O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
2024-yil 7.02.2024 y.
VMQ 76-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUDUDIDA XORIJIY TIJORAT TASHKILOTLARINING VAKOLATXONALARINI AKKREDITATSIYA QILISH VA ULARNING FAOLIYAT YURITISH TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 24-iyuldagi PF-6269-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish hamda ularning faoliyat yuritish tartibini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini (keyingi o‘rinlarda — xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari) akkreditatsiya qilish bo‘yicha vakolatli davlat organining huquq va majburiyatlari;
xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish tartibi;
xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarining xorijiy xodimlarini akkreditatsiya qilish tartibi;
xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari faoliyatini tashkil etish va tugatish tartibi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ikki oy muddatda:
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali akkreditatsiya qilish, shu jumladan, portalda elektron raqamli imzosiz chet tilida ariza qoldirish imkoniyatini yaratsin;
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonuniga xorijiy tijorat tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiya qilganlik uchun davlat boji undirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. Ushbu qaror rasman e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Xodjayev hamda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L.Sh. Kudratov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Vazirlar Mahkamasining
2024-yil 7-fevraldagi 76-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizom talablari O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy banklar vakolatxonalarini akkreditatsiya qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Ushbu Nizom quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
akkreditatsiya — O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini ochishga ruxsat berish tartiboti;
akkreditatsiya guvohnomasi — akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan berilgan, vakolatxonaning O‘zbekiston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq faoliyat yuritish huquqini tasdiqlovchi hujjat;
akkreditatsiya kartochkasi — vakolatxonaning xorijiy xodimiga rasmiylashtirib berilgan shaxsiy akkreditatsiyani tasdiqlovchi hujjat;
akkreditatsiya qiluvchi organ — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi;
vakolatxona — bosh tashkiloti O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotining manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan alohida bo‘linma;
markaziy ma’lumotlar bazasi — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazasi;
xorijiy tijorat tashkiloti — chet davlat qonunchilik hujjatlariga muvofiq ro‘yxatdan o‘tgan, tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish hamda chet elda vakolatxona ochish huquqiga ega bo‘lgan firmalar, kompaniyalar, jamiyatlar, korporatsiyalar va boshqa tashkilotlar.
4. Xorijiy tijorat tashkilotlari o‘z vakolatxonalarini O‘zbekiston hududida o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida akkreditatsiya guvohnomasi asosida ochadilar.
5. Akkreditatsiya guvohnomasi ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq rasmiylashtiriladi (uzaytiriladi).
6. Akkreditatsiya QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda, davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi o‘rinlarda — YIDXP) orqali akkreditatsiya guvohnomasini berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
7. Vakolatxona yuridik shaxs hisoblanmaydi, xo‘jalik yoki tijorat faoliyatini amalga oshirmaydi.
Xorijiy aviakompaniyaning vakolatxonasi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi hududida tijorat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
8. Xorijiy tijorat tashkilotlarini, vakolatxonalarni va ularning xodimlarini soliqqa tortish O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi va xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi.
2-BOB. AKKREDITATSIYA GUVOHNOMASINI OLISH TO‘G‘RISIDAGI ARIZANI KO‘RIB CHIQISH, GUVOHNOMA BERISH YOKI BERISHNI RAD ETISH TO‘G‘RISIDA QAROR QABUL QILISH
9. O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘z vakolatxonasini ochishdan (akkreditatsiya muddatini uzaytirishdan) manfaatdor bo‘lgan xorijiy tijorat tashkiloti davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, ushbu Nizomga 2-ilovadagi pasportga muvofiq elektron shaklda ariza beradi.
10. Ariza beruvchi o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, davlat xizmatlari markazi xodimi — ariza beruvchi nomidan, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa, mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi arizani elektron shaklda mustaqil to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaati uchun harakat qilayotganda, arizaga belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma ilova qilinadi.
11. Ariza YIDXP orqali berilganda, ariza beruvchining elektron raqamli imzosi talab etilmaydi.
12. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
13. Akkreditatsiya guvohnomasini berish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
Ariza YIDXP orqali taqdim etilganda, ariza beruvchidan davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etganda to‘lanadigan summaning 90 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.
14. Akkreditatsiya guvohnomasi berilganligi uchun davlat boji summasi quyidagi tartibda taqsimlanadi:
a) davlat xizmatlari markazi orqali murojaat etilganda:
18 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga;
qolgan mablag‘lar — akkreditatsiya qiluvchi organning Rivojlanish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasining maxsus hisobvarag‘iga;
b) YIDXP orqali murojaat etilganda:
10 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasiga;
11,25 foizi — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasining Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi G‘aznachilik xizmati qo‘mitasidagi maxsus hisobvarag‘iga (shu jumladan, 0,5 foizi yig‘im to‘langanligi Yagona billing tizimi orqali tasdiqlanganligi uchun);
qolgan mablag‘lar — akkreditatsiya qiluvchi organning Rivojlanish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasining maxsus hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun davlat boji to‘langanligi axborot-kommunikatsiya tizimlari orqali tasdiqlanadi.
15. Xorijiy tijorat tashkilotining vakolatxonasi xorijiy tijorat tashkilotining xohishiga ko‘ra bir yildan uch yilgacha muddatga akkreditatsiya qilinadi (akkreditatsiya muddati uzaytiriladi).
16. Xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan taqdim etilgan vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi ariza akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilib, akkreditatsiya qilish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organning vakolatxonani akkreditatsiya qilish to‘g‘risida ijobiy qarori qabul qilingan kundan boshlab bir oy mobaynida ushbu Nizomning 13-bandida belgilangan to‘lovni amalga oshirishi lozim. To‘lov amalga oshirilmagan taqdirda, xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organga ushbu Nizom talablariga muvofiq arizani yangidan taqdim etadi.
17. Quyidagilar vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganligi yoki ular belgilangan tartibda rasmiylashtirilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumot keltirilganligi;
vakolatxona to‘g‘risidagi nizomning O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zidligi;
akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan xorijiy tijorat tashkiloti yoki vakolatxona O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligini buzganligi to‘g‘risidagi ma’lumot aniqlanganligi.
Arizani takroran ko‘rib chiqishda akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan avvalgi rad etish asoslarida bayon etilmagan sabablarning keltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, avval ko‘rsatilgan sabablar bartaraf etilganligini tasdiqlovchi ma’lumotlar bilan bog‘liq rad etish sabablari keltirilishi bundan mustasno.
Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qilish yoki uning muddatini uzaytirishning rad etilishidan norozi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga murojaat qilishga haqli.
18. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan uni ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi davlat xizmatidan foydalanishdan bosh tortganda, uning arizasi ko‘rib chiqilmasdan qoldiriladi. Bunda davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun to‘lov summasi qaytarilmaydi.
19. Vakolatxona ushbu Nizomga 3-ilovada ko‘rsatilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya guvohnomasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab ochilgan hisoblanadi.
20. O‘z vakolatxonasi faoliyatini davom ettirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organga akkreditatsiya guvohnomasining amal qilish muddati tugashidan kamida bir oy oldin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq ariza hamda tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, davlat xizmatlari markazi yoki YIDXP orqali elektron shaklda murojaat qilishi lozim.
21. Vakolatxonani akkreditatsiya qilish muddatini uzaytirish to‘g‘risida ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organ ushbu Nizomga 4-ilovada ko‘rsatilgan shaklga muvofiq akkreditatsiya guvohnomasiga qo‘shimcha rasmiylashtiradi.
22. Akkreditatsiya qiluvchi organ akkreditatsiya qilingan vakolatxonalar to‘g‘risidagi axborotning bir kun muddatda axborot tizimlari orqali markaziy ma’lumotlar bazasiga kiritilishini ta’minlaydi. Bunda vakolatxona bir vaqtning o‘zida joylashgan hududi bo‘yicha davlat soliq xizmati organida hisobga qo‘yiladi.
3-BOB. VAKOLATXONA FAOLIYATINI TASHKIL ETISH
23. Vakolatxona uni tashkil etgan xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan mol-mulk bilan ta’minlanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ishlab chiqilgan va xorijiy tijorat tashkiloti rahbari tasdiqlaydigan vakolatxona to‘g‘risidagi nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi. Bunda vakolatxona to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilmagan faoliyat turlari bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.
24. Vakolatxonaga xorijiy tijorat tashkilotining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnomasi va o‘z vakolati bayon etilgan vakolatxona to‘g‘risidagi nizom asosida ish ko‘ruvchi vakolatxona boshlig‘i rahbarlik qiladi.
25. Vakolatxona boshlig‘i akkreditatsiya qiluvchi organning so‘roviga muvofiq xorijiy tijorat tashkiloti va vakolatxona faoliyati to‘g‘risidagi axborotni taqdim etadi.
26. Vakolatxona xodimlari ham chet el fuqarolaridan, ham O‘zbekiston Respublikasi fuqarolaridan iborat bo‘lishi mumkin. Bunda vakolatxonaga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun qabul qilinadigan chet el fuqarolarining ulushi qirq foizdan ortiq bo‘lmasligi, biroq besh kishidan oshishi mumkin emas. Vakolatxonaga ishga qabul qilingan xorijiy fuqarolar akkreditatsiya qilinishi kerak.
27. Vakolatxonaning xorijiy xodimlari uchun akkreditatsiya kartochkasi keyinchalik uzaytirilish imkoniyati bilan o‘n ikki oy muddatga yoki vakolatxona akkreditatsiya qilingan muddatdan, ishonchnoma muddatidan kelib chiqqan holda, belgilangandan kam muddatga beriladi.
28. Vakolatxona boshlig‘ini akkreditatsiya qilish uchun ariza akkreditatsiya qiluvchi organga xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan, vakolatxona xodimlarini akkreditatsiya qilish uchun ariza xorijiy tijorat tashkiloti yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida vakolatxona boshlig‘i tomonidan beriladi. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ushbu Nizomga 5-ilovada keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq o‘zbek va ingliz tillarida yozilgan ikki nusxadagi shaxsiy varaqa;
pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi) nusxasi. Bunda ichki ishlar organlarining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari tomonidan ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risida ma’lumot bo‘lishi shart;
vakolatxona boshlig‘iga berilgan ishonchnoma yoki xodimni vakolatxonaga ishga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat nusxasi.
29. Ariza akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqilib, akkreditatsiya qilish yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.
30. Quyidagilar vakolatxona xodimlarini akkreditatsiya qilishni rad etish uchun asos hisoblanadi:
hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganligi yoki ular belgilangan tartibda rasmiylashtirilmaganligi;
taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri ma’lumot keltirilganligi.
31. Akkreditatsiya kartochkasi ushbu Nizomga 6-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq xorijiy xodimga rasmiylashtirib beriladi.
32. Akkreditatsiya qilingan xorijiy xodimlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq faqat akkreditatsiya qilingan vakolatxonada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining tasdiqnomasini olmasdan, O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishga haqlidirlar.
33. Xorijiy xodimlarga O‘zbekiston Respublikasiga kirish vizalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda va muddatga beriladi.
34. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini vakolatxonaga ishga qabul qilishi O‘zbekiston Respublikasining mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiriladi.
35. Akkreditatsiya muddati tugagan va uzaytirilmagan xorijiy xodimlarning O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish huquqini tasdiqlovchi boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda, ular qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududini tark etishi shart.
36. Vakolatxona o‘z ehtiyojlari uchun sarflangan quyidagi xarajatlarni qoplash bilan bog‘liq hisob-kitoblarni amalga oshirishga haqlidir:
vakolatni amalga oshirish xarajatlari;
vakolatxona ehtiyojlari uchun tovar-moddiy boyliklarni xarid qilish bo‘yicha sarf-xarajatlar;
vakolatxona xodimlarining ish haqi bo‘yicha hisob-kitoblar;
xizmat safari xarajatlari;
ijara, kommunal to‘lovlar va soliqlar.
Vakolatxonalar qonunchilikda majburiy raqamli markirovkalanishi belgilangan mahsulotlarni raqamli markirovkalash maqsadida markirovka kodlarini taqdim etish, shu jumladan, bojxona omborlarida ushbu mahsulotlarni raqamli markirovkalash yuzasidan xizmatlar ko‘rsatish uchun hisob-kitoblarni amalga oshirishga haqlidir. Bunda mazkur hisob-kitoblar tijorat faoliyati sifatida qaralmaydi.
37. Vakolatxonalar O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tashkilotlari va nodavlat tashkilotlar hamda jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiradi.
38. Vakolatxonalar hisob-kitoblarni xorijiy tijorat tashkiloti tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiradilar.
39. Quyidagilar vakolatxonaning milliy valyutadagi mablag‘lari manbalari hisoblanadi:
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ayirboshlagan chet el valyutasi;
xorijiy tijorat tashkilotining o‘z qaroriga ko‘ra vakolatxona ixtiyorida qoladigan O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasidagi mablag‘lar.
4-BOB. VAKOLATXONA FAOLIYATINI TUGATISH
40. Vakolatxona faoliyati:
akkreditatsiya muddati tugashi bilan xorijiy tijorat tashkiloti vakolatxona akkreditatsiyasini uzaytirish to‘g‘risida murojaat qilmagan taqdirda;
xorijiy tijorat tashkiloti qaroriga ko‘ra;
sud qaroriga ko‘ra;
akkreditatsiya qilgan organning qaroriga ko‘ra, xorijiy tijorat tashkiloti yoki vakolatxona tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari, shu jumladan vakolatxonani akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya muddatini uzaytirish shartlari buzilgan hollarda;
akkreditatsiya qilgan organning qaroriga ko‘ra, vakolatxona tomonidan uning nizomida nazarda tutilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanish holatlari aniqlanganda;
O‘zbekiston Respublikasi hududida vakolatxonaga ega bo‘lgan xorijiy tijorat tashkiloti tugatilganda — tugatilgan paytdan e’tiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan e’tiboran tugatiladi, uning o‘zgartirilishi, qo‘shib yuborilishi va qo‘shib olinishi bundan mustasno.
O‘zgartirish, qo‘shib yuborish va qo‘shib olish natijasida qayta tashkil etilgan xorijiy tijorat tashkiloti uning O‘zbekiston Respublikasi hududidagi vakolatxonasi faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organga ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan tartib va shaklda akkreditatsiya guvohnomasini qayta rasmiylashtirish uchun ariza topshiradi.
Akkreditatsiya guvohnomasini qayta rasmiylashtirish uchun davlat boji undirilmaydi.
Ushbu bandda nazarda tutilgan hollarda vakolatxona faoliyati muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, vakolatxonani akkreditatsiya qilish va vakolatxona uchun akkreditatsiya muddatini uzaytirish uchun to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.
41. Xorijiy tijorat tashkiloti yoki uning vakolatxonasi xorijiy tijorat tashkilotining tugatilganligi yoki qayta tashkil etilganligi to‘g‘risida ikki hafta muddatda akkreditatsiya qiluvchi organni xabardor qilishi shart.
Xorijiy tijorat tashkilotining tugatilganligi yoki qayta tashkil etilganligi to‘g‘risida vakolatxona xabar qilganda yoki akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan bu haqidagi ma’lumotlar mustaqil aniqlangan taqdirda, akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxonani xorijiy tijorat tashkiloti tugatilgan yoki qayta tashkil etilgan kundan e’tiboran tugatilishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
42. Xorijiy tijorat tashkiloti akkreditatsiya qiluvchi organning vakolatxona faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qaroridan norozi bo‘lsa, sudga murojaat qilishga haqlidir.
43. Akkreditatsiya muddati tugashi bilan, shuningdek, akkreditatsiya qiluvchi organning qaroriga ko‘ra vakolatxona faoliyati tugatilgan hollarda, akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxonani qabul qilingan qaror to‘g‘risida xabardor qiladi.
44. Akkreditatsiya qiluvchi organ vakolatxona faoliyati tugatilganligi to‘g‘risida xabar olingandan so‘ng bir kun muddatda:
tegishli ma’lumotlarning markaziy ma’lumotlar bazasiga kiritilishini ta’minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasini xabardor qiladi.
5-BOB. YAKUNLOVCHI QOIDA
45. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Hujjat _______2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
A K K R E D I T A T S I Y A
G U V O H N O M A S I
C E R T I F I C A T E _O F
A C C R E D I T A T I O N
__________
___-son
№ ___
___________
kk/oo/yyyy
dd/mm/yyyy
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ministry of Investment, Industry and Trade of the Republic of Uzbekistan hereby permits
_____________ “____________”
___________________
(mamlakat nomi)
(korxona nomi)
(organizational legal form)
___________________ga
“___________” _____________
(tashkiliy-huquqiy shakli)
(company name)
(country name)
“____________________”
to open its representative office in the Republic of Uzbekistan by the name
nomi bilan o‘z vakolatxonasini ochishga ruxsat beradi.
“____________________”
Vakolatxona o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
The Representative office carries out its activities in accordance with the legislation of the Republic of Uzbekistan.
Mazkur guvohnoma __________ gacha haqiqiy deb This certificate is valid until ____________.
hisoblanadi.
kk/oo/yyyy
dd/mm/yyyy
QR-code
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
4-ILOVA
A K K R E D I T A T S I Y A
G U V O H N O M A S I G A
QO‘ S H I M CH A
A D D I T I O N _T O
C E R T I F I C A T E _O F
A C C R E D I T A T I O N
__________
___-son
№ ___
___________
kk/oo/yyyy
dd/mm/yyyy
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Ministry of Investment, Industry and Trade of the Republic of Uzbekistan extends the period of Certificate of Accreditation of Representative office of
_____________ “____________”
___________________
(mamlakat nomi)
(korxona nomi)
(organizational legal form)
___________________ga
“___________” _____________
(tashkiliy-huquqiy shakli)
(company name)
(country name)
“____________________”
by the name “____________________”
nomli vakolatxonasini ochish uchun berilgan guvohnoma muddatini uzaytiradi.
The Representative office carries out its activities in accordance with the legislation of the Republic of Uzbekistan.
Vakolatxona o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Pursuant to this Certificate the validity of activities of the Representative office
Mazkur guvohnomaga asosan vakolatxonaning faoliyat muddati _________ yilgacha uzaytirildi.
prolonged up to ____________.
kk/oo/yyyy
dd/mm/yyyy
QR-code
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalarini akkreditatsiya qilish va ularning faoliyat yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
5-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy tijorat tashkilotlarining
vakolatxonalari xodimlarini akkreditatsiya qilish uchun to‘ldiriladigan
ShAXSIY VARAQA
Shaxsiy ma’lumotlar
(bosh harflar bilan pasportda (identifikatsiyalovchi
ID-kartasida) ko‘rsatilganidek)
Rasm oxirgi 6 oylik
bo‘lishi shart
(3.5 x 4.5 sm)
Familiyasi: _________________________
Ismi: ______________________________
Tug‘ilgan sanasi: _____________________
Tug‘ilgan joyi: _______________________
Fuqaroligi: _________________________
Pasport (identifikatsiyalovchi ID-kartasi)
raqami: _____________________________
Lavozimi: __________________________
Manzili: ___________________________
Bog‘lanish uchun ma’lumotlar
(O‘zbekiston Respublikasida)
Manzili (tuman, ko‘cha, uy raqami):
___________________________________
Telefon raqami: _____________________
Elektron pochta manzili: _______________
Izoh:
1. Ilova qilingan barcha hujjatlar haqqoniy va yaxshi ko‘ringan bo‘lishi shart.
2. Fotosuratda hech qanday zarar yoki iflosliklar, fon yorug‘ligi yoki yuzning soyasi bo‘lmasligi kerak. Yuz barcha xususiyatlar aniq ko‘rinadigan va tabiiy teri rangi bilan fotosuratda markazlashtirilgan bo‘lishi kerak.
APPLICATION FORM
Personal data
(in BLOCK letters as appeared in the passport (ID-card))
Please attach
rhotographs
taken within
the last 6 months
front view
(3.5 x 4.5 cm)
Family name: _________________________
First name: ___________________________
Date of birth: _________________________
Place of birth: _________________________
Current nationality:_____________________
Passport (ID-card) number:_______________
Representative position: _________________
Address: ____________________________
Contact data
(In the Republic of Uzbekistan)
Address (district, street, house number):
___________________________________
Telephone number: _____________________
E-mail: ______________________________
Note:
1. All documents should be valid and legible.
2. The photo should have no damage or impurities, no background light or shadow over face. The face should be centered in the photo with all the features clearly visible and natural skin tone.