REKLAMA TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI DD 2022-YIL 7-IYUN, O‘RQ-776-SON

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

2022-YIL 7-IYUN,

O‘RQ-776-SON

.

REKLAMA TO‘G‘RISIDA

Qonunchilik palatasi tomonidan 2021-yil 28-dekabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2022-yil 17-martda ma’qullangan

.

1-BOB. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish (bundan buyon matnda reklamaning aylanishi deb yuritiladi) sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Ushbu Qonunning amal qilish sohasi

Ushbu Qonunning amal qilishi reklama tayyorlangan joydan qat’i nazar, agar mazkur reklama O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga va tarqatishga qaratilgan bo‘lsa, reklamaning aylanishi sohasidagi barcha munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Ushbu Qonunning amal qilishi:

1) saylovoldi tashviqoti materiallariga;

2) oshkor etilishi yoki tarqatilishi yoxud reklamadan foydalanuvchiga yetkazilishi qonunchilikka muvofiq majburiy bo‘lgan axborotga;

3) tovarni bozorda ilgari surish asosiy maqsadi bo‘lmagan va ijtimoiy axborot hisoblanmaydigan ma’lumot-axborot materiallariga hamda tahliliy materiallarga (ichki va tashqi bozorlarning sharhlariga, ilmiy tadqiqotlar hamda sinovlar natijalariga);

4) reklama xususiyatidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olmagan peshlavhalar va ko‘rsatkichlar axborotiga;

5) jismoniy yoki yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan e’lonlariga;

6) tovarda yoki uning o‘ramida joylashtirilgan, tovar, uni ishlab chiqaruvchi, import qiluvchi yoki eksport qiluvchi to‘g‘risidagi axborotga;

7) tovarda yoki uning o‘ramida joylashtirilgan va boshqa tovarga taalluqli bo‘lmagan tovar bezagining har qanday qismlariga;

8) ilm-fan, adabiyot yoki san’at asarlariga uzviy ravishda uyg‘unlashtirilgan va o‘z holicha reklama xususiyatidagi ma’lumotlar hisoblanmaydigan, tovar, uni individuallashtirish vositalari, tovarni ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi to‘g‘risidagi eslatmalarga;

9) ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlar haqida tovarlarni ishlab chiqaruvchilarning va (yoki) sotuvchilarning saytlariga yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarga joylashtirilgan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborotga, agar ko‘rsatilgan ma’lumotlar saytga yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifaga kiruvchilarni realizatsiya qilinayotgan tovarlar, ularning assortimenti, ulardan foydalanish qoidalari va boshqa xususiyatlar (xossalar) to‘g‘risida xabardor qilish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa;

10) Internet jahon axborot tarmog‘ining axborot-qidiruv tizimlaridagi so‘rovlar bo‘yicha berilgan natijalarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

3-modda. Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining reklama to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

4-modda. Reklamaga bo‘lgan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar

Reklama to‘liq yoki qisman mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obyekti bo‘lishi mumkin. Bu holda mualliflik huquqi hamda turdosh huquqlar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikka hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq himoya qilinishi lozim.

5-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

aksilreklama — noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tugatish maqsadida tarqatiladigan raddiya;

axloqsiz reklama — shaxslarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga daxldor bo‘lgan haqoratli so‘zlar, tasvirlar hamda o‘xshatishlardan, haqorat qiluvchi tasvirlardan foydalanish orqali insoniylik va axloqning umumqabul qilingan normalarini buzuvchi, milliy yoki jahon madaniy boyligini tashkil etadigan san’at obyektlariga, tarixiy va arxitektura yodgorliklariga tajovuz qiluvchi, O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlarini (bayrog‘ini, gerbini, madhiyasini), milliy valyutasini tahqirlovchi reklama;

ijtimoiy axborot — tarqatilishi bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olishni maqsad qilib olmagan, nomuayyan shaxslar doirasiga yo‘naltirilgan hamda xayriya va sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika resurslarini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, aholini ijtimoiy himoya qilish va uning xavfsizligi, ma’naviyat va ma’rifat, jamiyat va davlat manfaatlarini ta’minlash sohalarida ijtimoiy foydali maqsadlarga erishishga qaratilgan axborot, shuningdek notijorat xususiyatidagi boshqa axborot;

nomaqbul reklama — noto‘g‘ri, axloqsiz, yashirin reklama, shuningdek ushbu Qonun talablariga mos kelmaydigan boshqa reklama;

noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama — noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan reklama;

rag‘batlantiruvchi aksiya — reklamadan foydalanuvchilarni muayyan harakatlarni bajarishga undaydigan tadbir, tanlov, o‘yin o‘tkazish shaklida amalga oshiriladigan, shu jumladan ularda ishtirok etish sharti reklama qilinayotgan tovarlarni olishdan iborat bo‘lgan reklama;

reklama — har qanday reklama vositalaridan foydalangan holda tarqatiladigan, mazmuni O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan reklamadan foydalanuvchilarga qaratilgan va reklama obyektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek uni bozorda bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan maxsus axborot;

reklama beruvchi — reklama qilinadigan tovarni ishlab chiqarishni yoki sotishni amalga oshiruvchi, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoxud norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs yoxud reklama obyektini va (yoki) reklama mazmunini belgilab bergan boshqa shaxs, shu jumladan homiy;

reklama vositalari — reklamadan foydalanuvchiga reklamani yetkazish uchun foydalaniladigan vositalar;

reklama joyi (tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan joy) — tashqi reklama va axborot obyekti (konstruksiyasi) o‘rnatiladigan maxsus ajratilgan va (yoki) berilgan hudud (er, asfalt, yashil hudud va boshqalar), bino, inshoot sirtqi qismining muayyan yuzasi;

reklama joyining pasporti — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladigan hujjat bo‘lib, ushbu hujjat yuridik va jismoniy shaxslarning tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) unda ko‘rsatilgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga, mulk shaklidan qat’i nazar, o‘rnatish huquqini tasdiqlaydi;

reklama joyi pasportining egasi — davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasiga, binoga yoki inshootga yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksion asosida yoxud xususiylashtirilgan yer uchastkalariga, shuningdek xususiy mulk bo‘lgan binolarga yoki inshootlarga — xususiylashtirilgan yer uchastkasining, binoning yoxud inshootning mulkdori bilan tuzilgan shartnoma asosida tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish huquqini olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

reklama obyekti — e’tiborni jalb etish uchun reklama o‘ziga nisbatan yo‘naltirilgan tovar, shu jumladan tadbirlar, texnologiyalar, individuallashtirish vositalari, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek jismoniy yoki yuridik shaxslar to‘g‘risidagi axborot;

reklamaga oid faoliyat — reklamaning aylanishi sohasida ishlar hamda xizmatlarni bajarish bilan bog‘liq faoliyat;

reklama tayyorlovchi — reklamani tarqatish (joylashtirish) uchun axborotni to‘liq yoxud qisman tayyor shaklga keltirishni amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

reklama tarqatuvchi — reklama vositalari orqali reklama tarqatishni amalga oshiradigan, O‘zbekiston Respublikasining rezidenti yoki norezidenti bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

reklamadan foydalanuvchi — reklama o‘ziga nisbatan yo‘naltirilgan shaxs yoki shaxslar guruhi;

tashqi reklama — nomuayyan shaxslar doirasi ko‘rishi uchun mo‘ljallangan, tashqi reklama va axborot obyektlarida (konstruksiyalarida) joylashtiriladigan grafikli, matnli yoki boshqa reklama;

tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi — o‘rnatilishiga yo‘l qo‘yiladigan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish joylarini belgilaydigan, ularning turlari, shakllari, texnik tavsiflari, axborot maydonlarining sathi ko‘rsatilgan holdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan hamda hududiy rejalashtirish chizmasi asosida ishlab chiqiladigan hujjat;

tovar — faoliyatning sotish, ayirboshlash yoki boshqa yo‘l bilan muomalaga kiritish uchun mo‘ljallagan mahsuli (shu jumladan ish, xizmat);

uyg‘unlashtirilgan reklama — tovarlarning kino, audio va video mahsulotlardagi, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlar efiridagi, san’at asarlaridagi, tasvirlardagi, kompyuter o‘yinlaridagi hamda mavjud tovarga muvofiq bo‘lgan asosiy yoki ikkinchi darajali rekvizit, tovar belgisining (xizmat ko‘rsatish belgisining) tasviri yoki u haqida har qanday shakldagi eslatma tarzida boshqa asarlardagi reklamasi;

yashirin reklama — reklamadan foydalanuvchining idrokiga uning o‘zi anglamagan holda maxsus videoilovalardan (qo‘sh ovozli yozuvdan) foydalanish yo‘li bilan hamda boshqa usullar bilan ta’sir o‘tkazadigan reklama;

qiyosiy reklama — raqobatchini yoki raqobatdosh tovarni bevosita yoki bilvosita identifikatsiyalovchi reklama;

homiy — sport tadbirini, madaniy yoki boshqa tadbirni tashkil etish va (yoki) o‘tkazish, teleko‘rsatuvni yoki radioeshittirishni yaratish va (yoki) namoyish etish (eshittirish) yoxud ijodiy faoliyatning boshqa natijasini yaratish va (yoki) undan foydalanish uchun mol-mulkni, pul mablag‘larini, intellektual faoliyat natijalarini taqdim etish, xizmatlar ko‘rsatish, ishlarni bajarish tarzida hissa qo‘shishni amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;

homiylik reklamasi — muayyan shaxsni majburiy tarzda homiy sifatida eslatib o‘tish sharti bilan tarqatiladigan reklama.

6-modda. Reklamaning tili

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin:

reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak;

tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak;

reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak;

tele- va radiokanallarda, shuningdek bosma nashrlarda tarqatiladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi har kungi umumiy reklama hajmining yigirma foizidan oshmasligi kerak.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining amal qilishi:

faqat chet tillarda e’lon qilinadigan bosma nashrlarda va noshirlik mahsulotining boshqa turlarida joylashtiriladigan reklamaga;

ko‘rsatuvni (eshittirishni) chet tillarda amalga oshiruvchi ommaviy axborot vositalarining tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlarini namoyish etish (eshittirish) jarayonida joylashtiriladigan reklamaga;

Internet jahon axborot tarmog‘idagi materiallarni faqat chet tillarda joylashtiradigan veb-saytlarning axborot resurslariga joylashtiriladigan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin.

2-BOB. REKLAMANING AYLANISHI SOHASINI TARTIBGA SOLISH

7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

reklamaning aylanishi sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;

tashqi reklamani tayyorlash va joylashtirish tartibini belgilaydi;

tashqi reklamani joylashtirish huquqi uchun yig‘imlarning tabaqalashtirilgan miqdorlarini aniqlash tartibini belgilaydi;

Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

8-modda. Vakolatli davlat organining reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatlari

O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

reklamaning aylanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning ijrosini ta’minlaydi;

reklamaning aylanishi sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;

reklamaning aylanishi sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;

reklamaning aylanishi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;

reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi;

reklamaning aylanishi sohasida mahalliy va xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentini ishlab chiqadi;

reklamaga oid faoliyat subyektlariga reklama axboroti bilan bog‘liq hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatlarda taqdim etishga doir so‘rov yuboradi;

reklamaga oid faoliyat subyektlari tomonidan reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarining buzilishi hollarini aniqlaydi va ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi;

zarur hollarda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi holatlarini aniqlash maqsadida xulosalar va izohlar olish uchun ekspertlar hamda mutaxassislarni jalb qiladi;

reklamaga oid faoliyat subyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llash haqida qonunchilikda belgilangan tartibda qarorlar qabul qiladi;

reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasida halol raqobat hamda qonuniylikka rioya etish prinsiplariga asoslangan reklama bozorini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek reklamaning aylanishi sohasida o‘zini o‘zi tartibga solish mexanizmlarini joriy etishga ko‘maklashadi;

reklamaning aylanishi sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.

Vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

Vakolatli davlat organining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, shu jumladan reklamaga oid faoliyat subyektlari tomonidan ijro etilishi majburiydir.

9-modda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining reklamaning aylanishi sohasidagi vakolatlari

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tegishli ma’muriy-hududiy birliklar doirasida:

reklamaning aylanishi sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishda vakolatli davlat organiga ko‘maklashadi;

reklamaning aylanishi sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;

tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun taklif etilayotgan yer uchastkalarining, binolarning va inshootlarning ro‘yxatlarini shakllantiradi;

davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish huquqini olish uchun yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida tanlovlar o‘tkazadi;

reklamaga oid faoliyat subyektlariga tashqi reklama obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatlarda taqdim etishga doir so‘rov yuboradi;

qonunchilikka muvofiq tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) reklama joylari pasportini beradi hamda mulkchilik shaklidan qat’i nazar yer uchastkalariga, binolarga va inshootlarga, tashqi reklama hamda axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun shartnomalar tuzadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.

10-modda. Reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmasi

Qonunda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan, reklamaga oid faoliyat subyektlarini birlashtiruvchi nodavlat notijorat tashkiloti reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmasidir.

Reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmasi O‘zbekiston Respublikasida halol raqobat va qonuniylikka rioya etish prinsiplariga asoslangan reklama bozorini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratishga, shuningdek reklamaga oid faoliyat subyektlarining kasbiy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashishga qaratilgandir.

Reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmasi:

o‘z a’zolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;

reklamaga oid faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar bilan chiqadi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli takliflar kiritadi;

marketing hamda reklamaga oid faoliyatni yuritishning yuksak axloqiy mezonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha talablarni belgilaydigan qoidalar to‘plamidan iborat bo‘lgan reklama amaliyoti kodekslarini O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi asosida, o‘zini o‘zi tartibga solish mexanizmlaridan foydalangan holda ishlab chiqadi va qabul qiladi;

reklamaning aylanishi sohasidagi jamoatchilik monitoringiga va hisobga olishga doir tadbirlarni tashkil qilishda ishtirok etadi;

vakolatli davlat organining so‘roviga ko‘ra reklamaning qonunchilik talablariga mosligi haqida xulosa va izohlar taqdim etadi;

reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

reklamaga oid faoliyat subyektlari birlashmasi a’zolarining reyestrlarini yuritadi va ularni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

zarur hollarda, reklamaning aylanishi sohasidagi ixtisoslashtirilgan tadbirlarni (ko‘rgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar va boshqalarni) tashkil qiladi hamda ularda ishtirok etadi, shu jumladan xalqaro tadbirlarda ham ishtirok etadi.

Reklamaga oid faoliyat subyektlarining birlashmasi qonunchilikka muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.

3-BOB. REKLAMAGA OID FAOLIYAT SUBYEKTLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

11-modda. Reklamaga oid faoliyat subyektlari

Reklama beruvchilar, reklama tayyorlovchilar, shuningdek reklama tarqatuvchilar reklamaga oid faoliyat subyektlaridir.

12-modda. Reklama beruvchining huquq va majburiyatlari

Reklama beruvchi quyidagi huquqlarga ega:

reklama to‘g‘risida shartnoma tuzish haqida oshkora taklif (ommaviy oferta) kiritish, shu jumladan uni elektron shaklda kiritish;

reklama vositalarini, shuningdek reklama materiallarining hajmlarini va ushbu materiallarni yetkazib berish shakllarini mustaqil ravishda belgilash, bundan qonunda belgilangan hollar mustasno.

Reklama beruvchi:

zarur bo‘lgan taqdirda, reklama tayyorlovchining va (yoki) tarqatuvchining talabiga ko‘ra reklama axborotining ishonchliligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi;

agar reklama qilinayotgan faoliyat litsenziyalanishi lozim bo‘lsa yoki uning yuritilishi tegishli ravishda ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olishni talab qilsa, reklama ishlab chiqaruvchi va tarqatuvchiga tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni taqdim etishi, shuningdek majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan tovar reklama qilingan taqdirda, sertifikatni taqdim etishi;

reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan taqdirda, vakolatli davlat organining qaroriga ko‘ra u ko‘rsatgan muddatda aksilreklamani amalga oshirishi;

vakolatli davlat organining so‘roviga ko‘ra reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallarni belgilangan muddatda taqdim etishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining so‘roviga ko‘ra tashqi reklama obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq hujjatlar hamda materiallar taqdim etishi shart.

Reklama beruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va uning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

13-modda. Reklama tayyorlovchining va tarqatuvchining huquq hamda majburiyatlari

Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi reklamaga oid faoliyatdagi o‘z tovarlarini (ishlarini, xizmatlarini) bozor konyunkturasidan kelib chiqib mustaqil ravishda belgilanadigan narxlar va tariflar bo‘yicha yoki shartnoma asosida realizatsiya qilish huquqiga ega, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi:

reklama beruvchidan ushbu Qonun 12-moddasi ikkinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda tegishli litsenziyani, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni va muvofiqlik sertifikatini talab qilishi;

reklamaga oid faoliyatning boshqa subyektlaridan maxfiylik shartlari asosida olingan axborotning oshkor qilinmasligini ta’minlashi;

vakolatli davlat organining so‘roviga ko‘ra reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallarni u belgilagan muddatda taqdim etishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining so‘roviga ko‘ra tashqi reklama obyektlaridan foydalanish bilan bog‘liq hujjatlar hamda materiallar taqdim etishi shart.

Reklama tayyorlovchi va tarqatuvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ega bo‘lishi va ularning zimmasida o‘zga majburiyatlar ham bo‘lishi mumkin.

14-modda. Reklamaga oid faoliyat subyektlarining axborot taqdim etish bo‘yicha majburiyati

Reklamaga oid faoliyat subyektlari vakolatli davlat organining, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslantirilgan talabiga ko‘ra ishonchli hujjatlarni hamda og‘zaki yoki yozma shakldagi tushuntirishlarni, video- va audioyozuvlarni, shuningdek ushbu organlar mazkur Qonunda nazarda tutilgan vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan boshqa axborotni bunday talab kelib tushgan kundan e’tiboran yetti kunlik muddatda taqdim etishi shart.

15-modda. Reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallarni saqlash muddatlari

Reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallar reklamani tayyorlashga, tarqatishga (joylashtirishga), reklamaning natura holidagi va pulda ifodalangan miqdoriga, bosma materiallar va nashr etilgan materiallarning (reklamaning), namunalarning, video- va audiomateriallarning, shuningdek yozib olingan boshqa vositalarning miqdoriga oid shartnomalardan iboratdir.

Reklamaga oid faoliyat subyektlari reklama axborotiga doir hujjatlar va materiallarni yoki ularning ko‘chirma nusxalarini, shu jumladan ularga kiritiladigan keyingi barcha o‘zgartishlarni reklama oxirgi marta e’lon qilingan (uzatilgan, tarqatilgan) kundan e’tiboran uch yil mobaynida (bundan qonunchilikda reklamaga doir hujjatlar va materiallarni saqlashning uzoqroq muddatlari nazarda tutilgan hollar mustasno), reklamaga nisbatan nizo yuzaga kelgan taqdirda esa ushbu nizo qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda hal qilinguniga qadar saqlashi shart.

4-BOB. REKLAMAGA DOIR UMUMIY VA MAXSUS TALABLAR

16-modda. Reklamaga doir asosiy talablar

Nomaqbul reklamaga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar reklama beruvchi reklama qilinayotgan qiyoslash ishonchliligining faktik dalillarini taqdim etishi mumkin bo‘lsa, agar bunda reklama foydalanuvchisini reklama chalg‘itib qo‘ymasa va chalg‘itib qo‘yishi mumkin bo‘lmasa, raqobatchining ishchanlik obro‘siga yoki uning tovar belgisiga (xizmat ko‘rsatish belgisiga), firma nomiga, tovariga yoki faoliyatiga putur yetkazmasa, qiyosiy reklamaga yo‘l qo‘yiladi.

Reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyiga qarab, boshqa holatlarga ko‘ra kamsitish yoki o‘zga shaxslarning tovarlarini badnom qilish;

qonunchilikning buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan, fuqarolarning hayotiga yoki sog‘lig‘iga va atrof-muhitga zarar yetkazuvchi yoxud zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan, shuningdek xavfsizlik vositalariga e’tiborsiz bo‘lishga undovchi harakatlarga da’vat qilish;

agar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi qonunchilikda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, boshqa tovar reklamasida qo‘llaniladigan yoki video va kino mahsulotlarida, shuningdek boshqa ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarida (mualliflik huquqi), efir yoki kabel orqali ko‘rsatuvlar (eshittirishlar) beruvchi tashkilotlarning ijrolarida, fonogrammalarida foydalaniladigan umumiy yechimni, matnni, tasvirni, musiqali yoki ovozli effektlarni aynan takrorlash;

jismoniy shaxsning nomidan yoki tasviridan uning roziligisiz foydalanish;

pornografiya tusidagi axborotdan foydalanish;

axborot mazmunining buzilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan chet el so‘zlari va iboralaridan foydalanish;

tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish;

tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari) reklama qilinishi taqiqlangan yoxud reklama qilinishiga nisbatan tegishli cheklovlar yoki talablar belgilangan tovarning tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari) bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoxud unga aynan o‘xshash bo‘lgan boshqa tovarning reklamasi ko‘rinishida tovarni reklama qilish;

davlat ramzlaridan, xususan O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi, O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i tasviridan hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi ohangidan foydalanish yoki ularni aynan takrorlash;

maktabgacha ta’limda hamda tarbiyada, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda foydalaniladigan bosma nashrlarda (darsliklarda, maktab kundaliklarida, maktab daftarlarida va boshqalarda) tovarlarni reklama qilish;

narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish;

bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko‘rsatmasdan reklama qilish;

tovar to‘g‘risidagi, uni olish yoki undan foydalanish shartlari haqidagi muhim ma’lumotlarni yashirish va (yoki) o‘qish uchun farqlab olishni qiyinlashtiradigan qilib tasvirlash, agar bunda axborotning mazmuni buzib ko‘rsatilsa va reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itsa;

milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek axloq va ma’naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish.

Quyidagilarni:

ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni;

ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni;

giyohvandlik vositalarini yoki psixotrop va (yoki) kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni;

pornografiya mahsulotlarini reklama qilish taqiqlanadi.

Ayrim turdagi tovarlar reklamasiga nisbatan mazkur reklamaga qo‘shimcha axborot va (yoki) ogohlantirishlarni ilova qilish zarurligi to‘g‘risida talablar belgilanishi mumkin.

Reklama beruvchi va reklama tarqatuvchi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan taqdirda, reklamani tarqatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

17-modda. Voyaga yetmaganlarni reklamada himoya qilish

Voyaga yetmaganlarni ularning ishonchini va tajribasi yetishmasligini suiiste’mol qilishlardan himoya etish maqsadida reklamada quyidagilar taqiqlanadi:

voyaga yetmaganlarning iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni iste’mol qilayotgan yoki ulardan foydalanayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish;

xavfli vaziyatlarda, shu bilan birga ularning hayoti va (yoki) sog‘lig‘iga tahdid soluvchi xatti-harakatlarni sodir etishga, shu jumladan o‘z sog‘ligiga zarar yetkazishga undovchi vaziyatlarda voyaga yetmaganlarni namoyish etishdan foydalanish;

voyaga yetmaganlarni tovarlarni olishga da’vat qilish yoki reklama qilinayotgan tovarlarni olishni iltimos qilib uchinchi shaxslarga murojaat etishga undash;

haqiqiy yoki o‘yinchoq quroldan foydalanish;

ota-onalar va tarbiyachilarni obro‘sizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazish;

voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan tovarlarni voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan telekanallarda, teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish.

18-modda. Reklamani identifikatsiya qilish

Reklama, tarqatilish shakllaridan yoki vositalaridan qat’i nazar, uni reklama sifatida identifikatsiya qilish mumkin bo‘ladigan tarzda boshqa axborotdan ajratilgan bo‘lishi kerak. Mazkur talab uyg‘unlashtirilgan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Televideniye va radiodagi reklama boshqa dasturlardan o‘zining boshlanishi va oxirida audio-, video-, aralash vositalar yoki boshlovchilarning sharhlari yordamida ajratib qo‘yilishi kerak.

Bosma nashrlardagi reklama boshqa axborotdan “Reklama” degan so‘z ko‘rsatilgan holda ajratilgan bo‘lishi kerak.

Reklama beruvchi tomonidan bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadida e’lon qilingan, tovarga qiziqishni shakllantirish va uni realizatsiya qilishga ko‘maklashish uchun tovarning muayyan markasiga (nomiga, modeliga, artikuliga) yoxud uni ishlab chiqaruvchiga reklamadan foydalanuvchilarning e’tiborini atayin jalb etadigan yoki mazkur tovarni ishlab chiqaruvchi yoki tarqatuvchi shaxsning nashrga oid ma’lumotlarini (rekvizitlarini) o‘z ichiga olgan axborot materiali, mualliflik va tahririyat materiali reklama deb hisoblanadi hamda u “Reklama” rukni ostida joylashtirilgan bo‘lishi kerak.

19-modda. Reklamada homiylik va sheriklik

Teleko‘rsatuvlarni, radioeshittirishlarni yaratishda, televideniye va radioda namoyish etiladigan teatr-konsert, sport tadbirlarini hamda boshqa tadbirlarni tashkil qilishda homiylar va sheriklar ishtirok etishi mumkin.

Namoyish qilinayotgan teleko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning homiylari va sheriklari to‘g‘risidagi axborot dastur boshida hamda oxirida qisqa va aniq ko‘rsatilishi kerak. Homiyning nomi (nomlanishi) yonida uning tovar belgisi (xizmat ko‘rsatish belgisi) ko‘rsatilishi mumkin.

Homiylik va sheriklik belgilari “Dastur homiysi” va (yoki) “Dastur sherigi” shaklida homiy va (yoki) sherik haqidagi qaydni o‘z ichiga olgan bo‘lishi mumkin.

Telekanallarda homiylik va sheriklik belgilarining xronometraji besh soniyadan, radiokanallarda esa yigirma soniyadan oshishi mumkin emas.

20-modda. Ijtimoiy axborot

Reklamaning aylanishi uchun belgilangan barcha talablar ijtimoiy axborotning aylanishiga nisbatan qo‘llaniladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar ijtimoiy axborotning reklama beruvchilari bo‘lishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslarning ijtimoiy axborotni bepul asosda tayyorlash hamda tarqatishga (joylashtirishga), o‘z mol-mulkini (shu jumladan pul mablag‘larini) ijtimoiy axborot tayyorlash va tarqatish (joylashtirish) uchun boshqa shaxslarga berishga doir faoliyati homiylik faoliyati deb e’tirof etiladi. Bunday shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanadi.

Ijtimoiy axborotda tovarlarning muayyan markalari (nomlari, modellari, artikullari), ishlab chiqaruvchilarning tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari) hamda ularning boshqa individuallashtirish vositalari to‘g‘risidagi eslatmaga, shuningdek bevosita yoki bilvosita foyda (daromad) olish maqsadlarini ko‘zlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Radio va teledasturlarda tarqatiladigan ijtimoiy axborotda homiylar to‘g‘risidagi eslatma uch soniyadan oshishi mumkin emas va bunday eslatmaga kadr maydonining ko‘pi bilan yetti foizi ajratilishi, boshqa vositalar orqali tarqatiladigan ijtimoiy axborotda esa reklama maydonining (sathining) ko‘pi bilan besh foizi ajratilishi kerak.

Ommaviy axborot vositalari, tashqi reklama va axborotni tarqatuvchilar reklama uchun ajratilgan efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni umumiy oylik hajmining besh foizidan kam bo‘lmagan hajmda ijtimoiy axborotni joylashtirishi shart. Bunda faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘liq moliyalashtiriladigan va (yoki) o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi ellik foiz hamda undan ortiq bo‘lgan reklama tarqatuvchilar davlat boshqaruvi organlarining va mahalliy davlat hokimiyati organlarining buyurtmasiga ko‘ra ijtimoiy axborotni bepul joylashtiradi.

21-modda. Rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish

Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish shartlarining e’loni quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish qoidalarini, uni o‘tkazish muddatlari, sovrinlar va yutuqlarning nomi, miqdori, ularni olish joyi hamda tartibi ko‘rsatilgan holda, shuningdek rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish shartlariga taalluqli boshqa har qanday axborotni;

reklama beruvchining nomini, manzilini, aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa ma’lumotlarni);

rag‘batlantiruvchi aksiya tashkilotchisining yuridik nomini, joylashgan erini (pochta manzilini), aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlarini (telefon raqami, elektron pochta manzili va boshqa ma’lumotlarni).

Ishtirok etish shartlari Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida e’lon qilingan taqdirda, e’lon rag‘batlantiruvchi aksiya tugaganidan keyin kamida olti oy davomida erkin foydalanish uchun ochiq bo‘lishi kerak.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar tovarlarni bepul tarqatish va raqobatdosh tovarlarga (bundan ushbu Qonunda reklama qilinishi taqiqlangan tovarlar mustasno) ayirboshlash yoki xizmatlar ko‘rsatish bilan birga amalga oshirilishi mumkin.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar doirasida qimmatbaho sovrinlar o‘ynalishi quyidagi hollarda lotereya hisoblanmaydi, basharti:

mukofot fondi, shuningdek rag‘batlantiruvchi aksiya o‘tkazilishini tashkil etish xarajatlari rag‘batlantiruvchi aksiya ishtirokchilarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul badallari hisobiga yoki chiptalar sotish va reklama beruvchining reklama qilinayotgan tovari bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa nominal birliklar hisobidan shakllantirilmagan bo‘lsa;

rag‘batlantiruvchi aksiyada ishtirok etish faqat reklama xususiyatiga va reklama beruvchining reklama qilinayotgan tovari sotilishini ko‘paytirish maqsadiga ega bo‘lsa.

Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak.

Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi.

22-modda. Aksilreklama

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi vakolatli davlat organi tomonidan aniqlangan taqdirda, qonunbuzar mazkur organning qaroriga binoan va u ko‘rsatgan muddatda aksilreklamani amalga oshirishi shart.

Aksilreklama ixtiyoriy ravishda yoki vakolatli davlat organining qarori yoxud sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.

Agar qonunbuzar aksilreklamani belgilangan muddatda amalga oshirmasa, vakolatli davlat organi qonunbuzarning reklamasini u aksilreklamani amalga oshirguniga qadar to‘liq yoki qisman to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilishga hamda bu haqda reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzgan shaxs bilan shartnoma tuzgan taraflarni xabardor qilishga haqlidir.

Aksilreklama raddiya berilayotgan reklama qaysi reklama vositalarida amalga oshirilgan bo‘lsa, ayni o‘sha reklama vositalarida, ayni o‘sha davomiylik, makon, joy va tartibdan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Aksilreklamaning mazmuni qonunbuzarlik holatini aniqlagan va uni tuzatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan vakolatli davlat organi bilan kelishiladi. Ayrim hollarda aksilreklama amalga oshiriladigan reklama vositasini, davomiylikni, joyni va tartibni ushbu organning qaroriga ko‘ra o‘zgartirishga yo‘l qo‘yilishi mumkin;

Aksilreklamani amalga oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarning o‘rni qonunbuzar tomonidan qoplanadi.

5-BOB. TASHQI REKLAMA

23-modda. Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari)

Tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus ishlab chiqilgan va qo‘llaniladigan vositalar, shuningdek axborotni aholiga yetkazish vazifasini bajaruvchi texnik vositalar (konstruksiyalar) (pilonlar, ko‘chma reklama konstruksiyalari (ustun, plakat), prizmatronlar, proyeksiyaviy konstruksiyalar, bilbordlar, videoekranlar, elektron displeylar va boshqa texnik vositalar) tashqi reklama va axborot obyektlaridir (konstruksiyalaridir).

Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari):

yer uchastkalariga;

binolarning, inshootlarning yoki ular majmualarining sirtiga (tomiga, old tomoniga, devorlariga);

ko‘priklarga va yo‘l o‘tkazgichlarga;

jamoat transporti bekatlariga, shahar muhiti elementlariga (parkinglar, tumbalar, taksofonlarga va boshqalarga);

muayyan hududdagi (shahar muhiti) tashqi infratuzilmaning boshqa obyektlariga o‘rnatilishi mumkin.

Aholining shahar doirasidagi yashash va (yoki) faoliyat yuritish muhiti shahar muhiti jumlasiga kirib, u ishlab chiqarish, ijtimoiy, muhandislik, transport infratuzilmalarining moddiy obyektlarini, havo va yer osti makonini (metropoliten infratuzilmasidan tashqari) o‘z ichiga oladi hamda tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish maqsadlari uchun tijorat ahamiyatiga ega bo‘ladi.

Tashqi reklama va axborotni joylashtirish (tarqatish) uchun maxsus mo‘ljallangan hamda foydalaniladigan texnik vositalarni o‘rnatish yoki tashqi reklama va axborotni joylashtirish uchun maxsus mo‘ljallanmagan texnik vositalarga joylashtirish (tarqatish) tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun yer uchastkasining tijorat qiymatini aks ettiruvchi hududlarning zonalar bo‘yicha taqsimotini, o‘rnatiladigan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) orasidagi masofalar normativlarini tasdiqlaydi, yuqori texnologiyali tashqi reklama va axborot obyektlarining (konstruksiyalarining) yangi turlari o‘rnatilishi hamda ulardan foydalanilishini rag‘batlantirish tartibini belgilaydi, tashqi reklamani o‘rnatganlik uchun yig‘imlar to‘lanishi ustidan nazoratni, reklama joylari pasportlarining reyestri yuritilishini amalga oshiradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini), mulk shaklidan qat’i nazar, yer uchastkalariga, shuningdek binolarga yoki boshqa ko‘chmas mulkka o‘rnatish chizmalarini tasdiqlaydi.

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq bo‘lishi hamda mavjud binolarning tashqi me’moriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlashi hamda reklama konstruksiyalarining turlari va shakllari, axborot maydonlarining sathi hamda reklama konstruksiyalarining texnik tavsiflari ko‘rsatilgan holda reklama konstruksiyalarini o‘rnatish xaritalarini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi va unga kiritiladigan o‘zgartishlar vakolatli davlat organi bilan oldindan kelishib olinishi lozim.

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan o‘zgartishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinishi lozim.

24-modda. Yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq

Yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilishi mumkin.

Davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlar asosida beriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar o‘ziga reklama joyining pasporti berilgan paytda amalda bo‘lgan qonunchilikka muvofiq mazkur pasport berilgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionlarni o‘tkazmasdan o‘rnatish huquqiga ega bo‘ladi. Reklama joyi pasporti muddati o‘tganidan keyin yuridik yoki jismoniy shaxslar tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksion yakunlari bo‘yicha o‘rnatish huquqiga ega bo‘lishi mumkin.

Xususiylashtirilgan yer uchastkalariga, shuningdek xususiy mulk bo‘lgan binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq xususiylashtirilgan yer uchastkalarining, binolarning hamda inshootlarning mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilishi mumkin.

25-modda. Yer uchastkalaridagi, binolardagi hamda inshootlardagi tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joyining pasporti

Yuridik yoki jismoniy shaxslar yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksion yakunlariga ko‘ra yer uchastkalaridagi reklama joyining pasportini o‘n yil muddatga, davlat mulki bo‘lgan binolardagi va inshootlardagi reklama joyining pasportini esa besh yil muddatga olish huquqiga ega bo‘ladi.

Yuridik yoki jismoniy shaxslar xususiylashtirilgan yer uchastkalaridagi, shuningdek xususiy mulk bo‘lgan binolar va inshootlardagi reklama joyining pasportini xususiylashtirilgan yer uchastkalarining, binolarning hamda inshootlarning mulkdorlari bilan tuzilgan shartnomalar asosida olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda reklama joyining pasporti ushbu shartnomalarda belgilangan muddatga beriladi, biroq bu muddat o‘n yildan oshishi mumkin emas.

Tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasiga o‘rnatish uchun reklama joyining pasporti egasiga tegishli yer uchastkasi ijara huquqi asosida beriladi, davlat mulki bo‘lgan binoga yoki inshootga tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish uchun esa reklama joyi pasportining egasi bilan ijara shartnomasi tuziladi.

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun reklama joyining pasportida ko‘rsatilgan, davlat mulki bo‘lgan yer uchastkasidan, binodan yoki inshootdan vaqtinchalik foydalanish imkoni bo‘lmagan taqdirda (yer uchastkasida qurilish ishlari olib borilishi, binolar hamda inshootlar rekonstruksiya qilinishi hamda ta’mirlanishi va boshqalar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining qaroriga ko‘ra reklama joyi pasportining egasiga tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) montaj qilganlik (o‘rnatganlik), demontaj qilganlik hamda ko‘chirib o‘tkazganlik uchun kompensatsiya to‘langan holda teng qimmatli joy beriladi, yer uchastkasi, bino yoki inshoot berilmagan taqdirda esa tashqi reklama hamda axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish va demontaj qilish, elektron auksion orqali tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) o‘rnatish huquqini olish, konstruksiyaning baholash qiymati bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiya qilinadi.

Agar hududlarda qurilish, obodonlashtirish ishlarini, binolarni (inshootlarni) qurish, rekonstruksiya qilish yoki ta’mirlash hamda boshqa ishlarni olib borish tugallanganidan so‘ng tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) avvalgi joyiga o‘rnatish imkoniyati mavjud bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qaroriga ko‘ra reklama joyi pasportining avvalgi egasiga o‘sha reklama joyi uchun pasport uning amal qilish muddati bungacha amal qilgan reklama joyining pasporti bekor qilingan vaqtga mutanosib ravishda uzaytirilgan holda beriladi hamda tashqi reklama va axborot obyektini (konstruksiyasini) montaj qilganlik (o‘rnatganlik) va demontaj qilganlik uchun ushbu Qonunga muvofiq kompensatsiya to‘lanadi.

Reklama joyining pasporti mavjud bo‘lmagan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) vakolatli davlat organining qaroriga muvofiq demontaj qilinishi lozim.

26-modda. Tashqi reklama va axborot obyektlariga (konstruksiyalariga) doir asosiy talablar

Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari):

Tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining umumiy texnik reglamentida nazarda tutilgan talablarga muvofiq bo‘lishi;

reklama joyining pasportiga muvofiq faqat reklama tarqatish maqsadida foydalanilishi;

reklama joyining pasporti berilgan kundan e’tiboran olti oy ichida o‘rnatilishi;

tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish chizmasiga muvofiq bo‘lishi kerak.

Tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) yo‘lning qatnov qismiga chiqarib o‘rnatish taqiqlanadi.

Tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlariga, yo‘l belgilariga va svetoforlarga, ularning tirgaklariga yoki harakatni tartibga solish uchun mo‘ljallangan boshqa har qanday qurilmaga o‘rnatish, shuningdek tutash hududdagi obodonlashtirish elementlarini buzgan holda o‘rnatish taqiqlanadi.

Reklama joyi pasportining egalari o‘rnatilgan tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishi shart.

Reklama joyi pasportining egasi tomonidan ushbu moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etilmasligi reklama joyi pasportini bekor qilish uchun asos bo‘ladi. Reklama joyi pasporti bekor qilingan taqdirda, reklama joyining pasportida ko‘rsatilgan, davlat mulki bo‘lgan yer uchastkalariga, binolarga hamda inshootlarga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga bo‘lgan huquq yagona elektron savdo maydonchasi orqali ochiq elektron auksionda sotuvga qo‘yiladi.

6-BOB. AYRIM TURDAGI REKLAMA VOSITALARI ORQALI REKLAMA TARQATISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

27-modda. Televideniyedagi reklama

Telekanallar efirida, tele-, video-, kinoxronikali dasturlarda tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab faqat reklama teledasturlariga ixtisoslashtirilgan telekanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sport musobaqasining (shu jumladan sport bellashuvlari, o‘yinlari, janglari, poygalarining) jonli efirdagi yoki yozib olingan holdagi namoyishi, agar telekanalning huquq egasi bilan tuzilgan shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, faqat sport musobaqalari jarayonidagi tanaffuslarda yoki ular to‘xtatib turilgan vaqtda reklama bilan, shu jumladan homiylik reklamasi bilan uzib qo‘yilishi mumkin.

Quyidagilar taqiqlanadi:

reklama joylashtirish maqsadida davlat tadbirlari va marosimlarining namoyishini uzib qo‘yish;

reklama va reklama haqidagi anons, shu jumladan teledastur anonsi tovushining balandligi darajasini reklama va reklama haqidagi anons bilan uzib qo‘yilgan teledastur va teleko‘rsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib belgilash;

teleko‘rsatuvlar namoyish qilinayotganda reklama maqsadlarida harakatlanuvchi satrdan foydalanish, bundan reklama bloki vaqtida foydalanish mustasno;

teleko‘rsatuvlarga videoplashkalarni (teleko‘rsatuv namoyishi vaqtida ko‘rinib qoladigan tijorat axborotini) joylashtirish, bundan reklamaning o‘zini, shuningdek reklama huquqi asosida efirga chiqariladigan ko‘rsatuvni namoyish etish vaqti mustasno. Bunda videoplashka o‘lchami ekran sathining o‘n foizidan oshmasligi va uning pastki qismida gorizontal holatda joylashtirilgan bo‘lishi kerak.

Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining talablari:

tegishli telekanalda namoyish qilinayotgan teleko‘rsatuvlar to‘g‘risidagi teledasturlarda joylashtiriladigan axborotga;

teledasturning logotipiga va mazkur teledastur haqidagi axborotga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Chet el telekanallari retranslatsiya qilinayotganda tarqatiladigan reklama axborotining ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini ta’minlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bunday kanallarning dasturlari reklamadan foydalanuvchilarga reklama axborotisiz taqdim etiladi.

28-modda. Radiodagi reklama

Radioda tarqatilayotgan reklamaning, radiodasturlarni reklama bilan uzib qo‘yishning umumiy davomiyligi eshittirish vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada eshittirish vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emas. Ushbu talab eshittirishlari faqat reklama radiodasturlariga ixtisoslashtirilgan radiokanallarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Sport musobaqasining (shu jumladan sport bellashuvlari, o‘yinlari, janglari, poygalarining) jonli efirdagi yoki yozib olingan holdagi namoyishi, agar radiokanalning huquq egasi bilan tuzilgan shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, faqat sport musobaqalari jarayonidagi tanaffuslarda yoki ular to‘xtatib turilgan vaqtda reklama bilan, shu jumladan homiylik reklamasi bilan uzib qo‘yilishi mumkin.

Quyidagilar taqiqlanadi:

reklama joylashtirish maqsadida davlat tadbirlari va marosimlarining namoyishini uzib qo‘yish;

reklama va uning anonsi, shu jumladan radioeshittirishlar haqidagi anons tovushining balandligi darajasini reklama va radioeshittirishlar reklamasi haqidagi anons bilan uzib qo‘yilgan eshittirish tovushiga nisbatan balandroq qilib belgilash.

Chet el radiokanallari retranslatsiya qilinayotganda tarqatiladigan reklama axborotining ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligini ta’minlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, bunday kanallarning dasturlari reklamadan foydalanuvchilarga reklama axborotisiz taqdim etiladi.

29-modda. Bosma ommaviy axborot vositalaridagi reklama

Bosma ommaviy axborot vositalaridagi reklamaning hajmi davriy nashr bir soni hajmining qirq foizidan oshib ketmasligi kerak. Ushbu talab faqat reklamaga ixtisoslashtirilgan bosma ommaviy axborot vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

30-modda. Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish chog‘idagi reklama

Telekommunikatsiyalar xizmatlarini ko‘rsatish chog‘ida reklamani tarqatishga faqat, basharti abonent oldindan rozilik bersa, yo‘l qo‘yiladi.

Ma’lumotlar beruvchi telefon xizmati ko‘rsatishda reklama faqat so‘ralgan axborot berilganidan keyin taqdim etilishi kerak. Bunda reklama taqdim etish vaqti xizmat narxini belgilashda hisobga olinmasligi kerak.

Mahalliy, shaharlararo yoki xalqaro tovushli telefon aloqasidan foydalangan holda o‘ziga reklama taqdim etiladigan reklamadan foydalanuvchi:

taqdim etiladigan axborot reklama ekanligi to‘g‘risida;

reklama axborotini taqdim etishning pulli yoki tekinligi va uning narxi haqida;

reklama qilinayotgan tovarga nisbatan qonunchilikda va xizmatlar ko‘rsatuvchi tomonidan belgilangan yoshga doir hamda boshqa cheklovlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilinishi kerak.

Shoshilinch tezkor xizmatlarning (yong‘indan saqlash, ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam, gaz tarmog‘ining avariya xizmati va boshqalarning) raqamlaridan reklama tarqatish uchun foydalanish taqiqlanadi.

31-modda. Internet jahon axborot tarmog‘i vositasida tarqatiladigan reklama

Internet jahon axborot tarmog‘i vositasida tarqatiladigan reklama ushbu Qonunning 16-moddasida nazarda tutilgan reklamaga qo‘yiladigan asosiy talablarga, shu jumladan reklama beruvchi va reklama tarqatuvchi bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan taqdirda reklamani tarqatishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talabga muvofiq bo‘lishi kerak.

Qonunchilikda Internet jahon axborot tarmog‘ining “UZ” domen zonasidagi axborot resurslarida reklamaning aylanishiga nisbatan qo‘shimcha talablar belgilanishi mumkin.

32-modda. Ichki reklama

Binolarning ichiga joylashtiriladigan reklama ichki reklamadir.

Ichki reklamani joylashtirish o‘lchamlari u joylashtirilgan joyning egasi tomonidan belgilanadi.

Ichki reklamani davlat organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining binolariga joylashtirish taqiqlanadi, bundan ijtimoiy axborot va qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.

33-modda. Transportdagi reklama

Reklamani transport vositalariga joylashtirish yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan holda, transport vositalari egalari va transport vositalariga nisbatan boshqa ashyoviy huquqlarga ega bo‘lgan shaxslar bilan tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Reklamani umumiy foydalanishdagi transport vositalarida, metropoliten bekatlarida, vokzallarda, portlar va aeroportlarda yo‘lovchilarga xabar beruvchi ovozli tarmoqlar orqali tarqatish taqiqlanadi.

7-BOB. TOVARLARNING AYRIM TURLARINI REKLAMA QILISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI

34-modda. Dori vositalarini reklama qilish

Quyidagi dori vositalarini reklama qilish taqiqlanadi:

faqat shifokorning retsepti bo‘yicha tarqatiladigan dori vositalarini;

tarkibida giyohvandlik vositalari yoki psixotrop va (yoki) kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini;

O‘zbekiston Respublikasida tibbiyotda qo‘llanish uchun ruxsat etilmagan dori vositalarini;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligida davlat ro‘yxatdan o‘tkazilmagan dori vositalarini.

Dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanadi:

taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi. Mazkur talab foydalanuvchilari faqat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bo‘lgan reklamaga, tibbiyot yoki farmatsevtika ko‘rgazmalari, seminarlari, konferensiyalari va boshqa shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda tarqatiladigan reklamaga, shuningdek bosma nashrlarga joylashtirilgan reklamaga nisbatan tatbiq etilmaydi;

olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish;

kasallik (jarohat) va (yoki) dori vositalarining inson organizmiga ta’siri natijasida inson organizmida yuz beradigan o‘zgarishlar to‘g‘risidagi videolavhadan, tasvirdan yoki vizual namoyishdan foydalanish. Mazkur talab ta’siri klinik jihatdan tasdiqlangan, inson organizmidagi dori vositasini qabul qilish yoki iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan va inson organizmidagi tasvirlanayotgan o‘zgarishlar jarayoni dori vositasining inson organizmiga klinik jihatdan tasdiqlangan ta’sirini aniq ko‘rsatadigan o‘zgarishlar haqidagi tasvirga yoki vizual namoyishga taalluqli emas;

dori vositalarini haddan ziyod va noto‘g‘ri ishlatishga undash;

shifokor maslahatini olmasdan mustaqil ravishda davolanish yoki jarrohlik aralashuvini amalga oshirish imkoniyati to‘g‘risida taassurot (ishonch) uyg‘otish;

dori vositalari muvaffaqiyatli qo‘llanilganligiga doir muayyan hollarga havola qilinadigan reklama.

Retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasi:

dori vositasini nojo‘ya ta’sirlar mavjud emasligi jihatidan noyob, eng samarali, eng xavfsiz deb taqdim etmasligi;

dori vositasining tarkibiga, kelib chiqishiga, yangiligiga yoki patentlanganligiga nisbatan yanglishishlarga olib kelmasligi;

dori vositasi ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimcha, kosmetik mahsulot yoki gigiyena vositasi yoxud boshqa har qanday turdagi tovar ekanligini ta’kidlamasligi;

reklama ta’sirini kuchaytirish maqsadida boshqa dori vositalari bilan noto‘g‘ri taqqoslashlarga yo‘l qo‘ymasligi;

mazkur dori vositasining ta’siri kafolatlanganligi to‘g‘risidagi tasdiqni o‘z ichiga olmasligi;

inson salomatligi dori vositasini qabul qilmaslik oqibatida yomonlashishi mumkinligini uqtirmasligi kerak.

Retseptsiz beriladigan dori vositalarining reklamasi har bir holda ularni qo‘llashga va ulardan foydalanishga qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi, qo‘llashga doir yo‘riqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislar maslahatini olish zarurligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Dori vositalarining reklamasi sohasida rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.

Tibbiyot xodimlari va tibbiyot muassasalari uchun mo‘ljallangan dori vositalarining reklamasi dori vositalari to‘g‘risidagi ilmiy ma’lumotlar ro‘yxatiga to‘liq mos kelishi hamda unda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

faol moddaning nomi;

har bir doza uchun faol moddaning miqdori (chiqarilish shakli);

nojo‘ya holatlar va asosiy nomaqbul ta’sirlar;

qarshi ko‘rsatmalar, ogohlantirishlar va mazkur dori vositasini ehtiyotkorlik bilan qo‘llash kerak bo‘lgan hollarga doir axborot;

boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta’siri;

tegishli ilmiy manbalarga, shuningdek qo‘shimcha axborot olish imkoniyati va manbaiga havola;

mazkur reklamadan foydalanuvchilar faqat tibbiyot va farmatsevtika xodimlari ekanligi to‘g‘risidagi axborot.

35-modda. Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasi

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasi:

ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;

ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;

ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;

sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;

voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.

36-modda. Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilishning taqiqlanishi

Ona sutining o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi.

37-modda. Energetik ichimliklarning reklamasi

Energetik ichimliklarning reklamasida, har bir holda, bunday ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari to‘g‘risidagi ogohlantirish, shuningdek bunday ichimliklarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo‘lishi kerak.

Energetik ichimliklarning reklamasi:

energetik ichimliklarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi;

sportda yutuqlarga erishgan insonlarning tasvirini o‘z ichiga olmasligi;

energetik ichimliklarni iste’mol qilish reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi kerak.

Quyidagilar taqiqlanadi:

soat 7.00 dan soat 22.00 ga qadar energetik ichimliklarni televideniye va radio orqali reklama qilish;

tashqi reklama va axborot obyektlari (konstruksiyalari) orqali energetik ichimliklarni reklama qilish;

energetik ichimliklar namunalarini voyaga yetmaganlar o‘rtasida reklama qilish maqsadida bepul tarqatish;

voyaga yetmaganlarga energetik ichimliklarni reklama qilish;

asosan voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan tadbirlarga homiylik qilish, agar bunda energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan bo‘lsa;

voyaga yetmaganlar orasida energetik ichimliklarning nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va boshqalarni) tarqatish, shu jumladan sotish;

asosan bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan bosma nashrlarda, shuningdek tibbiyot, sport va ta’lim muassasalarida hamda tashkilotlarida energetik ichimliklarni reklama qilish;

energetik ichimliklardan foydalanilgan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish.

38-modda. Alkogol mahsulotlarining reklamasi

Har qanday quvvatdagi alkogol mahsulotlarining reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan ushbu Qonunning 39-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Alkogol mahsulotlarini sotishni quyidagi yo‘llar orqali rag‘batlantirish taqiqlanadi:

alkogol mahsulotlari namunalarini bepul tarqatish;

alkogol mahsulotlarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;

alkogol mahsulotlarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va boshqalarni), shuningdek bolalar o‘yinchoqlariga, shirinliklarga yoki bolalarga mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib chiqarilgan alkogol mahsulotlarini tarqatish, shu jumladan sotish;

boshqa har qanday turdagi rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish.

Boshqa har qanday tovarlar reklamasida alkogol mahsulotlarini iste’mol qilish jarayonini namoyish etishga, shuningdek ushbu jarayon reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

39-modda. Pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilish

Pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:

mehmonxonalarda, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining savdo zallarida, shuningdek bunday mahsulotlarni namoyish qilish va tatib ko‘rish joylarida;

pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni ishlab chiqaruvchilarning hamda realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi shaxslarning Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sahifalarida, axborot mahsulotining yoshga oid tasnifini ko‘rsatgan holda;

temir yo‘l va havo transporti vositalarida;

televideniye va radio orqali mahalliy vaqt bilan soat 23.00 dan soat 07.00 ga qadar.

Pivoning, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarning reklamasi:

bunday mahsulotlarni haddan ziyod iste’mol qilishning zarari haqida reklamaning asosiy maydoni va vaqtining kamida o‘n foizini tashkil qiluvchi ogohlantirish hamda ushbu mahsulotni iste’mol qilishi tavsiya etilmaydigan shaxslar to‘g‘risidagi axborot bilan birga berilishi;

bunday mahsulotlarni iste’mol qilish jarayonlarini namoyish etmasligi, bu jarayonlar ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishish yoki jismoniy va ruhiy holatni yaxshilash uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirmasligi;

shaxsda ularni iste’mol qilishning zararsizligi haqidagi tasavvurni shakllantiruvchi g‘oyalar, qarashlar va badiiy obrazlarni ochiq yoki yashirin shaklda tarqatishga qaratilgan harakatlardan iborat bo‘lmasligi;

unda inson obrazidan foydalanilmagan bo‘lishi kerak.

Pivoni, tabiiy va ko‘piklanadigan vinolarni reklama qilishda:

rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazishga;

madaniy-ko‘ngilochar, ommaviy va sport tadbirlariga homiylik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

40-modda. Tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilish

Tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini reklama qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini sotishni quyidagi yo‘llar orqali rag‘batlantirishga yo‘l qo‘yilmaydi:

tamaki mahsulotlarining hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining namunalarini bepul tarqatish, shuningdek ularga nisbatan chegirmalar qo‘llash;

tamaki mahsulotlarining hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalaniladigan tadbirlarga homiylik qilish;

tamaki mahsulotlarining hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining nomidan, tovar belgisidan (xizmat ko‘rsatish belgisidan) yoki tasviridan foydalanilgan tovarlarni (futbolkalar, bosh kiyimlar, o‘yinlarni va boshqa shu kabilarni), shuningdek bolalar o‘yinchoqlariga, shirinliklarga yoki bolalarga mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib chiqarilgan tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarini tarqatish, shu jumladan sotish;

savdo obyektlarining old tomonida, kirish (chiqish) joylarida, rastalarida, tashqariga olib chiqiladigan predmetlarida hamda boshqa joylarida tamaki mahsulotlarining hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining tasvirlarini, nomlarini hamda ular haqidagi boshqa axborotni joylashtirish;

tamaki mahsulotlari, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari bo‘lmagan boshqa turdagi tovarlarni ishlab chiqarayotganda tamaki mahsulotlariga, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalariga, mazkur moslamalarning ashyolariga yoki alohida qismlariga o‘xshatiladigan har qanday atamalar, ta’riflar, belgilar, ramzlar, tasvirlardan yoki boshqa alomatlardan foydalanish;

rag‘batlantiruvchi aksiyalar yoki shunga o‘xshash boshqa tadbirlar o‘tkazish.

Boshqa har qanday tovarlarning reklamasida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalaridan foydalanish jarayonini namoyish etishga, shuningdek ushbu jarayon reklamadan foydalanuvchilarning ijtimoiy va sportga oid muvaffaqiyatga erishishi yoki jismoniy hamda ruhiy holati yaxshilanishi uchun muhim ahamiyatga ega degan taassurotni yuzaga keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

41-modda. Pirotexnika vositalari, qurol va uning o‘q-dorilari, harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotlar reklamasi

Pirotexnika vositalarini, qurollarning barcha turlarini va uning o‘q-dorilarini, ularning tarkibiy qismlarini, portlovchi moddalarni va moslamalarni, texnikani, harbiy maqsadga mo‘ljallangan mahsulotni reklama qilish taqiqlanadi, bundan saqlash hamda foydalanishga ruxsat berilgan ov va sport qurollari mustasno.

Ov va sport qurollarini reklama qilish faqat ixtisoslashtirilgan nashrlarda, shuningdek bevosita bunday qurolni realizatsiya qiladigan savdo tashkilotlarining xonalarida yoki tegishli ko‘rgazmalarda (tadbirlarda) amalga oshiriladi.

Ov va sport qurollari reklamasi:

voyaga yetmaganlarga qaratilmagan bo‘lishi;

unda voyaga yetmaganlarning tasviridan foydalanilmagan bo‘lishi kerak.

42-modda. Qimmatli qog‘ozlarning va aholi mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq xizmatlarning reklamasi

Qimmatli qog‘ozlar va aholi mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq xizmatlar (bank, sug‘urta xizmatlari va ko‘rsatilishi litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olishni talab qiladigan faoliyat bilan bog‘liq boshqa xizmatlar) yoki ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi shaxslar faqat shunday faoliyat turini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi tegishli litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat mavjud bo‘lgan taqdirda reklama qilinishi mumkin.

Qimmatli qog‘ozlarning va aholi mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq xizmatlarning (bundan bank omonatlari mustasno) yoki ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi shaxslarning reklamasida quyidagilar taqiqlanadi:

reklama qilinayotgan xizmatlarga yoki qimmatli qog‘ozlarga bevosita aloqasi bo‘lmagan axborotni ko‘rsatish;

oddiy aksiyalar bo‘yicha daromad olishni va dividendlar miqdorini kafolatlash;

kutilayotgan daromad miqdorlari va istiqboldagi foyda (daromad) to‘g‘risidagi axborotni ma’lum qilish;

emissiyasi ro‘yxatdan o‘tkazilmagan, shuningdek emissiyasi to‘xtatib turilgan yoki amalga oshmagan deb topilgan qimmatli qog‘ozlarni reklama qilish.

Qimmatli qog‘ozlarning va aholi mablag‘larini jalb etish bilan bog‘liq xizmatlarning (bundan bank omonatlari mustasno) yoki ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi shaxslarning reklamasida mazkur xizmatlardan foydalanish sarmoya yo‘qotilishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirish bo‘lishi kerak.

43-modda. Moliyaviy xizmatlar reklamasi

Moliyaviy xizmatlar reklamasi yoki ular haqidagi reklama tarzidagi axborot:

reklamadan foydalanuvchining ishonchini suiiste’mol qilmaydigan va (yoki) reklamadan foydalanuvchining tajribasi va bilimi yetishmasligidan foydalanish niyatini ko‘zlamaydigan usulda taqdim etilishi;

reklama qilinayotgan xizmatlarga bevosita aloqador bo‘lmagan axborotga ega bo‘lmasligi kerak;

ushbu moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish uchun shartnomalarning muhim shartlarini ochib berishi kerak.

44-modda. Teatr-konsert tadbirlari reklamasida fonogrammadan foydalanilishi to‘g‘risidagi axborot

Teatr-konsert tadbirlarida fonogrammadan foydalanilganda ushbu tadbir reklamasida bu haqda ma’lumot keltirilishi kerak.

45-modda. Xalq tabobati tovarlari reklamasi

Xalq tabobati tovarlari reklamasi:

xalq tabobati tovarlarini qo‘llash natijasida kasalliklardan tuzalganlikning, inson sog‘lig‘i holati yaxshilanganligining muayyan hollariga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;

shifokorga murojaat etish kerak emasligi to‘g‘risida taassurot uyg‘otmasligi;

xalq tabobati tovarlarini dori vositalari, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida taqdim etmasligi;

sog‘lom odamda xalq tabobati tovarlarini qo‘llash zarurligi to‘g‘risida taassurot uyg‘otmasligi;

voyaga yetmaganlarga qaratilmasligi;

xalq tabobati tovarlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun majburiy bo‘lgan tadqiqotlar olib borilganligi faktiga havola qilish yo‘li bilan xalq tabobati tovarlarining afzalliklari to‘g‘risida tasavvur hosil qilmasligi;

reklamadan foydalanuvchilarning sog‘lig‘ida muammolar va (yoki) kasalliklari mavjudligi haqidagi ta’kidlarni o‘z ichiga olmasligi;

xalq tabobati tovarlarining ijobiy ta’sirini, xavfsizligini, samaradorligini va nojo‘ya ta’sirlari mavjud emasligini kafolatlamasligi;

xalq tabobati tovarlarining xavfsizligi va (yoki) samaradorligi ularning tabiiy kelib chiqishi bilan kafolatlanganligi to‘g‘risidagi ta’kidlarni o‘z ichiga olmasligi kerak.

Xalq tabobati tovarlari reklamasi har bir holda ularni qo‘llashga va ulardan foydalanishga qarshi ko‘rsatmalar mavjudligi, qo‘llashga doir yo‘riqnoma bilan tanishish yoki mutaxassislardan maslahatlar olish zarurligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

Xalq tabobati tovarlari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish taqiqlanadi.

46-modda. Lotereyalar, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi

Qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Lotereyalar reklamasi har bir holda voyaga yetmaganlarning lotereyalarda ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.

8-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR

47-modda. Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar quyidagi miqdorlarda pul undirish (jarimalar) tarzida qo‘llaniladi:

ishlab chiqarilishi, realizatsiya qilinishi yoki reklama qilinishi qonunchilikda taqiqlangan yoki cheklangan mahsulot to‘g‘risida reklama tarqatganlik — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;

nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik — bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;

energetik ichimliklar, alkogolli ichimliklar, tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalari, pirotexnika vositalari, qurol va uning o‘q-dorilari, harbiy maqsaddagi mahsulotlar reklamasiga doir talablarni buzganlik, shuningdek tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibini buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi;

voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan reklamaga, dori vositalari, biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari, shuningdek bolalar oziq-ovqat mahsulotlari reklamasiga doir talablarni buzganlik — bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Reklamaga oid faoliyat subyektlari bo‘lgan yuridik shaxslar reklama to‘g‘risidagi qonunchilik sohasidagi aniqlangan huquqbuzarliklardagi aybini tan olgan taqdirda moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi, nizo mavjud bo‘lgan taqdirda esa moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash to‘g‘risidagi masala sud tartibida hal etiladi.

Moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash reklamaga oid faoliyat subyektlari bo‘lgan yuridik shaxslarni vakolatli davlat organining qarorini yoki ko‘rsatmasini bajarish yoxud reklama to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.

48-modda. Nizolarni hal etish

Reklamaning aylanishi sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.

49-modda. Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik

Reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Reklama beruvchi reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning reklama tayyorlash uchun taqdim etiladigan axborot mazmuniga doir qismi buzilganligi uchun, agar ushbu qonunbuzarlik reklama tayyorlovchining yoki reklama tarqatuvchining aybi bilan yuz berganligi isbotlanmasa, javobgar bo‘ladi.

Reklama tayyorlovchi reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning reklama tayyorlashga doir qismi buzilganligi uchun javobgar bo‘ladi.

Reklama tarqatuvchi reklama to‘g‘risidagi qonunchilikning reklamani tarqatish vaqti, joyi va vositalariga doir qismi buzilganligi uchun javobgar bo‘ladi.

50-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish

Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:

1) O‘zbekiston Respublikasining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi 723-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 14-modda);

2) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi 724-I-sonli Qarori (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-yil, № 1, 15-modda);

3) O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 30-avgustda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 404-II-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 9, 164-modda);

4) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 482-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 67-modda) XXV bo‘limi;

5) O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 19-dekabrda qabul qilingan “Ba’zi davlat boshqaruv organlarining qayta tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-14-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 413-modda) 5-moddasi;

6) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 4-aprelda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartib-taomillari turlari qisqartirilganligi hamda soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-28-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 4, 154-modda) 5-moddasi;

7) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-59-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 23-moddasi;

8) O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 10-aprelda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi O‘RQ-150-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-yil, № 4, 186-modda);

9) O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 17-sentabrda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1781-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-259-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 9, 339-modda) 1-moddasi;

10) O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 6-oktabrda qabul qilingan “Monopoliyaga qarshi davlat organi qayta tashkil etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-264-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 10, 380-modda) 3-moddasi;

11) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 30-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-352-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 4, 98-modda) 28-moddasi;

12) O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘RQ-355-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, № 10, 263-modda) 23-moddasi;

13) O‘zbekiston Respublikasining 2014-yil 20-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-365-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2014-yil, № 1, 2-modda) 19-moddasi;

14) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 3-yanvarda qabul qilingan “Ayrim davlat organlari faoliyati takomillashtirilishi, shuningdek fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-456-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 1, 1-modda) 21-moddasi;

15) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-476-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 34-moddasi;

16) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 9-yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat tartibini ta’minlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-514-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, №1, 3-modda) 6-moddasi;

17) O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 23-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini ta’minlash bilan bog‘liq o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-542-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 267-modda) 17-moddasi;

18) O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-683-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 100-moddasi.

51-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.

52-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.

53-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan norasmiy tarjimada taqdim etilgan;

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.