O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
FARMONI
8 – IYUN, 2021-y.
PF-6243-son
YER MUNOSABATLARIDA TENGLIK VA SHAFFOFLIKNI TA’MINLASH, ERGA BO‘LGAN HUQUQLARNI ISHONCHLI HIMOYA QILISH VA ULARNI BOZOR AKTIVIGA AYLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, erga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlash, shuningdek, erning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar obyekti sifatida erkin muomalaga kiritish maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan yer to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ma’qullansin.
2. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2021-yil 1-avgustdan boshlab:
yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga (keyingi o‘rinlarda — davlat tashkilotlari) — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi;
meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinadi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qoladi;
ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tadi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan elektron onlayn auksion yakunlariga ko‘ra, faqat ijara huquqi asosida ajratiladi;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi;
davlat tashkilotlariga yer uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi;
barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalari va ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishda yer uchastkalari davlat tashkilotiga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratiladi, ushbu yerlar davlat-xususiy yoki ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimning amal qilish muddatiga xususiy sherik, nodavlat notijorat tashkiloti va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga ijaraga berilishi mumkin;
ko‘p kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi, agar ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlariga boshqa huquq bilan tegishli bo‘lmasa, ularga umumiy foydalanish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.
3. Belgilansinki, Vazirlar Mahkamasi 2021-yil 1-avgustdan boshlab, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishga haqli:
qishloq xo‘jaligi sohasida ilmiy tadqiqot va tajriba sinovlar amalga oshirish uchun davlat ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalariga — Qishloq xo‘jaligi vazirligining taklifiga asosan;
maxsus iqtisodiy zonalarda investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun, shuningdek, mahalliy va chet ellik investorlar, shu jumladan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun — eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan loyiha qiymatining kamida 5 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda hamda yer uchastkasiga ijara huquqining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlanadigan bozor qiymatiga nisbatan koeffitsiyentlarda belgilanadigan miqdordagi mablag‘ni Davlat budjetiga to‘lash sharti bilan;
xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga.
4. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid quyidagi vakolatlari, ular yuzasidan qaror, farmoyish yoki boshqa turdagi hujjat qabul qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilinsin:
yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish, bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ijara shartnomasini imzolash bo‘yicha vakolatlar mustasno;
tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish;
sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar toifasiga yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish;
jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish;
xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
5. Qonunchilik hujjatlarida ushbu Farmonda belgilanganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratishni nazarda tutuvchi barcha tartiblar, imtiyoz va istisnolar 2021-yil 1-avgustdan to‘liq bekor qilinsin.
Davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlansin.
Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) bir oy muddatda alohida ijtimoiy himoya qilinadigan shaxslarga, shuningdek, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan shaxslarga yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotib olish xarajatlarini to‘liq yoki qisman qoplab berish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
“Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;
“Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;
“Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston RespublikasiQonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritsin.
7. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J. Qo‘chqorov):
bir oy muddatda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan doimiy foydalanish (egalik qilish) yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqlari asosida berilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini;
Adliya vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Ushbu Farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilsin.
9. Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda — Respublika kengashi) va joylarda hududiy kengashlar tashkil etilsin, ularning tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Respublika va hududiy kengashlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:
yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam o‘rganib borish, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish;
yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini bevosita ta’minlash va davlat nazoratini olib borishga mas’ul davlat organlarining sohaga doir faoliyatini o‘rganib, muvofiqlashtirib borish, tegishlicha ushbu organlar va ularning quyi tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitish;
yerlarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;
yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish;
yer ajratish va undan foydalanish jarayonlariga axborot-kommunikatsiya vositalarini keng joriy qilish orqali sohada raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirishga ko‘maklashish;
yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash samaradorligini oshirishga oid boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.
10. Yer toifasidan qat’i nazar barcha turdagi yer uchastkalari hamda bino-inshootlarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik holatlarini aniqlash, yer uchastkalarining o‘zboshimchalik bilan egallab olinishiga va chegaralarini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish, erdan maqsadli foydalanilishi ustidan davlat nazorati Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va chora ko‘rish uchun Kadastr agentligi xodimlari mas’ul ekanligi belgilansin.
Kadastr agentligi organlariga yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish holatlari aniqlanganda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq ushbu yer uchastkalariga bo‘lgan huquqni bekor qilish, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydonini qaytarish va/yoki unda noqonuniy qurilgan imoratlarni buzish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga murojaat qilish huquqi berilsin.
Kadastr agentligi Adliya vazirligi bilan birga yer to‘g‘risidagi qonunchilik, shu jumladan yangi qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyatini ijrochilar hamda aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etsin.
11. Belgilab qo‘yilsinki:
Bosh prokuratura, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tegishlicha Respublika kengashi va hududiy kengashlarning ishchi organi hisoblanadi;
Respublika kengashi va hududiy kengashlar yig‘ilishlari har chorakda kamida bir marotaba o‘tkaziladi, Respublika kengashi va hududiy kengashlar yig‘ilishlariga davlat organlari rahbarlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilishi mumkin;
hududiy kengashlar o‘z faoliyati to‘g‘risida har chorakda Respublika kengashiga hisobot beradi.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari bir oy muddatda tegishli mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan 2019-yil 1-yanvardan hozirga qadar qabul qilingan yer uchastkalarini berish va olib qo‘yish bilan bog‘liq barcha hujjatlarning yagona ro‘yxatini tasdiqlab, ularni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha umumlashtirsin hamda Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga taqdim etsin.
Bosh prokuror N.T. Yo‘ldoshev Respublika kengashi va hududiy kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari normalarining buzilishiga, shu jumladan yer uchastkalarini berish va olib qo‘yish bilan bog‘liq hujjatlarni qalbakilashtirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy prokuror nazoratini o‘rnatish, aybdor shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash uchun javobgar ekanligi belgilansin.
13. Belgilansinki:
elektron onlayn-auksion va ochiq tanlovga qo‘yish uchun yer uchastkalarini tanlash, kelishish, auksion va tanlovda ishtirok etish uchun murojaatlarni qabul qilish, auksion va tanlovni o‘tkazish, uning natijalarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar, istisnolarsiz faqat elektron axborot tizimlaridan foydalangan holda, elektron hujjat almashinuvi yo‘li bilan amalga oshiriladi;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga doir barcha qarorlarini qabul qilish ular tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatdan o‘tkazishning yagona elektron — “E-qaror” tizimi orqali, ushbu qarorlarda yer uchastkasiga doir geografik ma’lumotlar va xaritalarni shakllantirish esa “Kadastr va ro‘yxatdan o‘tkazish integratsiyalashgan axborot tizimi” orqali avtomatik ravishda amalga oshiriladi;
huquqiy ekspertiza yakuni bo‘yicha hududiy adliya organlarining ijobiy xulosasi mavjudligi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer munosabatlariga doir hujjatlarni qabul qilishning majburiy sharti hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov), Adliya vazirligi (R.K. Davletov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J. Ortiqov), Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi (F.K. Umarov) bir oy muddatda mazkur band talablaridan kelib chiqqan holda, tegishli axborot tizimlari faoliyatini takomillashtirish va ularni o‘zaro integratsiya qilish choralarini ko‘rsin.
14. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
Qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning ma’muriy reglamenti;
Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun doimiy foydalanishga ajratishning ma’muriy reglamenti;
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamentini tasdiqlasin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-avgustdan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlari 4-ilovaga muvofiq 2021-yil 1-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
17. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari Sh.M. G‘aniyev va J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori N.T. Yo‘ldoshev belgilansin.
Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-oktabrga qadar, keyinchalik har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga
1-ILOVA
Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi
TARKIBI
N.T. Yo‘ldoshev — Bosh prokuror, Respublika Kengashi raisi
Sh.M. G‘aniyev — Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari
R.Q. Davletov — adliya vaziri, Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari
K.F. Kamilov — Oliy sud raisi
E.F. Gadoyev — Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi
B.S. Tajiyev — Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi
Sh.X. Nazarov — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi
R.A. Mamutov — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi
P.R. Bobojonov — ichki ishlar vaziri
B.E. Zokirov — qurilish vaziri
J.A. Xodjayev — qishloq xo‘jaligi vaziri
Sh.J. Raximov — Bosh prokuror o‘rinbosari
G‘.X. Yoziyev — Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari
S.S. Saidkarimov — Hisob palatasi raisining o‘rinbosari
A.E. Burxanov — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori
N.J. Bakirov — O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisi
Sh.D. Kudbiyev — Davlat soliq qo‘mitasi raisi
B.K. Sharipov — Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi
A.J. Vaxobov — Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i
F.K. Umarov — Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori
A.M. To‘rayev — Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktori
A.A. Xaitov — O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi
Sh.M. Bobomurodov — Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori
Izoh: Respublika kengashi a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga
2-ILOVA
Yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy kengashlarning
NAMUNAVIY TARKIBI
Lavozimiga ko‘ra — Viloyat hokimi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi), hududiy kengash raisi
Lavozimiga ko‘ra — Viloyat (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) prokurori, Kengash raisining o‘rinbosari
Lavozimiga ko‘ra — Viloyat (Qoraqalpog‘iston) sudining raisi
Lavozimiga ko‘ra — Davlat xavfsizlik xizmati boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Adliya boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Qurilish boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — O‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining hududiy boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Viloyat prokurorining sohaviy o‘rinbosari
Lavozimiga ko‘ra — Kadastr agentligi hududiy boshqarmasi boshlig‘i
Lavozimiga ko‘ra — Viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi boshlig‘i
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2021-yil 1-avgustdan kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “Yoshlar — kelajagimiz” davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-5466-son Farmonining 3-bandi “a” kichik bandida:
a) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
b) uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5495-son Farmonida:
Oldingi tahrirga qarang.
(2-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
b) 4-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-avgustdagi “Toshkent shahrida investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5511-son Farmoni 1-bandi “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 21-dekabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5600-son Farmonining 1-bandi ikkinchi xatboshisi “ma’muriy kengashlarning” so‘zlaridan keyin “elektron onlayn-auksion natijalari asosida qabul qilinadigan” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5742-son Farmonining 5-bandi oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“sug‘oriladigan yerlar hisobidan bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa ko‘p yillik daraxtzorlar hamda yengil tipdagi issiqxonalarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga asosan amalga oshiriladi”.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi PF-5780-son Farmonida:
a) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkalarini jamoat va davlat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish bo‘yicha vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berilsin”;
b) 10-bandning “a” kichik bandi birinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq” so‘zlari “eng yaxshi taklifni tanlash orqali yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq” so‘zlari bilan almashtirilsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6059-son Farmonida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisi “yaylovlar” so‘zidan keyin “elektron onlayn-auksion orqali” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
b) 6-bandda:
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) yaylovlar Qo‘mita tomonidan elektron onlayn-auksion orqali, shu jumladan yer uchastkasining boshlang‘ich narxini 1 so‘m miqdorida belgilagan holda ijaraga beriladi”;
“v” kichik banddagi “, shu jumladan nol stavkada” so‘zlari “elektron onlayn-auksion orqali” so‘zlari bilan almashtirilsin;
“g” kichik bandning ikkinchi xatboshisi “yaylovni” so‘zidan keyin “elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
v) 14-bandning “v” kichik bandi ikkinchi xatboshisi “hamda ularga elektron onlayn-auksionlarda ishtirok etish tartibi yuzasidan tushuntirishlar bersin” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-oktabrdagi “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6098-son Farmonining 14-bandi birinchi xatboshisidagi “2020-yilda Davlat soliq qo‘mitasiga respublika budjetining ortiqcha bajarilgan daromadlari” so‘zlari “2020-2021-yillarda Davlat soliq qo‘mitasiga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetining qo‘shimcha mablag‘lari” so‘zlari bilan almashtirilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi “Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF-6202-son Farmonida:
a) 10-bandda:
beshinchi va sakkizinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
oltinchi — yettinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 11-bandning ikkinchi xatboshisidagi “tadbirkorlik subyektlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 25 sotix yer maydonlari bepul ajratiladi” so‘zlari “qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 25 sotix yer maydonlari elektron onlayn-auksionga qo‘yiladi” so‘zlari bilan almashtirilsin;
v) 12-bandda:
ikkinchi xatboshidagi “ajratsin” so‘zi “elektron onlayn-auksionga qo‘yilishini ta’minlasin” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 14-sentabrdagi PQ-694-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning rus tilidagi matnida:
a) 28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Po zayavleniyu voyennoslujaщix vzamen videlyayemogo jilya ili uluchsheniya jiliщnix usloviy im mogut bit viplacheni denejnie kompensatsii na priobreteniye na auksionnoy osnove zemelnix uchastkov dlya individualnogo jiliщnogo stroitelstva. Na period osvoyeniya zemelnogo uchastka za voyennoslujaщim i chlenami ego semi soxranyayetsya slujebnaya kvartira srokom do dvux let”;
b) 29-banddan “na videlennix dlya nix zemelnix uchastkax” so‘zlari chiqarib tashlansin;
v) 36-band “priobreteniya kvartir” so‘zlaridan keyin “, zemelnix uchastkov dlya individualnogo jiliщnogo stroitelstva” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
g) 37-bandda:
oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
yettinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;
d) 3-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-maydagi “Baliqchilik tarmog‘ini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2939-son qarorining 11-bandida:
a) ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Toshkent viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3194-son qarorining 2-bandi to‘rtinchi xatboshisidagi “tegishli tumanlar (shaharlar) hokimliklarining qarorlari bilan” so‘zlari “elektron onlayn auksion orqali” so‘zlari bilan almashtirilsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3195-son qarorining 4-bandidan “yoki yer uchastkalari” so‘zlari chiqarib tashlansin.
14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi PQ-3196-son qarorining 8-bandi ikkinchi xatboshisida “berilishi hamda aholi zich joylashgan hududlardan yer uchastkalari ajratilishini” so‘zlari “berilishini” so‘zlari bilan almashtirilsin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-oktabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3356-son qarorida:
a) 6-bandning uchinchi xatboshisidagi “yer uchastkalarini, shu jumladan, davlat mulki bo‘lgan faoliyat yuritmayotgan bo‘sh obyektlar va bo‘sh yer maydonlarini” so‘zlari “davlat mulki bo‘lgan faoliyat yuritmayotgan bo‘sh obyektlarni” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 3-ilovaning 5-bandida:
yettinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
sakkizinchi — yigirma beshinchi xatboshilar tegishincha yettinchi — yigirma to‘rtinchi xatboshilar deb hisoblansin.
16. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-maydagi “Faol tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3697-son qarorining 3-bandi ikkinchi xatboshisidan “zarur yer uchastkalari,” so‘zlari chiqarib tashlansin.
17. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3701-son qarorining 2-bandi ikkinchi xatboshisida “ajratiladi” so‘zlari “ijaraga beriladi” so‘zlari bilan almashtirilsin.
18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-avgustdagi “Respublika hududlarida “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3895-son qarorida:
a) 2-bandning oltinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“loyihalar tashabbuskorlariga “Business city” markazlari hududida obyektlar qurish uchun yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda elektron-onlayn auksion savdolari orqali beriladi”;
b) 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Business city” markazlari hududidagi yer uchastkalarini elektron-onlayn auksion orqali olgan investorlar bilan “Business city” markazlariga investitsiya kiritish to‘g‘risida bitimlar tuzish”.
19. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-martdagi “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-son qarorining 7-bandi “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) sug‘oriladigan yerlar hisobidan bog‘dorchilik, uzumchilik va boshqa ko‘p yillik daraxtzorlar hamda yengil tipdagi issiqxonalarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xulosasiga asosan amalga oshiriladi”.
20. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-iyundagi “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4363-son qarorining 3-bandida:
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) yer uchastkalarini berish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi”;
“g” kichik bandda “ma’muriy kengash” so‘zlari “Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarining ma’muriy kengashlari (keyingi o‘rinlarda — ma’muriy kengashlar)” so‘zlari bilan almashtirilsin.
21. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 26-avgustdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4427-son qarorining 1-bandi ikkinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq” so‘zlari “eng yaxshi taklifni tanlash orqali yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq” so‘zlari bilan almashtirilsin.
22. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-noyabrdagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida chorvachilik tarmoqlarini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4512-son qarorining 2-bandi “a” kichik bandida:
a) ikkinchi va uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
b) to‘rtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
23. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-yanvardagi “Chorvachilik tarmog‘ini davlat tomonidan ko‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4576-son qarorida:
a) 11-bandning “a” kichik bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
b) 20-bandning beshinchi xatboshisidan “hamda qonunchilikda belgilangan me’yorlar asosida yer maydonlarini o‘z vaqtida ajratsinlar” so‘zlari chiqarib tashlansin.
24. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish va muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5006-son qarorining 10-bandi birinchi xatboshidagi “iyulga” so‘zi “oktyabrga” so‘zi bilan almashtirilsin.
25. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-martdagi “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5033-son qarorida:
a) 13-bandning ikkinchi xatboshisidagi “tashabbuskorlarga ikki oy muddatda ajratib bersin” so‘zlari “elektron onlayn-auksionga qo‘yilishini ta’minlasin” so‘zlari bilan almashtirilsin;
b) 2-ilovaning izoh qismi chiqarib tashlansin.
26. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5087-son qarorining 4-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi “yer uchastkasidan doimiy foydalanish huquqini” so‘zlari “yer uchastkasiga mulk huquqi va ijara huquqini” so‘zlari bilan almashtirilsin.
27. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5088-son qarorining 9-bandi “g” kichik bandining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Yoshlar sanoat zonalari hududida yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali ajratiladi”.
28. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-maydagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5113-son qarorining 12-bandi birinchi xatboshisi “bo‘sh yer uchastkalari” so‘zlaridan keyin “elektron-auksion savdolariga joylashtirilishini” so‘zlari bilan to‘ldirilsin.
29. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-son qarori bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarida:
a) 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qurilish uchun yer uchastkalarini ajratish ushbu kommunikatsiyalar egalarining xulosalarini hisobga olgan holda hal etilishi kerak”;
b) 28-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“28. Aloqa kommunikatsiyalari o‘tkazilgan yer uchastkalarini olgan yuridik va jismoniy shaxslar ulardan foydalanishni tegishli aloqa kommunikatsiyalari egalari bilan kelishib olishlari shart”.
30. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida nizomda:
a) 6-bandning birinchi xatboshisidan “va keyinchalik injiniring kompaniyasiga berish” so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 7-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan to‘ldirilsin:
“Kompleks ekspertizaning ijobiy xulosasi olingach yer uchastkasini ijaraga olish huquqi belgilangan tartibda elektron onlayn-auksionga qo‘yiladi.
Injiniring kompaniyasi yer uchastkasini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion orqali sotib oladi.
Yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotib olish xarajatlari ushbu yer uchastkasida quriladigan uy-joy va arzon uy-joylarning narxiga ular egallaydigan maydonga mutanosib ravishda kiritiladi.
Bunda arzon uy-joylarning narxiga kiritilgan yer uchastkasini ijaraga olish huquqini sotib olish xarajatlari tegishli tuman mahalliy budjeti hisobidan qoplab beriladi”;
v) 8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi yakka tartibdagi quruvchilar tomonidan sotib olinadigan uy-joyning yoki arzon uy-joyning namunaviy loyihalari uchun belgilangan maydondan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan hamda o‘rmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan erdan kimoshdi savdolari va elektron onlayn-auksion o‘tkazilmasdan, belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga mulk huquqi bilan beriladi.
Yakka tartibdagi quruvchiga yer uchastkasini mulk huquqi bilan berish uchun Yakka tartibdagi quruvchi bilan injiniring kompaniyasi filiali o‘rtasida tayyor holda topshirish sharti bilan uy-joy yoki arzon uy-joy qurishga injiniring kompaniyasi tomonidan buyurtmachi funksiyalari amalga oshirilishiga shartnoma asos bo‘ladi. Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ ushbu shartnoma asosida yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Bunda ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartnomaning bekor qilinishi namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yer uchastkasi mulk huquqining ham bekor qilinishiga olib keladi. Ko‘rsatib o‘tilgan shart Yakka tartibdagi quruvchi bilan injiniring kompaniyasi filiali o‘rtasida tuzilgan shartnomada qayd etilishi kerak”.
31. Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 25-noyabrdagi “Respublikaning chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklarida biogaz qurilmalari qurishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 343-son qarorining 2-bandi ikkinchi xatboshisidan “yer uchastkalari ajratilishini va” so‘zlari chiqarib tashlansin.
32. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-dekabrdagi “Farg‘ona viloyatida qo‘shimcha kichik sanoat zonalari tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 1007-son qarorining 3-bandi to‘rtinchi xatboshisidagi “yer uchastkalari berish” so‘zlari “yer uchastkalarini ijaraga berish” so‘zlari bilan almashtirilsin.
33. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-yanvardagi “Yer uchastkalari berish va yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilishning zamonaviy va shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 63-son qarorida:
a) 1-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
b) 1-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
34. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 2-iyuldagi 550-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari, konsullik muassasalari va ularga tenglashtirilgan tashkilotlarga binolar (binolar qismi), xonalar va yer uchastkalarini taqdim etish (sotish) tartibi to‘g‘risidagi nizomning 2-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Diplomatik vakolatxonalarni joylashtirish, ularning rahbarlari va chet ellik xodimlari yashashi uchun ajratiladigan binolar (binolar qismi), xonalar va ularga tutash yer uchastkalari, qoida tariqasida, O‘zbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri hududidan ajratiladi”.
35. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-oktabrdagi “Sergeli industrial park” kichik sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 878-son qarorida:
a) 2-bandda:
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi va yettinchi xatboshilar beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 3-bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan bitimlar va shartnoma shartlari buzilgan, shuningdek, ular tomonidan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bajarilmagan taqdirda, ishlab chiqarish maydonlari ijarasining bitimlari va shartnomalarini belgilangan tartibda bekor qilish va to‘xtatish masalalarini Toshkent shahridagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari Ma’muriy kengashiga (keyingi o‘rinlarda Ma’muriy kengash deb ataladi) ko‘rib chiqish uchun kiritish”;
v) 5-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Ma’muriy kengashga ijaraga beriladigan yer uchastkasining har bir gektari uchun to‘lov miqdorini belgilash huquqi berilsin”.
36. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 911-son qarorida:
Oldingi tahrirga qarang.
(36-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
b) 3-bandning uchinchi xatboshisidagi “tegishli xalq deputatlari Kengashiga” so‘zlari “xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga” so‘zlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(36-bandning “v” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(37-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-yanvardagi PF-15-sonli Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan)
38. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi “Oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash dasturlari doirasida bog‘dorchilik, uzumchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 52-son qarorida:
a) 3-band o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin;
b) ilovada:
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Tuman hokimligi o‘n kun muddatda qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan ochiq yer maydonlari, zaxirada turgan hosildorligi past bo‘lgan paxta va g‘alladan qisqargan maydonlar, shuningdek, yaroqsiz deb topilgan bog‘ va tokzorlar joylashgan yerlarda intensiv bog‘, tokzor barpo etish uchun 10 gektardan, issiqxona qurish uchun 3 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksionga chiqarilishini ta’minlaydi va bu haqida sotuvchiga xabar beradi.
Sotuvchi yer uchastkasini ijaraga olish huquqini elektron onlayn-auksion orqali qo‘lga kiritishi kerak.
Agar elektron onlayn-auksionda sotuvchidan boshqa yuridik yoki jismoniy shaxs g‘olib bo‘lsa, ushbu shaxs mazkur Nizomda sotuvchi uchun nazarda tutilgan barcha huquqlarga ega bo‘ladi hamda unga yuklatilgan majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi”;
11-bandning birinchi xatboshisidagi “yer maydoni ajratilgandan so‘ng” so‘zlari “yer uchastkasini ijaraga olish huquqini qo‘lga kiritgandan so‘ng” so‘zlari bilan almashtirilsin;
31 va 32-bandlar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“31. Sotuvchi intensiv bog‘, tokzorlar yoki issiqxona qiymati tashabbuskorlar tomonidan to‘liq to‘lab berilgandan so‘ng besh kun muddatda intensiv bog‘, tokzorlar yoki issiqxonaga mulk huquqini va ular egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini tashabbuskor nomiga rasmiylashtirish to‘g‘risida tuman hokimligiga yozma ravishda murojaat qiladi.
32. Tuman hokimligi o‘n kun muddatda tashabbuskorlarni (lizing oluvchini) dehqon xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini va unga intensiv bog‘, tokzorlar yoki issiqxonaga bo‘lgan mulk huquqini va ular egallagan yer uchastkasiga ijara huquqini berish to‘g‘risida viloyat hokimining qarori qabul qilinishini ta’minlaydi”;
33-banddagi “Tuman” so‘zi “Viloyat” so‘zi bilan almashtirilsin.
39. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-martdagi “Kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 134-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirilsin:
“Belgilansinki, kichik sanoat zonalari hududida yer uchastkalarini berish qonunchilikda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2021-yil 1-avgustdan o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan ayrim hujjatlari
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-oktabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5552-son Farmonining 2-bandi sakkizinchi xatboshisi, shuningdek 2-ilovasining 3-bandi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-martdagi “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlarini ajratish orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6186-son Farmonining 14-bandi “g” va “d” kichik bandlari.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-sentabrdagi “Hududlarda tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini jadal amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3939-son qarori.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 18-martdagi “Chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4243-son qarorining 5-bandi.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4575-son qarorining 2-bandi 4-kichik bandi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5048-son qarorining 4-bandi “g” kichik bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 1-martdagi 51-son qarori bilan tasdiqlangan Bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari to‘g‘risidagi nizomning 3-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxatining 41-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 25-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sug‘orish, tayyorlash va saqlash bo‘yicha yengil konstruksiyali infratuzilma obyektlarini qurish uchun yer uchastkasi ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 167-son qarori.
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.