O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
21 – SENTABR. 2021 – y.
592-son
YIRIK INVESTITSIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH UCHUN ENG YAXSHI TAKLIFNI TANLAB OLISHNING MA’MURIY REGLAMENTINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, erga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, erga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-son Farmoniga muvofiq, eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasiga, istisno tariqasida, yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berish huquqi berilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamenti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini tanlash va takliflarni taqdim etish tartibi;
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni ko‘rib chiqish tartibi, ularni tanlab olish bosqichlari va baholash mezonlari;
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni taqdim etgan talabgorlar ichida g‘olibni aniqlash tartibi;
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini ijaraga berishda hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi;
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishda investitsiya majburiyatlari ijrosini monitoring qilish tartibi.
3. Belgilansinki:
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Hukumat komissiyasi) tomonidan amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
4. Hukumat komissiyasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklansin:
yirik investitsiya loyihasini konseptual jihatdan ko‘rib chiqish;
taklif etilayotgan loyihaning xususiyatidan kelib chiqib, eng yaxshi taklifni tanlab olish mezonlarining muhimlilik darajasini belgilash;
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish;
yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish.
5. Belgilab qo‘yilsinki:
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha arizalar faqat davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi;
yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p kvartirali uylar qurilishini nazarda tutuvchi loyihalar yirik investitsiya loyihasi hisoblanmaydi va ko‘rib chiqilmaydi;
tanlangan erga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan kam qiymatdagi yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmaydi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimini takomillashtirish choralarini ko‘rsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha arizalarni davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilish imkoniyatini yaratsin va ishga tushirsin.
8. Belgilansinki, 2023-2024-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida qiymati 1 million AQSh dollari va undan ortiq ekvivalentdagi, qolgan tumanlarda qiymati 300 ming AQSh dollari va undan ortiq ekvivalentdagi investitsiya kiritish majburiyatini yuklagan holda loyiha tashabbuskorlariga yer uchastkalari ushbu qaror talablariga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan belgilangan vaqtincha tartib asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi.
Bunda mazkur qaror bilan tasdiqlangan Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamenti talablari 2025-yil 1-yanvarga qadar ushbu bandning birinchi xatboshisida ko‘rsatilgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining
2021-yil 21-sentabrdagi 592-son qaroriga
1-ILOVA
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning
MA’MURIY REGLAMENTI
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Reglament Vazirlar Mahkamasi tomonidan qiymati kamida 10 million AQSh dollari ekvivalentida bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish va ushbu loyihani amalga oshirish uchun ijaraga yer uchastkasi berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
yer uchastkasi — yer fondining qayd etilgan chegaraga, maydonga, joylashish manziliga, huquqiy rejimga hamda davlat yer kadastrida aks ettiriladigan boshqa xususiyatlariga ega bo‘lgan, jismoniy va yuridik shaxslarga ajratilmagan, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan qismi;
“YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda — “YERELEKTRON” AAT) — yer uchastkalarini berish bo‘yicha materiallarni to‘plash, ko‘rib chiqish va unga kiritilgan vakolatli organlar hamda tashkilotlar bilan kelishish tartib-taomillarini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
ishchi organ — viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi;
yirik investitsiya loyihasi — viloyatlar va Toshkent shahri hududlarida qiymati kamida 10 million AQSh dollari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida qiymati kamida 5 million AQSh dollari ekvivalentida bo‘lgan investitsiya loyihasi;
ochiq elektron portal — internet jahon axborot tarmog‘i orqali yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida bo‘sh turgan yer uchastkasini aniqlash, chegarasini belgilash imkonini beruvchi axborot tizimi;
talabgor — amalga oshirish uchun taklif sifatida yirik investitsiya loyihasini taqdim etgan jismoniy va yuridik shaxslar;
Hukumat komissiyasi — Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi;
eng yaxshi taklif — Hukumat komissiyasi tomonidan belgilangan mezonlar asosida eng yuqori ball to‘plagan yirik investitsiya loyihasi;
g‘olib — eng yaxshi taklifni taqdim etgan talabgor.
3. Yirik investitsiya loyihasi doirasida:
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda — faqat qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi uchun qishloq xo‘jaligi maqsadlarida;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda — qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish mumkin.
Yakka tartibdagi uy-joy va ko‘p kvartirali uylar qurilishini nazarda tutuvchi loyihalar yirik investitsiya loyihasi hisoblanmaydi va ko‘rib chiqilmaydi.
4. Tanlangan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan kam bo‘lgan qiymatdagi yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilmaydi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatini aniqlash ushbu tanlangan yer uchastkasi joylashgan tuman (shahar) da so‘nggi 6 oy davomida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilingan yer uchastkalarining 0, 01 gektar maydonining o‘rtacha narxidan kelib chiqib Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan belgilanadi.
5. Yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha takliflar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
a) kiritiladigan (jalb qilinadigan) investitsiya miqdori;
b) ijara muddati davomida yer solig‘i (ijara to‘lovi) summasiga nisbatan qo‘llaniladigan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq belgilanadigan stavkaga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyent miqdori;
v) jami ishlab chiqariladigan mahsulotlardan eksport qilinadigan mahsulotlarning ulushi;
g) faoliyatida yuqori texnologiya va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning umumiy mahsulotlariga nisbatan ulushi;
d) rejalashtirilgan yillik tovar aylanmasi miqdori;
e) ish bilan ta’minlanadigan fuqarolarning o‘rtacha yillik soni.
6. Maksimal ball 100 ga teng bo‘lib, u muhimlilik darajasidan kelib chiqib mezonlar bo‘yicha quyidagicha taqsimlanadi:
a) birinchi darajali mezonga “0” balldan “25” ballgacha;
b) ikkinchi darajali mezonga “0” balldan “25” ballgacha;
v) uchinchi darajali mezonga “0” balldan “20” ballgacha;
g) to‘rtinchi darajali mezonga “0” balldan “15” ballgacha;
d) beshinchi darajali mezonga “0” balldan “10” ballgacha;
e) oltinchi darajali mezonga “0” balldan “5” ballgacha.
Mezonlarning muhimlilik darajasi taklif etilayotgan loyihaning xususiyatidan kelib chiqib Hukumat komissiyasi tomonidan belgilanadi.
7. Mezonlar bo‘yicha ball Hukumat komissiyasi tomonidan beriladi. Jami to‘plangan ball mezonlarning muhimlilik darajasidan kelib chiqib quyidagi formula asosida hisoblanadi:
Tball=(Ttk/Tmaks)×Mmaks
bunda:
Tball — talabgorning baholanayotgan mezon bo‘yicha olgan balli;
Ttk — talabgorning tegishli mezon bo‘yicha bergan taklifidagi ko‘rsatkich;
Tmaks — talabgorlar tomonidan tegishli mezon bo‘yicha berilgan takliflari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkich;
Mmaks — tegishli mezon bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan muhimlilik darajasidan kelib chiqib belgilangan maksimal ball.
8. Vazirlar Mahkamasining hujjati asosida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini olish tartibi:
a) O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslariga (chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar bundan mustasno):
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar — 30 yil muddatga;
qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar — 49 yildan oshmaydigan muddatga;
b) xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga, shuningdek chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga 25 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga beriladi.
9. Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish ushbu Reglamentga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
10. Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish quyidagi uchta bosqichda amalga oshiriladi:
birinchi bosqich — yer uchastkasini tanlash va yer uchastkasiga oid materiallarni tayyorlash;
ikkinchi bosqich — yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiqligini aniqlash va muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berish;
uchinchi bosqich — takliflarni baholash va g‘olibni aniqlash.
11. Bo‘sh turgan yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat kadastrlari palatasi) tomonidan “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshiriladi.
12. Yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlash uchun Davlat kadastrlari palatasi tomonidan Yer tuzish, davlat yer kadastri va yerlarni monitoring qilish bo‘yicha loyiha-izlanish ishlariga ketadigan vaqtning namunaviy me’yorlariga muvofiq haq ushbu Reglamentning 56-bandiga muvofiq tartibda qoplab beriladi.
Yer tuzish, davlat yer kadastri va yerlarni monitoring qilish bo‘yicha loyiha-izlanish ishlariga ketadigan vaqtning namunaviy me’yorlari Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
2-BOB. YIRIK INVESTITSIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH UCHUN YER UCHASTKASINI TANLASH VA YER UCHASTKASI BO‘YICHA HUJJATLAR YIG‘MA JILDINI TAYYORLASH TARTIBI
13. Talabgor yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Ishchi organga davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq ariza bilan murojaat etadi.
Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bosqichlari, usullari, mexanizmlari va asoslantirilgan hisob-kitob ma’lumotlari (biznes-reja);
talabgor tomonidan muqaddam muvaffaqiyatli amalga oshirilgan loyihalar to‘g‘risida ma’lumot (portfolio);
yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha taqdimot materiallari.
Ariza qabul qilingandan so‘ng talabgorga tegishli invoys taqdim etiladi. Talabgor invoysga muvofiq Ishchi organning maxsus hisobvarag‘iga o‘zining yirik investitsiya loyihasi qiymatining kamida 10 foiziga teng kafolat mablag‘ini joylashtiradi.
Kafolat mablag‘i Ishchi organning maxsus hisobvarag‘iga kelib tushganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tekshiriladi.
Kafolat mablag‘i kelib tushganligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlangandan so‘ng ariza va unga ilova qilingan hujjatlar Ishchi organga avtomatik ravishda yuboriladi.
14. Ariza davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etilganda murojaatchidan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
Ariza O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etilganda, murojaatchidan Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etganda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida yig‘im to‘lanadi.
Yig‘im summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazlariga o‘zi kelib murojaat etganda:
20 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
60 foizi — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga;
0,5 foizi — to‘lovlarni tasdiqlash Yagona billing tizimi orqali amalga oshirilganligi uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — Ishchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladi;
11,25 foizi — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanganlik uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
0,5 foizi — to‘lovlarni tasdiqlash Yagona billing tizimi orqali amalga oshirilganligi uchun Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;
55 foizi — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetiga;
qolgan mablag‘lar — Ishchi organning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilganda yig‘im to‘langanligini tasdiqlash Yagona billing tizimi orqali amalga oshiriladi.
Ariza qaytarib olinganda yoki talabgor g‘olib deb topilmaganda ushbu yig‘im summasi qaytarib berilmaydi.
15. Ishchi organ kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni 3 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi.
Ushbu Reglamentning 13-bandida qayd etilgan barcha hujjatlar to‘liq mavjud bo‘lmasa, Ishchi organ hujjatlarni talabgorga bartaraf etilishi lozim bo‘lgan kamchiliklarni ko‘rsatgan holda qaytaradi.
Ushbu bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlardan boshqa asoslarga ko‘ra hujjatlarni qaytarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
16. Talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmasa, Ishchi organ yirik investitsiya loyihasini Hukumat komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi.
17. Hukumat komissiyasi yirik investitsiya loyihasi kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni ichida ushbu loyihani konseptual jihatdan ko‘rib chiqadi va uni amalga oshirish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha aniq asos va sabablarni ko‘rsatgan holda qaror qabul qiladi.
Hukumat komissiyasining qarorlari u qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmagan holda Ishchi organning rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida davlat tilida, rus va ingliz tillarida e’lon qilinadi.
18. Hukumat komissiyasi tomonidan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha qaror qabul qilingan taqdirda, muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berilmaydi va tanlov o‘tkazilmaydi.
Bunda, talabgor yirik investitsiya loyihasi va uni amalga oshirish uchun tanlangan yer uchastkasini qayta ko‘rib chiqib, umumiy tartibda qayta murojaat etishi mumkin.
19. Hukumat komissiyasi yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiq deb qaror qabul qilgan taqdirda ushbu qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmagan holda Davlat kadastrlari palatasiga ariza bo‘yicha bo‘sh turgan yer uchastkasini aniqlash bo‘yicha so‘rov yuboradi.
20. Davlat kadastrlari palatasi so‘rov kelib tushgan kundan boshlab 20 ish kuni ichida elektron shaklda yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlaydi va uni Ishchi organga yuboradi.
Yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildiga (keyingi o‘rinlarda — hujjatlar yig‘ma jildi) quyidagilar ilova qilinadi:
yer uchastkasi, jumladan, maydoni (gektarda), yer uchastkasining yer fondi toifasi, mavjud majburiyatlar, qaysi maqsadga mo‘ljallanayotganligi, zarur holda ball boniteti va boshqalar haqida qisqacha ma’lumot;
yer uchastkasini topografik xaritada (koordinatali nuqtalari bilan), yer uchastkasining chegaralari va manzillarini (aholi punkti va ko‘chalar, ko‘cha bo‘lmaganda esa — mavjud obyektdan metr hisobidagi masofa ko‘rsatiladi) hamda yer osti va yer usti muhandislik tarmoqlari M 1:500 dan M 1:1000 gacha kattalikda ko‘rsatilgan holda joylashtirish rejasi;
chegaradosh yer uchastkalaridan foydalanish turlari ko‘rsatilgan vaziyat bilan bog‘liq sxema;
yer uchastkasining kamida ikki tomondan o‘rab turgan obyektlar bilan birgalikdagi fotosurati (15×20 sm);
loyihalashtirilayotgan obyektlar bo‘yicha — atrof muhitga ta’sir ko‘rsatilishi to‘g‘risidagi bayonot loyihasi.
21. Ishchi organ ushbu Reglamentning 20-bandida nazarda tutilgan hujjatlar yig‘ma jildini olgandan so‘ng, 2 ish kuni ichida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalariga davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun yuboradi. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish bilan bog‘liq xarajatlar ushbu Reglamentning 56-bandiga muvofiq tartibda qoplab beriladi.
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazish Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi va davlat ekologik ekspertizasi xulosasini Ishchi organga yuboradi.
Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin.
Salbiy xulosada qonunchilik normalariga tayangan holda yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining asoslangan aniq sabablari ko‘rsatiladi.
Bunda, boshqa yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlash umumiy tartibda amalga oshiriladi.
22. Ishchi organ davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan so‘ng, uni hamda hujjatlar yig‘ma jildini 2 ish kuni ichida tegishli xulosa olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga (keyingi o‘rinlarda — qurilish bosh boshqarmasi) yuboradi.
23. Shaharsozlik hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda, qurilish bosh boshqarmasi 3 ish kuni ichida hujjatlar yig‘ma jildini ko‘rib chiqadi, tanlangan yer uchastkasi bo‘yicha xulosa tayyorlaydi.
Xulosada shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etish talablari bayon etiladi.
24. Shaharsozlik hujjatlari mavjud bo‘lmagan taqdirda, qurilish bosh boshqarmasi Ishchi organdan hujjatlar yig‘ma jildini olgandan so‘ng 3 ish kunidan kechiktirmasdan uni ko‘rib chiqadi hamda o‘z xulosasini ilova qilgan holda, hududiy arxitektura shaharsozlik kengashiga (keyingi o‘rinlarda — Kengash) kelishish uchun yuboradi.
Kengash 5 ish kunidan kechiktirmasdan navbatdagi majlisda hujjatlar yig‘ma jildini ko‘rib chiqadi hamda materiallarni elektron raqamli imzosini qo‘yish yo‘li bilan kelishadi hamda kelishilgan materiallarni qurilish bosh boshqarmasiga yuboriladi.
25. Qurilish bosh boshqarmasi o‘z xulosasini va Kengash tomonidan kelishilgan materiallarni “YERELEKTRON” AAT orqali elektron shaklda 1 ish kuni ichida Ishchi organga elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hujjat shaklida yuboradi.
Bunda xulosa ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin.
Ijobiy xulosada yer uchastkasidan foydalanish huquqi egasiga nisbatan shaharsozlik faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etish talablari bayon etiladi.
Salbiy xulosada qonunchilik normalariga tayangan holda yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining asoslangan sabablari ko‘rsatiladi hamda tegishli yer uchastkasini boshqa mos keladigan joydan tanlash haqida taklif beriladi.
Kengash materiallarni kelishishdan bosh tortgan taqdirda, qurilish bosh boshqarmasiga Kengash yig‘ilishining bayonnomasi rad etishni asoslagan va qonunchilik hujjati normasini aniq ko‘rsatgan holda, yer uchastkasi joyini ko‘chirish haqidagi taklif bilan yuboriladi.
26. Qurilish bosh boshqarmasi salbiy xulosa bergan yoki Kengash bilan kelishish rad etilgan taqdirda, Ishchi organ yer uchastkasi materiallarini qayta ishlash, shu jumladan berilgan xulosaga muvofiq ajratiladigan yer uchastkasi joylashuvini o‘zgartirish (kelishishni rad etish sabablarini asoslagan holda) huquqiga ega.
Bunda, Ishchi organ 2 ish kuni ichida qurilish bosh boshqarmasining salbiy xulosasi yoki Kengashning kelishishni rad etish bayon qilingan taklifni ko‘rib chiqadi hamda hujjatlar yig‘ma jildini qurilish bosh boshqarmasining xulosasi yoki Kengash yig‘ilishining bayonnomasini ilova qilgan holda Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasiga qayta ishlash uchun yuboradi.
Davlat kadastrlari palatasi hududiy boshqarmasi 10 ish kuni ichida hujjatlar yig‘ma jildini qayta ishlaydi, hujjatlar yig‘ma jildini shakllantiradi va uni Ishchi organga takroran yuboradi.
Bunda yangilangan hujjatlar yig‘ma jildini qayta ishlash va tayyorlash bo‘yicha ishlar uchun haq undirilmaydi.
Ishchi organ hujjatlar yig‘ma jildini olgandan keyin 1 ish kuni ichida uni qurilish bosh boshqarmasiga mazkur Reglamentning 23 va 24-bandlarida belgilangan tartibda xulosa olish yoki Kengash kelishuvini olish uchun takroran yuboradi.
27. Qurilish bosh boshqarmasi ijobiy xulosasi yoki Kengash bilan elektron shaklda kelishuvi olingan kundan keyin 1 ish kuni ichida Ishchi organ hujjatlar yig‘ma jildini quyidagi vakolatli tashkilotlarga yuboradi:
a) xulosa olish uchun quyidagi davlat organlari va tashkilotlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy bo‘linmalariga:
Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
Favqulodda vaziyatlar vazirligi;
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati;
Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi;
Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi;
“O‘zsuvta’minot” AJ;
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ;
“Hududgazta’minot” AJ;
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ;
“O‘ztransgaz” AJ;
b) kelishish uchun:
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining hududiy boshqarmasiga — madaniy meros yodgorliklari muhofaza qilinadigan zonada joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha;
tegishli hududlar va inshootlardan rejim asosida foydalanadigan hamda ulardan foydalanadigan tashkilotga — bo‘sh yer uchastkalari sanoat yerlari, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlar tarkibiga kirgan hududlarda joylashganda;
Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining hududiy organlariga — bo‘sh yer uchastkasi avtomobil turar joylari va yo‘l harakati xavfsizligiga ta’sir qiladigan boshqa obyektlar uchun ajratilganda;
Turizm va sport vazirligining hududiy bosh boshqarmasiga — turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun belgilangan va turistik rekreatsion zonalarda joylashgan yer uchastkalari bo‘yicha.
Yer uchastkalarining joylashuvi ularning bosh rejalarida, shuningdek, batafsil rejalashtirish loyihalarida belgilangan hamda shaharsozlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda nazarda tutilgan funksional maqsadiga mos keladigan aholi punktlaridagi yer uchastkalariga oid materiallar bo‘yicha sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining hamda Davlat yong‘in nazorati organining xulosalarini olish talab etilmaydi.
28. Vakolatli tashkilotlar hujjatlar yig‘ma jildi kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida hujjatlar yig‘ma jildini kelishadi yoki tegishli xulosalar beradi.
29. Vakolatli tashkilotning xulosasi “YERELEKTRON” AAT orqali elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron shaklda yoki xulosaning ko‘chirilgan nusxasi tarzida Ishchi organga yuboriladi. Bunda ijobiy yoki salbiy xulosa berilishi mumkin.
Ijobiy xulosada yer uchastkasidan foydalanish huquqi egasiga nisbatan shaharsozlik, sanitariya, tabiatni muhofaza qilish, yong‘inga qarshi va boshqa faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga rioya etish talablari bayon etiladi.
Salbiy xulosada qonunchilik hujjatining aniq normasiga tayangan holda bo‘sh yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining asoslangan sabablari ko‘rsatiladi.
30. Yer uchastkalari bo‘yicha materiallarni kelishish tegishli yer uchastkasi bo‘yicha rozilik rezolyutsiyasini vakolatli tashkilotning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlash yo‘li bilan “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshiriladi.
Kelishuv hech qanday izohlar va shartlarsiz amalga oshiriladi.
Kelishuv rad etilgan holatda, Ishchi organga “YERELEKTRON” AAT orqali vakolatli tashkilotning elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlangan elektron hujjat tarzda xat yoki xatning ko‘chirilgan nusxasi qonunchilik hujjatlarining aniq normasiga tayangan holda, bo‘sh yer uchastkasini ajratish imkoni yo‘qligining asoslangan sabablari ko‘rsatib yuboriladi.
31. Vakolatli tashkilot bilan kelishilmaganda yoki salbiy xulosa olinganda, Ishchi organ hujjatlar yig‘ma jildini qayta ishlab, ularni ushbu Reglamentga muvofiq takroran kelishish (ular bo‘yicha xulosa olish) huquqiga ega.
32. Vakolatli tashkilotlar salbiy xulosa bergan taqdirda yoki kelishuvni rad etish to‘g‘risida xat yo‘llagan taqdirda, Ishchi organ vakolatli tashkilotlarning e’tirozlaridan kelib chiqqan holda, 3 ish kuni ichida yer uchastkasining joylashgan joyini va hujjatlar yig‘ma jildini qayta ko‘rib chiqib, vakolatli tashkilotlarning xulosa va xatlarini ilova qilgan holda, ularni Davlat kadastrlari palatasiga qayta ishlash uchun yuboradi.
Bunda, Davlat kadastrlari palatasi 3 ish kuni ichida hujjatlar yig‘ma jildini qayta ishlaydi hamda Ishchi organga takroran yuboradi. Hujjatlar yig‘ma jildini qayta ishlash va yangilangan materiallar tayyorlash ishlari uchun to‘lov undirilmaydi.
33. Ajratiladigan yer uchastkasining joylashgan joyi qayta ko‘rib chiqilgandan so‘ng va qayta ishlangan materiallar olingach, Ishchi organ keyingi ish kunidan kechiktirmasdan hujjatlar yig‘ma jildini ushbu Reglamentning belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun vakolatli tashkilotlarga takroran yuboradi.
Bunda takroran yuborilgan hujjatlar 23 — 30-bandlarida yig‘ma jildi vakolatli tashkilotlar tomonidan 2 ish kuni ichida ko‘rib chiqilishi kerak.
34. Ishchi organ qurilish bosh boshqarmasi, Kengashning va vakolatli tashkilotlarning ijobiy xulosalarini olib va kelishuvlarini olgandan keyin 2 ish kuni ichida hujjatlar yig‘ma jildini Hukumat komissiyasiga taqdim etadi.
3-BOB. YIRIK INVESTITSIYA LOYIHASINI AMALGA OSHIRISH UCHUN ENG YAXSHI TAKLIFNI TANLAB OLISH
35. Hukumat komissiyasi hujjatlar yig‘ma jildi kelib tushgan kunidan keyingi ish kunidan kechikmagan holda mezonlarning muhimlilik darajasini belgilash hamda birinchi talabgorning arizasida ko‘rsatilgan faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Ushbu qaror u qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmagan holda Ishchi organga yuboriladi.
36. Ishchi organ, Hukumat komissiyasi qarori kelib tushgan kunidan keyingi ish kunidan kechikmagan holda, muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon joylashtiradi. E’londa quyidagilar ko‘rsatiladi:
a) yirik investitsiya loyihasi yo‘nalishi (faoliyat turi);
b) taklif etilayotgan yer uchastkasi haqida ma’lumotlar (manzili, maydoni va boshqalar);
v) Hukumat komissiyasi qarori bilan belgilangan mezonlarning muhimlilik darajasi ketma-ketligi;
g) takliflarni qabul qilishning to‘xtatiladigan vaqti va sanasi.
Yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha muqobil takliflar ushbu Reglamentning 13-14-bandlariga muvofiq taqdim etiladi.
37. E’lon qo‘shimcha ravishda markaziy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi lozim.
38. Yirik investitsiya loyihasiga muqobil takliflar Ishchi organning rasmiy veb-saytida e’lon berilgan kundan boshlab 60 kun davomida (60-kun soat 24-00 ga qadar) qabul qilinadi.
E’londa ko‘rsatilgan muqobil takliflar qabul qilishning vaqti yakunlangandan so‘ng, takliflar qabul qilinmaydi.
Talabgorlar muqobil takliflar qabul qilish muddati davomida o‘z muqobil takliflarini o‘zgartirishi yoki qaytarib olishga haqli.
39. Yirik investitsiya loyihasiga berilgan muqobil takliflar ishchi organ tomonidan ushbu Reglamentning 15 va 16-bandlarida nazarda tutilgan tartibda va muddatda Hukumat komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.
Ishchi organ tomonidan muqobil takliflar oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
40. Hukumat komissiyasi majlislarida Hukumat komissiyasi a’zolarining umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, vakolatli hisoblanadi.
Zarurat bo‘lganda, Hukumat komissiyasi majlisiga loyihaning xususiyatiga qarab vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari taklif qilinadi.
Majlisni o‘tkazishga kvorum bo‘lmagan taqdirda, Hukumat komissiyasi qaroriga asosan majlis boshqa kunga qoldiriladi.
Ishchi organ Hukumat komissiyasi majlisini o‘tkazish sanasi va joyi haqida ushbu majlis o‘tkaziladigan kundan kamida 2 kun oldin o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon beradi.
41. Hukumat komissiyasi majlislarida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishi mumkin, ularning ishtirokini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
42. Hukumat komissiyasi majlisini o‘tkazish vakolatli bo‘lganda takliflar talabgorlarning ishtirokida ko‘rib chiqiladi hamda ushbu Reglamentning 7-bandida ko‘rsatilgan tartibda baholanadi.
Bunda, belgilangan tartibda chaqirilgan talabgor Hukumat komissiyasi majlisiga kelmagan taqdirda, Hukumat komissiyasi majlisi davom ettirilishi mumkin.
Berilgan ballarning yig‘indisiga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan taklif yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha eng yaxshi taklif deb tanlab olinadi hamda qaror bilan tasdiqlanadi.
43. Hukumat komissiyasi qarorida quyidagilar ko‘rsatiladi:
a) komissiya rahbari, komissiya a’zolari hamda kun tartibi to‘g‘risida ma’lumot;
b) yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha kelib tushgan talabgorlarning muqobil takliflari to‘g‘risida ma’lumot;
v) komissiya a’zolari tomonidan talabgorlarning muqobil takliflariga berilgan ballar to‘g‘risida ma’lumot;
g) g‘olib to‘g‘risida ma’lumot.
Hukumat komissiyasi qarori komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
44. Hukumat komissiyasi majlislari audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Ishchi organning rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translatsiya qilinadi.
45. Agar talabgorlarning takliflariga berilgan ballar teng bo‘lib qolsa, ular orasidan birinchi darajali mezon bo‘yicha yuqori ball olgan yirik investitsiya loyihasi tanlab olinadi. Bunda ham berilgan ballar teng bo‘lib qolsa, davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali erta ariza bergan talabgor g‘olib deb topiladi.
46. Ishchi organ Hukumat komissiyasi qarori asosida yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hujjati loyihasini tayyorlaydi va belgilangan tartibda Hukumatga kiritadi.
Yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining hujjati loyihasida mazkur Reglamentning 5-bandidagi yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha takliflarni baholash mezonlaridan kelib chiqib, investitsiya majburiyatlari ko‘rsatiladi.
47. Yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risidagi Hukumatga kiritilgan hujjat loyihasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentida belgilangan tartibda qabul qilinadi.
48. Yer uchastkasini ijaraga berish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining hujjati qabul qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida Ishchi organga yuboriladi.
Ishchi organ 1 ish kuni ichida Vazirlar Mahkamasi hujjatini tegishli tuman (shahar) hokimligi va g‘olibga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi hujjati g‘olib va tegishli tuman (shahar) hokimligi o‘rtasida yer ijara shartnomasini imzolash uchun asos hisoblanadi.
Tuman (shahar) hokimligi Vazirlar Mahkamasi hujjati kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida Yer ijara shartnomasini tuzish bo‘yicha g‘olibga taklif yuboradi. Yer ijara shartnomasida g‘olibning investitsiya majburiyatlari ham aks ettiriladi.
49. Yer ijara shartnomasi imzolangan kundan keyingi ish kuni uning nusxalari tuman (shahar) hokimligi tomonidan:
a) davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalariga — yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun;
b) ishchi organga — investitsiya majburiyatlarini monitoring qilib borish uchun yuboriladi.
50. Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son qarori bilan tasdiqlangan Ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida talabgor nomiga yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini yer ijara shartnomasi kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar ushbu Reglamentning 56-bandiga muvofiq tartibda undiriladi.
51. Ajratilgan yer uchastkasida yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni boshlashga yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan keyin yo‘l qo‘yiladi.
52. Vazirlar Mahkamasi mustaqil ravishda ushbu Reglamentning 5 va 6-bandlarida nazarda tutilgan mezonlar bo‘yicha shartlarni ko‘rsatgan holda yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha e’lon berishga haqli.
E’lon bo‘yicha takliflar ushbu Reglamentga muvofiq taqdim etiladi va ko‘rib chiqiladi.
53. Agar ushbu Reglamentning 38-bandida nazarda tutilgan muddat ichida muqobil taklif kelib tushmasa, birinchi taklifni bergan talabgor yagona ishtirokchi sifatida baholanmagan holda g‘olib deb topiladi.
54. G‘olib deb topilmagan talabgorlarning kafolat mablag‘lari Hukumat komissiyasining qarori qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida qaytarib beriladi.
55. G‘olibning kafolat mablag‘i investitsiya majburiyatlari bajarilishi 50 foizdan oshgan taqdirda qaytarib beriladi.
G‘olib investitsiya majburiyatlarini umuman bajarmaganda yoki 50 foizdan kam bajargandan so‘ng investitsiya loyihasini amalga oshirishdan bosh tortgan taqdirda kafolat mablag‘i qaytarib berilmaydi.
56. Yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tayyorlash, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish hamda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar g‘olibning kafolat mablag‘lari hisobidan Vazirlar Mahkamasining hujjati qabul qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida qoplab beriladi.
4-BOB. YER UCHASTKASINING IJARA MUDDATINI UZAYTIRISH HAMDA ERGA BO‘LGAN HUQUQ TURINI O‘ZGARTIRISH TARTIBI
57. Yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish hamda erga bo‘lgan huquq turini o‘zgartirishga quyidagi asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi:
a) investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilganligi — ishchi organning ijobiy xulosasi asosida;
b) yer qonunchiligi hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaganligi — Kadastr agentligining ijobiy xulosasi asosida;
v) tuproq unumdorligining pasaymaganligi, unumdor qatlam olinmaganligi, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilganligi — Qishloq xo‘jaligi vazirligining ijobiy xulosasi asosida, basharti ajratilgan yer uchastkasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘lsa.
58. G‘olib ushbu Reglamentning 8-bandida ko‘rsatilgan ijara muddatining kamida uchdan ikki qismi o‘tgandan so‘ng, biroq ijara muddati yakunlanishiga kamida 6 oy qolgunga qadar yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki erga bo‘lgan huquq turini o‘zgartirishni so‘rab ishchi organga ariza berishga haqli.
59. Ishchi organ:
a) 2 ish kuni ichida yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki erga bo‘lgan huquq turini o‘zgartirish yuzasidan talabgorning arizasini ko‘rib chiqadi hamda xulosa taqdim etish uchun Kadastr agentligi va (yoki) Qishloq xo‘jaligi vazirligiga so‘rov yuboradi;
b) 5 ish kuni ichida investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilganligi yoki bajarilmaganligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi.
60. So‘rov kelib tushgan kundan boshlab 5 ish kuni mobaynida:
a) Kadastr agentligi yerdan foydalanuvchi tomonidan ijara muddati davomida yer qonunchiligi hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yoki yo‘l qo‘yilmaganligi to‘g‘risida;
b) Qishloq xo‘jaligi vazirligi tuproq unumdorligining pasayganligi yoki pasaymaganligi, unumdor qatlam olinganligi yoki olinmaganligi, qishloq xo‘jaligi ekinlari ekilganligi yoki ekilmaganligi to‘g‘risida xulosa tayyorlaydi va ishchi organga yuboradi.
61. Ishchi organ talabgorning arizasini unga o‘zining hamda Kadastr agentligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosalarini ilova qilgan holda Hukumat komissiyasiga yuboradi.
62. Hukumat komissiyasi talabgorning arizasi va taqdim etilgan xulosalarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini o‘zgartirish maqsadga muvofiqligini ko‘rib chiqadi.
63. Ushbu Reglamentning 57-bandida nazarda tutilgan xulosalarning biri yoki bir nechtasi salbiy bo‘lsa, yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish maqsadga muvofiq emas deb topilishiga asos hisoblanadi.
64. Quyidagilar yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini o‘zgartirish maqsadga muvofiq emas deb topilishiga asos hisoblanadi:
a) ushbu Reglamentning 57-bandida nazarda tutilgan xulosalarning biri yoki bir nechtasi salbiy bo‘lishi;
b) “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga asosan yer uchastkasi xususiylashtirilmaydigan yer uchastkasi bo‘lganida hamda ijarachi yer uchastkalarini xususiylashtirish subyektlari hisoblanmaganda.
65. Hukumat komissiyasi tomonidan yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini o‘zgartirish maqsadga muvofiq deb topilganda, ishchi organ tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
66. Vazirlar Mahkamasi tegishli yer uchastkasining ijara muddatini uzaytirish yoki unga bo‘lgan ijara huquqini “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun talablari asosida o‘zgartirilishi to‘g‘risidagi hujjatni belgilangan tartibda qabul qiladi va uning nusxasi ijarachiga yuborilishini ta’minlaydi.
67. Ijarachi Vazirlar Mahkamasining hujjati asosida:
a) tuman (shahar) hokimligi bilan ushbu Reglamentning 8-bandida nazarda tutilgan muddatga yer ijara shartnomasi tuzadi;
b) “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq yer uchastkasini xususiylashtirishi mumkin.
Bunday holatda investitsiya majburiyatlari yuklatilmaydi.
68. Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmalari yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
5-BOB. INVESTITSIYA MAJBURIYATLARI IJROSINI MONITORING QILISH TARTIBI
69. Investitsiya majburiyatlari ijrosining monitoringi Ishchi organning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
70. Yer uchastkasidan maqsadli va samarali foydalanish ustidan davlat nazorati Kadastr agentligining, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘yicha esa — Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
71. Ishchi organ, Kadastr agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari birgalikda har chorakda bir marotaba investitsiya loyihasi amalga oshirilishi va investitsiya majburiyatlari ijrosini hamda ajratilgan yer uchastkasidan maqsadli va samarali foydalanish holatlarini monitoring qilib boradi.
Ishchi organning hududiy boshqarmalari investitsiya loyihasi ijrosining monitoringi amalga oshiriladigan kun va vaqt haqida kamida uch kun oldin talabgorni yozma ravishda xabardor qilishi shart.
Monitoring natijalari bo‘yicha talabgor hamda Investitsiya vazirligi, Kadastr agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari vakillari ishtirokida monitoring dalolatnomasi tuziladi hamda to‘rt nusxada tasdiqlanadi.
Monitoring dalolatnomasining bir nusxasi talabgorga topshiriladi hamda qolgan uchta nusxasi Investitsiya vazirligi, Kadastr agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalarida saqlanadi.
72. Monitoring davomida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun ajratilgan yer uchastkasidan belgilangandan ko‘ra boshqa maqsadlarda foydalanish yoki yer uchastkasi o‘z vaqtida foydalanishga kiritilmaganligi, investitsiya majburiyatlari bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi holatlari aniqlanganda yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Mazkur Reglamentga muvofiq qo‘lga kiritilgan yer uchastkasida qurilgan bino va inshootlar investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilmagunga qadar begonalashtirilishi mumkin emas. Investitsiya majburiyatlari to‘liq bajarilmasdan bino va inshootlarni begonalashtirish investitsiya majburiyatlarini buzish deb baholanadi va erga bo‘lgan huquqni bekor qilishga asos bo‘ladi.
6-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
73. Investitsiya majburiyatlari doirasida yuzaga kelgan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq taraflarning o‘zaro kelishuvi yoki sud tartibida hal etiladi.
74. Talabgorlar ushbu Reglament talablari buzilishi, Ishchi organ, Kadastr agentligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligining xulosalari hamda ularning hududiy boshqarmalari monitoring dalolatnomasi, Hukumat komissiyasi qarori yuzasidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
75. Ushbu Reglament talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun
eng yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamentiga
1-ILOVA
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olish
SXEMASI
Bosqichlar |
|
Subyektlar |
|
Tadbirlar |
|
Muddatlar |
|
||||||
I. Yer uchastkasini tanlash va yer uchastkasiga oid materiallarni tayyorlash |
||||||
|
||||||
1-bosqich |
|
Talabgor |
|
Davlat xizmatlari markazlari yoki YIDXP orqali Ishchi organga ariza va tegishli hujjatlarni yuboradi va uning maxsus hisobvarag‘iga kafolat mablag‘ini joylashtiradi. |
|
Zaruratga ko‘ra |
|
|
|
|
|
|
|
2-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Talabgorning arizasi va hujjatlarini ko‘rib chiqadi: 1. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlansa ularni ko‘rsatgan holda talabgorga qaytaradi. 2. Hujjatlarda kamchiliklar aniqlanmasa, Hukumat komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritadi. |
|
3 ish kunida |
|
|
|
|
|
|
|
3-bosqich |
|
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi |
|
Hujjatlarni konseptual jihatdan ko‘rib chiqadi va yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiqligi yoki maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha qaror qabul qiladi. |
|
10 ish kunida |
|
|
Qabul qilingan qarorni Ishchi organning rasmiy veb-sayti va OAVda e’lon qiladi. (Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligi bo‘yicha qaror qabul qilingan taqdirda muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berilmaydi va tanlov o‘tkazilmaydi) |
|
Qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmay |
||
|
|
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiq deb qaror qabul qilingan taqdirda Davlat kadastrlari palatasiga bo‘sh turgan yer uchastkasini aniqlash bo‘yicha so‘rov yuboradi. |
|
Qaror qabul qilingan kundan keyingi ish kunidan kechikmay |
||
|
|
|
|
|
|
|
4-bosqich |
|
Davlat kadastrlari palatasi |
|
Yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini va unga ilova qilinadigan materiallarni tayyorlaydi hamda ularni Ishchi organga yuboradi. |
|
20 ish kunida |
|
|
|
|
|
|
|
5-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini va unga ilova qilinadigan materiallarni tegishli Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalariga davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun yuboradi. |
|
2 ish kunida |
|
|
|
|
|
|
|
6-bosqich |
|
Davlat ekologiya qo‘mitasining ixtisoslashtirilgan ekspert bo‘linmalari |
|
Davlat ekologik ekspertizasini o‘tkazadi va davlat ekologik ekspertizasi xulosasini Ishchi organga yuboradi. |
|
Qonunchilikda belgilangan muddatlarda |
|
|
|
|
|
|
|
7-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgandan so‘ng, uni hamda yer uchastkasi bo‘yicha hujjatlar yig‘ma jildini tegishli xulosa olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga yuboradi. |
|
2 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
8-bosqich |
|
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga |
|
Shaharsozlik hujjati mavjud bo‘lgan taqdirda hujjatlar yig‘ma jildini ko‘rib chiqadi, tanlangan yer uchastkasi bo‘yicha xulosa tayyorlaydi. |
|
3 ish kuni ichida |
Shaharsozlik hujjati mavjud bo‘lmagan taqdirda esa hujjatlar yig‘ma jildini hududiy arxitektura shaharsozlik kengashiga yuboradi. |
|
|||||
|
Arxitektura shaharsozlik kengashi |
|
Hujjatlar yig‘ma jildini ko‘rib chiqadi va materiallarni kelishadi hamda ularni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga yuboradi. |
|
5 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
|
|
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, viloyatlar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga |
|
O‘z xulosasini va Arxitektura shaharsozlik kengashi tomonidan kelishilgan materiallarni “YERELEKTRON” AAT orqali elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda Ishchi organga yuboradi. |
|
1 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
|
9-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Hujjatlar yig‘ma jildini vakolatli organlarga xulosa olish va kelishish uchun “YERELEKTRON” AAT orqali yuboradi. |
|
1 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
10-bosqich |
|
Vakolatli tashkilotlar (Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Kadastr agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati, “O‘zsuvta’minot” AJ, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ, “O‘ztransgaz” AJ, Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi, Ichki ishlar vazirligi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi) |
|
Hujjatlar yig‘ma jildini vakolat doirasida “YERELEKTRON” AAT orqali rozilik rezolyutsiyasini qo‘ygan holda kelishadi yoki tegishli xulosalar yuboradi. |
|
5 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
11-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Ijobiy xulosalar hamda rozilik rezolyutsiyalari olingandan so‘ng, ularni hamda hujjatlar yig‘ma jildini Hukumat komissiyasiga taqdim etadi. |
|
2 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
II. Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadga muvofiqligi aniqlash va muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berish |
||||||
|
||||||
12-bosqich |
|
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi |
|
Mezonlarning muhimlilik darajasini belgilash hamda muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon berish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Qabul qilgan qarorni Ishchi organga yuboradi. |
|
1 ish kuni ichida 1 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
13-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Muqobil taklif qabul qilish bo‘yicha e’lon beradi. |
|
1 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
14-bosqich |
|
Talabgorlar |
|
Ishchi organga muqobil taklif taqdim etadi. |
|
60 kun davomida |
|
|
|
|
|
|
|
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Talabgorlarning muqobil taklifini ko‘rib chiqib Hukumat komissiyasiga yuboradi. |
|
Taklif kelib tushgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida |
|
|
||||||
III. Takliflarni baholash va g‘olibni aniqlash |
||||||
|
||||||
15-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Hukumat komissiyasi majlisini o‘tkazish sanasi va joyi haqida e’lon beradi. |
|
Majlis o‘tkaziladigan kundan kamida 2 kun oldin |
|
|
|
|
|
|
|
16-bosqich |
|
Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi |
|
Takliflarni talabgorlarning ishtirokida ko‘rib chiqadi, baholaydi, g‘olibni aniqlaydi va tegishli qaror qabul qiladi. (Hukumat komissiyasining majlislari jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Ishchi organning rasmiy veb-saytida real vaqt rejimida translatsiya qilib boriladi) |
|
Majlis davomida |
|
|
|
|
|
|
|
17-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Hukumat komissiyasi qarori asosida yer uchastkasi ajratish to‘g‘risida hujjat loyihasini tayyorlaydi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. |
|
2 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
18-bosqich |
|
Vazirlar Mahkamasi |
|
Hujjat loyihasini ko‘rib chiqadi va tasdiqlaydi. |
|
10 ish kuni ichida |
|
|
Tasdiqlangan qarorni Ishchi organga yuboradi. |
|
1 ish kuni ichida |
||
|
|
|
|
|
|
|
19-bosqich |
|
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi |
|
Vazirlar Mahkamasining qarorini tegishli tuman (shahar) hokimligi va g‘olibga taqdim etadi. |
|
1 ish kuni ichida |
|
|
|
|
|
|
|
20-bosqich |
|
Tuman (shahar) hokimligi |
|
Yer ijara shartnomasini tuzish bo‘yicha g‘olibga taklif yuboradi. |
|
3 ish kuni ichida |
|
|
Imzolangan Yer ijara shartnomasini nusxalarini: a) Davlat kadastrlari palatasining tegishli hududiy boshqarmalariga — yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun; b) ishchi organga — investitsiya majburiyatlarini monitoring qilib borish uchun yuboradi. |
|
Shartnomasi imzolangan kundan keyingi ish kuni |
||
|
|
|
|
|
|
|
21-bosqich |
|
Davlat kadastrlari palatasining tegishli hududiy boshqarmalari |
|
Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlaydi. |
|
2 ish kuni ichida |
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng
yaxshi taklifni tanlab olishning ma’muriy reglamentiga
2-ILOVA
Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tanlovda ishtirok etish bo‘yicha
ARIZA
1 |
Ariza beruvchi shaxs: |
|
|
|
|
fuqaroning F.I.O. va pasport ma’lumotlari yoki yuridik shaxsning nomi va STIR |
|
2 |
Taklif etilayotgan faoliyat turi: |
|
|
|
|
ariza beruvchi tomonidan ko‘rsatiladi |
|
3 |
Mezonlar bo‘yicha taklif: |
||
3.1 |
kiritiladigan (jalb qilinadigan) investitsiya miqdori |
|
|
|
|
AQSh dollarda ko‘rsatiladi |
|
3.2 |
ishlab chiqariladigan jami mahsulotlardan eksport qilinadigan mahsulotlarning ulushi |
|
|
|
|
foizda ko‘rsatiladi |
|
3.3 |
faoliyatida yuqori texnologiya va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning umumiy mahsulotlariga nisbatan ulushi |
|
|
|
|
foizda ko‘rsatiladi |
|
3.4 |
rejalashtirilgan yillik tovar aylanmasi miqdori |
|
|
|
|
so‘mda ko‘rsatiladi |
|
3.5 |
ish bilan ta’minlanadigan fuqarolarning o‘rtacha yillik soni |
|
|
|
|
raqamda ko‘rsatiladi |
|
4* |
Tuman (shahar) nomi |
|
|
|
|
tanlanadi |
|
5* |
Yer uchastkasi hajmi (gektarda) |
|
|
|
|
raqamda ko‘rsatiladi |
*muqobil taklif berishda talab etilmaydi
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.