30 Avgust 2022

O‘zbekiston-Amirlik investitsiyaviy hamkorligi istiqbollari muhokama qilindi

Joriy yilning 29-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev va Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl Muhammad Al Mazrui o‘rtasida videokonferensaloqa formatida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikning keng ko‘lamli masalalari, shuningdek, strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikning amaliy jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy sohada, shuningdek, anʼanaviy va muqobil energiya, logistika, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va turizm yoʻnalishlarida jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muloqot chog‘ida investitsiya sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, bugungi kunda qo‘shma investitsiya portfeli qariyb 3 milliard dollarlik 17 ta loyihadan iborat.

Eʼlon qilingan kapitali 1 milliard dollar boʻlgan, bugungi kunga qadar 100 million dollardan ortiq oʻzlashtirilgan Oʻzbekiston-Amirlik qoʻshma sarmoyaviy kompaniyasi faoliyati natijalari yuqori baholandi. Toshkent shahridagi huquqiy shartnomalar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida konstruktiv fikr almashishni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.