XALQARO MOLIYA INSTITUTLARI VA DONOR MAMLAKATLAR ISHTIROKIDAGI INVESTITSIYA LOYIHALARINI BOSHQARISH MEXANIZMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI DD 21.06.2018 y. PQ-3796-son

.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

21.06.2018 y.

PQ-3796-son

.

XALQARO MOLIYA INSTITUTLARI VA DONOR MAMLAKATLAR ISHTIROKIDAGI INVESTITSIYA LOYIHALARINI BOSHQARISH MEXANIZMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

.

Mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalarini samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlar mablag‘larini faol jalb etish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar olib borilmoqda.

.

Iqtisodiy jihatdan asoslantirilgan investitsiya loyihalarining ularni moliyalashtirish manbalari aniq belgilangan holda samarali amalga oshirilishini taʼminlaydigan, shuningdek, ularni amalga oshirish bo‘yicha mablag‘larning nooqilona sarflanishini istisno etadigan, mamlakatni rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirish va moliyalashtirishning sifat jihatdan yangi tartibi joriy etildi.

.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlil natijalari xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda XMI va XHMT deb yuritiladi) ishtirokidagi investitsiya loyihalarini boshqarish tizimida mazkur sohadagi ishlarni samarali tashkil etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatdi, jumladan:

birinchidan, investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishi ustidan nazoratni tashkil etishga doir tizimli yondashuvning mavjud emasligi sansalorlikka, ajratilayotgan qarz va grant mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilmasligiga, shuningdek, loyihalarni yakunlash muddatlari asossiz ravishda cho‘zib yuborilishiga olib kelmoqda;

.

ikkinchidan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun masʼul bo‘lgan tegishli tuzilmalar faoliyatini tashkil etish masalalari lozim darajada tartibga solinmagani loyihalarni amalga oshirishga doir majburiyatlarning takrorlanishiga hamda bu uchun zarur resurs va imkoniyatlarga ega bo‘lmagan tashkilotlar zimmasiga yuklanishiga olib kelmoqda;

.

uchinchidan, investitsiya loyihalarini amalga oshirishdagi tor idoraviy yondashuvlar loyihalarni amalga oshirish (muvofiqlashtirish) guruhlarining (keyingi o‘rinlarda — LAOG) ishi samarasiz tashkil etilishiga, shuningdek, LAOG xodimlari investitsiya loyihalarining asosiy vazifa va maqsadlari bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatga chalg‘ishiga sabab bo‘lmoqda;

.

to‘rtinchidan, bir ijro etuvchi agentlik doirasida ko‘plab tarqoq LAOGlar mavjudligi investitsiya loyihalarini boshqarish uchun xarajatlarning asossiz ravishda ortishiga olib kelmoqda;

.

beshinchidan, LAOGlar uchun xodimlar tanlab olish ishlari talab darajasida emasligi LAOGlarni ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishga qodir bo‘lgan malakali kadrlar bilan to‘ldirish imkonini bermayapti.

.

LAOGlarning XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir faoliyati samaradorligini oshirish, qarz va grant mablag‘larining o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, investitsiya loyihalari doirasida ko‘zlangan maqsadlarga erishish maqsadida:

.

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:

.

a) XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasidagi ijro etuvchi agentliklar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lgan Loyiha ofisi (keyingi o‘rinlardaLoyiha ofisi) funksiyalarini O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklash;

.

b) LAOGlarni ijro etuvchi agentliklar bo‘ysunuvidan chiqarish va Loyiha ofisi bo‘ysunuviga o‘tkazish;

.

v) tegishli loyihalar doirasida belgilangan ijro etuvchi agentliklar zimmasiga quyidagilar uchun masʼul bo‘lgan investitsiya loyihasi buyurtmachisi funksiyalarini yuklash:

.

investitsiya loyihasining natijalariga doir asosiy talablarni belgilash va uni amalga oshirish samaradorligining muhim ko‘rsatkichlariga erishish;

.

investitsiya loyihalarining loyihaoldi, loyiha va tender (tanlov) hujjatlari qonun hujjatlarida, zarur hollarda esa, XMI va XHMT qoidalari va tartib-taomillarida belgilangan tartibda ishlab chiqilishini tashkil etish;

.

Loyiha ofisi bilan birgalikda investitsiya loyihasi amalga oshirilishining borishini taʼsirchan monitoring qilish hamda loyiha hujjatlarida tasdiqlangan parametrlarga erishish ustidan nazoratni amalga oshirish;

.

investitsiya loyihalarini amalga oshirishning oraliq va yakuniy natijalarini qabul qilib olishni tashkil etish.

.

2. Quyidagilar Loyiha ofisining asosiy vazifalari etib belgilansin:

.

LAOGlar faoliyatini tizimli ravishda tanqidiy o‘rganishni hamda muvofiqlashtirishni amalga oshirish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish;

.

investitsiya loyihalarining loyihaoldi, loyiha va tender (tanlov) hujjatlari qonun hujjatlarida, zarur hollarda esa, XMI va XHMT qoidalari va tartib-taomillarida belgilangan tartibda o‘z vaqtida ishlab chiqilishini nazorat qilish;

.

tasdiqlangan tarmoq jadvallariga muvofiq investitsiya loyihalarini o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish tadbirlarini ishlab chiqish va ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

.

LAOGlarga rahbarlar tanlash va ularni tasdiqlash hamda LAOGlar tarkibini malakali mutaxassislardan shakllantirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish, shuningdek, ular malaka darajasining investitsiya loyihalarini boshqarish sohasidagi talablarga mosligini aniqlash;

.

tasdiqlangan tender (tanlov) hujjatlariga muvofiq tender (tanlov) savdolarining tashkil etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

.

investitsiya loyihalarining tuzilgan shartnomalarga muvofiq o‘z vaqtida moliyalashtirilishini hamda qarz va grant mablag‘larining XMI va XHMT bilan kelishuvlarga muvofiq o‘zlashtirilishini monitoring qilish;

.

investitsiya loyihalari buyurtmachilari bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini hamda loyiha hujjatlari bilan tasdiqlangan parametrlarga erishishni taʼminlash borasida o‘zaro hamkorlik qilish;

.

LAOGlarning XMI va XHMT, investitsiya loyihalari buyurtmachilari, shuningdek, vakolatli vazirlik va idoralar bilan investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasidagi o‘zaro hamkorligini muvofiqlashtirish;

.

LAOGlardan investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida hisobotlar va zarur axborot olish hamda, zarur hollarda, taqdim etilgan axborotning haqqoniyligini o‘rganish maqsadida joylarga chiqish;

.

investitsiya loyihalarini samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni hal etishda, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish orqali ko‘maklashish;

.

XMI va XHMT ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borish hamda ularni muvofiqlashtirish;

.

XMI va XHMT ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bo‘yicha XMI va XHMTning baholasholdi hamda baholash missiyalari ishini tashkil etishda ko‘maklashish, shuningdek, XMI va XHMT delegatsiyalari, missiyalari, vakillariga tashkiliy, axborot va maslahat yordamini ko‘rsatish.

.

Loyiha ofisi qonun hujjatlariga, shuningdek, XMI va XHMT qoidalari hamda tartib-taomillariga muvofiq бошқа вазифаларни ҳам амалга ошириши мумкин.

.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

.

Loyiha ofisi investitsiya loyihalari amalga oshirilishining borishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga muntazam ravishda axborot kiritib boradi;

.

Loyiha ofisining XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga doir qarorlari ijro etuvchi agentliklar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari uchun majburiydir.

.

4. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

.

a) bir oy muddatda XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha, jumladan, ijro etuvchi agentliklarning loyihalarni amalga oshirish uchun javobgarligini kuchaytirishni nazarda tutuvchi aniq takliflar ishlab chiqish maqsadida xalqaro konsultantlarni jalb etishni taʼminlasin;

.

b) bir oy muddatda amaldagi LAOGlar faoliyatini, uning samaradorligini, LAOGlar faoliyatini tashkil etishda qonun hujjatlariga rioya etilishi, shuningdek, ular zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi holatini o‘rgansin hamda chuqur tahlil qilsin;

.

v) 2018 yil 1 sentyabrga qadar muddatda xalqaro konsultantlar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar va LAOGlar faoliyati samaradorligini tahlil qilish natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining:

.

moliyalashtiruvchi XMI va XHMT bilan kelishilgan holda LAOGlar sonini ularni birlashtirish yoki tugatish orqali qisqartirishni, shuningdek, ularda mehnat qilayotgan xodimlar sonini maqbullashtirishni;

.

XMI va XHMT ishtirokida ko‘rib chiqilatyogan va amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini idoralararo muvofiqlashtirish tartibini belgilashni, shuningdek, loyihalarni boshqarish, jumladan, davlat xaridlarini amalga oshirish hamda buxgalteriya hisobini yuritish sohasida xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutuvchi qarori loyihasini kiritsin.

.

5. Belgilansinki, mazkur qarorning 4-bandi “v” kichik bandida nazarda tutilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilingunga qadar LAOGlar va ijro etuvchi agentliklarning investitsiya loyihalari bo‘yicha joriy tadbirlarni bajarishga doir funksiyalari avval belgilangan tartibga muvofiq saqlanib qoladi.

.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.

.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat __23.05_____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.