15 Sentyabr 2022

Xitoy kompaniyasi Toshkent viloyatida vaksina markazi tashkil etishni rejalashtirmoqda

Innovatsiyalar vazirligi va Luye Investment Group o‘rtasida O‘zbekistonda vaksinalar ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion markaz tashkil etish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Imzolanish 13-sentabr kuni ShHT sammitiga bag‘ishlangan onlayn konferensiya davomida bo‘lib o‘tdi. Vazirlik rahbari Ibragim Abdurahmonov Xitoy kompaniyasi rahbariyati bilan vaksinalar yaratish va ishlab chiqarishni muhokama qildi.

Rejalashtirilgan markaz Markaziy Osiyodagi yagona biotexnologiya boʻyicha toʻliq siklli korxona boʻladi. Mahalliy bozor va MDH mamlakatlariga yuqori texnologiyali mahsulotlar yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Markazda virusli gepatit, papillomavirus, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklarga qarshi 10 turdagi vaksina ishlab chiqariladi. Har yili 2 milliard dollarlik 200 million doza vaksina ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Loyihaga kiritiladigan sarmoya miqdori 100 million dollarni tashkil etadi, u 2028-yilgacha amalga oshirilishi kutilmoqda. Bo‘lajak markazning ilm-fanga sig‘imini inobatga olib, uni Toshkent viloyatida joylashtirish rejalashtirilgan.