O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
2020-YIL 17-FEVRAL,
O‘RQ-604-SON
MAXSUS IQTISODIY ZONALAR TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 9-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 14-dekabrda ma’qullangan
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilik
Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
investitsiya loyihasi — iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa foyda olish uchun investitsiyalarni amalga oshirishga yoxud jalb etishga qaratilgan, o‘zaro bog‘liq bo‘lgan tadbirlar majmui;
investor — foyda olish maqsadida investitsiya faoliyati obyektlariga o‘zining mablag‘larini va (yoki) qarz mablag‘larini yoxud jalb qilingan boshqa investitsiya resurslarini investitsiya qilishni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti;
maxsus iqtisodiy zona — tegishli hududni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun chet el investitsiyalari va mahalliy investitsiyalarni, yuqori texnologiyalar hamda boshqaruv tajribasini jalb etish maqsadida maxsus ajratilgan, belgilangan chegaralarga va maxsus huquqiy rejimga ega bo‘lgan hudud;
maxsus huquqiy rejim — maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya faoliyatini va boshqa tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun alohida shart-sharoitlarni belgilaydigan huquqiy normalar majmui;
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestri — maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilari va investitsiya loyihalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlarning axborot bazasi;
maxsus iqtisodiy zonaning bosh rejasi — maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi yoki maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya tomonidan tasdiqlangan loyiha hujjati bo‘lib, uning asosida maxsus iqtisodiy zona hududini rejalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va shaharsozlik jihatidan o‘zlashtirishning boshqa turlari amalga oshiriladi.
2-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONALARNING FAOLIYAT KO‘RSATISHINI VA ULARNI RIVOJLANTIRISHNI TASHKIL ETISH SOHASIDA DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLISH
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi;
maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi;
maxsus iqtisodiy zonalarning ma’muriy kengashlarini tuzadi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni, monitoring va nazorat qilishni amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining ustavlarini tasdiqlaydi, ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni, monitoring va nazorat qilishni amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organlarini belgilaydi, ularning faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida ro‘yobga chiqarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
5-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi:
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatish samaradorligini baholash uslubiyotini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirishning har bir bosqichida investorlarning, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarining hamda tegishli vazirliklar va idoralarning o‘zaro hamkorligini tashkil etadi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan, shu jumladan mavjud byurokratik to‘siqlarni olib tashlash bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal etishga doir ishlarni tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarining ro‘yobga chiqarilish jarayoni monitoringini amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zonalar direksiyasining va ishtirokchilarining faoliyati samaradorligini baholashdan o‘tkazadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijrosini tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish, shuningdek maxsus iqtisodiy zonalar direksiyalarining hamda ma’muriy kengashlarining faoliyatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
6-modda. Maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi
Maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish quyidagilarni o‘z ichiga olgan dasturga muvofiq amalga oshiriladi:
ishlab chiqarish infratuzilmasini yaratishni;
muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarini ta’minlashni;
bozor infratuzilmasini yaratishni;
maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat bo‘yicha va sohaviy ixtisoslashuviga muvofiq chet el investitsiyalarini hamda mahalliy investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari kompleksini.
Maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturini moliyaviy ta’minlash zonaning o‘z resurslari, xususiy manbalar, O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining, xalqaro moliya institutlari va chet el hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari, shuningdek qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat investitsiya dasturlarini shakllantirishda maxsus iqtisodiy zonalarning muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish dasturlarining moliyaviy ta’minoti nazarda tutilishi kerak.
7-modda. Maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki obyektlarini boshqarish
Maxsus iqtisodiy zonalar bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki obyektlari, ma’muriy-hududiy tuzilmalar hududlari negizida, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda tashkil etiladi.
Maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan davlat mulki obyektlari mahalliy davlat hokimiyati organlarining o‘z vakolati doirasidagi qaroriga ko‘ra maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga davlat aktivlarini boshqarish bo‘yicha vakolatli organ bilan kelishgan holda operativ boshqaruvga berilishi mumkin, bundan xususiylashtirilmaydigan strategik davlat mulki obyektlari mustasno. Davlat mulki obyektlari maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga maxsus iqtisodiy zona faoliyat ko‘rsatadigan butun davr uchun operativ boshqaruvga beriladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi maxsus iqtisodiy zona hududida joylashgan bo‘sh turgan va faoliyat ko‘rsatmayotgan davlat mulki obyektlarini maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga, investitsiya majburiyatlari qabul qilingan holda, realizatsiya qilish, shu jumladan “nol” xarid qiymati bo‘yicha realizatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar alohida hollarda, faqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun farmatsevtika hamda agrar yo‘nalishdagi maxsus iqtisodiy zonalar uchun berilishi mumkin. Boshqacha faoliyat va tarmoq ixtisoslashuviga ega bo‘lgan maxsus iqtisodiy zonalarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ularning yer fondi toifasi O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksida belgilangan tartibda o‘zgartirilganidan keyin berilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududidagi yer uchastkalari maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan beriladi va uning tasarrufida turadi, bundan maxsus sanoat zonalarining hududlari mustasno.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining qarori bilan tasdiqlangan investitsiya buyurtmanomasida ko‘rsatilgan o‘lchamdagi yer uchastkasi elektron onlayn-auksion o‘tkazishni boshqa tashkilotlar bilan kelishib olish zaruratisiz maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan elektron onlayn-auksionga qo‘yiladi. Mazkur tartib maxsus sanoat zonalari hududidagi yer uchastkasini berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Elektron onlayn-auksion g‘olibi investitsiya buyurtmanomasida ko‘rsatilgan yer uchastkasini ijaraga olish va maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi bilan investitsiya shartnomasini tuzish huquqiga ega bo‘ladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida shaharsozlik faoliyati maxsus iqtisodiy zonalarning tasdiqlangan bosh rejalariga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarda davlat-xususiy sheriklik
Maxsus iqtisodiy zonalarda davlat-xususiy sheriklik O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
3-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONALARNING TURLARI VA ULARNING FAOLIYATINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI
9-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarning turlari
Maxsus iqtisodiy zonalar quyidagi turda tashkil etilishi mumkin:
erkin iqtisodiy zonalar;
maxsus ilmiy-texnologik zonalar;
turistik-rekreatsion zonalar;
erkin savdo zonalari;
maxsus sanoat zonalari.
10-modda. Erkin iqtisodiy zona
Erkin iqtisodiy zona — yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, yuqori texnologik ishlab chiqarishni rivojlantirish, zamonaviy raqobatbardosh, import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan tayyor sanoat mahsulotini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga faol jalb etish, shuningdek ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport, ijtimoiy infratuzilmani va logistika xizmatlarini rivojlantirishni ta’minlash maqsadlarida tashkil etiladigan hudud.
11-modda. Maxsus ilmiy-texnologik zona
Maxsus ilmiy-texnologik zona — innovatsiya infratuzilmasini rivojlantirish maqsadlarida ilmiy tashkilotlar va ilmiy faoliyat sohasidagi boshqa tashkilotlar (texnologik parklar, texnologiyalarni tarqatish (texnologiyalar transferi) markazlari, innovatsion klasterlar, venchur fondlari, biznes-inkubatorlar va boshqalar) to‘plangan hudud.
12-modda. Turistik-rekreatsion zona
Turistik-rekreatsion zona — unda zamonaviy turistik infratuzilma obyektlarini (mehmonxona komplekslari, madaniy-sog‘lomlashtirish, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turistik ahamiyatdagi obyektlarni), maxsus faoliyat ko‘rsatuvchi va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini turistlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida zarur shart-sharoitlarni ta’minlagan holda barpo etishga doir investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun tashkil etiladigan hudud.
13-modda. Erkin savdo zonalari
Erkin savdo zonalari konsignatsiya omborlarini, maxsus bojxona va soliq rejimlari bo‘lgan hududlarni, shuningdek tovarlarga ishlov berish, ularni o‘rab-joylash, saralash, saqlash uchun maydonchalarni o‘z ichiga oladi.
Erkin savdo zonalari chegara punktlarida, aeroportlarda, temir yo‘l bog‘lamalarida yoki O‘zbekiston Respublikasining boshqa bojxona hududlarida tashkil etiladi.
14-modda. Maxsus sanoat zonasi
Maxsus sanoat zonasi — boshqaruv, xo‘jalik va moliyaviy faoliyatning alohida rejimi joriy etiladigan hudud. Maxsus sanoat zonalari zarur ma’muriy, ilmiy-texnologik, ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani barpo etish uchun yer uchastkalarini ajratish orqali shakllantiriladigan xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish zonalarini o‘z ichiga oladi.
Maxsus sanoat zonasining faoliyat ko‘rsatish qoidalari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
4-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONALAR HUDUDIDA AMALGA OSHIRISH UCHUN TAKLIF ETILADIGAN INVESTITSIYA LOYIHALARIGA DOIR TALABLAR
15-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir umumiy talablar
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir umumiy talablar jumlasiga quyidagilar kiradi:
arxitektura va qurilish, texnik jihatdan tartibga solish, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, mehnatni muhofaza qilish hamda sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqlik;
moliyalashtirish manbalarining mavjudligi;
maxsus iqtisodiy zona faoliyatiga va tarmoq ixtisoslashuviga muvofiqlik;
texnologik uskunalar va texnologik jarayonlar ko‘rsatkichlarining zamonaviy energiya samaradorligi talablariga muvofiqligi.
16-modda. Erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar
Investitsiya buyurtmanomasi topshirilgan paytda erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan yoki O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarish hajmlari ichki bozorning ehtiyojlarini qoplamaydigan yangi mahsulot turlarini ishlab chiqarishni nazarda tutgan bo‘lishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasi kodi bo‘yicha yakuniy mahsulot tovar pozitsiyasining dastlabki to‘rtta belgilaridan birining darajasida boshlang‘ich xomashyoga nisbatan o‘zgarishini yoki qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot hajmining kamida o‘ttiz foiz darajasida ko‘payishini nazarda tutishi kerak.
Erkin iqtisodiy zonalarda raqobat muhiti yaratilgan, ichki bozor to‘yingan yoki ishlab chiqarish hajmlari ichki bozor ehtiyojlarini qoplaydigan o‘xshash mahsulot ishlab chiqaradigan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud bo‘lgan mahsulot turlarini ishlab chiqarishga doir investitsiya loyihalari amalga oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tegishli vakolatli organlarning O‘zbekiston Respublikasida o‘xshash mahsulot ishlab chiqaruvchi mahalliy ishlab chiqaruvchilar mavjud emasligi, ishlab chiqarish hajmlari yetishmasligi va raqobat muhiti darajasi to‘g‘risidagi xulosalari keyinchalik erkin iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashiga taqdim etish uchun erkin iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda so‘rab olinadi.
Ushbu talablar to‘liq eksportga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalari uchun tatbiq etilmaydi.
17-modda. Maxsus ilmiy-texnologik zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar
Maxsus ilmiy-texnologik zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:
ro‘yxatdan o‘tgan patent huquqlarining mavjudligi;
ilmiy-texnik yangilik va ishlab chiqariladigan mahsulotning ko‘p ilmiy izlanishni talab qilishi (tovarlarning xususiyatiga ko‘ra mutlaqo yangi yoki ilgari ishlab chiqarilgan o‘xshash tovarning xususiyatlaridan jiddiy farq qilsa yoki tovarning iste’mol xossalariga ko‘ra mavjud bo‘lgan shunday tovarlarga nisbatan yaxshilangan bo‘lsa yoki bevosita o‘xshashlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, sifat jihatidan yangicha iste’mol (funksional) xususiyatlariga ega bo‘lsa, shu jumladan tovarning raqobatbardoshligini oshiradigan yoxud tovarni qo‘llashning bunday tovardan foydalanish sohasini kengaytirish imkonini beradigan yangi usuli aniqlangan bo‘lsa).
Tegishli vakolatli organlarning ro‘yxatdan o‘tgan patent huquqlari mavjudligi va ilmiy-texnik yangilikning mavjudligi hamda yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilishi to‘g‘risidagi xulosalari keyinchalik erkin iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashiga taqdim etish uchun erkin iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan mustaqil ravishda so‘rab olinadi.
18-modda. Turistik-rekreatsion zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga doir alohida talablar
Turistik-rekreatsion zonalar hududida amalga oshirish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalari turistik industriya obyektlarining barpo etilishini, turistik xizmatlarni tashkil etish chog‘ida turistlar xavfsizligi va sog‘lig‘ining muhofaza qilinishini ta’minlash chora-tadbirlarini, shu jumladan turistik industriya obyektlarini videokuzatuv, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda ogohlantirish (xabar qilish) va zarur yordam ko‘rsatish tizimlari bilan jihozlash orqali ta’minlash chora-tadbirlarini nazarda tutishi kerak.
19-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar hududida taqiqlangan faoliyat
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning quyidagi turlarini amalga oshirish taqiqlanadi:
ekologik standartlarga va mehnatni muhofaza qilish standartlariga javob bermaydigan ishlab chiqarishni;
qurol va o‘q-dorilar ishlab chiqarishni, qurol va o‘q-dorilar savdosini;
yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar ishlab chiqarishni, yadroviy materiallar va radioaktiv moddalar savdosini;
alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarishni;
xom teriga ishlov berishni, hayvonlarni haydab boqishni yoki so‘yishni;
sement, beton, sement klinkeri, g‘isht, temir-beton plitalar ishlab chiqarishni, ko‘mir, ohak va gipsdan mahsulot ishlab chiqarishni;
barcha turdagi chiqindilarni qayta ishlash, parchalash, yoqish, gazlashtirish, ularga kimyoviy vositalar bilan ishlov berish, ularni yakuniy va (yoki) vaqtincha saqlash va (yoki) yer ostiga ko‘mib tashlashni;
neftni qayta ishlash zavodlarini, atom elektr stansiyalarini, yadroviy qurilmalarni, radiatsiyaviy manbalarni, qayta ishlangan yadroviy yoqilg‘i, radioaktiv moddalar va chiqindilar, shuningdek boshqa radioaktiv chiqindilarni saqlash, utilizatsiya qilish va qayta ishlash uchun mo‘ljallangan punktlar hamda qurilmalarni joylashtirishni.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan maxsus iqtisodiy zonalar hududida faoliyatning ayrim turlariga nisbatan taqiq va cheklovlar joriy etilishi mumkin.
5-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONANI TASHKIL ETISH, UNING FAOLIYAT KO‘RSATISH MUDDATINI UZAYTIRISH, CHEGARALARINI O‘ZGARTIRISH VA UNI TUGATISH TARTIBI
20-modda. Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish
Maxsus iqtisodiy zona O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan o‘ttiz yil muddatga tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatishini va uni rivojlantirishni tashkil etish masalasi yuzasidan qaror qabul qiladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Davlat boshqaruvi organlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida taklif kiritishlari mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kiritilgan taklifni u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida ko‘rib chiqadi va ma’qullangan taqdirda taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
21-modda. Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish, uning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish yoki uni tugatish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
Maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish to‘g‘risidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish to‘g‘risidagi qarori loyihasi, unda maxsus iqtisodiy zonaning nomi, u qancha muddatga tashkil etilayotganligi, maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish maqsadi va uning turi, uning maxsus huquqiy rejimi xususiyatlari, faoliyatiga oid va tarmoq ixtisoslashuvi, maxsus iqtisodiy zonaning umumiy maydoni hamda chegaralarining tavsifi, uning tashkil etilishini va rivojlantirilishini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rsatiladi;
aniq tadbirlar, bu tadbirlarni amalga oshirish uchun mas’ul shaxslar va tashkilotlar, shuningdek maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish bo‘yicha ishlarni moliyalashtirish manbalari ko‘rsatilgan holda maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturining loyihasi;
maxsus iqtisodiy zonaning mo‘ljallangan chegaralari chizib ko‘rsatilgan holda yer-kadastr rejasining ko‘chirma nusxasi;
maxsus iqtisodiy zonaning mo‘ljallanayotgan chegaralarida joylashgan yerlarning tarkibi, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilarining va mulkdorlarining (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) ro‘yxati hamda ularning maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish uchun yer uchastkalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o‘tkazish uchun yozma roziligi;
tegishli hududdagi ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy shart-sharoitlarni, moddiy va mehnat resurslari, kommunikatsiyalar bilan ta’minlanganlikni tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan maxsus iqtisodiy zonani, uning turini tashkil etish zarurligi hamda mumkinligini asoslovchi biznes-reja, shuningdek maxsus iqtisodiy zona maxsus huquqiy rejimining taklif etilayotgan o‘ziga xos xususiyatlarining moliyaviy-iqtisodiy asosi;
maxsus iqtisodiy zona direksiyasi ustavining loyihasi (agar direksiya davlat muassasasi shaklida tashkil etilayotgan bo‘lsa).
Maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi;
maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish zarurati va imkoniyatining asoslari.
Maxsus iqtisodiy zonaning chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonaning chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarori loyihasi;
maxsus iqtisodiy zona bosh rejasining loyihasi va maxsus iqtisodiy zonaning chegaralarini mo‘ljallanayotgan o‘zgartirishni hisobga olgan holda chegaralari chizib ko‘rsatilgan yer-kadastr rejasining ko‘chirma nusxasi;
chegaralariga o‘zgartirish kiritiladigan maxsus iqtisodiy zonaga qo‘shilishi mo‘ljallanayotgan hududlarda joylashgan yerlarning tarkibi, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning, yer uchastkalari ijarachilarining va mulkdorlarining (ular mavjud bo‘lgan taqdirda) ro‘yxati hamda ularning yer uchastkalarini maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashiga, maxsus sanoat zonasi bo‘lgan taqdirda esa, yer uchastkalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o‘tkazish uchun yozma roziligi;
maxsus iqtisodiy zonaning chegaralariga qo‘shib olish uchun taklif qilinayotgan hududlarda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan yuridik shaxslarning va tadbirkorlik subyektlarining ro‘yxati;
maxsus iqtisodiy zonaning chegaralaridan chiqarib tashlash uchun taklif etilayotgan hududlarda amalda faoliyat ko‘rsatayotgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining ro‘yxati (ular mavjud bo‘lgan taqdirda);
maxsus iqtisodiy zonaning chegaralarini o‘zgartirish zarurati va imkoniyatining asoslari.
Maxsus iqtisodiy zonani muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonani tugatishni ta’minlash, shuningdek zarur bo‘lgan hollarda maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilariga kafolatlar va (yoki) kompensatsiyalarni taqdim etish bo‘yicha kompleks tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi maxsus iqtisodiy zonani muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi qarori loyihasi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining maxsus iqtisodiy zonani tugatish komissiyasining tarkibi va vakolatlarini, shuningdek maxsus iqtisodiy zonani tugatish tartibini belgilovchi qarori loyihasi;
ushbu Qonun 22-moddasi ikkinchi qismining ikkinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha maxsus iqtisodiy zona muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining amalga oshirilayotgan o‘z investitsiya loyihalari ko‘rsatilgan holdagi ro‘yxati;
maxsus iqtisodiy zonani muddatidan oldin tugatishning sabablari hamda tegishli ma’muriy-hududiy birliklar va umuman respublika uchun, maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun ehtimoldagi oqibatlari ko‘rsatilgan holda tegishli hududdagi ijtimoiy, ekologik, iqtisodiy va boshqa sharoitlarni, shuningdek tugatilayotgan maxsus iqtisodiy zona faoliyatining va faoliyati samaradorligining ko‘rsatkichlarini batafsil tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan maxsus iqtisodiy zonani muddatidan oldin tugatishning zarurati hamda imkoniyatining texnik-iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy asoslari.
22-modda. Maxsus iqtisodiy zonani tugatish uchun asoslar
Maxsus iqtisodiy zona qaysi muddatga tuzilgan bo‘lsa, o‘sha muddat tamom bo‘lgach, tugatilgan hisoblanadi.
Maxsus iqtisodiy zonani muddatidan oldin tugatish to‘g‘risidagi qaror quyidagi hollarda qabul qilinadi, agar:
buni odamlarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat xavfsizligini va mamlakat mudofaasini ta’minlash zarurati taqozo etsa;
maxsus iqtisodiy zona tashkil etilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida bironta ham yuridik shaxs mazkur maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bo‘lsa va (yoki) maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi tomonidan ish o‘rinlari yaratilmagan bo‘lsa;
maxsus iqtisodiy zona tashkil etilgan kundan e’tiboran olti oy mobaynida mazkur maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan investitsiya loyihalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha faoliyat amalga oshirilmagan bo‘lsa;
maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini yo‘qotganligi va mazkur iqtisodiy zonaning oxirgi ishtirokchisi tomonidan bunday maqom yo‘qotilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida uning hududida uning ishtirokchisi sifatida birorta ham yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tkazilmaganligi bois maxsus iqtisodiy zonada uning ishtirokchilari qolmagan bo‘lsa;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish to‘g‘risidagi qarorida belgilangan maxsus iqtisodiy zonani tashkil etishning maqsadlariga erishish boshqa sabablarga ko‘ra imkonsiz bo‘lib qolgan bo‘lsa.
Ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi va oltinchi xatboshilarida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha maxsus iqtisodiy zona muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga ko‘ra maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga ular tomonidan ko‘rilgan zarar yoki boy berilgan naf uchun kafolatlar va (yoki) kompensatsiya beriladi yoxud avval amalda bo‘lgan tartibga muvofiq taqdim etilgan imtiyozlar va preferensiyalar saqlanib qoladi.
Maxsus iqtisodiy zonani tugatish bilan bog‘liq mulkiy va boshqa masalalarni hal qilish, maxsus iqtisodiy zona direksiyasi va ishtirokchilari, boshqa tashkilotlar va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tugatish komissiyasini tuzadi, uning tarkibi va vakolatlarini belgilaydi, shuningdek maxsus iqtisodiy zonani u muddatidan oldin tugatilgan taqdirda tugatish tartibini tasdiqlaydi.
6-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONANI BOSHQARISH
23-modda. Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari orasidan tuziladigan kollegial organ bo‘lib, unga maqomi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, tegishli viloyat hokimi va Toshkent shahar hokimi bo‘lgan rais rahbarlik qiladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi:
maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatishi, maxsus huquqiy rejimga rioya etish va maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga ko‘maklashish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
maxsus iqtisodiy zona hududida amalga oshirish uchun investitsiya loyihalarini saralab olishni amalga oshiradi;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;
maxsus iqtisodiy zonaning muhandislik-kommunikatsiya va transport infratuzilmasi qurilishi bo‘yicha loyihalarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zona direksiyasining yillik daromadlar va xarajatlar smetasini ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining o‘z vakolati doirasida qabul qilingan qarorlari maxsus iqtisodiy zona direksiyasi va ishtirokchilari uchun majburiydir.
24-modda. Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning faoliyat ko‘rsatishi va boshqarilishini ta’minlash uchun tashkil etiladigan davlat unitar korxonasi shaklidagi yuridik shaxsdir.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi:
maxsus iqtisodiy zona hududida maxsus huquqiy rejimning amal qilishini ta’minlaydi;
salohiyatli investorlar va maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari bilan hamkorlikni, shu jumladan investitsiya buyurtmanomasini ko‘rib chiqishni, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanish uchun zarur ruxsatnomalar berishni “yagona darcha” prinsipi asosida tashkil etadi;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini monitoring qiladi, shuningdek maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan investitsiya bitimiga kiritilgan majburiyatlarning bajarilishini nazorat qiladi;
maxsus iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini ta’minlaydi;
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestrini yuritadi;
maxsus iqtisodiy zona hududida ekologik nazorat, shuningdek madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni tashkillashtiradi;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari bilan shartnomalar asosida marketing xizmatlari, shuningdek mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarda targ‘ib qilish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatadi;
maxsus iqtisodiy zonaga investorlarni jalb etish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiradi;
investorlarni, maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilarini axborot bilan ta’minlaydi, shu jumladan ularning davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlarini tashkil etadi;
maxsus iqtisodiy zona hududidagi yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion vositasida ijaraga, shuningdek maxsus iqtisodiy zona hududidagi binolar va inshootlarni egalik qilishga, foydalanishga va ijaraga beradi;
davlat-xususiy sheriklik loyihalarida ishtirok etadi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi bilan kelishilgan taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi. Mazkur tartib maxsus sanoat zonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Direksiya maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashishga haqli emas.
25-modda. Maxsus sanoat zonasini boshqarish
Maxsus sanoat zonasini boshqarish maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining va direksiyasining ushbu Qonunda nazarda tutilgan vakolatlari berilgan maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etiladigan, shu jumladan chet el investorlari ishtirokida tashkil etiladigan yuridik shaxsdir.
Maxsus sanoat zonasini boshqarishning asosiy shartlari quyidagilardan iborat:
investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionlar vositasida ijaraga berish;
obyektlarni qurishda xalqaro standartlar va talablarni qo‘llash;
muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini va ijtimoiy infratuzilmani mustaqil ravishda shakllantirish;
ko‘rsatilgan kommunal xizmatlar, aloqa xizmatlari va yetkazib berilgan energiya resurslari uchun hisobga olishni va o‘zaro hisob-kitoblarni maxsus sanoat zonasi ishtirokchilari tomonidan maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya bilan tuzilgan yagona shartnoma asosida amalga oshirish;
“yagona darcha” prinsipi bo‘yicha litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni, shu jumladan maxsus sanoat zonasining bosh rejasiga muvofiq binolar va inshootlarni loyihalashtirish, qurish, ishga tushirish, ulardan foydalanish hamda yer uchastkalaridan foydalanish uchun berishni tashkillashtirish.
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi hamda uning butun faoliyati va operatsiyalarini o‘rganish, shuningdek tegishli qarorlar qabul qilish huquqiga ega.
Maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniyaning moliyaviy hisoboti va u bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy axborot har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tkazilishi lozim. Auditorlik hisobotlari va auditorlik xulosalari majburiy tartibda maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
7-BOB. INVESTITSIYA BUYURTMANOMASINI BERISH VA KO‘RIB CHIQISH TARTIBI
26-modda. Investitsiya buyurtmanomasini berish tartibi
Investitsiya buyurtmanomasi investor tomonidan maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasiga beriladi. Investitsiya buyurtmanomasining shakli O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Investitsiya buyurtmanomasiga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxs ustavining ko‘chirma nusxasi va chet el yuridik shaxsi uchun shuningdek yuridik shaxs davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning ko‘chirma nusxasi;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatning ko‘chirma nusxasi (investor — jismoniy shaxs uchun);
investitsiya loyihasining biznes-rejasi yoki texnik-iqtisodiy asosi;
investitsiya bitimining loyihasi.
Investitsiya buyurtmanomasida yuridik shaxsga berilgan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami ko‘rsatiladi, chet el yuridik shaxsi uchun esa tegishli chet davlatning qonunchiligiga muvofiq soliq to‘lovchi identifikatsiya raqamining o‘xshashi ko‘rsatiladi. Investitsiya buyurtmanomasida investorning yer uchastkasini elektron onlayn-auksionga qo‘yish chog‘idagi boshlang‘ich narx haqidagi, shuningdek har yilgi ijara to‘lovi miqdori haqidagi takliflari ham nazarda tutilishi mumkin.
Chet el yuridik shaxslari ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan, chet el yuridik shaxsi chet davlatning qonunchiligiga binoan yuridik shaxs ekanligini tasdiqlovchi legallashtirilgan hujjatlarning davlat va ingliz tiliga qilingan tarjimasini notarial tartibda tasdiqlangan holda taqdim etadi.
Chet el yuridik shaxslari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni legallashtirish talab qilinmaydi, agar:
ushbu modda ikkinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan hujjatlarga apostil qo‘yilgan bo‘lsa;
hujjatlar shartlashayotgan taraflardan birining hududida tayyorlanganligi yoxud muassasa yoki maxsus vakolat berilgan shaxs tomonidan ularning vakolati doirasida va belgilangan shaklda tasdiqlanganligi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan bo‘lsa, bu hujjatlar boshqa shartlashuvchi taraflarning hududlarida biron-bir maxsus guvohnomasiz qabul qilinadi.
27-modda. Investitsiya buyurtmanomasini maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan ko‘rib chiqish uchun tayyorlash
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga kelib tushgan investitsiya buyurtmanomasi o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan bo‘lsa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Hujjatlar maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda hujjatlar to‘plami qaytarish sabablari asoslantirilgan holda qaytarib yuboriladi. Qaytarish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilganidan keyin investitsiya buyurtmanomasi maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga takroran taqdim etilishi mumkin.
Kamchiliklar bo‘lmagan taqdirda, investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilingan hujjatlar maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan ekspertiza o‘tkazish bo‘yicha vakolatli davlat organiga (bundan buyon matnda ekspert muassasasi deb yuritiladi) ekspertiza uchun yuboriladi.
Ekspertizani o‘tkazish muddati yigirma ish kunini tashkil etadi. Ekspertiza jarayonida investitsiya loyihasini amalga oshirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, shuningdek uning ushbu Qonunning 15 — 19-moddalarida nazarda tutilgan talablarga muvofiqligi aniqlanadi.
Ekspertizani o‘tkazish yakunlariga ko‘ra investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar ekspert muassasasi tomonidan qaytarish sabablari asoslantirilgan holda maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga maromiga yetkazish uchun qaytarilishi mumkin. Investor qaytarish uchun asos bo‘lib xizmat qilgan sabablarni bartaraf etganidan keyin maromiga yetkazilgan hujjatlar maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan takroriy ekspertiza o‘tkazish uchun yuboriladi.
Investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni takroriy ekspertizadan o‘tkazish muddati o‘n ish kunini tashkil etadi. Bunda ilgari ekspertizadan o‘tkazilgan hujjatlarga nisbatan yangi mulohazalar taqdim etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Investitsiya buyurtmanomasi va unga ilova qilinadigan hujjatlar ekspert muassasasi xulosasi bilan birga maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashiga ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Ushbu moddaning amal qilishi maxsus sanoat zonalarining hududlarida ro‘yobga chiqarish uchun taklif etiladigan investitsiya loyihalariga nisbatan tatbiq etilmaydi. Bunda investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni ko‘rib chiqish hamda ekspertizadan o‘tkazish maxsus sanoat zonasini boshqaruvchi kompaniya tomonidan mustaqil ravishda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda amalga oshiriladi.
28-modda. Investitsiya buyurtmanomasini maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan ko‘rib chiqish
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni faqat ekspert muassasasining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirdagina ko‘rib chiqishga kirishadi.
Investitsiya buyurtmanomasi maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan maxsus iqtisodiy zona direksiyasi uni kiritgan kundan e’tiboran besh ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.
Investitsiya buyurtmanomasini ko‘rib chiqish jarayonida maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi investorga investitsiya loyihasiga o‘zgartirishlar (qo‘shimchalar) kiritishni taklif qilishi mumkin. Bunda maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining takliflari uning qarorida aks ettiriladi. Investor taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga (qo‘shimchalarga) rozi bo‘lmagan taqdirda maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan investor ishtirokida investitsiya buyurtmanomasini takroriy ko‘rib chiqish amalga oshiriladi.
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi investitsiya loyihasini amalga oshirish haqida yoki uni amalga oshirishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qaror maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi a’zolari umumiy sonining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi, bayonnoma maxsus iqtisodiy zona direksiyasining direktori, maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining a’zolari tomonidan imzolanadi hamda maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Bayonnomadan ko‘chirma investitsiya buyurtmanomasini bergan investorga bayonnoma tasdiqlangan kundan e’tiboran bir ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi tomonidan yuboriladi.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining maxsus iqtisodiy zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori quyidagilar uchun asos bo‘ladi:
investitsiya buyurtmanomasida ko‘rsatilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasini elektron-onlayn auksionga qo‘yish;
elektron-onlayn auksion g‘olibi bilan investitsiya bitimini tuzish;
yer uchastkasini yoki bo‘sh turgan (foydalanilmayotgan) binoni uning umumiy maydonini va joylashgan erini belgilagan holda berish.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi yer uchastkasining investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan elektron-onlayn auksionini maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining maxsus iqtisodiy zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi qarori asosida o‘tkazilishini tashkil etadi.
Taqdim etilgan hujjatlarda ishonchli bo‘lmagan yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar aniqlangan taqdirda, maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi investitsiya buyurtmanomasini ko‘rib chiqishni tugatadi, investitsiya buyurtmanomasi esa qaytarish sabablari asoslantirilgan holda investorga qaytarilishi lozim.
Investor tomonidan investitsiya buyurtmanomasini taqdim etish, uning maxsus iqtisodiy zona direksiyasi va ma’muriy kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishi elektron tarzda amalga oshirilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi a’zolari va direksiyasi direktori o‘z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishi munosabati bilan investitsiya buyurtmanomasini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni ko‘rib chiqish chog‘ida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan ma’lumotlarga nisbatan maxfiylik saqlanishiga rioya etishi shart.
Investitsiya loyihasini amalga oshirishning maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risidagi maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining qarori va (yoki) ekspert muassasasining xulosasi ustidan investitsiya buyurtmanomasini bergan investor qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
8-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONANING ISHTIROKCHISI
29-modda. Maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini olish
Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida investor elektron onlayn-auksionga qo‘yilgan yer uchastkasini ijaraga yoki bo‘sh turgan (foydalanilmayotgan) binoni olgan kundan e’tiboran (bundan yer uchastkasi investorga tegishli bo‘lgan hollar mustasno) besh ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zona joylashgan erdagi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektini yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun yoki investor tomonidan ilgari tashkil etilgan tadbirkorlik subyektini qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlarni taqdim etadi.
Yuridik shaxs investitsiya bitimi imzolanganidan va Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini oladi.
Investor tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kirish uchun maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan miqdordagi to‘lovni to‘laganidan keyin ariza bilan murojaat qiladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi mazkur arizani olgan kundan e’tiboran ikki ish kuni ichida yuridik shaxsni Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan shakldagi maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi guvohnomasini beradi.
Maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi yuridik shaxs Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilganidan keyin bir ish kuni ichida bu haqda tegishli soliq, bojxona va statistika organlarini xabardor qiladi.
30-modda. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining huquq va majburiyatlari
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi:
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan huquqiy himoya kafolatlari, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanishga;
yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion vositasida ijaraga, binolarni, inshootlarni foydalanish uchun olishga, shu jumladan ijara huquqlari asosida olishga hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun infratuzilma obyektlarini qurishga;
investitsiya bitimi va investitsiya loyihasini amalga oshirishning tarmoq jadvallariga muvofiq muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasi bilan uni o‘z vaqtida ta’minlanishini maxsus iqtisodiy zona direksiyasidan talab qilishga;
maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchilariga ko‘rsatiladigan, shu jumladan shartnoma asosida ko‘rsatiladigan barcha turdagi xizmat turlaridan teng shartlarda foydalanishga;
o‘z mablag‘lari hisobidan maxsus iqtisodiy zonaning bosh rejasiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan infratuzilma obyektlarini qurishga;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa huquqlardan foydalanishga haqli.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi:
qonunchilikda va investitsiya bitimida nazarda tutilgan majburiyatlarini belgilangan muddatlarda bajarishi;
qonunchilik talablarini bajarishi;
investitsiya bitimi va biznes-rejalar bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotni maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga taqdim etishi shart.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining investitsiya bitimida nazarda tutilgan o‘z huquq va majburiyatlarini investitsiya bitimi bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilguniga qadar boshqa yuridik shaxsga o‘tkazishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi o‘z faoliyatini ushbu Qonun va boshqa qonunchilik, shuningdek investitsiya bitimiga muvofiq amalga oshiradi.
31-modda. Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotishi
Yuridik shaxs quyidagi hollarda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotadi:
maxsus iqtisodiy zona tugatilganda;
yuridik shaxs tugatilganda (faoliyati tugatilganda);
yuridik shaxsning joylashgan joyi o‘zgarib, yangi joylashgan joyi maxsus iqtisodiy zona hududidan tashqarida bo‘lgan taqdirda;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganda;
maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining arizasiga binoan;
maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi qayta tashkil etilgan taqdirda, bundan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha bir xil imtiyozlarga ega bo‘lgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari o‘rtasida amalga oshiriladigan qo‘shib yuborish yoki qo‘shib olish mustasno.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotishi to‘g‘risidagi qaror maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan maxsus iqtisodiy zonaning direksiyasi taqdimiga binoan qabul qilinadi.
Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar bo‘yicha yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotganligi to‘g‘risidagi qaror ustidan maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi tomonidan sud tartibida shikoyat qilinishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining qaroriga muvofiq maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi bilan investitsiya bitimini bekor qiladi va uni Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestridan chiqaradi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestridan chiqarilganidan keyin bir ish kuni ichida bu haqda maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisini, maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashini, soliq, bojxona organlarini va statistika organlarini, shuningdek maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishi va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organini va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarini yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotganlik sanasi va asoslarini ko‘rsatgan holda yozma ravishda (shu jumladan elektron pochta orqali) xabardor qiladi.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotishi soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar bekor qilinishiga olib keladi.
32-modda. Investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan taqdirda yuridik shaxsni maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomidan mahrum etish tartibi
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, investor tomonidan maxsus iqtisodiy zona hududida tashkil etilgan yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona direksiyasining tashabbusiga ko‘ra maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomidan mahrum etilishi mumkin.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi fakti (bundan yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari yuzaga kelgan hollar, shuningdek maxsus iqtisodiy zona direksiyasining aybi bilan yuzaga kelgan hollar mustasno) aniqlangan taqdirda, qoidabuzarliklar va investitsiya bitimida belgilangan bajarilmagan majburiyatlar batafsil bayon etilgan tegishli dalolatnoma tuziladi, ushbu dalolatnoma maxsus iqtisodiy zona direksiyasining vakillari va ishtirokchisi tomonidan imzolanadi. Dalolatnomada maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlar bajarilishini ta’minlashi kerak bo‘lgan muddat ham ko‘rsatiladi. Bu muddat to‘qson kundan oshmasligi kerak.
Fors-major holatlari yuzaga kelganligi tasdiqlangan taqdirda, maxsus iqtisodiy zona direksiyasi va ishtirokchisi investitsiya majburiyatlarining oqilona muddatlarda bajarilishini ta’minlovchi jadval tuzadi, bunda fors-major holatlari boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan kechikishning aniq muddatlari e’tiborga olinadi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan muddat ichida bajarmagan taqdirda, direksiya maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi hamda maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi vakolatli davlat organi bilan yozma ravishda kelishib olinganidan keyin maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisini investitsiya bitimining bajarilmaganligi munosabati bilan uni bekor qilish to‘g‘risida yozma ravishda (shu jumladan elektron pochta orqali) xabardor qiladi.
Agar o‘n kun o‘tguniga qadar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimining bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qaror yuzasidan sudga shikoyat qilmagan bo‘lsa, investitsiya bitimi bir tomonlama tartibda bekor qilingan hisoblanadi.
Agar maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi investitsiya bitimining bekor qilinganligi to‘g‘risidagi qaror yuzasidan sudga shikoyat qilgan bo‘lsa, unda investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi bilan bog‘liq kelgusidagi nizolar sud tartibida hal qilinishi lozim.
Yuridik shaxsning investitsiya bitimi bo‘yicha majburiyatlarini bajarmaganligi munosabati bilan maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini yo‘qotganligi soliq va bojxona imtiyozlarining bekor qilinishiga, to‘lanmagan soliq va bojxona to‘lovlarining to‘liq hajmda undirilishiga hamda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yuridik shaxsga berilgan yer uchastkalari, bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlaridan foydalanish huquqi bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
33-modda. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining arizasiga asosan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish tartibi
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi tomonidan maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga beriladi. Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi kelib tushgan arizani ikki ish kuni ichida maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashiga taqdim etadi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini bekor qilish to‘g‘risidagi ariza maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan o‘n kun ichida, maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga moddiy yoki moliyaviy zarar yetkazish belgilari bo‘lgan hollarda esa o‘ttiz kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining qarorida maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi tomonidan yetkazilgan moddiy yoki moliyaviy zararning o‘rnini qoplash, shu jumladan maxsus iqtisodiy zona direksiyasining sudga murojaat qilishi orqali qoplash bo‘yicha chora-tadbirlar nazarda tutilishi mumkin.
Yuridik shaxsning maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini yo‘qotishi maxsus iqtisodiy zona direksiyasiga moddiy yoki moliyaviy zarar yetkazmagan taqdirda uning maxsus iqtisodiy zona hududidagi faoliyati tugatilishiga, shuningdek yuridik shaxsga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan mulk huquqlarining tugatilishiga olib kelmaydi. Bunda ushbu yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari uchun berilgan maxsus huquqiy rejimdan foydalanish huquqini yo‘qotadi.
Ushbu tartib tadbirkorlik subyektini maxsus sanoat zonalarining ishtirokchisi maqomidan mahrum qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
9-BOB. INVESTITSIYA BITIMI
34-modda. Investitsiya bitimini tuzish
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi investitsiya loyihasida bayon etilgan shartlar, muddatlar va tartib-taomillarga muvofiq investitsiya bitimini tuzadi. Yer uchastkasini ijaraga olish shartlari investitsiya bitimida nazarda tutiladi.
Investitsiya bitimi investor tomonidan maxsus iqtisodiy zona ma’muriy kengashining bayonnomasi (undan ko‘chirma) olinganidan (bo‘sh turgan (foydalanilmayotgan) bino ijaraga berilgan taqdirda yoki yer uchastkasi investorga tegishli bo‘lgan taqdirda) yoxud yer uchastkalarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn-auksion g‘olibi aniqlanganidan keyin investor va maxsus iqtisodiy zona direksiyasi direktori tomonidan uch ish kuni ichida imzolanishi kerak.
Investitsiya bitimi investor tomonidan tashkil etilgan yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan sanadan e’tiboran kuchga kiradi.
35-modda. Investitsiya bitimining amal qilish muddatini uzaytirish
Investitsiya bitimi maxsus iqtisodiy zona direksiyasi tomonidan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining arizasiga ko‘ra uzaytirilishi mumkin. Ariza maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi tomonidan investitsiya bitimining amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin beriladi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisining investitsiya bitimining amal qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi arizasiga maxsus iqtisodiy zonada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihasining uni amalga oshirishni davom ettirish zarurligi haqidagi asoslantirishni o‘z ichiga olgan biznes-rejasi ilova qilinadi.
36-modda. Investitsiya bitimining amal qilishini tugatish
Investitsiya bitimining amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
investitsiya bitimining amal qilish muddati tugaganda;
yuridik shaxs maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomidan mahrum etilgan taqdirda;
maxsus iqtisodiy zona muddatidan oldin tugatilgan taqdirda;
qonunchilikda yoki investitsiya bitimida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
10-BOB. MAXSUS IQTISODIY ZONALARNING MAXSUS HUQUQIY REJIMI
37-modda. Maxsus huquqiy rejimning o‘ziga xos xususiyatlari
Maxsus iqtisodiy zonalarda maxsus bojxona, soliq rejimi, shuningdek fuqarolarning kirish, chiqish va bo‘lish rejimi, mehnat munosabatlari, moliya-kredit faoliyatini amalga oshirish shartlari hamda investitsiyalarni jalb qilish, tadbirkorlikni rivojlantirish va maxsus iqtisodiy zonani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan boshqa rejim o‘rnatilishi mumkin.
Maxsus huquqiy rejim qonunlar yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan o‘rnatiladi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga berilgan imtiyozlar faqat maxsus iqtisodiy zonalar hududida amalga oshiriladigan faoliyatga nisbatan qo‘llaniladi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari sifatida ro‘yxatga olingan chet el investorlari o‘ziga O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida berilgan barcha huquqlar, kafolatlar va imtiyozlardan foydalanishi mumkin.
38-modda. Maxsus bojxona rejimi
Maxsus bojxona rejimida quyidagilar nazarda tutiladi:
bojxona to‘lovlari stavkalarini vaqtincha bekor qilish yoki pasaytirish;
eksportga yoki importga nisbatan notarif cheklovlarni bekor qilish, yengillashtirish.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan eksport qilinayotgan yoki import qilinayotgan tovarlarni bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar qo‘llanilgan holdagi bojxona rasmiylashtiruvi qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Maxsus iqtisodiy zona hududida maxsus bojxona rejimini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Maxsus bojxona rejimi tovarlarning maxsus iqtisodiy zonalar hududi orqali tranzit qilinishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Maxsus bojxona rejimi raqobatsiz muhitni shakllantirishga olib kelmasligi kerak.
39-modda. Soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari soliq bo‘yicha imtiyozlardan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda foydalanadi.
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari quyidagilarni to‘lashdan ozod etiladi:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan va investitsiya bitimiga muvofiq investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun qurilish davrida belgilangan tartibda olib kirilgan qurilish materiallari uchun bojxona to‘lovlarini (bundan qo‘shimcha qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno);
tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha texnologik uskunalarning o‘xshashi O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydiganini olib kirishda bojxona to‘lovlarini (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno).
Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarish va mahsulotlarni eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan xomashyo, materiallar va butlovchi qismlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilganda bojxona to‘lovlari (bundan bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar mustasno) to‘lanmaydi.
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari tovarlarni import qilganda qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kungacha muddatga kechiktirib to‘lashi mumkin.
Hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining o‘rni maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisiga yetti kun davomida soddalashtirilgan tartibda qoplab beriladi.
To‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qoplab beriladi.
40-modda. Maxsus iqtisodiy zonalarda mehnat munosabatlarini tartibga solish
Maxsus iqtisodiy zonalardagi mehnat munosabatlari O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, jamoa shartnomalari (kelishuvlari) va (yoki) yakka tartibdagi mehnat shartnomalari (kontraktlari) bilan tartibga solinadi.
Jamoa shartnomalari (kelishuvlari) va yakka tartibdagi mehnat shartnomalari (kontraktlari) maxsus iqtisodiy zonalar hududlarida tashkil etiladigan yuridik shaxslar xodimlarining ahvolini O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan konvensiyalarida nazarda tutilgan shartlarga nisbatan yomonlashtirishi mumkin emas.
Maxsus iqtisodiy zonalar hududida tashkil etiladigan yuridik shaxslarning xodimlari shtatida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari xodimlar umumiy sonining kamida to‘qson foizini tashkil etishi kerak.
41-modda. Maxsus iqtisodiy zona direksiyasining budjeti
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasi maxsus iqtisodiy zonaning ma’muriy kengashi tomonidan har yili daromadlar va xarajatlar smetasi shaklida tasdiqlanadigan mustaqil budjetga ega bo‘ladi.
Maxsus iqtisodiy zona direksiyasining daromadlari Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritganlik uchun olinadigan to‘lovlardan, maxsus iqtisodiy zona direksiyasining foydalanishida va boshqaruvida bo‘lgan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion vositasida ijaraga berishdan, binolar hamda inshootlarni ijaraga topshirishdan, shartnomalar bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lardan va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.
Maxsus iqtisodiy zona shakllanish bosqichida o‘z xarajatlarini o‘zi qoplaydigan bo‘lguniga qadar, lekin uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga maxsus iqtisodiy zona direksiyasi ta’minoti uchun respublika va mahalliy budjetlardan mablag‘lar, ssudalar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligida taqiqlanmagan boshqa manbalardan mablag‘lar jalb qilinishi mumkin.
11-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
42-modda. Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarini huquqiy himoya qilish kafolatlari
Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan kafolatlanadi.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik o‘zgarganda maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari imtiyozlar amal qilish muddati davomida, lekin o‘n yildan oshmagan muddat ichida soliqlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘lash bo‘yicha ular Maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilarining reyestriga kiritilgan sanada amalda bo‘lgan normalar va qoidalarni qo‘llashga haqlidir, bundan aksiz to‘lanadigan tovarlarga soliq solinishini tartibga soluvchi qonunchilikning normalari va qoidalari mustasno.
Maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilari eksport qilinadigan va import qilinadigan tovarlar uchun o‘ziga qulay bo‘lgan shart-sharoitlardan, to‘lov shakllaridan va hisob-kitoblardan foydalanishga haqli.
Maxsus iqtisodiy zonalarda maxsus iqtisodiy zonalarning ishtirokchilariga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan barcha kafolatlar va imtiyozlarga rioya etilishi ta’minlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan qo‘shimcha kafolatlar va imtiyozlar berilishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa organlar yoxud mansabdor shaxslar tomonidan yuridik hamda jismoniy shaxslarning faoliyatiga asossiz aralashganlik natijasida ularga yetkazilgan zararlarning, shuningdek boy berilgan foyda va ma’naviy ziyonning o‘rni sud tartibida qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi lozim.
43-modda. Nizolarni hal etish
Maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyat ko‘rsatishini va ularni rivojlantirishni tashkil etish sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
44-modda. Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
45-modda. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish
Quyidagilar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin:
1) O‘zbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi 220-I-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 58-modda);
2) O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 25-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 482-II-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 5, 67-modda) XV bo‘limi;
3) O‘zbekiston Respublikasining 2005-yil 14-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi etib qayta tashkil qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-11-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 410-modda) 3-moddasi;
4) O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrda qabul qilingan “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-59-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) 11-moddasi;
5) O‘zbekiston Respublikasining 2009-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘RQ-224-sonli Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-yil, № 9, 338-modda);
6) O‘zbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-391-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2015-yil, № 8, 312-modda) 10-moddasi;
7) O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 18-aprelda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-476-sonli Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, № 4, 224-modda) 20-moddasi.
46-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
47-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
48-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Erkin iqtisodiy zonalar hududida mazkur Qonun kuchga kirgunga qadar erkin iqtisodiy zonalar direksiyalari tomonidan ro‘yxatga olingan va investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalar ular taqdim etilgan muddat o‘tguniga qadar saqlab qolinadi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan norasmiy tarjimada taqdim etilgan;
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.