23 Avgust 2022

AQSh kongressmenlari O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga tayyorligini bildirdi

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi axborotiga ko’ra, 2022-yil, 22-avgust O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo‘shma Shtatlari Kongressi Vakillar palatasining kongressmenlar Trent Kelli va Darin Laxuddan iborat delegatsiyasini qabul qildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSh munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Parlamentlararo aloqalarni kengaytirish, siyosiy, savdo, investitsiyaviy, akademik, madaniy-gumanitar sohalarda ham ikki davlat darajasida, ham kongressmenlar vakili bo‘lgan Missisipi va Illinoys shtatlari bilan muloqotni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Kongress a’zosi T.Kelli hamraisi bo‘lgan Kongress Vakillar palatasida “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” faoliyati alohida muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Kovk tarkibi Oʻzbekiston bilan strategik sheriklikni tizimli rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgan istiqbolli amerikalik qonunchilar tufayli faol kengaymoqda.

O‘zaro savdo va sarmoyaviy aloqalarning bugungi o‘sish dinamikasi mamnuniyat bilan qayd etildi. Kongressmenlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyat yuzasidan fikr almashib, ushbu mamlakatda yuzaga kelayotgan og‘ir gumanitar vaziyatning oldini olish uchun kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuvda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, shuningdek, ikki davlatning xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi muhokama qilindi.