O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
18-mart 2024-yil.
O‘RQ-922-son
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA FUQAROLARNING IJTIMOIY HIMOYASINI YANADA KUCHAYTIRISHGA QARATILGAN O‘ZGARTIRISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TO‘G‘RISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2023-yil 26-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2024-yil 9-fevralda ma’qullangan
Mamlakatimizda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilmoqda va raqamlashtirilmoqda, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda, pensiya ta’minoti tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilanmoqda, shuningdek keksalarni va imkoniyati cheklangan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni ijtimoiy adolat prinsiplaridan kelib chiqqan holda yanada kuchaytirish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksalarga, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga davlat xizmatlari ko‘rsatish sifatini yanada oshirish, shuningdek mazkur sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish dasturlarining samaradorligini “Inson qadri uchun” prinsipi asosida qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Ijara to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni, shuningdek Qonunda qo‘llanilgan ayrim tushunchalarni amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirish, shuningdek fuqarolarning pensiya tayinlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilish huquqi nazarda tutilmoqda. Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi, shuningdek mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab ham aniqlanmoqda.
Shu bilan birga “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ushbu Qonun Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, pensionerlarning moddiy farovonligini yanada yuksaltirishga, fuqarolarning elektron davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olish imkoniyatlarini kengaytirishga, pensiya miqdorini qayta hisob-kitob qilishda inflatsiya darajasini hisobga olish tizimini joriy etishga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
1-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1991-yil 19-noyabrda qabul qilingan “Ijara to‘g‘risida”gi 427-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 1, 45-modda; 1993-yil, № 9, 329-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, № 5-6, 153-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) 5-modda uchinchi qismi yettinchi xatboshisining o‘zbekcha matnidagi “shartnomaning amal qilishi to‘xtatilganidan keyin” degan so‘zlar “shartnoma tugatilganidan keyin” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) 9-modda:
uchinchi qismining o‘zbekcha matnidagi “ijara shartnomasining amal qilishi to‘xtatilgach” degan so‘zlar “ijara shartnomasi tugatilgach” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismining ruscha matnidagi “deystviya” degan so‘z chiqarib tashlansin;
sakkizinchi qismining o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatgan” degan so‘z “tugatgan” degan so‘z bilan almashtirilsin;
3) 13-modda:
nomining o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatish” degan so‘z “tugatish” degan so‘z bilan almashtirilsin;
birinchi qismining o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatilishiga” degan so‘z “tugatilishiga” degan so‘z bilan almashtirilsin;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ijarachi muomalaga layoqatsiz deb topilgan taqdirda shartnoma O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va shartlarda tugatiladi. Bu holda ijarachining oila a’zolaridan biri ijara shartnomasi tuzishda ustun huquqqa ega bo‘ladi. Ijarachi sodir etgan jinoyati uchun kelgusida shartnomani bajara olishiga imkon bo‘lmaydigan usulda jazolangan taqdirda ham ijara shartnomasi tugatiladi”;
4) 17-modda birinchi qismining o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatilgach” degan so‘z “tugatilgach” degan so‘z bilan almashtirilsin;
5) 31-moddaning o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatish” degan so‘z “tugatish” degan so‘z bilan almashtirilsin;
6) 32-modda:
birinchi qismi beshinchi xatboshisining o‘zbekcha matnidagi “to‘xtatish” degan so‘z “tugatish” degan so‘z bilan almashtirilsin;
birinchi qismi beshinchi xatboshisining ruscha matnidagi “deystviya” degan so‘z chiqarib tashlansin.
2-modda. O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 938-XII-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 338-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 12, 269-modda; 1997-yil, № 4-5, 126-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 5, 112-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2002-yil, № 4-5, 74-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda; 2007-yil, № 12, 590, 608-moddalar; 2008-yil, № 12, 640-modda; 2010-yil, № 5, 178-modda, № 9, 334-modda, № 12, 472-modda; 2012-yil, № 1, 4-modda; 2013-yil, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 12, 341-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda, № 12, 383, 384-moddalar; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 10, 676-modda, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 5, 265-modda, № 8, 469-modda, № 9, 592-modda, № 11, 792-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 11, 652-modda; 2021-yil, 4-songa ilova, № 10, 973-modda; 2022-yil, № 2, 79-modda, № 5, 464-modda, № 10, 979, 982-moddalar; 2023-yil, № 2, 104-modda) quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin:
1) 8-moddaning matnidagi “37-moddasi birinchi qismining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida” degan so‘zlar “37-moddasi birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
2) 121-moddaning matnidagi “37-moddasining “a”, “b”, “v” va “g” bandlarida” degan so‘zlar “37-moddasi birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
3) 25-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Pensiya miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”;
4) 29-modda quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan to‘ldirilsin:
“Ish staji to‘liq bo‘lmaganda pensiyaning miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”;
5) 37-moddaning:
ikkinchi qismidagi “ushbu moddaning “a” — “g” bandlarida” degan so‘zlar “ushbu modda birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
uchinchi qismidagi “ushbu moddaning “a” — “g” bandlarida” degan so‘zlar “ushbu modda birinchi qismining “a” — “g” va “k” bandlarida” degan so‘zlar bilan almashtirilsin;
6) 43-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“43-modda. Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etish tartibi
Fuqaro yoki uning qonuniy vakili pensiya tayinlashni so‘rab o‘z tanloviga ko‘ra quyidagi usullardan birini qo‘llagan holda murojaat qilish huquqiga ega:
doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza bilan;
yashash joyidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazida so‘rovnoma to‘ldirgan holda;
O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda.
Manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar pensiya tayinlashni so‘rab ariza bilan manzil-koloniya joylashgan erdagi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining bevosita tuman (shahar) bo‘limiga yoki so‘rovnoma to‘ldirgan holda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat etishi mumkin.
Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etilganda shaxsning pensiyaga bo‘lgan huquqi ushbu Qonunda belgilangan shartlarga va normalarga muvofiq axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarga asosan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining bo‘limlari pensiyalarni tayinlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar va ma’lumotlar berishi, shuningdek arizachiga zarur hujjatlarni olishida ko‘maklashishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limlari korxonalardan, tashkilotlardan va ayrim shaxslardan tegishli hujjatlarni talab qilib olish, zarur hollarda esa, ularning berilishi asosliligini tekshirish huquqiga ega.
Korxonalar va tashkilotlar pensiya uchun (pensiya qayta hisob-kitob qilinishi uchun) hujjatlarni o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoki ishonchsiz ma’lumotlari bo‘lgan hujjatlarni taqdim etish oqibatida pensionerga yetkazilgan zarar uchun uning oldida qonunchilikda belgilanganidek javobgar bo‘ladi.
Korxona yoki pensioner tomonidan ma’lumotlari ishonchsiz hujjatlar taqdim etilganligi oqibatida davlatga zarar yetkazilgan taqdirda, yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga qoplanadi. Bunda korxona tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limidan tegishli xabarnoma olingan kundan e’tiboran bir oy ichida, pensioner tomonidan yetkazilgan zararning o‘rni esa ushbu Qonunning 65-moddasida nazarda tutilgan tartibda qoplanadi”;
7) 45 va 46-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“45-modda. Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi hujjatlarni va ma’lumotlarni qarab chiqish muddatlari
Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi hujjatlar va ma’lumotlar ular kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmasdan qarab chiqiladi.
Pensiya tayinlash rad etilgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi tegishli qaror chiqarilganidan keyin besh kun ichida arizachiga pensiya tayinlash rad etilganligi haqida rad etish sabablari va shikoyat berish tartibi ko‘rsatilgan xabarnomani beradi yoki jo‘natadi hamda ayni chog‘da barcha hujjatlarni qaytaradi.
Agar pensiya tayinlash to‘g‘risidagi murojaat O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali so‘rovnoma to‘ldirgan holda berilgan bo‘lsa, pensiya tayinlash rad etilganligi to‘g‘risida qaror chiqarilgan kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi murojaat qilgan shaxsga pensiya tayinlash rad etilganligi haqida rad etish sabablarini va shikoyat berish tartibini ko‘rsatgan holda xabar yuboradi.
46-modda. Pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etilgan kun
Ariza qabul qilib olingan kun yoki so‘rovnoma kelib tushgan kun pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etilgan kun deb hisoblanadi.
Arizaga barcha zarur hujjatlar ilova qilinmagan yoki axborot tizimlarida zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lmagan hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi bo‘limi murojaatchiga qo‘shimcha ravishda qaysi hujjatlar yoki ma’lumotlar taqdim etilishi kerakligi haqida xabar qiladi. Basharti ular qo‘shimcha hujjatlar yoki ma’lumotlar taqdim etilishi zarurligi haqidagi xabarnoma olingan kundan e’tiboran uch oy ichida taqdim etilsa, pensiya tayinlanishi to‘g‘risidagi ariza yoki so‘rovnoma qabul qilingan kun pensiya tayinlashni so‘rab murojaat etilgan kun deb hisoblanadi”;
8) 49-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi quyidagi mazmundagi oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“yoshga doir eng kam pensiya miqdori o‘zgarganda;
daromadlar indeksatsiya qilingan taqdirda amalga oshiriladi. Bunda pensiya miqdori yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) indeksi (inflatsiya) darajasining o‘sish sur’atlari hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga asosan indeksatsiya qilinadi (oshiriladi)”;
9) 59-moddaning birinchi qismidagi “o‘n ikki oydan” degan so‘zlar “yigirma to‘rt oydan” degan so‘zlar bilan almashtirilsin.
3-modda. O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 2-dekabrda qabul qilingan “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi 702-II-sonli Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2005-yil, № 1, 6-modda; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 9, 334-modda; 2015-yil, № 8, 312-modda; 2021-yil, 4-songa ilova; 2022-yil, № 3, 216-modda) quyidagi o‘zgartirishlar kiritilsin:
1) 18-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“18-modda. Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olish uchun asos
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroda davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar fuqaroning jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘ladi”;
2) 20-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Jamg‘arib boriladigan pensiya to‘lovlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan fuqaroda davlat pensiyasini olish huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asosan bunday to‘lovlarni oluvchining yashash joyidagi Xalq banki filiali tomonidan to‘lanadi”.
4-modda. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 2-moddasi 6, 7 va 9-bandlarining qoidalari 2024-yil 1-yanvardan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Hujjat “S VERENIN’S LEGAL GROUP” advokatlik firmasining maʼlumotlar bazasidan taqdim etilgan;
Hujjat __30.05_____2024 yil holatiga ko’ra taqdim etilgan.