XALQARO TIJORAT ARBITRAJI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI DD 16-FEVRAL, 2021-yil O‘RQ-674-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING

QONUNI

 16-FEVRAL, 2021-yil

O‘RQ-674-son

.

XALQARO TIJORAT ARBITRAJI TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2020-yil 5-avgustda qabul qilingan

Senat tomonidan 2020-yil 11-sentabrda ma’qullangan

.

I BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi xalqaro tijorat arbitrajlarining faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunchilik

Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ushbu Qonunning xalqaro mansubligi va asosiy prinsiplari

Ushbu Qonun normalarini sharhlashda uning xalqaro mansubligini hamda uning qo‘llanilishida bir xillikka erishishga va halollikka rioya etilishiga ko‘maklashish zaruratini hisobga olish lozim.

Ushbu Qonunni tartibga solish predmetiga taalluqli bo‘lgan va unda to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal etilmagan masalalar ushbu Qonun asoslangan umumiy prinsiplarga muvofiq hal etilishi lozim.

4-modda. Ushbu Qonunning qo‘llanilish sohasi

Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasi va boshqa davlat (davlatlar) o‘rtasida amalda bo‘lgan kelishuvlarga rioya etgan holda xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo‘llaniladi.

Xalqaro tijorat arbitrajiga taraflarning kelishuviga binoan tijorat xususiyatiga ega bo‘lgan ham shartnomaviy, ham shartnomadan tashqari barcha munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar berilishi mumkin.

Ushbu Qonunning qoidalari, bundan 13, 14, 30, 31, 32, 51 va 52-moddalar mustasno, faqat arbitraj joyi O‘zbekiston Respublikasida joylashgan holdagina qo‘llaniladi.

Agar:

1) arbitraj kelishuvi taraflarining tijorat korxonalari uni tuzish paytida turli davlatlarda joylashgan bo‘lsa; yoki

2) quyidagi joylardan biri taraflar o‘z tijorat korxonalariga ega bo‘lgan davlatdan tashqarida joylashgan bo‘lsa:

a) arbitraj joyi, agar u arbitraj kelishuvida yoki unga muvofiq belgilangan bo‘lsa;

b) tijorat munosabatlaridan kelib chiqadigan majburiyatlarning katta qismi ijro etilishi kerak bo‘lgan har qanday joy yoki nizo predmeti bilan ko‘proq chambarchas bog‘liq bo‘lgan joy; yoki

3) taraflar arbitraj kelishuvining predmeti bittadan ko‘proq mamlakat bilan bog‘liq ekanligi to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishib olgan bo‘lsa, arbitraj xalqaro deb hisoblanadi.

Ushbu modda to‘rtinchi qismining maqsadlari uchun, agar taraf:

1) bittadan ortiq tijorat korxonasiga ega bo‘lsa, arbitraj kelishuvi bilan ko‘proq chambarchas aloqaga ega bo‘lgani tijorat korxonasi hisoblanadi;

2) tijorat korxonasiga ega bo‘lmasa, uning odatdagi joylashgan yeri (yashash joyi) e’tiborga olinadi.

Ushbu Qonun muayyan nizolarni arbitrajga topshirish mumkin emasligi yoki bu nizolarni arbitrajga faqat ushbu Qonunning qoidalari hisoblanmaydigan qoidalarga muvofiq topshirish mumkinligi belgilangan har qanday boshqa O‘zbekiston Respublikasi qonunining amal qilishiga ta’sir qilmaydi.

5-modda. Asosiy tushunchalar va sharhlash qoidalari

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

arbitraj — doimiy arbitraj muassasasi yoki muayyan nizoni hal qilish uchun tashkil etiladigan arbitraj sudi tomonidan amalga oshirilishidan qat’i nazar, nizoni hal etish tartib-taomili;

arbitraj muassasasi — xalqaro tijorat arbitrajini boshqaradigan tashkilot;

arbitr — taraflar tomonidan nizoni arbitrajda hal qilish uchun kelishilgan tartibda tayinlangan jismoniy shaxs;

arbitraj sudi — yakka tartibdagi arbitr yoki arbitrlar hay’ati;

sud — O‘zbekiston Respublikasi sud tizimining tegishli sudi.

Agar ushbu Qonunning biror-bir qoidasi muayyan masala yuzasidan qaror qabul qilish imkoniyatini taraflarga bersa, taraflar bunday qarorni qabul qilishni biror-bir uchinchi shaxsga, shu jumladan muassasasiga topshirishi mumkin, bundan 44-modda mustasno.

Agar ushbu Qonunning biror-bir qoidasida taraflarning shartlashib olganligiga yoki shartlashib olishi mumkinligiga doir havola yoxud taraflar kelishuviga doir har qanday boshqa havola mavjud bo‘lsa, bunday kelishuv unda ko‘rsatilgan har qanday arbitraj qoidalarini o‘z ichiga oladi.

Agar ushbu Qonunning biror-bir qoidasida, bundan 41-modda birinchi qismining 1-bandi va 48-modda ikkinchi qismining 1-bandi mustasno, da’voga oid havola mavjud bo‘lsa, bu qoida qarshi da’voga nisbatan ham qo‘llaniladi, agar qoidada e’tirozga havola mavjud bo‘lsa, ushbu qoida qarshi da’voga doir e’tirozga nisbatan ham qo‘llaniladi.

6-modda. Arbitrlarning va arbitraj muhokamasi boshqa ishtirokchilarining immuniteti

Arbitrlar, arbitraj tarkibi tomonidan tayinlangan ekspertlar, arbitraj muassasasi va uning xodimlari arbitraj muhokamasiga taalluqli har qanday harakatlar yoki harakatsizlik uchun, agar bunday harakat yoxud harakatsizlik qasddan sodir etilganligi isbotlanmasa, taraflar yoki boshqa shaxslar oldida javobgar bo‘lmaydi.

Ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilgan shaxslar arbitraj muhokamasiga taalluqli har qanday masala bo‘yicha biror-bir tushuntirishlarni berishga majbur emas yoki arbitraj muhokamasi natijasida kelib chiqqan sud yoki boshqa jarayonda guvoh sifatida jalb etilishi mumkin emas.

7-modda. Arbitraj sudining mustaqilligi

Arbitraj sudlari o‘z faoliyatida hech kimga bo‘ysunmaydi va mustaqildir. Arbitraj sudlarining faoliyatiga biror-bir aralashuvga, xuddi shuningdek unga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

8-modda. Sud aralashuvining chegaralari

Arbitraj sudining faoliyatiga hech qanday sud aralashuviga, mazkur Qonunda bunday aralashuv belgilangan hollardan tashqari, yo‘l qo‘yilmaydi.

9-modda. Sudning vakolati

Ushbu Qonun 16-moddasining uchinchi va to‘rtinchi qismlarida, 18-moddasining uchinchi qismida, 19-moddasida, 21-moddasining uchinchi qismida va 50-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan funksiyalar O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy sudlari tomonidan bajariladi.

10-modda. Yozma xabarlarni olish

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa:

1) har qanday yozma xabar, agar u oluvchiga shaxsan topshirilgan yoki uning tijorat tashkiloti odatdagi joylashgan yeri (yashash joyi) yoki pochta manzili bo‘yicha yetkazilgan bo‘lsa, olingan deb hisoblanadi; agar bularni oqilona surishtirib ma’lumotlar to‘plash yo‘li bilan aniqlash mumkin bo‘lmasa, yozma xabar oluvchiga buyurtma xat bilan yoki ushbu xabarni yetkazishga bo‘lgan urinishni qayd etishni nazarda tutadigan har qanday boshqa tarzda uning ma’lum bo‘lgan oxirgi tijorat korxonasining odatdagi joylashgan yeriga (yashash joyiga) yoki pochta manziliga yuborilgan bo‘lsa, yozma xabar olingan deb hisoblanadi;

2) xabar u yetkazib berilgan kunda olingan deb hisoblanadi.

Ushbu moddaning qoidasi sud muhokamasi jarayonidagi xabarlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

11-modda. E’tiroz bildirish huquqidan voz kechish

Agar taraf ushbu Qonunning taraflar voz kechishi mumkin bo‘lgan biror-bir qoidasiga yoki arbitraj kelishuvida nazarda tutilgan biror-bir talabga rioya etilmaganligini bilgan va shunga qaramay asossiz kechikishsiz bunday rioya etmaslikka qarshi e’tirozlar bildirmasdan arbitraj muhokamasida ishtirok etishni davom ettirgan yoki agar ushbu maqsad uchun biror-bir muddat nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday muddat o‘tgach, o‘zining e’tiroz bildirishga bo‘lgan huquqidan voz kechgan hisoblanadi.

2-BOB. ARBITRAJ KELISHUVI

12-modda. Arbitraj kelishuvining ta’rifi va shakli

Taraflarning shartnomaviy xususiyatga egaligidan yoki ega emasligidan qat’i nazar, biror-bir aniq huquqiy munosabat bilan bog‘liq bo‘lgan, ular o‘rtasida yuzaga kelgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha yoki muayyan nizolarni arbitrajga topshirish to‘g‘risidagi kelishuvi arbitraj kelishuvi hisoblanadi. Arbitraj kelishuvi shartnomaning arbitraj sharti yoki alohida kelishuv tarzida tuzilishi mumkin.

Arbitraj kelishuvi yozma shaklda tuziladi.

Agar arbitraj kelishuvining mazmuni arbitraj kelishuvi yoki shartnoma og‘zaki shaklda tuzilganligidan yoki tuzilmaganligidan qat’i nazar, taraflarning harakati asosida yoxud boshqa vositalar yordamida biror-bir shaklda qayd etilgan bo‘lsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.

Arbitraj kelishuvini yozma shaklda tuzish to‘g‘risidagi talab elektron xabar orqali, agar undagi axborot kelgusida undan foydalanish uchun ochiq bo‘lsa, qanoatlantiriladi.

Elektron xabar taraflar ma’lumotlarni yuborish orqali uzatadigan har qanday xabarni anglatsa; ma’lumotlardan xabardor qilish elektron, magnit, optik yoki xuddi shunday vositalar, shu jumladan elektron ma’lumotlar almashish, elektron pochta, telegramma, teleks va telefaks yordamida, biroq ular bilan cheklanmagan holda tayyorlangan, yuborilgan, qabul qilib olingan yoki saqlanayotgan axborotni anglatadi.

Bundan tashqari, arbitraj kelishuvi da’vo arizasini almashish va da’voga doir fikr bildirish orqali tuzilib, ularda taraflardan biri kelishuv mavjudligini tasdiqlayotgan, boshqasi esa bunga qarshi e’tiroz bildirmayotgan bo‘lsa, ushbu kelishuv yozma shaklda tuzilgan deb hisoblanadi.

Shartnomadagi arbitraj shartini o‘z ichiga olgan biror-bir hujjatga havola, basharti ushbu havola aytib o‘tilgan shartni shartnomaning bir qismiga aylantirsa, arbitraj kelishuvi hisoblanadi.

13-modda. Arbitraj kelishuvi va nizoning mazmuni bo‘yicha sudga da’vo taqdim etish

Arbitraj kelishuvining predmeti bo‘lgan masala yuzasidan o‘ziga da’vo taqdim etilgan sud, agar taraflardan istalgan biri nizoning mazmuni bo‘yicha o‘zining birinchi arizasini taqdim etishidan oldin bu haqda so‘ragan bo‘lsa, agar mazkur kelishuvning haqiqiy emasligini, o‘z kuchini yo‘qotganligini yoki bajarilishi mumkin emasligini aniqlamagan bo‘lsa, taraflarni arbitrajga yuborishi kerak.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan da’vo taqdim etilgan taqdirda, masala sudning ko‘rib chiqishida turgan bo‘lishiga qaramay, arbitraj muhokamasi boshlanishi yoki davom ettirilishi hamda arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilinishi mumkin.

14-modda. Arbitraj kelishuvi va sudning ta’minlash choralari

Tarafning ta’minlash choralarini ko‘rish haqida arbitraj muhokamasidan oldin yoki arbitraj muhokamasi vaqtida ariza bilan sudga murojaat qilganligi va sud tomonidan bunday choralarni ko‘rish to‘g‘risida ajrim chiqarilganligi arbitraj kelishuviga zid bo‘lmaydi.

3-BOB. ARBITRAJ SUDINING TARKIBI VA YURISDIKSIYASI

15-modda. Arbitrlar soni

Taraflar o‘z xohishiga ko‘ra arbitrlar sonini belgilashi mumkin. Bunday kelishuv bo‘lmaganda uch nafar arbitr tayinlanadi.

16-modda. Arbitrlarni tayinlash

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, hech bir shaxs o‘zining fuqaroligi sababli arbitr sifatida ishtirok etish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.

Basharti taraflar ushbu moddaning to‘rtinchi va beshinchi qismlari qoidalariga rioya etsa, arbitrni yoki arbitrlarni tayinlash tartib-taomilini o‘z xohishiga ko‘ra kelishib olishi mumkin.

Bunday kelishuv mavjud bo‘lmasa:

1) uch nafar arbitrli arbitrajda har bir taraf bittadan arbitrni tayinlaydi va shu tariqa tayinlangan ikki nafar arbitr uchinchi arbitrni tayinlaydi; agar bir taraf boshqa tarafning bu haqdagi iltimosi olingach o‘ttiz kun ichida arbitrni tayinlamasa yoki ikki arbitr o‘zi tayinlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida uchinchi arbitrni tanlash to‘g‘risida kelisha olmasa, arbitr istalgan tarafning iltimosiga binoan sud tomonidan tayinlanadi;

2) yakka tartibdagi arbitrlik arbitrajida, agar taraflar arbitrni tanlash to‘g‘risida kelisha olmasa, arbitr taraflardan istalgan birining iltimosiga binoan sud tomonidan tayinlanadi.

Agar taraflar tomonidan kelishilgan tayinlash tartib-taomilida:

1) taraflardan biri bunday tartib-taomilga rioya etmasa; yoki

2) taraflar yoki ikki arbitr bunday tartib-taomilga muvofiq kelishuvga erisha olmasa; yoki

3) uchinchi shaxs, shu jumladan muassasa shunday tartib-taomilga muvofiq o‘z zimmasiga yuklatilgan biror-bir vazifani bajarmasa, agar tayinlash tartib-taomili to‘g‘risidagi kelishuvda tayinlashni ta’minlashning boshqacha usullari nazarda tutilmagan bo‘lsa, istalgan taraf suddan zarur choralar ko‘rilishini so‘rashi mumkin.

Ushbu moddaning uchinchi yoki to‘rtinchi qismlariga muvofiq sud tomonidan chiqariladigan qaror ustidan shikoyat qilinmaydi.

Arbitrni tayinlashda sud taraflarning kelishuviga muvofiq arbitrga qo‘yiladigan har qanday talabni hamda mustaqil va xolis arbitrni tayinlashni ta’minlashi mumkin bo‘lgan fikrlarni lozim darajada inobatga oladi, yakka tartibdagi arbitr yoki uchinchi arbitr tayinlangan taqdirda esa fuqaroligi taraflarning fuqaroligidan boshqa fuqarolikka ega bo‘lgan arbitrni tayinlash maqbul ekanligini ham e’tiborga oladi.

17-modda. Rad etish uchun asoslar

Biror-bir shaxsga uning arbitr sifatida tayinlanishi mumkinligi munosabati bilan murojaat qilingan taqdirda, ushbu shaxs o‘zining xolisligi yoki mustaqilligi borasida asosli shubhalar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar to‘g‘risida ma’lum qilishi kerak. Arbitr o‘zi tayinlangan paytdan e’tiboran va butun arbitraj muhokamasi davomida taraflarga har qanday shunday holatlar to‘g‘risida, agar u taraflarni bunday holatlar to‘g‘risida ilgari xabardor qilmagan bo‘lsa, darhol ma’lum qilishi kerak.

Arbitr faqat uning xolisligi yoki mustaqilligi borasida asosli shubhalar keltirib chiqaruvchi holatlar mavjud bo‘lgan yoki u taraflar kelishuvida belgilangan talablarga mos kelmagan taqdirda rad etilishi mumkin. Taraf o‘zi tayinlagan yoki tayinlanishida o‘zi ishtirok etgan arbitrni rad etish haqida faqat u tayinlanganidan keyin o‘ziga ma’lum bo‘lib qolgan sabablar bo‘yicha arz qilishi mumkin.

18-modda. Rad etish tartib-taomili

Taraflar, basharti ushbu modda uchinchi qismining qoidalariga rioya etilsa, arbitrni rad etish tartib-taomili to‘g‘risida o‘z xohishiga ko‘ra kelishib olishi mumkin.

Bunday kelishuv mavjud bo‘lmaganda, arbitrni rad etmoqchi bo‘lgan taraf arbitraj sudi tarkibi shakllantirilishi haqida yoki ushbu Qonun 17-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan har qanday holat to‘g‘risida o‘ziga ma’lum bo‘lib qolganidan keyin o‘n besh kun ichida yozma arizada arbitraj sudiga rad etish sabablarini xabar qiladi. Agar rad etilishi talab qilinayotgan arbitr tayinlanishdan o‘zi voz kechmasa yoki boshqa taraf rad etishga rozi bo‘lmasa, rad etish to‘g‘risidagi masala arbitraj sudi tomonidan hal etiladi.

Agar taraflar tomonidan kelishilgan har qanday tartib-taomil yoki ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan tartib-taomil qo‘llanilganda rad etish to‘g‘risidagi ariza qanoatlantirilmasa, rad etish haqida ariza bergan taraf rad etish to‘g‘risidagi qaror xususida bildirishnoma olingan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida sudga rad etishni qanoatlantirish haqida ariza berishi mumkin. Sudning mazkur arizaga taalluqli qarori ustidan shikoyat qilinmaydi.

Bunday ariza hal qilinishi kutilayotgan vaqtda arbitraj sudi, shu jumladan o‘ziga nisbatan rad etilishi haqida ariza berilgan arbitr arbitraj muhokamasini davom ettirishi va arbitraj hal qiluv qarorini qabul qilishi mumkin.

19-modda. Arbitrning vakolatlarini tugatish

Arbitr yuridik jihatdan yoki amalda o‘z vazifalarini bajara olmay qolsa yoxud boshqa sabablarga ko‘ra asossiz kechikish tufayli ularni amalga oshirishga kirishmasa, agar arbitr tayinlanishni rad etsa yoki taraflar bunday tugatish borasida kelishib olsa, uning vakolatlari tugatiladi.

Ushbu asoslarning biror-biri borasida kelishmovchiliklar mavjud bo‘lgan taqdirda, istalgan taraf vakolatlarning amal qilishi tugatilishi borasida qaror chiqarish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin. Sudning bunday qarori ustidan shikoyat qilinmaydi.

Ushbu moddaga yoki ushbu Qonun 18-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq arbitr tayinlanishni o‘zi rad etsa yoki uning vakolatlari tugatilishiga taraf rozilik bersa, ushbu moddada yoki ushbu Qonun 17-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatilgan har qanday asoslardan birining tan olinishini anglatmaydi.

20-modda. Yangi arbitrni tayinlash

Arbitrning vakolatlari ushbu Qonunning 18 yoki 19-moddalari asosida bekor qilinsa yoxud arbitr har qanday boshqa sababga ko‘ra tayinlanishni o‘zi rad etsa yoxud uning vakolatlari taraflarning kelishuvi bo‘yicha bekor qilinsa, shuningdek arbitr vakolatlari tugatilgan har qanday boshqa holatda, yangi arbitr almashtirilayotgan arbitrni tayinlashga qo‘llaniladigan qoidalarga muvofiq tayinlanadi.

21-modda. Arbitraj sudining o‘z yurisdiksiyasi to‘g‘risida qaror chiqarishga doir vakolatlari

Arbitraj sudi o‘z yurisdiksiyasi to‘g‘risida, shu jumladan arbitraj kelishuvining mavjudligi yoki haqiqiyligi borasidagi har qanday e’tiroz bo‘yicha o‘zi qaror chiqarishi mumkin. Ushbu maqsad uchun shartnomaning tarkibiy qismi bo‘lgan arbitraj sharti shartnomaning boshqa shartlariga bog‘liq bo‘lmagan kelishuv sifatida talqin qilinadi. Arbitraj sudi tomonidan shartnomaning haqiqiy emasligi to‘g‘risida qaror chiqarilishi arbitraj shartining qonunga ko‘ra haqiqiy emasligini keltirib chiqarmaydi.

Arbitraj sudining yurisdiksiyasi mavjud emasligi to‘g‘risidagi ariza da’vo bo‘yicha e’tirozlar taqdim etilishidan oldinroq berilishi mumkin. Taraf tomonidan arbitrning tayinlanishi yoki arbitrni tayinlashda uning ishtirok etishi tarafni bunday arz qilish huquqidan mahrum etmaydi. Arbitraj sudi o‘z vakolati doirasidan chetga chiqayotganligi to‘g‘risida arz qilish tarafning fikricha ushbu doiradan chetga chiqilayotgan masala arbitraj muhokamasi jarayonida qo‘yilishi bilanoq amalga oshirilishi kerak. Arbitraj sudi kechikib berilgan arizani har qanday shunday hollarda, agar u kechikishni uzrli deb hisoblasa, qabul qilishi mumkin.

Arbitraj sudi ushbu moddaning ikkinchi qismida ko‘rsatilgan ariza bo‘yicha qarorni dastlabki xususiyatga ega bo‘lgan masala yuzasidan yoki nizoni mazmunan hal qilish chog‘ida chiqarishi mumkin. Agar arbitraj sudi dastlabki xususiyatga ega bo‘lgan masala yuzasidan o‘zi yurisdiksiyaga ega ekanligi to‘g‘risida qaror qabul qilsa, istalgan taraf ushbu qaror to‘g‘risida bildirishnoma olingandan keyin o‘ttiz kun ichida suddan mazkur masala bo‘yicha qaror chiqarilishini iltimos qilishi mumkin va bunday qaror ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas; bunday iltimos hal etilayotgan vaqtda arbitraj sudi arbitraj muhokamasini davom ettirishi hamda arbitrajning hal qiluv qarorini qabul qilishi mumkin.

4-BOB. TA’MINLASH CHORALARI VA DASTLABKI QARORLAR

22-modda. Arbitraj sudining ta’minlash choralarini belgilashga doir vakolatlari

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, biror-bir tarafning iltimosiga ko‘ra arbitraj sudi ta’minlash choralarini belgilashi mumkin.

Ta’minlash chorasi, u arbitraj hal qiluv qarori shaklida yoki biror-bir boshqa shaklda belgilanganligidan qat’i nazar, har qanday vaqtinchalik choradan iborat bo‘lib, uning yordamida nizoni uzil-kesil hal qiladigan qaror qabul qilinishidan oldingi har qanday paytda arbitraj sudi u yoki bu tarafning:

1) nizo hal etilayotganda mavjud bo‘lgan holatni yoki nizo hal etilguniga qadar mavjud bo‘lgan holatni saqlab turishi yoki tiklashi;

2) hozirgi yoki muqarrar zararning yoki arbitrajning o‘ziga yetadigan zararning oldini olish maqsadida choralar ko‘rishi yoki bunday zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan choralarni ko‘rishdan tiyilishi;

3) aktivlarni saqlash uchun mablag‘larni arbitrning keyinchalik qabul qilinadigan hal qiluv qarori bu mablag‘lar hisobidan ijro etilishi mumkin bo‘lishi uchun berishi;

4) ishga taalluqli bo‘lishi va nizoni hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan dalillarni saqlashi to‘g‘risida farmoyish beradi.

23-modda. Ta’minlash choralarini belgilash shartlari

Ushbu Qonun 22-moddasi ikkinchi qismining 1, 2 va 3-bandlariga muvofiq ta’minlash chorasini so‘rayotgan taraf arbitraj sudini:

1) agar bunday chora belgilanmasa, zararlarni undirish orqali ham tegishli ravishda bartaraf etib bo‘lmaydigan zarar yetkazilishi mumkinligiga va, agar shunday chora belgilansa, bunday zarar o‘ziga nisbatan chora belgilanayotgan tarafga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarardan sezilarli darajada ortiq bo‘lishiga; va

2) so‘rayotgan taraf talabning mazmuni borasida muvaffaqiyatga erishishining oqilona imkoniyati mavjudligiga ishontirishi kerak. Bunday imkoniyatga nisbatan har qanday ajrim keyingi har qanday ajrimlarni chiqarishda arbitraj sudining ixtiyori erkin bo‘lishiga daxl qilmaydi.

Ushbu Qonun 22-moddasi ikkinchi qismining 4-bandiga muvofiq ta’minlash choralarini belgilash to‘g‘risidagi iltimosga nisbatan ushbu modda birinchi qismining 1 va 2-bandlarida nazarda tutilgan talablar faqat arbitraj sudi buni o‘rinli deb hisoblagan darajada qo‘llaniladi.

24-modda. Dastlabki qarorlarni chiqarish to‘g‘risidagi ariza va dastlabki qarorlarni chiqarish shartlari

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, taraf ta’minlash chorasini belgilash to‘g‘risidagi iltimosni so‘ralayotgan ta’minlash chorasining maqsadlariga zarar yetkazmaslik majburiyatini biror-bir tarafning zimmasiga yuklatuvchi dastlabki qarorni chiqarish haqidagi ariza bilan birga, har qanday boshqa tarafni xabardor qilmagan holda taqdim etishi mumkin.

Agar arbitraj sudi ta’minlash chorasini belgilash to‘g‘risidagi iltimos bo‘yicha axborotni ushbu chora qaysi tarafga nisbatan belgilanayotgan bo‘lsa, o‘sha tarafga oldindan oshkor etish bunday choraning maqsadlariga zarar yetkazishi mumkin deb hisoblasa, dastlabki qarorni chiqarishi mumkin.

Ushbu Qonunning 23-moddasiga muvofiq belgilangan shartlar, basharti ushbu Qonun 23-moddasi birinchi qismining 1-bandiga muvofiq baholanishi kerak bo‘lgan zarar qaror chiqarilishi yoki chiqarilmasligi natijasida yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarardan iborat bo‘lsa, har qanday dastlabki qarorga nisbatan qo‘llaniladi.

25-modda. Dastlabki qarorlarning alohida rejimi

Arbitraj sudi dastlabki qarorni chiqarish to‘g‘risidagi arizaga nisbatan ajrim chiqarganidan so‘ng arbitraj sudi barcha taraflarni ta’minlash choralarini belgilash haqidagi iltimos, dastlabki qarorni chiqarish to‘g‘risidagi ariza, agar qabul qilingan bo‘lsa, dastlabki qaror va boshqa barcha xabarlar almashinuvlari haqida darhol xabardor qiladi, shu jumladan istalgan taraf va arbitraj sudi o‘rtasidagi yuqorida sanab o‘tilganlarga taalluqli bo‘lgan har qanday og‘zaki xabarlarning mazmunini ko‘rsatish yo‘li bilan xabardor qiladi.

Bir vaqtning o‘zida arbitraj sudi o‘ziga nisbatan dastlabki qaror chiqarilayotgan istalgan tarafga o‘z fikrini imkon qadar qisqa muddatlarda bayon qilish imkonini beradi.

Arbitraj sudi dastlabki qaror chiqarilishiga qarshi har qanday e’tiroz bo‘yicha darhol hal qiluv qarorini qabul qiladi.

Dastlabki qarorning amal qilish muddati u arbitraj sudi tomonidan chiqarilgan sanadan boshlab yigirma kun o‘tgach tugaydi. Ayni vaqtda arbitraj sudi dastlabki qarorning qo‘llanilishini yoki o‘zgartirilishini ta’minlovchi chorani o‘ziga nisbatan dastlabki qaror qabul qilinayotgan tarafni xabardor qilganidan va unga o‘z nuqtai nazarini bayon etish imkoniyatini berganidan so‘ng belgilashi mumkin.

Dastlabki qaror taraflar uchun majburiy kuchga ega, biroq u sud tartibida ijro etilmaydi. Bunday dastlabki qaror arbitrajning hal qiluv qarori hisoblanmaydi.

26-modda. Ta’minlash choralarini o‘zgartirish, to‘xtatib turish yoki bekor qilish

Arbitraj sudi o‘zi belgilagan ta’minlash chorasini yoki o‘zi chiqargan dastlabki qarorni istalgan tarafning arizasiga binoan yoki alohida holatlarda va taraflarni oldindan xabardor qilganidan so‘ng arbitraj sudining o‘z tashabbusiga ko‘ra o‘zgartirishi, to‘xtatib turishi yoki bekor qilishi mumkin.

27-modda. Ta’minotni taqdim etish

Arbitraj sudi ta’minlash chorasini so‘rayotgan tarafdan ushbu chora munosabati bilan lozim bo‘lgan ta’minot taqdim etilishini talab qilishi mumkin.

Arbitraj sudi dastlabki qarorni chiqarish to‘g‘risida iltimos qilayotgan tarafdan ushbu qaror munosabati bilan ta’minot taqdim etilishini talab qilishga, agar arbitraj sudi buni o‘rinli yoki zarur deb hisoblasa, haqli bo‘ladi.

28-modda. Axborotni oshkor etish

Arbitraj sudi istalgan tarafdan chora so‘rash yoki belgilash uchun asos bo‘lgan holatlarning har qanday jiddiy o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborotni darhol oshkor etishni talab qilishi mumkin.

Dastlabki qaror chiqarilishi to‘g‘risida iltimos qilayotgan taraf arbitraj sudi tomonidan ushbu qarorni chiqarish yoki uni o‘z kuchida qoldirish haqidagi ajrimni qabul qilishga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha holatlar haqidagi axborotni arbitraj sudiga oshkor etadi va bu majburiyat qaror chiqarilishi so‘ralayotgan tarafga iltimos qilayotgan tomonning axborotida keltirilgan holatlar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini bayon etish imkoniyati berilmaguniga qadar saqlanib qoladi. Keyinchalik ushbu moddaning birinchi qismi qo‘llaniladi.

29-modda. Chiqimlar va zararlar

Ta’minlash chorasini so‘rayotgan yoki dastlabki qaror chiqarilishi to‘g‘risida iltimos qilayotgan taraf ushbu chora yoki ushbu qaror bilan har qanday tarafga yetkazilgan har qanday chiqim va zarar uchun, agar keyinchalik arbitraj sudi mazkur holatlarda ushbu chora belgilanmasligi yoki ushbu qaror chiqarilmasligi kerakligini aniqlasa, javobgar bo‘ladi. Arbitraj sudi muhokamaning istalgan paytida bunday chiqimlar va zararlarning o‘rni qoplanishini belgilab berishi mumkin.

30-modda. Ta’minlash choralarini tan olish va ijroga qaratish

Arbitraj sudi tomonidan belgilangan ta’minlash chorasi majburiy kuchga ega deb tan olinadi va, agar arbitraj sudi tomonidan boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu Qonunning 31-moddasi qoidalariga rioya etilgan taqdirda, arbitraj joyidan qat’i nazar, sudga murojaat etish orqali ijroga qaratiladi.

Ta’minlash chorasini tan olishni yoki bajarishni so‘rayotgan yoxud iltimosnomasi qanoatlantirilgan taraf ushbu ta’minlash chorasining har qanday bekor qilinishi, to‘xtatib turilishi yoki o‘zgartirilishi to‘g‘risida darhol sudga xabar qiladi.

Agar sud lozim deb topsa, so‘rayotgan taraf tomonidan tegishli ta’minot taqdim etilishi to‘g‘risida, agar arbitraj sudi bungacha ta’minot taqdim etish borasida ajrim chiqarmagan bo‘lsa yoki bunday qaror uchinchi taraflarning huquqlarini himoya qilish uchun zarur bo‘lsa, farmoyish berishi mumkin.

31-modda. Ta’minlash chorasini tan olishni yoki ijroga qaratishni rad qilish uchun asoslar

Ta’minlash chorasini tan olish yoki ijroga qaratish faqat quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

1) ta’minlash chorasi o‘ziga qarshi qaratilgan tarafning iltimosi bo‘yicha, agar sud:

bunday rad etish ushbu Qonun 52-moddasi birinchi qismi 1-bandining uchinchi — oltinchi xatboshilarida keltirilgan asoslar bilan oqlanishini; yoki

arbitraj sudi tomonidan belgilangan ta’minlash chorasi munosabati bilan ta’minot taqdim etishga taalluqli bo‘lgan arbitraj sudi qarorining bajarilmaganligini; yoki

ta’minlash chorasi arbitraj sudi tomonidan yoki, agar bunga tegishli vakolati mavjud bo‘lsa, arbitraj o‘tkazilayotgan davlatning sudi tomonidan yoki ushbu ta’minlash chorasi qaysi qonunchilikka muvofiq tayinlangan bo‘lsa, o‘sha qonunchilikka muvofiq bekor qilinganligini yoki to‘xtatib turilganligini aniqlasa; yoki

2) agar sud:

ta’minlash chorasi sudga berilgan vakolatlarga muvofiq emasligini aniqlasa, agar faqat sud ta’minlash chorasining ta’rifini ushbu ta’minlash chorasining mazmunini o‘zgartirmay ijro etish maqsadida uning o‘z vakolatlari va tartib-taomillariga muvofiq holga keltirish uchun zarur bo‘lgan darajada o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa; yoki

ushbu Qonun 52-moddasi birinchi qismining 2-bandida bayon etilgan har qanday asoslar ta’minlash chorasining tan olinishiga va ijroga qaratilishiga taalluqli ekanligini aniqlasa.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan har qanday asoslar bo‘yicha sud tomonidan chiqarilgan har qanday ajrim ta’minlash chorasini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risida iltimos qilish maqsadlari uchungina kuchga ega bo‘ladi.

O‘zidan ta’minlash chorasini tan olish yoki ijroga qaratish so‘ralayotgan sud bu ajrimni chiqarishda ta’minlash chorasining mazmunini ko‘rib chiqishni amalga oshirmaydi.

32-modda. Sudning ta’minlash choralarini belgilash vakolatlari

Sud O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligiga muvofiq va xalqaro arbitrajning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda arbitraj joyidan qat’i nazar arbitraj muhokamasi munosabati bilan ta’minlash choralarini belgilash vakolatiga ega.

5-BOB. ARBITRAJ MUHOKAMASINI YURITISH

33-modda. Taraflarga nisbatan teng munosabat

Taraflarga nisbatan teng munosabatda bo‘lish ta’minlanadi va har bir tarafga o‘z nuqtai nazarini bayon etish uchun oqilona imkoniyatlar berilishi kerak.

34-modda. Tartib-taomil qoidalarini aniqlash

Taraflar, ushbu Qonun qoidalariga rioya etish sharti bilan, arbitraj sudi tomonidan muhokamaning yuritilishi tartib-taomili to‘g‘risida o‘z xohishiga ko‘ra kelishib olishi mumkin.

Bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, arbitraj sudi ushbu Qonun qoidalariga rioya etgan holda arbitraj muhokamasini o‘zi lozim deb hisoblagan tarzda yuritishi mumkin. Arbitraj sudiga berilgan vakolatlar har qanday dalilning maqbulligini, aloqadorligini, muhimligini va ahamiyatliligini aniqlashga doir vakolatlarni o‘z ichiga oladi.

35-modda. Arbitraj joyi

Taraflar arbitraj joyi to‘g‘risida o‘z xohishiga ko‘ra kelishib olishi mumkin. Bunday kelishuv mavjud bo‘lmagan taqdirda, arbitraj joyi arbitraj sudi tomonidan ish holatlarini, shu jumladan taraflar uchun qulaylik omilini inobatga olgan holda belgilanadi.

Ushbu modda birinchi qismining qoidalariga qaramay, agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, arbitraj sudi o‘z a’zolari o‘rtasida maslahatlashuvlar o‘tkazish, guvohlarni, ekspertlarni yoki taraflarni eshitish yoxud tovarlarni, boshqa mol-mulkni yoki hujjatlarni ko‘zdan kechirish uchun lozim deb topgan har qanday joyda yig‘ilishi mumkin.

36-modda. Arbitraj muhokamasining tili

Taraflar arbitraj muhokamasida foydalaniladigan til yoki tillar to‘g‘risida o‘z xohishlariga ko‘ra kelishib olishi mumkin. Bunday kelishuv mavjud bo‘lmaganda, muhokamada qo‘llanilishi kerak bo‘lgan tilni yoki tillarni arbitraj sudi belgilaydi. Bunday kelishuv yoki ajrim, agar ularda boshqacha shartlashilmagan bo‘lsa, tarafning har qanday yozma arizasiga, ishning har qanday eshitilishiga va har qanday arbitraj qaroriga, arbitraj sudining qaroriga yoki boshqa xabariga ham taalluqli bo‘ladi.

Arbitraj sudi har qanday hujjatli dalillarga ularning taraflar kelishib olgan yoki arbitraj sudi tomonidan belgilangan tildagi yoki tillardagi tarjimasi ilova qilinishi to‘g‘risida farmoyish berishi mumkin.

37-modda. Arbitraj muhokamasining boshlanishi

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, muayyan nizoga taalluqli arbitraj muhokamasi ushbu nizoni arbitrajga topshirish to‘g‘risidagi iltimos javobgar tomonidan olingan kunda boshlanadi.

38-modda. Arbitraj muhokamasidagi vakillik

Taraflar o‘z ishlarini arbitraj muhokamasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki taraflar xohishiga ko‘ra, shu jumladan xorijiy tashkilotlar va fuqarolar orasidan tayinlanadigan vakolatli vakillari orqali olib borishlari mumkin.

39-modda. Da’vo arizasi va da’vo bo‘yicha e’tirozlar

Taraflar tomonidan kelishilgan yoki arbitraj sudi tomonidan belgilangan muddat mobaynida da’vogar o‘zining da’vo talabini asoslovchi holatlar haqida, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar va o‘z da’vo talablarining mazmuni to‘g‘risida arz qilishi kerak, javobgar esa, agar taraflar bunday arizalarning zarur qismlari borasida boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, ushbu masalalar bo‘yicha o‘z e’tirozlarini bildirishi kerak.

Taraflar o‘z arizalari bilan birga o‘zi ishga taalluqli deb hisoblaydigan barcha hujjatlarni taqdim etishi yoki o‘zi keyinchalik taqdim etadigan hujjatlarga yoki boshqa dalillarga havola qilishi mumkin.

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, arbitraj muhokamasi jarayonida istalgan taraf nizoning mohiyati bo‘yicha o‘zining da’vo talablarini yoki da’vo bo‘yicha e’tirozlarini, agar faqat arbitraj sudi arbitraj muhokamasini kechiktirish nomaqbulligini inobatga olgan holda maqsadga muvofiq emas deb hisoblamasa, o‘zgartirishi yoki to‘ldirishi mumkin.

40-modda. Eshituv va yozma muhokama

Taraflarning har qanday boshqa kelishuviga rioya etgan holda arbitraj sudi dalillarni taqdim etish uchun og‘zaki eshituv yoki og‘zaki muzokaralar o‘tkazish haqida yoxud muhokamani faqat hujjatlar va boshqa materiallar asosida amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Biroq, agar taraflar og‘zaki eshituvni o‘tkazmaslik to‘g‘risida kelishib olmagan bo‘lsa, arbitraj sudi istalgan tarafning iltimosiga ko‘ra, bunday og‘zaki eshituvni muhokamaning tegishli bosqichida o‘tkazishi kerak.

Tovarlarni, boshqa mol-mulkni yoki hujjatlarni ko‘zdan kechirish maqsadida o‘tkaziladigan arbitraj sudining har qanday eshituvi va majlisi to‘g‘risidagi bildirishnoma taraflarga oldindan yuborilgan bo‘lishi kerak.

Taraflarning biri tomonidan arbitraj sudiga taqdim etiladigan barcha arizalar, hujjatlar yoki boshqa axborot o‘zga tarafning e’tiboriga yetkazilishi kerak. Ekspertlarning har qanday xulosalari yoki arbitraj sudi o‘z qarorini qabul qilishda asoslanishi mumkin bo‘lgan dalillar hisoblanuvchi boshqa hujjatlar ham taraflarga topshirilishi kerak.

41-modda. Hujjatlarni taqdim etmaslik yoki taraflarning kelmasligi

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, uzrli sabab ko‘rsatilmagan holda:

1) da’vogar ushbu Qonun 39-moddasining birinchi qismiga muvofiq o‘zining da’vo arizasini taqdim etmagan taqdirda, arbitraj sudi muhokamani tugatadi;

2) javobgar ushbu Qonun 39-moddasining birinchi qismiga muvofiq da’vo bo‘yicha o‘z e’tirozlarini taqdim etmagan taqdirda, arbitraj sudi e’tirozlar taqdim etilmaganligi faktiga da’vogar fikrlarining tan olinishi sifatida qaramay, muhokamani davom ettiradi;

3) istalgan taraf eshituvga kelmaganda yoki hujjatli dalillarni taqdim etmaganda, arbitraj sudi muhokamani davom ettirishi va o‘zida mavjud bo‘lgan dalillar asosida hal qiluv qarorini chiqarishi mumkin.

42-modda. Arbitraj sudi tomonidan tayinlangan ekspert

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, arbitraj sudi:

1) arbitraj sudi tomonidan belgilanadigan aniq masalalar bo‘yicha o‘ziga xulosa taqdim etilishi uchun bir yoki bir necha ekspertni tayinlashi mumkin;

2) tarafdan ekspertga ishga taalluqli har qanday axborotni taqdim etishni yoki ishga taalluqli har qanday hujjatlarni, tovarlarni yoki boshqa mol-mulkni ko‘zdan kechirish uchun berishni yoxud ko‘zdan kechirish imkoniyatini yaratishni talab qilishi mumkin.

Taraflarning boshqacha shartlashuvi mavjud bo‘lmagan taqdirda, ekspert, agar taraf iltimos qilsa yoki arbitraj sudi zarur deb hisoblasa, o‘zining yozma yoki og‘zaki xulosasi taqdim etilganidan keyin taraflarga unga savollar berish va nizoli masalalar bo‘yicha ko‘rsatuvlar berish uchun guvoh-ekspertlarni tanishtirish imkoniyati beriladigan eshituvda ishtirok etishi kerak.

43-modda. Dalillarni olishga sudning ko‘maklashishi

Arbitraj sudi yoki taraf arbitraj sudining roziligi bilan dalillarni olishga ko‘maklashish to‘g‘risidagi ariza bilan sudga murojaat qilishi mumkin.

Sud bunday arizani o‘z vakolati doirasida va O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligida belgilangan tartibga muvofiq qanoatlantirishi mumkin.

6-BOB. ARBITRAJNING HAL QILUV QARORINI QABUL QILISH VA MUHOKAMANI TUGATISH

44-modda. Nizoning mazmuniga nisbatan qo‘llaniladigan normalar

Arbitraj sudi nizoni taraflar nizoning mazmuniga nisbatan qo‘llanilishi uchun tanlagan huquq normalariga muvofiq hal etadi.

Agar boshqacha qoida ko‘rsatilmagan bo‘lsa, biror-bir davlatning har qanday huquqi yoki huquq tizimi ko‘rsatilganligi uning kollizion normalariga emas, balki ushbu davlatning moddiy huquqiga bevosita havola qiluvchi sifatida talqin qilinishi kerak.

Taraflarning biror-bir ko‘rsatmasi mavjud bo‘lmaganda arbitraj sudi o‘zi qo‘llanilishi mumkin deb hisoblaydigan kollizion normalarga muvofiq belgilangan huquqni qo‘llaydi.

Arbitraj sudi hal qiluv qarorini adolatlilik bo‘yicha yoki “do‘stona vositachi” sifatida faqat taraflar unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolat bergan taqdirdagina qabul qiladi.

Barcha hollarda arbitraj sudi hal qiluv qarorini shartnoma shartlariga muvofiq va mazkur bitimga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan savdo urf-odatlarini hisobga olgan holda qabul qiladi.

45-modda. Arbitrlar hay’ati tomonidan hal qiluv qarorining qabul qilinishi

Bir nafardan ortiq arbitr tomonidan arbitraj muhokamasini o‘tkazishda, agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, arbitraj sudining har qanday hal qiluv qarori arbitraj sudi barcha a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Biroq tartib-taomil masalalari raislik qiluvchi arbitr tomonidan, agar u taraflar yoki arbitraj sudining barcha a’zolari tomonidan bunga vakil qilingan bo‘lsa, hal etilishi mumkin.

46-modda. Kelishuv bitimi

Agar arbitraj muhokamasi jarayonida taraflar nizoni hal qilsa, arbitraj sudi muhokamani tugatadi va taraflarning iltimosiga ko‘ra va, agar arbitraj sudi tomonidan e’tirozlar mavjud bo‘lmasa, ushbu hal qilishni kelishilgan shartlar asosidagi arbitraj hal qiluv qarori tarzida qayd etadi.

Arbitrajning kelishilgan shartlar asosidagi hal qiluv qarori ushbu Qonunning 47-moddasi qoidalariga muvofiq qabul qilinishi va unda u arbitrajning hal qiluv qarori ekanligi ko‘rsatilishi kerak. Bunday arbitraj hal qiluv qarori nizoning mazmuni bo‘yicha har qanday boshqa arbitrajning hal qiluv qarori kabi kuchga ega bo‘ladi va amal qiladi.

47-modda. Arbitraj hal qiluv qarorining shakli va mazmuni

Arbitrajning hal qiluv qarori yozma shaklda qabul qilinishi va yakka tartibdagi arbitr tomonidan yoki arbitrlar tomonidan imzolanishi kerak. Bir nafardan ortiq arbitr tomonidan o‘tkaziladigan arbitraj muhokamasida, basharti har qanday imzoning mavjud emasligi sabablari ko‘rsatilsa, arbitraj sudi barcha a’zolarining ko‘pchilik imzolari mavjud bo‘lishi yetarlidir.

Arbitrajning hal qiluv qarorida u nimalarga asoslanganligining sabablari ko‘rsatilishi kerak, bundan taraflar asoslar ko‘rsatilishi kerak emasligiga kelishib olgan yoki arbitraj hal qiluv qarori ushbu Qonunning 46-moddasiga muvofiq kelishilgan shartlar asosidagi qaror deb hisoblangan hollar mustasno.

Arbitrajning hal qiluv qarorida uning sanasi va arbitrajning ushbu Qonun 35-moddasining birinchi qismiga muvofiq belgilangan joyi ko‘rsatilishi kerak. Arbitrajning hal qiluv qarori arbitraj joyida qabul qilingan deb hisoblanadi.

Arbitrajning hal qiluv qarori qabul qilinganidan keyin har bir tarafga ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq ushbu qarorning arbitrlar tomonidan imzolangan ko‘chirma nusxasi beriladi.

48-modda. Arbitraj muhokamasini tugatish

Arbitraj muhokamasi yakuniy arbitraj hal qiluv qarorini qabul qilish yoki ushbu moddaning ikkinchi qismiga muvofiq chiqarilgan arbitraj sudining qarori bilan tugatiladi.

Arbitraj sudi quyidagi hollarda arbitraj muhokamasini tugatish to‘g‘risida qaror chiqaradi, agar:

1) da’vogar o‘z da’vosini chaqirib olsa, agar javobgar muhokama tugatilishiga qarshi e’tirozlar bildirmasa va arbitraj sudi javobgarning nizo uzil-kesil hal qilinishidan qonuniy manfaatdorligini tan olmasa;

2) taraflar muhokamani tugatish to‘g‘risida kelishib olsa;

3) arbitraj sudi biror-bir boshqa sababga ko‘ra muhokamani davom ettirishni zarur emas yoki imkonsiz deb topsa.

Arbitraj sudining vakolatlari arbitraj muhokamasi tugatilishi bilan bir vaqtda tugaydi, bundan ushbu Qonun 49-moddasining va 50-moddasi to‘rtinchi qismining qoidalari qo‘llanilishiga doir vakolatlar mustasno.

49-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini tuzatish va sharhlash, arbitrajning qo‘shimcha hal qiluv qarori

Agar taraflar boshqa muddatni kelishib olmagan bo‘lsa, istalgan taraf arbitrajning hal qiluv qarori olingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida bu haqda boshqa tarafni xabardor qilgan holda arbitraj sudidan:

1) arbitrajning hal qiluv qarorida yo‘l qo‘yilgan hisob-kitoblardagi, yozuvdagi har qanday xato yoki harfiy xato yoxud shunga o‘xshash boshqa xatolarni tuzatishni;

2) taraflar o‘rtasida tegishli kelishuv mavjud bo‘lgan taqdirda, arbitraj hal qiluv qarorining biror-bir aniq bandini yoki qismini sharhlashni iltimos qilishi mumkin.

Agar arbitraj sudi bunday iltimosni asosli deb hisoblasa, iltimos olingan paytdan e’tiboran o‘ttiz kun ichida tegishli tuzatishlarni kiritishi yoki sharh berishi kerak. Bunday sharh arbitraj hal qiluv qarorining tarkibiy qismiga aylanadi.

Arbitraj sudi ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan har qanday xatoni arbitrajning hal qiluv qarori sanasidan boshlab o‘ttiz kun ichida o‘z tashabbusi bilan tuzatishi mumkin.

Agar taraflar boshqacha shartlashmagan bo‘lsa, istalgan taraf bu haqda boshqa tarafni xabardor qilib, arbitrajning hal qiluv qarori olingach o‘ttiz kun ichida arbitraj sudidan arbitraj muhokamasi davomida arz qilingan, biroq arbitrajning hal qiluv qarorida aks ettirilmagan talablarga nisbatan qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarishni iltimos qilishi mumkin. Arbitraj sudi, agar iltimosni o‘rinli deb hisoblasa, oltmish kun ichida qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarishi kerak.

Zarur bo‘lgan taqdirda, arbitraj sudi xatolarni tuzatish, sharh berish yoki qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarish kerak bo‘lgan muddatni taraflarning iltimosiga ko‘ra, ushbu moddaning birinchi yoki to‘rtinchi qismlariga muvofiq uzaytirishi mumkin.

Arbitrajning hal qiluv qarorini tuzatishga va sharhlashga yoxud qo‘shimcha hal qiluv qaroriga nisbatan ushbu Qonun 47-moddasining qoidalari qo‘llaniladi.

7-BOB. ARBITRAJNING HAL QILUV QARORI USTIDAN SHIKOYAT QILISH

50-modda. Bekor qilish to‘g‘risidagi ariza arbitrajning hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilishning yagona vositasi sifatida

Arbitrajning hal qiluv qarori ustidan sudga shikoyat qilish faqat ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq uni bekor qilish to‘g‘risida ariza berish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

Arbitrajning hal qiluv qarori sud tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin, agar:

1) bekor qilish to‘g‘risida ariza berayotgan taraf quyidagilarning dalilini taqdim etsa:

ushbu Qonunning 12-moddasida ko‘rsatilgan arbitraj kelishuvining taraflaridan biri qaysidir darajada muomalaga layoqatsiz ekanligi dalilini; yoki ushbu kelishuvning taraflar uni qaysi qonunchilikka bo‘ysundirgan bo‘lsa, o‘sha qonunchilik bo‘yicha, bunday qonunchilik mavjud bo‘lmaganda esa O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bo‘yicha haqiqiy emasligi dalilini; yoki

taraf arbitr tayinlanganligi haqida yoki arbitraj muhokamasi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligi dalilini yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vajlarini taqdim eta olmaganligi dalilini; yoki

arbitrajning hal qiluv qarori arbitrajda hal qilinishi nazarda tutilmagan yoki arbitrajga murojaat qilish shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha qabul qilinganligi dalilini yoxud unda arbitraj kelishuvini qo‘llash doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha qaror mavjudligi dalilini. Bunda agar arbitrajda ko‘rilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorni arbitrajga tegishli bo‘lmagan masalalardan ajratib olish mumkin bo‘lsa, u holda arbitraj hal qiluv qarorining arbitrajga tegishli bo‘lmagan masalalar bo‘yicha qarori mavjud bo‘lgan qismigina bekor qilinishi mumkin; yoki

arbitraj sudining tarkibi yoki arbitraj tartib-taomili taraflarning kelishuviga muvofiq emasligi dalilini, agar faqat bunday kelishuv ushbu Qonunning taraflar chekinishi mumkin bo‘lmagan har qanday qoidasiga zid bo‘lmasa yoki bunday kelishuv mavjud bo‘lmasa, ushbu Qonunga muvofiq emasligi dalilini; yoki

2) agar sud:

nizo predmeti O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ko‘ra arbitraj muhokamasiga tegishli emasligini; yoki

arbitrajning hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasining ommaviy tartibiga zid ekanligini aniqlasa.

Bekor qilish to‘g‘risidagi ariza ushbu arizani bergan taraf arbitrajning hal qiluv qarorini olgan sanadan e’tiboran, iltimosnoma ushbu Qonunning 49-moddasiga muvofiq berilgan taqdirda esa arbitraj sudi ushbu iltimosnoma bo‘yicha hal qiluv qarorini qabul qilgan sanadan e’tiboran uch oy o‘tgandan so‘ng berilishi mumkin emas.

Bekor qilish to‘g‘risida ariza tushgan taqdirda, arbitraj sudiga arbitraj muhokamasini tiklash yoki arbitraj sudining fikricha, arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish asoslarini bartaraf etadigan boshqa harakatlarni bajarish imkonini berish uchun sud o‘zi belgilagan muddatni bekor qilish to‘g‘risidagi masala bo‘yicha ish yuritishni tegishli holda va taraflardan birining iltimosnomasiga ko‘ra to‘xtatib turishi mumkin.

Bekor qilish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqishda sud hal qiluv qarorini mazmunan qayta ko‘rib chiqishga haqli emas.

51-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish

Arbitrajning hal qiluv qarori, u qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat’i nazar, majburiy deb tan olinadi va sudga yozma ariza berilgan taqdirda, ushbu moddaning, mazkur Qonunning 52-moddasi hamda arbitrajlarning hal qiluv qarorlarini tan olish va ijroga qaratish tartibini belgilovchi O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi qoidalari hisobga olingan holda ijro etiladi.

Arbitrajning hal qiluv qaroriga asoslanayotgan yoki uni ijroga qaratish to‘g‘risida iltimos qilayotgan taraf arbitraj hal qiluv qarorining tegishli tarzda tasdiqlangan asl nusxasini yoki tegishli tarzda tasdiqlangan ko‘chirma nusxasini taqdim etishi kerak.

Agar arbitrajning hal qiluv qarori yoki kelishuvi O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yozilmagan bo‘lsa, sudning talabiga ko‘ra taraf bu hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining davlat tilidagi tegishli tarzda tasdiqlangan tarjimasini taqdim etishi kerak.

52-modda. Arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni yoki ijroga qaratishni rad qilish uchun asoslar

Arbitrajning hal qiluv qarori qaysi mamlakatda qabul qilinganidan qat’i nazar, uni tan olish yoki ijroga qaratish faqat quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

1) hal qiluv qarori o‘ziga qarshi qo‘llanilayotgan tarafning iltimosi bo‘yicha, agar ushbu taraf tan olish yoki ijroga qaratish so‘ralayotgan sudga quyidagi hollarni isbotlovchi dalillarni taqdim etsa:

ushbu Qonunning 12-moddasida ko‘rsatilgan arbitraj kelishuvining taraflaridan biri qaysidir darajada muomalaga layoqatsiz bo‘lganligini; yoki ushbu kelishuvning taraflar uni qaysi qonunchilikka bo‘ysundirgan bo‘lsa, o‘sha qonunchilik bo‘yicha, bunday qonunchilik mavjud bo‘lmaganda esa hal qiluv qarori qabul qilingan mamlakatning qonunchiligi bo‘yicha haqiqiy emasligi dalilini; yoki

hal qiluv qarori o‘ziga qarshi qabul qilingan taraf arbitr tayinlanganligi yoki arbitraj muhokamasi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmaganligi yoxud boshqa sabablarga ko‘ra o‘z vajlarini bera olmaganligi dalilini; yoki

arbitrajning hal qiluv qarori arbitraj kelishuvida hal qilinishi nazarda tutilmagan yoki uning shartlariga to‘g‘ri kelmaydigan nizo bo‘yicha qabul qilinganligi dalilini yoxud unda arbitraj kelishuvi doirasidan chetga chiquvchi masalalar bo‘yicha qaror mavjudligi dalilini. Bunda agar arbitrajda ko‘rilishi lozim bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorni arbitrajga tegishli bo‘lmagan masalalardan ajratib olish mumkin bo‘lsa, u holda arbitraj hal qiluv qarorining arbitraj ko‘rib chiqishi lozim bo‘lgan masalalarga doir qarori mavjud bo‘lgan qismini tan olish va ijroga qaratish mumkin; yoki

arbitraj sudining tarkibi yoki arbitraj tartib-taomili taraflarning kelishuviga muvofiq emasligi dalilini yoki bunday bitim mavjud bo‘lmaganda, arbitraj muhokamasi bo‘lib o‘tgan mamlakatning qonunchiligiga muvofiq emasligi dalilini; yoki

arbitrajning hal qiluv qarori hali taraflar uchun majburiy bo‘lmaganligi dalilini yoki qaror qaysi mamlakatda chiqarilgan bo‘lsa yoki qaysi mamlakatning qonunchiligiga muvofiq qaror qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha mamlakat sudi tomonidan bekor qilinganligi yoki ijrosi to‘xtatib turilganligi dalilini; yoki

2) agar sud:

nizo predmeti O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga ko‘ra arbitraj muhokamasiga tegishli emasligini; yoki

arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijro etish O‘zbekiston Respublikasining ommaviy tartibiga zid ekanligini aniqlasa.

Agar ushbu modda birinchi qismi 1-bandining oltinchi xatboshisida ko‘rsatilgan sudga arbitrajning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki uning ijrosini to‘xtatib turish to‘g‘risida ariza berilgan bo‘lsa, qarorni tan olish yoki ijroga qaratish so‘ralayotgan sud, agar buni lozim deb hisoblasa, o‘z qarorini chiqarishni kechiktirishi va arbitrajning hal qiluv qarorini tan olishni yoxud ijroga qaratishni ariza berayotgan tarafning iltimosnomasi bo‘yicha boshqa tarafning zimmasiga tegishli ta’minotni taqdim etish majburiyatini yuklatishi mumkin.

8-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

53-modda. Arbitrajning maxfiyligi

Agar taraflar boshqacha kelishib olmagan bo‘lsa, arbitraj muhokamasi va arbitraj muhokamasi uchun tayyorlangan hamda ushbu muhokama jarayonida tayyorlangan barcha hujjatlar maxfiy xususiyatga ega bo‘ladi, bundan ushbu axborotni oshkor etish:

1) qonunchilikka muvofiq tarafning majburiyati bo‘lgan;

2) uchinchi shaxslarni huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qilishga yoki uni amalga oshirishga qaratilgan;

3) arbitrajning hal qiluv qarorini ijro etish yoki ushbu qaror yuzasidan sudda nizolashish uchun zarur bo‘lgan hollar mustasno.

54-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

55-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

56-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran olti oy o‘tgach kuchga kiradi va arbitraj bitimiga muvofiq u qachon tuzilganidan qat’i nazar ushbu Qonun kuchga kirganidan keyin boshlangan xalqaro tijorat arbitrajiga nisbatan qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.