O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
25 – MART, 2024-y.
153-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING “TEXNIK JIHATDAN TARTIBGA SOLISH TO‘G‘RISIDA”GI QONUNINI AMALGA OSHIRISH CHORA-TADBIRLARI HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirishni ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq:
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi maxsus vakolatli davlat organi va (yoki) vakolatli respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzurida texnik reglamentlar loyihalarini, ularga doir o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hamda ularga oid xulosalar tayyorlash uchun tuzilishi;
yangi texnik reglament ishlab chiqilgan yoki amaldagilariga o‘zgartirishlar kiritilgan taqdirda, texnik reglamentlarni ishlab chiquvchilar Jahon savdo tashkilotiga (keyingi o‘rinlarda — JST) a’zo davlatlar va manfaatdor tomonlarga Axborot markazi orqali tegishli axborot (xabarnoma)larni taqdim qilishi nazarda tutilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. JSTning Savdodagi texnik to‘siqlar (keyingi o‘rinlarda — STT) to‘g‘risidagi bitimi doirasida ma’lumot almashish va STT masalalari bo‘yicha xabar berish funksiyalarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston Standartlar instituti tuzilmasida xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida 4 ta shtat birligi ajratilgan holda, Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi (keyingi o‘rinlarda — Axborot markazi) tashkil etilsin.
Axborot markaziga respublikada texnik reglamentlar va muvofiqlikni baholash tartib-qoidalarini ishlab chiqish, qabul qilish va amaliyotda qo‘llash bo‘yicha JST kotibiyati, JSTga a’zo davlatlar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan axborot almashish bo‘yicha hamkorlik qilish vazifalari yuklansin.
Ijro etuvchi hokimiyat organlari JST kotibiyati va unga a’zo davlatlarni STT masalalari bo‘yicha xabardor qilish va ular tomonidan kelib tushgan so‘rovlarga o‘z vakolati doirasida batafsil javob tayyorlashi hamda zarur ma’lumotlar bilan birga Axborot markaziga taqdim etilishini ta’minlasin.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi:
a) Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq:
ekspert komissiyasini shakllantirishning umumiy qoidalari;
ekspert komissiyasining vazifa va huquqlari, komissiya a’zolarining majburiyatlari va javobgarligi;
ekspert komissiyasi faoliyatini tashkil etish, komissiyaning ishchi organlari vakolatlari;
ishlab chiqilgan texnik reglamentlar, ularga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish tartibi;
b) Savdodagi texnik to‘siqlar bo‘yicha axborot markazi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Axborot markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishi;
JST Kotibiyatiga va boshqa manfaatdor tomonlarga xabarnomalarni tayyorlash va taqdim etish tartibi;
JSTga a’zo mamlakatlardan STT sohasida ishlab chiqilishi rejalashtirilayotgan yoki qabul qilingan hujjatlar to‘g‘risidagi xabarnomalarni qabul qilish, qayta ishlash va muhokama qilish tartibi;
JSTning STT bo‘yicha xabarnomasi shakli, uni to‘ldirish yo‘riqnomasi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 4-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 25-martdagi 153-son qaroriga
1-ILOVA
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi to‘g‘risida
NIZOM
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasini (keyingi o‘rinlarda — ekspert komissiyasi) shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ekspert komissiyasi ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni, texnik reglamentlarga kiritiladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihalarini (keyingi o‘rinlarda — texnik reglamentlar loyihalari) ekspertizadan o‘tkazish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar hamda ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va (yoki) tegishli sohada davlat siyosatini yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari (keyingi o‘rinlarda — vakolatli organlar) huzurida tuziladi.
3. Texnik reglamentlar loyihalari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini baholash, shuningdek, mahsulotlar va (yoki) jarayonning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan minimal talablar yetarli darajada belgilanganligini, ular respublikaning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligini, moddiy-texnik bazani hamda ilmiy-texnik jihatdan rivojlantirish darajasiga muvofiqligini tahlil qilish maqsadida ekspertizaga yuboriladi.
4. Ekspert komissiyasi o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
5. Ekspert komissiyasining tarkibi vakolatli organ rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
II BOB. EKSPERT KOMISSIYASINING VAZIFALARI VA HUQUQLARI
6. Quyidagilar ekspert komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
ishlab chiqilgan texnik reglament loyihalarini ekspertizadan o‘tkazish;
texnik reglamentlarni qabul qilishga asos bo‘lgan holatlar yoki sabablar endilikda mavjud bo‘lmasa yoxud ushbu holatlar yoki sabablarning o‘zgarishi savdoga nisbatan kamroq cheklovli ta’sir ko‘rsatadigan usullardan foydalanishga imkon beradigan hollarda texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflarni tayyorlash;
o‘z vakolatlari doirasida xulosalar berish, texnik reglamentlarni tasdiqlash yoki takomillashtirishga qaytadan yuborish bo‘yicha takliflar kiritish.
7. Ekspert komissiyasi quyidagi huquqlarga ega:
texnik reglamentlarni ekspertizadan o‘tkazishga davlat organlari va tashkilotlari, loyihalashtirish, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari mutaxassislarini jalb etish;
ishlab chiquvchi tashkilotlardan, ya’ni davlat organlari va tashkilotlaridan texnik reglamentlar loyihalari bo‘yicha zarur axborotni so‘rash va olish;
o‘z vakolatlari doirasida tegishli vakolatli organ orqali Vazirlar Mahkamasiga texnik reglamentlarga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish yuzasidan takliflar kiritish;
texnik reglament loyihasining talablari bo‘yicha tushuntirish berish uchun ishlab chiquvchilarni jalb qilish.
III BOB. EKSPERT KOMISSIYASI A’ZOLARINING MAJBURIYATLARI VA JAVOBGARLIGI
8. Ekspert komissiyasi a’zolari:
ekspert komissiyasi ishida, qarorlar qabul qilinishida ovoz berishda qatnashishi;
ko‘rib chiqish uchun kiritilayotgan texnik reglamentlarning loyihalari bo‘yicha tegishli xulosalarni o‘z vaqtida taqdim etishi;
ushbu Nizom talablariga rioya qilishi lozim.
9. Ekspert komissiyasi a’zolari ishlab chiqilgan texnik reglamentlar loyihalari, texnik reglamentlarga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertizaning to‘liqligi va xolisligi, shuningdek, texnik reglamentlarni bekor qilish bo‘yicha takliflar, ular yuzasidan xulosalar tayyorlanishi hamda taqdim etilishi uchun javobgar hisoblanadilar.
IV BOB. EKSPERT KOMISSIYASINI SHAKLLANTIRISH
10. Ekspert komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, komissiya kotibi va a’zolaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Ekspert komissiyasining a’zolari soni toq va komissiya raisini o‘z ichiga olgan holda kamida 7 kishidan iborat bo‘lishi kerak.
11. Vakolatli organning rahbari yoki rahbarning o‘rinbosari ekspert komissiyasi raisi hisoblanadi.
12. Ekspert komissiyasi tarkibiga:
texnik reglamentlar talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiradigan vakolatli organlar va respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakillari;
iqtisodiyot tarmoqlaridagi tadbirkorlik subyektlari (umumiy tarkibga nisbatan 30 foizdan kam bo‘lmasligi kerak), Savdo-sanoat palatasi vakillari;
loyihalashtirish, ilmiy-texnik va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari hamda laboratoriyalar mutaxassislari kiritiladi.
13. Texnik jihatdan tartibga solish obyektining tarmoq mansubligidan kelib chiqqan holda texnik reglament ko‘rib chiqilishidan manfaatdor bo‘lgan:
texnik reglamentni joriy etadigan davlat organlari va tashkilotlari;
qayta ko‘rib chiqilishi, o‘zgartirishlar kiritilishi yoki texnik reglamentlar qabul qilinishi munosabati bilan bekor qilinishi lozim bo‘lgan mahsulotga, jarayonlarga o‘zaro bog‘liq normativ hujjatlarni tasdiqlagan (qo‘llaydigan) davlat organlari va tashkilotlari, texnik qo‘mitalarning yetakchi olimlari va mutaxassislari ham ekspert komissiyasi tarkibiga kiritilishi mumkin.
14. Ekspert komissiyasi tarkibi ushbu Nizomning 12-13-bandlarida ko‘rsatilgan tashkilotlar taklifi bo‘yicha vakolatli organning qarori bilan tasdiqlanadi.
V BOB. EKSPERT KOMISSIYASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
15. Ekspert komissiyasiga rais rahbarlik qiladi.
Ekspert komissiyasi raisi:
kun tartibini belgilaydi va ekspert komissiyasining majlislarini chaqiradi;
ekspert komissiyasiga yuklangan vazifalarning bajarilishi bo‘yicha komissiya a’zolari ishini muvofiqlashtiradi;
ekspert komissiyasining samarali ishlashini ta’minlaydi.
16. Ekspert komissiyasi majlisini rais olib boradi. Ekspert komissiyasi majlisi unda komissiya a’zolarining to‘rtdan uch qismi qatnashganda huquqiy vakolatli bo‘ladi. Komissiya raisi ishtirok etmagan taqdirda, majlisni uning o‘rinbosari olib boradi.
17. Ekspert komissiyasining kotibi etib vakolatli organning mas’ul xodimi tayinlanadi.
Kotib:
ekspertizaga kelib tushgan texnik reglament loyihalari va tegishli hujjatlar to‘plamini ekspert komissiyasi a’zolariga yetkazadi;
navbatdagi majlisga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
kun tartibidagi masalalar bo‘yicha ekspert komissiyasi majlislarini o‘tkazish muddati va joyini, shuningdek, taklif etiluvchilarni ekspert komissiyasi raisi bilan kelishadi;
Ekspert komissiyasining a’zolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning o‘tkaziladigan sanasi, vaqti hamda joyi haqida xabardor qiladi.
18. Uzrli sabablarga ko‘ra majlisda qatnashmagan komissiya a’zolarini, ularning ovoz berish huquqisiz qatnashayotgan vakillari bilan almashtirish mumkin.
VI BOB. EKSPERT KOMISSIYASIGA HUJJATLAR TO‘PLAMINI TAQDIM ETISH VA EKSPERTIZA O‘TKAZISH TARTIBI
19. Texnik reglament loyihalari ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga asosan ekspertizadan o‘tkaziladi.
20. Davlat organlari va tashkilotlari texnik reglamentlar loyihalarini vakolatli organlar huzuridagi ekspert komissiyasiga ekspertizadan o‘tkazish uchun quyidagilarni ilova qilgan holda kiritadi:
texnik reglament yoki texnik reglamentga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar loyihasi;
texnik reglamentni ishlab chiqish to‘g‘risidagi ma’lumotlar e’lon qilinganligini tasdiqlovchi loyihani ishlab chiqish to‘g‘risidagi xabarnoma nusxasi;
texnik reglament loyihasi bo‘yicha manfaatdor tomonlarning hamda jamoatchilik muhokamalari natijasida olingan mulohazalar haqidagi ma’lumotnoma;
texnik reglament loyihasini manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishish natijalari to‘g‘risida kelishmovchiliklar jadvali (agar mavjud bo‘lsa);
qabul qilinishi texnik reglament talablariga rioya etilishini ta’minlaydigan standartlar ro‘yxati;
texnik reglamentda belgilangan mahsulotlar muvofiqligini baholash uchun zarur bo‘lgan namunalar olish, sinash va o‘lchash usullarini belgilaydigan standartlarning ro‘yxati;
texnik reglamentni amalga oshirish bo‘yicha tashkiliy va texnik tadbirlar rejasi.
21. Ekspert komissiyasi texnik reglament loyihasini ko‘rib chiqish davomida qo‘shimcha materiallarni, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha hisobotlarni (ishlab chiqarishni texnologik jihatdan tayyorlash natijalarini, sinash laboratoriyalari akkreditatsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqalar) so‘rashga haqli.
22. Texnik reglament loyihasi ekspert komissiyasi tomonidan uning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat siyosatiga, O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonuniga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Texnik reglament loyihasining ekspertizasi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:
texnik reglament loyihasi sifatli ishlab chiqilganligi, asoslanganligi, dolzarbligi va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi baholanadi;
mahsulotlar va (yoki) jarayonning xavfsizligini ta’minlash uchun zarur minimal talablar yetarli belgilanganligi, ushbu talablar respublikaning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi, moddiy-texnik bazani hamda ilmiy-texnik jihatdan rivojlantirish darajasiga muvofiqligi tahlil qilinadi;
texnik reglamentni qabul qilishdan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlar tahlil qilinadi;
texnik reglament loyihasi texnik reglament bayoni va mazmunining to‘g‘riligi, ekologik norma va talablarga muvofiqligi, o‘lchashlarni yagona birlikda bo‘lishini ta’minlash tizimiga muvofiqligi hamda davlat va tarmoq terminologik standartlarida belgilangan ilmiy-texnik atamalar qo‘llanilishi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqiladi.
23. Ekspert komissiyasi a’zosi texnik reglament loyihasi olingan paytdan boshlab 15 kalendar kundan ortiq bo‘lmagan muddatda ekspertiza natijalari bo‘yicha o‘z mulohaza va takliflarini ekspert komissiyasi kotibiga taqdim qiladi.
VII BOB. EKSPERT KOMISSIYASI TOMONIDAN QAROR QABUL QILISH VA UNING BAJARILISHINI TASHKIL ETISH
24. Ekspert komissiyasi majlisida texnik reglament loyihasi yuzasidan ekspertiza natijalari asosidagi mulohaza va takliflar bo‘yicha ma’lumotnomalar yoki texnik reglamentlarni bekor qilish to‘g‘risidagi takliflar va ular yuzasidan xulosalar ko‘rib chiqiladi.
25. Texnik reglamentni ishlab chiquvchi ekspert komissiyasining yakuniy yig‘ilishida ishtirok etadi. Munozarali masalalar yuzaga kelganda, ishlab chiquvchi ekspert komissiyasiga tegishli xalqaro va (yoki) mintaqaviy standartlarni, qoidalarni hisobga olgan holda ilmiy ma’lumotlarga asoslangan ma’lumotlarni taqdim etishi kerak.
26. Ekspert komissiyasi qarori majlisda ishtirok etgan komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Ekspert komissiyasi a’zosining komissiyaning qabul qilingan qaroridan farq qiladigan alohida fikri majlis bayonida aks ettiriladi yoki yozma shaklda alohida rasmiylashtiriladi hamda ekspert komissiyasi majlisi bayonining uzviy qismi hisoblanadi.
27. Ekspert komissiyasi texnik reglament loyihasi ekspertizasini yakunlab qaror qabul qilgandan so‘ng ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq xulosa tayyorlaydi, unda texnik reglamentning O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga, xalqaro normalar va qoidalarga muvofiqligi yuzasidan asosli xulosalar bo‘lishi lozim.
28. Ekspertiza natijalari bo‘yicha xulosaga ekspert komissiyasining barcha a’zolari tomonidan imzo (viza) qo‘yiladi, komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda komissiya a’zolariga hamda manfaatdor tomonlarga yuboriladi.
29. Ekspert komissiyasining xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirda, texnik reglamentlar loyihalari tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
30. Vakolatli organlar ekspert komissiyasining yakuniy xulosasini veb-saytda e’lon qiladi, shuningdek, belgilangan tartibda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi mas’ul vakolatli davlat organi — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga rasmiy veb-saytida e’lon qilish uchun taqdim etadi.
31. Texnik reglament loyihasi bo‘yicha ekspert komissiyasi xulosasini berishning umumiy muddati loyiha kelib tushgan sanadan boshlab 30 kalendar kundan oshmasligi kerak.
32. Ekspert komissiyasi xulosasining asl nusxasi va unga doir materiallar vakolatli organda saqlanadi.
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.