat chek beruvchining chek berish yo‘li bilan tasarruf etishga haqli bo‘lgan mablag‘lari saqlanayotgan bankgina chek bo‘yicha pul to‘lovchi qilib ko‘rsatilishi mumkin.

Chekni taqdim etish muddati o‘tmagunicha uni chaqirib olishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chekning berilishi — bajarish uchun chek berilgan pul majburiyatini bekor qilmaydi.

To‘lov muomalasida cheklardan foydalanish tartibi va shartlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadi.

808-modda. Chekning rekvizitlari

Chekda quyidagilar bo‘lishi shart:

hujjat matniga kiritilgan “chek” degan nom;

muayyan pul summasini to‘lash haqida to‘lovchiga topshiriq;

to‘lovchining nomi va to‘lov qaysi hisobvaraqdan amalga oshirilishi kerakligi;

to‘lov valyutasi;

chek tuzilgan sana va joy;

chekni yozib bergan shaxsning — chek beruvchining imzosi.

Hujjatda mazkur rekvizitlardan birontasining bo‘lmasligi chekni kuchdan mahrum qiladi.

Tuzilgan joyi ko‘rsatilmagan chek chek beruvchi turgan joyda imzolangan deb hisoblanadi.

Chekning shakli va uni to‘ldirish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

809-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lash

Chek bo‘yicha pul chek beruvchining mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Chek qonunchilikda belgilab qo‘yilgan muddatda to‘lovga taqdim etilgan taqdirdagina u bo‘yicha pul to‘lanadi.

Chek bo‘yicha pul to‘lagan shaxs chekning to‘lov olinganligi haqidagi tilxat bilan birga o‘ziga berilishini talab qilishga haqli.

810-modda. Chek bo‘yicha huquqlarni boshqa shaxsga berish

Chek bo‘yicha huquqlar ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda boshqa shaxsga beriladi.

Egasining nomi yozilgan chek boshqa shaxsga berilishi mumkin emas.

O‘tkazma chekda pul to‘lovchiga qilingan indossament to‘lovni olganlik uchun tilxat kuchiga ega bo‘ladi.

To‘lovchi tomonidan qilingan indossament haqiqiy emas.

Agar indossament bo‘yicha olingan o‘tkazma chekka ega bo‘lgan shaxs o‘zining huquqini uzluksiz (bir-birini taqozo etuvchi) indossamentlar qatori bilan asoslab bersa, u o‘tkazma chekning qonuniy egasi deb hisoblanadi.

811-modda. To‘lov kafolati (aval)

Chek bo‘yicha to‘lov kafolat (aval) vositasida to‘la yoki qisman kafolatlanishi mumkin.

Avalni to‘lovchidan boshqa har qanday shaxs berishi mumkin.

Aval chekning old tomoniga yoki qo‘shimcha varaqqa “aval deb hisoblansin” degan yozuv bilan va u kim tomonidan hamda kim uchun berilganini ko‘rsatgan holda qo‘yiladi. Agar aval kim uchun berilganligi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, aval chek beruvchi uchun berilgan hisoblanadi.

Aval avalchi tomonidan imzolanib, uning yashash joyi (turgan yeri) va ustxat yozilgan sana ko‘rsatiladi.

Avalchi u avalni kim uchun bergan bo‘lsa, o‘sha shaxs singari javobgar bo‘ladi.

Agar avalchi kafolatlagan majburiyat shaklga amal qilmaslikdan boshqa har qanday asoslarga ko‘ra haqiqiy bo‘lmagan taqdirda ham, avalchining majburiyati haqiqiy bo‘laveradi.

Chek bo‘yicha pul to‘lagan avalchi u kafolat bergan shaxsga nisbatan ham, bu shaxs oldida majburiyati bo‘lgan shaxslarga nisbatan ham chekdan kelib chiqadigan huquqlarni qo‘lga kiritadi.

812-modda. Chekni inkasso qilish

Chek saqlovchiga xizmat qiladigan bankka to‘lovni olish uchun chekni inkassoga taqdim etish to‘lovga taqdim etish deb hisoblanadi.

Chek bo‘yicha ushbu Kodeksning 805-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibda pul to‘lanadi.

Inkassolangan chek bo‘yicha mablag‘larni chek saqlovchining hisobvarag‘iga kiritish, agar chek saqlovchi bilan bank o‘rtasidagi shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, to‘lovchidan to‘lov olinganidan keyin amalga oshiriladi.

813-modda. To‘lovchining majburiyatlari

Chek bo‘yicha to‘lovchi chekning haqiqiyligiga, shu jumladan taqdim etuvchi chek bo‘yicha vakil qilingan shaxs ekanligiga ham imkoniyatidagi hamma usullar bilan ishonch hosil qilishi kerak.

Inkassolangan chek bo‘yicha pul to‘langanida to‘lovchi indossantlarning imzosini emas, balki indossamentlar to‘g‘riligini tekshirishi shart.

Soxta, o‘g‘irlangan yoki yo‘qotib qo‘yilgan chek bo‘yicha to‘lovchi pul to‘lashi oqibatida ko‘rilgan zarar kimning aybi bilan yetkazilganligiga qarab, to‘lovchining yoki chek beruvchining zimmasiga yuklatiladi.

814-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganlikni tasdiqlash

Chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganlik quyidagi usullardan biri bilan tasdiqlanishi kerak:

notarius tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda norozilik bildirish;

pul to‘lovchi chekka u bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortganligi haqida belgi qo‘yilib, chek haq to‘lash uchun taqdim etilgan sanani ko‘rsatish;

inkasso qiluvchi bankning chek o‘z vaqtida taqdim etilganligi va u bo‘yicha pul to‘lanmaganligi haqida, sanasini ko‘rsatgan holda belgi qo‘yishi.

Norozilik yoki shu kabi harakat chekni haq to‘lash uchun taqdim etish muddati tugaguncha amalga oshirilishi kerak.

Agar chek muddatning oxirgi kunida taqdim etilgan bo‘lsa, norozilik yoki shu kabi harakat keyingi ish kunida amalga oshirilishi mumkin.

815-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lanmaganligini xabar qilish

Chek saqlovchi pul to‘lanmaganligi haqida norozilik bildirilgan yoki shu kabi harakat amalga oshirilgan kundan keyingi ikki ish kuni mobaynida o‘z indossantiga va chek beruvchiga xabar qilishi shart.

Har bir indossant bildirish olgan kundan keyingi ikki ish kuni ichida o‘zi olgan bildirish haqida o‘zining (oldingi) indossantiga xabar berishi shart. O‘sha shaxs uchun aval bergan shaxsga ham shu muddatda xabar yuboriladi. Ko‘rsatilgan muddat davomida xabar yubormagan shaxs chek bo‘yicha o‘z huquqlaridan mahrum bo‘lmaydi. U chek bo‘yicha pul to‘lanmaganligini xabar qilmagani tufayli keltirilgan zararning o‘rnini chek summasi doirasida qoplashi shart.

816-modda. Chek bo‘yicha pul to‘lamaslik oqibatlari

To‘lovchi chek bo‘yicha pul to‘lashdan bosh tortgan va bu hol ushbu Kodeksning 814-moddasiga muvofiq tasdiqlanganida chek saqlovchi o‘z xohishiga ko‘ra chek bo‘yicha majburiyatli bo‘lgan bitta, bir necha yoki barcha shaxslarga (chek beruvchi, avalchilar, indossantlarga) nisbatan da’vo qo‘zg‘atishga haqli bo‘lib, ular chek saqlovchi oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Chek saqlovchi mazkur shaxslardan chek summasini, chek bo‘yicha pul olishga qilgan o‘z chiqimlarini, shuningdek foizlarni ushbu Kodeks 327-moddasining birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan miqdorda va tartibda to‘lashni talab qilishga haqli. Xuddi shunday huquqqa chek bo‘yicha pul to‘lashi shart bo‘lgan shaxs ham chek bo‘yicha pul to‘laganidan keyin ega bo‘ladi.

Chek saqlovchining ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan da’vosi chekni haq to‘lashga taqdim etish muddati tamom bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida qo‘zg‘atilishi mumkin. Majburiyatli shaxslarning bir-birlariga nisbatan da’volari bo‘yicha regress talablari tegishli majburiyatli shaxs talabni qondirgan kundan yoki unga da’vo qo‘zg‘atilgan kundan boshlab olti oy o‘tgach qoplanadi.

46-BOB. TOPSHIRIQ

817-modda. Topshiriq shartnomasi

Topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vakil) ikkinchi taraf (topshiriq beruvchi)ning nomidan va uning hisobidan muayyan yuridik harakatlarni sodir etish majburiyatini oladi. Vakil tuzgan bitim bo‘yicha huquq va majburiyatlar bevosita topshiriq beruvchida vujudga keladi.

Topshiriq vakil tomonidan bir yoki bir necha muayyan yuridik harakatlarni sodir etish haqida yoki topshiriq beruvchining ishlarini uning ko‘rsatmalariga muvofiq yuritish haqida berilishi mumkin.

Vakil alohida huquqlarga ega bo‘ladigan topshiriq shartnomasi bo‘yicha bir taraf (topshiriq beruvchi) ikkinchi tarafga (alohida huquqlarga ega bo‘lgan vakilga) topshiriq beruvchi nomidan va uning hisobidan ma’lum sohada yoki (va) ma’lum hududda topshiriq beruvchi uchun yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan hamma harakatlarni sodir etishni topshiradi.

Topshiriq shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Topshiriq shartnomasi vakil topshiriq beruvchining nomidan ish olib borishga haqli bo‘ladigan muddatni ko‘rsatgan yoki bunday muddatni ko‘rsatmagan holda tuzilishi mumkin.

818-modda. Topshiriq shartnomasi bo‘yicha haq to‘lash

Agar qonunchilikda yoki topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, topshiriq beruvchi ishonchli vakilga haq to‘lashi shart.

Agar topshiriq shartnomasi ikkala taraf yoki ulardan birining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lsa, topshiriq beruvchi, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ishonchli vakilga haq to‘lashi shart.

Haq to‘lash nazarda tutilgan topshiriq shartnomasida to‘lanadigan haqning miqdori va uni to‘lash haqidagi shartlar bo‘lmasa, haq ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq shunga o‘xshash xizmatlar uchun odatda qabul qilingan narxlar bo‘yicha belgilanadi va topshiriq bajarilganidan keyin to‘lanadi.

Vakil talab qilingan hamma harakatlarni tegishli darajada amalga oshirgan, biroq topshiriq u aybdor bo‘lmagan holda bajarilmay qolgan taqdirda ham haq to‘lanishi kerak.

Tijorat vakili sifatida ish olib boruvchi ishonchli vakil ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq, topshiriq beruvchiga topshirilishi kerak bo‘lgan o‘z qo‘lidagi ashyolarni topshiriq shartnomasi bo‘yicha o‘z talablarini ta’minlash uchun ushlab turishga haqli.

819-modda. Topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarish

Vakil o‘ziga berilgan topshiriqni topshiriq beruvchining ko‘rsatmalariga muvofiq bajarishi shart. Topshiriq beruvchining ko‘rsatmalari aniq, yo‘l qo‘yiladigan va bajariladigan bo‘lmog‘i kerak.

Agar ishning holatlariga ko‘ra topshiriq beruvchining manfaatlari uchun uning ko‘rsatmalaridan chetga chiqish zarur bo‘lsa hamda vakil topshiriq beruvchidan bu haqda oldindan so‘ray olmagan yoxud o‘z so‘roviga oqilona muddatda javob olmagan bo‘lsa, u topshiriq beruvchining ko‘rsatmalaridan chetga chiqishga haqli. Bunday hollarda vakil xabar berish imkoni tug‘ilishi bilanoq yo‘l qo‘yilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga xabar berishi shart.

Topshiriq beruvchi tijorat vakili sifatida ish olib boradigan vakilga topshiriq beruvchining manfaatlarini ko‘zlab oldindan so‘rov yubormagan holda topshiriq beruvchining ko‘rsatmalaridan chetga chiqish huquqini berishi mumkin. Bunday hollarda tijorat vakili, agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yo‘l qo‘yilgan chetga chiqishlar haqida topshiriq beruvchiga oqilona muddatda xabar berishi shart.

820-modda. Vakilning majburiyatlari

Vakil quyidagilarni bajarishi:

o‘ziga berilgan topshiriqni ushbu Kodeksning 822-moddasida ko‘rsatilgan hollardan tashqari, shaxsan o‘zi bajarishi;

topshiriq beruvchining talabiga muvofiq unga topshiriq qanday bajarilayotganligi haqida ma’lumot berib turishi;

topshiriqni bajarish uchun tuzilgan bitimlar bo‘yicha olingan hamma narsani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga topshirishi;

topshiriq bajarib bo‘linganidan keyin amal qilish muddati tamom bo‘lmagan ishonchnomani kechiktirmasdan topshiriq beruvchiga qaytarib berishi va, agar shartnoma shartlariga yoki topshiriqning xususiyatiga ko‘ra zarur bo‘lsa, hisobot taqdim etib, unga isbotlovchi hujjatlarni ilova qilishi shart.

821-modda. Topshiriq beruvchining majburiyatlari

Agar topshiriq shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, topshiriq beruvchi quyidagilarni bajarishi:

vakilni topshiriqni bajarish uchun zarur mablag‘lar bilan ta’minlashi;

vakil shartnomaga muvofiq bajargan ishni kechiktirmasdan qabul qilib olishi;

vakil topshiriqni bajarish uchun qilgan zarur xarajatlarni to‘lashi;

Oldingi tahrirga qarang.

topshiriq bajarilganidan keyin, agar qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, vakilga haq to‘lashi shart.

822-modda. Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirish

Agar topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa yoki vakil topshiriq beruvchining manfaatlarini himoya qilish maqsadida vaziyat taqozosi bilan majbur bo‘lsa, vakil topshiriqning bajarilishini boshqa shaxsga (o‘rinbosarga) topshirishga haqli.

Topshiriqni bajarishni boshqa shaxsga ishonib topshirgan vakil bu haqda darhol topshiriq beruvchini xabardor qilishi shart.

Topshiriq beruvchi vakil tanlagan o‘rinbosarni rad etishga haqli, o‘rinbosarning nomi topshiriq shartnomasida keltirilgan hollar bundan mustasno.

Agar vakil o‘rinbosarining nomi shartnomada ko‘rsatilgan bo‘lsa, vakil ishlarning o‘rinbosar tomonidan olib borilishi uchun javobgar bo‘lmaydi.

Agar ishlarning o‘rinbosar tomonidan olib borilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa-yu, lekin o‘rinbosarning nomi unda ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vakil o‘rinbosarning aybli harakatlari uchun javobgar bo‘lmaydi.

Agar vakilning o‘rinbosari tomonidan ish yuritilishi topshiriq shartnomasida nazarda tutilmagan bo‘lsa, vakil o‘z o‘rinbosarining har qanday harakatlari uchun javobgar bo‘ladi.

823-modda. Topshiriq shartnomasining bekor bo‘lishi

Topshiriq shartnomasi:

topshiriq beruvchi topshiriqni bekor qilishi;

vakil topshiriqdan bosh tortishi;

topshiriq beruvchining yoki vakilning vafot etishi, ulardan birining muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilishi natijasida to‘xtatiladi.

Topshiriq beruvchi istagan vaqtda topshiriqni bekor qilishga, vakil esa topshiriqdan bosh tortishga haqli. Bu huquqdan voz kechish haqidagi kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Agar vakil topshiriq shartnomasining bekor qilingani haqida bilmagan va bilishi lozim bo‘lmagan bo‘lsa, uning topshiriq beruvchining ko‘rsatmasiga muvofiq qonuniy ravishda qilgan harakatlari topshiriq beruvchi (uning qonuniy vorisi) zimmasiga uchinchi shaxslar va vakilga nisbatan majburiyat yuklaydi.

Tadbirkor sifatida ish olib borayotgan vakil bilan topshiriq shartnomasidan bosh tortayotgan taraf shartnomani bekor qilish to‘g‘risida ikkinchi tarafni, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, kamida o‘ttiz kun oldin xabardor qilishi shart. Tijorat vakili bo‘lgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi o‘z topshirig‘ini ana shunday oldindan xabar bermay turib bekor qilishga haqli.

824-modda. Topshiriq shartnomasini bekor qilish oqibatlari

Agar topshiriq shartnomasi topshiriq vakil tomonidan to‘liq bajarilishidan oldin bekor qilingan bo‘lsa, topshiriq beruvchi vakilga topshiriqni bajarish vaqtida qilingan chiqimlarni to‘lashi, vakilga haq berilishi kerak bo‘lganida esa, unga bajarilgan ishga muvofiq haq to‘lashi ham shart. Bu qoida vakil topshiriqning bekor qilinganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lganidan keyin bajargan topshiriqqa tatbiq etilmaydi.

825-modda. Topshiriq shartnomasida huquqiy vorislik

Vakil vafot etgan taqdirda, uning merosxo‘rlari yoki meros mulkning saqlanishini ta’minlash majburiyati yuklatilgan boshqa shaxslar topshiriq shartnomasi bekor qilinishi haqida topshiriq beruvchiga kechiktirmay xabar berishlari hamda topshiriq beruvchining mol-mulkini muhofaza qilish uchun zarur choralarni ko‘rishlari, xususan, topshiriq beruvchining ashyolarini, shuningdek hujjatlarini saqlab qo‘yishlari, so‘ngra esa unga topshirishlari shart. Vakil (ishonchli vakil) bo‘lgan yuridik shaxsni tugatayotgan shaxsning zimmasida ham shunday majburiyat bo‘ladi.

Vakil (ishonchli vakil) sifatida ish olib borayotgan yuridik shaxs qayta tashkil etilganida topshiriq beruvchi bu haqda darhol xabardor qilinishi kerak. Mazkur holatda bunday yuridik shaxsning huquq va majburiyatlari, agar topshiriq beruvchi o‘ttiz kunlik muddatda topshiriq shartnomasidan bosh tortishini ma’lum qilmasa, uning qonuniy vorisiga o‘tadi.

47-BOB. BEGONA SHAXSNING MANFAATINI KO‘ZLAB TOPSHIRIQSIZ HARAKAT QILISH

826-modda. Begona shaxsning manfaatini ko‘zlab harakat qilish shartlari

Manfaatdor shaxsga yoki uning mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish, uning majburiyatlarini bajarish yoki uning qonunga zid bo‘lmagan boshqa manfaatlarini ko‘zlab, uning topshirig‘isiz, boshqa ko‘rsatmasisiz yoki oldindan va’da berilgan roziligisiz qilingan harakatlar (begona shaxsning manfaatini ko‘zlab qilingan harakatlar) ochiq ko‘rinib turgan manfaat yoki foydadan hamda manfaatdor shaxsning haqiqiy yoki ehtimol tutilgan niyatlaridan kelib chiqib hamda ishning holatlariga ko‘ra zarur g‘amxo‘rlik va ehtiyotkorlik bilan qilinmog‘i kerak.

Ushbu bobda nazarda tutilgan qoidalar bunday harakatlar faoliyatining maqsadlaridan biri bo‘lgan davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari boshqa shaxslar manfaatlari yo‘lida amalga oshiradigan harakatlarga nisbatan qo‘llanmaydi.

827-modda. Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab topshiriqsiz harakat qiluvchi shaxsning majburiyatlari

Boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab, uning topshirig‘isiz harakat qiluvchi shaxs birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq, bu haqda manfaatdor shaxsga xabar berishi shart. Agar manfaatdor shaxs bu harakatlarni ma’qullasa, shundan keyin topshiriq shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar taraflarning munosabatlariga nisbatan qo‘llanadi. Mazkur harakatlar ma’qullanmagan taqdirda ular bo‘yicha javobgarlik topshiriqsiz harakat qilgan shaxs zimmasiga yuklatiladi.

Manfaatdor shaxsni xabardor qilish mumkin bo‘lmasa, harakatlarni topshiriqsiz boshlagan shaxs ularni oxiriga yetkazishi, manfaatdor shaxs uchun salbiy mulkiy oqibatlarning oldini olish bo‘yicha o‘ziga bog‘liq bo‘lgan hamma choralarni ko‘rishi shart. Bunda topshiriqsiz harakat qilgan shaxs ishni yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan hamma narsani, shu jumladan tuzilgan bitimlar bo‘yicha majburiyatlarni ham o‘z zimmasiga olishi shart.

Agar boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab uning topshirig‘isiz harakat qilayotgan shaxs birinchi imkoniyat tug‘ilishi bilanoq bu haqda manfaatdor shaxsni xabardor qilmasa, u qilingan xarajatlarni qoplashni talab qilishga haqli emas.

Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab topshiriqsiz harakat qilayotgan shaxs tegishli faoliyatning amalga oshirilishidan manfaatdor bo‘lgan fuqaro vafot etgan yoki yuridik shaxsning faoliyati to‘xtatilgan taqdirda ham manfaatdor shaxsning merosxo‘rlari (qonuniy vorislari) uning o‘rnini olgunlaricha boshlangan faoliyatni davom ettirishi shart.

828-modda. Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab bitim tuzish

Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab tuzilgan bitim bo‘yicha majburiyatlar bitim tuzilishidan manfaatdor bo‘lgan shaxs mazkur bitimni ma’qullagan paytdan boshlab unga o‘tadi, basharti boshqa taraf majburiyatlarning bunday o‘tishiga e’tiroz bildirmasa yoki bitimni tuzish paytida bitim boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab tuzilganligini bilgan yoxud bilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa. Bunday bitim bo‘yicha majburiyatlar bitim tuzilishidan manfaatdor bo‘lgan shaxsga o‘tganida, ushbu bitim bo‘yicha huquqlar ham shu shaxsga berilishi zarur.

Bitim tuzgan shaxs boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirilgan faoliyat tufayli qilgan xarajatlari qoplanguncha huquqlarni topshirishni kechiktirib turishi mumkin.

829-modda. Topshiriqsiz qilingan harakatlardan manfaatdor shaxsning majburiyatlari

Topshiriqsiz qilingan harakatlardan manfaatdor bo‘lgan shaxs uning manfaatlarini ko‘zlab ish olib borgan shaxsga zarur xarajatlarni va boshqa haqiqiy zararni qoplashi shart. Mazkur majburiyat boshqa shaxsning manfaatlari yo‘lidagi harakatlar oqilona bo‘lib, biroq ko‘zlangan natijaga erishilmagan hollarda ham saqlanib qoladi. Lekin boshqa shaxsning mol-mulkiga zarar yetkazishning oldi olingan hollarda o‘rnini qoplash haqining miqdori mol-mulkning qiymatidan oshib ketmasligi kerak.

Agar shaxsning harakatlari bevosita boshqa shaxsning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan bo‘lmasa, shu jumladan ularni amalga oshirgan shaxs o‘z manfaatlarimni ko‘zlab harakat qilyapman deb xato o‘ylagan va uning harakatlari boshqa shaxsning asossiz boyib ketishiga olib kelgan hollarda ham ushbu Kodeksning 58-bobida nazarda tutilgan qoidalar qo‘llanadi. Boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab qilingan harakatlar uning tadbirkorlik faoliyati doirasiga kirgan taqdirda, bu shaxs haqiqiy zararning o‘rnini qoplash bilan bir qatorda tegishli miqdorda haq to‘lanishini ham talab qilishga haqli.

Boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab harakat qilgan shaxsning manfaatdor shaxs ma’qullaganidan keyingi harakatlari munosabati bilan qilgan xarajatlari va ko‘rgan boshqa zararlari tegishli turdagi shartnoma to‘g‘risidagi qoidalarga muvofiq qoplanadi.

830-modda. Boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab qilingan harakatlar tufayli yetkazilgan zararni qoplash

Boshqa shaxsning manfaatlarini ko‘zlab qilingan harakatlar tufayli manfaatdor shaxsga yoki uchinchi shaxsga yetkazilgan zararni qoplash sohasidagi munosabatlar ushbu Kodeks 57-bobining qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.

831-modda. Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab harakat qilgan shaxsning hisoboti

Boshqa shaxsning manfaatini ko‘zlab harakat qilgan shaxs kimning manfaatini ko‘zlab faoliyat olib borgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga olingan daromadlar, qilingan xarajatlar va ko‘rilgan zararni ko‘rsatgan holda hisobot taqdim etishi shart.

48-BOB. VOSITACHILIK

832-modda. Vositachilik shartnomasi

Vositachilik shartnomasi bo‘yicha bir taraf (vositachi) ikkinchi tarafning (komitent) topshirig‘i bo‘yicha o‘z nomidan, biroq komitent hisobidan bir yoki bir necha bitimni haq evaziga tuzish majburiyatini oladi. Vositachilik shartnomasi yozma ravishda tuzilishi shart.

Vositachi tomonidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim bo‘yicha, garchi bitimda komitentning nomi tilga olingan yoki u bitimni bajarish bo‘yicha uchinchi shaxs bilan bevosita munosabatlarga kirishgan bo‘lsa ham, vositachi huquqlarga ega bo‘ladi va zimmasiga majburiyat oladi.

Vositachilik shartnomasi muayyan muddatga yoki amal qilish muddati ko‘rsatilmagan holda, qaysi hududda bajarilishi ko‘rsatilgan yoki ko‘rsatilmagan holda, komitent vositachiga topshirgan komitentning manfaatlarini ko‘zlab va uning hisobidan bitim tuzish huquqini uchinchi shaxslarga bermaslik haqida majburiyat olgan holda yoki bunday majburiyatni olmagan holda, vositachilik narsasi bo‘lgan tovarlarning assortimenti xususida shartlar qo‘yilgan yoki qo‘yilmagan holda tuzilishi mumkin.

Qonunchilikda ayrim turdagi vositachilik shartnomasining xususiyatlari nazarda tutilgan bo‘lishi mumkin.

833-modda. Vositachilik haqi

Komitent vositachiga haq to‘lashi, vositachi bitimning uchinchi shaxs tomonidan bajarilishi uchun kafolatni o‘z zimmasiga olgan (delkredere) hollarda esa shartnomada belgilangan miqdorda qo‘shimcha haq ham to‘lashi shart. Agar shartnomada bu miqdor nazarda tutilgan bo‘lmasa va u shartnomaning shartlaridan kelib chiqqan holda belgilanishi mumkin bo‘lmasa, haq miqdori ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismiga muvofiq belgilanadi.

Agar vositachilik shartnomasi komitentga bog‘liq sabablar bilan bajarilmagan bo‘lsa, vositachi vositachilik haqiga, shuningdek qilingan xarajatlarning qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi.

834-modda. Vositachilik topshirig‘ini bajarish

Vositachi uchinchi shaxs bilan o‘zi tuzgan bitimdan kelib chiqadigan hamma majburiyatlarni bajarishi va hamma huquqlarni amalga oshirishi shart.

Vositachi o‘z zimmasiga olgan topshiriqni komitentning ko‘rsatmalariga muvofiq, vositachilik shartnomasida bunday ko‘rsatmalar bo‘lmaganda esa — ish muomalasi odatlariga yoki odatda qo‘yiladigan boshqa talablarga muvofiq komitent uchun eng foydali shartlar asosida bajarishi lozim. Agar vositachi bitimni komitent ko‘rsatganidan ham foydaliroq shartlar asosida tuzgan bo‘lsa, qo‘shimcha foyda, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflar o‘rtasida baravar taqsimlanadi.

Vositachi bitimning ijrosi uchun komitentga kafolat bergan (delkredere) hollarda u vositachilik shartnomasida kelishilgan miqdorda qo‘shimcha haq olish huquqiga ega bo‘ladi.

Komitent hisobidan uchinchi shaxs bilan tuzilgan bitim uchinchi shaxs tomonidan bajarilmaganligi uchun vositachi komitent oldida javobgar bo‘lmaydi, vositachi ushbu shaxsni tanlashda zarur ehtiyotkorlik qilmagan yoki bitimning bajarilishiga kafolat bergan (delkredere) hollar bundan mustasno.

Vositachi uchinchi shaxs bilan tuzgan bitimni uchinchi shaxs bajarmagan taqdirda, vositachi bu haqda darhol komitentga xabar berishi, zarur dalil-isbotlarni to‘plashi va ta’minlashi, shuningdek komitentning talabiga ko‘ra bunday bitim yuzasidan huquqlarni talablarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi qoidalarga rioya qilgan holda (ushbu Kodeksning 313-317, 319, 320-moddalari) unga topshirishi shart.

Ushbu moddaning beshinchi qismi asosida bitim bo‘yicha huquqlarni komitentga topshirishga, vositachining uchinchi shaxs bilan huquqlarni bunday berishni taqiqlaydigan yoki cheklaydigan kelishuvidan qat’i nazar, yo‘l qo‘yiladi. Bu hol vositachi huquqni topshirishni taqiqlash yoki cheklash haqidagi kelishuvni buzib huquqni topshirganligi munosabati bilan uni uchinchi shaxs oldidagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.

835-modda. Qo‘shimcha vositachilik

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vositachi vositachilik shartnomasini bajarish maqsadida boshqa shaxs bilan qo‘shimcha vositachilik shartnomasi tuzishga haqli bo‘lib, qo‘shimcha vositachining harakatlari uchun komitent oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

Qo‘shimcha vositachilik shartnomasi bo‘yicha vositachi qo‘shimcha vositachiga nisbatan komitent huquqlari va majburiyatlariga ega bo‘ladi.

Qonun biron-bir bitimni faqat maxsus vakil qilingan shaxslar bilan tuzishga yo‘l qo‘yadigan hollarda qo‘shimcha vositachilik shartnomasi faqat ana shunday shaxs bilangina tuzilishi mumkin.

Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vositachilik shartnomasi bekor qilingunga qadar komitent vositachining roziligisiz qo‘shimcha vositachi bilan bevosita munosabatlarga kirishishga haqli emas.

836-modda. Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi

Vositachi sotadigan mol-mulkning bahosi, agar qonunchilikda yoki vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, komitent bilan kelishgan holda belgilanadi.

837-modda. Komitentning ko‘rsatmalaridan chetga chiqish

Vositachi komitentning ko‘rsatmalaridan ushbu Kodeksning 819-moddasida nazarda tutilgan hollarda chetga chiqishga haqli.

Mol-mulkni komitent bilan kelishilgan narxdan arzon sotgan vositachi mol-mulkni kelishilgan narxda sotish imkoniga ega bo‘lmaganligini va arzon narxda sotish natijasida yana ham ko‘proq zararning oldi olinganligini isbot qilib bermasa, oradagi farqni komitentga to‘lashi shart. Vositachi komitentdan ruxsat so‘rashi shart bo‘lgan hollarda u komitentning ko‘rsatmalaridan chetga chiqishga komitentning roziligini oldindan olish imkoniyatiga ega bo‘lmaganligini ham isbot qilishi shart.

Agar vositachi mol-mulkni komitent bilan kelishilgandan yuqoriroq narxda sotib olgan bo‘lsa, bunday xaridni qabul qilishni istamagan komitent vositachidan uchinchi shaxs bilan bitim tuzilganligi haqida bildirish olganidan keyin oqilona muddatda bu haqda vositachiga ma’lum qilishi shart. Aks holda xarid komitent tomonidan qabul qilingan deb hisoblanadi.

Agar vositachi narxdagi farqni o‘zi to‘lashini ma’lum qilsa, komitent o‘zi uchun tuzilgan bitimdan bosh tortishga haqli emas.

838-modda. Vositachilik narsasi hisoblangan ashyolarga bo‘lgan huquq

Komitentdan vositachiga o‘tgan yoki vositachi komitent hisobidan sotib olgan ashyolar komitentning mulki bo‘ladi.

Vositachi ushbu Kodeksning 290-moddasiga muvofiq o‘z qo‘lida bo‘lgan, komitentga yoki komitent ko‘rsatgan shaxsga topshirilishi kerak bo‘lgan ashyolarni vositachilik shartnomasi bo‘yicha o‘z talablarini ta’minlash uchun ushlab turishga haqli.

Komitent to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilingan taqdirda vositachining mazkur huquqi bekor qilinadi, uning o‘zi ushlab turgan ashyolar qiymati doirasida komitentga qo‘yadigan talablari ushbu Kodeksning 291-moddasiga muvofiq garov bilan ta’minlangan talablar qatorida qanoatlantiriladi.

839-modda. Vositachining talablarini komitentga tegishli summalardan ushlab qolish

Vositachi ushbu Kodeksning 343-moddasiga muvofiq vositachilik shartnomasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan summalarni komitent hisobidan o‘ziga tushgan hamma summalardan ushlab qolishga haqli. Biroq komitentning o‘z talablarini qondirish navbati bo‘yicha garov saqlovchilar oldida imtiyozdan foydalanadigan kreditorlari bu talablarni vositachi ushlab qolgan summalardan qanoatlantirish huquqidan mahrum etilmaydilar.

840-modda. Komitentning mol-mulki yo‘qolganligi, yetishmasligi yoki shikastlanganligi uchun vositachining javobgarligi

Vositachi o‘z ixtiyoridagi komitent mol-mulkining yo‘qolishiga, yetishmasligiga yoki shikastlanishiga olib kelgan har qanday kamchilik uchun komitent oldida javobgar bo‘ladi.

Agar vositachi komitent yuborgan yoki vositachiga komitent uchun kelgan mol-mulkni qabul qilib olayotganida bu mol-mulkda tashqaridan ko‘zdan kechirganda sezib qolinishi mumkin bo‘lgan shikastlanish yoki yetishmovchilik mavjud bo‘lsa, shuningdek komitentning vositachi qo‘lida turgan mol-mulkiga biron-bir shaxs zarar keltirgan taqdirda vositachi komitentning huquqlarini himoya qilish choralarini ko‘rishi, zarur dalil-isbotlarni to‘plashi va bularning barchasi haqida darhol komitentni xabardor qilishi shart.

O‘z ixtiyoridagi komitentning mol-mulkini sug‘urtalamagan vositachi buning uchun faqat komitent unga mol-mulkni komitent hisobidan sug‘urtalashni buyurgan yoki vositachining bu mol-mulkni sug‘urtalashi vositachilik shartnomasida yoki ish muomalasi odatlarida nazarda tutilgan hollar javobgar bo‘ladi.

841-modda. Komitentning vositachilik shartnomasi bo‘yicha ijroni qabul qilishi

Komitent:

vositachilik shartnomasi bo‘yicha ijro etilgan hamma narsani vositachidan qabul qilishi;

o‘zi uchun vositachi tomonidan sotib olingan mol-mulkni ko‘zdan kechirishi va ushbu mol-mulkda aniqlangan kamchiliklar to‘g‘risida darhol vositachini xabardor qilishi;

vositachini vositachilik topshirig‘ini bajarish yuzasidan uchinchi shaxs oldida o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod qilishi shart.

842-modda. Vositachilik topshirig‘ini bajarish uchun qilingan xarajatlarni qoplash

Komitent vositachilik haqini, tegishli hollarda esa delkredere uchun qo‘shimcha haqni ham to‘lashdan tashqari, vositachilik topshirig‘ini bajarish yuzasidan vositachi sarflagan summalarni ham unga to‘lashi shart.

Agar qonunchilikda yoki vositachilik shartnomasida boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, vositachi o‘z ixtiyorida bo‘lgan komitentning mol-mulkini saqlash yuzasidan qilgan xarajatlari qoplanishiga haqli emas.

843-modda. Vositachilik topshirig‘ining komitent tomonidan bekor qilinishi

Komitent vositachiga bergan topshirig‘ini istagan vaqtida bekor qilib, vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli. Bunda vositachining topshiriq bekor qilinishi munosabati bilan ko‘rgan zarari umumiy asoslarda qoplanadi.

Vositachilik shartnomasi amal qilish muddati ko‘rsatilmagan holda tuzilgan taqdirda komitent shartnomani bekor qilishi haqida, agar shartnomada xabar qilishning uzoqroq muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa, kamida o‘ttiz kun oldin vositachini xabardor qilishi shart. Bunday holda komitent vositachiga u shartnoma bekor qilinguncha tuzgan bitimlar uchun haq to‘lashi, shuningdek vositachi shartnoma bekor bo‘lgunicha qilgan xarajatlarni to‘lashi shart.

Topshiriq bekor qilingan taqdirda komitent vositachi ixtiyoridagi o‘z mol-mulkini vositachilik shartnomasida belgilangan muddatda, bordi-yu bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, darhol tasarruf etishi shart. Agar komitent bu majburiyatni bajarmasa, vositachi mol-mulkni komitent hisobidan saqlab qo‘yishga topshirishga yoki uni komitent uchun iloji boricha foydali bahoda sotishga haqli.

844-modda. Vositachining topshiriqni bajarishdan bosh tortishi

Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, vositachi shartnomani bajarishdan bosh tortishga haqli emas, shartnoma amal qilish muddati ko‘rsatilmasdan tuzilgan hollar bundan mustasno. Bunday holda vositachi komitentga shartnomani bekor qilishi haqida, agar xabar qilishning uzoqroq muddati shartnomada nazarda tutilgan bo‘lmasa, kamida o‘ttiz kun oldin xabar berishi shart.

Vositachi komitentning mol-mulki saqlanishini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.

Vositachi topshiriqni bajarishdan bosh tortayotganligi haqida xabardor qilingan komitent vositachining topshiriqni bajarishdan bosh tortayotganligi haqida bildirishnoma olgan kundan e’tiboran, agar shartnomada boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, o‘n besh kun ichida vositachi ixtiyoridagi o‘z mol-mulkini tasarruf etishi shart. Agar komissioner ushbu majburiyatni bajarmasa, vositachi yo mol-mulkni saqlab qo‘yishga topshirishga yoki uni komitent uchun iloji boricha foydali bahoda sotishga haqli.

Agar vositachilik shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, topshiriqni bajarishdan bosh tortgan vositachi shartnoma bekor qilinguncha o‘zi tuzgan bitimlar uchun vositachilik haqi olishga, shuningdek shu paytga qadar qilgan xarajatlarining qoplanishiga bo‘lgan huquqini saqlab qoladi.

845-modda. Vositachilik shartnomasining bekor qilinishi

Vositachilik shartnomasi:

komitent shartnomani bajarishdan bosh tortganligi;

vositachi shartnomani bajarishdan bosh tortganligi;

vositachi vafot etganligi, u muomalaga layoqatsiz, layoqati cheklangan, bedarak yo‘qolgan yoki nochor deb topilganligi oqibatida bekor qilinadi.

846-modda. Komitentning muddati ko‘rsatilmay tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishi

Komitent muddati ko‘rsatilmay tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan istagan vaqtda bosh tortishga haqli bo‘lib, bu haqda vositachini, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, kamida o‘ttiz kun oldin xabardor qiladi.

Bunday holda komitent vositachilik shartnomasi bekor qilinganga qadar tuzgan bitimlari uchun vositachiga haq to‘lashi, shuningdek vositachi shartnoma bekor bo‘lguncha qilgan xarajatlarni unga to‘lashi shart.

Komitent vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortgan taqdirda ushbu Kodeks 844-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarishi shart.

847-modda. Vositachining vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortishi

Vositachi muddati ko‘rsatilmasdan tuzilgan vositachilik shartnomasini bajarishdan istagan vaqtda bosh tortishga haqli bo‘lib, bu haqda komitentni, agar xabardor qilishning uzoqroq muddati shartnomada ko‘zda tutilgan bo‘lmasa, o‘ttiz kundan kechiktirmasdan xabardor qiladi.

Bunday holda vositachi o‘z ixtiyoridagi komitentning mol-mulki to‘liq saqlanishi uchun choralar ko‘rishi shart. Komitent vositachilik shartnomasi bekor bo‘lgunicha vositachining ixtiyoridagi mol-mulkni tasarruf qilishi shart. Agar u mana shu majburiyatni bajarmasa, vositachi yo mol-mulkni komitent hisobidan saqlashga topshirishga yoki uni komitent uchun mumkin qadar foydali bahoda sotishga haqli.

Vositachilik shartnomasini bajarishdan bosh tortgan vositachi vositachilik haqini olish hamda shartnoma bekor bo‘lgan paytda o‘ziga tegishli bo‘ladigan xarajatlarni undirib olish huquqiga ega.

848-modda. Fuqaroning vafot etishi yoki yuridik shaxsning tugatilishi oqibatlari

Fuqaro vafot etgan yoki vositachi yuridik shaxs tugatilgan taqdirda vositachilik shartnomasi bekor qilinadi.

Vositachi yuridik shaxs qayta tashkil etilganida uning vositachi sifatidagi huquq va majburiyatlari, basharti qayta tashkil etish yuz berganligi haqidagi ma’lumotni olgan kundan boshlab o‘ttiz kun ichida komitent shartnomani bekor qilganligi haqida xabar bermasa, qonuniy vorislarga o‘tadi.

Komitent fuqaro vafot etgan, u muomalaga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan deb topilgan taqdirda, shuningdek komitent yuridik shaxs tugatilgan taqdirda vositachi o‘ziga berilgan topshiriqni komitentning merosxo‘rlaridan yoki huquqiy vorislaridan (vakillaridan) tegishli ko‘rsatmalar kelguncha bajarib turishi shart.

49-BOB. MOL-MULKNI ISHONCHLI BOSHQARISH

849-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bo‘yicha bir taraf (boshqaruvning muassisi) ikkinchi tarafga (ishonchli boshqaruvchiga) mol-mulkini muayyan muddatga ishonchli boshqaruvga topshiradi, ikkinchi taraf esa ushbu mol-mulkni boshqaruvning muassisi yoki u ko‘rsatgan shaxs (foyda oluvchi) manfaatlarini ko‘zlab boshqarish majburiyatini oladi.

Mol-mulkni ishonchli boshqarishga topshirish bu mol-mulkka mulk huquqining ishonchli boshqaruvchiga o‘tishiga olib kelmaydi.

Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarar ekan, ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq ushbu mol-mulkka nisbatan foyda oluvchining manfaatlarini ko‘zlagan holda har qanday yuridik va amaliy harakatlarni qilishga haqli.

Qonunda yoki shartnomada mol-mulkni ishonchli boshqarish bo‘yicha ayrim harakatlarga nisbatan cheklovlar nazarda tutilishi mumkin.

Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk yuzasidan bitimlarni ishonchli boshqaruvchi o‘z nomidan amalga oshiradi, bunda u o‘zining shunday boshqaruvchi sifatida ish olib borayotganini ko‘rsatadi. Agar yozma tarzda rasmiylashtirishni talab qilmaydigan harakatlar amalga oshirilayotganida ikkinchi taraf ishonchli boshqaruvchi bu harakatlarni ana shunday boshqaruvchi sifatida amalga oshirayotganligidan xabardor qilingan bo‘lsa, yozma hujjatlarda esa ishonchli boshqaruvchining ismi yoki nomidan keyin tegishli belgi qo‘yilgan bo‘lsa, mazkur shartga rioya qilingan hisoblanadi.

Ishonchli boshqaruvchining ana shunday boshqaruvchi sifatida harakat qilishi to‘g‘risida ko‘rsatma bo‘lmasa, u uchinchi shaxslar oldida shaxsan majburiyat oladi va ular oldida faqat o‘ziga qarashli mol-mulk bilan javob beradi.

850-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarishning vujudga kelish (joriy bo‘lish) asoslari

Mol-mulkni ishonchli boshqarish quyidagi asoslarda vujudga keladi (joriy etiladi):

muassis bilan ishonchli boshqaruvchi o‘rtasida tuziladigan mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi;

vasiyatning ijrochisi (ishonchli boshqaruvchi) tayinlangan vasiyatnoma;

sud qarori;

vasiylik va homiylik organining vasiylikka olingan shaxsning mol-mulki ustidan vasiylik belgilash to‘g‘risidagi qarori;

qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa yuridik faktlar.

851-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish obyekti

Ishonchli boshqarish obyektlari korxonalar va boshqa mol-mulk komplekslari, ko‘chmas mulkka mansub bo‘lgan alohida obyektlar, qimmatli qog‘ozlar, alohida huquqlar va boshqa mol-mulkdan iborat bo‘lishi mumkin.

Qonunda ko‘zda tutilgan hollarni istisno etganda, pul ishonchli boshqarishning mustaqil obyekti bo‘la olmaydi.

Xo‘jalik yurituvida yoki operativ boshqaruvda bo‘lgan mol-mulk ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin emas. Xo‘jalik yurituvida yoki operativ boshqaruvda bo‘lgan mol-mulk uni xo‘jalik yurituvida yoki operativ boshqaruvda saqlab turgan yuridik shaxs tugatilganidan yoki mol-mulkka xo‘jalik boshqaruvi yoki operativ boshqaruv huquqi bekor qilinganidan hamda u qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra mulkdorning ixtiyoriga o‘tganidan keyingina ishonchli boshqaruvga topshirilishi mumkin.

852-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish subyektlari

Quyidagilar mol-mulkni ishonchli boshqarish muassislari bo‘ladilar:

mol-mulkning egasi;

yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs;

vakolatli davlat organi davlat mulki bo‘lgan mol-mulkka nisbatan;

mol-mulkka xo‘jalik yurituvi huquqi asosida egalik qiladigan korxona — mulkdorning ruxsati bilan;

qonunda nazarda tutilgan hollarda — notarius, vasiylik va homiylik organi, sud yoki boshqa vakolatli organ.

Quyidagilar ishonchli boshqaruvchi bo‘lishlari mumkin:

fuqaro;

yuridik shaxs.

Mol-mulk davlat organiga ishonchli boshqaruvga berilishi mumkin emas.

Ishonchli boshqaruvchi faqat o‘z roziligi bilangina tayinlanishi mumkin.

Ishonchli boshqaruvchidan tashqari har qanday shaxs foyda oluvchi bo‘lishi mumkin.

853-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining muhim shartlari

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

shartnoma bo‘yicha ishonchli boshqarishga beriladigan mol-mulk ro‘yxati;

foyda oluvchi to‘g‘risidagi ko‘rsatma;

ishonchli boshqaruvchining hisobotlar taqdim etish muddatlari;

ishonchli boshqarish bekor qilingan taqdirda mol-mulkni oladigan shaxs;

agar haq to‘lash shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ishonchli boshqaruvchiga to‘lanadigan haqning miqdori va shakli.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlar bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilmagan hisoblanadi.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi besh yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tuziladi. Shartnomaning amal qilish muddati tamom bo‘lganida taraflardan birining shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi bo‘lmasa, shartnoma unda nazarda tutilgan muddatga va shartlar asosida uzaytirilgan deb hisoblanadi.

Ishonchli boshqarishga topshiriladigan ayrim turdagi mol-mulklar uchun qonunda shartnoma amal qilishining boshqa eng ko‘p muddatlari belgilab qo‘yilishi mumkin.

854-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining shakli

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi yozma shaklda tuziladi.

Ko‘chmas mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga berish haqidagi shartnoma uchun nazarda tutilgan shaklda va tartibda tuziladi. Ko‘chmas mulkka egalik huquqining boshqa shaxsga o‘tishi qaysi tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsa, bu mulkni ishonchli boshqarishga topshirish ham shu tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi shakliga yoki ko‘chmas mulkni ishonchli boshqarishga topshirishni ro‘yxatga olish talabiga rioya qilmaslik, uning haqiqiy bo‘lmasligini keltirib chiqaradi.

855-modda. Ishonchli boshqaruvda bo‘lgan mol-mulkni ajratib chiqarish

Ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulk boshqaruv muassisining boshqa mol-mulkidan, shuningdek ishonchli boshqaruvchining mol-mulkidan ajratiladi. Ushbu mol-mulk ishonchli boshqaruvchida alohida balansda aks ettiriladi va u bo‘yicha mustaqil hisob yuritiladi. Ishonchli boshqaruv bilan bog‘liq faoliyat bo‘yicha hisob-kitob yuritish uchun alohida bank hisobvarag‘i ochiladi.

Boshqaruv muassisining qarzlari bo‘yicha undiruvni u ishonchli boshqaruvga topshirgan mol-mulkka qaratishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu shaxs bankrot deb topilgan hollar mustasno. Boshqaruv muassisi bankrot deb topilganda ushbu mol-mulkni ishonchli boshqarish bekor qilinadi va u tugatish massasiga qo‘shib yuboriladi.

856-modda. Uchinchi shaxslarning huquqlari bo‘lgan mol-mulkni ishonchli boshqarish

Ishonchli boshqaruvchi shartnoma tuzilgunga qadar o‘ziga boshqarish uchun topshirilayotgan mol-mulkka uchinchi shaxslarning huquqlari borligi haqida xabardor qilib qo‘yilishi kerak. Ushbu shart buzilgan taqdirda ishonchli boshqaruvchi shartnomani haqiqiy emas deb hisoblab, real zararni qoplashni va mutanosib haq to‘lashni talab qilishga haqli.

Agar ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka shartnoma tuzilganidan keyin uchinchi shaxslarning huquqlari paydo bo‘lsa, ishonchli boshqaruvchi esa bu haqda o‘n kunlik muddatda xabardor qilinmagan bo‘lsa, u mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini bekor qilib, o‘ziga keltirilgan haqiqiy zararning qoplanishini va mutanosib haq to‘lanishini talab qilish huquqiga ega.

857-modda. Ishonchli boshqaruvchining huquq va majburiyatlari

Ishonchli boshqaruvchi qonunda va mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan doirada ishonchli boshqarishga topshirilgan mol-mulkka nisbatan mulkdor huquqlarini amalga oshiradi.

Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni boshqarish sohasidagi harakatlarni amalga oshirish natijasida qo‘lga kiritgan huquqlar ana shunday mol-mulk tarkibiga kiritiladi. Ishonchli boshqaruvchining ana shunday harakatlarni amalga oshirishi natijasida vujudga kelgan majburiyatlar shu mol-mulk hisobidan bajariladi.

Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvga topshirilgan ko‘chmas mol-mulkni boshqa shaxsga berishni va garovga qo‘yishni faqat bu hol mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirishga haqli.

Ishonchli boshqaruvda bo‘lgan mol-mulkka huquqlarni himoya qilish uchun ishonchli boshqaruvchi o‘zining huquqlari har qanday buzilishini bartaraf etishni talab qilish huquqiga ega (ushbu Kodeksning 228, 229, 231, 232-moddalari).

Ishonchli boshqaruvchi boshqaruvning muassisiga va foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bilan belgilangan muddatlarda va tartibda o‘z faoliyati to‘g‘risida hisobot taqdim etib turadi.

858-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarishni boshqa shaxsga berish

Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni shaxsan o‘zi boshqaradi, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ishonchli boshqaruvchi boshqa shaxsga ishonchli boshqaruvchi nomidan mol-mulkni boshqarish uchun zarur bo‘lgan harakatlarni amalga oshirishni topshirishi mumkin, basharti unga mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida ana shunday vakolat berilgan bo‘lsa yoki u bunga muassisning yozma roziligini olgan bo‘lsa, yoxud boshqaruv muassisining yoki foyda oluvchining manfaatlarini ta’minlash uchun vaziyat taqozosi bilan bunga majbur bo‘lsa va bunda boshqaruv muassisining ko‘rsatmalarini oqilona muddatda olish imkoniga ega bo‘lmasa.

Ishonchli boshqaruvchi o‘zi tanlagan ishonchli vakilning harakatlari uchun o‘zining harakatlari kabi javobgar bo‘ladi.

859-modda. Ishonchli boshqaruvchining javobgarligi

Mol-mulkni ishonchli boshqarish paytida foyda oluvchining yoki boshqaruv muassisining manfaatlari to‘g‘risida yetarli g‘amxo‘rlik qilmagan ishonchli boshqaruvchi foyda oluvchiga mol-mulkni ishonchli boshqarish vaqtida boy berilgan foydani, boshqaruv muassisiga esa mol-mulkni yo‘qotish yoki unga shikast yetkazish bilan keltirilgan zararni, shuningdek boy berilgan foydani to‘laydi.

Agar ishonchli boshqaruvchi ushbu zararlar yengib bo‘lmaydigan kuch tufayli yoki foyda oluvchining yoxud boshqaruv muassisining harakatlari tufayli kelib chiqqanligini isbot qilib bera olmasa, yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.

Ishonchli boshqaruvchi o‘ziga berilgan vakolatlardan chetga chiqqan yoki o‘zi uchun belgilab qo‘yilgan cheklashlarni buzgan holda tuzgan bitim bo‘yicha majburiyatlarni ishonchli boshqaruvchi shaxsan o‘zi bajaradi. Agar bitimda qatnashuvchi uchinchi shaxslar vakolatlardan chetga chiqilganligini yoki belgilab qo‘yilgan cheklashlarni bilmagan bo‘lsalar yoki bilishlari kerak bo‘lmagan bo‘lsa, vujudga kelgan majburiyatlar ushbu moddaning to‘rtinchi qismida belgilab qo‘yilgan tartibda bajarilishi kerak. Bu holda boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchidan u keltirgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishi mumkin.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish munosabati bilan vujudga kelgan majburiyatlar bo‘yicha qarzlar ushbu mol-mulk hisobidan to‘lanadi. Ushbu mol-mulk yetarli bo‘lmagan taqdirda undiruv ishonchli boshqaruvchining mol-mulkiga, uning mol-mulki ham yetarli bo‘lmaganida esa — boshqaruv muassisining ishonchli boshqarishga topshirilmagan mol-mulkiga qaratilishi mumkin.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi uni tegishli suratda bajarmaslik tufayli boshqaruv muassisiga yoki foyda oluvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararning o‘rnini qoplashni ta’minlash uchun ishonchli boshqaruvchining garov berishini nazarda tutishi mumkin.

860-modda. Ishonchli boshqaruvchiga to‘lanadigan haq

Ishonchli boshqaruvchi mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasida nazarda tutilgan haqni olish, shuningdek u mol-mulkni ishonchli boshqarish chog‘ida qilgan zarur xarajatlarni boshqarishga topshirilgan mol-mulk hisobidan yoki ushbu mol-mulkdan foydalanishdan kelgan daromadlar hisobidan qoplatish huquqiga ega.

861-modda. Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasining bekor bo‘lishi

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi quyidagi hollarda bekor bo‘ladi:

taraflardan birining shartnoma muddati tugashi munosabati bilan shartnomani bekor qilish to‘g‘risidagi arizasiga muvofiq;

agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, foyda oluvchi fuqaroning vafot etishi, foyda oluvchi yuridik shaxsning tugatilishi munosabati bilan;

ishonchli boshqaruvchi fuqaro vafot etganida, u muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanganida, shuningdek yakka tadbirkor to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganida;

ishonchli boshqaruvchi yuridik shaxs tugatilganida, u to‘lovga qobiliyatsiz deb topilganida;

foyda oluvchi, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma bo‘yicha foydani olishdan bosh tortganida;

ishonchli boshqaruvchi yoki boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchi uchun mol-mulkni ishonchli boshqarishni shaxsan amalga oshirishi mumkin emasligi munosabati bilan boshqaruvni amalga oshirishdan bosh tortganida;

boshqaruv muassisi ishonchli boshqaruvchiga shartnomada kelishilgan haqni to‘lagan holda ushbu moddaning to‘rtinchi bandida ko‘rsatilganidan boshqa sabablarga ko‘ra shartnomani bajarishdan bosh tortganida;

ishonchli boshqaruvchi o‘zining majburiyatlarini tegishli darajada bajarmagan taqdirda shartnoma sudning qaroriga muvofiq bekor qilinganida;

qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarga ko‘ra.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi bekor qilinganida ishonchli boshqarishda bo‘lgan mol-mulk, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, boshqaruv muassisiga topshiriladi.

Mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasi taraflardan birining tashabbusi bilan bekor qilinganida ikkinchi taraf, agar shartnomada boshqacha muddat belgilangan bo‘lmasa, kamida uch oy oldin bundan xabardor qilib qo‘yilishi kerak.

50-BOB. KOMPLEKS TADBIRKORLIK LITSENZIYASI (FRANSHIZING)

862-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi (franshizing) shartnomasi bo‘yicha bir taraf (kompleks litsenziar) ikkinchi tarafga (kompleks litsenziatga) haq evaziga litsenziarning firma nomidan hamda qo‘riqlanadigan tijorat axborotidan, shuningdek shartnomada nazarda tutilgan mutlaq huquqlarga kiruvchi boshqa obyektlardan (tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgisi va ixtirolar hamda boshqalardan) litsenziatning tadbirkorlik faoliyatida foydalanish huquqini o‘z ichiga oladigan mutlaq huquqlar kompleksini (litsenziya kompleksi) berish majburiyatini oladi.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi litsenziya kompleksidan, litsenziarning ish sohasidagi obro‘sidan va tijorat sohasidagi tajribasidan muayyan hajmda (xususan, minimal va yoki maksimal hajmda foydalanishni belgilab qo‘ygan holda) muayyan faoliyat sohasiga (litsenziardan olingan yoki litsenziat ishlab chiqargan tovarlarni sotish, xizmatlarni ko‘rsatish, ishlar bajarish, savdo faoliyatini amalga oshirish va hokazo) qo‘llagan holda, foydalanish hududini ko‘rsatib yoki ko‘rsatmasdan foydalanishni nazarda tutadi.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha faqat tijorat tashkilotlari va tadbirkorlar sifatida ro‘yxatga olingan fuqarolargina taraflar bo‘lishi mumkin.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi muddat ko‘rsatilgan, shuningdek ko‘rsatilmagan holda (muddatsiz shartnoma) tuzilishi mumkin.

Basharti ushbu bobda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa yoki u shartnomaning mohiyatidan kelib chiqmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasiga ushbu Kodeksning intellektual mulk haqidagi qoidalari tegishli suratda qo‘llanadi.

863-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining shakli va uni ro‘yxatga olishga qo‘yiladigan talablar

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak va u shartnomaga muvofiq litsenziar sifatida ish ko‘radigan yuridik shaxsni yoki yakka tadbirkorni ro‘yxatga olgan organ tomonidan ro‘yxatga olinishi kerak. Ushbu qoidaga rioya qilmaslik shartnomaning haqiqiy hisoblanmasligiga sabab bo‘ladi.

864-modda. Kompleks tadbirkorlik bo‘yicha qo‘shimcha litsenziya

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziatning o‘ziga berilgan litsenziya kompleksi yoki uning bir qismidan boshqa shaxslarning u litsenziar bilan kelishgan yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida belgilangan shartlarda foydalanishiga ruxsat berish huquqi nazarda tutilishi mumkin. Xuddi shuningdek, shartnomada litsenziatning muayyan vaqt davomida foydalanish hududini ko‘rsatgan yoki ko‘rsatmagan holda muayyan miqdorda qo‘shimcha litsenziyalar berish majburiyati ham yozib qo‘yilishi mumkin.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining bekor qilinishi kompleks tadbirkorlik bo‘yicha qo‘shimcha litsenziyani ham bekor qiladi.

865-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha haq to‘lash shakli

Litsenziat litsenziarga qat’iy belgilab qo‘yilgan bir yo‘la yoki davriy to‘lovlar, tushumdan ajratmalar, litsenziar tomonidan unga qayta sotish uchun yetkazib beriladigan tovarlarning ulgurji narxlariga ustamalar shaklida yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shaklda haq to‘laydi.

866-modda. Litsenziarning majburiyatlari

Litsenziar:

litsenziatga texnikaviy va tijorat hujjatlarini topshirishi hamda litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha o‘ziga berilgan huquqlarni amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotni taqdim etishi, shuningdek litsenziat va uning xodimlariga ushbu huquqlarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan yo‘l-yo‘riqlar berishi shart;

litsenziatga shartnomada nazarda tutilgan litsenziyalarni berishi, ularning belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlashi;

litsenziatga doimiy texnikaviy va maslahat yordami ko‘rsatishi, shu jumladan xodimlarni o‘qitish va ularning malakasini oshirishda yordam berishi shart.

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida litsenziarning boshqa majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.

867-modda. Litsenziatning majburiyatlari

Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha amalga oshiradigan faoliyatning xarakteri va xususiyatlarini hisobga olgan holda litsenziat:

shartnomada nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish chog‘ida litsenziarning firma nomidan shartnomada ko‘rsatilgan tarzda foydalanishi;

u shartnoma asosida ishlab chiqarayotgan tovarlar, ko‘rsatayotgan xizmatlar, bajarayotgan ishlar sifati bevosita litsenziarning o‘zi ishlab chiqarayotgan, ko‘rsatayotgan yoki bajarayotgan shunday tovarlar, xizmatlar yoki ishlarning sifatiga aniq mos bo‘lishini ta’minlashi;

litsenziarning litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqlardan foydalanish xarakteri, usullari va shartlari bu huquqlardan litsenziarning foydalanishiga aniq mos kelishiga qaratilgan barcha yo‘riqnomalari va ko‘rsatmalariga, shu jumladan litsenziat shartnoma bo‘yicha o‘ziga berilgan huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalanadigan tijorat binolarining tashqi va ichki bezaklariga doir ko‘rsatmalariga ham rioya etishi;

sotib oluvchilar (buyurtmachilar) bevosita litsenziardan tovar (xizmat, ish) ni sotib olgan (buyurtma bergan) vaqtda ularga umid qilishlari mumkin bo‘lgan hamma qo‘shimcha xizmatlarni ko‘rsatishi;

litsenziarning ishlab chiqarish sirlarini va undan olgan boshqa maxfiy tijorat axborotini oshkor qilmasligi;

agar shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan bo‘lsa, shartlashilgan miqdorda yordamchi litsenziyalarni berishi;

kompleks tadbirkorlik litsenziyasi tufayli firma nomidan, tovar belgisidan, xizmat ko‘rsatish belgisidan yoki boshqa individuallashtirish vositasidan foydalanayotganligini sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) ular uchun juda aniq usulda ma’lum qilishi shart.

868-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining cheklaydigan shartlari

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasida cheklaydigan (eksklyuziv) shartlar, xususan:

litsenziarning litsenziatga biriktirib qo‘yilgan hududda foydalanish uchun boshqa xuddi shunday kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini bermaslik yoki ushbu hududda bevosita mustaqil faoliyat olib bormaslik majburiyati;

litsenziatning kompleks tadbirkorlik litsenziyasidan foydalaniladigan hududda litsenziar bilan raqobatlashmaslik majburiyati;

litsenziatning litsenziarning raqobatchilaridan (bo‘lajak raqobatchilaridan) boshqa kompleks tadbirkorlik litsenziyalarini olishdan voz kechishi;

litsenziatning shartnoma bo‘yicha o‘ziga berilgan alohida huquqlarni amalga oshirish vaqtida foydalaniladigan tijorat binolari joylashtiriladigan yerni, shuningdek ularning tashqi va ichki bezaklarini litsenziar bilan kelishish majburiyati nazarda tutilishi mumkin.

Agar cheklaydigan shartlar tegishli bozorning holatini va taraflarning iqtisodiy mavqeyini hisobga olganda raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka zid bo‘lsa, bu shartlar monopoliyaga qarshi organ yoki boshqa manfaatdor shaxsning da’vosiga ko‘ra haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining cheklaydigan shartlariga ko‘ra:

litsenziar litsenziatning tovarni sotish bahosini yoki litsenziat bajaradigan (ko‘rsatadigan) ishlar (xizmatlar) narxini belgilashga, yoki mazkur narxlarning yuqori va pastki chegaralarini belgilab qo‘yishga haqli bo‘lsa;

litsenziat tovarlarni faqat ma’lum toifadagi sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga) yoki shartnomada belgilab qo‘yilgan hududda joylashgan (yashaydigan) sotib oluvchilarga (buyurtmachilarga)gina sotishga, ishlarni bajarishga yoki xizmatlar ko‘rsatishga haqli bo‘lsa, bunday cheklovchi shartlar haqiqiy emas.

869-modda. Litsenziarning litsenziatga qo‘yiladigan talablar bo‘yicha javobgarligi

Litsenziat kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha sotayotgan (bajarayotgan, ko‘rsatayotgan) tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifati shartnomaga mos emasligi to‘g‘risida litsenziatga qo‘yiladigan talablar yuzasidan litsenziar subsidiar javobgar bo‘ladi.

Litsenziatga litsenziarning mahsulotini (tovarlarini) tayyorlovchi sifatida qo‘yiladigan talablar yuzasidan litsenziar litsenziat bilan solidar javobgar bo‘ladi.

870-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini o‘zgartirish

Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq o‘zgartirilishi mumkin.

Tegishli o‘zgartishlar ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan paytdan boshlab shartnoma o‘zgartirilgan deb hisoblanadi.

871-modda. Kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini bekor qilish

Muddati ko‘rsatilib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi ushbu Kodeks 28-bobining qoidalariga muvofiq bekor qilinishi mumkin.

Taraflardan har biri muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasidan istagan vaqtda bosh tortishga haqli bo‘lib, agar shartnomada uzoqroq muddat nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu haqda ikkinchi tarafni olti oy oldin xabardor qilishi kerak.

Litsenziya kompleksiga kirgan firma nomini yangi firma nomi bilan almashtirmasdan unga bo‘lgan huquq bekor qilingan taqdirda kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bekor qilinadi.

Muddati ko‘rsatib tuzilgan kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish, shuningdek muddatsiz kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini bekor qilish ushbu Kodeksning 863-moddasida belgilangan tartibda ro‘yxatga olinishi kerak.

872-modda. Taraflar o‘zgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining o‘z kuchida qolishi

Litsenziya kompleksiga kiruvchi biron-bir alohida huquqning boshqa shaxsga o‘tishi kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asos bo‘lmaydi. Yangi litsenziar o‘ziga o‘tgan alohida huquq jumlasiga kiruvchi huquqlar va majburiyatlar bo‘yicha shartnomaga kirishadi.

Litsenziar fuqaro vafot etgan taqdirda, uning kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlari merosxo‘rga, basharti bu merosxo‘r tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lsa yoki meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinsa, o‘tadi. Aks holda shartnoma bekor qilinadi.

Merosxo‘r tegishli huquq va majburiyatlarni qabul qilib olguncha yoki merosxo‘r tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinguncha bo‘lgan davrda litsenziya kompleksini notarius tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadigan boshqaruvchi idora qiladi.

873-modda. Firma nomi o‘zgarganida kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasining o‘z kuchida qolishi

Litsenziar o‘zining firma nomini o‘zgartirgan taqdirda, agar litsenziat shartnomani bekor qilishni talab qilmasa, kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi saqlanib qoladi va litsenziarning yangi firma nomiga nisbatan amal qiladi. Shartnomaning amal qilishi saqlanib qolgan taqdirda litsenziat litsenziarga tegishli bo‘lgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli bo‘ladi.

874-modda. Litsenziya kompleksiga kiradigan alohida huquqning bekor bo‘lish oqibatlari

Agar kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi amal qilib turgan davrda litsenziya kompleksiga kiruvchi alohida huquqning amal qilish muddati tugasa yoki bunday huquq boshqa asosga ko‘ra bekor bo‘lsa, shartnoma bekor bo‘lgan huquqqa taalluqli qoidalarni chegirib tashlagan holda saqlanib qoladi, litsenziat esa, agar shartnomada boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, litsenziarga tegishli bo‘lgan haqni mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqli bo‘ladi.

51-BOB. OMONAT SAQLASH

1-§. Omonat saqlash haqida umumiy qoidalar

875-modda. Omonat saqlash shartnomasi

Omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha bir taraf (omonat saqlovchi) unga ikkinchi taraf (yuk topshiruvchi) bergan ashyoni saqlash va bu ashyoni to‘la holida qaytarish majburiyatini oladi.

Omonat saqlashni o‘z kasb faoliyatining maqsadlaridan biri sifatida amalga oshiradigan tashkilot (professional omonat saqlovchi) omonat saqlash shartnomasida saqlovchining yuk topshiruvchidan ashyoni shartnomada nazarda tutilgan muddatda saqlashga qabul qilish majburiyati ko‘zda tutilishi mumkin.

876-modda. Ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini bajarish

Omonat saqlashni tadbirkorlik yoki boshqa professional faoliyat sifatida amalga oshiradigan omonat saqlovchi omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha o‘z zimmasiga yuk topshiruvchining ashyolarini saqlashga qabul qilish va yuk topshiruvchi bergan narsalarni ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq saqlash majburiyatini olishi mumkin.

Omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatini olgan omonat saqlovchi bu ashyoni saqlash uchun o‘ziga berishni talab qilishga haqli emas. Biroq, ashyoni omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan muddatda saqlashga topshirmagan yuk topshiruvchi, agar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoni saqlashga topshirmaganligi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun omonat saqlovchi oldida javobgar bo‘ladi.

Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo shartnomada kelishilgan muddatda saqlashga topshirilmagan hollarda, bordi-yu, bu muddat belgilanmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan kundan boshlab uch oy o‘tganidan keyin omonat saqlovchi ashyoni saqlashga qabul qilish majburiyatidan ozod etiladi.

877-modda. Omonat saqlash shartnomasining shakli

Omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuzilishi kerak bo‘lgan hollarda (ushbu Kodeksning 108-moddasi) agar ashyoning saqlashga qabul qilinganligi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga saqlash tilxati, pattasi, guvohnomasini, omonat saqlovchi imzolagan boshqa hujjatni berish yo‘li bilan tasdiqlangan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Agar ashyo saqlash uchun favqulodda holatlarda (yong‘in, tabiiy ofat, to‘satdan kasal bo‘lish, hujum xavfi va boshqalar) topshirilgan bo‘lsa, shartnomaning yozma shakliga rioya qilish talab etilmaydi.

Omonat saqlash shartnomasi omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga, agar bunga qonunchilikda yo‘l qo‘yilsa yoki u saqlashning ushbu turi uchun odatdagi hol bo‘lsa, ashyolar saqlash uchun qabul qilinganligini tasdiqlaydigan nomerli jeton (nomer) yoki boshqa belgi berish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

Omonat saqlash shartnomasining oddiy yozma shakliga rioya qilmaslik saqlashga qabul qilingan ashyo bilan omonat saqlovchi qaytargan ashyoning aynan o‘ziligi xususida nizo chiqqan taqdirda, taraflarni guvohlarning ko‘rsatmalarini vaj qilib keltirish huquqidan mahrum etmaydi.

878-modda. Omonat saqlash muddati

Omonat saqlovchi ashyoni shartnomada kelishilgan muddat davomida saqlashi shart. Agar shartnomada saqlash muddati nazarda tutilgan bo‘lmasa va uni shartnomaning shartlariga qarab aniqlash mumkin bo‘lmasa, ashyo yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olinguncha saqlanadi.

Agar saqlash muddati ashyoni yuk topshirgan shaxs tomonidan talab qilib olish paytigacha qilib belgilangan bo‘lsa, omonat saqlovchi bunday vaziyatlarda odat bo‘lgan ashyoni saqlash muddati tugagach, ashyoning yuk topshirgan shaxs tomonidan qaytarib olinishini talab qilishga haqli bo‘lib, ashyoni topshirgan shaxsga uni qabul qilib olish uchun oqilona muddat beradi. Yuk topshiruvchining bu majburiyatni bajarmasligi ushbu Kodeks 888-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.

879-modda. Ashyolarni egasizlantirib saqlash

Ashyo egasizlantirib saqlanganida saqlash uchun qabul qilingan ashyolar boshqa yuk topshiruvchilarning shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolari bilan aralashtirib yuborilishi mumkin. Yuk topshiruvchiga teng miqdorda yoki taraflar kelishgan miqdorda shunga o‘xshash va shunday sifatli ashyolar qaytarib beriladi.

Egasizlantirib saqlash bunday hol omonat saqlash shartnomasida bevosita nazarda tutilgan hollardagina amalga oshiriladi.

880-modda. Omonat saqlovchining ashyo to‘liq saqlanishini ta’minlash majburiyatlari

Omonat saqlovchi saqlashga topshirilgan ashyoning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan, shuningdek boshqa barcha zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi shart.

Agar shartnomada egasizlantirib saqlash nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi saqlash uchun o‘ziga berilgan ashyoni yuk topshiruvchiga yoki u oluvchi sifatida ko‘rsatgan boshqa shaxsga topshirishi shart. Ashyo saqlashga qanday holatda topshirilgan bo‘lsa, o‘sha holatda, uning tabiiy yomonlashuvini yoki tabiiy kamayishini hisobga olib qaytarib berilishi shart.

Omonat saqlovchi ashyoni qaytarish bilan bir vaqtda, basharti omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, uni saqlash vaqtida olingan hosil va daromadlarni ham topshirishi shart.

881-modda. Omonat saqlashga topshirilgan ashyodan foydalanish

Omonat saqlovchi o‘ziga saqlash uchun topshirilgan ashyodan yuk topshiruvchining roziligisiz foydalanishga, shuningdek uchinchi shaxslarga undan foydalanish imkoniyatini berishga haqli emas, saqlanayotgan ashyodan foydalanish uning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hollar bundan mustasno.

882-modda. Omonat saqlash shartlarini o‘zgartirish

Omonat saqlovchi ashyoni saqlash shartlarini o‘zgartirish zarurligi haqida darhol yuk topshiruvchini xabardor qilishi va uning javobini kutishi shart.

Ashyoning yo‘qolishi yoki shikastlanishi xavfi paydo bo‘lgan taqdirda, omonat saqlovchi saqlash shartnomasida nazarda tutilgan saqlash usuli, joyi va boshqa shartlarni yuk topshiruvchining javobini kutmasdan o‘zgartirishi shart.

Agar saqlash vaqtida ashyoning buzilish xavfi aniq bo‘lib qolsa yoki ashyo buzilgan bo‘lsa, yoki uning to‘liq saqlanishini ta’minlashga imkon bermaydigan vaziyatlar vujudga kelgan bo‘lsa, yuk topshiruvchi esa o‘z vaqtida choralar ko‘rishini kutish mumkin bo‘lmasa, omonat saqlovchi ashyoni yoki uning bir qismini saqlash joyida amalda bo‘lgan bahoda mustaqil sotishga haqli. Agar mazkur vaziyatlar omonat saqlovchi aybdor bo‘lmagan sabablarga ko‘ra vujudga kelgan bo‘lsa, u sotish uchun qilgan o‘z xarajatlarini xarid bahosidan undirish huquqiga ega.

883-modda. Xavfli xossalarga ega bo‘lgan ashyolarni saqlash

Agar yuk topshiruvchi tez yonadigan, portlash xavfi bo‘lgan yoki o‘z tabiatiga ko‘ra xavfli bo‘lgan ashyolarni saqlash uchun topshirayotgan vaqtda saqlovchini ularning xossalari haqida ogohlantirmagan bo‘lsa, omonat saqlovchi bu ashyolarni ko‘rilgan ziyonni yuk topshiruvchiga to‘lamagan holda istagan vaqtda zararsizlantirishi yoki yo‘q qilib tashlashi mumkin. Yuk topshiruvchi bunday ashyolar saqlanishi munosabati bilan saqlovchiga va uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun javob beradi.

Xavfli xossalarga ega bo‘lgan ashyolar saqlash uchun professional omonat saqlovchiga topshirilgan vaqtda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qoidalar bunday ashyolar saqlash uchun noto‘g‘ri nom bilan topshirilgan va omonat saqlovchi ularni qabul qilib olish chog‘ida sirtidan ko‘zdan kechirish yo‘li bilan ularning xavfli xossalarga egaligini bila olmagan taqdirda qo‘llanadi.

Ashyolar haq evaziga saqlangan taqdirda, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda ashyolarni saqlash uchun to‘langan haq qaytarib berilmaydi, bordi-yu, bu haq to‘lanmagan bo‘lsa, omonat saqlovchi uni to‘la-to‘kis undirib olishi mumkin.

Agar omonat saqlovchi xabardor bo‘lgani holda va uning roziligi bilan saqlashga qabul qilingan ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ashyolar, garchi ularni saqlash shartlariga rioya etilgan bo‘lsa-da, atrofdagilar uchun yoki omonat saqlovchi yoxud uchinchi shaxslarning mol-mulki uchun xavfli bo‘lib qolgan bo‘lsa hamda vaziyat omonat saqlovchining yuk topshiruvchidan ularni darhol olib ketishni talab qilishiga imkon bermasa yoki yuk topshiruvchi bu talabni bajarmasa, ushbu ashyolar omonat saqlovchi tomonidan yuk topshiruvchiga ziyonni to‘lamagan holda zararsizlantirilishi yoki yo‘q qilib tashlanishi mumkin. Bunday hollarda yuk topshiruvchi ushbu ashyolarni saqlash munosabati bilan keltirilgan zarar uchun omonat saqlovchi va uchinchi shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi.

884-modda. Ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirish

Agar qonunchilikda yoki omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining roziligisiz ashyoni saqlash uchun uchinchi shaxsga topshirishga haqli emas, basharti buni yuk topshiruvchining manfaatlari zarur qilib qo‘ygan va omonat saqlovchi uning roziligini olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan bo‘lmasa. Omonat saqlovchi ashyoni uchinchi shaxsga topshirganligi haqida yuk topshiruvchini kechiktirmay xabardor qilishi shart.

Saqlash uchun ashyo topshirilgan uchinchi shaxsning harakatlari uchun omonat saqlovchi javob beradi.

885-modda. Omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq

Omonat saqlaganlik uchun haq saqlovchiga saqlash tamom bo‘lganidan keyin, bordi-yu, saqlash uchun davrlar bo‘yicha haq to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa — har bir davr tamom bo‘lganidan keyin to‘lanishi shart.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar bo‘lmagan vaziyatlar tufayli shartlashilgan muddatidan oldin to‘xtatilsa, omonat saqlovchi haqning mutanosib qismini, ushbu Kodeks 883-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda esa, haqning hammasini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar saqlash omonat saqlovchi javobgar bo‘ladigan vaziyatlar tufayli muddatidan oldin to‘xtatilsa, u saqlaganlik uchun haq talab qilish huquqiga ega bo‘lmaydi, bu haq ustidan olgan summalarni esa yuk topshiruvchiga qaytarishi shart.

Agar shartnomada nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin saqlab turilgan ashyo yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinmagan bo‘lsa, u ashyoni bundan keyin saqlagani uchun omonat saqlovchiga tegishli miqdorda haq to‘lashi shart.

Ushbu moddaning qoidalari omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa qo‘llaniladi.

886-modda. Omonat saqlash yuzasidan qilingan xarajatlarni qoplash

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoni saqlash xarajatlari to‘lanadigan haq summasiga kiritiladi. Alohida xarajatlar omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan haq summasiga yoki xarajatlar tarkibiga kiritilmasligi nazarda tutiladi.

Agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyo tekinga saqlanganida yuk topshiruvchi amalda qilingan zarur xarajatlarni omonat saqlovchiga to‘lashi shart.

887-modda. Omonat saqlash uchun qilingan alohida xarajatlar

Ashyoni saqlash uchun qilingan, odatdagi bunday xarajatlardan ortiq bo‘lgan hamda omonat saqlash shartnomasini tuzish chog‘ida taraflar oldindan ko‘rishi mumkin bo‘lmagan xarajatlar (alohida xarajatlar), basharti yuk topshiruvchi ushbu xarajatlarga rozilik bergan yoki ularni keyinchalik ma’qullagan bo‘lsa, shuningdek qonunchilikda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa hollarda omonat saqlovchiga to‘lanadi.

Alohida xarajatlarni qilish zarur bo‘lib qolganida, omonat saqlovchi yuk topshiruvchidan ushbu xarajatlarga rozilik so‘rashi shart. Agar yuk topshiruvchi omonat saqlovchi ko‘rsatgan muddatda yoki javob berish uchun yetarli bo‘lgan vaqtda o‘zining rozi emasligini xabar qilmasa, u alohida xarajatlarga rozi bo‘lgan, deb hisoblanadi.

Ishning holatlariga ko‘ra yuk topshiruvchining roziligini oldindan olish mumkin bo‘lsa-da, omonat saqlovchi bunday rozilikni olmasdan turib saqlash uchun alohida xarajatlar qilgan va yuk topshiruvchi keyinchalik ularni ma’qullamagan taqdirda, omonat saqlovchi alohida xarajatlarni faqat ushbu xarajatlar qilinmasa ashyoga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar doirasida qoplashni talab qilishi mumkin.

Agar saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, alohida xarajatlar saqlash haqiga qo‘shimcha ravishda to‘lanadi.

888-modda. Ashyoning yuk topshiruvchi tomonidan qaytarib olinishi

Yuk topshiruvchi shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati tamom bo‘lgach, saqlash uchun topshirilgan ashyoni qaytarib olishi shart.

Yuk topshiruvchi ashyoni olishdan bosh tortgan taqdirda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchi ashyoni mustaqil suratda sotishga, uning qiymati belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravariga teng summadan ortiq bo‘lgan taqdirda esa — ushbu Kodeksning 379, 380 va 381-moddalarida nazarda tutilgan tartibda sotishga haqli.

Ashyoni sotishdan tushgan summa omonat saqlovchiga tegishli haq chegirib tashlangach, yuk topshiruvchiga beriladi.

889-modda. Ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchining javobgarligi

Omonat saqlovchi saqlash uchun qabul qilingan ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun ushbu Kodeksning 333-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra javobgar bo‘ladi.

Professional omonat saqlovchi ashyoning yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi:

yengib bo‘lmas kuch ta’siri oqibatida;

ashyoning uni saqlash uchun qabul qilish chog‘ida omonat saqlovchi bilmagan va bilishi shart bo‘lmagan yashirin xossalari tufayli;

saqlanayotgan ashyoning yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi yuk topshiruvchining qasddan qilganligi yoki qo‘pol ehtiyotsizligi natijasida yuz berganligini isbotlamasa javobgar bo‘ladi.

Shartnomada nazarda tutilgan saqlash muddati yoki omonat saqlovchining talabiga ko‘ra ashyoni qaytarib olishi shart bo‘lgan vaqt tugagach, yuk topshiruvchi saqlanayotgan ashyoni qaytarib olmasa, omonat saqlovchi bundan buyon ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun qasddan harakat qilgan yoki qo‘pol ehtiyotsizlik qilgan taqdirdagina javob beradi.

890-modda. Omonat saqlovchining javobgarlik darajasi

Ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki saqlash shartnomasida boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning 324-moddasiga muvofiq omonat saqlovchi tomonidan qoplanadi.

Ashyo tekin saqlanganida uning yo‘qolishi, kam chiqishi yoki shikastlanishi tufayli yuk topshiruvchiga yetkazilgan zarar:

ashyolar yo‘qolganligi va kam chiqqanligi uchun — yo‘qolgan yoki yetishmayotgan ashyolarning qiymati miqdorida;

ashyolar shikastlanganligi uchun — ularning qiymati qancha summaga kamaygan bo‘lsa, shuncha summa miqdorida qoplanadi.

Agar omonat saqlovchi javobgar bo‘lgan holda shikast yetishi natijasida ashyoning sifati undan dastlabki vazifasi bo‘yicha foydalanish mumkin bo‘lmaydigan darajada o‘zgargan bo‘lsa, yuk topshiruvchi undan voz kechishga va omonat saqlovchidan ushbu ashyoning qiymatini, shuningdek, agar qonunda yoki omonat saqlash shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, boshqa zararni ham qoplashni talab qilishga haqli.

891-modda. Omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni qoplash

Agar omonat saqlovchi ashyoni saqlash uchun qabul qilib olayotgan paytida uning xossalarini bilmagan va bilishi shart bo‘lmagan bo‘lsa, yuk topshiruvchi saqlash uchun topshirilgan ashyoning xossalari tufayli yetkazilgan zararni omonat saqlovchiga to‘lashi shart.

892-modda. Yuk topshiruvchining talabi bilan omonat saqlash majburiyatining bekor bo‘lishi

Shartnomada yukni qaytarib berishning boshqacha muddati belgilangan bo‘lsa ham, omonat saqlovchi yuk topshiruvchining talabi bilan saqlashga qabul qilingan ashyoni darhol qaytarib berishi kerak. Bu holda, agar omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, yuk topshiruvchi majburiyatni muddatidan oldin bekor qilishi tufayli omonat saqlovchiga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

893-modda. Omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalarni uning alohida turlariga tatbiq etish

Agar ushbu Kodeksning 894 — 913-moddalarida nazarda tutilgan omonat saqlashning alohida turlari to‘g‘risidagi qoidalarda, boshqa qonunchilik hujjatlarida o‘zgacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa, omonat saqlash haqidagi umumiy qoidalar uning alohida turlariga ham tatbiq etiladi.

2-§. Omonat saqlashning alohida turlari

894-modda. Lombardda omonat saqlash

Lombardda omonat saqlash uchun fuqarolardan shaxsiy iste’molga mo‘ljallangan ko‘char ashyolar qabul qilinishi mumkin.

Ashyoni lombardda omonat saqlash shartnomasi lombard tomonidan yuk topshiruvchiga (mijozga) uning nomi yozilgan saqlov pattasi berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi.

Lombardga saqlash uchun topshiriladigan ashyo taraflarning kelishuvi bilan saqlash uchun qabul qilish paytida va joyida odatda savdoda shu turdagi va sifatdagi ashyoga belgilanadigan narxlarga muvofiq baholanishi kerak.

Lombard saqlash uchun qabul qilingan ashyolarni ushbu moddaning uchinchi qismiga muvofiq chiqarilgan narxning to‘liq summasida o‘z hisobidan yuk topshiruvchi foydasiga sug‘urtalashi shart.

895-modda. Lombarddan talab qilib olinmagan ashyolar

Yuk topshiruvchi ashyolarni qaytarib olishdan bosh tortgan taqdirda, lombard ularni uch oy mobaynida saqlab turishi shart. Bu muddat o‘tganidan keyin talab qilib olinmagan ashyolar lombard tomonidan ushbu Kodeks 289-moddasining yettinchi qismida belgilab qo‘yilgan tartibda sotilishi mumkin.

Ashyolarni sotishdan tushgan puldan saqlash haqi va lombardga tegishli boshqa to‘lovlar qoplanadi. Pulning qolgan qismi lombard tomonidan saqlov pattasining egasiga u taqdim etilganida qaytarib beriladi.

896-modda. Boyliklarni bankda saqlash

Bank qimmatli qog‘ozlarni, qimmatbaho metallar va toshlarni, boshqa boyliklarni, shuningdek hujjatlarni saqlash uchun qabul qilishi mumkin.

Bankda boyliklarni saqlash shartnomasi bank tomonidan boylik topshiruvchiga nomi yozilgan saqlov hujjatini berish yo‘li bilan rasmiylashtiriladi. Bu hujjatni taqdim etish bank tomonidan saqlanayotgan boyliklarni boylik topshiruvchiga berish uchun asos bo‘ladi.

Qimmatli qog‘ozlarni saqlash (depozit) shartnomasida nazarda tutilgan hollarda bank ularning to‘liq saqlanishini ta’minlashdan tashqari, ushbu qog‘ozlarga nisbatan yuridik ahamiyatga ega harakatlarni ham (vakillik va hokazo) amalga oshiradi.

Boyliklarni yakka tartibdagi po‘lat sandiqdan (po‘lat sandiq bo‘linmasidan, saqlash uchun mo‘ljallangan alohida binodan) foydalangan holda saqlash shartnomasi bank tomonidan boyliklarni saqlash uchun qabul qilish harakatlarini amalga oshirish va boylik topshiruvchiga po‘lat sandiq kalitini, boylik topshiruvchini ko‘rsatadigan varaqcha, ko‘rsatuvchining po‘lat sandiqni ochish va undan boyliklarni olish huquqini tasdiqlaydigan boshqa belgi yoki hujjat berish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.

Agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, boylik topshiruvchi istagan vaqtda boyliklarni po‘lat sandiqdan olishi, ularni qayta qo‘yishi, saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashi mumkin. Bunda bank boylik topshiruvchining boyliklarni olishini va qaytarib topshirishini hisobga olish huquqiga ega.

Boylik topshiruvchi boyliklarning bir qismini po‘lat sandiqdan olgan taqdirda, bank boyliklarning qolgan qismi but saqlanishi uchun javobgar bo‘ladi.

Ushbu moddada belgilangan bankning po‘lat sandig‘ida boyliklarni saqlash qoidalari bank o‘z po‘lat sandig‘ini mulk ijarasi shartlari asosida foydalanish uchun boshqa shaxsga beradigan hollarga taalluqli bo‘lmaydi.

897-modda. Ashyolarni transport tashkilotlarining yukxonalarida saqlash

Transport tashkilotlarining ixtiyoridagi yukxonalar yo‘lovchilar va boshqa fuqarolardan, ularda yo‘l hujjatlari bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar, ashyolarni saqlash uchun qabul qilishi shart. Ashyoni transport tashkilotlarining yukxonalarida saqlash shartnomasi ommaviy hisoblanadi.

Ashyo saqlash uchun yukxonaga qabul qilinganligini tasdiqlash yuzasidan (avtomat yukxonalardan tashqari) yuk topshiruvchiga patta yoki nomerli jeton beriladi.

Patta yoki jeton yo‘qotilgan taqdirda yukxonaga topshirilgan ashyo yuk topshiruvchiga ushbu ashyo o‘ziga qarashli ekanligining isbotini taqdim etgan taqdirda beriladi.

Yukxonaga topshirilgan ashyo yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi oqibatida yuk topshiruvchi ko‘rgan zarar summasi, agar ashyoni saqlashga topshirish paytida u narxlangan bo‘lsa yoki zararning o‘rnini qoplashga kerakli summa xususida taraflar kelishib olgan bo‘lsalar, zararni qoplash to‘g‘risida talab qo‘yilgan paytdan boshlab bir sutka muddatda yuk topshiruvchiga to‘lanadi.

Ashyo maxsus qoidalar yoki taraflarning kelishuvi bilan belgilangan muddatga yukxonaga topshirilishi mumkin. Ko‘rsatilgan muddatda talab qilib olinmagan ashyoni yukxona yana o‘ttiz kun saqlab turishi shart. Ushbu muddat tamom bo‘lgach, talab qilib olinmagan ashyo sotilishi, sotishdan tushgan pul esa ushbu Kodeksning 895-moddasiga muvofiq taqsimlanishi mumkin.

898-modda. Ashyoni tashkilotlarning kiyimxonalarida saqlash

Agar tashkilotlarning kiyimxonalarida ashyolarni haq evaziga saqlash haqida ashyoni saqlashga topshirish vaqtida kelishib qo‘yilgan yoki boshqa ochiq usulda shartlashilgan bo‘lmasa, ularda ashyo saqlash bepul hisoblanadi.

Ashyo kiyimxonada saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlash uchun saqlovchi yuk topshiruvchiga nomerli jeton yoki ashyo saqlash uchun qabul qilib olinganligini tasdiqlovchi boshqa belgi beradi.

Kiyimxonaga topshirilgan ashyo jeton taqdim etuvchiga beriladi. Bunda saqlovchi jeton taqdim etuvchining ashyoni olishga vakolatlarini tekshirishi shart emas. Biroq, omonat saqlovchi jeton uni taqdim etuvchiga qarashli ekanligiga shubhalansa, ashyoni jeton taqdim etuvchiga qaytarib berishni to‘xtatib turishga haqli.

Yuk topshiruvchi jetonni yo‘qotib qo‘ygan, lekin uning ashyolarni kiyimxonaga topshirganligi yoki ashyolarning unga tegishliligi saqlovchida shubha tug‘dirmagan yoxud yuk topshiruvchi tomonidan isbotlangan hollarda ham saqlovchi kiyimxonadagi ashyoni berishga haqli. Tashkilotlarning ashyolar kiyimxonalarda but saqlanishi uchun javobgarligi, shuningdek talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari ushbu Kodeks 897-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida ko‘rsatilgan qoidalar bo‘yicha belgilanadi.

899-modda. Ashyoni mehmonxonada saqlash

Mehmonxona unda yashayotgan shaxs tomonidan olib kirilgan ashyolarning yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligi uchun omonat saqlovchi sifatida alohida kelishuv bo‘lmagan taqdirda ham javob beradi, ashyo yengib bo‘lmaydigan kuch, ashyoning o‘z xossalari oqibatida yoki mehmonxonada yashovchining o‘zi, uning hamrohlari yoki uning yoniga kelgan shaxslar aybi bilan yo‘qolgan, kam chiqqan yoki shikastlangan hollar bundan mustasno.

Mehmonxona xodimlariga ishonib topshirilgan ashyo yoki mo‘ljallangan joyga (mehmonxona nomeri va boshqalarga) joylashtirilgan ashyo mehmonxonaga olib kirilgan ashyo deb hisoblanadi.

Pul, boshqa valyuta qimmatliklari, qimmatli qog‘ozlar va boshqa qimmatbaho ashyolar saqlash uchun alohida omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha qabul qilib olingan bo‘lsagina, mehmonxona ularning yo‘qolganligi uchun javobgar bo‘ladi.

Mehmonxonada yashayotgan, o‘z ashyolarining yo‘qolganligi, kam chiqqanligi yoki shikastlanganligini bilib qolgan shaxs mehmonxona ma’muriyatiga bu haqda kechiktirmay xabar qilishi shart. Aks holda mehmonxona ashyolarning to‘liq saqlanmaganligi uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.

Mehmonxona bu yerda yashayotgan shaxslarning ashyolari saqlanishi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmasligini e’lon qilgan taqdirda ham, javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Mehmonxonalarda talab qilib olinmagan ashyolarni saqlash muddatlari va ularning taqdiri ushbu Kodeks 897-moddasining beshinchi qismida yozib qo‘yilgan qoidalarga muvofiq belgilanadi.

Ushbu moddaning qoidalari motellar, dam olish uylari, sanatoriylar, yotoqxonalar, hammomlarda, shuningdek tashkilotga keladigan fuqarolarning ashyolarini saqlash uchun maxsus ajratilgan joylarga ega bo‘lgan boshqa tashkilotlarda ham ashyolarni saqlashga nisbatan qo‘llanadi.

900-modda. Nizoli ashyolarni saqlash (sekvestr)

Sekvestr to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha ashyoga egalik qilish xususida oralarida nizo chiqqan ikki yoki bir necha shaxs nizoli ashyoni uchinchi shaxsga beradilar. Uchinchi shaxs nizo hal bo‘lgach, ashyoni sud qarori bilan yoki nizolashayotgan hamma shaxslarning kelishuviga muvofiq kimga tegishli bo‘lsa, o‘sha shaxsga qaytarib berish majburiyatini oladi (shartnoma sekvestri).

Nizoli ashyo sudning qaroriga ko‘ra sekvestr tartibida saqlash uchun topshirilishi mumkin (sud sekvestri).

Sud tomonidan tayinlangan shaxs ham, shuningdek bahslashayotgan taraflarning o‘zaro kelishuviga muvofiq belgilanadigan shaxs ham sud sekvestri bo‘yicha omonat saqlovchi bo‘lishi mumkin. Har ikkala holda ham, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, omonat saqlovchining roziligi talab qilinadi.

Sekvestr tartibida saqlashga ko‘char mulklar ham, shuningdek ko‘chmas mulklar ham topshirilishi mumkin.

3-§. Tovar omborida omonat saqlash

901-modda. Tovar ombori

Tadbirkorlik faoliyati sifatida tovarlarni saqlaydigan va saqlash bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatadigan tashkilot tovar ombori deyiladi.

902-modda. Umumiy foydalanishdagi tovar ombori

Agar qonunchilikka muvofiq tovar ombori tovarlarni saqlash uchun chegaralangan doiradagi shaxslardan qabul qilishi mumkin bo‘lgan omborlar jumlasiga kiritilgan bo‘lmasa, u umumiy foydalanishdagi ombor deb hisoblanadi.

Umumiy foydalanishdagi tovar ombori tomonidan tuziladigan omborda omonat saqlash shartnomasi ommaviy shartnoma deb hisoblanadi.

903-modda. Omborda omonat saqlash shartnomasi

Omborda omonat saqlash shartnomasi bo‘yicha tovar ombori (saqlovchi) tovar egasi (yuk topshiruvchi) tomonidan o‘ziga topshirilgan tovarlarni haq evaziga saqlash va ularni to‘liq holicha qaytarib berish majburiyatini oladi.

Omborda omonat saqlash shartnomasi yozma ravishda tuziladi. Agar omborda saqlash shartnomasini tuzish va tovarni omborga qabul qilib olish ombor hujjati bilan tasdiqlangan bo‘lsa, omborda omonat saqlash shartnomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

904-modda. Ashyolarni tasarruf qilish huquqi bilan saqlash

Agar qonunchilikdan yoki omborda omonat saqlash shartnomasidan tovar ombori o‘ziga saqlash uchun topshirilgan tovarlarni tasarruf etishi mumkinligi kelib chiqsa, u holda taraflarning munosabatlariga ushbu Kodeks 41-bobining qoidalari qo‘llanadi, biroq tovarlarni qaytarib berish vaqti va joyi ushbu bobning qoidalari bilan belgilanadi.

905-modda. Tovar omborining majburiyatlari

Tovar ombori standartlar, texnikaviy shartlar, texnologiya yo‘riqnomalari, saqlash yo‘riqnomalari, ayrim turdagi tovarlarni saqlash qoidalarida, ombor uchun majburiy bo‘lgan boshqa maxsus normativ hujjatlarda belgilab qo‘yilgan saqlash shartlari (tartiboti)ga rioya qilishi lozim.

Agar omborda omonat saqlash shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tovar ombori tovarlarni saqlash uchun qabul qilib olayotganida ularni o‘z hisobidan ko‘zdan kechirishi kerak.

Agar omonat saqlash egasizlantirish yo‘li bilan amalga oshirilayotgan bo‘lsa, tovar ombori tovar egasiga tovarlarni yoki ularning namunalarini ko‘zdan kechirish, namuna olish hamda tovarlarning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rish imkoniyatlarini berishi shart.

Tovarlarning to‘liq saqlanishini ta’minlash uchun saqlash sharoitlarini tezlik bilan o‘zgartirish talab qilinadigan hollarda tovar ombori zarur shoshilinch choralarni mustaqil ko‘rishga haqli. U ko‘rilgan choralar to‘g‘risida tovar egasiga xabar berishi shart.

Saqlash vaqtida tovar omborda omonat saqlash shartnomasida kelishilganidan yoki odatdagi tabiiy buzilish normalari doirasidan tashqari chiqadigan darajada buzilganligi aniqlangan taqdirda, tovar ombori bu haqda darhol dalolatnoma tuzishi va o‘sha kuniyoq yuk topshiruvchini xabardor qilishi shart.

906-modda. Tovar egasiga qaytarilayotgan vaqtda uning miqdori va holatini tekshirish

Tovar egasi va tovar omborining har biri tovarni qaytarib berish vaqtida uni ko‘zdan kechirish va miqdorini tekshirishni talab qilish huquqiga ega. Shu tufayli qilingan xarajatlar tovarni ko‘zdan kechirishni yoki uning miqdorini tekshirishni talab qilgan taraf zimmasiga tushadi.

Agar ombor tovarni egasiga qaytarayotgan vaqtida ular tovarni birga ko‘zdan kechirmagan yoki tekshirmagan bo‘lsalar, tovar tegishli darajada saqlanmaganligi oqibatida uning kam chiqqanligi yoki buzilganligi haqidagi ariza omborga tovarni olish vaqtida, tovarni qabul qilishning oddiy usuli bilan aniqlash mumkin bo‘lmagan yetishmovchilik yoki buzilish xususida esa, ularni aniqlash uchun zarur bo‘lgan oqilona muddatda yozma ravishda yuborilishi kerak.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ariza bo‘lmaganida, agar aksi isbot qilingan bo‘lmasa, ombor tovarni omborda omonat saqlash shartnomasi shartlariga muvofiq qaytargan deb hisoblanadi.

907-modda. Tovar omborining omborda saqlash shartnomasidan bosh tortishi

Yuk topshiruvchi tovarning xavfli ekanligini yashirgan va bu katta zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hollarda tovar ombori omonat saqlash shartnomasini bajarishdan bosh tortishga haqli.

908-modda. Ombor hujjatlari

Tovar omborlari tovarlarni saqlashga qabul qilganligini tasdiqlab, quyidagi ombor hujjatlarini berishi mumkin:

ikki qismli ombor guvohnomasi;

oddiy ombor guvohnomasi;

ombor pattasi.

Ikki qismli ombor guvohnomasi, uning har bir qismi va oddiy ombor guvohnomasi qimmatli qog‘ozlar bo‘ladi.

Ikki qismli va oddiy ombor guvohnomasi garov narsasi bo‘lishi mumkin.

909-modda. Ikki qismli ombor guvohnomasi

Ikki qismli ombor guvohnomasi ombor guvohnomasidan va garov guvohnomasidan (varrant) iborat bo‘lib, ular bir-biridan ajratilishi mumkin.

Ikki qismli ombor guvohnomasining har bir qismida quyidagilar ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak:

tovarni saqlash uchun qabul qilgan tovar omborining nomi va joylashgan manzili;

ombor guvohnomasining ombor reyestri bo‘yicha joriy nomeri;

tovar saqlash uchun qabul qilib olingan tashkilot nomi yoki fuqaroning ismi, shuningdek tovar egasining joylashgan yeri (yashash joyi);

saqlash uchun qabul qilingan tovarning nomi va miqdori –– birliklar soni va (yoki) tovar donalarining soni va (yoki) tovarning o‘lchovi (og‘irligi, hajmi);

agar muddat belgilangan bo‘lsa, tovar qancha muddatga saqlash uchun qabul qilinganligi yoki tovar talab qilib olinguncha saqlash uchun qabul qilinganligi;

omonat saqlaganlik uchun to‘lanadigan haq miqdori yoki bu haqni hisoblab chiqarishga asos bo‘ladigan tariflar va saqlash haqini to‘lash tartibi;

ombor guvohnomasi berilgan sana.

Ikki qismli ombor guvohnomasining ikkala qismida vakil shaxsning bir xil imzosi va tovar omborxonasining muhri (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) bo‘lishi shart.

Ushbu moddaning talablariga mos kelmaydigan hujjat ikki qismli ombor guvohnomasi bo‘la olmaydi.

910-modda. Tovarga ombor va garov guvohnomasini saqlovchining huquqlari

Ombor va garov guvohnomalarini saqlovchi omborda saqlanayotgan tovarni to‘la tasarruf etish huquqiga ega.

Garov guvohnomasidan ajratilgan ombor guvohnomasini saqlovchi tovarni tasarruf etishga haqli, lekin garov guvohnomasi bo‘yicha berilgan kreditni to‘lamagunicha tovarni ombordan olishi mumkin emas.

Garov guvohnomasini saqlovchi ushbu guvohnoma bo‘yicha berilgan kredit va uning foizlari miqdorida tovar bo‘yicha garov huquqiga ega bo‘ladi. Tovar garovga qo‘yilganida bu haqda ombor guvohnomasiga belgi qo‘yiladi.

911-modda. Ombor va garov guvohnomasini boshqa shaxsga berish

Ombor guvohnomasi va garov guvohnomasi birgalikda yoki alohida-alohida topshirish yozuvlari bo‘yicha topshirilishi mumkin.

912-modda. Oddiy ombor guvohnomasi

Oddiy ombor guvohnomasi taqdim etuvchiga beriladi.

Oddiy ombor guvohnomasida ushbu Kodeksning 909-moddasida nazarda tutilgan ma’lumotlar bo‘lishi, shuningdek u taqdim etuvchiga berilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

913-modda. Tovarni ikki qismli omborxona guvohnomasi bo‘yicha berish

Tovar ombori tovarni ombor va garov guvohnomalarini (ikki qismli ombor guvohnomasini) saqlovchiga berib, undan ushbu ikkala guvohnomani oladi.

Ombor guvohnomasini saqlovchi garov guvohnomasiga ega bo‘lmasa, biroq uning yuzasidan qarz summasini to‘lagan bo‘lsa, ombor tovarni faqat ombor guvohnomasiga ayirboshlash yo‘li bilan va u bilan birgalikda garov guvohnomasi bo‘yicha butun qarz summasi to‘langanligi haqidagi patta taqdim etilganidagina beradi.

Ombor va garov guvohnomalarining saqlovchisi tovarni qismlarga bo‘lib berishni talab qilishga haqli. Bunda dastlabki guvohnomalar o‘rniga unga omborda qolgan tovar uchun yangi guvohnomalar beriladi.

Garov guvohnomasiga ega bo‘lmagan va uning yuzasidan qarz summasini to‘lamagan ombor guvohnomasini saqlovchiga ushbu moddaning talablariga qaramay tovarni bergan tovar ombori garov guvohnomasini saqlovchi oldida bu guvohnoma bo‘yicha ta’minlangan butun to‘lov uchun javobgar bo‘ladi.

52-BOB. SUG‘URTA

914-modda. Ixtiyoriy va majburiy sug‘urta

Sug‘urta fuqaro yoki yuridik shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urta tashkiloti (sug‘urtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaxsiy sug‘urta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi ommaviy shartnoma hisoblanadi.

Qonunda ko‘rsatilgan shaxslarga sug‘urta qiluvchilar sifatida boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkini yoxud o‘zining boshqa shaxslar oldidagi fuqarolik javobgarligini o‘z hisobidan yoxud manfaatdor shaxslar hisobidan sug‘urta qilish (majburiy sug‘urta) majburiyati qonun bilan yuklangan hollarda sug‘urta ushbu bobning qoidalariga muvofiq shartnomalar tuzish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Majburiy sug‘urtada sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchi bilan sug‘urtaning ushbu turini tartibga soladigan qonunchilikda nazarda tutilgan shartlarda shartnoma tuzishi shart.

Qonunda fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan majburiy sug‘urta qilish hollari (davlat majburiy sug‘urtasi) nazarda tutilishi mumkin.

915-modda. Mulkiy sug‘urta shartnomasi

Mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq bir taraf (sug‘urtalovchi) shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga shartnomada nazarda tutilgan voqea (sug‘urta hodisasi) sodir bo‘lganda boshqa tarafga (sug‘urta qildiruvchiga) yoki shartnoma qaysi shaxsning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sug‘urtalanuvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni shartnomada belgilangan summa (sug‘urta puli) doirasida to‘lash (sug‘urta tovoni to‘lash) majburiyatini oladi.

Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha quyidagilar sug‘urtalanishi mumkin:

muayyan mol-mulkning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfi;

fuqarolik javobgarligi xavfi — boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa, shuningdek shartnomalar bo‘yicha javobgarlik xavfi;

tadbirkorlik xavfi — tadbirkorning kontragentlari o‘z majburiyatlarini buzishi yoki tadbirkorga bog‘liq bo‘lmagan vaziyatlarga ko‘ra bu faoliyat shart-sharoitlarining o‘zgarishi tufayli tadbirkorlik faoliyatidan kutilgan daromadlarni ololmaslik xavfi.

916-modda. Sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydigan manfaatlar

G‘ayriqonuniy manfaatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qimor, lotereyalar va garov o‘yinlarida ishtirok etishda ko‘riladigan zararni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Garovga olinganlarni ozod qilish maqsadida shaxs majburan qilishi mumkin bo‘lgan xarajatlarni sug‘urtalashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sug‘urta shartnomalarining ushbu modda birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlariga zid bo‘lgan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

917-modda. Mol-mulkni sug‘urta qilish

Mol-mulk uning asralishidan qonunchilikka yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega bo‘lgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga, uning mulkdori, mol-mulkka nisbatan boshqa ashyoviy huquqqa ega bo‘lgan shaxs, ijarachi, pudratchi, saqlovchi, vositachi va boshqa shu kabilar foydasiga sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin.

Sug‘urtalangan mol-mulkning asralishidan sug‘urta qildiruvchida va naf oluvchida manfaat bo‘lmagan paytda tuzilgan mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi haqiqiy emas.

Naf oluvchi foydasiga mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasi naf oluvchining ismi yoki nomi ko‘rsatilmasdan tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma tuzilganda sug‘urta qildiruvchiga egasining nomi ko‘rsatilmagan polis beriladi. Bunday shartnoma bo‘yicha huquqlarni amalga oshirishda bu polisni sug‘urtalovchiga taqdim etish zarur.

918-modda. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni sug‘urta qilish

Boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlar yuzasidan javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoki bunday javobgarlik yuklanishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxsning javobgarlik xavfi sug‘urtalanishi mumkin.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfi sug‘urtalangan shaxs sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilishi lozim. Agar bu shaxs shartnomada ko‘rsatilmagan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchining o‘zining javobgarlik xavfi sug‘urtalangan hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi, hatto shartnoma zarar yetkazilganligi uchun javobgar bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi yoki boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud shartnomada u kimning foydasiga tuzilgani ko‘rsatilmagan taqdirda ham, zarar yetkazilishi mumkin bo‘lgan shaxslar (naf oluvchilar) foydasiga tuzilgan deb hisoblanadi.

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik uni sug‘urta qilish majburiy bo‘lgani sababli sug‘urtalangan taqdirda, shuningdek qonunda yoki bunday javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasida nazarda tutilgan boshqa hollarda sug‘urta shartnomasi o‘z foydasiga tuzilgan deb hisoblanuvchi shaxs zararni sug‘urta puli doirasida to‘lash to‘g‘risida bevosita sug‘urtalovchiga talab qo‘yishga haqli.

919-modda. Shartnoma bo‘yicha javobgarlikni sug‘urta qilish

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilishga qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘zining javobgarlik xavfi sug‘urtalanishi mumkin. Ushbu talabga muvofiq bo‘lmagan sug‘urta shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik xavfi, bu shartnoma shartlariga ko‘ra sug‘urta qildiruvchi qaysi taraf oldida tegishli javobgarlikni zimmasiga olishi lozim bo‘lsa, o‘sha taraf — naf oluvchi foydasiga, hatto sug‘urta shartnomasi boshqa shaxs foydasiga tuzilgan yoxud unda kimning foydasiga tuzilgani aytilmagan taqdirda ham, sug‘urtalangan hisoblanadi.

920-modda. Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish

Tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha faqat sug‘urta qildiruvchining o‘z tadbirkorlik xavfi va faqat uning foydasiga sug‘urtalanishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lmagan shaxsning foydasiga tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi sug‘urta qildiruvchi foydasiga tuzilgan hisoblanadi.

921-modda. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bir taraf (sug‘urtalovchi) boshqa taraf (sug‘urta qildiruvchi) to‘laydigan, shartnomada shartlashilgan haq (sug‘urta mukofoti) evaziga sug‘urta qildiruvchining o‘zining yoxud shartnomada ko‘rsatilgan boshqa fuqaro (sug‘urtalangan shaxs)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa voqea (sug‘urta hodisasi) yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan pulni (sug‘urta pulini) bir yo‘la yoki vaqti-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini oladi.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi kimning foydasini ko‘zlab tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs sug‘urta pulini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar shartnomada naf oluvchi sifatida boshqa shaxs ko‘rsatilmagan bo‘lsa, shaxsiy sug‘urta shartnomasi sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzilgan hisoblanadi. Boshqa naf oluvchi ko‘rsatilmagan shartnoma bo‘yicha sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda, sug‘urtalangan shaxsning merosxo‘rlari naf oluvchilar deb tan olinadi.

Sug‘urtalangan deb hisoblanmaydigan shaxs foydasiga, shu jumladan sug‘urtalangan shaxs hisoblanmaydigan sug‘urta qildiruvchi foydasiga shaxsiy sug‘urta shartnomasi faqat sug‘urtalangan shaxsning yozma roziligi bilangina tuzilishi mumkin. Bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, shartnoma sug‘urtalangan shaxsning da’vosi bo‘yicha, bu shaxs vafot etgan taqdirda esa, uning merosxo‘rlari da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

922-modda. Majburiy sug‘urta

Qonunda quyidagilarni sug‘urta qilish majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin:

qonunda ko‘rsatilgan boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulki ularning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimolini nazarda tutib;

boshqa shaxslarning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazilishi yoxud boshqa shaxslar bilan tuzilgan shartnomalarning buzilishi oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘zining fuqaroviy javobgarligi xavfi.

Sug‘urta qildiruvchi bo‘lish majburiyati qonun bilan unda ko‘rsatilgan shaxslar zimmasiga yuklanadi.

Qonunda majburiy sug‘urtaning boshqa turlari ham belgilanishi mumkin.

Fuqaroga o‘z hayoti yoki sog‘lig‘ini sug‘urtalash majburiyati qonun bilan yuklatilishi mumkin emas.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda yoki unda belgilangan tartibda xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida davlatga qarashli mol-mulkka ega bo‘lgan yuridik shaxslarga bu mulkni sug‘urtalash majburiyati yuklanishi mumkin.

Mol-mulkni sug‘urta qilish majburiyati qonundan kelib chiqmaydigan, balki mol-mulkning egasi bilan tuzilgan shartnomaga yoki mol-mulkning mulkdori hisoblanuvchi yuridik shaxsning ta’sis hujjatlariga asoslangan hollarda, bunday sug‘urta ushbu moddaning ma’nosi jihatidan majburiy hisoblanmaydi va ushbu Kodeksning 924-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.

923-modda. Majburiy sug‘urtani amalga oshirish

Majburiy sug‘urta bunday sug‘urta qilish majburiyati yuklangan shaxs (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urtalovchi bilan sug‘urta shartnomasi tuzishi vositasida amalga oshiriladi.

Majburiy sug‘urta sug‘urta qildiruvchi hisobidan amalga oshiriladi, yo‘lovchilarni majburiy sug‘urtalash bundan mustasno bo‘lib, bu sug‘urta qonunda nazarda tutilgan hollarda ularning o‘z hisobidan amalga oshirilishi mumkin.

Majburiy sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan obyektlar, ular sug‘urtalanishga sabab bo‘ladigan xavflar va sug‘urta pulining eng kam miqdorlari qonunchilik bilan belgilanadi.

924-modda. Majburiy sug‘urta to‘g‘risidagi qoidalarni buzish oqibatlari

Qonun bo‘yicha foydasiga majburiy sug‘urta amalga oshirilishi lozim bo‘lgan shaxs, agar sug‘urta amalga oshirilmagani unga ma’lum bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi sifatida zimmasiga sug‘urtalash majburiyati yuklangan shaxs uni amalga oshirishini sud tartibida talab qilishga haqli.

Agar sug‘urta qildiruvchi sifatida sug‘urtalash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs uni amalga oshirmagan bo‘lsa yoki sug‘urta shartnomasini naf oluvchining ahvolini qonunda belgilangan shartlarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarda tuzgan bo‘lsa, u sug‘urta hodisasi yuz berganida basharti tegishlicha sug‘urtalangan taqdirda sug‘urta tovoni to‘lashga asos bo‘lishi kerak bo‘lgan shartlarda javobgar bo‘ladi.

925-modda. Sug‘urtalovchi

Tijorat tashkilotlari hisoblangan va tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslar, agar qonun hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, sug‘urtalovchilar sifatida sug‘urta shartnomalarini tuzishi mumkin.

Sug‘urta tashkilotlariga qo‘yiladigan talablar, ularga litsenziya berish va ularning faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.

926-modda. Sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarning sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchi tomonidan bajarilishi

Naf oluvchi foydasiga sug‘urta shartnomasi tuzish, shu jumladan u sug‘urtalangan shaxs bo‘lganda ham, sug‘urta qildiruvchini, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan yoxud sug‘urta qildiruvchining zimmasidagi majburiyatlar foydasiga shartnoma tuzilgan shaxs tomonidan bajarilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomadan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarishdan ozod qilmaydi.

Naf oluvchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini yoxud shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta pulini to‘lashni talab qilganida sug‘urtalovchi undan, shu jumladan sug‘urtalangan shaxs naf oluvchi bo‘lgan taqdirda ham, sug‘urta shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni, shu bilan birga sug‘urta qildiruvchining zimmasida bo‘lgan, lekin u bajarmagan majburiyatlarni bajarishni talab qilishga haqli. Ilgari bajarilishi lozim bo‘lgan majburiyatlarni bajarmaslik yoki o‘z vaqtida bajarmaslik oqibatlari xavfi naf oluvchining zimmasida bo‘ladi.

927-modda. Sug‘urta shartnomasining shakli

Sug‘urta shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim.

Bu talabga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy sanalmasligiga sabab bo‘ladi.

Sug‘urta shartnomasi bitta hujjatni tuzish yoxud sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta qildiruvchiga uning yozma yoki og‘zaki arizasiga binoan sug‘urtalovchi imzolagan, sug‘urta shartnomasining shartlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi (shahodatnomasi, sertifikati, kvitansiyasi)ni topshirish yo‘li bilan tuzilishi mumkin. Bu holda sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi taklif etgan shartlarda shartnoma tuzishga rozi ekanligi sug‘urtalovchidan ko‘rsatilgan hujjatlarni qabul qilib olish va sug‘urta mukofoti to‘lash yoxud –– sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘langanda — birinchi badalni to‘lash orqali tasdiqlanadi.

Sug‘urtalovchi shartnoma tuzish chog‘ida sug‘urtaning alohida turlari bo‘yicha sug‘urta shartnomasi (sug‘urta polisi)ning o‘zi ishlab chiqqan standart shakllarini qo‘llanishga haqli.

928-modda. Bosh polis bo‘yicha sug‘urtalash

Bir turdagi mol-mulk (tovarlar, yuklar va hokazoning) turli turkumlarini muayyan muddat davomida bir xildagi shartlarda muntazam sug‘urtalash sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi bilan kelishuviga binoan bitta sug‘urta shartnomasi –– bosh polis asosida amalga oshirilishi mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi bosh polisning ta’sir doirasida bo‘ladigan mol-mulkning har bir turkumi to‘g‘risida sug‘urtalovchiga bunday polisda shartlashilgan ma’lumotlarni unda nazarda tutilgan muddatda, agar muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa — ular olinganidan keyin darhol xabar qilishi shart. Agar hatto bunday ma’lumotlarni olish paytigacha sug‘urtalovchi to‘lashi lozim bo‘lgan zarar ko‘rish ehtimoli o‘tib ketgan bo‘lsa ham, sug‘urta qildiruvchi bu majburiyatdan ozod bo‘lmaydi.

Sug‘urta qildiruvchining talabiga binoan sug‘urtalovchi bosh polisning ta’sir doirasida bo‘ladigan mol-mulkning alohida turkumlari bo‘yicha sug‘urta polislarini berishi shart.

Sug‘urta polisining mazmuni bosh polisga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, sug‘urta polisi afzal ko‘riladi.

929-modda. Sug‘urta shartnomasining muhim shartlari

Mulkiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:

sug‘urta obyekti bo‘lgan muayyan mol-mulk yoxud boshqa mulkiy manfaat to‘g‘risida;

yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;

sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;

sug‘urta tovoni miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risida, agar shartnomada uni sug‘urta pulidan oz miqdorda to‘lash mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lsa;

sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) to‘g‘risida;

shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida quyidagilar to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozim:

sug‘urtalangan shaxs to‘g‘risida;

sug‘urtalangan shaxs hayotida yuz berishi ehtimol tutilib sug‘urta amalga oshirilayotgan voqea (sug‘urta hodisasi)ning xususiyati to‘g‘risida;

sug‘urta puli miqdori to‘g‘risida;

sug‘urta mukofotining miqdori va uni to‘lash muddati (muddatlari) to‘g‘risida;

shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida.

Taraflarning kelishuviga binoan shartnomaga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin. Agar sug‘urta shartnomasi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs yoki naf oluvchi hisoblangan fuqaroning ahvolini qonunchilikda belgilangan qoidalarga nisbatan yomonlashtiradigan shartlarni o‘z ichiga olsa, shartnomaning ana shu shartlari o‘rniga qonunchilikning tegishli qoidalari qo‘llaniladi.

930-modda. Sug‘urta shartnomasi shartlarini sug‘urta qoidalarida belgilab qo‘yish

Sug‘urta shartnomasini tuzish shartlari sug‘urtalovchi yoxud sug‘urtalovchilar birlashmasi tomonidan qabul qilingan, ma’qullangan yoki tasdiqlangan tegishli turdagi sug‘urtaning standart qoidalari (sug‘urta qoidalari)da belgilab qo‘yilishi mumkin.

Sug‘urta qoidalarida mavjud bo‘lgan va sug‘urta shartnomasi (polisi) matniga kiritilmagan shartlar, agar shartnomada (polisda) shunday qoidalar qo‘llanilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan va qoidalarning o‘zi shartnoma (polis) bilan bitta hujjatda yoki uning orqa tomonida bayon qilingan yoxud unga ilova qilingan bo‘lsa, sug‘urta qiluvchi (naf oluvchi) uchun majburiydir. Ilova qilingan taqdirda, shartnomani tuzish paytida sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta qoidalari topshirilgani shartnomada yozuv bilan tasdiqlab qo‘yilishi lozim.

Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi sug‘urta qoidalarining ayrim bandlarini o‘zgartirish yoki chiqarib tashlash va qoidalarda bo‘lmagan bandlarni shartnomaga kiritish to‘g‘risida kelishishlari mumkin.

Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) o‘z manfaatlarini himoya qilib, sug‘urta shartnomasida (polisida) ko‘rsatib o‘tilgan tegishli turdagi sug‘urta qoidalarini, hatto agar bu qoidalar ushbu moddaga ko‘ra uning uchun majburiy bo‘lmasa ham, vaj qilib keltirishga haqli.

931-modda. Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi taqdim etadigan ma’lumotlar

Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi o‘ziga ma’lum bo‘lib, sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sug‘urta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.

Sug‘urta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sug‘urta qildiruvchiga berilgan sug‘urta qoidalarida yoki yozma so‘rovda sug‘urtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qo‘yilgan holatlar muhim deb hisoblanadi.

Agar sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchining qandaydir savollariga sug‘urta qildiruvchining javoblari bo‘lmagan holda tuzilgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi tegishli holatlar sug‘urta qildiruvchi tomonidan ma’lum qilinmaganligiga asoslanib keyinchalik shartnomani bekor qilishni yoxud uni haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.

Agar sug‘urta shartnomasi tuzilganidan keyin, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar to‘g‘risida sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalovchiga bila turib yolg‘on ma’lumot berganligi aniqlansa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va ushbu Kodeks 123-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan oqibatlar qo‘llanilishini talab qilishga haqli.

Agar sug‘urta qildiruvchi aytib qo‘ymagan holatlar o‘tib ketgan bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni talab qila olmaydi.

932-modda. Sug‘urtalovchining sug‘urta xavfini baholash huquqi

Mol-mulkni sug‘urtalash shartnomasi tuzilayotganida sug‘urtalovchi sug‘urta qilinayotgan mol-mulkni ko‘zdan kechirishga, zarurat bo‘lganda esa uning haqiqiy qiymatini belgilash maqsadida baholashdan o‘tkazishni tashkil etishga haqli.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzilayotganida sug‘urtalovchi sug‘urta qilinayotgan shaxs sog‘lig‘ining haqiqiy holatini aniqlash uchun uni tekshirtirishga haqli.

Ushbu modda asosida sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta xavfini baholash boshqa holatni isbotlashga haqli bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi uchun majburiy emas.

933-modda. Sug‘urta siri

Sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs va naf oluvchi, ularning sog‘lig‘ining holati to‘g‘risidagi, shuningdek bu shaxslarning mulkiy ahvoli to‘g‘risidagi o‘z kasb faoliyati natijasida o‘zi olgan ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas. Sug‘urta sirini buzganlik uchun sug‘urtalovchi buzilgan huquqlarning turi va buzish xususiyatiga qarab ushbu Kodeksning 985, 1021 va 1022-moddalari qoidalariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

934-modda. Sug‘urta puli

Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatini oladigan yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lash majburiyatini oladigan summa (sug‘urta puli) sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi bilan kelishuviga ko‘ra ushbu modda qoidalariga muvofiq belgilanadi.

Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilishda, agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta puli ularning haqiqiy qiymatidan (sug‘urta qiymatidan) oshmasligi lozim, quyidagilar shular jumlasiga kiradi:

mol-mulk uchun — uning sug‘urta shartnomasini tuzish kuni turgan joyidagi haqiqiy qiymati;

tadbirkorlik xavfi — sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchi tadbirkorlik faoliyatidan ko‘rishi mumkin bo‘lgan zarar.

Shaxsiy sug‘urta shartnomalarida va fuqaroviy javobgarlikni sug‘urtalash shartnomalarida sug‘urta pulini taraflar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra aniqlaydilar, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

935-modda. Mol-mulkning sug‘urta qiymati

Sug‘urta shartnomasini tuzish paytida taraflarning kelishuviga ko‘ra aniqlanadigan, sug‘urta manfaati bilan bog‘lanadigan mol-mulk qiymati, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qiymati (sug‘urta bahosi) deb hisoblanadi.

Mol-mulkning shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qiymati ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas, shartnoma tuzilgunga qadar sug‘urta xavfini baholash bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanmagan sug‘urtalovchi bu qiymat borasida bila turib chalg‘itilgan hol bundan mustasno.

936-modda. To‘liq bo‘lmagan mulkiy sug‘urta

Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urtalash shartnomasida sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan kam qilib belgilangan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) u ko‘rgan zararni sug‘urta pulining sug‘urta qiymatiga bo‘lgan nisbatiga mutanosib ravishda qoplashi shart.

937-modda. Qo‘shimcha mulkiy sug‘urta

Agar mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi faqat sug‘urta qiymatining bir qismi miqdorida sug‘urtalangan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) qo‘shimcha sug‘urta qilishga, shu jumladan boshqa sug‘urtalovchida sug‘urta qilishga haqli, ammo barcha sug‘urta shartnomalari bo‘yicha umumiy sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan oshib ketmasligi lozim.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga rioya etmaslik, ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan oqibatlarni keltirib chiqaradi.

938-modda. Sug‘urta qiymatidan ortiq miqdorda sug‘urta qilish oqibatlari

Agar sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfining sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lsa, shartnoma sug‘urta pulining sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lgan qismida o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Bu holda sug‘urta mukofotining ortiqcha to‘langan qismi qaytarib berilmaydi.

Agar sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘lansa va ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar aniqlangan paytgacha uning hammasi to‘lanmagan bo‘lsa, qolgan sug‘urta badallari sug‘urta puli miqdorini kamaytirishga mutanosib tarzda kamaytirilgan miqdorda to‘lanishi lozim.

Agar sug‘urta shartnomasidagi sug‘urta pulini oshirib yuborish sug‘urta qildiruvchi tomonidan aldashning oqibati bo‘lsa, sug‘urtalovchi shartnomani haqiqiy emas deb topishni va o‘ziga yetkazilgan zarar uning sug‘urta qildiruvchidan olgan sug‘urta puli summasidan ortiq miqdorda qoplanishini talab qilishga haqli.

939-modda. Qo‘shaloq sug‘urta

Ushbu Kodeksning 938-moddasida nazarda tutilgan qoidalar sug‘urta puli ayni bitta mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini ikki yoki bir necha sug‘urtalovchida sug‘urta qilish (qo‘shaloq sug‘urta) natijasida sug‘urta qiymatidan oshib ketgan taqdirda ham tegishincha suratda qo‘llaniladi.

Mol-mulk yoki tadbirkorlik xavfi qo‘shaloq sug‘urta qilinganda har bir sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini o‘zi tuzgan shartnoma doirasida to‘lashga majbur bo‘ladi, biroq barcha sug‘urtalovchilardan olingan sug‘urta tovonlarining umumiy summasi haqiqiy zarardan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Bunda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta tovonini istalgan sug‘urtalovchidan u bilan tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan sug‘urta puli doirasida olishga haqli. Olingan sug‘urta tovoni haqiqiy zararni qoplamagan taqdirda, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) yetishmayotgan summani boshqa sug‘urtalovchidan olishga haqli.

Yetkazilgan zarar boshqa sug‘urtalovchilar tomonidan qoplangani sababli sug‘urta tovonini to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod qilingan sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchiga sug‘urta to‘lovlarining tegishli qismini qilingan xarajatlarni chegirgan holda qaytarishi shart.

Ushbu modda qoidalari har bir sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi, sug‘urtalangan shaxs va naf oluvchi oldidagi o‘z sug‘urta majburiyatlarini, boshqa sug‘urtalovchilar majburiyatlarini bajarganligidan qat’i nazar, mustaqil bajaradigan qo‘shaloq shaxsiy sug‘urtada qo‘llanilmaydi.

940-modda. Turli xildagi sug‘urta xavflaridan mulkiy sug‘urta

Mol-mulk va tadbirkorlik xavfi turli xildagi sug‘urta xavflaridan xoh bitta, xoh alohida sug‘urta shartnomalari bo‘yicha, shu jumladan turli sug‘urtalovchilar bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha sug‘urta qilinishi mumkin.

Bunday hollarda barcha shartnomalar bo‘yicha umumiy sug‘urta puli miqdori sug‘urta qiymatidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yiladi va tegishli suratda ushbu Kodeksning 939-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

941-modda. Birgalikda sug‘urta qilish

Sug‘urta obyekti bitta shartnoma bo‘yicha bir necha sug‘urtalovchi tomonidan o‘rtada sug‘urtalanishi mumkin (birgalikda sug‘urta qilish). Agar bunday shartnomada sug‘urtalovchilardan har birining huquq va majburiyatlari belgilanmagan bo‘lsa, ular mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta pulini to‘lash uchun sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Yirik va alohida yirik xavflarni o‘rtada sug‘urta qilish uchun birgalikda sug‘urtalovchilar birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma asosida oddiy shirkatlar (sug‘urta sherikchiligi) tuzishlari mumkin.

Birgalikda sug‘urtalovchilar o‘rtasida tegishli kelishuv bo‘lgan taqdirda, ulardan biri sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning oldida faqat o‘z ulushi uchun javobgar bo‘lib qolgani holda, u bilan o‘zaro munosabatlarda barcha birgalikdagi sug‘urtalovchilar nomidan vakil bo‘lishi mumkin.

942-modda. Sug‘urta mukofoti va sug‘urta badallari

Sug‘urta mukofoti deganda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasida belgilangan tartibda va muddatlarda sug‘urtalovchiga to‘lashi shart bo‘lgan sug‘urta haqi tushuniladi.

Sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta mukofoti miqdorini belgilashda sug‘urta obyekti va sug‘urta xavfi xususiyati hisobga olingan holda o‘zi tomonidan ishlab chiqilgan, sug‘urta puli birligidan undiriladigan mukofotni aniqlaydigan sug‘urta tariflarini qo‘llashga haqli.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda sug‘urta mukofotining miqdori davlat sug‘urta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sug‘urta tariflariga muvofiq belgilanadi.

Agar sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofotini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomada navbatdagi sug‘urta badallarini belgilangan muddatlarda to‘lamaslik oqibatlari ko‘rsatib qo‘yilishi mumkin.

Agar sug‘urta hodisasi to‘lash muddati o‘tkazib yuborilgan navbatdagi sug‘urta badali to‘lanishidan oldin yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovoni yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli miqdorini sug‘urta mukofotining o‘ziga to‘langan qismiga mutanosib summada cheklashga va muddati o‘tkazib yuborilgan sug‘urta badali summasini hisobga olishga haqli.

943-modda. Sug‘urta shartnomasining haqiqiy emasligi

Sug‘urta shartnomasi quyidagi hollarda o‘z-o‘zidan haqiqiy emas:

shartnoma tuzilayotgan paytda sug‘urta obyekti mavjud bo‘lmasa;

jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan, jinoyat narsasi hisoblanuvchi yoki musodara qilinishi lozim bo‘lgan mol-mulk mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan bo‘lsa;

shartnoma bo‘yicha g‘ayrihuquqiy manfaat sug‘urtalangan bo‘lsa;

sug‘urta shartnomasida sug‘urta hodisasi sifatida yuz berish ehtimolligi va tasodifiylik belgilari bo‘lmagan voqea nazarda tutilgan bo‘lsa.

Sug‘urta shartnomasi ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

944-modda. Sug‘urtalangan shaxsni almashtirish

Zarar yetkazganlik uchun javobgarlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchidan boshqa shaxsning javobgarligi sug‘urtalangan hollarda, shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi bu shaxsni sug‘urta hodisasi yuz berguncha istalgan vaqtda, sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor qilib, boshqa shaxsga almashtirishga haqli.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urtalangan shaxs sug‘urta qildiruvchi tomonidan shu sug‘urtalangan shaxs va sug‘urtalovchining roziligi bilangina boshqa shaxsga almashtirilishi mumkin.

945-modda. Naf oluvchini almashtirish

Sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan naf oluvchini boshqa shaxsga, bu haqda sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor qilib, almashtirishga haqli. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan shaxsning roziligi bilan tayinlangan naf oluvchini almashtirishga faqat shu shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Naf oluvchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha bironta majburiyatni bajarganidan yoki sug‘urta tovonini yoxud sug‘urta pulini to‘lash to‘g‘risida sug‘urtalovchiga talab qo‘yganidan keyin u boshqa shaxs bilan almashtirilishi mumkin emas.

946-modda. Sug‘urta qildiruvchini almashtirish

Mol-mulkni sug‘urtalash shartnomasini tuzgan sug‘urta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari bu mol-mulkni meros tartibida qabul qilib olgan shaxsga o‘tadi. Mulk huquqi o‘tishining boshqa hollarida sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlari, agar shartnomada yoki qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchining roziligi bilan yangi mulkdorga o‘tadi.

Shaxsiy sug‘urta shartnomasini sug‘urtalangan shaxs foydasiga tuzgan sug‘urta qildiruvchi vafot etgan taqdirda, ushbu shartnoma bilan belgilanadigan huquq va majburiyatlar sug‘urtalangan shaxsning roziligi bilan unga o‘tadi. Sug‘urtalangan shaxs sug‘urta shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi mumkin bo‘lmasa, uning huquqlari va majburiyatlari qonunchilikka muvofiq uning huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qiluvchi shaxslarga o‘tishi mumkin.

Agar sug‘urta shartnomasining amal qilish davrida sug‘urta qildiruvchi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilsa, bunday sug‘urta qildiruvchining huquq va majburiyatlarini uning vasiyi yoki homiysi oladi. Bunda sug‘urta qildiruvchining uchinchi shaxslar oldidagi javobgarligi sug‘urtasi uning muomala layoqati tugagan yoki cheklangan paytdan boshlab tugaydi.

Yuridik shaxs bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi sug‘urta shartnomasi davrida qayta tashkil etilganida uning ushbu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlari sug‘urtalovchining roziligi bilan tegishli huquqiy vorisga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda o‘tadi.

947-modda. Sug‘urta shartnomasi amal qilishining boshlanishi

Sug‘urta shartnomasi, agar unda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta mukofoti yoki birinchi badal to‘langan paytda kuchga kiradi.

Agar shartnomada sug‘urta amal qilishi boshlanishining boshqacha muddati nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnomada shartlashilgan sug‘urta sug‘urta shartnomasi kuchga kirganidan keyin yuz bergan sug‘urta hodisalariga nisbatan tatbiq etiladi.

948-modda. Sug‘urta shartnomasining muddatidan ilgari bekor bo‘lishi

Sug‘urta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimoli yo‘qolgan va sug‘urta xavfining mavjud bo‘lishi sug‘urta hodisasidan boshqa holatlar bo‘yicha tugagan bo‘lsa, tuzilgan muddati kelishidan oldin bekor bo‘ladi. Quyidagilar shunday holatlar jumlasiga kiradi, chunonchi:

sug‘urtalangan mol-mulkning yuz bergan sug‘urta hodisasidan boshqa sabablarga ko‘ra nobud bo‘lishi;

tadbirkorlik xavfini yoki ana shu faoliyat bilan bog‘liq fuqaroviy javobgarlik xavfini sug‘urtalagan shaxsning tadbirkorlik faoliyatini belgilangan tartibda to‘xtatishi.

Sug‘urta shartnomasi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha muddatidan oldin bekor bo‘lganda, sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining bir qismini sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega.

Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi), agar voz kechish paytiga kelib sug‘urta hodisaning yuz berish ehtimoli ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha yo‘qolmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasini bajarishdan istagan paytida voz kechishga haqli.

Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qaytarib berilmaydi.

949-modda. Sug‘urta shartnomasining amal qilish davrida sug‘urta xavfining ortishi oqibatlari

Mulkiy sug‘urta shartnomasining amal qilish davrida sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) shartnoma tuzilayotganda sug‘urtalovchiga ma’lum qilingan holatlarda yuz bergan, o‘ziga ma’lum bo‘lgan muhim o‘zgarishlar to‘g‘risida, agar bu o‘zgarishlar sug‘urta xavfi ortishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa, sug‘urtalovchiga darhol xabar qilishi shart. Sug‘urta shartnomasida (sug‘urta polisida) va sug‘urta qildiruvchiga berilgan sug‘urta qoidalarida aytib qo‘yilgan o‘zgarishlar muhim deb hisoblanadi.

Sug‘urta xavfi ortishiga sabab bo‘ladigan holatlar to‘g‘risida xabardor qilingan sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasining shartlarini o‘zgartirishni yoki xavf ortishiga mutanosib ravishda qo‘shimcha sug‘urta mukofoti to‘lashni talab qilishga haqli.

Agar sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasining shartlari o‘zgartirilishiga yoki sug‘urta mukofotiga qo‘shimcha to‘lashga e’tiroz bildirsa, sug‘urtalovchi ushbu Kodeksning 28-bobida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq shartnomani bekor qilishni talab etishga haqli.

Sug‘urta qiluvchi yoxud naf oluvchi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, sug‘urtalovchi sug‘urta shartnomasini bekor qilishni va shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan zarar qoplanishini talab etishga haqli.

Sug‘urtalovchi, agar sug‘urta xavfi ortishiga sabab bo‘ladigan holatlar yo‘qolgan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasini bekor qilishni talab etishga haqli emas.

Shaxsiy sug‘urtada, sug‘urta shartnomasining amal qilishi davrida ushbu moddaning ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilgan sug‘urta xavfining o‘zgarishi oqibatlari, agar ular shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsagina, yuzaga kelishi mumkin.

950-modda. Sug‘urtalangan mol-mulkka bo‘lgan huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi

Sug‘urtalangan mol-mulkka bo‘lgan huquqlar sug‘urta shartnomasi tuzilganida manfaati nazarda tutilgan shaxsdan boshqa shaxsga o‘tganida ushbu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlar mol-mulkka bo‘lgan huquq qaysi shaxsga o‘tgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga o‘tadi, ushbu Kodeksning 197 va 199-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha mol-mulkning majburiy olib qo‘yilishi hollari bundan mustasno.

Sug‘urtalangan mol-mulkka bo‘lgan huquqlar o‘ziga o‘tgan shaxs bu haqda sug‘urtalovchini yozma ravishda xabardor qilishi lozim.

951-modda. Sug‘urta hodisasi yuz bergani to‘g‘risida sug‘urtalovchini xabardor qilish

Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi sug‘urta hodisasi yuz bergani o‘ziga ma’lum bo‘lganidan keyin bu haqda darhol sug‘urtalovchini yoki uning vakilini xabardor qilishi shart. Agar shartnomada xabar qilish muddati va (yoki) usuli nazarda tutilgan bo‘lsa, bu shartlashilgan muddatda va shartnomada ko‘rsatilgan usulda qilinishi lozim. Agar naf oluvchi o‘zining foydasiga tuzilgan shartnoma bo‘yicha sug‘urta tovoniga bo‘lgan huquqdan foydalanish niyatida bo‘lsa, ayni shunday majburiyat naf oluvchi zimmasida bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan majburiyatning bajarilmasligi sug‘urtalovchiga, agar sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi yuz berganini o‘z vaqtida bilganligi, yoxud bu haqda sug‘urtalovchida ma’lumotlar yo‘qligi uning sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatiga ta’sir etmasligi isbotlanmasa, sug‘urta tovonini to‘lashni rad etish huquqini beradi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar, agar sug‘urtalangan shaxsning vafoti yoki uning sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi sug‘urta hodisasi bo‘lsa, tegishli suratda shaxsiy sug‘urta shartnomasiga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda sug‘urtalovchini xabardor qilishning shartnomada belgilanadigan muddati yigirma kundan kam bo‘lishi mumkin emas.

952-modda. Sug‘urta hodisasidan ko‘riladigan zararni kamaytirish

Mulkiy sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berganida, sug‘urta qildiruvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun oqilona va mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishi shart. Sug‘urta qildiruvchi bunday choralarni ko‘rar ekan, agar o‘ziga ma’lum qilingan bo‘lsa, sug‘urtalovchining ko‘rsatmalariga amal qilishi lozim.

Zararni kamaytirish maqsadida qilingan, sug‘urtalovchi qoplashi lozim bo‘lgan xarajatlar, agar bunday xarajatlar zarur bo‘lgan bo‘lsa yoki sug‘urtalovchining ko‘rsatmalarini bajarish uchun qilingan bo‘lsa, tegishli choralar foydasiz bo‘lib chiqsa ham, sug‘urtalovchi tomonidan qoplanishi lozim. Bunday xarajatlar sug‘urta summasining sug‘urta qiymatiga nisbatiga mutanosib ravishda, boshqa zararlarni qoplash bilan birgalikda ular sug‘urta pulidan oshib ketishi mumkinligidan qat’i nazar, qoplanadi.

Sug‘urta qiluvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun qasddan choralar ko‘rmagani oqibatida ko‘rilgan zararni qoplashdan sug‘urtalovchi ozod qilinadi.

953-modda. Sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning aybi bilan sug‘urta hodisasi yuz berishining oqibatlari

Agar sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning qasd qilishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinadi, qasddan qilingan harakatlar ular tomonidan zaruriy mudofaa yoki oxirgi zarurat holatida, shuningdek ushbu moddaning uchinchi va to‘rtinchi qismlarida nazarda tutilgan hollarda sodir etilishi bundan mustasno.

Qonunda sug‘urta hodisasi sug‘urta qiluvchining yoki naf oluvchining qo‘pol ehtiyotsizligi oqibatida yuzaga kelganda sug‘urtalovchini mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashdan ozod qilish yoki tovon miqdorini kamaytirish hollari nazarda tutilishi mumkin.

Sug‘urtalovchi sug‘urtalangan shaxsning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazganlik uchun fuqaroviy javobgarlikni sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovonini to‘lashdan, agar zarar sug‘urtalanuvchi uchun javobgar shaxsning aybi bilan yetkazilgan bo‘lsa, ozod qilinmaydi.

Sug‘urtalovchi shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan shaxs vafot etgan taqdirda to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta pulini to‘lashdan, agar uning vafoti o‘z joniga qasd qilish oqibatida ro‘y bergan bo‘lsa va bu vaqtgacha sug‘urta shartnomasi kamida ikki yil amal qilgan bo‘lsa, ozod qilinmaydi.

954-modda. Sug‘urtalovchini sug‘urta tovonini va sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilish asoslari

Sug‘urtalovchi, agar qonunda yoki sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa va sug‘urta hodisasi quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan bo‘lsa, sug‘urta tovonini va sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinadi:

yadro portlashi, radiatsiya yoki radioaktiv zaharlanish ta’sirida;

harbiy harakatlar, manyovrlar yoki boshqa harbiy tadbirlar.

Agar mulkiy sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urtalangan mol-mulk davlat organlarining farmoyishi bilan olib qo‘yilishi, musodara qilinishi, rekvizitsiya qilinishi, xatlanishi yoki yo‘q qilib tashlanishi oqibatida ko‘rilgan zarar uchun sug‘urta tovonini to‘lashdan ozod qilinadi.

955-modda. Sug‘urta tovoni yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etish

Sug‘urtalovchi mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) sug‘urta tovonini yoki shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta pulini to‘lashni quyidagi hollarda rad etishga haqli, chunonchi:

sug‘urta shartnomasining amal qilishi sug‘urta hodisasi yuz bergunga qadar, shu jumladan ushbu Kodeksning 948 va 950-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha bekor qilinganda;

sug‘urta shartnomasi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaganda;

sug‘urtalovchi ushbu Kodeksning 951 — 954-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha sug‘urta tovonini yoki sug‘urta puli to‘lashdan ozod qilinganda;

sug‘urtalovchi ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha sug‘urta shartnomasini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida yoxud sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta hodisasi holatlarini tekshirib ko‘rishga yoki yetkazilgan zarar miqdorini aniqlashga to‘sqinlik qilgani tufayli sug‘urta shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atganida.

Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etish to‘g‘risidagi qarori sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) ular sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashni so‘rab murojaat etganlaridan keyin o‘n besh kundan kechiktirmay xabar qilinishi va rad etish sabablarining asoslantirilgan dalil-isbotlarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etishiga qarshi unga nisbatan sudda da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan e’tiroz bildirilishi mumkin.

956-modda. Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta pulini to‘lash

Shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta puli, ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy ta’minot bo‘yicha, boshqa sug‘urta shartnomalari bo‘yicha yoki zararni qoplash tartibida sug‘urta qildiruvchiga, sug‘urtalangan shaxsga yoki naf oluvchiga tegishli summalardan qat’i nazar, shartnoma kimning foydasiga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga to‘lanadi.

Ushbu Kodeks 921-moddasining uchinchi qismi asosida shaxsiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan shaxsning merosxo‘rlariga to‘lanadigan sug‘urta puli sug‘urtalangan shaxsning merosi tarkibiga kirmaydi.

957-modda. Sug‘urta qildiruvchining zarar qoplanishiga bo‘lgan huquqlarining sug‘urtalovchiga o‘tishi (subrogatsiya)

Agar mulkiy sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi)ning sug‘urta natijasida qoplangan zarar uchun javobgar shaxsdan talab qilish huquqi to‘langan summa doirasida sug‘urta tovonini to‘lagan sug‘urtalovchiga o‘tadi. Biroq shartnomaning bila turib zarar yetkazgan shaxsga nisbatan talab qilish huquqi sug‘urtalovchiga o‘tishini istisno qiladigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Sug‘urtalovchiga o‘tgan talab qilish huquqi uning tomonidan sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) va zarar uchun javobgar bo‘lgan shaxs o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi.

Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchi o‘ziga o‘tgan talab qilish huquqini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar va dalillarni sug‘urtalovchiga berishi hamda barcha ma’lumotlarni unga ma’lum qilishi shart.

Agar sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchi tomonidan qoplangan zarar uchun javobgar shaxsga nisbatan o‘zining talab qilish huquqidan voz kechsa yoki bu huquqni amalga oshirish sug‘urta qildiruvchining (naf oluvchining) aybi bilan mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini to‘liq yoki uning tegishli qismini to‘lashdan ozod qilinadi va tovonning ortiqcha to‘langan summasini qaytarishni talab qilishga haqli bo‘ladi.

958-modda. Sug‘urtalangan mol-mulkka bo‘lgan huquqlarning sug‘urtalovchiga o‘tkazilishi

Mol-mulk sug‘urta qilinganda sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta hodisasi yuz berganidan keyin sug‘urtalovchining roziligi bilan sug‘urtalangan mol-mulkka bo‘lgan o‘z huquqlarini unga o‘tkazishi va sug‘urta tovonini sug‘urta pulining to‘liq hajmida olishi mumkin.

959-modda. Qayta sug‘urta qilish

Sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchi o‘z zimmasiga olgan sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lash xavfi uning tomonidan to‘liq yoki qisman boshqa sug‘urtalovchida (sug‘urtalovchilarda) u bilan tuzilgan qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin.

Qayta sug‘urta qilish shartnomasiga nisbatan, agar qayta sug‘urta qilish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu bobning tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish borasida qo‘llanishi lozim bo‘lgan qoidalari tatbiq etiladi. Qayta sug‘urta qilish shartnomasini tuzgan sug‘urta shartnomasi (asosiy shartnoma) bo‘yicha sug‘urtalovchi keyingi shartnomada sug‘urta qildiruvchi hisoblanadi.

Qayta sug‘urta qilishda sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lash uchun asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta qildiruvchi oldida ushbu shartnoma bo‘yicha sug‘urtalovchi javobgar bo‘lib qolaveradi.

Biroq asosiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanuvchi hisoblangan sug‘urta tashkiloti sug‘urta hodisasi yuz berishidan oldin tugatilgan taqdirda, uning ushbu shartnoma bo‘yicha huquq va majburiyatlarining qayta sug‘urta qilingan qismi qayta sug‘urta qilish shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalovchiga o‘tadi.

Ikki yoki bir nechta qayta sug‘urta qilish shartnomalarini ketma-ket tuzishga yo‘l qo‘yiladi. Bunday shartnomalarning har biri keyingi qayta sug‘urta qilish shartnomasiga nisbatan asosiy sug‘urta shartnomasi deb hisoblanadi.

960-modda. Ikki tomonlama sug‘urta

Fuqarolar va yuridik shaxslar o‘z mol-mulklarini hamda ushbu Kodeks 915-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan boshqa mulkiy manfaatlarini ikki taraflama asosda, buning uchun ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlarida zarur mablag‘larni birlashtirish yo‘li bilan sug‘urta qilishlari mumkin.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlari o‘z a’zolarining mol-mulki hamda boshqa mulkiy manfaatlarini sug‘urta qilishni amalga oshiradi va tijoratchi bo‘lmagan tashkilot hisoblanadi.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish tashkilotlari tomonidan o‘z a’zolarining mol-mulki va mulkiy manfaatlarini sug‘urta qilish, agar jamiyatning ta’sis hujjatlarida bunday hollarda sug‘urta shartnomalari tuzish nazarda tutilmagan bo‘lsa, bevosita a’zolik asosida amalga oshiriladi.

Ushbu bobning qoidalari, agar qonunda, tegishli jamiyatning ta’sis hujjatlarida yoki jamiyat belgilagan sug‘urta qilish qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyati bilan uning a’zolari o‘rtasidagi sug‘urtaga doir munosabatlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish yo‘li bilan majburiy sug‘urtani amalga oshirishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyati sug‘urtalovchi sifatida, agar uning ta’sis hujjatlarida sug‘urta faoliyatini amalga oshirish nazarda tutilgan, jamiyatning o‘zi tijorat tashkiloti shaklida tuzilgan, tegishli turdagi sug‘urtani amalga oshirish uchun litsenziyaga ega bo‘lsa va qonunda belgilangan boshqa talablarga javob bersa, jamiyatning a’zolari bo‘lmagan shaxslarning manfaatlarini sug‘urta qilishni amalga oshirishi mumkin.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatining a’zosi bo‘lmagan shaxslarning manfaatlarini sug‘urta qilish jamiyat tomonidan sug‘urta shartnomalari asosida ushbu bobning qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

Ikki tomonlama sug‘urta qilish jamiyatlari huquqiy holatining xususiyatlari va ularning faoliyat yuritish shartlari qonunchilik bilan belgilanadi.

961-modda. Majburiy davlat sug‘urtasi

Fuqarolarning ijtimoiy manfaatlarini va davlatning manfaatlarini ta’minlash maqsadida qonunda hayot, sog‘liq va mol-mulkning majburiy davlat sug‘urtasi belgilab qo‘yilishi mumkin.

Majburiy davlat sug‘urtasi ana shu maqsadlar uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi.

Majburiy davlat sug‘urtasi bevosita sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilik asosida unda ko‘rsatilgan davlat sug‘urta tashkilotlari yoki davlatning boshqa tashkilotlari (sug‘urtalovchilar) tomonidan amalga oshiriladi.

Ushbu bobning qoidalari, agar sug‘urta to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa va sug‘urta bo‘yicha mavjud munosabatlar mohiyatidan kelib chiqmasa, majburiy davlat sug‘urtasiga nisbatan qo‘llaniladi.

53-BOB. ODDIY SHIRKAT

962-modda. Oddiy shirkat shartnomasi

Oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnoma) bo‘yicha sheriklar (ishtirokchilar) deb ataluvchi ikki yoki undan ortiq shaxs foyda olish yoki qonunga zid bo‘lmagan boshqa maqsadga erishish uchun o‘z hissalarini qo‘shish va yuridik shaxs tuzmasdan birgalikda ish qilish majburiyatini oladilar.

Faqat yakka tadbirkorlar va (yoki) tijorat tashkilotlari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun tuziladigan oddiy shirkat shartnomasining taraflari bo‘lishlari mumkin.

Oddiy shirkat shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim.

963-modda. Sheriklarning qo‘shadigan hissalari

Sherik umumiy ishga qo‘shadigan hamma narsa, jumladan pul, boshqa mol-mulk, kasbiy va boshqa bilimlar, malaka va mahorat, shuningdek ishbilarmonlik obro‘-e’tibori sherikning qo‘shgan hissasi hisoblanadi.

Sheriklar, agar oddiy shirkat shartnomasidan yoki haqiqiy holatlardan boshqacha mazmun kelib chiqmasa, qiymati bo‘yicha teng hissa qo‘shadilar deb taxmin qilinadi. Sherikning qo‘shgan hissasini pulda baholash sheriklar o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha amalga oshiriladi.

964-modda. Sheriklarning umumiy mol-mulki

Sheriklar mulk huquqi asosida ega bo‘lgan, ular tomonidan qo‘shilgan mol-mulk, shuningdek birgalikdagi faoliyat natijasida ishlab chiqarilgan mahsulot va bunday faoliyat tufayli olingan hosil hamda daromadlar qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib belgilab qo‘yilgan bo‘lmasa yoxud majburiyatning mohiyatidan boshqacha hol kelib chiqmasa, ularning umumiy ulushli mulki hisoblanadi.

Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulk, shuningdek ularning umumiy talablari va umumiy alohida huquqlari sheriklarning umumiy mol-mulkini tashkil etadi. Umumiy mol-mulkdan barcha sheriklarning manfaatlarini ko‘zlab foydalaniladi.

Sheriklar umumiy mol-mulkining buxgalteriya hisobini yuritish ular tomonidan oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaxslardan biriga topshirilishi mumkin.

Sheriklarning umumiy mol-mulkidan foydalanish ularning kelishuviga ko‘ra, kelishuvga erishilmagan taqdirda, sud belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.

Sheriklarning umumiy mol-mulkni asrash bo‘yicha majburiyatlari va bu majburiyatlarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartibi oddiy shirkatning shartnomasida nazarda tutiladi.

965-modda. Sheriklarning umumiy ishlarini yuritish

Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchilarining umumiy ishlarini yuritish shartnomada nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

Umumiy ishlarni yuritishda har bir sherik, agar oddiy shirkat shartnomasida ishlarni yuritish shartnomaning ayrim ishtirokchilari tomonidan yoxud birgalikda barcha ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilanmagan bo‘lsa, barcha sheriklar nomidan ish ko‘rishga haqli.

Ishlar birgalikda yuritilganda har bir bitimni tuzish uchun barcha sheriklarning roziligi talab qilinadi.

Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sherikning barcha sheriklar nomidan bitim tuzish vakolati unga qolgan sheriklar tomonidan berilgan ishonchnoma bilan tasdiqlanadi yoki oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqadi.

Uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sheriklar bitim tuzgan sherikning umumiy ishlarni yuritish bo‘yicha huquqlari cheklanganligini dalil qilib ko‘rsata olmaydilar, ular bunday cheklashlar borligini bitim tuzilayotgan paytda uchinchi shaxs bilganligini yoki oldindan bilishi lozim bo‘lganligini isbotlagan hollar bundan mustasno.

Barcha sheriklariga nisbatan ishlarni yuritish huquqi cheklab qo‘yilgan bo‘lib, ular nomidan bitimlar tuzgan yoxud barcha sheriklarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z nomidan bitimlar tuzgan sherik, agar bu bitim barcha sheriklarning manfaatlari uchun zarur bo‘lgan edi deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lsa, u o‘z mablag‘laridan qilgan xarajatlari qoplanishi huquqiga ega. Agar bunday bitimlar tufayli boshqa sheriklarga zarar yetkazilgan bo‘lsa, ular bu zararning qoplanishini talab qilishga haqlidirlar.

Umumiy ishlarga taalluqli qarorlar, agar oddiy shirkat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sheriklar tomonidan umumiy kelishuvga ko‘ra qabul qilinadi.

Umumiy ishlarni yuritishga vakolatli shartnoma ishtirokchilari, agar oddiy shirkat shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, alohida haq olish huquqiga egadirlar.

966-modda. Sherikning axborot olishga bo‘lgan huquqi

Har bir sherik, u sheriklarning umumiy ishlarini yuritishga vakolat olgan-olmaganidan qat’i nazar, ishlarni yuritishga doir barcha hujjatlar bilan tanishishga haqli. Bu huquqni rad etish yoki uni cheklash, shu jumladan sheriklarning kelishuvi bilan rad etish yoki cheklash o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

967-modda. Sheriklarning umumiy xarajatlari, zararlari va javobgarligi

Sheriklarning birgalikdagi faoliyatiga bog‘liq xarajatlar va zararlarni qoplash tartibi ularning kelishuvi bilan aniqlanadi. Bunday kelishuv bo‘lmaganda har bir sherik o‘zining umumiy ishga qo‘shgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda xarajatlar va zararlarni zimmasiga oladi.

Sheriklardan birortasini umumiy xarajatlarni yoki zararni qoplashda ishtirok etishdan to‘liq ozod etadigan kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lmasa, umumiy shartnoma majburiyatlari yuzasidan har bir sherik o‘zining umumiy ishga qo‘shgan hissasi qiymatiga mutanosib ravishda butun mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi.

Oddiy shirkat shartnomasidan kelib chiqmagan umumiy majburiyatlar bo‘yicha sheriklar solidar javobgar bo‘ladilar.

Agar oddiy shirkat shartnomasi uning ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi bilan bog‘liq bo‘lsa, sheriklar umumiy majburiyatlar bo‘yicha ularning yuzaga kelish asosidan qat’i nazar, solidar javobgar bo‘ladilar.

968-modda. Foydani taqsimlash

Sheriklar tomonidan ularning birgalikdagi faoliyati natijasida olingan foyda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki sheriklarning boshqa kelishuvida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sheriklarning umumiy ishga qo‘shgan hissalari qiymatiga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Sheriklardan birortasini foydada ishtirok etishdan chetlatish to‘g‘risidagi kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

969-modda. Sherikning ulushini uning kreditori talabi bilan ajratish

Oddiy shirkat shartnomasi ishtirokchisining kreditori ushbu Kodeksning 227-moddasiga muvofiq uning umumiy mol-mulkdagi ulushini ajratishni talab qilishga haqli.

970-modda. Oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lishining asoslari

Oddiy shirkat shartnomasi quyidagilar oqibatida bekor bo‘ladi:

sheriklardan birortasi muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yo‘qolgan deb e’lon qilinganda, agar oddiy shirkat shartnomasida yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi nazarda tutilmagan bo‘lsa;

sheriklardan birortasi nochor (bankrot) deb e’lon qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgani bundan mustasno;

sherik vafot etganda yoki oddiy shirkat shartnomasida ishtirok etayotgan yuridik shaxs tugatilganda yoxud qayta tashkil etilganda, agar shartnomada yoki keyingi kelishuvda qolgan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda shartnomaning saqlanib qolishi yoxud vafot etgan sherikning (tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning) uning merosxo‘rlari (huquqiy vorislari) bilan almashtirilishi nazarda tutilmagan bo‘lsa;

sheriklardan birortasi oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgani bundan mustasno;

muddat ko‘rsatilgan holda tuzilgan oddiy shirkat shartnomasi sheriklardan birining talabi bilan o‘zi va qolgan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda bekor qilinganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgani bundan mustasno;

oddiy shirkat shartnomasining muddati o‘tganda;

sherikning ulushi uning kreditori talabi bilan ajratilganda, ushbu moddaning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgani bundan mustasno;

ushbu Kodeksda yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa asoslarda.

971-modda. Oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lishining oqibatlari

Oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lganda sheriklarning umumiy egaligiga va (yoki) foydalanishiga berib qo‘yilgan ashyolar, taraflarning kelishuvi bilan boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ularni berib qo‘ygan sheriklarga haq to‘lamasdan qaytariladi.

Oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lgan paytdan boshlab uning ishtirokchilari uchinchi shaxslarga nisbatan bajarilmagan umumiy majburiyatlar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.

Sheriklarning umumiy ulushli mulkida turgan mol-mulkni va ularda yuzaga kelgan umumiy talab qilish huquqlarini taqsimlash ushbu Kodeksning 223-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Umumiy ulushli mulkka xususiy alomatlari bilan belgilangan ashyoni qo‘shgan sherik oddiy shirkat shartnomasi bekor bo‘lganda, qolgan sheriklar va kreditorlarning manfaatlariga rioya etilishi sharti bilan, bu ashyoni o‘ziga qaytarishni talab qilishga haqli.

972-modda. Oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish

Shaxsning oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish to‘g‘risidagi arizasi, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, uning tomonidan shartnomadan chiqish mo‘ljallanayotgan sanadan kamida uch oy oldin berilishi lozim.

Oddiy shirkatning muddatsiz shartnomasidan voz kechish huquqini cheklash to‘g‘risidagi kelishuv o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

973-modda. Tarafning talabi bilan oddiy shirkat shartnomasini bekor qilish

Ushbu Kodeks 382-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan asos bilan bir qatorda, muddat ko‘rsatilib yoki bekor qilish sharti sifatida maqsad ko‘rsatilib tuzilgan oddiy shirkat shartnomasining tarafi shartnomani bekor qilish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararni qolgan sheriklarga qoplagan holda shartnomani o‘zi va qolgan sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda bekor qilishni talab etishga haqli.

974-modda. Shartnomada ishtirok etishdan voz kechgan yoki uni bekor qilishni talab etgan sherikning javobgarligi

Ishtirokchilardan birortasi oddiy shirkat shartnomasida bundan buyon ishtirok etishdan voz kechish to‘g‘risida ariza berishi yoxud sheriklardan birining talabi bilan shartnoma bekor qilinishi natijasida oddiy shirkat shartnomasi bekor qilinmagan taqdirda, shartnomada ishtirok etishi to‘xtagan shaxs uchinchi shaxslar oldida o‘zi shartnomada ishtirok etgan davrda yuzaga kelgan umumiy majburiyatlar bo‘yicha u oddiy shirkat shartnomasining ishtirokchisi bo‘lib qolavergandagi kabi javobgar bo‘ladi.

975-modda. Yashirin shirkat

Oddiy shirkat shartnomasida uning mavjudligini uchinchi shaxslarga ma’lum qilmaslik (yashirin shirkat) nazarda tutilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan, agar ushbu moddada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki yashirin shirkat mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bob qoidalari qo‘llaniladi.

Yashirin shirkat ishtirokchilaridan har biri uchinchi shaxslar bilan munosabatlarda sheriklarining umumiy manfaatlarini ko‘zlab o‘z nomidan tuzgan bitimlar bo‘yicha o‘zining butun mol-mulki bilan javob beradi.

Sheriklar o‘rtasidagi munosabatlarda, ularning birgalikdagi faoliyati jarayonida yuzaga kelgan majburiyatlar umumiy hisoblanadi.

54-BOB. OMMAVIY TANLOV

976-modda. Ommaviy tanlovni tashkil etish

Ishni eng yaxshi bajarganlik yoki boshqa natijalarga erishganlik uchun pul mukofoti to‘lash yoki boshqa mukofot berish to‘g‘risida (mukofot to‘lash to‘g‘risida) oshkora (ommaviy tanlov) e’lon qilgan shaxs tanlovni o‘tkazish shartlariga muvofiq uning g‘olibi deb topilgan kimsaga shartlashilgan mukofotni to‘lashi lozim.

Ommaviy tanlov tanlovni uyushtiruvchining tanlovda ishtirok etishga taklifi matbuotda va boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish yo‘li bilan barcha xohlovchilarga qaratilganda ochiq yoki tanlovda ishtirok etishga taklif tanlovni uyushtiruvchining xohishi bo‘yicha muayyan doiradagi shaxslarga yuborilganda yopiq bo‘lishi mumkin.

Tanlovni uyushtiruvchi tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan shaxslarni dastlabki saralashdan o‘tkazgan taqdirda, ochiq tanlovda uning ishtirokchilarining dastlabki malakasi haqida shart qo‘yilishi mumkin.

Ommaviy tanlov to‘g‘risidagi e’lon topshiriqning mohiyatini nazarda tutuvchi shartlarni, ishning natijalarini yoki boshqa yutuqlarni baholash mezonlari va tartibini, ularni taqdim etish joyi, muddati va tartibini, mukofotning miqdori va shaklini, shuningdek natijalarni e’lon qilish tartibi va muddatlarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Tanlov g‘olibi bilan shartnoma tuzish majburiyatini o‘z ichiga olgan ommaviy tanlovga nisbatan ushbu bobning qoidalari, ushbu Kodeksning 379-381-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qo‘llanadi.

977-modda. Ommaviy tanlov shartlarini o‘zgartirish va uni bekor qilish

Ommaviy tanlov e’lon qilgan shaxs ishlarni taqdim etish uchun belgilangan muddatning faqat birinchi yarimi mobaynida uning shartlarini o‘zgartirishga yoki tanlovni bekor qilishga haqli.

Tanlov shartlarini o‘zgartirish yoki uni bekor qilish to‘g‘risida tanlov qanday usulda e’lon qilingan bo‘lsa, shunday usulda xabar berilishi lozim.

Tanlov shartlari o‘zgargan yoki u bekor qilingan taqdirda, tanlov e’lon qilgan shaxs e’londa nazarda tutilgan ishni konkurs shartlarining o‘zgartirilishi yoki uning bekor qilinishi o‘ziga ma’lum bo‘lguncha yoki ma’lum bo‘lishi lozim bo‘lguncha bajargan har qanday shaxsning xarajatlarini to‘lashi lozim.

Agar tanlov shartlarini o‘zgartirishda yoki uni bekor qilishda ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan talablar buzilgan bo‘lsa, tanlovni e’lon qilgan shaxs e’londa ko‘rsatilgan shartlarga javob beradigan ishni bajarganlarga mukofot to‘lashi lozim.

Tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar ko‘rsatilgan ish tanlovdan mustasno tarzda, xususan, tanlov to‘g‘risidagi e’longa qadar bajarilganligini yoxud avval boshdanoq tanlov shartlariga nomuvofiq bo‘lganligini isbotlasa, xarajatlarni to‘lash majburiyatidan ozod qilinadi.

978-modda. Mukofotni to‘lash to‘g‘risidagi qaror

Tanlov g‘olibiga mukofotni to‘lash to‘g‘risidagi qaror tanlov haqidagi e’londa belgilangan tartib va muddatlarda chiqarilishi hamda ommaviy tanlov ishtirokchilariga ma’lum qilinishi lozim.

Agar e’londa ko‘rsatilgan natijalarga ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda bajarilgan ishida erishilgan bo‘lsa, mukofot ular o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanadi. Agar bunday kelishuvga erishilmagan bo‘lsa, mukofotni taqsimlash tartibini sud belgilaydi.

979-modda. Ommaviy tanlovda g‘olib chiqqan fan, adabiyot va san’at asarlaridan foydalanish

Agar ommaviy tanlov narsasi fan, adabiyot yoki san’at asaridan iborat bo‘lsa, tanlovni e’lon qilgan shaxs, basharti tanlov shartlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartlashilgan mukofotga sazovor bo‘lgan muallif bilan unga tegishli haqni to‘lagan holda, asardan foydalanish to‘g‘risida shartnoma tuzishda imtiyozli huquqni qo‘lga kiritadi.

980-modda. Taqdim etilgan ishlarni ommaviy tanlov ishtirokchilariga qaytarish

Ommaviy tanlovni e’lon qilgan shaxs, agar tanlov to‘g‘risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki bajarilgan ishning xususiyatidan kelib chiqmasa, mukofotga sazovor bo‘lmagan ishlarni tanlov ishtirokchilariga qaytarishi shart.

55-BOB. MUKOFOTNI OSHKORA VA’DA QILISH

981-modda. Mukofotni to‘lash majburiyati

E’londa ko‘rsatilgan harakatni kim unda belgilangan muddatda bajarsa, o‘shanga pul mukofoti to‘lash yoki boshqa mukofotni berish to‘g‘risida (mukofotni to‘lash to‘g‘risida) oshkora e’lon qilgan shaxs tegishli harakatni sodir etgan har qanday shaxsga va’da qilingan mukofotni to‘lashi shart.

Mukofotni to‘lash majburiyati mukofot va’da qilinishi uning kim tomonidan va’da qilinganini aniqlash imkonini bergan taqdirda yuzaga keladi. Va’daga qiziqish bildirgan shaxs va’dani yozma ravishda tasdiqlashni talab qilishga haqli va, agar haqiqatda mukofot to‘g‘risidagi e’lon unda ko‘rsatilgan shaxs tomonidan qilinmagan bo‘lib chiqsa, bunday talab qo‘yilmaganligi oqibatlari xavfi uning zimmasida bo‘ladi.

Agar mukofotni oshkora va’da qilishda uning miqdori ko‘rsatilmagan bo‘lsa, u mukofotni va’da qilgan shaxs bilan kelishuvga ko‘ra aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.

Mukofotni to‘lash majburiyati, tegishli harakat e’lon qilinishi munosabati bilan yoki undan mustasno tarzda bajarilganidan qat’i nazar, yuzaga keladi.

E’londa ko‘rsatilgan harakatni bir necha shaxs sodir etgan hollarda, ulardan tegishli harakatni birinchi bo‘lib sodir etgani mukofotni olish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar e’londa ko‘rsatilgan harakat ikki yoki undan ortiq shaxs tomonidan bajarilgan bo‘lsa va ulardan qaysi biri tegishli harakatni birinchi bo‘lib sodir etganini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, shuningdek, agar harakat ikki yoki bundan ortiq shaxslar tomonidan bir paytning o‘zida sodir etilgan bo‘lsa, mukofot ular o‘rtasida bab-baravar yoki ularning o‘zaro kelishuvida nazarda tutilgan miqdorda taqsimlanadi.

Agar mukofot to‘g‘risidagi e’londa boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa yoki unda ko‘rsatilgan harakat xususiyatidan kelib chiqmasa, bajarilgan harakatning e’londa mavjud bo‘lgan talablarga muvofiqligi mukofotni oshkora va’da qilgan shaxs tomonidan aniqlanadi, nizo kelib chiqqan taqdirda esa sudda aniqlanadi.

982-modda. Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish

Mukofot to‘lashni oshkora e’lon qilgan shaxs berilgan va’dadan xuddi shunday tartibda voz kechishga haqli, voz kechishga yo‘l qo‘yilmasligi e’lonning o‘zida nazarda tutilgan yoki undan kelib chiqadigan yoki mukofot va’da qilingan harakatni sodir etish uchun muayyan muddat berilgan yoxud voz kechishni e’lon qilish paytiga kelib bir yoki bir necha qiziqish bildirgan shaxslar e’londa ko‘rsatilgan harakatni bajarib bo‘lgan hollar bundan mustasno.

Mukofot haqidagi oshkora va’dani bekor qilish mukofot to‘g‘risida e’lon qilgan shaxsni qiziqish bildirgan shaxsga u e’londa ko‘rsatilgan harakatni bajarishi munosabati bilan qilgan xarajatlarini qoplashdan ozod qilmaydi. Qoplash miqdori barcha hollarda e’londa ko‘rsatilgan mukofotdan ortiqcha bo‘lishi mumkin emas.

56-BOB. QIMOR VA GAROV O‘YINLAR O‘TKAZISH

983-modda. Qimor va garov o‘yinlar uyushtirish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablar

Fuqarolar va yuridik shaxslarning tavakkalchilikka asoslangan qimor yoki garov o‘yinlar (qimor va bas boylash) uyushtirish yoki ularda ishtirok etish bilan bog‘liq talablari sudda himoya qilinmaydi, qimor yoki garov o‘yinlar aldov, zo‘ravonlik, tahdid qilish ta’sirida yoxud o‘z vakilining qimor yoki garov o‘yinlari tashkilotchisi bilan g‘arazli kelishuvi tufayli ishtirok etgan shaxslarning talablari va ushbu Kodeksning 984-moddasida ko‘rsatilgan munosabatlardan kelib chiqadigan talablar bundan mustasno.

984-modda. Davlat tomonidan lotereyalar o‘tkazishning o‘ziga xos xususiyatlari

Lotereyalar tashkilotchisi — davlat, vakolatli davlat organidan ruxsatnoma (litsenziya) olgan shaxslar va lotereyalar ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlar shartnomaga asoslanadi. Bunday shartnoma lotereya bileti berish orqali rasmiylashtiriladi va ishtirokchi lotereya bileti qiymatini to‘lagan paytdan e’tiboran tuzilgan deb hisoblanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnomani tuzish to‘g‘risidagi taklif lotereyalar o‘tkazish muddati va yutuqni aniqlash tartibi hamda uning miqdori haqidagi shartlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.

Lotereyalar tashkilotchisi ularni belgilangan muddatda o‘tkazishdan bosh tortgan taqdirda, lotereyalar ishtirokchilari ularning tashkilotchisidan lotereyalarni qoldirish yoki ularning muddatini boshqa vaqtga ko‘chirish tufayli yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

Lotereyalar o‘tkazish shartlariga muvofiq yutgan deb e’tirof etiladigan shaxslarga lotereyalarni o‘tkazish shartlarida nazarda tutilgan miqdorda, shaklda (pul yoki buyum holida) va muddatlarda, agar bu shartlarda muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, lotereyalar natijalari chiqarilgan paytdan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay lotereyalar tashkilotchisi tomonidan yutuq to‘lanishi lozim.

Lotereyalar tashkilotchisi ushbu moddaning to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan majburiyatini bajarmagan taqdirda, lotereyada yutgan ishtirokchi lotereyalar tashkilotchisidan yutuqni to‘lashni, shuningdek shartnomaning tashkilotchi tomonidan buzilishi tufayli yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli.

57-BOB. ZARAR YETKAZISHDAN KELIB CHIQADIGAN MAJBURIYATLAR

1-§. Umumiy qoidalar

985-modda. Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari

G‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar, shuningdek yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, shu jumladan boy berilgan foyda zararni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozim.

Qonunda zararni to‘lash majburiyati zarar yetkazuvchi bo‘lmagan shaxsga yuklatilishi mumkin.

Qonunchilikda yoki shartnomada jabrlanuvchilarga zararni to‘lashdan tashqari tovon to‘lash majburiyati belgilab qo‘yilishi mumkin.

Zarar yetkazgan shaxs, agar zarar o‘z aybi bilan yetkazilmaganini isbotlasa, zararni to‘lashdan ozod qilinadi. Qonunda zarar yetkazgan shaxsning aybi bo‘lmagan taqdirda ham zararni to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

Qonuniy harakatlar tufayli yetkazilgan zarar qonunda nazarda tutilgan hollarda to‘lanishi lozim.

Agar zarar jabrlanuvchining iltimosi yoki roziligi bilan yetkazilgan bo‘lsa, zarar yetkazgan shaxsning harakatlari esa jamiyatning axloqiy tamoyillarini buzmasa, zararni to‘lash rad etilishi mumkin.

986-modda. Zarar yetkazishning oldini olish

Kelgusida zarar yetkazilishi xavfi borligi bunday xavfni yuzaga keltiradigan faoliyatni taqiqlash to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga asos bo‘lishi mumkin.

Agar yetkazilgan zarar zarar yetkazishni davom ettirayotgan korxona, inshootdan foydalanish yoxud boshqa ishlab chiqarish faoliyatining oqibati bo‘lsa, sud javobgarga zararni qoplashdan tashqari tegishli faoliyatni to‘xtatib turish yoki tugatish majburiyatini yuklashga haqli.

Tegishli faoliyatni to‘xtatib turish yoki tugatish jamoatchilik manfaatlariga zid bo‘lgan taqdirdagina, sud bu haqdagi da’voni rad etishi mumkin. Bunday faoliyatni to‘xtatib turishni yoki tugatishni rad etish jabrlanuvchilarni ushbu faoliyat tufayli yetkazilgan zararni undirish huquqidan mahrum etmaydi.

987-modda. Zaruriy mudofaa holatida zarar yetkazganlik

Zaruriy mudofaa holatida yetkazilgan zarar, agar bunda mudofaa chegarasidan chiqilmagan bo‘lsa, to‘lanmaydi.

Agar g‘ayriqonuniy tajovuzdan himoyalanish paytida himoyalanuvchi uchinchi shaxsga zarar yetkazgan bo‘lsa, bu zarar tajovuz qilgan shaxs tomonidan to‘lanishi lozim.

Shaxsga uning jinoiy harakatlarining payini qirqish yoxud uni ushlash va tegishli organlarga olib borish sababli yetkazilgan zarar to‘lanmaydi.

988-modda. Oxirgi zarurat holatida zarar yetkazganlik

Oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, ya’ni zarar yetkazgan shaxsning o‘ziga yoki boshqa shaxslarga tahdid solgan xavfni bartaraf etish uchun oxirgi zarurat holatida yetkazilgan zarar, agar bu xavf mazkur holatlarda boshqa vositalar bilan bartaraf etilishi mumkin bo‘lmasa, zarar yetkazgan shaxs tomonidan to‘lanishi lozim, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Bunday zarar yetkazilgan holatlarni hisobga olib, sud uni to‘lash majburiyatini zararni yetkazgan shaxs uchinchi shaxsning manfaatini ko‘zlab harakat qilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga yuklashi yoxud bu uchinchi shaxsni ham, zarar yetkazgan shaxsni ham zararni to‘lashdan to‘liq yoki qisman ozod qilishi mumkin.

989-modda. Yuridik shaxsning yoki fuqaroning o‘z xodimi tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi

Yuridik shaxs yoxud fuqaro o‘z xodimi mehnat (xizmat, lavozim) majburiyatlarini bajarib turgan vaqtida yetkazgan zararni qoplaydi.

Ushbu bobning qoidalariga muvofiq, mehnat shartnomasi asosida, shuningdek fuqaroviy-huquqiy shartnoma asosida ish bajarayotgan fuqarolar, agar bunda ishlarni bexatar olib borish yuzasidan tegishli yuridik shaxsning yoki fuqaroning topshirig‘i bo‘yicha yoki nazorati ostida harakat qilgan bo‘lsalar yoki harakat qilishlari lozim bo‘lgan bo‘lsa, xodimlar deb e’tirof etiladilar.

Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari, ishlab chiqarish kooperativlari o‘z ishtirokchilari (a’zolari) tomonidan ular shirkat va jamiyat yoki kooperativning tadbirkorlik, ishlab chiqarish yoki boshqa faoliyatini amalga oshirish vaqtida yetkazilgan zararni qoplaydilar.

990-modda. Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ularning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonunga xilof qarorlari natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, ular mansabdor shaxslarining aybidan qat’i nazar, sudning qarori asosida qoplanishi lozim.

Davlat organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar sudning qarori asosida qoplanishi lozim.

Zarar ushbu Kodeksning 15-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi.

991-modda. Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning qonunga xilof harakatlari tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Qonunga xilof tarzda hukm etish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat olishni qonunga xilof qo‘llanish, qamoq tariqasidagi ma’muriy jazoni qonunga xilof tarzda berish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida fuqaroga yetkazilgan zarar tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaxslari aybidan qat’i nazar, qonunda belgilangan tartibda davlat tomonidan to‘la hajmda to‘lanadi. Sudning qarori bilan zararni qoplash zarar yetkazilishida aybdor bo‘lgan mansabdor shaxslar zimmasiga yuklanishi mumkin.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning boshqa tarzdagi qonunga xilof faoliyati natijasida fuqaroga yoki yuridik shaxsga yetkazilgan zarar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, umumiy asoslarda to‘lanadi.

992-modda. Zararning o‘z javobgarligini sug‘urtalagan shaxs tomonidan to‘lanishi

Ixtiyoriy yoki majburiy sug‘urta tartibida jabrlanuvchi foydasiga o‘z javobgarligini sug‘urtalagan yuridik shaxs yoki fuqaro yetkazilgan zararni to‘liq qoplash uchun sug‘urta puli yetishmagan taqdirda, sug‘urta puli va zararning haqiqiy miqdori o‘rtasidagi farqni to‘laydi.

993-modda. O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

O‘n to‘rt yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan (kichik yoshdagi bola) tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiylari, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, javobgar bo‘ladilar.

Agar vasiylikka muhtoj kichik yoshdagi bola tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga ko‘ra vasiysi hisoblanadigan boshqa shunga o‘xshash muassasada turgan bo‘lsa, bu muassasa, agar zarar muassasaning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Agar kichik yoshdagi bola o‘quv yurti, tarbiyalash, davolash muassasasi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart bo‘lgan boshqa muassasaning, shuningdek shartnoma asosida nazoratni amalga oshiruvchi shaxsning nazorati ostida turgan vaqtda zarar yetkazgan bo‘lsa, bu muassasalar va shaxslar, agar zarar ularning nazoratni amalga oshirishdagi aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zarar uchun javobgar bo‘ladilar.

Ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, o‘quv yurtlari, tarbiyalash, davolash muassasalari va boshqa muassasalarning kichik yoshdagi bola tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati kichik yoshdagi bola voyaga yetishi yoki u zararni to‘lash uchun yetarlicha mol-mulk olishi munosabati bilan bekor bo‘lmaydi.

Agar ota-ona (farzandlikka oluvchilar), vasiylar, shuningdek ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan boshqa shaxslar vafot etgan bo‘lsalar yoki ular zararni to‘lash uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lmasalar, to‘liq muomalaga layoqatli bo‘lib qolgan zarar yetkazuvchining o‘zi bunday mablag‘ga ega bo‘lsa, sud taraflarning mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni to‘liq yoki qisman zarar yetkazuvchining o‘z mol-mulki hisobidan qoplash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.

994-modda. O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar yetkazilgan zarar uchun umumiy asoslarda mustaqil javobgar bo‘ladilar.

O‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganning zararni qoplash uchun yetarli mol-mulki yoki boshqa daromad manbalari bo‘lmagan taqdirda, zarar to‘lig‘icha yoki uning yetishmagan qismi voyaga yetmaganning ota-onasi (farzandlikka oluvchilari) yoki vasiyi tomonidan, agar ular zarar o‘zlarining aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, to‘lanishi lozim.

Agar homiylikka muhtoj o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan tegishli tarbiyalash, davolash muassasasida, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasasida yoki qonunga ko‘ra uning homiysi hisoblanuvchi boshqa shunga o‘xshash muassasada turgan bo‘lsa, bu muassasalar, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasalar, zararni to‘lig‘icha yoki uning yetishmaydigan qismini to‘lashlari shart.

Zarar yetkazgan voyaga yetganida yoxud u voyaga yetmasidan unda mol-mulk yoki zararni to‘lash uchun yetarli daromad manbalari paydo bo‘lganida yoxud u voyaga yetmasidan muomala layoqatiga ega bo‘lganida ota-ona (farzandlikka oluvchilar), homiy va tegishli muassasaning zararni to‘lash bo‘yicha majburiyati tugaydi.

995-modda. Ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaning voyaga yetmaganlar tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarligi

Sud ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan ota-onaga ularning voyaga yetmagan bolalari tomonidan ota-onasi o‘z huquqlaridan mahrum qilinganidan keyin uch yil ichida sodir etilgan zarar uchun, agar bolaning zarar yetkazilishiga sabab bo‘lgan xulq-atvori ular bolani tarbiyalash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganliklarining oqibati bo‘lsa, javobgarlikni yuklashi mumkin.

996-modda. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni uning vasiyi yoki uning ustidan nazoratni amalga oshirishi shart bo‘lgan tashkilot, agar zarar ularning aybi bilan yetkazilmaganligini isbotlay olmasa, to‘laydi.

Vasiy yoki tashkilotning muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni to‘lash bo‘yicha majburiyati, uning muomala layoqati tiklangan taqdirda ham tugamaydi.

Agar vasiy vafot etsa yoxud zararni to‘lash uchun yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lmasa, zarar yetkazuvchining o‘zi esa bunday mablag‘ga ega bo‘lsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni to‘lig‘icha yoki qisman zarar yetkazuvchining mol-mulki hisobidan to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.

997-modda. Muomala layoqati cheklangan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Muomala layoqati cheklangan deb topilgan fuqaro tomonidan spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish oqibatida yetkazilgan zararni uning o‘zi umumiy asoslarda to‘laydi.

998-modda. O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan fuqaro tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

O‘z harakatlarining ahamiyatini tushuna olmaydigan yoki ularni idora qila olmaydigan holatda zarar yetkazgan muomalaga layoqatli fuqaro, shuningdek o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan keltirgan zarari uchun javobgar bo‘lmaydi.

Agar jabrlanuvchining hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan bo‘lsa, sud jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining mulkiy ahvolini, shuningdek boshqa holatlarni inobatga olib, zararni to‘lash majburiyatini to‘lig‘icha yoki qisman zarar yetkazuvchiga yuklashi mumkin.

Zarar yetkazuvchi, agar spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari iste’mol qilish tufayli yoki boshqa usulda o‘zini o‘zi shu holatga keltirgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinmaydi.

Agar zarar ruhiy holati buzilgani (ruhiy kasallik yoki aqli zaiflik) oqibatida o‘z harakatlari ahamiyatini tushuna olmagan yoki ularni idora qila olmagan shaxs tomonidan yetkazilgan bo‘lsa, zararni to‘lash majburiyati sud tomonidan bu shaxs bilan birga yashovchi, zarar yetkazuvchining bunday holati haqida bilgan, lekin uni muomalaga layoqatsiz deb topish va uning ustidan vasiylik o‘rnatish to‘g‘risida masala qo‘ymagan eri (xotini), ota-onasi, voyaga yetgan farzandlariga yuklanishi mumkin.

999-modda. Tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tug‘diradigan faoliyat tufayli yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Faoliyati tevarak-atrofdagilarga oshiqcha xavf tug‘diradigan yuridik shaxslar va fuqarolar (transport tashkilotlari, sanoat korxonalari, qurilishlar, transport vositalarining egalari va boshqalar) oshiqcha xavf manbai yetkazgan zararni, agar zarar bartaraf qilib bo‘lmaydigan kuch yoki jabrlanuvchining qasddan qilgan harakati oqibatida yuzaga kelganini isbotlay olmasalar, to‘lashlari shart.

Zararni to‘lash majburiyati oshiqcha xavf manbaiga mulk huquqi, xo‘jalik yuritish huquqi yoki operativ boshqaruv huquqi yoxud boshqa har qanday qonuniy asosda (mulkiy ijara shartnomasi, transport vositasini boshqarish huquqini beradigan ishonchnoma, tegishli organning unga ortiqcha xavf manbaini topshirish to‘g‘risidagi farmoyishiga ko‘ra va hokazo) egalik qiluvchi yuridik shaxs yoki fuqaroga yuklanadi.

Oshiqcha xavf manbalarining egalari bu manbalarning bir biriga ta’siri (transport vositalarining to‘qnashuvi va hokazo) natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.

Oshiqcha xavf manbalarining o‘zaro ta’siri natijasida ularning egalariga yetkazilgan zarar umumiy asoslarda qoplanadi. Bunda bir tarafning aybi bilan yetkazilgan zarar shu taraf tomonidan to‘liq hajmda qoplanadi, ikkala yoki bir nechta taraflarning aybi bilan yetkazilgan zarar esa ulardan har birining aybi darajasiga mutanosib ravishda qoplanadi. Taraflardan har birining aybi darajasini aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda javobgarlik ular o‘rtasida teng baravar taqsimlanadi. Zararning yetkazilishida taraflarning aybi bo‘lmaganda ulardan hech biri zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega emas. Bunday holda taraflarning har biri o‘zi ko‘rgan zarar xavfini zimmasiga oladi.

Oshiqcha xavf manbaining egasi shu manba yetkazgan zarar uchun, agar manba egasining tasarrufidan boshqa shaxslarning g‘ayrihuquqiy harakatlari (harakatsizligi) natijasida chiqib ketganligini isbotlasa, javobgar bo‘lmaydi. Bunday hollarda oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik manbani g‘ayrihuquqiy egallab olgan shaxsning zimmasida bo‘ladi. Bu manbani egasining tasarrufidan g‘ayrihuquqiy tortib olishda egasining aybi bo‘lgan taqdirda, javobgarlik uning egasiga ham, oshiqcha xavf manbaini egallab olgan shaxslarga ham yuklanishi mumkin.

1000-modda. Birgalikda yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Birgalikda zarar yetkazgan shaxslar jabrlanuvchining oldida solidar javobgar bo‘ladilar.

Jabrlanuvchining arizasiga ko‘ra va uning manfaatlarini ko‘zlab, sud birgalikda zarar yetkazgan shaxslarga hissali javobgarlikni yuklashga haqli.

1001-modda. Zarar yetkazgan shaxsga nisbatan regress huquqi

Boshqa shaxs (mehnat majburiyatlarini bajarayotgan xodim, transport vositasini boshqaruvchi shaxs va h.k) tomonidan yetkazilgan zararni to‘lagan shaxs bu shaxsga nisbatan, agar qonunda boshqacha miqdor belgilanmagan bo‘lsa, to‘langan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Birgalikda yetkazilgan zararni to‘lagan zarar yetkazuvchi zarar yetkazuvchilarning har biridan jabrlanuvchiga to‘langan tovonning har bir zarar yetkazuvchining aybi darajasiga mos ulushini talab qilishga haqli. Aybning darajasini aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda ulushlar teng baravar deb hisoblanadi.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sudning mansabdor shaxslari tomonidan yetkazilgan zararni to‘lagan davlat bunday shaxslarning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan hollarda, bu shaxslarga nisbatan regress huquqiga ega.

Terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazish natijasida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplagan davlat sodir etilgan aybli harakatlari terrorchilikka qarshi operatsiya o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan shaxsga nisbatan to‘langan tovon miqdorida qayta talab qilish (regress) huquqiga ega.

Ushbu Kodeksning 993 –– 996, 998-moddalarida ko‘rsatilgan asoslar bo‘yicha zararni to‘lagan shaxslar zarar yetkazgan shaxsga nisbatan qayta talab qilish (regress) huquqiga ega emas.

1002-modda. Uy hayvonlari tomonidan yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Uy hayvoni tomonidan yetkazilgan zarar uchun uning mulkdori yoki bu hayvonga egalik qiluvchi va undan foydalanuvchi shaxs umumiy asoslarda javobgar bo‘ladi.

1003-modda. Zararning o‘rnini qoplash usullari

Sud zararni qoplash to‘g‘risidagi talabni qanoatlantirar ekan, ish holatlariga muvofiq ravishda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxsga zararni aslicha qoplash (o‘shanday turdagi va sifatdagi ashyoni taqdim etish, shikastlangan ashyoni tuzatish va hokazo) yoki yetkazilgan zararni to‘lash majburiyatini yuklaydi.

1004-modda. Jabrlanuvchining aybini va zarar yetkazgan shaxsning mulkiy holatini hisobga olish

Jabrlanuvchining qasddan ish ko‘rishi natijasida yuzaga kelgan zarar to‘lanmaydi.

Agar jabrlanuvchi o‘zining qo‘pol ehtiyotsizligi tufayli zararning yuzaga kelishiga yoki ortishiga ko‘maklashgan bo‘lsa, unda jabrlanuvchining va zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab tovon miqdori kamaytirilishi lozim.

Jabrlanuvchi qo‘pol ehtiyotsizlik qilganda va zarar yetkazuvchining aybi bo‘lmaganda, uning javobgarligi aybidan qat’i nazar, yuzaga kelgan hollarda, tovon miqdori kamaytirilishi lozim yoki, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, zararni to‘lash rad etilishi mumkin. Fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilganda tovon to‘lashni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qo‘shimcha xarajatlarni to‘lashda, boquvchisining vafoti munosabati bilan ko‘rilgan zararni to‘lashda, shuningdek dafn etish xarajatlarini to‘lashda jabrlanuvchining aybi hisobga olinmaydi.

Sud fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni qoplash miqdorini, uning mulkiy holatini hisobga olib, kamaytirishi mumkin, zarar qasddan qilingan harakatlar (harakatsizlik) tufayli yetkazilgan hollar bundan mustasno.

2-§. Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

1005-modda. Shartnomalarga oid yoki boshqa majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

Shartnoma majburiyatlarini bajarishda, shuningdek harbiy xizmat majburiyatlarini, ichki ishlar organlaridagi xizmatni va boshqa shunga o‘xshash majburiyatlarni bajarishda fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar, agar qonunda yoki shartnomada javobgarlikning ancha yuqori miqdori nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu bob qoidalariga muvofiq qoplanadi.

1006-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilganligi tufayli ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash hajmi va xususiyati

Fuqaro mayib qilinganda yoki uning sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilganda jabrlanuvchi oladigan yoki muayyan ravishda olishi mumkin bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromadlari), shuningdek salomatligiga shikast yetkazilishi tufayli qilgan qo‘shimcha xarajatlari, shu jumladan davolanish, qo‘shimcha ovqatlanish, dori-darmonlar sotib olish, protez qo‘ydirish, birovning parvarishida bo‘lish, sanatoriy-kurortda davolanish, maxsus transport vositalarini sotib olish, boshqa kasbga tayyorgarlikdan o‘tish xarajatlari, agar jabrlanuvchining ana shu yordam va parvarish turlariga muhtojligi hamda ularni bepul olish huquqiga ega emasligi aniqlansa, o‘rni qoplanishi lozim.

Yo‘qotilgan ish haqini (daromadlarni) aniqlashda jabrlanuvchiga mayib bo‘lishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetishi sababli tayinlangan nogironlik pensiyasi, xuddi shuningdek sog‘lig‘iga zarar yetkazilmasidan oldingi va undan keyingi boshqa turdagi pensiyalar, nafaqalar va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar e’tiborga olinmaydi va zararni qoplash miqdorini kamaytirishga sabab bo‘lmaydi (zararni qoplash hisobiga kiritilmaydi). Zararni qoplash hisobiga, shuningdek jabrlanuvchi sog‘lig‘iga shikast yetkazilganidan keyin oladigan ish haqi (daromadi) ham kiritilmaydi.

Qonunchilik yoki shartnoma bilan ushbu moddaga muvofiq jabrlanuvchiga tegadigan to‘lov hajmi va miqdori ko‘paytirilishi mumkin.

1007-modda. Sog‘liqqa shikast yetkazilishi natijasida yo‘qotilgan ish haqini (daromadni) aniqlash

O‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan yo‘qotilgan ish haqi (daromad)ning miqdori mayiblanishgacha yoki sog‘liqqa boshqacha shikast yetkazilishigacha yoxud mehnat qobiliyati yo‘qotilgungacha bo‘lgan o‘rtacha oylik ish haqi (daromad)ga nisbatan jabrlanuvchining kasbiy mehnat qobiliyatini yo‘qotishi darajasiga, kasbi yo‘q bo‘lganda esa — umumiy mehnat qobiliyatini yo‘qotish darajasiga muvofiq foizlarda aniqlanadi.

Jabrlanuvchining yo‘qotilgan ish haqi (daromadi) tarkibiga ham asosiy ish joyidan, ham o‘rindoshlik bo‘yicha ishlaydigan joyidan mehnat va fuqaroviy-huquqiy shartnomalar bo‘yicha to‘lanadigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i solinadigan barcha turdagi mehnat haqi qo‘shiladi. Bir yo‘la to‘lanadigan to‘lovlar (foydalanilmagan ta’til uchun to‘lanadigan pul, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi ishdan bo‘shatish nafaqasi) hisobga olinmaydi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davri hamda homiladorlik va tug‘ish ta’tili uchun to‘langan nafaqa hisobga olinadi. Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar, shuningdek mualliflik gonorari yo‘qotilgan ish haqi (daromad) tarkibiga kiritiladi, bunda tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlar soliq inspeksiyasining ma’lumotlari asosida kiritiladi.

Ish haqi (daromad)ning barcha turlari soliqlar ushlab qolinmasdan oldin hisoblangan summalarda hisobga olinadi.

O‘rtacha oylik ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi ishlangan o‘n ikki oy ichidagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini o‘n ikkiga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi. Zarar yetkazilgan paytgacha jabrlanuvchi o‘n ikki oydan kam ishlagan hollarda o‘rtacha ish haqi (daromad) sog‘liqqa shikast yetkazilishidan oldingi amalda ishlangan oylardagi ish haqi (daromad)ning umumiy summasini ana shu oylar soniga bo‘lish yo‘li bilan hisoblab chiqiladi.

Jabrlanuvchi to‘liq ishlamagan oylar uning xohishiga ko‘ra bundan oldingi to‘liq ishlangan oylarga almashtiriladi yoki ularni almashtirish imkoniyati bo‘lmaganda hisobdan chiqarib tashlanadi.

Jabrlanuvchi zarar yetkazilgan paytda ishlamayotgan bo‘lsa, uning xohishiga ko‘ra mehnat shartnomasi bekor qilinishigacha bo‘lgan ish haqi (daromadi) yoxud mazkur joyda uning malakasidagi xodimga to‘lanadigan, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam bo‘lmagan odatdagi haq to‘lash miqdori hisobga olinadi.

Agar jabrlanuvchining ish haqida (daromadlarida) uning mayib qilinishi yoki sog‘lig‘iga boshqacha shikast yetkazilishiga qadar uning mulkiy ahvolini yaxshilovchi barqaror o‘zgarishlar sodir bo‘lgan (egallab turgan lavozimi bo‘yicha ish haqi oshirilgan, yuqoriroq haq to‘lanadigan ishga o‘tkazilgan, kunduzgi o‘quv yurtini bitirganidan keyin ishga kirgan) bo‘lsa va o‘zgarishning barqarorligi yoki jabrlanuvchining ish haqi o‘zgarishi ehtimoli isbotlangan boshqa hollarda, uning o‘rtacha oylik ish haqini aniqlashda u tegishli o‘zgarishdan keyin olgan yoki olishi lozim bo‘lgan ish haqi (daromad)gina hisobga olinadi.

1008-modda. Voyaga yetmagan shaxsning sog‘lig‘iga shikast yetkazilganda zararning o‘rnini qoplash

O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan va ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaxs mayib bo‘lib qolgan yoki sog‘lig‘iga boshqacha tarzda shikast yetkazilgan taqdirda zarar yetkazilganligi uchun javobgar shaxs sog‘liqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan xarajatlarning o‘rnini qoplashi shart.

Jabrlanuvchi o‘n to‘rt yoshga to‘lganda, shuningdek o‘n to‘rtdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan ish haqi (daromad) olmaydigan voyaga yetmagan shaxsga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxs jabrlanuvchiga sog‘liqqa shikast yetkazilishi tufayli qilingan xarajatlardan tashqari, shuningdek uning mehnat qobiliyati yo‘qotilganligi yoki kamayganligi bilan bog‘liq zararni qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasi miqdoridan kelib chiqib, qoplashi shart.

Agar voyaga yetmagan shaxs sog‘lig‘iga shikast yetkazilguniga qadar ish haqi (daromad)ga ega bo‘lgan bo‘lsa, unda zarar ushbu ish haqi (daromad) miqdoridan kelib chiqib, ammo qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh karrasidan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.

Sog‘lig‘iga ilgari shikast yetkazilgan voyaga yetmagan shaxs mehnat faoliyati boshlanganidan so‘ng zarar uchun to‘lanayotgan haqni u oladigan ish haqi (daromad) yoxud unga lavozimi bo‘yicha belgilangan haq miqdoridan yoki u ishlayotgan joydagi ayni shunday malakadagi xodimning ish haqi (daromadi) miqdoridan kelib chiqib, ko‘paytirishni talab qilishga haqli.

1009-modda. Boquvchisi vafot etganligi natijasida ziyon ko‘rgan shaxslarga zararni to‘lash

Boquvchisi vafot etgan taqdirda quyidagilar zararni undirish huquqiga ega:

marhumning qaramog‘ida turgan yoki u vafot etgan kungacha undan ta’minot olish huquqiga ega bo‘lgan mehnatga layoqatsiz shaxslar;

marhumning vafotidan keyin tug‘ilgan farzandi;

mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, marhumning qaramog‘ida bo‘lgan uning o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan yoxud ko‘rsatilgan yoshga to‘lgan bo‘lsa ham tibbiyot muassasasining xulosasiga ko‘ra salomatligi bo‘yicha boshqalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan va ishlamaydigan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoki oilaning boshqa a’zosi;

marhumning qaramog‘ida bo‘lgan va uning vafotidan keyin besh yil ichida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan shaxslar.

Ishlamaydigan va marhumning ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, er (xotin) yoxud oilaning boshqa a’zosi parvarishlashni amalga oshirish davrida mehnatga qobiliyatsiz bo‘lib qolgan taqdirda, ana shu shaxslarni parvarishlash tugaganidan keyin zararni undirish huquqini saqlab qoladi.

Zarar quyidagilarga to‘lanadi:

voyaga yetmaganlarga — o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar;

o‘n sakkiz yoshdan oshgan o‘quvchilarga — o‘quvning kunduzgi shaklida o‘qishni tugatgunga qadar, biroq yigirma uch yoshdan oshmaguncha;

ellik besh yoshdan oshgan ayollarga va oltmish yoshdan oshgan erkaklarga — umrbod;

nogironligi bo‘lgan shaxslarga — nogironlik muddatiga;

marhumning qaramog‘ida bo‘lgan bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini ular o‘n to‘rt yoshga to‘lgunga qadar parvarishlashda band bo‘lgan ota-onasidan biri, eri (xotini) yoxud oilaning boshqa a’zosiga.

1010-modda. Boquvchisi vafot etgan taqdirda ko‘rilgan zararning o‘rnini qoplash miqdori

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga zarar marhumning ushbu Kodeks 1007-moddasi qoidalari bo‘yicha aniqlangan ish haqi (daromadi)ning marhum hayot vaqtida ular o‘z ta’minoti uchun olgan yoki olish huquqiga ega bo‘lgan ulushi miqdorida qoplanadi. Bu shaxslarga zararni qoplashni aniqlashda marhumning daromadlari tarkibiga ish haqi (daromad) bilan bir qatorda u hayot vaqtida olgan pensiya, umrbod ta’minot va boshqa shunga o‘xshash to‘lovlar kiritiladi.

Zararning o‘rnini qoplash miqdorini aniqlashda boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan shaxslarga tayinlangan pensiya, shuningdek boquvchisining vafotidan oldin ham, vafotidan keyin ham tayinlangan boshqa turdagi pensiyalar hamda ish haqi (daromad), stipendiya qoplash hisobiga kiritilmaydi.

Boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirish huquqiga ega bo‘lganlarning har biriga belgilangan qoplash miqdori keyinchalik qaytadan hisoblab chiqilmaydi, quyidagi hollar bundan mustasno:

boquvchining vafotidan keyin farzand tug‘ilishi;

vafot etgan boquvchining bolalari, nevaralari, aka-ukalari va opa-singillarini parvarishlashda band bo‘lgan shaxslarga haq to‘lashni tayinlash yoki uni to‘xtatish.

Qonunchilikda yoki shartnomada qoplash miqdorini ko‘paytirish nazarda tutilishi mumkin.

1011-modda. Zarar yetkazgan shaxsning merosxo‘rlari tomonidan zararning qoplanishi

Fuqaro tomonidan yetkazilgan zararni qoplash majburiyati uning vafotidan keyin merosni qabul qilib olgan merosxo‘rlariga o‘tadi. Merosxo‘rlar jabrlanuvchining oldida o‘zlariga meros bo‘lib o‘tgan mol-mulkning haqiqiy qiymati doirasida javobgar bo‘ladilar. Vorissiz mol-mulk o‘ziga o‘tgan davlat yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ham ana shunday asoslarda javobgar bo‘ladi.

1012-modda. Zararni qoplash miqdorining o‘zgarishi

Mehnat qobiliyatini qisman yo‘qotgan jabrlanuvchi zararni to‘lash majburiyati yuklangan shaxsdan istalgan vaqtda, agar uning mehnat qobiliyati sog‘lig‘iga yetkazilgan shikast tufayli o‘ziga zararni undirish belgilangan paytda bo‘lganidagiga nisbatan yomonlashsa, qoplash miqdorini tegishlicha ko‘paytirishni talab qilishga haqli.

Jabrlanuvchining sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan shaxs, agar jabrlanuvchining mehnat qobiliyati zararni undirish belgilangan paytda bo‘lgandagiga nisbatan oshgan bo‘lsa, qoplash miqdorini tegishlicha kamaytirishni talab qilishga haqli.

Jabrlanuvchi, agar zararning o‘rnini qoplash majburiyati zimmasiga yuklangan fuqaroning mulkiy ahvoli yaxshilangan bo‘lsa, qoplash miqdori esa ushbu Kodeks 1004-moddasining beshinchi qismiga muvofiq kamaytirilgan bo‘lsa, zararni to‘lash miqdorini ko‘paytirishni talab qilishga haqli.

Sud zarar yetkazgan fuqaroning talabiga binoan, agar uning mulkiy ahvoli nogironligi yoxud pensiya yoshiga yetganligi sababli zararning o‘rnini qoplash belgilangan paytdagiga nisbatan yomonlashgan bo‘lsa, zararning o‘rnini qoplash miqdorini kamaytirishi mumkin, zarar qasddan yetkazilgan hollar bundan mustasno.

1013-modda. Turmush qiymatining oshib borishi va qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishi munosabati bilan zararni qoplashning ko‘payishi

Qonunchilikda belgilangan tartibda bazaviy hisoblash miqdori oshirilganida boy berilgan ish haqi (daromad)ni, jabrlanuvchining sog‘lig‘iga putur yetkazilishi va uning vafoti munosabati bilan belgilangan boshqa to‘lovlarni qoplash summalari qonunchilikda belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining oshirilishiga mutanosib ravishda ko‘paytiriladi.

1014-modda. Zararning o‘rnini qoplash to‘lovlari

Jabrlanuvchining mehnat qobiliyati pasayishi yoki uning vafot etganligi bilan bog‘liq zararni qoplash har oylik to‘lovlar bilan amalga oshiriladi.

Uzrli sabablar bo‘lgan taqdirda sud zarar yetkazuvchining imkoniyatlarini hisobga olib, undirish huquqiga ega bo‘lgan fuqaroning talabi bilan unga tegishli to‘lovlarni bir yo‘la, lekin uch yildan oshmagan vaqt uchun to‘lashni belgilashi mumkin.

Kelgusi vaqt uchun qo‘shimcha xarajatlarni undirish tibbiy ekspertiza xulosasi asosida aniqlanadigan muddatlarda, shuningdek tegishli xizmatlar va mol-mulk (yo‘llanma sotib olish, yo‘l haqini to‘lash, maxsus transport vositalari haqini to‘lash va hokazo) qiymatini oldindan to‘lash zaruriyati tug‘ilganda amalga oshirilishi mumkin.

Jabrlanuvchi qonunga muvofiq majburiyatning bekor qilinishini yoki muddatidan oldin bajarilishini talab qilishga haqli bo‘lgan hollarda, bunday talab vaqti-vaqti bilan to‘lab turiladigan tegishli to‘lovlarni kapitallashtirish yo‘li bilan qanoatlantiriladi.

1015-modda. Yuridik shaxs bekor qilingan taqdirda zararning qoplanishi

Hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs qayta tuzilgan taqdirda, tegishli to‘lovlarni to‘lash majburiyati uning huquqiy vorisi zimmasida bo‘ladi. Zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabnoma ham unga taqdim etiladi.

Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi tovar mahsulotlari ishlab chiqaruvchi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxsda mablag‘ bo‘lmagan yoxud yetarli bo‘lmagan taqdirda, undirilishi lozim bo‘lgan summalar qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan to‘lanadi. Qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham mazkur summalar davlat tomonidan to‘lanadi.

Hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun belgilangan tartibda javobgar deb topilgan yuridik shaxs tugatilgan taqdirda, tegishli to‘lovlar ularni qonunchilikda belgilangan qoidalarga ko‘ra jabrlanuvchiga to‘lash uchun kapitallashtirilishi lozim.

Tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki yo‘qligi yoki yetarli emasligi sababli to‘lovlarni kapitallashtirish mumkin bo‘lmagan hollarda, belgilangan summalar jabrlanuvchiga davlat tomonidan qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda to‘lanadi.

1016-modda. Dafn etish xarajatlarining qoplanishi

Jabrlanuvchi vafot etganligi tufayli ko‘rilgan zarar uchun javobgar shaxslar dafn etish uchun zarur bo‘lgan xarajatlar o‘rnini bu xarajatlarni qilgan shaxsga to‘lashlari shart.

Bu xarajatlarni qilgan fuqarolar tomonidan olingan dafn etish nafaqasi zararning o‘rnini qoplash hisobiga kiritilmaydi.

3-§. Tovarlar, ishlar, xizmatlardagi nuqsonlar oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash

1017-modda. Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash asoslari

Tovarning (ishning, xizmatning) konstruktiv, retsepturaviy yoki boshqa nuqsonlari oqibatida, shuningdek tovar (ish, xizmat) to‘g‘risidagi ma’lumot noto‘g‘ri yoki yetarli emasligi oqibatida fuqaroning hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga yoxud yuridik shaxsning mol-mulkiga yetkazilgan zarar sotuvchi yoki tayyorlovchi (ijrochi) tomonidan, ularning aybidan va jabrlanuvchi ular bilan shartnoma munosabatlarida bo‘lgani yoki bo‘lmaganidan qat’i nazar, qoplanishi lozim.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar tovarni (ishning bajarilishi, xizmatning ko‘rsatilishi) tadbirkorlik faoliyatida foydalanish uchun emas, balki iste’mol maqsadlari uchun sotib olingan hollardagina qo‘llaniladi.

1018-modda. Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgar shaxslar

Tovarning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar jabrlanuvchining tanloviga ko‘ra tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi tomonidan qoplanishi lozim.

Ishning (xizmatning) nuqsoni oqibatida yetkazilgan zarar ishni bajargan yoki xizmatni ko‘rsatgan shaxs (ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.

Tovar (ish, xizmat) to‘g‘risida to‘liq yoki ishonchli ma’lumot bermaganlik oqibatida yetkazilgan zarar ushbu moddaning qoidalariga muvofiq qoplanishi lozim.

1019-modda. Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari natijasida yetkazilgan zararni qoplash muddatlari

Tovarning (ishning, xizmatning) nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar, agar u tovarning (ishning, xizmatning) belgilangan yaroqlilik muddatlari mobaynida yetkazilgan bo‘lsa, qoplanishi lozim, mabodo yaroqlilik muddati belgilanmagan bo‘lsa, tovar ishlab chiqarilgan (ish, xizmat qabul qilib olingan) kundan boshlab o‘n yil mobaynida qoplanishi lozim.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlardan tashqari zarar quyidagi hollarda qoplanishi lozim, agar:

qonun talablari buzilib yaroqlilik muddati belgilanmagan bo‘lsa;

tovarni sotib olgan, ishni bajartirgan yoki xizmatdan foydalangan shaxs yaroqlilik muddati tugaganidan keyin zarur bo‘lgan harakatlarni qilishi to‘g‘risida va ko‘rsatilgan harakatlar bajarilmagan taqdirda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan oqibatlar to‘g‘risida ogohlantirilmagan bo‘lsa.

1020-modda. Tovarning, ishning, xizmatning nuqsonlari oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikdan ozod qilish asoslari

Tovarning sotuvchisi yoki tayyorlovchisi, ishning (xizmatning) ijrochisi, zarar yengib bo‘lmas kuch ta’sirida yoki iste’molchi tovarlarni saqlash yoki ulardan (ishning natijalaridan, xizmatlardan) foydalanish yuzasidan belgilangan qoidalarni buzishi oqibatida yetkazilganligini isbotlagan hollarda javobgarlikdan ozod qilinadi.

4-§. Ma’naviy zararni qoplash

1021-modda. Umumiy qoidalar

Ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybi bo‘lgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi, ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ma’naviy zarar uni yetkazuvchining aybidan qat’i nazar, quyidagi hollarda qoplanadi, agar:

zarar fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga oshiqcha xavf manbai tomonidan yetkazilgan bo‘lsa;

zarar fuqaroga uni qonunga xilof tarzda hukm qilish, qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishni yoki munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat olishni qonunga xilof tarzda qo‘llanish, qonunga xilof tarzda ma’muriy jazo qo‘llanish va qonunga xilof tarzda ushlab turish, shuningdek har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan bo‘lsa;

zarar or-nomus, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘-e’tiborini haqoratlovchi ma’lumotlarni tarqatish tufayli yetkazilgan bo‘lsa;

qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

1022-modda. Ma’naviy zararni qoplash usuli va miqdori

Ma’naviy zarar pul bilan qoplanadi.

Ma’naviy zararni qoplash miqdori jabrlanuvchiga yetkazilgan jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyatiga, shuningdek ayb tovon to‘lashga asos bo‘lgan hollarda zarar yetkazuvchining aybi darajasiga qarab sud tomonidan aniqlanadi. Zararni qoplash miqdorini aniqlashda oqilonalik va adolatlilik talablari e’tiborga olinishi lozim.

Jismoniy va ma’naviy azoblarning xususiyati ma’naviy zarar yetkazilgan haqiqiy holatlar va jabrlanuvchining shaxsiy xususiyatlari hisobga olingan holda sud tomonidan baholanadi.

Ma’naviy zarar to‘lanishi lozim bo‘lgan mulkiy zarardan qat’i nazar qoplanadi.

58-BOB. ASOSSIZ BOYLIK ORTTIRISH OQIBATIDA KELIB CHIQADIGAN MAJBURIYATLAR

1023-modda. Asossiz orttirilgan boylikni qaytarish majburiyati

Qonunchilikda yoki bitimda belgilangan asoslarsiz boshqa shaxs (jabrlanuvchi)ning hisobidan mol-mulkni egallab olgan yoki tejab qolgan shaxs (qo‘lga kirituvchi) asossiz egallab olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni (asossiz orttirilgan boylikni) jabrlanuvchiga qaytarib berishi shart, ushbu Kodeksning 1030-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan majburiyat, shuningdek mol-mulkni egallab olish yoki tejab qolish asosi keyinchalik bekor bo‘lganda ham yuzaga keladi.

Ushbu bobning qoidalari asossiz boylik orttirish qo‘lga kirituvchining, jabrlanuvchining o‘zining, uchinchi shaxslarning xulq-atvori natijasi bo‘lganligidan yoki ularning irodasidan tashqari sodir bo‘lganligidan qat’i nazar qo‘llaniladi.

1024-modda. Asossiz orttirilgan boylikni qaytarish to‘g‘risidagi talablarning fuqarolik huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi boshqa talablar bilan o‘zaro bog‘lanishi

Agar qonunchilikda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa va tegishli munosabatlarning mohiyatidan kelib chiqmasa, ushbu bobning qoidalari, shuningdek:

haqiqiy bo‘lmagan bitim bo‘yicha bajarilgan narsani qaytarish to‘g‘risidagi;

mulkdor tomonidan mol-mulkni birovning qonunga xilof tarzdagi egaligidan talab qilib olish to‘g‘risidagi;

majburiyatidagi bir tarafning boshqa tarafga ana shu majburiyatlar munosabati bilan qaytarish to‘g‘risidagi;

zararni, shu jumladan boylik orttirgan shaxsning insofsizlik bilan qilgan xatti-harakatlari tufayli yetkazilgan zararni qoplash to‘g‘risidagi talablarga nisbatan qo‘llanilishi lozim.

1025-modda. Asossiz orttirilgan boylikni asl holida qaytarish

Qo‘lga kirituvchining asossiz orttirilgan boyligini tashkil etuvchi mol-mulk jabrlanuvchiga asl holida qaytarilishi lozim.

Qo‘lga kirituvchi jabrlanuvchining oldida har qanday, shu jumladan u orttirilgan boylikning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan paytdan keyin asossiz qo‘lga kiritilgan yoki tejab qolingan mol-mulkning tasodifiy yetishmovchiligi yoki yomonlashuvi uchun javobgar bo‘ladi. Bu paytgacha u qasd va qo‘pol ehtiyotsizlik uchungina javobgardir.

1026-modda. Asossiz orttirilgan boylikning qiymatini to‘lash

Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulkni asl holida qaytarishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, qo‘lga kirituvchi jabrlanuvchiga bu mol-mulkning qo‘lga kiritish paytidagi haqiqiy qiymatini to‘lashi, shuningdek agar qo‘lga kirituvchi orttirilgan boylikning asossizligini bilganidan keyin darhol uning qiymatini to‘lamagan bo‘lsa, mol-mulk qiymatining keyingi o‘zgarishi tufayli ko‘rilgan zararni to‘lashi lozim.

Egallab olish niyatisiz o‘zganing mol-mulkidan yoki o‘zganing xizmatlaridan vaqtincha asossiz foydalangan shaxs jabrlanuvchiga bunday foydalanish natijasida tejalgan narsani foydalanish tugallangan paytda va o‘sha joyda mavjud narx bo‘yicha to‘lashi lozim.

1027-modda. Huquqni boshqa shaxsga asossiz berish oqibatlari

O‘ziga tegishli huquqni talabnomadan voz kechish yo‘li bilan yoki boshqacha tarzda boshqa shaxsga mavjud bo‘lmagan yoki haqiqiy bo‘lmagan majburiyat asosida bergan shaxs avvalgi holatni tiklashni, shu jumladan berilgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar o‘ziga qaytarilishini talab qilishga haqli.

1028-modda. Jabrlanuvchiga olinmagan daromadlarni to‘lash

Mol-mulkni asossiz olgan yoki tejab qolgan shaxs boylikning asossiz orttirilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan vaqtdan boshlab ana shu mol-mulkdan chiqarib olgan yoki chiqarib olishi lozim bo‘lgan barcha daromadlarni jabrlanuvchiga qaytarishi yoki to‘lashi shart.

Asossiz orttirilgan pul summasiga, qo‘lga kirituvchi pul mablag‘larini olish yoki tejab qolishning asossizligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan vaqtdan boshlab, o‘zganing mablag‘laridan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi lozim.

1029-modda. Qaytarilishi lozim bo‘lgan mol-mulkka qilingan xarajatlarni to‘lash

Asossiz olingan yoki tejab qolingan mol-mulk qaytarilganida yoxud uning qiymati to‘langanida qo‘lga kirituvchi daromadlarni qaytarishi shart bo‘lgan vaqtdan boshlab mol-mulkni saqlab turish va asrash uchun qilingan zarur xarajatlarni o‘zi olgan nafni e’tiborga olgan holda to‘lashni jabrlanuvchidan talab qilishga haqli. Qo‘lga kirituvchi qaytarilishi lozim bo‘lgan mol-mulkni bila turib bermay turgan hollarda xarajatlarni undirish huquqi yo‘qoladi.

1030-modda. Qaytarib berilmaydigan asossiz orttirilgan boylik

Quyidagilar asossiz orttirilgan boylik sifatida qaytarib berilmaydi:

ijro etish muddati to‘lgunga qadar majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk, agar majburiyatda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa;

da’vo muddati o‘tganidan keyin majburiyatni bajarish yuzasidan topshirilgan mol-mulk;

ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, hayot yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar tovoni, alimentlar va fuqaroga turmush kechirish vositasi sifatida berilgan boshqa pul mablag‘lari, uning tomonidan vijdonsizlik qilinmaganda va hisob-kitobda xatolar bo‘lmaganda;

mavjud bo‘lmagan majburiyatni bajarish uchun berilgan pul summalari va boshqa mol-mulk, agar qo‘lga kirituvchi mol-mulkni qaytarishni talab qilayotgan shaxsning majburiyat yo‘qligini bilganligini yoxud mol-mulkni xayriya maqsadlarida berganligini isbotlasa.

IV BO‘LIM. INTELLEKTUAL MULK

59-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1031-modda. Intellektual mulk obyektlari

Intellektual mulk obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) intellektual faoliyat natijalari:

fan, adabiyot va san’at asarlari;

ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;

elektron hisoblash mashinalari (bundan buyon matnda EHM deb yuritiladi) uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;

ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari;

seleksiya yutuqlari;

oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari (nou-xau);

2) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar:

firma nomlari;

tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari);

Oldingi tahrirga qarang.

geografik ko‘rsatkichlar;

tovarlar chiqarilgan joy nomi;

3) ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda intellektual faoliyatning boshqa natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar.

1032-modda. Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish ularning yaratilganligi tufayli yoxud ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va tartibda vakolat berilgan davlat organi tomonidan huquqiy muhofaza berilishi natijasida yuzaga keladi.

Oshkor etilmagan axborotga huquqiy muhofaza berish shartlari qonun bilan belgilanadi.

1033-modda. Intellektual mulk obyektlariga shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlar

Intellektual faoliyat natijalarining mualliflari ana shu natijalarga nisbatan shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquqlarga ega bo‘ladilar.

Shaxsiy nomulkiy huquqlar muallifga uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, tegishli bo‘ladi va uning intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan mulkiy huquqlari boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda uning o‘zida saqlanib qoladi.

Fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar yoki xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar (bundan buyon matnda — xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalar)ga nisbatan huquq egalariga bu vositalar borasida mulkiy huquqlar tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi (intellektual faoliyat natijasining muallifi deb e’tirof etilish huquqi) shaxsiy nomulkiy huquq hisoblanadi va ijodiy mehnati bilan intellektual faoliyat natijasini yaratgan shaxsgagina tegishli bo‘ladi.

Mualliflik huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi va berilmaydi.

Agar natija ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikdagi ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ular hammualliflar hisoblanadilar. Intellektual mulkning ayrim obyektlariga nisbatan qonunda asarning to‘laligicha hammualliflari deb hisoblanadigan shaxslar doirasi cheklab qo‘yilishi mumkin.

1034-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlar

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mulkiy huquqlar egasiga ana shu intellektual mulk obyektidan o‘z xohishiga ko‘ra har qanday shaklda va har qanday usulda mutlaq qonuniy foydalanish huquqi tegishli bo‘ladi.

Huquq egasiga mutlaq huquq asosida tegishli bo‘lgan intellektual mulk obyektlaridan boshqa shaxslarning foydalanishiga faqat huquq egasining ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi.

Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquq egasi bu huquqni boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazishga, intellektual mulk obyektidan boshqa shaxs foydalanishiga ruxsat berishga haqli va, agar bu ushbu Kodeks va boshqa qonunlarning qoidalariga zid bo‘lmasa, ularni boshqacha tarzda tasarruf etishga haqli.

Mutlaq huquqlarni cheklashga, shu jumladan intellektual mulk obyektidan boshqa shaxslar foydalanishiga imkoniyat berish yo‘li bilan cheklashga, bu huquqlarni haqiqiy emas deb topishga va ularni tugatishga (bekor qilishga) ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollarda, doiralarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi.

Mutlaq huquqlarni cheklash bunday cheklash intellektual mulk obyektidan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va huquq egalarining qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

1035-modda. Mutlaq huquqlarning boshqa shaxsga o‘tishi

Intellektual mulk obyektiga nisbatan mutlaq huquqlar egasiga tegishli mulkiy huquqlar, agar ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquq egasi tomonidan shartnoma bo‘yicha boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin, shuningdek bu mutlaq huquqlar meros bo‘lib va yuridik shaxs — huquq egasi qayta tashkil etilganda huquqiy vorislik tartibida o‘tadi.

Mulkiy huquqlarning shartnoma bo‘yicha o‘tkazilishi yoxud ularning universal huquqiy vorislik tartibida o‘tishi mualliflik huquqining va boshqa begonalashtirilmaydigan hamda o‘zgaga o‘tkazilmaydigan mutlaq huquqlarning o‘tkazilishiga yoki cheklanishiga sabab bo‘lmaydi. Bunday huquqlarning o‘tkazilishi yoki cheklanishi to‘g‘risidagi shartnoma shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Shartnoma bo‘yicha o‘tkaziladigan mutlaq huquqlar unda aniqlab qo‘yilishi lozim. Shartnomada boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquq sifatida ko‘rsatilmagan huquqlar, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Mutlaq huquqni uning amal qilish davrida cheklangan vaqtga boshqa shaxsga berishni nazarda tutuvchi shartnomaga nisbatan litsenziya shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalar qo‘llaniladi.

1036-modda. Litsenziya shartnomasi

Litsenziya shartnomasi bo‘yicha intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquqqa ega bo‘lgan taraf (litsenziar) boshqa tarafga (litsenziatga) tegishli intellektual mulk obyektidan foydalanishga ruxsatnoma beradi.

Litsenziya shartnomasi beriladigan huquqlarni, foydalanish chegaralari va muddatlarini aniqlashi lozim.

Litsenziya shartnomasi pullik hisoblanadi.

Litsenziya shartnomasi litsenziatga quyidagilarni berishni nazarda tutishi mumkin:

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi va boshqa shaxslarga litsenziya berish huquqi saqlanib qolgan holda (oddiy nomutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

intellektual mulk obyektidan, litsenziarning undan foydalanish huquqi saqlanib qolgan holda, biroq boshqa shaxslarga litsenziyani berish huquqisiz (mutlaq litsenziya) foydalanish huquqini;

qonunda yo‘l qo‘yiladigan boshqa turdagi litsenziyalarni.

Agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziya oddiy (nomutlaq) deb hisoblanadi.

Litsenziyani oluvchi tomonidan intellektual mulk obyektidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnoma sublitsenziya shartnomasi hisoblanadi. Litsenziyani oluvchi faqat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan hollarda sublitsenziya shartnomasi tuzishga haqli.

Qo‘shimcha litsenziatning harakatlari uchun, agar litsenziya shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, litsenziar oldida litsenziat javobgar bo‘ladi.

1037-modda. Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma

Muallif intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha kelgusida asar, ixtiro yoki boshqa intellektual faoliyat natijasini yaratish va o‘zining ish beruvchisi bo‘lmagan buyurtmachiga bu natijadan foydalanish uchun mutlaq huquqlar berish majburiyatini o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartnoma yaratilishi lozim bo‘lgan intellektual faoliyat natijasining xususiyatini, shuningdek undan foydalanish maqsadlari yoxud usullarini belgilashi lozim.

Muallif zimmasiga ushbu muallif kelgusida yaratadigan har qanday intellektual faoliyat natijalaridan foydalanish uchun mutlaq huquqlarni birorta shaxsga berish majburiyatini yuklaydigan shartnoma o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

Intellektual faoliyat natijalarini yaratish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomaning muallifning kelgusida muayyan turdagi yoxud muayyan sohadagi intellektual faoliyat natijalarini yaratishini cheklaydigan shartlari o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

1038-modda. Mutlaq huquq va mulk huquqi

Intellektual faoliyat natijasiga yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositaga nisbatan mutlaq huquq bunday natija yoki xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vosita ifodalangan moddiy obyektga nisbatan mulk huquqidan qat’i nazar mavjud bo‘ladi.

1039-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilish muddati

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan muddat mobaynida amal qiladi.

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan shaxsiy nomulkiy huquqlar muddatsiz amal qiladi.

Qonunda nazarda tutilgan hollarda intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqning amal qilishi undan muayyan vaqt mobaynida foydalanilmasligi oqibatida bekor qilinishi mumkin.

1040-modda. Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish usullari

Intellektual mulk obyektlariga nisbatan mutlaq huquqlarni himoya qilish ushbu Kodeksning 11-moddasida nazarda tutilgan usullar bilan amalga oshiriladi. Mutlaq huquqlarni himoya qilish shuningdek:

mutlaq huquqlar qaysi moddiy obyektlar yordamida buzilgan bo‘lsa, o‘sha moddiy obyektlarni hamda bunday buzish natijasida yaratilgan moddiy obyektlarni olib qo‘yish orqali;

yo‘l qo‘yilgan buzish haqidagi ma’lumotni majburiy suratda e’lon qilib, unga buzilgan huquq kimga tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish orqali;

qonunda nazarda tutilgan boshqa usullarda amalga oshirilishi mumkin.

Intellektual faoliyat natijalarini va xususiy alomatlarni aks ettiruvchi vositalarni yaratish hamda ulardan foydalanish to‘g‘risidagi shartnoma buzilganda majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.

60-BOB. MUALLIFLIK HUQUQI

1041-modda. Mualliflik huquqi obyekti

Mualliflik huquqi ijodiy faoliyat natijasi bo‘lmish fan, adabiyot va san’at asarlariga nisbatan, ularning maqsadi va qadr-qimmati, shuningdek ifodalanish usulidan qat’i nazar, tatbiq etiladi.

Mualliflik huquqi quyidagi biron-bir obyektiv shaklda bo‘lgan oshkor qilingan asarlarga ham, oshkor qilinmagan asarlarga ham tatbiq etiladi:

yozma (qo‘lyozma, mashinkalangan yozuv, notali yozuv va hokazo);

og‘zaki (omma oldida so‘zlash, omma oldida ijro etish va hokazo);

ovozli yoki video yozuv (mexanik, magnitli, raqamli, optik va hokazo);

tasvir (rasm, eskiz, manzara, tarh, chizma, kino-, tele-, video- yoki fotokadr va hokazo);

hajmli-fazoviy (haykal, model, maket, inshoot va hokazo);

boshqa shakllardagi.

Mualliflik huquqi g‘oyalar, prinsiplar, uslublar, jarayonlar, tizimlar, usullar yoki konsepsiyalarga emas, balki ifoda shakliga nisbatan tatbiq etiladi.

1042-modda. Mualliflik huquqi obyektlarining turlari

Mualliflik huquqi obyektlari jumlasiga quyidagilar kiradi:

adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, o‘quv, publitsistik va boshqa asarlar);

dramatik va ssenariy asarlar;

matnli va matnsiz musiqa asarlari;

musiqali-dramatik asarlar;

xoreografiya asarlari va pantomimalar;

audiovizual asarlar;

rangtasvir, haykaltaroshlik, grafika, dizayn asarlari va boshqa tasviriy san’at asarlari;

manzarali-amaliy va sahna bezagi san’ati asarlari;

arxitektura, shaharsozlik va bog‘-park barpo etish san’ati asarlari;

fotografiya asarlari va fotografiyaga o‘xshash usullarda yaratilgan asarlar;

jo‘g‘rofiya, geologiya xaritalari va boshqa xaritalar, jo‘g‘rofiya, topografiya va boshqa fanlarga taalluqli tarhlar, eskizlar va asarlar;

barcha turdagi elektron-hisoblash mashinalari (EHM) uchun dasturlar, shu jumladan amaliy dasturlar va operatsiya tizimlari;

ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilab qo‘yilgan talablarga javob beruvchi boshqa asarlar.

1043-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanuvchi asarning qismlari, hosila va jamlama asarlar

Ushbu Kodeksning 1041-moddasida belgilangan talablarga javob beradigan:

asarning mustaqil ravishda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qismlari (shu jumladan uning nomi);

hosila asarlar (tarjimalar, ishlanma asarlar, annotatsiyalar, referatlar, muxtasar xulosalar, sharhlar, inssenirovkalar, aranjirovkalar, soddalashtirishlar hamda fan, adabiyot va san’at asarlarining boshqa qayta ishlanmalari);

to‘plamlar (ensiklopediyalar, antologiyalar, ma’lumotlar bazalari) va materiallarning tanlanganligi yoki joylashtirilganligiga ko‘ra ijodiy mehnat natijasi bo‘lgan boshqa jamlama asarlar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanadi.

Hosila va jamlama asarlar, ularning yaratilishi uchun asos bo‘lgan yoki ularning tarkibiga kirgan asarlar mualliflik huquqi obyektlari bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, mualliflik huquqi bilan muhofaza qilinadi.

1044-modda. Mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydigan materiallar

Quyidagilar mualliflik huquqi obyektlari hisoblanmaydi:

rasmiy hujjatlar (qonunlar, qarorlar va shu kabilar), shuningdek ularning rasmiy tarjimalari;

rasmiy ramzlar va belgilar (bayroqlar, gerblar, ordenlar, pul belgilari va shu kabilar);

xalq ijodiyoti asarlari;

oddiy matbuot axboroti tusidagi kundalik yangiliklarga doir yoki joriy voqealar haqidagi xabarlar;

insonning bevosita individual asar yaratishga qaratilgan ijodiy faoliyati amalga oshirilmasdan, muayyan turdagi ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnika vositalari yordamida olingan natijalar.

1045-modda. Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalariga bo‘lgan huquqlar

Rasmiy hujjat, ramz yoki belgining loyihasiga bo‘lgan mualliflik huquqi loyihani yaratgan (ishlab chiqqan) shaxsga tegishlidir.

Rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilarning loyihalarini ishlab chiqqan shaxslar, basharti bunday loyihani ishlab chiqish to‘g‘risida topshiriq bergan organ tomonidan taqiqlanmagan bo‘lsa, o‘zlari yaratgan loyihalarni e’lon qilishga haqlidirlar. Loyihani e’lon qilishda uni ishlab chiqqan shaxslar o‘z ismlarini ko‘rsatishga haqlidirlar.

Vakolatli organ rasmiy hujjat tayyorlash uchun loyihadan, basharti loyiha uni ishlab chiqqan shaxs tomonidan e’lon qilingan yoki tegishli organga yuborilgan bo‘lsa, mazkur shaxsning roziligisiz foydalanishi mumkin.

Loyiha asosida rasmiy hujjatlar, ramzlar va belgilar tayyorlash chog‘ida rasmiy hujjat, ramz yoki belgi tayyorlayotgan organning xohishiga ko‘ra loyihaga qo‘shimchalar va o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

Vakolatli organ loyihani ma’qullaganidan keyin loyihadan uni ishlab chiqqan shaxsning ismi-sharifini ko‘rsatmagan holda foydalanish mumkin.

1046-modda. Asar muallifi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi. Mualliflik prezumpsiyasi

Asar kimning ijodiy mehnati bilan yaratilgan bo‘lsa, ana shu fuqaro asar muallifi deb e’tirof etiladi.

Fan, adabiyot va san’at asariga mualliflik huquqi uni yaratish fakti bo‘yicha yuzaga keladi. Mualliflik huquqining yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun asarni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Asarning asl nusxasida yoki nusxasida muallif sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, asar muallifi hisoblanadi.

Asar imzosiz yoki taxallus ostida chop etilgan taqdirda (muallifning taxallusi uning kim ekanligiga shubha qoldirmaydigan hollar bundan mustasno), asarni chop etgan, asarda ismi yoki nomi ko‘rsatilgan noshir, agar boshqa dalillar bo‘lmasa, muallifning vakili hisoblanadi hamda muallifning huquqlarini himoya qilish va ularning amalga oshirilishini ta’minlash huquqiga egadir. Bu qoida bunday asar muallifi o‘z shaxsini oshkor etguniga va o‘zining muallif ekanligini ma’lum qilguniga qadar amalda bo‘ladi.

1047-modda. Hammualliflik

Ikki yoki undan ortiq fuqaroning birgalikdagi ijodiy mehnati natijasida yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi, mazkur asar bo‘linmas bir butun yoki har biri ham mustaqil mazmunga ega qismlardan iborat ekanligidan qat’i nazar, hammualliflarga birgalikda tegishli bo‘ladi.

Basharti asarning muayyan qismidan uning boshqa qismlariga bog‘liq bo‘lmagan holda foydalanish mumkin bo‘lsa, bu mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qism deb e’tirof etiladi.

Hammualliflarning har biri, basharti ularning o‘rtasidagi kelishuvda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, asarning o‘zi yaratgan, mustaqil mazmunga ega bo‘lgan qismidan o‘z xohishiga ko‘ra foydalanishga haqlidir.

Hammualliflar o‘rtasidagi munosabatlar, qoida tariqasida, kelishuv asosida belgilanadi. Bunday kelishuv bo‘lmagan taqdirda asarga bo‘lgan mualliflik huquqi barcha mualliflar tomonidan birgalikda amalga oshiriladi, mualliflik haqi esa ular o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Basharti hammualliflarning asari bo‘linmas bir butunni tashkil etsa, asardan foydalanishni yetarli asoslar bo‘lmay turib taqiqlab qo‘yishga hammualliflardan hech biri haqli emas.

1048-modda. Hosila asarga bo‘lgan mualliflik huquqi

Hosila asar muallifiga fan, adabiyot va san’at asarining mazkur muallif tomonidan amalga oshirilgan qayta ishlanmasiga bo‘lgan mualliflik huquqi tegishlidir.

Hosila asar muallifi qayta ishlangan asar muallifi huquqlariga rioya etgan taqdirda, o‘zi yaratgan asarga mualliflik huquqidan foydalanadi.

Hosila asar muallifining mualliflik huquqi qayta ishlashga asos bo‘lgan asarni boshqa shaxslar ham o‘zlari qayta ishlashlariga to‘sqinlik qilmaydi.

1049-modda. Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslarning huquqlari

Asarlar yaratilishini tashkil etuvchi shaxslar (audiovizual asarlarni tayyorlovchilar, ensiklopediyalar noshirlari, prodyuserlar va boshqa shu kabilar) tegishli asarlarning mualliflari deb e’tirof etilmaydi. Biroq ushbu Kodeksda yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda, bunday shaxslar ana shu asarlardan foydalanishda mutlaq huquqlarga ega bo‘ladilar.

Audiovizual asarni tayyorlovchi bu asardan foydalanilganda o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir.

Ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlardan, ilmiy ishlarning davriy va davomli to‘plamlaridan, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar ularning noshiriga tegishlidir. Bunday nashrlardan har qanday tarzda foydalanilganda noshir o‘z ismi yoki nomini ko‘rsatishga yoxud ismi yoki nomi ko‘rsatilishini talab qilishga haqlidir. Bunday nashrlarga kiritilgan asarlarning mualliflari, agar mualliflik shartnomasida boshqacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, umuman nashrdan qat’i nazar, o‘z asarlaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlarini saqlab qoladilar.

1050-modda. Mualliflik huquqining himoya belgilari

Alohida mualliflik huquqining egasi o‘z huquqlaridan xabardor etish uchun asarning har bir nusxasida aks ettiriladigan va quyidagi uch unsurdan iborat mualliflik huquqining himoya belgisidan foydalanishi mumkin:

aylana ichiga olingan lotincha “S” harfi;

alohida mualliflik huquqlari egasining ismi (nomi);

asar birinchi marta e’lon qilingan yil.

Mualliflik huquqining himoya belgisida ko‘rsatilgan shaxs, basharti boshqa hol isbotlanmagan bo‘lsa, huquq egasi hisoblanadi.

1051-modda. Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari

Asar muallifiga quyidagi shaxsiy nomulkiy huquqlar tegishlidir:

asar muallifi deb e’tirof etilish huquqi (mualliflik huquqi);

asardan muallifning haqiqiy ismi, taxallusini ko‘rsatgan holda yoxud ismini ko‘rsatmasdan, ya’ni imzosiz foydalanish yoki foydalanishga ruxsat berish huquqi (mualliflik ismiga bo‘lgan huquq);

asarni har qanday shaklda oshkor qilish yoki oshkor qilishga ruxsat berish huquqi (oshkor qilishga bo‘lgan huquq), shu jumladan chaqirib olish huquqi;

asarni, shu jumladan uning nomini muallifning sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi (muallif obro‘sini himoya qilish huquqi).

Muallif asarni oshkor qilish to‘g‘risida ilgari qabul qilgan qaroridan, asardan foydalanish huquqini olgan shaxslarga ular shunday qaror tufayli ko‘rgan zararlarning, shu jumladan boy berilgan foydaning o‘rnini qoplash sharti bilan, voz kechish huquqiga (asarni chaqirib olish huquqiga) egadir. Agar asar oshkor qilingan bo‘lsa, muallif uni chaqirib olganligi to‘g‘risida ommaga ma’lum qilishi shart. Bunda u asarning avval tayyorlangan nusxalarini o‘z hisobidan muomaladan olib qo‘yishga haqlidir. Bu qoidalar, agar muallif bilan tuzilgan shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, xizmat asarlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning o‘ziga, nomiga va muallifning ismi ko‘rsatilishiga biron-bir o‘zgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Muallifning roziligisiz uning asarini bezaklar, so‘zboshi, xotima, sharhlar yoki biron-bir tushuntirishlar bilan nashr etish taqiqlanadi.

Muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari uning mulkiy huquqlaridan qat’i nazar, unga tegishli bo‘lib, asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar boshqa shaxsga o‘tkazilgan taqdirda ham uning o‘zida saqlanib qoladi.

Muallifning o‘z shaxsiy nomulkiy huquqlarini amalga oshirishdan voz kechish to‘g‘risida biron-bir shaxs bilan kelishuvi va bu haqdagi arizasi o‘z-o‘zidan haqiqiy emas.

1056-modda. Muallifning mulkiy huquqlari

Muallifga asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda ko‘rsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan, shu jumladan mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomaga binoan yoxud ular bo‘lmagan taqdirda, bu tashkilotlarning vazifalari va majburiyatlarini bajaruvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin.

Muallifning asardan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

asarni takrorlash (takrorlash huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

asarning asl nusxasini yoki nusxalarini prokatga berish (prokatga berish huquqi);

tarqatish maqsadida asarning nusxalarini, shu jumladan mutlaq mualliflik huquqlari egasining ruxsati bilan tayyorlangan nusxalarini import qilish (import qilish huquqi);

asarni sim (kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (kabel orqali yuborish huquqi);

asarga tuzatishlar kiritish, uni aranjirovka qilish yoki boshqacha tarzda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi);

asarni omma oldida namoyish etish (omma oldida namoyish etish huquqi);

asarni omma oldida ijro etish (omma oldida ijro etish huquqi);

asarni simsiz vositalar yordamida uzatish yo‘li bilan barchaning e’tibori uchun yuborish (efirga uzatish huquqi);

asarni tarjima qilish (tarjima qilish huquqi);

asarni barchaning e’tiboriga takroran yuborish, agar bunday yuborish dastlabki yuborishni amalga oshirgan tashkilotdan boshqa tashkilot tomonidan amalga oshirilsa (barchaning e’tiboriga takroran yuborish huquqi).

Muallif o‘z asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga (haq olish huquqiga) ega.

Agar chop etilgan asarning nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga muallifning roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Asardan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, asardan foydalanilgan deb hisoblanadi.

Asarning mazmunini tashkil etuvchi qoidalarni (ixtirolarni, boshqa texnikaviy, iqtisodiy, tashkiliy va shu kabi yechimlarni) amaliy qo‘llash asardan mualliflik huquqi ma’nosida foydalanganlik deb hisoblanmaydi.

1058-modda. Mualliflik huquqlarining cheklanishi

Muallif va boshqa shaxslarning asardan foydalanish borasidagi mutlaq huquqlarini cheklashga ushbu Kodeksning 1059—1062-moddalarida yoki boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur cheklashlar asardan normal foydalanilishiga o‘rinsiz ziyon yetkazmagan va muallifning qonuniy manfaatlarini asossiz kamsitmagan taqdirdagina tatbiq etiladi.

1059-modda. Asarlarni muallifning roziligisiz va haq to‘lanmagan holda shaxsiy maqsadlarda takrorlash

Oshkor qilingan asarni shaxsiy maqsadlarda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz va haq to‘lanmagan holda takrorlashga yo‘l qo‘yiladi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalari:

binolar va inshootlar shaklidagi arxitektura asarlarini takrorlashga;

ma’lumotlar bazalarini yoki ularning muhim qismlarini takrorlashga;

qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno qilganda, EHM uchun dasturlarni takrorlashga;

kitoblarni (to‘laligicha) va notali matnlarni reprografik takrorlashga nisbatan tatbiq etilmaydi.

1060-modda. Asarlarni omma oldida erkin ijro etish

Chop etilgan musiqa asarlarini rasmiy, diniy va dafn marosimlarida bunday marosimlarning xususiyatiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda omma oldida ijro etishga yo‘l qo‘yiladi.

1061-modda. Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlari uchun foydalanish

Asarlardan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, ma’muriy va sudlov ishlarini yuritish maqsadlarini ko‘zlab, foydalanish maqsadiga mos hajmda muallifning yoki boshqa huquq egasining roziligisiz hamda haq to‘lanmagan holda foydalanishga yo‘l qo‘yiladi.

1062-modda. Xizmat asariga bo‘lgan mualliflik huquqi

Xizmat vazifalarini yoki xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida yaratilgan asarga (xizmat asariga) bo‘lgan muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlari asar muallifida saqlanib qoladi.

Xizmat asaridan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, agar muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ish beruvchiga tegishlidir.

Xizmat asaridan foydalanishning har bir turi uchun haq miqdori va uni to‘lash tartibi muallif bilan ish beruvchi o‘rtasidagi shartnomada belgilanadi. Ish beruvchi bilan tuzilgan shartnomadan qat’i nazar, muallif asar oshkor qilingan vaqtdan e’tiboran o‘n yil o‘tganidan keyin, ish beruvchining roziligi bilan esa undan ham oldinroq asardan foydalanish va haq olish huquqini to‘liq hajmda qo‘lga kiritadi.

Muallifning xizmat asaridan topshiriq maqsadi taqozo etmaydigan usulda foydalanish huquqi cheklanmaydi.

Ish beruvchi xizmat asaridan har qanday tarzda foydalanishda o‘z nomini ko‘rsatishga yoxud uni ko‘rsatishni talab qilishga haqlidir.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshiriqlarini bajarish yo‘sinida ushbu Kodeks 1049-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan ensiklopediyalar, ensiklopedik lug‘atlar, davriy va davomli ilmiy ishlar to‘plamlari, gazetalar, jurnallar hamda boshqa davriy nashrlarning yaratilishiga ushbu moddaning qoidalari tatbiq etilmaydi.

1063-modda. Mualliflik huquqining amal qilish sohasi

Ushbu Kodeksga muvofiq mualliflik huquqi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bo‘lgan yoki O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy turar joyiga ega bo‘lgan mualliflarning yoki mualliflik huquqining boshqa dastlabki egalik qiluvchilarining asarlariga;

mualliflarning fuqaroligi va doimiy turar joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasida birinchi marta chop etilgan asarlarga;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida muhofaza qilinadigan asarlarga tatbiq etiladi.

Agar asar O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida birinchi marta chop etilgan sanadan so‘ng o‘ttiz kun ichida O‘zbekiston Respublikasi hududida chop etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida ham birinchi marta chop etilgan deb hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq asarga O‘zbekiston Respublikasi hududida muhofaza berilgan taqdirda, asar muallifi mualliflik huquqini olish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan yuridik fakt qaysi davlatning hududida sodir bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha davlatning qonuni bilan aniqlanadi.

1065-modda. Mualliflik huquqining amal qilish muddati

Mualliflik huquqi muallifning butun hayoti davomida va uning vafotidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi, ushbu moddada va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Hammualliflikda yaratilgan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi hammualliflarning butun hayoti davomida va hammualliflar orasida eng uzoq umr ko‘rgan oxirgi shaxs vafot etganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Taxallus ostida yoki imzosiz qonuniy oshkor qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar oshkor qilinganidan keyin ellik yil davomida amal qiladi. Agar ko‘rsatilgan muddat ichida taxallus ostidagi yoki imzosiz asar muallifi o‘z shaxsini ma’lum qilsa yoki bundan buyon uning shaxsi shubhaga o‘rin qoldirmasa, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan muddatlar qo‘llaniladi.

Muallifning vafotidan keyin birinchi marta e’lon qilingan asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar e’lon qilinganidan keyin yetmish yil davomida amal qiladi.

Mualliflik huquqi, mualliflik ismiga bo‘lgan huquq va muallif obro‘sini himoya qilish huquqi muddatsiz muhofaza qilinadi.

Asarga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq muhofaza berilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi hududida mualliflik huquqining amal qilish muddati ushbu moddaga binoan belgilanadi. Lekin bu muddat asar kelib chiqqan mamlakatda belgilangan mualliflik huquqining amal qilish muddatidan oshib ketmasligi kerak.

Ushbu moddada nazarda tutilgan muddatlarni hisoblash muddatning o‘ta boshlashi uchun asos bo‘ladigan yuridik fakt yuz bergan yildan keyingi yilning birinchi yanvaridan e’tiboran boshlanadi.

1066-modda. Asarning ijtimoiy mulkka aylanishi

Asarlarga bo‘lgan mualliflik huquqining amal qilish muddatini tugashi ularning ijtimoiy mulkka aylanishini bildiradi.

Ijtimoiy mulk bo‘lgan asarlardan har qanday shaxs haq to‘lamagan holda erkin foydalanishi mumkin. Bunda muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlariga rioya etilishi kerak.

1067-modda. Mualliflik shartnomasi

Ushbu Kodeks 1056-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan mulkiy huquqlar faqat mualliflik shartnomasini tuzish yo‘li bilan huquq egasi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi mumkin, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda belgilangan hollar bundan mustasno.

Muallifning mulkiy huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida yoki mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi asosida amalga oshirilishi mumkin.

Mutlaq huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi faqat ushbu huquqlar o‘tkazilayotgan shaxs asardan muayyan usulda va shartnomada belgilangan doirada foydalanishiga ruxsat beradi.

Mutlaq bo‘lmagan huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi mualliflik shartnomasi foydalanuvchiga asardan shunday huquqlarni boshqa shaxsga o‘tkazgan mutlaq huquqlar egasi va (yoki) bu asardan ayni shunday usulda foydalanish uchun ruxsat olgan boshqa shaxslar bilan teng ravishda foydalanishga ijozat beradi.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha boshqa shaxsga o‘tkaziladigan huquqlar, agar shartnomada bevosita boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, mutlaq bo‘lmagan huquqlar hisoblanadi.

Asarga bo‘lgan mualliflik huquqi asar aks ettirilgan moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqi bilan bog‘liq emas.

Moddiy obyektga bo‘lgan mulk huquqini yoki moddiy obyektga egalik qilish huquqini boshqa shaxsga o‘tkazish shu obyektda aks ettirilgan asarga bo‘lgan biron-bir mualliflik huquqining o‘z-o‘zidan boshqa shaxsga o‘tkazilishiga sabab bo‘lmaydi.

1068-modda. Mualliflik shartnomasining shartlari

Mualliflik shartnomasida quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

asardan foydalanish usullari (mazkur shartnoma asosida o‘tkaziladigan aniq huquqlar);

asardan foydalanishning har bir usuli uchun to‘lanadigan haq miqdori va (yoki) to‘lanadigan haq miqdorini belgilash tartibi, uni to‘lash tartibi hamda muddatlari.

Mualliflik shartnomasi taraflar zarur deb topgan boshqa shartlarni ham nazarda tutishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi qancha muddatga o‘tkazilishi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnoma tuzilgan sanadan boshlab besh yil o‘tganidan keyin, agar foydalanuvchi shartnoma bekor qilinguniga qadar kamida olti oy oldin bu haqda yozma ravishda ogohlantirilgan bo‘lsa, shartnoma muallif tomonidan bekor qilinishi mumkin.

Mualliflik shartnomasida asardan foydalanish huquqi amal qiladigan hudud doirasi to‘g‘risida shart bo‘lmagan taqdirda, shartnomaga binoan boshqa shaxsga o‘tkazilayotgan huquqning amal qilishi O‘zbekiston Respublikasi hududi bilan cheklanadi.

Boshqa shaxsga o‘tkazilishi mualliflik shartnomasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilmagan asardan foydalanish huquqlari boshqa shaxsga o‘tkazilmagan deb hisoblanadi.

Shartnoma tuzilgan paytda asardan foydalanish haqida hali ma’lum bo‘lmagan huquqlar mualliflik shartnomasi predmeti bo‘lishi mumkin emas.

To‘lanadigan haq mualliflik shartnomasida asardan foydalanishning tegishli usuli uchun olinadigan daromaddan foiz tarzida belgilanadi yoki agar buni asarning xususiyati yoki undan foydalanishning o‘ziga xos jihatlari bilan bog‘liq holda amalga oshirish mumkin bo‘lmasa, shartnomada qayd etilgan summa tarzida yoxud boshqacha tarzda belgilanadi. Mazkur haqning eng kam miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Agar asarni nashr etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish haqidagi mualliflik shartnomasida haq to‘lash qat’iy summa tarzida belgilansa, shartnomada asarning eng ko‘p adadi belgilab qo‘yilishi shart.

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha o‘tkazilgan huquqlar bunday shartnomada to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan taqdirdagina boshqa shaxslarga to‘liq yoki qisman o‘tkazilishi mumkin.

Mualliflik shartnomasining muallifni kelgusida mazkur mavzuda yoki mazkur sohada asarlar yaratishini cheklaydigan sharti o‘z-o‘zidan haqiqiy bo‘lmaydi.

Mualliflik shartnomasining ushbu Kodeks yoki boshqa qonunlar talablariga zid bo‘lgan shartlari haqiqiy emas.

1069-modda. Mualliflik shartnomasining shakli

Mualliflik shartnomasi yozma shaklda tuzilishi lozim, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

1070-modda. Mualliflik shartnomasi bo‘yicha javobgarlik

Mualliflik shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni umuman yoki tegishli darajada bajarmagan taraf boshqa tarafga yetkazilgan zararning o‘rnini, shu jumladan boy berilgan foydani qoplashi shart.

1073-modda. Mualliflik munosabatlarini huquqiy jihatdan tartibga solish

Mualliflik munosabatlari ushbu Kodeks va boshqa qonunchilik bilan tartibga solinadi.

61-BOB. TURDOSH HUQUQLAR

1074-modda. Turdosh huquqlar obyektlari

Turdosh huquqlar obyektlari jumlasiga ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari kiradi.

1075-modda. Turdosh huquqlar subyektlari

Ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar turdosh huquqlar subyektlaridir.

Turdosh huquqlarning yuzaga kelishi va amalga oshirilishi uchun turdosh huquqlar obyektini ro‘yxatdan o‘tkazish yoki biron-bir boshqa rasmiyatchilikka rioya etish talab qilinmaydi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish va kabel orqali yuborishni (retranslyatsiya ham shunga kiradi) amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollardan tashqari, asardan, ijrodan, fonogrammadan yoxud efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuv yoki eshittirishidan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkin. Retranslyatsiya mualliflar, ijrochilar, fonogrammalarni tayyorlovchilar va boshqa huquq egalarining efirga uzatish, kabel orqali yuborish, barchaning e’tiboriga yetkazishga bo‘lgan huquqlariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi kerak.

1076-modda. Turdosh huquqlarning muhofaza belgilari

Fonogrammaga va (yoki) bunday fonogrammaga yozilgan ijroga bo‘lgan mutlaq huquqlar egalari o‘z huquqlaridan xabardor qilish uchun turdosh huquqlarning muhofaza belgisidan foydalanishlari mumkin bo‘lib, bu belgi fonogrammaning har bir nusxasida va (yoki) u saqlanadigan har bir g‘ilofda aks ettiriladi hamda quyidagi uch unsurdan iborat bo‘ladi:

aylana ichidagi lotincha “R” harfi;

mutlaq turdosh huquqlar egasining ismi (nomi);

fonogramma birinchi marta chop etilgan yil.

Nomi yoki ismi ushbu fonogrammada va (yoki) u saqlanadigan g‘ilofda odatiy tarzda ko‘rsatilgan yuridik yoki jismoniy shaxs, agar boshqacha hol isbotlanmagan bo‘lsa, fonogrammani tayyorlovchi deb e’tirof etiladi.

1077-modda. Ijrochining huquqlari

Ijrochiga quyidagi huquqlar tegishlidir:

ismiga bo‘lgan huquq;

ijroni ijrochining sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday tarzda buzib ko‘rsatilishidan yoki har qanday boshqacha tarzda tajovuz etilishidan himoya qilish huquqi;

ijrodan har qanday shaklda foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlar, shu jumladan ijrochining ijrosidan foydalanishning har bir turi uchun haq olishga bo‘lgan huquq.

Ijrochining ijrodan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ijro yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ijro yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ijro yozuvining asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular ijrochining roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda asl nusxaga va nusxalarga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

ilgari yozilmagan ijrolarni yozib olish (yozib olish huquqi);

ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar bunday eshittirish yoki ko‘rsatuv uchun foydalaniladigan ijro ilgari efirga uzatilmagan bo‘lsa yoki yozuvdan foydalanilgan holda amalga oshirilmasa (yozib olinmagan ijroni efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish, agar dastlab bu yozuv notijorat maqsadlar uchun tayyorlangan bo‘lsa (ijro yozuvini efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi).

Agar ijro yozuvining nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga ijrochining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Xizmat vazifalarini yoki ish beruvchining xizmat topshirig‘ini bajarish tartibida amalga oshirilgan ijrolarga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1062-moddasi qoidalari qo‘llaniladi.

Ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Ijro yozuvidan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ijro yozuvidan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1078-modda. Fonogrammani tayyorlovchining huquqlari

Fonogrammani tayyorlovchiga ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mazkur fonogrammadan foydalanishda mutlaq huquqlar tegishlidir.

Fonogrammani tayyorlovchining fonogrammadan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

fonogrammani takrorlash (takrorlash huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

fonogrammani barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, hatto ular fonogrammani tayyorlovchi tomonidan yoki uning roziligi bilan tarqatilganidan keyin hamda uning asl nusxasi yoki nusxalariga bo‘lgan mulk huquqidan qat’i nazar, prokatga berish (prokatga berish huquqi);

fonogrammaning asl nusxasi yoki nusxalarini, shu jumladan fonogrammaga bo‘lgan mutlaq huquqlar egasining roziligi bilan tayyorlangan nusxalarini tarqatish maqsadida import qilish (import qilish huquqi);

fonogrammani efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish (efirga uzatish yoki kabel orqali yuborish huquqi);

fonogrammaga tuzatishlar kiritish yoki uni boshqacha usulda qayta ishlash (qayta ishlash huquqi).

Fonogrammani tayyorlovchi o‘z fonogrammasidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Agar chop etilgan fonogramma nusxalari ularni sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish vositasida fuqarolik muomalasiga qonuniy kiritilgan bo‘lsa, ularning bundan buyongi tarqatilishiga fonogrammani tayyorlovchining roziligisiz va unga haq to‘lanmagan holda yo‘l qo‘yiladi.

Fonogrammani tayyorlovchining ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Fonogrammalarni tayyorlovchilar o‘z huquqlarini foydalanilayotgan asarlar va ijrolar mualliflari hamda ijrochilarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Fonogrammadan daromad olish maqsadida foydalanilganligi yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, fonogrammadan foydalanilgan deb hisoblanadi.

1079-modda. Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning huquqlari

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotga o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishda ushbu Kodeksga va boshqa qonunlarga muvofiq mutlaq huquqlar tegishlidir.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishga bo‘lgan mutlaq huquqlari quyidagi harakatlarni amalga oshirish yoki bunday harakatlarga ruxsat berish huquqini anglatadi:

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini takrorlash (takrorlash huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvining asl nusxasi yoxud nusxalarini sotish yoki mulk huquqini o‘zgacha tarzda boshqa shaxsga o‘tkazish yo‘li bilan tarqatish (tarqatish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirish yozuvini barchaning e’tiboriga yetkazish (barchaning e’tiboriga yetkazish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni yozib olish (yozib olish huquqi);

kirish pulli joylarda ko‘rsatuv yoki eshittirishni barchaning e’tibori uchun yuborish (kirish pulli joylarda barchaning e’tibori uchun yuborish huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni retranslyatsiya qilish (retranslyatsiya huquqi);

ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali barchaning e’tibori uchun yuborish yoxud ko‘rsatuv yoki eshittirishni efirga uzatish (ko‘rsatuv yoki eshittirishni kabel orqali yuborish yoki efirga uzatish huquqi).

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilot o‘z ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan foydalanishning har bir turi uchun haq olish huquqiga ega.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan mutlaq huquqlari shartnoma bo‘yicha boshqa shaxslarga o‘tkazilishi mumkin. Bunday shartnomaga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1067, 1068 va 1069-moddalari qoidalari qo‘llaniladi.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar o‘z huquqlarini foydalaniladigan asarlarning mualliflari hamda ijrolarning ijrochilari huquqlariga, tegishli hollarda esa fonogrammalarni tayyorlovchilar hamda efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlar huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.

Efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotning ko‘rsatuvi yoki eshittirishidan daromad olish maqsadida foydalanilganligidan yoki undan foydalanish bunday maqsadga qaratilmaganligidan qat’i nazar, ko‘rsatuv yoki eshittirishdan foydalanilgan deb hisoblanadi.

62-BOB. SANOAT MULKIGA BO‘LGAN HUQUQ (IXTIRO, FOYDALI MODEL, SANOAT NAMUNASIGA BO‘LGAN HUQUQ)

1082-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Ixtiro, foydali model va sanoat namunasiga bo‘lgan huquq patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qo‘yiladigan, patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda vakolatli davlat organining bunday hujjat berish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

1083-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish huquqi

Patent bilan muhofazalangan ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan o‘z xohishicha foydalanishdagi alohida huquq, shu jumladan muhofazalangan yechimlarni qo‘llangan holda mahsulot ishlab chiqarish, patent bilan muhofazalangan texnologik jarayonlarni o‘z ishlab chiqarishida qo‘llash, muhofazalangan yechimga ega bo‘lgan mahsulotlarni sotish yoki sotishga taklif etish, tegishli mahsulotlarni chetdan keltirish huquqi patent egasiga tegishlidir.

Patent egasidan boshqa shaxslar uning ruxsatisiz ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanishga haqli emas, bunday foydalanish ushbu Kodeks yoki boshqa qonunga muvofiq patent egasining huquqlarini buzish hisoblanmaydigan hollar bundan mustasno.

Patentlangan ixtironi, foydali model yoki sanoat namunasini qo‘llangan holda mahsulotni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llanish, chetdan olib kelish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlash, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llanish yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usul vositasidagina tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlash patent egasi alohida huquqining buzilishi hisoblanadi.

Boshqacha holat isbotlangunga qadar mahsulot patentlangan usul bilan tayyorlangan hisoblanadi.

1084-modda. Patentga bo‘lgan huquqni tasarruf etish

Patent olish huquqi, talabnomani ro‘yxatdan o‘tkazishdan kelib chiqadigan huquqlar, patentga egalik huquqi va patentdan kelib chiqadigan huquqlar boshqa shaxsga to‘liq yoki qisman berilishi mumkin.

1085-modda. Mualliflik huquqi

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga mualliflik huquqi va maxsus nom berish huquqi ixtiro, foydali model, sanoat namunasining muallifiga tegishlidir.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga bo‘lgan mualliflik huquqi va boshqa shaxsiy huquqlar patentga asoslangan huquqlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran vujudga keladi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi muallifini qonun maxsus huquqlar, imtiyozlar va ijtimoiy tusdagi afzalliklar bilan ta’min etishi mumkin.

Talabnomada muallif tariqasida ko‘rsatilgan shaxs boshqacha holat isbotlangunga qadar muallif hisoblanadi. Huquq yuzaga kelishidan avval mavjud bo‘lgan faktlar va holatlargina dalil tariqasida jalb etilishi mumkin.

1086-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasining hammualliflari

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasi hammualliflarining o‘zaro munosabatlari ular o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilab qo‘yiladi.

Ixtiro, foydali model, sanoat namunasini yaratishga noijodiy yordam berish (texnikaviy, tashkiliy yoki matematik yordam, huquqlarni rasmiylashtirishga ko‘maklashish va hokazolar) hammualliflikka sabab bo‘lmaydi.

1087-modda. Xizmat ixtirolari, foydali modellari, sanoat namunalari

Xodim o‘z xizmat majburiyatlarini yoki ish beruvchidan olgan aniq topshiriqni bajarish vaqtida yaratgan ixtiro, foydali model, sanoat namunasiga (xizmat ixtirosiga) patent olish huquqi, basharti bu ular o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan bo‘lsa, ish beruvchiga tegishli bo‘ladi.

Xizmat ixtirosi, foydali modeli, sanoat namunasi uchun muallifga to‘lanadigan mukofot puli miqdori, to‘lov sharti va tartibi u bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bilan belgilab qo‘yiladi. Kelishuvga erishilmagan taqdirda qarorni sud chiqaradi. Basharti muallif va ish beruvchining xizmat ixtirosi, foydali modeli yoki sanoat namunasini yaratishga qo‘shgan hissasini aniq belgilashning iloji bo‘lmasa, ish beruvchi olgan yoki oladigan foydaning yarmisiga bo‘lgan huquq muallifniki deb e’tirof etiladi.

1088-modda. Patentga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomaning shakli

Patentga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi (patentni berish to‘g‘risidagi) shartnoma yozma shaklda tuzilishi va vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1089-modda. Ixtiro, foydali model, sanoat namunasidan foydalanish ruxsatnomasining (litsenziya- sining) shakli

Litsenziya shartnomasi va qo‘shimcha litsenziya shartnomasi yozma shaklda tuziladi va vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Uni yozma shaklda tuzishga yoki ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1090-modda. Patentni buzganlik uchun javobgarlik

Patentni buzish patent egasining talabi bilan to‘xtatilishi, qoidabuzar esa patent egasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashi shart. Patent egasi zararni qoplash o’rniga qonunda belgilangan miqdorda va tartibda huquqbuzardan kompensatsiya to’lashni talab qilishga haqli.

63-bob. O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga bo‘lgan huquq

1091-modda. O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga bo‘lgan huquqlarni muhofaza qilish

O‘simliklarning yangi navlari va hayvonlarning yangi zotlariga (seleksiya yutuqlariga) bo‘lgan huquqlar patent berilgan taqdirdagina muhofaza qilinadi.

Seleksiya yutug‘iga patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda bunday patentni berish tartibi qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

Seleksiya yutuqlariga bo‘lgan huquqlar hamda bu huquqlarni muhofaza qilish bilan bog‘liq munosabatlarga nisbatan, basharti ushbu bobning qoidalari va qonunda o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu Kodeksning tegishincha 1084 –– 1090-moddalari qoidalari tadbiq etiladi.

1092-modda. Seleksiya yutug‘i muallifining haq olish huquqi

Seleksiya yutug‘ining patent egasi bo‘lmagan muallifi seleksiya yutug‘idan foydalanganlik uchun patentning amal qilish muddati davomida patent egasidan haq olish huquqiga ega.

Seleksiya yutug‘i muallifiga to‘lanadigan haq miqdori va to‘lov shartlari u bilan patent egasi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilab qo‘yiladi.

1093-modda. Patent egasining huquqi

Seleksiya yutug‘i patentining egasi seleksiya yutug‘idan qonunda belgilab qo‘yilgan doirada foydalanish bo‘yicha alohida huquqqa egadir.

1094-modda. Patent egasining majburiyati

Seleksiya yutug‘i patentining egasi o‘simlikning tegishli navi yoki hayvonlarning tegishli zotini patentning amal qilish muddati davomida ularni ro‘yxatga olish vaqtida tuzilgan nav yoki zot tavsifida aytib o‘tilgan belgilar saqlab qolinadigan tarzda asrashi shart.

64-BOB. OSHKOR ETILMAGAN AXBOROTNI NOQONUNIY FOYDALANISHDAN MUHOFAZA QILISH

1095-modda. Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi

Uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmagan texnikaviy, tashkiliy yoki tijorat axborotiga, shu jumladan ishlab chiqarish sirlariga (nou-xau) qonunan ega bo‘lib turgan shaxs uni (oshkor etilmagan axborotni), basharti ushbu Kodeksning 98-moddasida belgilab qo‘yilgan shartlarga rioya etilgan bo‘lsa, noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqiga ega.

Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqi bu axborotga nisbatan biron-bir rasmiyatchilikni bajarishdan (uni ro‘yxatdan o‘tkazish, guvohnoma olish va hokazodan) qat’i nazar vujudga keladi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish qoidasi qonunga muvofiq xizmat yoki tijorat siri bo‘la olmaydigan ma’lumotlarga (yuridik shaxslar to‘g‘risidagi, mol-mulkka bo‘lgan huquqlar va mol-mulk xususida tuzilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan kelishuvlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etiladigan ma’lumotlar va hokazolarga) nisbatan tatbiq etilmaydi.

Oshkor etilmagan axborotni muhofaza qilish huquqi ushbu Kodeksning 98-moddasida nazarda tutilgan shartlar saqlanib turgan paytga qadar amal qiladi.

1096-modda. Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik

Oshkor etilmagan axborotni qonuniy asosi bo‘lmay turib olgan yoki tarqatgan yoxud undan foydalanayotgan shaxs bu axborotga qonunan ega bo‘lib turgan shaxsga axborotdan noqonuniy foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Oshkor etilmagan axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxs bu axborotni uni tarqatishga huquqi bo‘lmagan shaxsdan olgan bo‘lsa, axborotni qo‘lga kirituvchi shaxs bundan bexabar bo‘lsa va buni bilmasligi kerak bo‘lsa (axborotni insofli egallovchi), oshkor etilmagan axborotning qonuniy egasi axborotni insofli egallovchi axborotdan foydalanayotganligi noqonuniy ekanligini bilib qolganidan so‘ng oshkor etilmagan axborotdan foydalanganlik natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashni undan talab qilishga haqlidir.

Oshkor etilmagan axborotga qonunan ega bo‘lib turgan shaxs bu axborotdan noqonuniy foydalanayotgan shaxsdan axborotdan foydalanishni darhol to‘xtatishni talab qilishga haqlidir. Biroq sud oshkor etilmagan axborotni insofli egallovchi undan foydalanganda sarflagan mablag‘larini inobatga olib, bu axborotdan haq to‘lab olinadigan alohida litsenziya asosida bundan buyon ham foydalanishiga ruxsat etishi mumkin.

Oshkor etilmagan axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarni mustaqil tarzda va qonunan olgan shaxs bu ma’lumotlardan, tegishli oshkor etilmagan axborot egasining huquqlaridan qat’i nazar, foydalanishga haqli va bunday foydalanish uchun uning oldida javob bermaydi.

1097-modda. Oshkor etilmagan axborotni noqonuniy foydalanishdan muhofaza qilish huquqining boshqa shaxsga o‘tishi

Oshkor etilmagan axborotga ega bo‘lgan shaxs bu axborot mazmunini tashkil etuvchi ma’lumotlarning hammasini yoki bir qismini litsenziya shartnomasi asosida boshqa shaxsga berishi mumkin.

Litsenziat shartnoma bo‘yicha olgan axborotlarning maxfiyligini muhofaza qilishga doir kerakli choralarni ko‘rishi shart va uni uchinchi shaxslarning noqonuniy foydalanishidan muhofaza qilishda litsenziarniki singari huquqlarga ega. Shartnomada o‘zgacha hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, axborotlarning maxfiyligini saqlash majburiyati, basharti tegishli ma’lumotlar oshkor etilmagan axborot tariqasida qolaversa, litsenziya shartnomasi bekor bo‘lganidan keyin ham litsenziatning zimmasida bo‘ladi.

65-BOB. FUQAROLIK MUOMALASI QATNASHCHILARI, TOVARLAR, ISHLAR VA XIZMATLARNI SHAXSIYLASHTIRISH VOSITALARI

1-§. Firma nomi

1098-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquq

Yuridik shaxs tovarlarda, ularning idishi va o‘rovida, reklamada, peshlavhalarda, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda, bosma nashrlarda, rasmiy blankalarda va o‘zining faoliyati bilan bog‘liq boshqa hujjatlarda, shuningdek mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘tkazilayotgan ko‘rgazma va yarmarkalarda namoyish etish vaqtida firma nomidan foydalanishda alohida huquqqa ega.

Yuridik shaxsning firma nomi uning ta’sis hujjatlarida ko‘rsatiladi. Firma nomiga bo‘lgan huquq yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan vaqtdan e’tiboran yuzaga keladi.

Yuridik shaxsning firma nomi tegishli yuridik shaxslarni aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin bo‘lgan darajada avval ro‘yxatdan o‘tkazilgan nomga o‘xshab ketadigan bo‘lsa, u ro‘yxatga olinishi mumkin emas.

1099-modda. Yuridik shaxsning firma nomidan tovar belgisida foydalanish

Yuridik shaxsning firma nomidan unga tegishli tovar belgisida foydalanilishi mumkin.

1100-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquqning amal qilishi

Yuridik shaxsning belgisi tariqasida O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan nomga bo‘lgan alohida huquq O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi.

Chet davlatda ro‘yxatga olingan yoki umum e’tirof etgan nomga O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida huquq qonunda nazarda tutilgan hollardagina amal qiladi.

Firma nomiga bo‘lgan huquqning amal qilishi yuridik shaxs tugatilishi bilan yoki uning firma nomi o‘zgarishi bilan bekor bo‘ladi.

1101-modda. Firma nomiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish

Yuridik shaxsning firma nomiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish va o‘tkazishga faqat yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hamda umuman korxona boshqa shaxsga berilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

Firma nomiga bo‘lgan huquq egasi boshqa shaxsga o‘zining bu nomidan foydalanishga ruxsat etishi (litsenziya berishi) mumkin. Biroq bunda litsenziya shartnomasida iste’molchini chalg‘itib qo‘yishni istisno etuvchi choralar shart qilib qo‘yilishi lozim.

2-§. Tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi)

1102-modda. Tovar belgisini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) uni ro‘yxatdan o‘tkazish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquq tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bilan tasdiqlanadi.

1103-modda. Tovar belgisidan foydalanish va uning daxlsizligi huquqi

Tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasi o‘ziga tegishli belgidan foydalanishda va uni tasarruf etishda alohida huquqqa ega. Tovar belgisiga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritishdan iborat alohida huquq ham tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasiga tegishlidir.

Tovar belgisini Qonunda belgilangan tartibda har qanday tarzda muomalaga kiritish undan foydalanish deb hisoblanadi.

Tovar belgisini nashr etganda, uni ko‘pchilik oldida ijro etganda yoki undan o‘zgacha tarzda foydalanganda tovar belgisining o‘ziga ham, uning belgilariga ham biror-bir o‘zgartishlar kiritishga faqat unga bo‘lgan huquq egasining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Tovar belgisining daxlsizligiga bo‘lgan huquq tovar belgisiga bo‘lgan huquq egasiga tegishlidir.

1104-modda. Tovar belgisidan foydalanmaganlik oqibatlari

Tovar belgisidan oxirgi uch yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida uzrli sababsiz uzluksiz foydalanilmagan taqdirda, uning ro‘yxatdan o‘tkazilganligi istalgan manfaatdor shaxsning talabi bo‘yicha sudning qaroriga asosan bekor qilinishi mumkin.

Tovar belgisidan foydalanish uchun litsenziya berilishi undan foydalanish deb hisoblanadi.

1105-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi

Guvohnomada ko‘rsatilgan tovarlar, ishlar va xizmatlarning barcha guruhlariga yoki bir qismiga nisbatan tovar belgisiga bo‘lgan huquqni uning egasi shartnoma asosida boshqa shaxsga berishi mumkin.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni, basharti u tovar yoki uning tayyorlovchisi haqida chalg‘ishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lsa, boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqning boshqa shaxsga o‘tishi, shu jumladan uni shartnoma asosida yoki huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxsga berish vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilmog‘i lozim.

1106-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi shartnomaning shakli

Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga berish to‘g‘risidagi yoki litsenziya berish haqidagi shartnoma yozma shaklda tuzilishi va vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.

Yozma shaklga va ro‘yxatdan o‘tkazish talabiga rioya etmaslik shartnomaning haqiqiy emas deb topilishiga sabab bo‘ladi.

1107-modda. Tovar belgisiga bo‘lgan huquqni buzganlik uchun javobgarlik

Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs qoidabuzarlikni to‘xtatishi va tovar belgisining egasiga yetkazilgan zararni to‘lashi shart.

Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanayotgan shaxs tayyorlab qo‘yilgan tovar belgisi tasvirlarini yo‘q qilishi, qonunga xilof ravishda foydalanayotgan tovar belgisini yoki almashtirib yuborish darajasida unga o‘xshash bo‘lgan belgini tovardan yoki uning idishi va o‘rovidan yo‘qotishi shart.

Tovar belgisi egasi zararni qoplash o’rniga tovar belgisidan noqonuniy foydalanayotgan shaxsdan qonunda belgilangan miqdorda va tartibda kompensatsiya to’lashni talab qilishga haqli.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilab qo‘yilgan talablarni bajarishning iloji bo‘lmagan taqdirda, tegishli tovar yo‘q qilib tashlanishi lozim.

1107 1-modda. Tovar belgisiga doir mutlaq huquqning tugashi

Bevosita tovar belgisining egasi tomonidan yoki uning roziligi bilan fuqarolik muomalasiga qonuniy tarzda kiritilgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqa shaxslarning foydalanishi mazkur tovar belgisiga doir mutlaq huquqning buzilishi bo‘lmaydi.

3-§. Tovar chiqarilgan joy nomi

1108-modda. Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza qilish

Tovar chiqarilgan joy nomi uni ro‘yxatga olish asosida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Mamlakat, aholi punkti, joy yoki boshqa jo‘g‘rofiy obyektning tovarni belgilash uchun ishlatiladigan nomi alohida xususiyatlari tamomila yoki asosan ana shu jo‘g‘rofiy obyektga xos tabiiy sharoitlar yoki boshqa omillar yoxud tabiiy sharoitlar va bu omillarning o‘zaro birikmasi bilan belgilanadigan tovar chiqarilgan joy nomi (kelib chiqish ko‘rsatkichi) deb e’tirof etiladi.

Jo‘g‘rofiy obyektning tarixiy nomi tovar chiqarilgan joyning nomi bo‘lishi mumkin.

Garchi jo‘g‘rofiy obyektning nomi bo‘lsa-da yoki shu nomni o‘z tarkibiga olgan bo‘lsa-da, ammo O‘zbekiston Respublikasida muayyan turdagi tovarning u tayyorlangan joy bilan bog‘liq bo‘lmagan belgisi sifatida umumiy iste’molga kirib ketgan belgi tovar chiqarilgan joy nomi deb e’tirof etilmaydi va ushbu paragraf qoidalariga muvofiq huquqiy muhofaza maqsadlarida ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi. Biroq bu hol bunday nomdan insofsizlik bilan foydalanish natijasida huquqi buzilgan shaxsni o‘z huquqlarini qonunda nazarda tutilgan boshqacha usullar bilan muhofaza qilish imkoniyatidan mahrum etmaydi.

Tovar chiqarilgan joy nomini vakolatli davlat organi ro‘yxatdan o‘tkazadi.

Ro‘yxatga olish asosida tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risida guvohnoma beriladi.

Ro‘yxatga olish, guvohnoma berish, ro‘yxatga olishni haqiqiy emas deb topish hamda ro‘yxatga olish va guvohnomaning amal qilishini to‘xtatish tartibi va shartlari qonun bilan belgilab qo‘yiladi.

1109-modda. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs bu nomni tovarda, idish va o‘rovda, reklamada, bosma ma’lumotnomalarda, hisobvaraqlarda ishlatish hamda ushbu tovarning fuqarolik muomalasiga kiritilishi munosabati bilan joy nomidan boshqacha tarzda foydalanishga haqlidir.

Tovar chiqarilgan joyning nomi ushbu Kodeks 1108-moddasining birinchi, ikkinchi va uchinchi qismlarida aytib o‘tilgan talablarga javob beradigan tovarni belgilash uchun bir necha shaxs tomonidan ham birgalikda, ham bir-biridan mustaqil tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqi ana shu shaxslarning har biriga tegishlidir.

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqini boshqa shaxsga berishga, uni boshqa shaxsga o‘tkazish haqidagi boshqa bitimlarga va uni litsenziya asosida foydalanish uchun berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

1110-modda. Tovar chiqarilgan joy nomini huquqiy jihatdan muhofaza etishning amal qilish sohasi

O‘zbekiston Respublikasida uning hududidagi tovarlar chiqarilgan joylarning nomlari huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

Boshqa davlatdagi tovar chiqarilgan joy nomi, basharti bu nom tovar chiqarilgan mamlakatda, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasida huquqiy jihatdan muhofaza qilinadi.

1111-modda. Tovar chiqarilgan joy nomidan qonunga xilof foydalanganlik uchun javobgarlik

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, shuningdek iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar bu nomdan qonunga xilof foydalanayotgan shaxsdan nomdan foydalanishni to‘xtatish, tovardan, uning idishi va o‘rovidan, blankalar va boshqa hujjatlardan qonunga xilof foydalanilayotgan nomni yoki nom bilan adashtiradigan tarzda juda o‘xshash belgini yo‘qotishni, tayyorlab qo‘yilgan nom tasvirlarini va nom bilan adashtiradigan tarzda o‘xshash belgilarni yo‘q qilib tashlashni, basharti buning iloji bo‘lmasa tovarni va (yoki) idish va o‘rovni olib qo‘yish hamda yo‘q qilib tashlashni talab qilishga haqlidir.

Tovar chiqarilgan joy nomidan foydalanish huquqiga ega bo‘lgan shaxs bu huquqni buzuvchidan o‘ziga yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.

V BO‘LIM. VORISLIK HUQUQI

66-BOB. VORISLIK TO‘G‘RISIDAGI UMUMIY QOIDALAR

1112-modda. Vorislik asoslari

Vorislik vasiyat va qonun bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qonun bo‘yicha vorislik vasiyat mavjud bo‘lmasa yoxud butun merosning taqdirini belgilamasa, shuningdek ushbu Kodeksda belgilangan boshqa hollarda amalga oshiriladi.

1113-modda. Meros tarkibi

Meros ochilgan paytda meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan, uning o‘limidan keyin ham bekor bo‘lmaydigan barcha huquq va majburiyatlar meros tarkibiga kiradi.

Meros qoldiruvchining shaxsi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan huquq va majburiyatlar:

yuridik shaxs hisoblangan tijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlarga a’zolik, ularda ishtirok etish huquqlari, agar qonun yoki shartnomada boshqa hol belgilangan bo‘lmasa;

hayotga yoki sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun tovon undirish huquqi;

aliment majburiyatlari tufayli yuzaga kelgan huquqlar va majburiyatlar;

mehnat va ijtimoiy ta’minot to‘g‘risidagi qonunchilik asosida pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar olish huquqi;

mulkiy huquqlar bilan bog‘liq bo‘lmagan shaxsiy nomulkiy huquqlar meros tarkibiga kirmaydi.

Meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan shaxsiy nomulkiy huquqlar va boshqa nomoddiy boyliklar merosxo‘rlar tomonidan amalga oshirilishi va himoya qilinishi mumkin.

1114-modda. Umumiy birgalikdagi mulk bo‘lgan mol-mulkni meros qilib olish

Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisining o‘limi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi uning ulushini aniqlash va ushbu Kodeksning 226-moddasida belgilangan tartibda umumiy mol-mulkni taqsimlash yoxud undan vafot etgan ishtirokchining ulushini ajratish uchun asos bo‘ladi. Bu holda meros vafot etgan ishtirokchining ulushiga to‘g‘ri keladigan umumiy mol-mulkka nisbatan ochiladi, mol-mulkni natura holida taqsimlashning imkoni bo‘lmaganida esa — bunday ulushning qiymatiga nisbatan ochiladi.

Umumiy birgalikdagi mulk ishtirokchisi umumiy mol-mulkka bo‘lgan huquqdagi o‘z ulushini vasiyat qilishga haqlidir, bu ulush uning vafotidan keyin ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq aniqlanadi.

1115-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni meros qilib olish

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni meros qilib olish, agar qonunda boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, ushbu Kodeks qoidalari bilan tartibga solinadi.

1116-modda. Merosning ochilishi

Meros fuqaroning o‘limi yoki uning sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi oqibatida ochiladi.

Meros qoldiruvchining o‘lgan kuni (zarurat bo‘lganda payti ham), u vafot etgan deb e’lon qilinganda esa, agar sudning qarorida boshqa muddat ko‘rsatilgan bo‘lmasa, vafot etgan deb e’lon qilish to‘g‘risidagi sudning qarori kuchga kiradigan kun meros ochilgan vaqt deb hisoblanadi.

Agar biridan keyin boshqasi meros olishga haqli bo‘lgan shaxslar bir kalendar sutka (yigirma to‘rt soat) ichida vafot etgan bo‘lsalar, ular bir vaqtda vafot etgan deb hisoblanadilar, meros ularning har biridan keyin ochiladi va ulardan har birining merosxo‘rlari vorislikka chaqiriladilar.

1117-modda. Merosning ochilish joyi

Meros qoldiruvchining oxirgi doimiy yashab turgan joyi merosning ochilish joyi hisoblanadi. Agar meros qoldiruvchining oxirgi yashab turgan joyi noma’lum bo‘lsa, meros qoldiruvchiga tegishli bo‘lgan ko‘chmas mulk yoki uning asosiy qismi turgan joy, ko‘chmas mulk bo‘lmagan taqdirda esa, ko‘char mulkning asosiy qismi turgan joy meros ochilgan joy deb hisoblanadi.

1118-modda. Merosxo‘rlar

Meros ochilgan paytda hayot bo‘lgan fuqarolar, shuningdek meros qoldiruvchining hayotlik paytida homila holida bo‘lgan va meros ochilgandan keyin tirik tug‘ilgan bolalari vasiyat va qonun bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

Meros ochilgan paytda tuzilib bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ham vasiyat bo‘yicha merosxo‘r bo‘lishlari mumkin.

1119-modda. Noloyiq merosxo‘rlarni merosdan chetlatish

Meros qoldiruvchini yoki ehtimol tutilgan merosxo‘rlardan birortasini qasddan o‘ldirgan yoki ularning hayotiga suiqasd qilgan shaxslar vasiyat bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar. Vasiyat qiluvchi o‘z hayotiga suiqasd qilinganidan keyin vasiyatnoma bergan shaxslar bundan mustasno.

Meros qoldiruvchi o‘zining oxirgi xohish-irodasini amalga oshirishiga qasddan to‘sqinlik qilgan va shu orqali o‘zlarining yoki o‘zlariga yaqin shaxslarning vorislikka chaqirilishiga yoxud merosning o‘zlariga yoki o‘zlariga yaqin shaxslarga tegishli ulushi ko‘paytirilishiga imkon yaratgan shaxslar vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham meros olish huquqiga ega emaslar.

Bolalariga nisbatan ota-onalik huquqlaridan mahrum etilgan va meros ochilgan paytda bu huquqlari tiklanmagan ota-onalar ana shu bolalardan qolgan mulkka voris bo‘lish huquqiga ega emaslar, shuningdek meros qoldiruvchiga ta’minlab turish yuzasidan qonunga ko‘ra zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlagan ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) va voyaga yetgan bolalar (farzandlikka olinganlar) qonun bo‘yicha vorislik qilish huquqiga ega emaslar.

Noloyiq merosxo‘rlarni vorislikdan chetlatish uchun asos bo‘ladigan holatlar bunday chetlatish keltirib chiqaradigan vorislik bilan bog‘liq mulkiy oqibatlarga daxldor shaxsning da’vosi bo‘yicha sud tomonidan belgilanadi.

Ushbu modda qoidalari vasiyat majburiyatiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Ushbu moddaning qoidalari har qanday merosxo‘rlarga, shu jumladan majburiy hissa olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga ham taalluqlidir.

67-BOB. VASIYAT BO‘YICHA VORISLIK

1120-modda. Umumiy qoidalar

Fuqaroning o‘ziga tegishli mol-mulkni yoki bu mol-mulkka nisbatan huquqini vafot etgan taqdirda tasarruf etish xususidagi xohish-irodasi vasiyat deb e’tirof qilinadi.

Vasiyatnoma shaxsan tuzilishi lozim. Vasiyatnomaning vakil orqali tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Fuqaro o‘zining barcha mol-mulkini yoki uning muayyan qismini qonun bo‘yicha merosxo‘rlar doirasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan bir yoki bir necha shaxsga, shu bilan birga yuridik shaxslarga, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga vasiyat qilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bittasini, bir nechasini yoki hammasini izoh bermagan holda merosdan mahrum qilishga haqli. Qonun bo‘yicha merosxo‘rni merosdan mahrum etish, agar vasiyatnomadan boshqa hol kelib chiqmasa, bu vasiyat qiluvchining taqdim etish huquqi bo‘yicha vorislik qiladigan avlodlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Meros qoldiruvchi har qanday mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli.

Meros qoldiruvchi vasiyat qilayotgan paytida o‘ziga tegishli bo‘lmagan mol-mulk to‘g‘risidagi farmoyishni o‘z ichiga oladigan vasiyatnoma tuzishga haqli. Agar meros ochilgan paytga kelib, bunday mol-mulk unga tegishli bo‘lib qolsa, tegishli farmoyish haqiqiy hisoblanadi.

Meros qoldiruvchi vasiyatnoma tuzilganidan keyin uni istagan paytda bekor qilish va o‘zgartirish borasida erkin bo‘lib, bunda bekor qilish yoki o‘zgartirish sabablarini ko‘rsatishga majbur emas.

Meros qoldiruvchi o‘zi vasiyatnomada merosxo‘r etib tayinlagan shaxslarga, o‘z navbatida vafot etishlari ehtimoli bilan o‘zlariga vasiyat qilingan mol-mulkni muayyan tarzda tasarruf etish xususida ko‘rsatma berish majburiyatini yuklashga haqli emas.

1121-modda. Shartli vasiyatnoma

Vasiyat qiluvchi merosning olinishi uchun merosxo‘r xulq-atvorining xususiyatini qonuniy ravishda shart qilib qo‘yishga haqli.

Merosxo‘rni tayinlash yoki vorislik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi farmoyishga kiritilgan g‘ayriqonuniy shartlar haqiqiy bo‘lmaydi.

Vasiyatnomaga kiritilgan bo‘lib, merosxo‘r o‘z salomatligining ahvoliga ko‘ra yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli bajara olmaydigan shartlar merosxo‘rning da’vosi bo‘yicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

1122-modda. Vorisdan keyingi vorislarni tayinlash

Vasiyat qiluvchi vasiyatnomada ko‘rsatilgan merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etishi, merosni qabul qilmasligi yoxud undan voz kechishi yoki noloyiq merosxo‘r sifatida ushbu Kodeksning 1119-moddasida nazarda tutilgan tartibda meros olishdan chetlashtirilishi ehtimolini, shuningdek vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r meros qoldiruvchining qonuniy shartlarini bajarmasligi ehtimolini nazarda tutgan holda boshqa merosxo‘rni (vorisdan keyingi vorisni) tayinlashi mumkin.

Ushbu Kodeksga muvofiq merosxo‘r bo‘la oladigan har qanday shaxs vorisdan keyingi voris etib tayinlanishi mumkin.

Vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rning vorisdan keyingi voris zarariga merosdan voz kechishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

1123-modda. Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismini meros qilib olish

Mol-mulkning vasiyat qilinmagan qismi ushbu Kodeksning 1134 –– 1143-moddalarida nazarda tutilgan tartibda vorislikka chaqiriladigan qonun bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanadi.

Bu merosxo‘rlar jumlasiga mol-mulkning boshqa qismi vasiyatnoma bo‘yicha meros qilib qoldirilgan qonun bo‘yicha vorislar ham kiradilar.

1124-modda. Vasiyatnomaning shakliga doir umumiy qoidalar

Vasiyatnoma yozilgan joyi va vaqti ko‘rsatilgan holda yozma shaklda tuzilishi lozim.

Quyidagi vasiyatnomalar yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi:

notarial tasdiqlangan vasiyatnomalar;

notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar.

Yozma shakldagi vasiyatnoma vasiyat qiluvchining o‘z qo‘li bilan imzolanishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan notarius yoki qonunga muvofiq vasiyatnomani tasdiqlaydigan boshqa shaxs hozir bo‘lganida vasiyat qiluvchi o‘z qo‘li bilan imzolay olmaganligining sabablari ko‘rsatilgan holda vasiyatnomaga boshqa shaxs imzo qo‘yishi mumkin.

Quyidagilar vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolashi mumkin emas:

notarius yoki vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa shaxs;

vasiyatnoma kimning foydasiga tuzilgan yoki kimga nisbatan vasiyat majburiyati yuklatilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs, uning eri (xotini), bolalari, ota-onasi, nevaralari va chevaralari, shuningdek vasiyat qiluvchining qonun bo‘yicha merosxo‘rlari;

to‘liq muomala layoqatiga ega bo‘lmagan fuqarolar;

savodsizlar va vasiyatnomani o‘qiy olmaydigan boshqa shaxslar;

yolg‘on guvohlik berganlik uchun muqaddam sudlangan shaxslar.

1125-modda. Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma

Notarial tasdiqlangan vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yozilgan yoki uning so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan bo‘lishi lozim. Vasiyatnomani vasiyat qiluvchi so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olish paytida umumiy qabul qilingan texnika vositalaridan (yozuv mashinkasi, shaxsiy kompyuter va hokazolardan) foydalanilishi mumkin.

Vasiyat qiluvchining so‘zlaridan notarius tomonidan yozib olingan vasiyatnomani imzolashdan oldin vasiyat qiluvchi uning matnini notarius oldida to‘liq o‘qib chiqishi lozim.

Agar vasiyat qiluvchi jismoniy nuqsonlari, kasalligi yoki savodsizligi tufayli vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmasa, vasiyatnomaning matni vasiyat qiluvchiga notarius tomonidan o‘qib eshittiriladi, bu haqda vasiyatnomada tegishlicha qayd etilib, vasiyat qiluvchi vasiyatnomani shaxsan o‘qiy olmaganligining sabablari ko‘rsatiladi.

Vasiyat qiluvchining xohishiga ko‘ra vasiyatnoma notarius tomonidan uning mazmuni bilan tanishib chiqilmasdan (maxfiy vasiyatnoma) tasdiqlanadi.

Maxfiy vasiyatnomani vasiyat qiluvchi haqiqiy sanalmaslik xavfi ostida o‘z qo‘li bilan yozishi va imzolashi lozim. Vasiyatnoma ikki guvoh va notarius ishtirokida xatjildga solinib, xatjild yelimlanishi lozim, guvohlar o‘z familiyalari, ismlari, otalarining ismini va doimiy turar joylarini ko‘rsatgan holda xatjildga imzo qo‘yadilar. Guvohlar imzo qo‘ygan xatjild guvohlar va notariusning ishtirokida boshqa xatjildga solinadi va bu xatjild ham yelimlanadi, unga notarius tasdiqlash ustxatini yozib qo‘yadi.

1126-modda. Notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtirilgan vasiyatnomalar

Quyidagi vasiyatnomalar notarial tasdiqlangan vasiyatnomalarga tenglashtiriladi:

kasalxonalar, gospitallar, boshqa statsionar davolash muassasalarida davolanayotgan yoki keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida yashab turgan fuqarolarning ana shu kasalxonalar, gospitallar va boshqa davolash muassasalarining bosh vrachlari, ularning davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari yoki navbatchi vrachlari, shuningdek gospitallarning boshliqlari, keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarining direktorlari yoki bosh vrachlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i ostidagi kemalarda suzib yurgan vaqtidagi ana shu kemalarning kapitanlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

qidiruv ekspeditsiyalari yoki shu kabi boshqa ekspeditsiyalardagi fuqarolarning ana shu ekspeditsiyalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

harbiy xizmatchilarning, notariuslar bo‘lmagan yerlarda joylashgan harbiy qismlarda esa, bu qismlarda ishlayotgan harbiy bo‘lmagan fuqarolar, ularning oila a’zolari va harbiy xizmatchilar oila a’zolarining ham harbiy qismlarning komandirlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

ozodlikdan mahrum etish joylarida yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning tegishli muassasalar boshliqlari tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari;

notarius bo‘lmagan aholi punktlarida yashayotgan shaxslarning qonunga muvofiq notarial harakatlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar tomonidan tasdiqlangan vasiyatnomalari.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan vasiyatnomalarga nisbatan ushbu Kodeksning 1125-moddasi qoidalari qo‘llaniladi, vasiyatnomani notarial tasdiqlash to‘g‘risidagi talab bundan mustasno.

1127-modda. Vasiyatnomani bekor qilish va o‘zgartirish

Vasiyat qiluvchi istalgan vaqtda o‘z vasiyatnomasini to‘laligicha bekor qilishga yoxud unda mavjud bo‘lgan ayrim vasiyat farmoyishlarini yangi vasiyatnoma tuzish orqali bekor qilishga, o‘zgartirishga yoki to‘ldirishga haqli.

Vasiyatnoma vasiyat qiluvchi tomonidan yoki vasiyat qiluvchining yozma farmoyishiga binoan notarius yoxud boshqa mansabdor shaxslar tomonidan uning barcha nusxalarini yo‘q qilib tashlash yo‘li bilan bekor qilinishi mumkin.

Yangi vasiyatnoma tuzish orqali oldin tuzilgan vasiyatnoma to‘laligicha yoki uning keyingi vasiyatnomaga zid bo‘lgan qismi bekor qilinadi.

Agar vasiyat qiluvchi tomonidan keyingi vasiyatnoma o‘z navbatida bekor qilingan yoki o‘zgartirilgan bo‘lsa, yangi vasiyatnoma tuzish orqali to‘laligicha yoki qisman bekor qilingan oldingi vasiyatnoma qayta tiklanmaydi.

1128-modda. Vasiyatnomaning sir saqlanishi

Notarius, vasiyatnomani tasdiqlovchi boshqa mansabdor shaxs, shuningdek vasiyat qiluvchining o‘rniga vasiyatnomani imzolagan fuqaro meros ochilgunga qadar vasiyatnomaning mazmuniga, uning tuzilishi, bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishiga daxldor ma’lumotlarni oshkor qilishga haqli emas.

1129-modda. Vasiyatni talqin qilish

Vasiyatnoma notarius, vasiyatni ijro etuvchi yoki sud tomonidan talqin qilinganida undagi so‘zlar va iboralarning asl ma’nosi e’tiborga olinadi. Vasiyatnomadagi biron-bir qoidaning asl ma’nosi noaniq bo‘lsa, u boshqa qoidalar va umuman vasiyatnomaning mazmuni bilan taqqoslash orqali aniqlanadi.

1130-modda. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi

Tegishli shaklda tuzilmagan vasiyatnoma haqiqiy emas. Vasiyatnomaning haqiqiy emasligi ushbu Kodeksning bitimlar haqiqiy emasligi to‘g‘risidagi qoidalarga ham asoslanadi.

Vasiyatnomaning haqiqiy emas deb topilishidan mulkiy oqibatlarga ega bo‘ladigan shaxsning da’vosi bo‘yicha vasiyatnoma uni tuzish, imzolash va tasdiqlashning ushbu Kodeksda belgilangan tartibi buzilishi natijasida haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Vasiyatnomadagi ayrim farmoyishlarning haqiqiy emasligi vasiyatnomaning qolgan qismi haqiqiyligiga daxl qilmaydi.

Vasiyatnoma haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, ushbu vasiyatnomaga binoan merosdan mahrum bo‘lgan merosxo‘r umumiy asoslarda meros olish huquqiga ega bo‘ladi.

1131-modda. Vasiyatnomani ijro etish

Vasiyat qiluvchi vasiyatnomaning ijro etilishini o‘zi vasiyatnomada ko‘rsatgan, merosxo‘r hisoblanmaydigan shaxsga (vasiyatnomani ijro etuvchiga) topshirishi mumkin. Bu shaxsning vasiyatnomaning ijro etuvchisi bo‘lishga roziligi uning o‘z qo‘li bilan vasiyatnomaga yozgan ustxatida yoki vasiyatnomaga ilova qilingan arizasida aks ettirilishi lozim.

Merosxo‘rlar o‘zaro kelishib, vasiyatnomaning ijrosini merosxo‘rlardan biriga yoxud boshqa shaxsga topshirishga haqlidirlar. Bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda, vasiyatnomani ijro etuvchi bir yoki bir necha merosxo‘rning talabi bilan sud tomonidan tayinlanishi mumkin.

Vasiyatnomani ijro etuvchi vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlarni oldindan xabardor qilgan holda vasiyat qiluvchi tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan istagan vaqtda voz kechish huquqiga ega. Vasiyatnomani ijro etuvchi merosxo‘rlarning arizasiga binoan sudning chiqargan qarori bilan ham o‘z majburiyatlaridan ozod qilinishi mumkin.

Vasiyatnomani ijro etuvchi:

merosni muhofaza qilishi va uni boshqarishi;

barcha merosxo‘rlarni va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilarni meros ochilganligi to‘g‘risida hamda ular foydasiga vasiyat majburiyatlari to‘g‘risida xabardor qilish uchun imkon qadar barcha chora-tadbirlarni ko‘rishi;

meros qoldiruvchiga tegishli summalarni olishi;

meros qoldiruvchining xohish-irodasi va qonunga muvofiq merosxo‘rlarga ularga tegishli mol-mulkni berishi;

merosxo‘rlar zimmalariga yuklatilgan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini ta’minlashi;

vasiyat majburiyatlarini bajarishi yoxud vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlardan vasiyat majburiyatlarini ijro etishlarini talab qilishi lozim.

Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish hamda vasiyatnomani ijro etish bilan bog‘liq sud ishlarida va boshqa ishlarda o‘z nomidan qatnashishga haqli, shuningdek bunday ishlarda ishtirok etishga jalb etilishi mumkin.

Vasiyatnomani ijro etuvchi o‘z majburiyatlarini merosni qarzlardan holi qilish, meros qoldiruvchiga tegishli summalarni undirish va barcha merosxo‘rlarning merosga egalik qilishga kirishishi uchun zarur bo‘lgan oqilona muddat mobaynida amalga oshiradi. Har qanday holda ham ko‘rsatilgan muddat meros ochilgan kundan boshlab bir yildan oshib ketmasligi kerak.

Vasiyatnomani ijro etuvchi merosni boshqarish va vasiyatnomani ijro etish bo‘yicha zarur xarajatlarni meros hisobidan undirish huquqiga ega. Vasiyatnomada uni ijro etuvchiga meros hisobidan haq to‘lash nazarda tutilishi mumkin.

Vasiyatnoma ijro etib bo‘lingach, vasiyatnomani ijro etuvchi merosxo‘rlarning talabiga binoan ularga hisobot taqdim etishi shart.

1132-modda. Vasiyat majburiyati

Vasiyat qiluvchi vasiyat bo‘yicha merosxo‘rning zimmasiga bir yoki bir necha shaxs (vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar) foydasiga biron-bir majburiyatni (vasiyat majburiyatini) meros hisobidan bajarishni yuklashga haqli bo‘lib, vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar vasiyat majburiyati bajarilishini talab qilish huquqini oladilar.

Qonun bo‘yicha vorislar jumlasiga kiradigan, shuningdek kirmaydigan shaxslar ham vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchilar bo‘lishlari mumkin.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga meros tarkibiga kiradigan ashyoni mulk qilib yoki boshqa ashyoviy huquq qilib berish, meros tarkibiga kirmaydigan mol-mulkni uning uchun sotib olish va unga berish, uning uchun muayyan ishni bajarish, unga muayyan xizmatlar ko‘rsatish va hokazolar vasiyat majburiyati narsasi bo‘lishi mumkin.

Vasiyat qiluvchi tomonidan zimmasiga vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi yuklatilgan merosxo‘r bu vazifani o‘ziga o‘tgan merosning meros qoldiruvchi qarzlarining o‘zi to‘lashi lozim bo‘lgan qismini chegirib tashlagandan keyin qoladigan haqiqiy qiymati doirasidagina bajarishi lozim.

Agar zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lsa, uning vasiyat majburiyatini bajarish vazifasi o‘ziga o‘tgan meros qiymatining majburiy ulush miqdoridan ortiq bo‘lgan qismi bilan chegaralanadi.

Vasiyat majburiyati barcha yoki bir necha merosxo‘r zimmasiga yuklatilgan hollarda, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ularning har biri vasiyat majburiyatini merosdagi o‘z ulushiga mutanosib ravishda bajaradi.

Vasiyat qiluvchi meros sifatida uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni oladigan merosxo‘r zimmasiga turar joyni yoki uning bir qismini boshqa shaxsga umrbod foydalanish uchun berib qo‘yish majburiyatini yuklashga haqli. Turar joyga bo‘lgan mulk huquqi keyinchalik boshqa shaxsga o‘tganida ham umrbod foydalanish huquqi o‘z kuchida qoladi.

Turar joydan umrbod foydalanish huquqi boshqa shaxsga o‘tkazilmaydi, o‘zgaga berilmaydi va vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchining merosxo‘rlariga o‘tmaydi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchiga berilgan turar joydan umrbod foydalanish huquqi, agar vasiyatnomada boshqacha tartib ko‘rsatilgan bo‘lmasa, uning oila a’zolari mazkur turar joyda yashashi uchun asos hisoblanmaydi.

Zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r vafot etgan yoki u merosni qabul qilib olmagan taqdirda, vasiyat majburiyatini bajarish uning ulushini olgan boshqa merosxo‘rlarga yoxud, agar mol-mulk egasiz bo‘lib qolsa, davlatga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga o‘tadi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros ochilgunga qadar yoki meros ochilgandan keyin, ammo vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘r vasiyat majburiyatini qabul qilib olishga ulgurgan paytga qadar vafot etgan taqdirda vasiyat majburiyati bajarilmaydi.

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi meros qoldiruvchining qarzlari uchun javobgar bo‘lmaydi.

1133-modda. Majburiyat yuklash

Vasiyat qiluvchi vasiyat bo‘yicha merosxo‘r zimmasiga biron-bir harakatni sodir etish yoki sodir etishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklab, bu majburiyatni bajarishni kreditor sifatida talab qilish huquqini hech kimga bermasligi mumkin. Umumiy foydali maqsadni amalga oshirish uchun vasiyatnomani ijro etuvchining zimmasiga xuddi shunday majburiyat yuklatilib, bu majburiyatni bajarish uchun meros qoldiruvchi tomonidan mol-mulkning bir qismi ajratilishi mumkin.

Mulkiy xususiyatga ega bo‘lgan xatti-harakatni sodir etishdan iborat majburiyatga nisbatan tegishincha ushbu Kodeksning 1132-moddasida bayon etilgan qoidalar qo‘llaniladi.

Agar ushbu Kodeksga muvofiq, majburiyatni bajarish zimmasida bo‘lgan merosxo‘rga tegishi lozim bo‘lgan yoki unga qarashli bo‘lgan meros ulushi boshqa merosxo‘rga o‘tsa, majburiyatni bajarish bekor bo‘ladi.

68-BOB. QONUN BO‘YICHA VORISLIK

1134-modda. Umumiy qoidalar

Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar vorislikka ushbu Kodeksning 1135 ––1141-moddalarida nazarda tutilgan navbat tartibida chaqiriladilar.

Qonun bo‘yicha vorislikda farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari, bir tarafdan, farzandlikka oluvchi shaxs va uning qarindoshlari, ikkinchi tarafdan, tug‘ishgan qarindoshlarga tenglashtiriladilar.

Farzandlikka olinganlar va ularning avlodlari farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.

Farzandlikka olingan shaxsning ota-onasi hamda buva-buvilari, aka-ukalari, opa-singillari farzandlikka olingan shaxs va uning avlodlari vafot etganidan keyin qonun bo‘yicha meros olmaydilar.

Qonun bo‘yicha vorislarning har bir navbati avvalgi navbatdagi merosxo‘rlar bo‘lmagan, merosdan chetlashtirilgan, merosni qabul qilmagan yoxud undan voz kechgan taqdirda vorislik huquqiga ega bo‘ladi.

1135-modda. Qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislar

Meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun bo‘yicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tug‘ilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.

1136-modda. Qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik

Meros qoldiruvchining tug‘ishgan hamda ona (ota) bir ota (ona) boshqa aka-ukalari va opa-singillari, shuningdek uning ham ota, ham ona tarafdan bobosi va buvisi teng ulushlarda qonun bo‘yicha ikkinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

1137-modda. Qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik

Meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi, tog‘asi, ammasi va xolasi teng ulushlarda qonun bo‘yicha uchinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

1138-modda. Qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik

Meros qoldiruvchining oltinchi darajagacha (oltinchi daraja ham shunga kiradi) bo‘lgan boshqa qarindoshlari qonun bo‘yicha to‘rtinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar, bunda yaqinroq qarindoshlar uzoqroq qarindoshlarga nisbatan meros olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.

Vorislikka chaqiriladigan to‘rtinchi navbatdagi vorislar teng ulushlarda meros oladilar.

1139-modda. Qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik

Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari, agar ular ushbu Kodeksning 1141-moddasi asosida meros olmasalar, qonun bo‘yicha beshinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega bo‘ladilar.

1140-modda. Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik

Taqdim qilish huquqi bo‘yicha vorislik qonun bo‘yicha merosxo‘r meros ochilgunga qadar vafot etgan taqdirda, unga tegishli ulush uning avlodlariga o‘tishini nazarda tutadi, bunda ulush taqdim qilinayotgan qonun bo‘yicha merosxo‘r bilan bir xil darajada qarindosh bo‘lgan avlodlar o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Bola, nevara, chevara, evara merosxo‘rligida taqdim qilish huquqi qarindoshlik darajasi cheklanmagan holda amal qiladi, yon qarindoshlik bo‘yicha merosxo‘rlikda taqdim qilish huquqiga meros qoldiruvchining tug‘ishgan aka-ukalari (opa-singillari) nomidan uning jiyanlari yoxud meros qoldiruvchining tug‘ishgan amakisi (tog‘asi) yoki ammasi (xolasi) nomidan uning amakivachchalari (tog‘avachchalari) va ammavachchalari (xolavachchalari) ega bo‘ladilar.

11401-modda. Merosni qabul qilib olish huquqining o‘tishi (meros transmissiyasi)

Agar vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha vorislikka chaqirilgan merosxo‘r meros ochilganidan keyin uni qabul qilib olishga ulgurmasdan vafot etgan bo‘lsa, unga tegishi kerak bo‘lgan merosni qabul qilib olish huquqi uning qonun bo‘yicha merosxo‘rlariga, agar barcha meros mol-mulk vasiyat qilingan bo‘lsa, uning vasiyat bo‘yicha merosxo‘rlariga o‘tadi (meros transmissiyasi). Meros transmissiyasi tartibida merosni qabul qilib olish huquqi bunday merosxo‘rning vafotidan keyin ochilgan meros tarkibiga kirmaydi.

Vafot etgan merosxo‘rga tegishli merosni qabul qilib olish huquqi uning merosxo‘rlari tomonidan umumiy asoslarda amalga oshirilishi mumkin.

Merosxo‘rning ushbu Kodeksning 1142-moddasida nazarda tutilgan merosning bir qismini majburiy ulush sifatida qabul qilib olish huquqi uning merosxo‘rlariga o‘tmaydi.

1141-modda. Meros qoldiruvchining mehnatga qobiliyatsiz boqimlari

Meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida bo‘lgan va u bilan birgalikda yashagan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga kiradi. Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, mehnatga qobiliyatsiz boqimlar vorislikka chaqirilayotgan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.

Ushbu Kodeksning 1136 –– 1138-moddalarida ko‘rsatilgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasiga mansub bo‘lgan, biroq vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari doirasiga kirmaydigan mehnatga qobiliyatsiz shaxslar, meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan-yashamaganliklaridan qat’i nazar, agar meros qoldiruvchining vafotiga qadar kamida bir yil uning qaramog‘ida turgan bo‘lsalar, ana shu vorislikka chaqiriladigan navbatning merosxo‘rlari bilan birgalikda meros oladilar.

Qonun bo‘yicha boshqa merosxo‘rlar bo‘lgan taqdirda, ushbu modda asosida vorislikka chaqiriladigan shaxslarning hammasi birgalikda ko‘pi bilan merosning to‘rtdan bir qismini meros qilib oladilar.

1142-modda. Merosdan majburiy ulush olish huquqi

Meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan farzandlikka olgan bolalari, shuningdek mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, shu jumladan uni farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat’i nazar, qonun bo‘yicha voris bo‘lganlarida ulardan har biriga tegishi lozim bo‘lgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.

Majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r biron-bir asos bo‘yicha merosdan oladigan hamma narsa, shu jumladan oddiy uy jihozlari va ro‘zg‘or buyumlaridan iborat mol-mulkning qiymati ham, bunday merosxo‘r foydasiga qilingan vasiyat majburiyatining qiymati ham majburiy ulushga qo‘shiladi.

Merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘r uchun vasiyatnomada belgilangan har qanday cheklashlar va shartlar unga tegadigan merosning majburiy ulushdan ortiqcha qismiga nisbatangina haqiqiydir.

1143-modda. Meros olishda erning (xotinning) huquqi

Vasiyatnoma yoki qonun bo‘yicha erga (xotinga) tegishli bo‘lgan vorislik huquqi uning meros qoldiruvchi bilan nikohdagi holatiga bog‘liq boshqa mulkiy huquqlariga, shu jumladan nikohda bo‘lib, birgalikda orttirilgan mol-mulkning muayyan qismiga nisbatan bo‘lgan mulk huquqiga daxl qilmaydi.

1144-modda. Qonun bo‘yicha meros olinganida merosni muhofaza qilish va uni boshqarish

Mol-mulkning bir qismi vasiyatnoma bo‘yicha meros qilib olingan taqdirda, meros qoldiruvchi tomonidan tayinlangan vasiyatnoma ijrochisi butun merosni, shu jumladan uning qonun bo‘yicha vorislik tartibida o‘tadigan qismini ham muhofaza qiladi va boshqaradi.

Ushbu Kodeksning 1131-moddasiga muvofiq vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar yoki sud tomonidan tayinlangan vasiyatnoma ijrochisi, agar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar merosning qonun bo‘yicha vorislik qilish tartibida o‘tadigan qismiga nisbatan ko‘rsatilgan majburiyatlarni ijro etish uchun meros boshqaruvchisini tayinlashni talab qilmasalar, umuman butun merosni muhofaza qilish hamda uni boshqarish majburiyatlarini amalga oshiradi.

Merosni boshqaruvchi qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan bir yoki bir nechtasining iltimosiga binoan meros ochilgan joydagi notarius tomonidan tayinlanadi. Merosni boshqaruvchi tayinlanishiga yoki bu ish uchun tanlangan nomzodga rozi bo‘lmagan qonun bo‘yicha merosxo‘r merosni boshqaruvchi tayinlanishiga qarshi sudga murojaat etishga haqli.

Agar qonun bo‘yicha merosxo‘rlar bo‘lmasa yoki noma’lum bo‘lsa, mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi merosni boshqaruvchi tayinlanishini so‘rab notariusga murojaat etishi lozim. Qonun bo‘yicha merosxo‘rlar hozir bo‘lganlari taqdirda, ularning talabi bilan merosni boshqaruvchi meros hisobidan zarur bo‘lgan xarajatlar va oqilona haq to‘langan holda chaqirib olinishi mumkin.

Merosni boshqaruvchi ushbu Kodeksning 1131-moddasida nazarda tutilgan vakolatlarni, agar qonun bo‘yicha vorislik xususiyatlaridan boshqacha tartib kelib chiqmasa, vasiyatnomani ijro etishga nisbatan amalga oshiradi.

Merosni boshqaruvchi merosni muhofaza qilish va uni boshqarishga doir zarur xarajatlarni meros hisobidan undirish, agar merosxo‘rlar bilan kelishuvida boshqa tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, haq ham olish huquqiga egadir.

69-BOB. MEROSNI EGALLASH

1145-modda. Umumiy qoidalar

Merosxo‘r o‘ziga tegishi lozim bo‘lgan merosni yoki uning bir qismini (ulushini) olish huquqiga, agar u keyinchalik merosdan voz kechmasa, vorislik huquqidan mahrum etilmasa va uni merosxo‘r etib tayinlash to‘g‘risidagi vasiyat farmoyishi haqiqiy emas deb topilishi natijasida meros olish huquqini yo‘qotmasa, meros ochilgan vaqtdan e’tiboran ega bo‘ladi.

1146-modda. Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma berish

Meros ochilgan joydagi notarius merosxo‘rning iltimosiga ko‘ra unga merosga bo‘lgan huquqi to‘g‘risida guvohnoma berishi shart.

Merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risidagi guvohnoma meros ochilgan kundan e’tiboran olti oy o‘tganidan keyin beriladi.

Qonun bo‘yicha meros olinganida ham, vasiyatnoma bo‘yicha meros olinganida ham, agar notarius tegishli mol-mulkka yoxud butun merosga nisbatan guvohnoma berishni so‘rab murojaat etgan shaxslardan boshqa merosxo‘rlar yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lsa, guvohnoma yuqorida ko‘rsatilgan muddat tugamasidan oldin berilishi mumkin.

1147-modda. Merosdan voz kechish huquqi

Merosxo‘r meros ochilgan kundan e’tiboran istalgan vaqtda merosdan voz kechishga haqli.

Merosdan voz kechish merosxo‘r tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi.

Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan bo‘lsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.

Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.

1148-modda. Merosdan voz kechish huquqining cheklanishi

Agar merosxo‘r vasiyatnoma bo‘yicha ham, qonun bo‘yicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan voz kechishga haqli.

Merosxo‘r ulushning ortishi huquqi bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan merosdan, merosning qolgan qismiga vorislikdan qat’i nazar, voz kechishga haqli.

Merosxo‘r merosdan voz kechganida vasiyatnoma bo‘yicha yoki qonun bo‘yicha merosxo‘rlar jumlasidan bo‘lmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini ko‘rsatishga haqli.

Ushbu moddada nazarda tutilgan hollardan tashqari merosning muayyan qismidan voz kechilishiga, merosdan izohotlar bilan yoki shartlar qo‘yib voz kechilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

1149-modda. Vasiyat majburiyatini qabul qilib olishdan voz kechish huquqi

Vasiyat majburiyati yuzasidan huquq oluvchi vasiyat majburiyatidan voz kechishga haqli. Qisman voz kechishga, izohotlar bilan, shartlar qo‘yib yoki boshqa shaxsning foydasiga voz kechishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ushbu moddada nazarda tutilgan huquq ayni bir paytning o‘zida ham merosxo‘r, ham vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi hisoblangan shaxsning merosdan voz kechish huquqiga bog‘liq bo‘lmaydi.

Agar vasiyat majburiyatini qabul qilib oluvchi ushbu moddada nazarda tutilgan huquqdan foydalangan bo‘lsa, zimmasiga vasiyat majburiyati yuklatilgan merosxo‘r bu majburiyatni bajarishdan ozod bo‘ladi.

1150-modda. Merosning taqsimlanishi

Merosni qabul qilib olgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlardan istalgan biri merosning taqsimlanishini talab qilishga haqli.

Merosni taqsimlash merosxo‘rlarning kelishuviga ko‘ra o‘zlariga tegishli ulushlarga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sud tartibida amalga oshiriladi.

Ushbu moddaning qoidalari barcha meros yoki uning bir qismi merosxo‘rlarga ulushlarda muayyan mol-mulk ko‘rsatilmasdan vasiyat qilingan hollarda merosni vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlashga nisbatan qo‘llaniladi.

1151-modda. Hozir bo‘lmagan merosxo‘rlarning huquqlari

Agar merosxo‘rlar orasida turgan joyi noma’lum shaxslar bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar, vasiyatnomani ijro etuvchi (meros boshqaruvchisi) va notarius ularning turgan joyini aniqlash hamda ularni vorislikka chaqirish yuzasidan zarur choralarni ko‘rishlari shart.

Agar turgan joyi aniqlanib, meros olishga chaqirilgan-u, lekin hozir bo‘lmagan merosxo‘r merosdan voz kechmagan bo‘lsa, qolgan merosxo‘rlar merosni taqsimlash niyatlari to‘g‘risida uni xabardor qilishlari shart. Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘r xabar qilingan paytdan e’tiboran uch oy ichida qolgan merosxo‘rlarni merosni taqsimlash haqidagi kelishuvda ishtirok etish istagi to‘g‘risida xabardor qilmasa, qolgan merosxo‘rlar hozir bo‘lmagan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan ulushni ajratib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra meros taqsimotini amalga oshirishga haqlidirlar.

Agar hozir bo‘lmagan merosxo‘rning turgan joyi meros ochilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida aniqlanmasa va uning merosdan voz kechishi to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lmasa, qolgan merosxo‘rlar meros taqsimotini ushbu moddaning ikkinchi qismi qoidalari bo‘yicha amalga oshirishga haqlidirlar.

Homila bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r bo‘lsa, merosni taqsimlash bunday merosxo‘r tug‘ilganidan keyingina amalga oshirilishi mumkin.

Agar homila holida bo‘lgan, biroq hali tug‘ilmagan merosxo‘r tirik tug‘ilsa, qolgan merosxo‘rlar unga tegishli bo‘lgan meros ulushini ajratgan holdagina merosni taqsimlashni amalga oshirishga haqlidirlar. Meros taqsimotida chaqaloqning manfaatlarini himoya qilish uchun vasiylik va homiylik organining vakili taklif etilishi lozim.

1152-modda. Korxonaga vorislik

Agar meros tarkibiga kiradigan korxonaning merosni qabul qilib olgan barcha merosxo‘rlari kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bunday meros natura holida taqsimlanmaydi va merosxo‘rlarga tegishli bo‘lgan ulushlarga muvofiq ularning umumiy ulushli mulkiga aylanadi.

1153-modda. Ayrim merosxo‘rlarning meros tarkibiga kiradigan mol-mulkka nisbatan imtiyozli huquqi

Meros ochilgunga qadar uch yil mobaynida meros qoldiruvchi bilan birgalikda yashagan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan uy-joy, kvartira yoki boshqa turar joyni, shuningdek uy-joy ashyolari va ro‘zg‘or buyumlarini olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.

Meros qoldiruvchi bilan mol-mulkka nisbatan umumiy mulk huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlar meros taqsimlanishida meros tarkibidan umumiy mulk bo‘lgan mol-mulkni asl holida olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladilar.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatilgan imtiyozli huquqlar amalga oshirilganda meros taqsimotida qatnashayotgan boshqa merosxo‘rlarning mulkiy manfaatlariga rioya etilishi lozim. Agar mazkur huquqlarni amalga oshirish natijasida merosni hosil qiluvchi mol-mulk boshqa merosxo‘rlarga tegishli ulushlarni berish uchun yetarli bo‘lmasa, imtiyozli huquqni amalga oshirayotgan merosxo‘r ularga tegishli pul yoki mol-mulk tovonini to‘lashi lozim.

1154-modda. Meros ulushlarining ortishi

Merosxo‘r merosdan voz kechgan yoxud ushbu Kodeksning 1119-moddasida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha merosxo‘rlar orasidan chiqib ketgan taqdirda merosning unga tegadigan qismi vorislikka chaqirilgan qonun bo‘yicha merosxo‘rlarga o‘tadi va ular o‘rtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Agar meros qoldiruvchi barcha mol-mulkni o‘zi tayinlagan merosxo‘rlarga vasiyat qilgan bo‘lsa, merosning merosdan voz kechgan yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan merosxo‘rga tegishli bo‘lgan qismi qolgan vasiyatnoma bo‘yicha merosxo‘rlarga o‘tadi va, agar vasiyatnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ular o‘rtasida merosdagi ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida bayon etilgan qoidalar:

agar voz kechgan yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketgan merosxo‘r o‘rniga boshqa merosxo‘r tayinlangan;

merosxo‘r merosdan muayyan shaxs foydasiga voz kechgan;

qonun bo‘yicha vorislikda merosxo‘rning voz kechishi yoki merosxo‘rlar qatoridan chiqib ketishi vorislikka keyingi navbatdagi merosxo‘rlarni chaqirishga sabab bo‘lgan hollarda qo‘llanilmaydi.

1155-modda. Meros hisobidan to‘lanishi lozim bo‘lgan xarajatlar

Meros vorislar o‘rtasida taqsimlanishidan oldin meros qoldiruvchining vafoti oldidan xastaligi tufayli qilingan zarur xarajatlar, meros qoldiruvchini dafn etish xarajatlari, merosni egallash, muhofaza qilish, boshqarish va vasiyatnomani ijro etish, shuningdek vasiyatnomani ijro etuvchi yoki merosni boshqaruvchiga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash to‘g‘risidagi talablar meros hisobidan qondirilishi lozim. Bu talablar meros qiymati hisobidan boshqa barcha talablardan, shu jumladan ipoteka yoki boshqa garov bilan ta’minlangan talablardan oldin imtiyozli ravishda qondirilishi lozim.

1156-modda. Kreditorlarning meros qoldiruvchining qarzlarini undirib olishi

Meros qoldiruvchining kreditorlari vasiyatnomani ijro etuvchiga (merosni boshqaruvchiga) yoki merosxo‘rlarga meros qoldiruvchining majburiyatlaridan kelib chiqadigan o‘z talablarini qo‘yishga haqlidirlar. Bu holda merosxo‘rlarning har biri o‘ziga tekkan mol-mulkning qiymati doirasida solidar qarzdorlar sifatida javobgar bo‘ladilar.

1157-modda. Egasiz qolgan mol-mulk

Agar qonun bo‘yicha ham, vasiyatnoma bo‘yicha ham merosxo‘rlar bo‘lmasa yoxud merosxo‘rlardan hech qaysisi vorislik huquqiga ega bo‘lmasa yoxud ularning hammasi merosdan voz kechgan bo‘lsa, meros mol-mulk egasiz deb hisoblanadi.

Meros mol-mulk meros ochilgan joydagi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining arizasi bo‘yicha meros ochilgan kundan e’tiboran uch yil o‘tganidan keyin sudning qarori asosida egasiz deb topiladi. Meros mol-mulk, agar uni qo‘riqlash va boshqarish bilan bog‘liq xarajatlar uning qiymatidan oshib ketsa, ko‘rsatilgan muddat o‘tishidan oldin egasiz deb topilishi mumkin.

Egasiz mol-mulk u turgan joydagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mulkiga o‘tadi, bu organ mol-mulkdan voz kechgan taqdirda, davlat mulkiga o‘tadi.

Egasiz mol-mulkni qo‘riqlash va boshqarish ushbu Kodeksning 1144-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

VI BO‘LIM. XALQARO XUSUSIY HUQUQ NORMALARINI FUQAROLIK-HUQUQIY MUNOSABATLARGA NISBATAN TATBIQ QILISH

70-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1158-modda. Chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik- huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqni belgilash

Chet el fuqarolari yoki chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi yoxud chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq ushbu Kodeks, boshqa qonunlar, xalqaro shartnomalar va e’tirof etilgan xalqaro taomillar asosida, shuningdek taraflarning kelishuvi asosida belgilanadi.

Taraflarning huquqni tanlashga doir kelishuvi ochiq ifodalangan bo‘lishi yoki bevosita shartnoma talablaridan va ishning ko‘rib chiqilayotgan barcha holatlaridan kelib chiqishi lozim.

Agar ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, chet el elementi bilan murakkablashgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar bilan eng uzviy bog‘langan huquq qo‘llanadi.

Chet el huquq normasi ommaviy-huquqiy xususiyatga ega bo‘lganligiga asoslanibgina uni qo‘llashni cheklash mumkin emas.

1159-modda. Huquqiy baho berish

Yuridik tushunchalarga sud yoki boshqa davlat organi tomonidan huquqiy baho berilishida, agar qonunda boshqa hol nazarda tutilgan bo‘lmasa, bunday yuridik tushunchalarni nizo ko‘rib chiqilayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston Respublikasining huquqiga muvofiq sharhlashga asoslanadi.

Agar yuridik tushunchalar nizo ko‘rib chiqilayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston Respublikasining huquqiga noma’lum bo‘lsa yoki boshqa nom yoxud boshqa mazmun bilan ma’lum bo‘lsa va O‘zbekiston Respublikasining huquqi bo‘yicha talqin etish orqali aniqlanishi mumkin bo‘lmasa, ularga huquqiy baho berishda chet davlat huquqi ham qo‘llanishi mumkin.

1160-modda. Chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash

Chet el huquqini qo‘llanishda sud yoki boshqa davlat organi uning normalari mazmunini bu normalarning tegishli xorijiy davlatda rasmiy talqin etilishi, qo‘llanish amaliyoti va doktrinasiga muvofiq aniqlaydi.

Sud yoki boshqa davlat organi chet el huquqi normalari mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirishlar so‘rab Adliya vazirligiga va boshqa milliy vakolatli organlar hamda muassasalarga, shu jumladan chet eldagi organlar va muassasalarga murojaat etishi yoxud ekspertlarni jalb qilishi mumkin.

Ishda ishtirok etayotgan shaxslar o‘z talablari yoki e’tirozlarini asoslash uchun o‘zlari vaj keltirayotgan chet el huquqi normalarini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishga va bu normalarning mazmunini aniqlashda sudga yoki boshqa davlat organlariga boshqacha tarzda yordamlashishga haqlidirlar.

Agar ushbu moddaga muvofiq ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramay, chet el huquqi normalarining mazmuni oqilona muddatlarda aniqlanmasa, O‘zbekiston Respublikasining huquqi qo‘llaniladi.

1161-modda. Qarshi tomon va uchinchi mamlakat huquqiga havola etish

Ushbu bo‘lim qoidalariga muvofiq, chet el huquqiga har qanday havola etish tegishli mamlakatning kollizion huquqiga emas, balki moddiy huquqiga havola etish deb qaralishi lozim, ushbu bo‘limda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Chet el huquqi ushbu Kodeksning 1168-moddasiga, 1169-moddasining birinchi, uchinchi va beshinchi qismlariga, 1171 va 1174-moddalariga muvofiq qo‘llanilgan hollarda qarshi tomon sifatida O‘zbekiston Respublikasi huquqiga va uchinchi mamlakat huquqiga havola etish qabul qilinadi.

1162-modda. Qonunni chetlab o‘tish oqibatlari

Ushbu Kodeks bilan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining ushbu bo‘limning qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqqa doir qoidalarini chetlab o‘tib, tegishli munosabatlarni boshqa huquqqa bo‘ysundirishga qaratilgan kelishuvlari va boshqa harakatlari haqiqiy emas. Bunday holda tegishli davlatning ushbu bo‘limga muvofiq tatbiq etilishi lozim bo‘lgan huquqi qo‘llaniladi.

1163-modda. Huquqni o‘zarolik asosida qo‘llash

Sud yoki boshqa davlat organi o‘zi ko‘rib chiqayotganiga o‘xshash munosabatlarga nisbatan tegishli chet davlatda O‘zbekiston Respublikasining huquqi qo‘llanishi yoki qo‘llanmasligidan qat’i nazar, ana shu chet davlatning huquqini qo‘llayveradi, O‘zbekiston Respublikasi qonunida chet el huquqini o‘zarolik asosida qo‘llash nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Agar chet el huquqini qo‘llash o‘zarolikka bog‘liq bo‘lsa, boshqacha holat isbotlanmaganligi sababli u mavjud deb taxmin qilinadi.

1164-modda. Ommaviy tartib to‘g‘risidagi izoh

Chet el huquqini qo‘llanish O‘zbekiston Respublikasining huquq-tartiboti asoslariga (ommaviy tartibga) zid keladigan hollarda chet el huquqi qo‘llanilmaydi. Bunday hollarda O‘zbekiston Respublikasining huquqi qo‘llaniladi.

Tegishli chet el davlatining huquqiy, siyosiy yoki iqtisodiy tizimi O‘zbekiston Respublikasining huquqiy, siyosiy yoki iqtisodiy tizimidan farqlanishigina chet el huquqini qo‘llashni rad etish uchun asos bo‘lishi mumkin emas.

1165-modda. Qat’iy normalarni qo‘llash

Ushbu bo‘lim qoidalari O‘zbekiston Respublikasi huquqining tegishli munosabatlarni, qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqdan qat’i nazar, tartibga soluvchi qat’iy normalari amal qilishiga daxldor emas.

Biron-bir mamlakatning huquqi ushbu bo‘lim qoidalariga muvofiq qo‘llanilganda, agar ana shu mamlakatning huquqiga ko‘ra bunday normalar qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquqdan qat’i nazar, tegishli munosabatlarni tartibga solishi lozim bo‘lsa, sud boshqa mamlakatning ana shu munosabatlar bilan uzviy aloqada bo‘lgan qat’iy huquq normalarini qo‘llashi mumkin. Bunda sud bunday normalarning vazifasini va xususiyatini, shuningdek ularni qo‘llash oqibatlarini e’tiborga olishi lozim.

1166-modda. Huquqiy tizimlari ko‘p bo‘lgan mamlakatning huquqini qo‘llash

Bir necha hududiy yoki boshqa huquqiy tizim amal qilib turgan mamlakatning huquqini qo‘llash lozim bo‘lgan hollarda huquqiy tizim shu mamlakat huquqiga muvofiq holda qo‘llaniladi.

1167-modda. Retorsiyalar

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlariga maxsus cheklovlar qo‘ygan davlatlarning fuqarolari va yuridik shaxslariga nisbatan javob tariqasida cheklovlar (retorsiyalar) belgilashi mumkin.

71-BOB. KOLLIZION NORMALAR

1-§. SHAXSLAR

1168-modda. Jismoniy shaxsning shaxsiy qonuni

Jismoniy shaxs qaysi mamlakatning fuqarosi bo‘lsa, shu mamlakat huquqi uning shaxsiy qonuni hisoblanadi. Shaxs ikki yoki undan ortiq fuqarolikka ega bo‘lgan taqdirda u qaysi mamlakat bilan eng ko‘p uzviy bog‘langan bo‘lsa, uning uchun o‘sha mamlakat huquqi shaxsiy qonun hisoblanadi.

Fuqaroligi bo‘lmagan shaxs qaysi mamlakatda doimiy yashab turgan bo‘lsa, o‘sha mamlakat huquqi uning shaxsiy qonuni hisoblanadi.

Qochoqqa unga boshpana bergan mamlakatning qonuni shaxsiy qonun hisoblanadi.

1169-modda. Jismoniy shaxsning huquq va muomala layoqatlari

Jismoniy shaxsning huquq va muomala layoqatlari uning shaxsiy qonuni bilan belgilanadi.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik huquq layoqatidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng ravishda foydalanadilar, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari yoki xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar bundan mustasno.

Jismoniy shaxsning bitimlar va zarar yetkazilishi oqibatida yuzaga keladigan majburiyatlarga nisbatan fuqarolik muomala layoqati bitimlar tuzilgan yoki zarar yetkazilishidan kelib chiqadigan majburiyatlar yuzaga kelgan mamlakat huquqi bo‘yicha belgilanadi.

Jismoniy shaxsning xususiy tadbirkor bo‘lish hamda bu bilan bog‘liq huquqlar va majburiyatlarga ega bo‘lish layoqati jismoniy shaxs xususiy tadbirkor sifatida ro‘yxatga olingan mamlakat huquqi bo‘yicha belgilanadi. Ro‘yxatga olish mamlakati bo‘lmaganda, xususiy tadbirkorlik faoliyati amalga oshiriladigan asosiy joy bo‘lgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi.

Jismoniy shaxsni muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish sud qaysi mamlakatniki bo‘lsa, shu mamlakat huquqiga bo‘ysunadi.

1170-modda. Jismoniy shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish va uni vafot etgan deb e’lon qilish

Jismoniy shaxsni bedarak yo‘qolgan deb topish va uni vafot etgan deb e’lon qilish sud qaysi mamlakatniki bo‘lsa, o‘sha mamlakat huquqiga bo‘ysunadi.

1171-modda. Jismoniy shaxsning ismi-sharifi

Jismoniy shaxsning ismga, undan foydalanishga va uni himoya qilishga bo‘lgan huquqi, agar ushbu Kodeks 19-moddasining to‘rtinchi va yettinchi qismlarida, 1179 va 1180-moddalarida nazarda tutilgan qoidalardan boshqacha tartib kelib chiqmasa, uning shaxsiy qonuni bilan belgilanadi.

1172-modda. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolik holati hujjatlarini qayd etish O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalarida amalga oshiriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi qo‘llaniladi.

1173-modda. Fuqarolik holati hujjatlarini tasdiqlash uchun xorijiy davlat organlari tomonidan berilgan hujjatlarni tan olish

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan tegishli davlatlarning qonunlari bo‘yicha tuzilgan fuqarolik holati hujjatlarini tasdiqlash uchun xorijiy davlatlarning vakolatli organlari tomonidan berilgan hujjatlar legallashtirilgan yoki apostil qo‘yilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.

1174-modda. Vasiylik va homiylik

Voyaga yetmaganlar, muomalaga layoqatsizlar yoki muomala layoqati cheklangan voyaga yetgan shaxslar ustidan vasiylik yoki homiylik sud qaysi mamlakatga tegishli bo‘lsa, o‘sha mamlakat huquqi bo‘yicha belgilanadi va bekor qilinadi.

Vasiyning (homiyning) vasiylikni (homiylikni) qabul qilish majburiyati uning vasiy (homiy) tomonidan belgilanadigan shaxsiy qonuni bo‘yicha aniqlanadi.

Vasiy (homiy) va vasiylikka (homiylikka) olingan shaxs o‘rtasidagi huquqiy munosabatlar muassasasi vasiyni (homiyni) tayinlagan mamlakat huquqi bo‘yicha aniqlanadi. Biroq vasiylikka (homiylikka) olingan shaxs O‘zbekiston Respublikasida yashayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining huquqi, basharti bu mazkur shaxs uchun qulayroq bo‘lsa, qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashab turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ustidan belgilangan vasiylik (homiylik), agar O‘zbekiston Respublikasi tegishli konsullik muassasasining vasiylik (homiylik) belgilanishiga yoki uning tan olinishiga qarshi qonunga asoslangan e’tirozlari bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb tan olinadi.

1175-modda. Yuridik shaxsning qonuni

Yuridik shaxs qaysi mamlakatda ta’sis etilgan bo‘lsa, shu mamlakatning huquqi mazkur yuridik shaxsning qonuni hisoblanadi.

1176-modda. Yuridik shaxsning huquq layoqati

Yuridik shaxsning fuqarolik huquq layoqati yuridik shaxsning qonuni bilan belgilanadi.

Chet el yuridik shaxsi o‘z organi yoki vakilining bitim tuzish vakolatlaridagi chet el yuridik shaxsining organi yoki vakili bitim tuzgan mamlakatning huquqi uchun noma’lum bo‘lgan cheklovlarni vaj qilib keltirishi mumkin emas.

1177-modda. O‘zbekiston Respublikasida chet el yuridik shaxslari faoliyatining milliy tartibi

Agar O‘zbekiston Respublikasining qonunida chet el yuridik shaxslari uchun boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, chet el yuridik shaxslari O‘zbekiston Respublikasida fuqarolik qonunchiligi bilan tartibga solinadigan tadbirkorlik faoliyatini va boshqa faoliyatni amalga oshiradilar.

1178-modda. Chet el elementi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda davlatning ishtirok etishi

Chet el elementi bilan davlat ishtirokidagi fuqarolik huquqiy munosabatlarga nisbatan, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ushbu bo‘lim qoidalari umumiy asoslarda qo‘llanadi.

2-§. Shaxsiy nomulkiy huquqlar. Intellektual mulk

1179-modda. Shaxsiy nomulkiy huquqlarni himoya qilish

Shaxsiy nomulkiy huquqlarga nisbatan bunday huquqlarni himoya qilish to‘g‘risidagi talab uchun asos bo‘lib xizmat qilgan harakat yoki boshqa holat sodir etilgan mamlakat huquqi qo‘llaniladi.

1180-modda. Intellektual mulkka bo‘lgan huquq

Intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarga nisbatan bu huquqlarni himoya qilish so‘raladigan mamlakat huquqi qo‘llaniladi.

Intellektual mulkka bo‘lgan huquq haqidagi shartnomalar ushbu bo‘limning shartnoma majburiyatlari to‘g‘risidagi qoidalariga muvofiq belgilanadigan huquq bilan tartibga solinadi.

3-§. Bitimlar. Vakillik. Da’vo muddati

1181-modda. Bitimning shakli

Bitimning shakli u tuziladigan joy huquqiga bo‘ysunadi. Biroq chet elda tuzilgan bitim, agar O‘zbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan bo‘lsa, shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.

Loaqal ishtirokchilaridan bittasi O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi yoki O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi bo‘lgan tashqi iqtisodiy bitim, qayerda tuzilayotganidan qat’i nazar, yozma shaklda tuziladi.

Ko‘chmas mulk xususidagi bitimning shakli bu mulk joylashgan mamlakat huquqiga bo‘ysunadi, O‘zbekiston Respublikasida davlat reyestrida qayd etilgan ko‘chmas mulkka nisbatan esa, O‘zbekiston Respublikasi huquqiga bo‘ysunadi.

1182-modda. Ishonchnoma

Ishonchnomaning shakli va amal qilish muddati ishonchnoma berilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha belgilanadi. Agar O‘zbekiston Respublikasi huquqi talablariga rioya etilgan bo‘lsa, ishonchnoma shaklga rioya etilmaganligi tufayli haqiqiy emas deb topilishi mumkin emas.

1183-modda. Da’vo muddati

Da’vo muddati mamlakatning tegishli munosabatni tartibga solish uchun qo‘llanilayotgan huquqi bo‘yicha belgilanadi.

Da’vo muddati tatbiq etilmaydigan talablar, agar tegishli munosabatning qatnashchilaridan loaqal bittasi O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi yoki O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining huquqi bo‘yicha belgilanadi.

4-§. Ashyoviy huquqlar

1184-modda. Ashyoviy huquqlarga nisbatan qo‘llaniladigan huquq to‘g‘risidagi umumiy qoidalar

Ko‘chmas va ko‘char mol-mulkka nisbatan mulk huquqi hamda boshqa ashyoviy huquqlar, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.

Mol-mulkning ko‘chmas yoki ko‘char ashyolarga mansubligi, shuningdek mol-mulkning boshqacha yuridik baholanishi ana shu mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.

1185-modda. Ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi

Mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi yoxud bekor bo‘lishi uchun asos bo‘lgan harakat yoki boshqa holat sodir bo‘lgan paytda bu mol-mulk turgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.

Bitim narsasi bo‘lgan mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlarning vujudga kelishi va bekor bo‘lishi, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, ushbu bitim bo‘ysundirilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi.

Egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tufayli mol-mulkka nisbatan mulk huquqining vujudga kelishi egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat tugagan paytda mol-mulk joylashgan mamlakatning huquqi bilan aniqlanadi.

1186-modda. Transport vositalariga va davlat reyestrida qayd etilishi lozim bo‘lgan boshqa mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar

Transport vositalariga va davlat reyestrida qayd etilishi lozim bo‘lgan boshqa mol-mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar bu transport vositalari yoki mol-mulk ro‘yxatga olingan mamlakat huquqi bo‘yicha belgilanadi.

1187-modda. Yo‘lda bo‘lgan ko‘char mulkka nisbatan ashyoviy huquqlar

Bitim bo‘yicha yo‘lda bo‘lgan ko‘char mulkka nisbatan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlar, agar taraflarning kelishuvida boshqacha tartib belgilangan bo‘lmasa, bu mol-mulk jo‘natilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha belgilanadi.

1188-modda. Ashyoviy huquqlarni himoya qilish

Mulk huquqini va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan ariza beruvchining tanlovi bo‘yicha mol-mulk turgan mamlakatning huquqi yoki sud qaysi mamlakatga qarashli bo‘lsa, o‘sha mamlakatning huquqi qo‘llanadi.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni himoya qilishga nisbatan bu mulk turgan mamlakatning huquqi qo‘llanadi. O‘zbekiston Respublikasining davlat reyestrida qayd etilgan mol-mulkka nisbatan O‘zbekiston Respublikasining huquqi qo‘llanadi.

5-§. Shartnoma majburiyatlari

1189-modda. Shartnoma taraflarining kelishuviga ko‘ra huquqni tanlash

Shartnoma, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, taraflarning kelishuviga ko‘ra tanlangan mamlakat huquqi bilan tartibga solinadi.

Shartnoma taraflari qo‘llaniladigan huquqni umuman shartnoma uchun ham, uning alohida qismlari uchun ham tanlab olishlari mumkin.

Qo‘llaniladigan huquq taraflar tomonidan shartnoma tuzilayotganda ham, undan keyin ham istalgan vaqtda tanlanishi mumkin. Taraflar, shuningdek istalgan vaqtda shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquqni o‘zgartirish to‘g‘risida kelishib olishlari mumkin.

1190-modda. Taraflarning kelishuvi bo‘lmagan taqdirda shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquq

Qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq to‘g‘risida shartnoma taraflarining kelishuvi bo‘lmagan taqdirda, bu shartnomaga nisbatan:

oldi-sotdi shartnomasida — sotuvchi;

hadya shartnomasida — hadya qiluvchi;

ijara (mulk ijarasi) shartnomasida — ijaraga beruvchi;

mol-mulkdan tekin foydalanish shartnomasida — ssuda beruvchi;

pudrat shartnomasida — pudratchi;

yo‘lovchi, bagaj va yuk tashish shartnomasida — tashuvchi;

transport ekspeditsiyasi shartnomasida — ekspeditor;

qarz shartnomasida yoki boshqa kredit shartnomasida — kreditor;

topshiriq shartnomasida — ishonchli vakil;

vositachilik shartnomasida — vositachi;

omonat saqlash shartnomasida — saqlovchi;

sug‘urta shartnomasida — sug‘urtalovchi;

kafillik shartnomasida — kafil;

garov to‘g‘risidagi shartnomada — garovga qo‘yuvchi;

alohida huquqlardan foydalanish to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasida — litsenziar hisoblanuvchi taraf ta’sis etilgan, turar joyga ega bo‘lgan yoki asosiy faoliyat joyi bo‘lgan mamlakat huquqi qo‘llaniladi.

Qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq to‘g‘risida shartnoma taraflarining kelishuvi bo‘lmagan taqdirda, ushbu modda birinchi qismining qoidalaridan qat’i nazar:

ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi shartnomaga nisbatan — bu mulk turgan mamlakatning huquqi;

birgalikdagi faoliyat to‘g‘risidagi shartnomaga va qurilish pudrati shartnomasiga nisbatan — ana shunday faoliyat amalga oshirilayotgan yoki shartnomada nazarda tutilgan natijalar yaratilayotgan mamlakatning huquqi;

kimoshdi savdosida, tanlov bo‘yicha yoki birjada tuzilgan shartnomaga nisbatan — kimoshdi savdosi, tanlov o‘tkazilayotgan yoki birja joylashgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida ko‘rsatib o‘tilmagan shartnomalarga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan huquq to‘g‘risida taraflarning kelishuvi bo‘lmagan taqdirda, bunday shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ijroni amalga oshirayotgan taraf ta’sis etilgan, turar joyga ega bo‘lgan yoki asosiy faoliyat joyi bo‘lgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi. Shartnomaning mazmuni uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan ijroni aniqlashning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, shartnoma eng uzviy bog‘langan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi.

1191-modda. Chet el ishtirokidagi yuridik shaxsni tuzish to‘g‘risidagi shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquq

Chet el ishtirokidagi yuridik shaxsni tuzish to‘g‘risidagi shartnomaga nisbatan yuridik shaxs ta’sis etilgan mamlakat huquqi qo‘llaniladi.

1192-modda. Qo‘llaniladigan huquqning amal qilish doirasi

Ushbu paragrafning qoidalaridan kelib chiqib shartnomaga nisbatan qo‘llaniladigan huquq:

shartnomaning talqinini;

taraflarning huquq va majburiyatlarini;

shartnomaning ijrosini;

shartnomani umuman yoki tegishli darajada ijro etmaslik oqibatlarini;

shartnomaning to‘xtatilishini;

shartnomaning o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligi yoki haqiqiy emas deb topilishi oqibatlarini;

shartnoma munosabati bilan talablarning bahridan o‘tish va qarzni o‘tkazishni qamrab oladi.

Ijro etish usullari va tartibiga, shuningdek tegishli darajada ijro etilmagan taqdirda ko‘rilishi lozim bo‘lgan choralar borasida qo‘llanilayotgan huquqdan tashqari ijro amalga oshirilayotgan mamlakatning huquqi ham e’tiborga olinadi.

6-§. Shartnomadan tashqari majburiyatlar

1193-modda. Bir taraflama harakatlardan iborat majburiyatlar

Bir taraflama harakatlardan (mukofotni oshkora va’da qilish, o‘zganing maqsadini ko‘zlab topshiriqsiz amalga oshiriladigan faoliyat va boshqalardan) iborat majburiyatlarga nisbatan ushbu bo‘limning 4-paragrafi qoidalari qo‘llanadi.

1194-modda. Zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar

Zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha huquq va majburiyatlar zararni undirishni talab qilish uchun asos bo‘lgan harakat yoki boshqa holat yuz bergan mamlakatning huquqi bo‘yicha belgilanadi.

Chet elda zarar yetkazilganligi oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar bo‘yicha huquq va burchlar, agar fuqarolar yoki yuridik shaxslar ayni bitta davlatdan bo‘lsalar, shu davlat huquqi bilan belgilanadi.

Agar zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talab uchun asos bo‘lgan harakat yoki boshqa holat O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi bo‘yicha g‘ayriqonuniy bo‘lmasa, chet el huquqi qo‘llanmaydi.

1195-modda. Iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik

Tovarni sotib olish, ishni bajarish yoki xizmatni ko‘rsatish munosabati bilan iste’molchi ko‘rgan zarar o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi talabga nisbatan iste’molchining xohishiga ko‘ra:

iste’molchining turar joyi joylashgan mamlakatning huquqi;

ishlab chiqaruvchi yoki ishni bajargan, xizmat ko‘rsatgan shaxsning turar joyi yoki manzili joylashgan mamlakatning huquqi;

iste’molchi tovarni sotib olgan, ish natijasini qabul qilgan yoki unga xizmat ko‘rsatilgan mamlakatning huquqi qo‘llanadi.

1196-modda. Asossiz boylik orttirish

Asossiz boylik orttirish natijasida vujudga keladigan majburiyatlarga nisbatan boylik orttirilgan mamlakatning huquqi qo‘llaniladi.

Agar asossiz boylik orttirish mol-mulkni sotib olish yoki tejab qolishga doir asoslar bekor bo‘lishi natijasida vujudga kelsa, qo‘llaniladigan huquq bu asos bo‘ysundirilgan mamlakatning huquqi bo‘yicha belgilanadi. Asossiz boylik orttirish tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining huquqi bo‘yicha belgilanadi.

7-§. Vorislik huquqi

1197-modda. Vorislikka doir munosabatlar

Vorislikka doir munosabatlar, basharti ushbu Kodeksning 1198 va 1199-moddalarida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, meros qoldiruvchi vasiyatnomada o‘zi fuqarosi bo‘lgan mamlakatning huquqini tanlagan bo‘lmasa, meros qoldiruvchi oxirgi doimiy turar joyga ega bo‘lgan mamlakatning huquqi bo‘yicha belgilanadi.

1198-modda. Shaxslarning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish layoqati, vasiyatnomaning va uni bekor qilish hujjatining shakli

Shaxsning vasiyatnoma tuzish va uni bekor qilish layoqati, shuningdek vasiyatnomaning va uni bekor qilish hujjatining shakli, agar meros qoldiruvchi vasiyatnomada o‘zi fuqarosi bo‘lgan mamlakatning huquqini tanlagan bo‘lmasa, hujjat tuzilayotgan paytda meros qoldiruvchi doimiy turar joyga ega bo‘lgan mamlakatning huquqi bo‘yicha aniqlanadi. Biroq vasiyatnoma yoki uning bekor qilinishi, agar shakl hujjat tuzilgan joyning yoki O‘zbekiston Respublikasining huquqi talablarini qanoatlantirsa, shaklga rioya etilmaganligi natijasida haqiqiy emas deb topilmaydi.

1199-modda. Ko‘chmas mulkka va davlat reyestrida qayd etilishi lozim bo‘lgan mol-mulkka vorislik

Ko‘chmas mulkka vorislik mazkur mulk joylashgan mamlakat huquqi bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasining reyestrida qayd etilgan mol-mulkka vorislik esa, O‘zbekiston Respublikasining huquqi bo‘yicha belgilanadi.

.

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat ___25.04____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.