QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANMAGAN YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING

QONUNI

15.11.2021 y,

O‘RQ-728-son

.

QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANMAGAN YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA

.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 24-sentabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2021-yil 30-sentabrda ma’qullangan

.

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

bo‘sh turgan yer uchastkasi — binolar va inshootlar joylashmagan, hech qanday majburiyatlar yoki taqiqlar o‘rnatilmagan hamda jismoniy va yuridik shaxslarga qonunchilikka muvofiq ajratib berilmagan, davlat mulki bo‘lgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi;

davlat ko‘chmas mulk obyektlari — davlat mulki bo‘lgan mulkiy majmualar (korxonalar), binolar va inshootlar, qurilishi tugallanmagan obyektlar;

yer uchastkasini xususiylashtirish — davlat mulki bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining va (yoki) yuridik shaxslarining mulkiga o‘tkazish;

elektron onlayn-auksion — auksion shaklidagi elektron savdolarni o‘tkazish usuli bo‘lib, bunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari Internet jahon axborot tarmog‘idagi ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonchasida auksiondan potensial xaridorlarning teng ravishda foydalanishi asosida realizatsiya qilinadi;

qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasi (bundan buyon matnda yer uchastkasi deb yuritiladi) — qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilmagan yoki ushbu maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan yer uchastkasi.

4-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari

Yer uchastkalarini xususiylashtirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

qonuniylik;

ixtiyoriylik;

haq to‘lash;

xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining yaxlitligi;

ochiqlik va shaffoflik.

5-modda. Qonuniylik prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari talablariga qat’iy muvofiq tarzda amalga oshirilishi kerak.

6-modda. Ixtiyoriylik prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari yer uchastkalarini xususiylashtirishga bo‘lgan o‘z huquqlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra hamda o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiradi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun majburlash taqiqlanadi.

7-modda. Haq to‘lash prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish pulli asosda amalga oshiriladi.

8-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining va ularda joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarining yaxlitligi prinsipi

Yer uchastkalarini va ularda joylashgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini xususiylashtirish bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.

9-modda. Ochiqlik va shaffoflik prinsipi

Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayoni ochiq va shaffof bo‘lishi kerak.

Davlat organlari va tashkilotlari yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi axborotdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan usullar orqali erkin foydalanilishini ta’minlashi shart.

10-modda. Xususiylashtirish obyektlari

Xususiylashtirish obyektlari quyidagilardan iborat:

yuridik shaxslarga tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkalari;

xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari;

bo‘sh turgan yer uchastkalari.

11-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir shaharsozlik talablari

Yer uchastkalarini xususiylashtirish aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish bo‘yicha boshqa hujjatlarga yoxud yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat berilgan turlariga muvofiq amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar vujudga kelgan doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida xususiylashtirish subyektlariga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari, shuningdek xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari, mazkur yer uchastkalaridan foydalanishning asosiy maqsadini ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shaharsozlik hujjatlari tasdiqlanguniga qadar saqlab qolish sharti bilan xususiylashtirilishi mumkin.

12-modda. Xususiylashtirilmaydigan yer uchastkalari

Quyidagi yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi:

foydali qazilma konlari joylashgan yer uchastkalari, bundan zaxiralari foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansi hisobiga olinmagan keng tarqalgan foydali qazilmalar mustasno;

tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlari va tarixiy-madaniy maqsadlar uchun mo‘ljallangan yerlar tarkibiga kiruvchi yer uchastkalari, shuningdek o‘rmon hamda suv fondlarining, shaharlar va shaharchalarning umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, ko‘chalar, tor ko‘chalar, yo‘llar, sohil bo‘ylari, skverlar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari);

qonunchilikka muvofiq xususiylashtirilmaydigan davlat mulki obyektlari joylashgan yer uchastkalari;

shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikda cheklovlar o‘rnatilgan hududlardan foydalanish zonalarida joylashgan yer uchastkalari;

xavfli moddalar bilan zararlangan va biogen zaharlanishga duchor bo‘lgan yer uchastkalari;

qonunchilikda belgilangan tartibda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga taqdim etilgan yer uchastkalari — maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan davrda;

ko‘p kvartirali uylar joylashgan, shuningdek ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini, ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvlar va shartnomalarni amalga oshirish uchun berilgan, shuningdek yuridik shaxslarga jamoat ehtiyojlari uchun berilgan yer uchastkalari.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishda fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda o‘zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqi belgilanishi mumkin.

13-modda. Xususiylashtirish subyektlari

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari xususiylashtirish subyektlaridir.

Chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xususiylashtirish subyektlari bo‘lmaydi.

14-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish shakllari

Yer uchastkalarini xususiylashtirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

xususiylashtirish subyektlari tomonidan o‘ziga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini sotib olish;

yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali sotib olish.

15-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘larni yo‘naltirish

Yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushadigan mablag‘lar ro‘yxati va miqdorlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan xarajatlar chegirib tashlangan holda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga yo‘naltiriladi.

2-BOB. YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH SOHASIDA DAVLAT BOSHQARUVI

16-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

aholi punktlarini va hududlarni rejalashtirish hamda rivojlantirish to‘g‘risidagi shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishini, tasdiqlanishi va e’lon qilinishini tashkil etadi;

yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish tartibini belgilaydi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkalari sotib olish qiymati miqdorini, shuningdek uni to‘lash tartibini belgilaydi;

yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari klassifikatorini tasdiqlaydi;

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentni tasdiqlaydi.

17-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

xususiylashtirish maqsadida bo‘sh turgan yer uchastkalarining aniqlanishi va elektron-onlayn auksionga qo‘yilishini ta’minlaydi;

yer uchastkalarini xususiylashtirishdan tushgan mablag‘lardan hududlarni rivojlantirish uchun maqsadli ravishda foydalanilishini ta’minlaydi;

elektron onlayn-auksionga qo‘yilayotgan bo‘sh turgan yer uchastkalari to‘g‘risidagi axborotni o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiradi.

18-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi:

keyinchalik elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtirish uchun bo‘sh turgan yer uchastkalarini aniqlaydi;

yer uchastkalarining xaritalarini tuzadi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkalarining maydoni va chegaralarini belgilaydi;

xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan bo‘sh turgan yer uchastkalari bo‘yicha materiallar tayyorlaydi;

yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining davlat ro‘yxatiga olinishini amalga oshiradi.

19-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarining aniqlanishini va ularning mazkur obyektlar joylashgan yer uchastkalari bilan birga qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy savdolarga qo‘yilishini;

yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi berilishini va tegishli reyestr yuritilishini;

savdolar tashkilotchisi orqali yer uchastkalarini xususiylashtirishning ochiq va shaffof mexanizmini;

Internet jahon axborot tarmog‘ida ixtisoslashtirilgan elektron savdo maydonchasining faoliyat ko‘rsatishini va elektron onlayn-auksionlar o‘tkazilishini tashkil etishni ta’minlaydi.

20-modda. Davlat organlarining hamkorligi

Davlat organlari yer uchastkalarini xususiylashtirish masalalariga taalluqli qism bo‘yicha axborot almashish va ma’lumotlar bazalaridan zaruriy foydalanish imkoniyatini berish orqali hamkorlikni amalga oshiradi.

3-BOB. XUSUSIYLASHTIRISH SUBYEKTLARIGA DOIMIY FOYDALANISH (EGALIK QILISH), IJARA YOXUD MEROS QILIB QOLDIRILADIGAN UMRBOD EGALIK QILISH HUQUQLARI ASOSIDA TEGISHLI BO‘LGAN YER UCHASTKALARINI XUSUSIYLASHTIRISH

21-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir arizani berish va ko‘rib chiqish tartibi

Yer uchastkalarini xususiylashtirishga doir ariza (bundan buyon matnda ariza deb yuritiladi):

O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxsi tomonidan — tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun o‘ziga berilgan va doimiy foydalanish (egalik qilish) yoki ijara huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan;

O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi tomonidan — yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish, shuningdek tadbirkorlik hamda shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun o‘ziga berilgan va meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, doimiy foydalanish yoki ijara huquqi asosida o‘ziga tegishli bo‘lgan yer uchastkalariga nisbatan beriladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan doimiy foydalanish (egalik qilish), meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish yoki ijara huquqi tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslariga o‘tganda ularga mazkur yer uchastkasini xususiylashtirishga bo‘lgan huquq ham o‘tadi.

Agar yer uchastkasi bir nechta xususiylashtirish subyektining birgalikdagi egaligida yoki foydalanishida bo‘lsa, ariza barcha subyektlarning fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuziladigan kelishuviga ko‘ra, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda sud tomonidan belgilanadigan tartibda beriladi.

Ariza davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ariza yer uchastkasini xususiylashtirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.

Arizani ko‘rib chiqish Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishga doir ma’muriy reglamentga muvofiq avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Arizani ko‘rib chiqish natijasi ijobiy yoki salbiy qarorni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan xabarnomadan iborat bo‘ladi.

Ijobiy qaror mavjud bo‘lgan xabarnoma xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini arizachi tomonidan to‘lash uchun asosdir.

Salbiy qaror mavjud bo‘lgan xabarnomada yer uchastkasini xususiylashtirish mumkin emasligining asoslantirilgan sabablari shaharsozlik hujjatlarining aniq talablariga yoki qonunchilik normalariga havola qilingan holda ko‘rsatiladi.

Arizani ko‘rib chiqish natijalari ustidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

22-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining maydoni va chegaralarini aniqlash

Xususiylashtirish subyektlariga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoki meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan yer uchastkalarini xususiylashtirish Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar davlat reyestrida ko‘rsatilgan maydon va chegaralar doirasida amalga oshiriladi. Mazkur yer uchastkalarini xususiylashtirishda ularning maydoni va chegaralariga o‘zgartishlar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

23-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asoslar quyidagilardan iborat:

yer uchastkalarini xususiylashtirish uchun ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslarning mavjud emasligi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkasiga nisbatan tugallanmagan sud ishlarining mavjudligi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan qo‘yilgan taqiqning yoki belgilangan xatlovning mavjudligi;

aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida, aholi punkti qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalarida, hududlarni kompleks rivojlantirish va qurishga doir boshqa hujjatlarda yoki yer uchastkasidan foydalanishning ruxsat berilgan turlarida yer uchastkalarini xususiylashtirishga bevosita monelik qiladigan ma’lumotlarning mavjudligi;

yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish to‘g‘risida ariza topshirilguniga qadar qabul qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qarorlari mavjudligi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkasini sotishga yoki boshqacha tarzda o‘zga shaxsga o‘tkazishga nisbatan taqiqning mavjudligi;

arizada noto‘g‘ri, bir-biriga zid bo‘lgan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlanganligi;

xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini to‘lash ushbu Qonunda belgilangan muddatda amalga oshirilmaganligi yoki to‘liq amalga oshirilmaganligi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni boshqa sabablarga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirishni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, rad javobi olingan kundan e’tiboran bir oy ichida arizachi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi uchun yig‘imni to‘lamasdan qayta ariza berish huquqiga ega bo‘ladi.

24-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini aniqlash va to‘lash

Xususiylashtirish subyektiga doimiy foydalanish (egalik qilish), ijara yoxud meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida tegishli bo‘lgan xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymati yuridik va jismoniy shaxslardan olinadigan, tegishli yerlar uchun xususiylashtirish paytida belgilangan yer solig‘i bazaviy stavkasining karrali miqdorlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini belgilashda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yer uchastkalarining, shuningdek xususiylashtirish subyektlarining ayrim toifalariga, shu jumladan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilingan shaxslarga nisbatan tabaqalashtirilgan koeffitsiyentlarni belgilashga haqli.

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining sotib olish qiymatini to‘lash ijobiy qarorga ega bo‘lgan xabarnoma olinganidan keyin o‘n ish kuni ichida arizachi tomonidan amalga oshiriladi.

4-BOB. YER UCHASTKALARINI ELEKTRON ONLAYN-AUKSION ORQALI XUSUSIYLASHTIRISH

25-modda. Bo‘sh turgan yer uchastkalarini xususiylashtirish

Bo‘sh turgan yer uchastkalari aholi punktlarining bosh rejalariga, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalariga, hududlarni kompleks rivojlantirish va qurishga doir boshqa hujjatlarga, yer uchastkalaridan foydalanishning ruxsat berilgan turlariga muvofiq aniqlanadi.

Bo‘sh turgan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali xususiylashtiriladi.

26-modda. Davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalarini xususiylashtirish

Xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari tasdiqlangan xususiylashtirish dasturlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan aniqlanadi.

Xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkalari mazkur ko‘chmas mulk obyektlari bilan birga elektron onlayn-auksion yoki boshqa ommaviy savdolar orqali xususiylashtiriladi.

27-modda. Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda ishtirok etishga doir buyurtma:

tadbirkorlik, shaharsozlik faoliyatini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun — O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan;

yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan beriladi.

28-modda. Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymati

Xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymati o‘tkazilgan elektron onlayn-auksion natijalariga ko‘ra belgilanadi.

Elektron onlayn-auksionga qo‘yiladigan yer uchastkasining boshlang‘ich narxi uning elektron onlayn-auksionga qo‘yilish paytidagi bozor qiymatidan kelib chiqib belgilanadi.

Xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan yer uchastkasining boshlang‘ich narxi mazkur ko‘chmas mulk obyektlarining bozor qiymatini inobatga olgan holda belgilanadi.

Zakalat miqdori va qadam narxi boshlang‘ich narxdan foizlarda va pulda ifodalangan tarzda belgilanadi.

5-BOB. XUSUSIYLASHTIRILGAN YER UCHASTKALARINING HUQUQIY MAQOMI

29-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi

Yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi uchun davlat orderi huquqni belgilovchi hujjat bo‘lib, u xususiylashtiriladigan yer uchastkasining qiymatini to‘lash to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirilganidan keyin bir ish kuni ichida O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan beriladi.

Yer uchastkasi unda joylashgan davlat ko‘chmas mulk obyekti bilan bir vaqtda xususiylashtirilgan taqdirda, yer uchastkasiga va ko‘chmas mulk obyektiga bo‘lgan mulk huquqi uchun yagona davlat orderi rasmiylashtiriladi.

Davlat orderlari berilganligi uchun davlat boji undirilmaydi.

30-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi

Xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi obyektlaridir.

Xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan xususiy mulk huquqi unga bo‘lgan huquq Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestriga tegishli ma’lumotlarni elektron tarzda kiritish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuzaga keladi.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga bo‘lgan xususiy mulk huquqi daxlsizdir va qonunga muvofiq davlat tomonidan himoya qilinadi.

31-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining huquqlari

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari quyidagi huquqlarga ega:

xususiylashtirilgan yer uchastkasiga yuridik va jismoniy shaxslarning, davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmagan holda, o‘z xohishiga ko‘ra va o‘z manfaatlarini ko‘zlab erkin egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shu jumladan undan garov predmeti sifatida foydalanish, yuridik shaxsning ustav kapitaliga (ustav fondiga) hissa sifatida kiritish, ijaraga berish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqining har qanday buzilishlari bartaraf etilishini talab qilish;

xususiylashtirilgan yer uchastkasida mustaqil ravishda xo‘jalik yuritish;

uy-joy, ishlab chiqarish, madaniy-maishiy imoratlar va inshootlarni hamda boshqa imoratlar va inshootlarni qurish, ularni qayta qurish va buzishni amalga oshirish.

32-modda. Xususiylashtirilgan yer uchastkalari mulkdorlarining majburiyatlari

Xususiylashtirilgan yer uchastkalarining mulkdorlari:

yer uchastkasidan foydalanishda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga rioya etishi;

boshqa yer uchastkalarining mulkdorlariga yetkazilgan zararning o‘rnini belgilangan tartibda qoplashi shart.

33-modda. Xususiylashtirish subyektlari bo‘lmagan shaxslarda yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqining vujudga kelishi

Chet el fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet ellik yuridik shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, agar qonunda boshqa narsa nazarda tutilmagan bo‘lsa, xususiylashtirilgan yer uchastkalarini olish huquqiga ega emas.

Agar chet el fuqarosi, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs, chet ellik yuridik shaxs, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonada yer uchastkalariga mulk huquqi vujudga kelsa, ushbu yer uchastkalari bunday holat yuz bergan paytdan e’tiboran olti oy ichida begonalashtirilishi lozim.

Agar yer uchastkalari ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatda begonalashtirilmasa, ushbu moddada ko‘rsatilgan shaxslarda ularni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ijaraga olishda ustun huquq saqlab qolingan holda yer uchastkalari davlat mulkiga o‘tkaziladi.

34-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasiga mulk huquqining bekor qilinishi

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasiga mulk huquqi quyidagi hollarda bekor qilinadi:

yer uchastkasiga, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi ular joylashgan yer uchastkasi bilan birga fuqarolik qonunchiligida nazarda tutilgan tartibda boshqa shaxsga o‘tkazilganda;

jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga qayta sotib olinganda;

qonunda belgilangan hollarda yer uchastkasi, shuningdek binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga musodara qilinganda;

qonunchilikda belgilangan hollarda yer uchastkasi, binolar, inshootlar yoki boshqa ko‘chmas mulk ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga rekvizitsiya qilinganda;

ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv yer uchastkasiga qaratilganda.

35-modda. Undiruv qaratilgan yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasining qiymatini aniqlash

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasiga mulkdorning majburiyatlari bo‘yicha undiruv qaratilganda ushbu yer uchastkasining qiymati qonunga muvofiq aniqlanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan, olib qo‘yilayotgan yer uchastkasining baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan qiymati yuzasidan sudda nizolashilishi mumkin.

36-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish:

faqat yer uchastkasi mulkdorining yozma roziligi olinganda amalga oshiriladi;

yer uchastkasining mulkdori hamda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari nomidan teng shartlar asosida tuziladigan yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi;

basharti yer uchastkasining shartnoma qiymati davlat tomonidan oldindan to‘lansa, amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olishga faqat quyidagi maqsadlarda yo‘l qo‘yiladi:

mudofaa va davlat xavfsizligi ehtiyojlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni, erkin savdo zonalarini tashkil etish va ularning faoliyat ko‘rsatishi uchun yerlar berish;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;

foydali qazilmalar konlarini qidirish va qazib olish (bundan keng tarqalgan foydali qazilmalar konlari mustasno);

respublika ahamiyatiga hamda mahalliy ahamiyatga molik avtomobil va temir yo‘llarni, aeroportlarni, aerodromlarni, aeronavigatsiya obyektlarini hamda aviatexnika markazlarini, temir yo‘l transporti obyektlarini, ko‘priklar, metropolitenlar, tunnellarni, energetika va aloqa tizimining muhandislik obyektlari hamda tarmoqlarini, kosmik faoliyat obyektlarini, magistral quvurlarni, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini, irrigatsiya va melioratsiya tizimlarini qurish (rekonstruksiya qilish);

tasdiqlangan aholi punktlari bosh rejalarining obyektlarni O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qurishga oid qismini bajarish;

davlat investitsiya dasturlarida ko‘rsatilgan davlat ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasalarining binolari hamda inshootlarini markazlashtirilgan investitsiyalar hisobidan qurishni nazarda tutuvchi loyihalarni amalga oshirish.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkalarini jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish faqat yer uchastkalari mulkdorlari bilan qayta sotib olishning shartnoma narxi va qayta sotib olish shartlari ochiq muhokama qilinganidan keyin, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan majburiy ravishda kelishilganidan keyin amalga oshiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini qayta sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rni quyidagi manbalar hisobidan qoplanadi:

davlat boshqaruvi organlarining tashabbusiga ko‘ra — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan respublika jamg‘armasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tashabbusiga ko‘ra — tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarning o‘rnini qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan hududiy jamg‘armalar.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasining qayta sotib olish qiymatini to‘lash yer uchastkasiga bo‘lgan mulk huquqi davlatga o‘tkaziladigan paytga qadar to‘liq hajmda amalga oshiriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasining mulkdori o‘rtasidagi yer uchastkasining oldi-sotdi shartnomasini tuzish bo‘yicha kelishmovchiliklar sud tartibida hal etiladi.

37-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasi tabiiy ofatlar, falokatlar, epidemiyalar, epizootiyalar hollarida va favqulodda xususiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarda uning mulkdoridan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq olib qo‘yilishi (rekvizitsiya qilinishi) mumkin, bunda xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanib, unga rekvizitsiya to‘g‘risida hujjat beriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini rekvizitsiya qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining, jamiyat va davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlarini favqulodda holatlar munosabati bilan yuzaga keladigan tahdidlardan himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.

Rekvizitsiya amalga oshirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlarning amal qilishi tugagach, rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining sobiq mulkdori saqlanib qolgan mol-mulkini o‘ziga qaytarishni talab qilishga haqli.

Ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish zarurati mavjud bo‘lmaganda yer uchastkasi ushbu holatlarning amal qilish davrida vaqtincha foydalanish uchun egallanishi mumkin va yer uchastkasining mulkdoriga uning huquqlari vaqtincha cheklanganligi munosabati bilan yetkazilgan zararlarning o‘rni qoplanadi.

Vaqtincha egallangan yer uchastkasini qaytarishning imkoni bo‘lmagan taqdirda, uning mulkdoriga shu yer uchastkasining bozor qiymati va yer uchastkasini qaytarib berishning imkoni yo‘qligi munosabati bilan yetkazilgan boshqa zararlarning o‘rni qoplanadi.

Rekvizitsiya qilingan yer uchastkasining bozor qiymati o‘rni yer uchastkasi mulkdoriga qaysi baholashga muvofiq qoplangan bo‘lsa, o‘sha baholash, yer uchastkasini rekvizitsiya qilish yoki yer uchastkasi mulkdorining huquqlarini vaqtincha cheklash munosabati bilan yetkazilgan zararlar yuzasidan mulkdor tomonidan sud tartibida nizolashilishi mumkin.

38-modda. Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasini musodara qilish

Yuridik va jismoniy shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan yer uchastkasi jinoyat-protsessual qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda mulkdordan sud qarori asosida olib qo‘yilishi (musodara qilinishi) mumkin.

6-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

39-modda. Nizolarni hal etish

Yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

40-modda. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

41-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 13-avgustda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi O‘RQ-552-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 8, 463-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 272-moddasi;

3) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 16-avgustda qabul qilingan “Yer uchastkalarini ajratish va ulardan foydalanish, shuningdek yerlarni hisobga olish va davlat yer kadastrini yuritish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-708-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, № 8, 800-modda) 14-moddasi.

42-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

43-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

44-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat ___7.04____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.