O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA “YASHIL” IQTISODIYOTGA O‘TISHDA MILLIY SHAFFOFLIK TIZIMINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING DD QARORI 2024 – y, 5 – IYUN № PQ – 213-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING

QARORI

2024 – y, 5 IYUN

PQ 213-son

.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA “YASHIL” IQTISODIYOTGA O‘TISHDA MILLIY SHAFFOFLIK TIZIMINI JORIY ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA

Mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotni jadal rivojlantirish, ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq ushbu yo‘nalishda shaffoflik darajasini tubdan oshirish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-436-son qarorida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimining (keyingi o‘rinlarda — Parij bitimi) 13-moddasida issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishda mamlakatlar tomonidan iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatish va unga moslashish choralari ko‘rilishi hisobidan erishilgan natijalarni doimiy ravishda baholab borish maqsadida takomillashtirilgan shaffoflik tizimini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilganligi;

Parij bitimiga muvofiq, shaffoflik tizimi orqali issiqxona gazlari ajratmalari monitoringi natijalari va hisobotlarni, shuningdek, iqlim o‘zgarishiga moslashish jarayonlariga oid ma’lumotlarni jamoatchilik e’tiboriga yetkazib borish talab etilishi;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi “2030-yilgacha O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-436-son qarorida milliy miqyosda issiqxona gazlari ajratmalarining monitoringi, hisoboti va tekshiruvi bo‘yicha shaffoflik tizimini (keyingi o‘rinlarda — MRV tizimi) yaratish va rivojlantirish belgilanganligi;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Ekologiya vazirligi) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilg‘or xalqaro standartlar va xorijiy tajriba asosida O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasi ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimini joriy etish konsepsiyasini tasdiqlasin.

3. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishda milliy shaffoflik tizimi (keyingi o‘rinlarda — milliy shaffoflik tizimi) doirasida:

a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi milliy shaffoflik tizimining milliy organi hisoblanadi va u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Ekologiya vazirligi bilan birgalikda Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (keyingi o‘rinlarda — tarmoq muvofiqlashtiruvchilari) ishini samarali yo‘lga qo‘yish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;

2025-yildan boshlab har 5 yilda Parij bitimi doirasida iqtisodiy va ijtimoiy ta’sirni baholash asosida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish bo‘yicha milliy majburiyatni belgilash;

MRV tizimi talablariga muvofiq taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘liqligi, to‘g‘riligi va sifatini nazorat qilish;

iqtisodiyot, shu jumladan sanoat tarmoqlarida issiqxona gazlari ajratmalari qisqartirilishini muvofiqlashtirish va tartibga solish;

MRV tizimini ishlab chiqish, joriy etish va yuritish, shu jumladan barcha MRV tizimi hisobot elementlarini qo‘llab-quvvatlash uchun onlayn platforma ishlab chiqish va joriy etish;

issiqxona gazlari ajratmalari qisqartirilishining milliy reyestrini joriy etish, qisqartirilgan issiqxona gazlarining milliy va xalqaro darajadagi savdosini muvofiqlashtirish, bunda birinchi navbatda milliy manfaatlarni inobatga olgan holda, xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash;

b) Ekologiya vazirligi quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi doirasida Issiqxona gazlari xatlovi milliy hisobotini tayyorlash, tasdiqlangan hisobotni Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi milliy axborot hamda ikki yillik shaffoflik hisobotlariga integratsiya qilish;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda, milliy ehtiyojlar, imkoniyatlar va tartiblarga muvofiq rasmiy hisobotlarni tayyorlash hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi kotibiyatiga taqdim etib borish;

muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish, muhofaza etish, o‘rmon fondini kengaytirish, daraxtzorlarni barpo etish va qayta tiklash omillariga ko‘ra issiqxona gazlari yutilishiga oid ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash;

v) tarmoq muvofiqlashtiruvchilari Ekologiya vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa vazirliklar, idoralar hamda tashkilotlar bilan birgalikda quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:

tarmoq bo‘yicha issiqxona gazlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash, ularning shaffofligini ta’minlash va boshqa ma’lumotlar bilan integratsiya qilish hamda xatlov hisobotini tayyorlashda ishtirok etish;

tarmoqda issiqxona gazlari ajratmalarini xatlovdan o‘tkazish va uning natijasida to‘plangan hamda qayta ishlangan ma’lumotlarni milliy organga taqdim etib borish hamda ularning “Yashil iqtisodiyot” onlayn platformasiga davriy yuklab borilishini ta’minlash.

4. O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashga (J. Qo‘chqorov) issiqxona gazlarining xatlovi bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:

issiqxona gazlari xatlovi hisobotini tasdiqlash;

xatlov tizimining ichki qoidalarini tasdiqlash va yangilab borish;

issiqxona gazlari ajratmalarini kamaytirish faoliyatini muvofiqlashtirish;

xatlov tizimi ishtirokchilarining salohiyatini oshirish choralarini ko‘rish.

5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ekologiya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) 2024-yil 1-dekabrga qadar milliy shaffoflik tizimi onlayn platformasi (keyingi o‘rinlarda — onlayn platforma) ishga tushirilishini va uning “Yashil” iqtisodiyot onlayn platformasiga integratsiya qilinishini;

b) 2025-yil 1-yanvarga qadar tajriba-sinov tariqasida muayyan soha, hudud va korxonalarda issiqxona gazlari ajratmalari xatlovdan o‘tkazilishini ta’minlasin.

Bunda onlayn platformaning faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Yashil” iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan muvofiqlashtiriladi;

v) onlayn platforma ishga tushirilgandan so‘ng uch oy muddatda MRV tizimini joriy etishga oid quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

issiqxona gazlari ajratmalari hajmi bo‘yicha o‘zaro kross-tekshiruvlar va hisob-kitob sifatini aniqlash tekshiruvlari ro‘yxatini yuritish;

issiqxona gazlari ajratmalarini qisqartirish va ularni xatlovdan o‘tkazish uchun hududga xos yondashuvlarni ishlab chiqish, xususan, respublika hududlari bo‘yicha issiqxona gazlari ajratmalari hajmini hisoblash va kamaytirishning maqsadli ko‘rsatkichlari hamda prognozlarini belgilash;

xatlov natijalarini mustaqil tekshirish tizimlarini yo‘lga qo‘yish, shu jumladan energetika sohasidagi tashkilotlarda metan gazi ajratmalarini hisoblashda sun’iy yo‘ldosh kuzatuvlaridan foydalanish.

6. Ekologiya vazirligi va Gidrometeorologiya xizmati agentligi:

ikki oy muddatda onlayn platforma samarali ishga tushirilishini ta’minlash maqsadida 1990 — 2023-yillar kesimida issiqxona gazlari ajratmalari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etsin;

Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda issiqxona gazlari ajratmalari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar onlayn platformaga joylashtirilishini ta’minlasin.

7. Ekologiya vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda energiya resurslaridan bilvosita hosil bo‘ladigan issiqxona gazlari ajratmalari hajmini aniqlash, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan issiqxona gazlari ajratmalari hajmini hisoblash bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalarni (ko‘rsatmalarni) ishlab chiqib, tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Idoralararo kengash tarkibining matni ilovaga muvofiq tahrirda bayon etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri A.A. Abduxakimov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi PQ-213-son qaroriga

ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-dekabrdagi PQ-436-son qaroriga kiritilayotgan

O‘ZGARTIRISH

“O‘zbekiston Respublikasida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish choralarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash

TARKIBI

1.

J.A. Qo‘chqorov

Bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri, Idoralararo kengash raisi

2.

A.A. Abduxakimov

ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, Idoralararo kengash raisi o‘rinbosari

3.

J.T. Mirzamahmudov

energetika vaziri

4.

I.Y. Abduraxmonov

qishloq xo‘jaligi vaziri

5.

Sh.R. Xamrayev

suv xo‘jaligi vaziri

6.

I.R. Maxkamov

transport vaziri

7.

Sh.X. Shermatov

raqamli texnologiyalar vaziri

8.

B.I. Zakirov

qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri

9.

A.X. Kuldashev

favqulodda vaziyatlar vaziri

10.

I.I. Norqulov

iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari

11.

Sh.H. Daliyev

oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari

12.

B.A. Begalov

Statistika agentligi direktori

13.

Sh.X. Xabibullayev

Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori

Izoh:

Idoralararo kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Zarur hollarda, Idoralararo kengash ishiga boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar vakillari jalb qilinishi mumkin”.

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.  

.

.