IJARA TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI DD 1991-yil 19-NOYABR, 427-XII-son

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

1991-yil 19-NOYABR,

427-XII-son

.

IJARA TO‘G‘RISIDA

 

KUCHGA KIRGAN SANASI 19.12.1991 y.

.

I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ijara

Ijara shartnoma asosida erga, boshqa tabiiy resurslarga, shuningdek xo‘jalik faoliyatini va o‘zga faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshirish uchun ijarachiga zarur bo‘lgan mol-mulkka haq evaziga muddatli egalik qilish va undan foydalanishdan iboratdir.

Ijara O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida man etilmagan faoliyatning hamma sohasida mulkchilikning barcha shakl va turidagi mol-mulkiga nisbatan qo‘llanishi mumkin.

2-modda. Ijara to‘g‘risidagi qonunchilik

Ijara munosabatlari ushbu Qonun va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.

3-modda. Ijara munosabatlarining obyekti

Quyidagilar ijara munosabatlarining obyektlari bo‘lishi mumkin, chunonchi:

korxonalar, ayrim ishlab chiqarishlar, sexlar, fermalar, boshqa bo‘linmalar, tashkilotlar;

ayrim binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari, inventarlar, asboblar, boshqa moddiy boyliklar;

er (qishloq xo‘jaligi uchun ajratilgan yerlar ijaraga faqatgina qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirish uchun beriladi) va boshqa tabiiy resurslar.

Ijaraga topshirishga yo‘l qo‘yilmaydigan korxonalar, tashkilotlarning turlari (guruhlari), mulk va tabiiy resurslarning turlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qo‘yiladi.

4-modda. Ijara munosabatlarining subyektlari

Ijaraga beruvchi va ijarachi ijara munosabatlarining subyektlari hisoblanadilar.

Mol-mulk egasi yoki u vakil qilgan idora, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari mol-mulkni ijaraga berish huquqiga ega bo‘lgan ijara beruvchi hisoblanadi.

Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan sovet va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi qo‘shma korxonalar, xalqaro uyushmalar va tashkilotlar, shuningdek xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar ijarachi bo‘lishlari mumkin.

Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining davlat mulkini ijaraga olishdagi ishtiroki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.

5-modda. Ijara shartnomasi

Tomonlarning ixtiyoriyligi va to‘la teng huquqliligi asosida ma’lum muddatga tuziladigan ijara shartnomasi ijara munosabatlarining yuzaga kelishiga asos bo‘ladi. Bunda qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanish uchun erni, boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish uzoq muddatga — kamida 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak.

Ijara shartnomasi tanlov asosida tuzilishi mumkin.

Ijara shartnomasida:

ijaraga berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati, uni ijaraga berish tartibi;

ijara muddati;

ijara haqi shartlari va miqdori, uni to‘lash muddatlari;

ijaraga beruvchi ijarachiga berishi kerak bo‘lgan mol-mulkning holati;

ijarachining mol-mulkdan foydalanish shartlari;

shartnoma tugatilganidan keyin ijarachining mol-mulkni ijaraga beruvchiga qanday holatda va qay tartibda qaytarishi;

ijaraga berilgan mol-mulkni tiklash va ta’mirlash yuzasidan tomonning majburiyati;

to‘la amortizatsiyadan so‘ng mol-mulk kimga qarashli bo‘lish shartlari;

agar ijaraga olingan mol-mulk keyinchalik sotib olish sharti bilan topshirilayotgan bo‘lsa, uni sotib olish shartlari, tartibi va muddati;

ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berish sharti, tartibi va imkoniyati;

ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga taqdim etadigan axborotning ko‘lami va axborotni berish muddatlari;

tomonlarning mas’uliyati ko‘zda tutiladi.

Yerni va boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish shartnomasiga tabiiy obyektdan mo‘ljallangan maqsadga muvofiq holda oqilona foydalanish yuzasidan ijarachining majburiyatlari ko‘zda tutilgan qoidalar ham kiritiladi.

Ijara shartnomasida ijaraga beruvchining noishlab chiqarish sohasiga taalluqli mol-mulk obyektlari va ularning qiymati alohida ajratib ko‘rsatiladi, tomonlarning ushbu obyektlarga nisbatan majburiyatlari (ularni asrash va saqlab turish) ham aytib o‘tiladi.

Ijara shartnomasiga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.

6-modda. Ijaraga olingan mulkning qiymati

Ijaraga berilayotgan davlat mulkining qiymati — O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.

Ijaraga berilayotgan davlatga qarashli bo‘lmagan mulkning qiymatini mulkdor belgilaydi.

7-modda. Mol-mulkni ijarachiga berish

Ijaraga beruvchi ijarachiga mol-mulkni u qaysi maqsadga mo‘ljallagan bo‘lsa, shunga mos holatda yoki shartnomada ko‘zda tutilgan holatda topshirishi shart.

Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mulkdan foydalanishga xalaqit berayotgan undagi nuqsonlar uchun, shu jumladan shartnoma tuzish chog‘ida aniqlanmagan nuqsonlar uchun ham javobgardir.

Agar ijaraga beruvchi ijaraga berilgan mulkni ijarachiga foydalanish uchun o‘z vaqtida bermagan bo‘lsa, ijarachi undan bu mulkni talab qilib olish xamda ijroni kechiktirib yuborganligi oqibatida yetkazilgan zarar o‘rnini qoplashni talab qilishga yoxud shartnomadan voz kechib, shartnomani bajarmaganlik oqibatida o‘ziga yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.

8-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida va ijara shartnomasida o‘zga shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijarachi ijaraga olingan mol-mulkni, ijaraga beruvchining ruxsati bilan ikkilamchi ijaraga topshirishga haqlidir. Bunda ijaraga oluvchi shartnomaga muvofiq ijaraga beruvchi oldida javobgar bo‘lib qolaveradi.

81-modda. Ijara obyektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish)

Ijara munosabatlarining obyektlari bo‘yicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha huquq va majburiyatlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.

Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquq boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu obyekt bilan birga mazkur obyekt band etgan hamda undan foydalanish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkasi ijarasiga doir huquq va majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga o‘tadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi.

Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy va yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga o‘tkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlar yangi ijaraga oluvchiga o‘tadi.

9-modda. Ijaraga berish chog‘ida mulkchilik

Mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga o‘tkazilishiga olib kelmaydi.

Basharti, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga olingan mulkdan foydalanib tayyorlangan mahsulot va olingan daromad, shuningdek ijaraga olingan mol-mulk orqasidan orttirilgan foyda (daromad) evaziga sotib olingan mol-mulk ijarachiga tegishlidir.

Ijarachining ijaraga olingan yer uchastkasida o‘z mablag‘lari va qarzga olgan mablag‘lari hisobidan qurilishning umumiy qoidalariga rioya qilgan holda zarur ishlab chiqarish va noishlab chiqarish binolari, shu jumladan uy-joy qurish huquqi shartnomada ko‘zda tutilgan bo‘lishi kerak. Ayni paytda ijara shartnomasi tugatilgach, mazkur binolar va inshootlar kimga tegishli bo‘lishi qayd etib qo‘yilishi kerak.

Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ijozati bilan ijarachining mablag‘lariga qurilgan, boshqa joyga ko‘chirish mumkin bo‘lmagan binolar va inshootlar, ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga beruvchiga tegishli bo‘ladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng yoki shartnoma bekor qilinganda ijarachi ularning qiymatini ijaraga beruvchidan qaytarib olishga haqlidir.

Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ruxsatisiz ijarachi mablag‘iga qurilgan binolar va inshootlar, basharti ularni ko‘chirish mumkin bo‘lmasa, ijaraga beruvchiga tegishlidir. Agar ijaraga beruvchi ularni buzib tashlashni talab qilsa, ijarachi ularni o‘z hisobidan buzib tashlashga yoki ularni buzib tashlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga majburdir.

Ijaraga olingan korxonaning mol-mulkida korxona mehnat jamoasining a’zolari, shu mol-mulkni vujudga keltirish uchun o‘z shaxsiy mehnati bilan, shuningdek pul va boshqa mulkiy badallar bilan qo‘shadigan ulushning miqdori korxona ustavida ko‘zda tutilgan shartlar va tartib asosida belgilab qo‘yiladi.

Ijaraga olingan korxona mol-mulkiga mehnat jamoasining a’zosi qo‘shgan ulushning qiymati bo‘yicha korxonaning ustaviga muvofiq qimmatli qog‘ozlar berilishi mumkin. Mazkur qimmatli qog‘ozlarga mehnat jamoasi ishlab chiqarishning pirovard natijalariga va korxonani rivojlantirish vazifalariga qarab belgilaydigan miqdorda dividendlar to‘lanadi. Qimmatli qog‘ozlarning haqiqiy qiymati qog‘oz egalariga korxona ustavida nazarda tutilgan hollarda to‘lanadi.

Korxona ustavida u bilan mehnat munosabatlarini tugatgan mehnat jamoasi a’zolariga dividendlar to‘lash tartibi va shartlari belgilab qo‘yiladi.

Ijaraga olingan korxona ixtiyorida qoladigan foyda (daromad) ijaraga berilgan korxona jamoasining qaroriga muvofiq taqsimlanadi.

10-modda. Ijarachining hisoblaridan pul mablag‘larini chiqarib tashlash

Ijarachining hisoblaridan pul mablag‘larini chiqarib tashlash uning ko‘rsatmasiga yoki tegishli sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.

Ijarachining hisoblaridan pul mablag‘larini muqarrar chiqarib tashlashga faqat O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi.

11-modda. Ijaraga olingan mulkni yaxshilash

Ijarachi, basharti shartnomada o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, ijaraga olingan mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan o‘zgartishlarni mustaqil ravishda kiritish, mol-mulkni rekonstruksiyalash, kengaytirish, texnik jihatdan qayta qurollantirishga haqlidir.

Ijaraga olingan mol-mulk, basharti, ijaraga beruvchining ijozati bilan yaxshilangan bo‘lib, ijara shartnomasida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yo‘lida sarflagan barcha xarajatlari qaytarilishini talab qilish huquqiga egadir.

Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlar, agar ularni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin bo‘lmasa, shartnomaning amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ijaraga beruvchiga tekinga o‘tadi.

Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlarni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin bo‘lsa, ijaraga beruvchi ularning tannarxini to‘lashga rozi bo‘lmasa, bunday holda ijarachi ularni o‘ziga olishi mumkin.

12-modda. Ijara haqi

Ijara haqi ijara shartnomasida tomonlarning o‘zaro kelishuviga binoan belgilanadi, bunda davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkalari va tabiiy resurslar uchun ijara haqi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ko‘rsatilgan tartibda va doirada belgilanadi.

Ijara haqi ijaraga olingan mol-mulkning egasiga to‘lanadi. Bunda, basharti davlat mol-mulk ijaraga berilgan bo‘lsa, ijara haqi qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanishi lozim.

Ijara haqi ijaraga olingan butun mol-mulk uchun yaxlit yoki har bir obyekt bo‘yicha alohida-alohida natura, pul yoki aralash shakllarda belgilab qo‘yilishi mumkin. Ijara haqini to‘lash shartlari va muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi.

Ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq shartnomada ko‘zda tutilgan muddatlarda o‘zgartirilishi mumkin. Ijara haqining miqdori markazlashtirilgan tartibda belgilab qo‘yiladigan narx-navo, tariflar va yer solig‘i stavkalari o‘zgargan taqdirda hamda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan boshqa hollarda tomonlardan birining talabiga muvofiq muddatidan oldin qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

13-modda. Ijara shartnomasi shartlarini o‘zgartirish, uni bekor qilish va tugatish

Ijara shartnomasi shartlarining o‘zgartirilishiga, uning bekor qilinishiga va tugatilishiga tomonlarning kelishuvi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Tomonlarning biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda ikkinchisining talabiga ko‘ra ijara shartnomasi tegishli sudning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.

Ijarachi muomalaga layoqatsiz deb topilgan taqdirda shartnoma O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va shartlarda tugatiladi. Bu holda ijarachining oila a’zolaridan biri ijara shartnomasi tuzishda ustun huquqqa ega bo‘ladi. Ijarachi sodir etgan jinoyati uchun kelgusida shartnomani bajara olishiga imkon bo‘lmaydigan usulda jazolangan taqdirda ham ijara shartnomasi tugatiladi.

14-modda. Ijara shartnomasini davom ettirish

Ijara shartnomasi muddati tugaganidan keyin ham ijarachi ijaraga olingan mulkdan amalda foydalanishni davom ettiraversa hamda ijaraga beruvchi ijara shartnomasi muddati tugaguniga qadar bunga hech qanday e’tiroz bildirmagan va shartnomada o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, u holda shartnoma xuddi shu muddatga davom ettirilgan hisoblanadi.

Shartnoma muddati tugagach, shartnomadagi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijarachi shartnomani qayta tiklashda boshqa shaxslarga nisbatan ustun huquqka ega bo‘ladi.

15-modda. Ijarachi vafot etgan taqdirda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi

Ijarachi vafot etgan taqdirda uning merosxo‘rlaridan biri amal qilib turgan ijara shartnomasi va uning shartlari asosida o‘zini ijarachi deb e’tirof etishni talab qilish huquqiga egadir.

Amaldagi ijara shartnomasining tuzilishiga vafot etgan ijarachining shaxsiy fazilatlari asos qilib olingan bo‘lsa, u holda ijaraga beruvchi merosxo‘rni ijarachi deb e’tirof etishdan bosh tortishga haqlidir.

16-modda. Mol-mulk boshqa mulkdorga o‘tganda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi

Ijaraga olingan mulkka egalik qilish huquqi yoki O‘zbekiston Respublikasi mulkchilik to‘g‘risidagi qonunchiligida sanab o‘tilgan huquqlar ijaraga beruvchidan boshqa shaxsga o‘tganda ilgari tuzilgan shartnoma, basharti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa yangi mulk egasiga nisbatan ham o‘z kuchini saqlab qoladi.

Mulk egasi bo‘lmagan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hollarda uning ijaraga beruvchi sifatidagi majburiyatlari va huquqlari, basharti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida o‘zgacha shartlar ko‘zda tutilmagan bo‘lsa, huquqiy vorislarga o‘tadi.

17-modda. Mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish

Ijara shartnomasi tugatilgach, ijarachi mulk, yer va boshqa tabiiy resurslarni shartnomada aytib o‘tilgan holatda ijaraga beruvchiga o‘z vaqtida qaytarishga majburdir.

Agar ijarachi ijaraga olingan mulkning holatini yomonlashtirgan bo‘lsa yoki uni o‘z vaqtida egasiga qaytarmasa, shuning oqibatida yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga to‘lashga majburdir.

18-modda. Ijaraga olingan mulkni sotib olish

Ijarachi ijaraga olingan mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan to‘la yoki qisman sotib olishi mumkin, bundan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va boshqa tabiiy resurslar mustasno. Davlat mol-mulki O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tarzda sotib olinadi.

Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish ijarachining o‘z mablag‘lari, shu jumladan ijara sharoitida xo‘jalik faoliyatini olib borishdan kelgan daromadlar, ijarachiga qarashli mol-mulkni sotishdan tushgan pul, shuningdek kreditlar hamda amaldagi qonunchilikka zid bo‘lmagan usullar bilan qo‘lga kiritilgan boshqa moliyaviy mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladi.

Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish uchun davlat budjeti mablag‘laridan foydalanish mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida ijaraga olingan mulkni sotib olish cheklanadigan yoki bunga ruxsat etilmaydigan hollar ko‘zda tutilishi mumkin.

19-modda. Sotib olish shartnomasi

Mol-mulkni sotib olish yuzasidan tomonlarning munosabatlari qonunchilik va shartnoma bilan tartibga solinadi. Sotib olish shartnomasida:

sotib olinayotgan mol-mulkning tarkibi va pul (qiymat) bahosi;

sotib olish shakllari va manbalari;

sotib olish tartibi va muddatlari;

sotib olishda uchinchi shaxslarning, jumladan kreditorlarning qatnashuvi;

kafolatlar va sotib olinayotgan mol-mulkning sifati;

— O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar belgilab qo‘yiladi.

Sotib olish shartnomasi majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shu jumladan shartnomani bir tomonlama o‘zgartirganlik va bekor qilganlik uchun tomonlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida va sotib olish shartnomasida belgilab qo‘yilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.

Sotib olish shartnomasini tuzish va uni bajarish chog‘ida kelib chiqadigan nizolar tegishli sud tomonidan ko‘rib chiqiladi.

II BO‘LIM. KORXONALARNI IJARAGA OLISh

20-modda. Ijarachilar jamoasini tuzish

Korxona yoki uning tarkibiy birligi (bundan buyon korxona deb yuritiladi) mehnat jamoasi uning asosida ijara korxonasini barpo etish uchun ijarachilar jamoasini tuzishga haqlidir.

Ijarachilar jamoasi va uning boshqaruv idoralarini tuzish to‘g‘risidagi qaror mehnat jamoasining qaror qabul qilishga vakolati bo‘lgan umumiy yig‘ilishi (konferensiyasi)da hozir bo‘lganlarning uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi.

21-modda. Korxonani ijaraga olish shartnomasini tuzish tartibi

Ijarachilar jamoasi ijara shartnomasi loyihasini ishlab chiqadi va uni korxonani ijaraga berish uchun vakolat olgan idoraga yuboradi. Bu idora shartnoma loyihasini olgach, o‘ttiz kunlik muddat ichida uni ko‘rib chiqishi va qaror qabul qilishi shart.

22-modda. Ijara korxonasining maqomi

Korxona ijara shartnomasi imzolanganidan, umumiy yig‘ilishda (konferensiyada) ustav tasdiqlanganidan keyin ijara korxonasi maqomiga ega bo‘ladi. Ijara korxonasining ustavida Davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalaridan tashqari korxonaning qarzlari bo‘yicha ijara jamoasi a’zolarining mulkiy javobgarligi ko‘zda tutilishi kerak.

Ijara korxonasini tashkil etish, uning faoliyati va uni tugatish “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Ijara korxonasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan va korxona mulkini belgilangan tartibda qabul qilib olgandan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.

Davlat korxonasi ijaraga berilganida u O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi.

Ijaraga olingan korxonaning xo‘jalik faoliyatini ijaraga oluvchi mustaqil yuritadi. Ijara shartnomasi bo‘yicha olgan majburiyatlarini bajarish doirasidan tashqarida ijarachi boshqaruvda va o‘z xo‘jalik faoliyatida batamom erkindir. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan korxona faoliyatiga aralashishiga, rejalarni, hisobotlarni va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda shartnomada ko‘zda tutilmagan boshqa ma’lumotlarni o‘ziga berishni talab qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ijara korxonasini boshqarish “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga va ustavga muvofiq amalga oshiriladi.

23-modda. Korxonalarni ijaraga olishdagi huquqli vorislik

Ijara korxonasi ijaraga olingan korxonaning mulkiy huquqlari va majburiyatlariga, shu jumladan uning yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqlariga qonuniy voris bo‘lib qoladi. Bunda ijaraga beruvchi korxonaning kreditorlik qarzlarini to‘la yoki qisman to‘lashni o‘z zimmasiga olishi mumkin.

Ijarachi davlat korxonasining ana shu korxona shartnomasida ko‘zda tutilgan hajmda va muddatda mahsulot (ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish borasidagi majburiyatini bajaradi. Ijaraga beruvchi moddiy resurslar yoki ularga oid limitlarni (fondlarni) ijarachiga topshiradi, shuningdek ana shu majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydigan boshqa zarur choralarni ko‘radi. Ijaraga beruvchining o‘z majburiyatlarini bajarmasligi ijarachining zimmasidan tegishli majburiyatlarni soqit qiladi.

Ijara korxonasi ijaraga olingan davlat korxonasi uchun belgilangan hajmda markazlashtirilgan kapital mablag‘ va dotatsiya olish huquqini saqlab qoladi. Ana shu mablag‘lar evaziga yaratilgan mol-mulk davlat mulki hisoblanadi hamda ijaraga beriladigan mulk tarkibiga kiritilmog‘i darkor.

Ijarachi uchun keragidan ortiqcha bo‘lgan korxonalar, obyektlar va mol-mulkni ijaraga olishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

24-modda. Korxonalar va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga tanlov asosida berish

Korxonalarni va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga olish yuzasidan tanlov tegishli mulkni ijaraga berish huquqi bo‘lgan mulkdor yoki u vakolat bergan idora tomonidan e’lon qilinadi.

Tanlovda korxonalarning, ular tarkibidagi bo‘linmalarning mehnat jamoalari, mazkur korxonada band bo‘lmagan xodimlarni ham o‘z ichiga oladigan aralash jamoalar hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin.

Boshqa shartlar bir xil bo‘lgan taqdirda korxona yoki uning bo‘linmasini ijaraga olishda ularning mehnat jamoalari ustun huquqka ega bo‘ladi.

25-modda. Davlat korxonasi qayta tashkil etilgan yoki tugatilgan hollarda uni ijaraga olish

Davlat mulkini idora etish vakolati berilgan davlat idorasi davlat korxonasini qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan taqdirda mehnat jamoasi korxonani ijaraga berishni talab qilishga haqlidir.

26-modda. Korxona bo‘linmasining mulkini ijaraga olish asosida ijara korxonasini barpo etish

Korxonalarning ishlab chiqarishlari, sexlari, bo‘linmalari, fermalari va boshqa bo‘linmalari mulkini ijaraga olish asosida o‘sha bo‘linmaning roziligi bilan ishchilarning o‘zlari, o‘zga jamoalar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan korxonani ijaraga berish vakolati bo‘lgan idoraning qaroriga ko‘ra ijara korxonasi barpo etilishi mumkin.

Ijara shartnomasi mulkining bir qismini ijaraga topshirayotgan korxona bilan tuziladi.

Bunday ijara korxonasi amaldagi qonunchilikka muvofiq ro‘yxatga olinadi.

27-modda. Xo‘jalik ichidagi ijara pudrati

Korxona o‘z bo‘linmalarining xodimlariga mol-mulkni xo‘jalik ichidagi ijara pudrati shaklida ijaraga berishi mumkin.

Korxona bilan ana shunday ijarachi jamoa o‘rtasidagi munosabatlar shartnomada belgilanadi.

Yer va boshqa tabiiy resurslarni xo‘jalik ichida ijaraga olish O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va shartnoma bilan tartibga solib turiladi.

28-modda. Jamoat birlashmalari va tashkilotlariga qarashli mulk asosida ijara korxonalarini barpo etish

Jamoat birlashmalari, tashkilotlari o‘zlari belgilaydigan va ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan shartlar asosida o‘z korxonalarini va ularning bo‘linmalarini ijaraga berishga haqlidirlar.

III BO‘LIM. MULKNING FUQAROLAR TOMONIDAN IJARAGA OLINIShI

29-modda. Ijarachilarning yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ijaraga olishdagi huquqlari

Ijarachilar yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ijaraga olganda ushbu Qonunda va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida ko‘zda tutilgan huquqlarga ega bo‘ladilar.

30-modda. Yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslarni ijtimoiy sug‘urtalash va ijtimoiy ta’minlash

Yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar ishchi va xizmatchilar bilan bir qatorda ijtimoiy sug‘urta qilinishi va ijtimoiy jihatdan ta’minlanishi kerak.

Ijarachilarning sug‘urta badallari to‘lab turilgan davr mobaynidagi ishi ularning mehnat stajiga qo‘shiladi.

IV BO‘LIM. NIZOLARNI HAL QILISh, IJARA MUNOSABATLARI, SUBYEKTLARINING JAVOBGARLIGI

31-modda. Nizolarni hal etish

Ijara shartnomasini tuzish, bajarish va tugatish masalalari yuzasidan ijarachilar bilan ijaraga beruvchilar o‘rtasidagi nizolar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda tegishli sud tomonidan hal etiladi.

32-modda. Ijara munosabatlari subyektlarining javobgarligi

Quyidagi hollarda:

Shartnoma tuzish tartibi va shartlarini buzishda;

Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslikda;

Shartnomani bir tomonlama o‘zgartirishda yoki bekor qilishda;

Shartnomani o‘zgartirish va tugatish tartibi hamda shartlarini buzishda aybdor bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar, davlat idoralarining mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida ijara to‘g‘risidagi qonunchilikni o‘zgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik ko‘zda tutilishi mumkin.

Yuridik va jismoniy shaxslar o‘zlari yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda jabrlanuvchiga to‘lashlari shart.

Ijarachi ijaraga olingan korxonaning qarzlari bo‘yicha:

o‘z mol-mulki bilan (davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalari uchun);

o‘z mol-mulki hamda ijarachi jamoa a’zolarining shaxsiy mol-mulki bilan (jamoa mulkiga, xususiy mulkka asoslangan ijara korxonalari uchun, shuningdek yakka tartibda yoki guruh bo‘lib ijara sharoitida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxslar uchun), ular yetarli bo‘lmagan taqdirda esa — O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilanadigan tartibda va hajmlarda javobgar bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;

Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.  

.