28 May 2022

Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi departamenti Bosh direktori M.Liivala bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 28-may kuni Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida Finlyandiya tashqi ishlar vazirligi departamenti Bosh direktori M. Liivala bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida savdo, energetika, to‘qimachilik sanoati, AKT va sog‘liqni saqlash sohalarida O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Finlyandiya tomoni Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik Trast jamg‘armasining Maslahat qo‘mitasi ishida faol ishtirokini davom ettirishga, shuningdek, Finlyandiyaning bir qator donor tashkilotlari, moliya institutlari va xususiy kompaniyalaridan qo‘shimcha mablag‘ jalb etishga tayyorligini bildirdi.

O‘zbekiston tomonining ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilishini rag‘batlantirish, o‘zaro savdo va investisiyalar hajmini oshirish maqsadida O‘zbekiston va Finlyandiyada xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalar o‘tkazish taklifi qiziqish bilan qabul qilindi.

Uchrashuv yakunida yaqin kelajakda bo‘lib o‘tadigan iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi, shuningdek, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum doirasida munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.